Loyxoʻrak ovi

0
148
marta koʻrilgan.

Bu 1880 yilning may oyida, oqshom chogʻi yuz bergandi.

Oxirgi marta bundan ikki yil burun Yasnaya Polyanada mehmon boʻlib ketgan Ivan Turgenev hozir uy sohibi graf Tolstoy bilan birga Varonka ortidagi oʻrmonga loyxoʻrak ovi uchun otlandi. Bu ikki yozuvchiga Tolstoyning xotini hamda bolalari hamroh boʻlishdi. Varonkagacha yoʻl bugʻdoyzor oralab oʻtgandi. Oqshomoldi koʻtarilgan yengil shamol bugʻdoyzor uzra oʻynab, dimoqqa yer isini keltirardi.

Tolstoy miltigʻini yelkasiga osgancha oldinda borar, vaqti-vaqti bilan ortiga oʻgirilib, Sofya Andreevna bilan birga kelayotgan Turgenevga soʻz qotardi. “Ota va bolalar” asarining muallifi ulugʻ yozuvchiga hayratga toʻla koʻzlari ila boqar, uning savollariga sevinib, muloyimlik bilan javob qaytarar, hirqiroq ovozda kular, bu kulgi uning yelkalarini silkitib-silkitib qoʻyardi. Tolstoyning biroz tundligi bilan solishtirganda uning soʻzlashi iltifotli hamda oʻta nazokatli edi.

Yoʻl yam-yashil tepalikka yetganda ularning yoniga (koʻrinishidan aka-uka boʻlsa kerak) ikki bola chopib keldi. Tolstoyni koʻrib, ikkisi ham toʻxtadi-da, taʼzim qildi. Soʻngra shu zahoti yalang tovonlarini yaltiratgancha tepalik tomon yugurib ketishdi. Tolstoyning bolalaridan biri ularning ortidan nimadir deb qichqirdi, biroq ular hech nima eshitmaganday chopa ketishdi va daraxtlar orasida koʻzdan gʻoyib boʻlishdi.

– Qishloq bolalari juda ajoyib! – dedi Tolstoy botayotgan quyosh tomon yuzini burarkan. – Baʼzan bu churvaqalarni eshitib, biz hali ham anglab yetmagan sodda xalq tilini oʻrganaman.

Turgenev Tolstoyga qaradi, endi uning nigohi avvalgidek hayratga toʻla emasdi. Avvallari Tolstoyning har bir soʻzi uni yosh boladek quvontirardi. Bugun esa u Tolstoyga istehzo bilan qaradi.

– Yaqinda bu bolalarga dars berayotganimda, – davom etdi Tolstoy. – Ulardan biri darsxonadan chiqib ketmoqchi boʻlib oʻrnidan turdi. “Qayerga?” deya soʻradim men. U esa “Boʻrni tishlab koʻrmoqchiman”, dedi. U boʻrni “olib koʻrmoqchiman”, “boʻlib koʻrmoqchiman” demadi, aynan tishlab koʻrmoqchiman, dedi. Ular chindan ham boʻrni tishlab koʻrishadi. Biz kattalar buni qayoqdan ham bilardik? Darhaqiqat, faqat rus bolalarigina shunday deya oladi. Ha, shunday soʻzlarni eshitganimda men oʻzimning Rossiyada yashayotganimni ich-ichimdan his etaman.

Turgenev xuddi bugʻdoyzorlarni birinchi marta koʻrib turgandek atrofga alangladi.

– Ha, Fransiyada hatto bolalar ham papiros chekishdan tortinishmaydi.

– Aytgandek, shu kunlarda siz chekishni butunlay tashlagan koʻrinasiz? – mehmonni noqulay ahvoldan qutqarish uchun atay soʻzga aralashdi Tolstaya xonim.

– Ha, men chekishni butunlay tashladim: Parijda xonimlar sizdan tamaki isi kelyapti deb, oʻpgani ruxsat etishmadi.

