Lobar, Lobar, Lobarim mening

0
659
marta koʻrilgan.

Vaqtning tez oʻtishini qarang?! Bundan roppa-rosa yigirma yil muqaddam, avji saraton pallasi Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminarida hayʼat aʼzosi sifatida ishtirok etgandim. Oʻshanda ham koʻzlari chaqnab turgan yosh yigit-qizlarning mashqlarini oʻqigandik, imkonimiz darajasida baholab, tavsiyalar bergandik, oʻzimizcha yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatgandik.

Navbatdagi Zomin seminarida nasr yoʻnalishi boʻyicha ishtirokchilar soni oʻndan oshdi. Albatta, bizni miqdor oʻsishi sifat oʻzgarishiga olib kelarmikan, degan mulohaza ham bor edi. Shukrki, yurtimizning turli goʻshalaridan tashrif buyurgan ishtirokchilar orasida adabiy isteʼdodi “yarq” etib koʻzga tashlanib turgan qalamkashlar bor ekan. Asli qashqadaryolik Javlon Jovliyev mana shunday salohiyatli yoshlardan biri.

Javlonning mashqlari muallif tanlagan mavzular koʻlami kengligi, jiddiy masalalarga dadil qoʻl urishi, eng muhimi, tiniq tasvir vositasida tirik Inson obrazini yarata olganligi bilan eʼtiborimizni tortdi. Suhbat jarayonida muallifning bilimdonligi, oʻz yozganlariga nisbatan talabchanligi bejiz emasligiga iqror boʻldik: kam yozib, koʻp oʻqiydigan, oʻqiganlarini uqishga harakat qiladigan Javlon bemisl tafakkur xazinasi boʻlgan kutubxonada ishlar ekan.

Javlon Jovliyevning eʼtiboringizga havola etilayotgan hikoyasi muhabbat haqida. Abadiy mavzu bu. Javlonga tengdosh havaskorlar “yotib olib” yozadigan mavzu bu. Biroq muallifimiz inson qalbining eng tubida yotgan bu ilohiy tuygʻu haqida yangi gap aytishga, yangi obraz yaratishga urinadi va bunga qaysidir darajada muvaffaq ham boʻladi. Zero, Javlonning qahramonlari biz koʻcha-koʻyda koʻradigan yoinki koʻngilochar nashrlarning sahifasidan sahifasiga koʻchib yuradigan, havasni ishq deb biladigan tayinsiz yigit yoinki qiz emas. Javlonning qahramonlari “Inson kimnidir sevishi emas, oʻzi sevgi degan tuygʻuga aylanishi kerak. Inson tuygʻuga aylanishiga ishonasizmi?” deya mulohaza yuritadigan, muhabbat orqali oʻzini, oʻzligini taniyotgan yigit-qizlardir. Balki mana shu voqelik taʼsiridir, yakunda hikoyadagi hazin ohang oʻquvchini gʻussaga solmaydi, bilʼaks, dilga yorugʻ tuygʻular baxshida etadi…

Hikoyadagi “Dadam mast boʻlib, uxlab qolgan tunlari dala qorovulligiga onam meni yuborardi. Oʻshanday paytlari chayla ustida qoʻrquvni yengish uchun yulduzlarday porlovchi kelajak haqida oʻy surardim. Shunda yulduzlar bilan oʻrtamizdagi masofa yaqinlashganday tuyular, xuddi osmon biroz egilib oʻzida boʻlayotgan tomoshalarni ulkan ekranda menga namoyish etayotgandek boʻlardi”, “Lobar juda sodda, ishonuvchan, taʼsirchan qiz edi. Uning orzusidagi oʻsha yigit sifatlarini ssenariyga tushirsam-u, kimdir bu rolni oʻynasa, Lobar uning qoʻlida qoʻgʻirchoq boʻlib raqs tushadiganday tuyulardi. Shuning uchun undan xavotirlanardim” yoki “Muhabbat moʻjiza emas, buyuk qoʻrquvdir… Yoʻq! Muhabbat buyuk qoʻrquv emas, dunyodagi eng katta jasoratdir” kabi ohorli jumlalar esa Javlonning adabiy mahoratga ega boʻlib borayotganidan darak beradi.

Men “Yoshlik” jurnalining talabchan oʻquvchilari sinovidan oʻtayotgan yosh muallifimiz Javlon Jovliyev adabiyotga bir umr havas bilan emas, asl muhabbat bilan qarashini, asarlarini shunga mutanosib ravishda yonib-kuyib yozishini tilab qolardim.

 

Abduqayum Yoʻldoshev,

yozuvchi


 

I

“ – Keling, koʻrishaylik. Negadir, bugun… kim bilandir dardlashgim kelayapti.

– Soat nechida?

– Ishdan chiqqan paytizda-da…

Qoʻlimda telefon tutgancha, oʻtirgʻichga suyanaman. Lobar betoqat yana nimalardir deydi. Derazadan koʻzim quyoshga tushadi. Quyosh qizgʻish ranglar bilan xayrlashish tasvirini chizardi.

– Kelishdik.

– Ey… Faqat, oʻtgan safargidagiday kechikmang.

– Xoʻp.

– Aniq! Kechikmang, kutaman”.

Telefonni qoʻyib, oʻtirgan joyimda toshdek qotaman. Tanam titrab ketadi. Burnim achishib, koʻzim negadir namlanadi. Bu na anduh, na armon, na hayrat koʻz yoshlari… Bu mening xotiram, bu umrimning ajib va nurli yoshlaridir. Men orzum osmoniga sochilgan yulduzdek yoshlarimni izlab yoʻlga tushaman…

– Lobar, Lobar, Lobarjonginam…

 

II

U farishtali, oppoqqina qiz. Bu oqlikka qasdlangan qosh-koʻzlar tim qora. Chehrasida fayz, silliq yuzlarida nafis kulgichi bor. Na-da yanoqlar, qavoqlar ham tabassum qiladi, bunga shaydo kipriklari ham unga qoʻshilib birdek toʻlqinlanadi. Jigarrang koʻzlar tubi cheksizlikka tutashganday sirli, tarovatli, ohangli va yana allambalo.