Bu safar Tolstoy istehzoli kuldi. Bu vaqtda ular jarlikdan oʻtib, ov uchun moʻljallangan joyga yetib kelishgandi. Bu yer oʻrmon yoqasidagi daryoga tutash botqoqlik edi. Tolstoy Turgenevga qulay joyni qoldirib, oʻzi yuz qadamcha nariga ketdi. Tolstaya xonim Turgenevning yonida qoldi, bolalar esa har tarafga chopib ketishdi.

Osmon hamon shafaq rangida, daraxtlarning koʻkka boʻy choʻzgan uchlari xira tortgan, shoxlardagi muattar yaproqlar gʻujum boʻlib qolgandi. Turgenev qoʻlida miltigʻi bilan turar, uning oʻtkir nigohlari goʻyo daraxt yaproqlarini teshgudek boʻlib tikilar, dam-badam qorongʻi oʻrmon ichkarisidan yengil esgan shamolning shitirlashi eshitilardi.

– Togʻ chumchuqlari sayrayapti, shekilli, – dedi Tolstaya xonim goʻyo oʻzi bilan oʻzi soʻzlashgandek boshini bir tomonga egib.

Sukunat ichida yarim soat oʻtdi. Osmon musaffo, u yer-bu yerda qayinlarning tanasi oqarib koʻrinardi. Endi togʻ chumchuqlarining oʻrniga ahyon-ahyonda musichalarning sayrashi quloqqa chalinardi. Oqshom qorongʻiligi oʻrmon uzra yoyilib borardi.

Birdan oʻrmon tarafdan oʻq ovozi yangradi. Bolalar xuddi shuni kutib turgandek itlarining ortidan yugurib, oʻljani izlay ketishdi.

– Eringiz mendan oʻzib ketdi, – dedi Turgenev kulib Tolstaya xonimga qararkan.

Tolstoyning ikkinchi oʻgʻli Ilya qalin oʻtlar orasidan oʻtib, onasi tomon shoshib kelarkan, Tolstoyning loyxoʻrak otganligini aytdi. Turgenev soʻzga aralashdi:

– Uni kim topdi?

– Dora! Itning laqabi shunday. Dora topganda loyxoʻrak hali tirik edi!

Soʻngra bola onasi tomonga oʻgirilib, sogʻlom, qip-qizil yuzida hayajon aks etgancha Dora loyxoʻrakni qanday qilib topganligini batafsil hikoya qila ketdi.

Turgenevning xayolida “Ovchining kundaligi” yoki shunga oʻxshash sarlavha qoʻyilgan biror-bir hikoya yozish fikri milt etdi. Ilya ketgach, atrofga yana avvalgidek sukunat choʻkdi.

Qorongʻi oʻrmon qaʼridan yashil barglarning bahoriy ifori va yerning zax isi kelardi. Ahyon-ahyon olislarda qandaydir qushning sasi quloqqa chalinardi.

– Bu nima?

– Qiziltoʻsh, – darhol javob berdi Turgenev.

Birdan qush ovozi tindi. Tun qorongʻisida tiq etgan tovush eshitilmasdi. Hatto havodagi yengil shamol ham tik qotgan, osmon jonsiz oʻrmonni sekin-asta oʻz qorongʻiligiga oʻrab borardi. Birdan gʻamgin sayragancha yuqoridan zargʻaldoq uchib oʻtdi. Qariyb bir soat choʻzilgan sukunatni otilgan oʻq ovozi buzdi.

– Koʻrinib turibdiki, Lev Nikolayevich loyxoʻrak ovida ham meni dogʻda qoldiryapti, – dedi Turgenev yelkalarini qisib, miyigʻida kulgancha.

Bolalarning qadam tovushi, Doraning akillashi – bularning bari tingan vaqtda osmonning u yer-bu yerida yulduzlar xira nur socha boshlagan edi. Oʻrmonning koʻz ilgʻagudek kengliklari qorongʻi sukunatga choʻmgan, birorta shox-shabba qimir etmas, yigirma daqiqa, yarim soat… vaqt choʻzilgandan choʻzilar, namchil havoda allaqayoqlardan tushib kelgan oqish tuman oyoq ostida oʻralashardi. Biroq loyxoʻrakdan darak yoʻq edi.

– Bugun nima boʻlgan oʻzi? – deya shivirladi Tolstaya xonim. Uning ovozida hamdardlik zohir edi. – Bunday hol kamdan-kam boʻlardi.

– Eshiting-a, bulbul sayrayapti! – Turgenev suhbat mavzusini atay boshqa tomonga burdi.

Qorongʻi oʻrmon qaʼridan chindan ham bulbulning sayroqi kuyi eshitilardi. Ularning ikkisi ham bir nafas jim qolib, oʻz xayollariga berilgancha bulbul kuyini eshitishdi. Birdan… (Turgenevning oʻz iborasi bilan aytganda: “Birdan va faqat ovchilar tushunar meni”) birdan oʻtlar orasidan chugʻurlagancha loyxoʻrak uchib chiqdi. U qanotlarini keng yoygancha shoxlar orasidan uchib oʻtdi-yu, tun qorongʻiligiga yashirindi. Shu onda Turgenev miltigʻini qoʻlga olib, tepkini bosdi. Tutun isi tarqab, olov sachradi va butun oʻrmonga oʻq ovozi yangradi.

– Nishonga tegdimi? – baland ovozda soʻradi Tolstoy unga yaqinlasharkan.

– Ha, tegdi! Shunday uchib tushdi oʻzi ham!

Bolalar itni yetaklagancha Turgenevning atrofida oʻralashardi.

– Bora qolinglar, oʻljani izlanglar, – buyurdi Tolstoy ularga.

Bolalar itni oldilariga solib, hamma yoqni izlay ketishdi. Ammo qancha urinishmasin, urib tushirilgan loyxoʻrak topilmadi. Dora jon-jahdi bilan yer iskar, faqat ahyon-ahyonda toʻxtab, norozi gʻingshirdi. Nihoyat, Turgenev bilan Tolstoy ham yordamga kelishdi. Biroq atrofda loyxoʻrakning pati ham koʻrinmasdi.

– Balki siz uni otolmagandirsiz? – soʻradi yigirma daqiqalarcha izlagach, hafsalasi pir boʻlib Tolstoy.

– Axir, koʻz oʻngimda yerga quladi-ku! – Turgenev shunday deb, maysalar ustini sinchiklab koʻzdan kechirdi.

– Balki, oʻq uning qanotiga tekkandir. Yerga yiqilganu qochib qolgandir.

– Yoʻq, oʻq uning qanotiga tegmadi. Men unga aniq tekkizdim!

Tolstoy qalin qoshlarini chimirarkan, sarosima ichra dedi:

– U holda it uni topgan boʻlardi, chunki Dora otilgan oʻljani aniq topadi.

– Oʻldirganimdan keyin oʻldirdim deyman-da! – dedi asabiylashgan Turgenev miltigʻini mahkam ushlab. – Axir, oʻlganmi-oʻlmaganmi, buning farqini yosh bola ham biladi. Men aniq koʻrdim!

Tolstoy Turgenevga istehzo bilan qarab “U holda, it-chi?” deb soʻradi.

– Unisini bilmadim. Men faqat koʻrganimni aytyapman. Axir yerga quladi!

Turgenev Tolstoyning koʻzlaridagi istehzoni koʻrdi-yu, birdan dahshatli ovozda qichqirdi:

– Axir, aytyapman-ku, yerga quladi!

Shu vaqt ikki qariya yozuvchining bahsiga goʻyo hech gap boʻlmagandek Tolstaya xonim aralashdi:

– U holda Dora oʻljani topolmabdi.

Sofya Andreevna ovchilar tomon jilmayib yaqinlasharkan, ertaga tongdayoq bolalarni oʻljani yana bir bor izlab koʻrishga yuboraman, bahsni hoziroq toʻxtatib, hammamiz uyga qaytaylik, dedi. Turgenev shu zahoti rozi boʻldi.

– Ha, ertagayoq bolalardan soʻrab, hammasini bilib olamiz.

– Ha, ertaga bilib olarmiz, – dedi Tolstoy zaharxanda qilib.

U norozi qiyofada Turgenevga orqasini oʻgirgancha, tez-tez odim tashlab yurib ketdi…

* * *

Bu kech Turgenev oʻz yotogʻiga chamasi soat oʻn birlarda kirdi. Nihoyat, yolgʻiz qolarkan, kursiga choʻkib, atrofga oʻychan nazar soldi. Turgenev uchun Tolstoyning ish kabineti oʻrnidagi xona ajratilgandi. Xonadagi ulkan kitob javonlari, byust, portretlar, devorga osilgan kiyik shoxi – bularning barchasi sham yorugʻida tund, zerikarli, shavqu zavqdan xoli koʻrinari. Ammo Turgenevni bu oqshom yolgʻiz qolganligi xafa qilmadi.

U oqshomni uy sohibining oila aʼzolari bilan dasturxon atrofida oʻtkazdi. Turgenev xushchaqchaqlik bilan hazil qilar, kular, biroq Tolstoy qovogʻini solgancha jim oʻtirar, deyarli suhbatga aralashmasdi. Turgenevga bu ogʻir botar, shuning uchun u oila aʼzolariga xushmuomalalik bilan iltifot etarkan, uy sohibining tund qiyofasiga atay parvo qilmasdi. Har gal Turgenev biror hazil gap tashlaganda dasturxon atrofida kulgi koʻtarilar, ayniqsa, bolalarga Gamburg hayvonot bogʻidagi filning oʻkirishini qoyilmaqom qilib oʻxshatib berganda yoki Parijdagi koʻcha bolalariga taqlid qilganda kulgi baralla yangrardi. Lekin dasturxon atrofida xursandchilik boʻlgani sari Turgenevning koʻngli xijil tortib borardi.

Suhbat mavzusi fransuz adabiyotiga burilganda Turgenev ortiq toqat qila olmay Tolstoy tomon oʻgirildi va undan beparvo ohangda soʻradi:

– Eshitgan boʻlsangiz kerak, Fransiyada qandaydir yosh bir yozuvchi haqida gapirishyapti?

– Yoʻq, xabarim yoʻq. Kim ekan u?

– De Mopassan. Gi De Mopassan. Nihoyatda zehni oʻtkir yozuvchi. Aytganday, men oʻzim bilan uning “La maison Tellier”[1] hikoyalar toʻplamini olib kelganman. Agar vaqtingiz boʻlsa, oʻqib koʻring.

– De Mopassan?

Tolstoy mehmoniga shubha aralash qaradi. Biroq taklif etilgan kitobni oʻqib chiqadimi, yoʻqmi, bu haqda ogʻiz ochmadi. Turgenev bolaligida katta yoshli bolalar unga ozor berganini esladi. Hozir ham xuddi oʻshanday ogʻriq uning tomogʻiga tiqilgandi.

– Ha, yangi yozuvchi deng… Bizda ham shunaqasi paydo boʻlgan, – dedi Tolstaya xonim mehmonni noqulay ahvoldan chiqarish uchun va oʻsha yozuvchining oʻzlarinikida mehmon boʻlganini ayta ketdi:

– Bir oy burun oqshom payti uyimizga odmigina kiyingan bir kishi kirib kelib, darhol Lev Nikolayevichni koʻrishim kerak, dedi. Uni Tolstoy huzuriga olib kirishganlarida u Lev Nikolayevichga qarab nima dedi deng! “Keltiringiz menga darhol shoʻr baliq va bir qadah araq, toki boʻlsin kayfimiz taraq!” Bu qofiyali gapi bilan u hammaning ogʻzini ochirib qoʻydi. Hammadan ham qizigʻi, bilsak, u ancha-muncha mashhur yosh yozuvchilardan ekan.

– Ha, bu Garshin edi.

Bu nomni eshitgan Turgenev Tolstoyni yana suhbatga tortishga urindi, chunki Tolstoyning indamay oʻtirishi uni xunob qilgandi. Endi esa unga yaxshi bahona topilgan, sababi qachonlardir uning oʻzi Garshinning asarlarini Tolstoyga tavsiya etgandi.

– Nahotki, Garshin boʻlsa? Menimcha, uning hikoyalari yomon emas. Bilmadim, oʻqib koʻrgan boʻlsangiz kerak. Biroq…

– Menimcha ham yomon emas.

Ha, Tolstoy shunchaki beparvo, quruqqina qilib javob bergandi.

…Turgenev oʻrnidan turdi. Xona boʻylab u yoqdan-bu yoqqa yurarkan, oppoq sochlarini silkitib boshini chayqadi. Sham yorugʻida uning devordagi soyasi goh uzayar, goh qisqarar, u qoʻllarini orqaga qilgancha xona boʻylab yurarkan, koʻzlarini polning yalangʻoch taxtasidan uzmasdi.

Turgenevning koʻz oldidan Tolstoy bilan doʻstlashgan vaqtlardagi, qariyb yigirma yil oldingi yorqin xotiralar suzib oʻtdi. Uning koʻz oʻngida, oʻsha vaqtlar ofitser boʻlib, bir necha kun kayfdan boshi ogʻrib, Peterburgdagi uyiga uni tez-tez yoʻqlab borib turgan, qachonlardir Nekrasovning mehmonxonasida yuzingda koʻzing bormi demay, Jorj Sandni tanqid qilgan, bir vaqtlar “Ikki gusar”ni yozib tugatgach, u bilan birga oʻrmonda sayr qilarkan, bir zum toʻxtab, yozgi bulutlarning goʻzalligiga maftun boʻlgan, va nihoyat, Fetning uyida musht oʻqtalgancha bir-birlariga eng haqoratli soʻzlarni yogʻdirgan oʻsha Tolstoy gavdalandi. U bu xotiralarning qay birini eslamasin, qaysar, oʻjar Tolstoyni, boshqalardagi samimiyatni tan olmaydigan, boshqalarning samimiyatiga hamisha shubha bilan qarovchi inson ekanligini koʻrardi. U nainki boshqalarning xuddi oʻzi kabi qilgan aʼmoliga, balki kayfu safosiga ham shubha bilan qarar, u boshqalarni oʻzini kechirgandek kechira olmas, chunki boshqalar ham xuddi uning singari yozgi bulutlarning chiroyini his etishiga ishonmasdi. U Jorj Sandning xuddi oʻzidek samimiyligiga ishonmaganligi uchun uni yomon koʻrardi. Ha, Turgenev borasida ham xuddi shunday. Ha, u Turgenevning oʻsha loyxoʻrakni otganligiga ishonmayapti.

Turgenev chuqur xoʻrsindi va tokcha yoniga kelib toʻxtadi. Tokchadagi byustni xonadagi shamning olis yogʻdusi xira yoritib turardi. Bu Lev Tolstoyning katta akasi Nikolayning byusti edi. Ha, unga ham qadrdon boʻlib qolgan Nikolayning olamdan oʻtganiga yigirma yildan oshibdi. Qani edi, Tolstoy jilla qursa, akasidek inson qalbini tushuna olganda edi!

Turgenev koʻzlarini xira yoritilgan byustga tikkancha, bahor oqshomining oʻtkinchi lahzalariga ham parvo qilmay, tokcha oldida uzoq turib qoldi…

* * *

Ertasi kuni Turgenev tongdanoq yemakxona vazifasini oʻtovchi kattakon zalga kirib keldi. Zal devorlariga sulola ajdodlarining suratlari osilgan boʻlib, ana shu suratlardan birining ostida Tolstoy kelgan xatlarni koʻzdan kechirib oʻtirardi. Yemakxonada undan boʻlak biror kishi yoʻq edi. Keksa yozuvchilar salomlashishdi. Turgenev Tolstoyning yuzida xayrixohlik alomatlarini izlar, hozir ham u bilan yarashishga tayyor edi! Biroq Tolstoy betoqatlik bilan bir-ikki ogʻiz soʻz aytgancha miq etmay xatlarni koʻzdan kechiraverdi. Turgenev ham stulni yaqin surib, istar-istamas gazeta oʻqishga kirishdi. Bir necha vaqt nimqorongʻi zalda samovarning viqirlab qaynashidan boʻlak ovoz eshitilmadi.

– Tunni yaxshi oʻtkazdingizmi? – dedi Tolstoy xatlarni bir chetga surib Turgenevga yuzlanarkan nimanidir eslashga uringanday.

– Yaxshi.

Turgenev Tolstoyning yana biror gap aytishini kutib, gazetadan boshini koʻtardi. Biroq uy sohibi oʻziga samovardan kumush finjonga choy quyarkan, bir ogʻiz ham soʻz demadi. Turgenev xuddi kecha oqshomdagidek Tolstoyning norozi qiyofasiga qarashga ogʻrina boshladi. Uning yuragi tobora xijil boʻlib toqatsizlanarkan, qani endi, hech boʻlmasa, Tolstoyning xotini kela qolsa, deb oʻylar, lekin negadir hamma yoq jimjit edi. Oradan besh, oʻn daqiqa oʻtdi. Turgenev ortiq toqat qilolmay, gazetani nari surib oʻrnidan turdi. Bir vaqt eshik ortidan oyoq tovushlari, bolalarning shovqin-suroni eshitildi. Shu ondayoq eshik lang ochilib, gʻala-gʻovur koʻtargancha bolalar kirib kelishdi.

– Dada, topildi!

Hammadan oldinda turgan Ilya nimanidir qoʻlida baland koʻtargancha silkitardi.

– Uni birinchi boʻlib men koʻrdim! – dedi onasiga oʻxshab ketadigan Tatyana akasiga gal bermay.

– U qulayotib qayin shoxiga ilinib qolgan boʻlsa kerak, – dedi nihoyat Tolstoyning toʻngʻich oʻgʻli Sergey.

Tolstoy hayrat bilan bolalariga qarab qoldi. Nihoyat, kechagi loyxoʻrakning topilganini koʻrib, uning sersoqol yuzi yashnab ketdi.

– Ha, daraxt shoxiga ilinib qolgan. Shuning uchun it uni topolmagan…

U oʻrnidan turib, bolalar orasida turgan Turgenevning yoniga keldi va unga baquvvat qoʻllarini uzatdi.

– Ivan Sergeevich, men ham endi xotirjam tortdim. Mening yolgʻon gapiradigan odatim yoʻq. Agar bu qush yerga qulaganda edi, Dora uni albatta topgan boʻlardi.

Turgenev qizargancha Tolstoyning qoʻlini siqdi. Kim topildi? Loyxoʻrakmi yoki “Anna Karenina”ning muallifimi? Ivan Sergeevichning qalbi shu qadar quvonchga toʻldiki, u bu savolga javob topa olmadi.

– Men ham bir soʻzli odamman. Qarang, axir men uni otmadimmi? Axir, u oʻq yangragan paytdayoq qulagandi.

Ikki keksa yozuvchi bir-biriga qarab qah-qah urib kulib yuborishdi.

 

Rus tilidan Oygul Asilbek qizi tarjimasi

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–1

 


[1] “Telye muassasasi” (frans.)

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.