Men uni ilk bor koʻrganimda oq koʻylakda, serqatnov yoʻlda onasining qoʻlini mahkam ushlab turardi. U imtihoni haqida tinmay gapirar, onasi faqat savol berishga, tez-tez tasdiqlashgagina fursat topardi. Men boʻlsa unga telbalarcha tikilib qolgandim. Bunga avvali eʼtibor bermagan ona-bola biroz vaqt oʻtib savol nazarida menga qarashdi. Keyin Lobar onasini qoʻyib yubormay yurib ketdi. Va menga boshini biroz eggancha, chap qoʻli bilan quyosh nuridan yuzini pana qilib soʻz qotdi.

– Siz ham mening yoʻnalishimga topshirgansiz-a?! Boya imtihonda koʻrganday boʻldim!

U menga biroz yaqinlashdi. Oʻsha onda uning koʻzlari bor xazinasini ochdi. Bu koʻzga tikilib bor dunyoni unutib qoʻydim. Hozirgina oʻqishga kirish uchun muhim sinovdan oʻtganimni, buning uchun qayerdan, qanday qiyinchiliklar bilan kelganimni ham bir dam esdan chiqargandim. Quyosh tigʻida kuygan yuz, uzun oriq qoʻllar, allaqachon shahar urfidan chiqib ketgan va kecha yoʻlga chiqayotib onam yedirgan qovun hidi anqib turgan ust-boshim bilan oq, harir koʻylak kiygan shaharlik suluv yonida lol qolgandim. Qiz esa beparvo soʻzlar, keskin kurashlar bilan oʻtgan imtihon tahliliga tushib ketgandi. Undan oʻshanda taralgan xushboʻy ifor hali hamon meni mast qiladi.

Uning nigohlari oʻtkir edi. Birdan xayolimga bu shaharlik qiz qayda-yu, men qayda degan oʻy keldi va koʻzlarimni olib qochdim. Yuragimda qoʻrquv paydo boʻldi. U sepgan xushboʻy atirlar qayda-yu, mening chala-chulpa qaychilangan sochlarimda yaltillayotgan ter qayda. Uning koʻngli qayda-yu, mening xayolparastligim qayda… Lekin gʻoʻrlik xayollari meni bu sirli va ajoyib muhabbat olamiga qandaydir katta kuch bilan itarardi. Qizning xayolidan bunday manzaralar oʻtmayotganligi, u boshqa olamdan kelib qolgan qizga aylanishini juda istardim. Oʻsha onda diqqatim uning gaplarida emas, jigarrang koʻzlari sehriga magʻlub edi, bir notavon mahbus edi.

– Sizni bilmadim-u, men koʻpgina savollarning javobini koʻnglimga qoʻyib berdim. Koʻnglimga yoqqanini belgiladim. Yuragim shuni buyurdi, men shuni qildim. Nega indamay turasiz? Nima, xato qilibmanmi?

– Yoʻq!

– Siz ham oʻqishga kiring. Sizlarni Xudo qoʻllasin! – dedi uning yonida hayrat bilan boqib turgan ayol.

Onasi borligi yodimga keldi. Boʻyi yetgan qizi bor barcha onalar kabi jigarbandini juda nozik va qimmatli yaratiqdek asrashi shundoq koʻzlaridan bilinib turardi.

– Biz, albatta, kursdosh boʻlamiz? Negadir imtihon topshirayotganlarning hammasi menga badqavoq koʻrindi. Axir, hammaga nasib qilgani boʻladi-ku!

Uning savollariga javob berishda ham oʻzimni nochor his qilardim. Ha, men qayda-yu, u qayda…

Onaning duosi ijobat boʻldi. Ikkimiz kursdosh boʻldik. Oʻshanda u haqdagi fikrlarim bekor emasligini, Lobarning oʻziga xos va goʻzal dunyosi borligini angladim. Lobar doim toʻlqinlanuvchi qirgʻoqqa oʻxshardi. Toʻlqinlanib soʻzlar, tez hayratlanar, oʻta taʼsirchan edi. Ovozi ham aniq va shirali… Toʻgʻri, u qizning chidash mushkul tomonlari ham bor edi. Bu uning haddan tashqari ehtiyotkorligida edi. Sababi keyinchalik maʼlum boʻldi. Onasi uni yolgʻiz katta qilgan ekan. Oʻzi yolgʻon qurboni boʻlgan bu jafokash ayol yolgʻiz farzandini goʻdaklikdan har narsaga shubhalanib boqishga oʻrgatgandi. Shuning uchun yaqinlar bilan chegaralangan doira ichida oʻsdi, ular bilangina sirlashdi, ular bilangina oʻynadi. Shuning uchun begona odamlarga tez qoʻshilib keta olmas, hammaga oʻz sirlarini ochavermasdi. Lekin uning shunday toʻlqinlangan paytlari boʻlardiki, dengizdek qirgʻogʻidan toshar, oʻsha onda har kimni yaqin olar, u bilan sirlashib, yigʻlab olishi ham mumkin edi.

Biz toʻrt yillik taʼlim davomida faqat doʻst boʻldik. Faqat doʻstmi?! Ammo mendagi tuygʻularni doʻstlik desam, bu sharafli soʻzga xiyonat qilgan boʻlaman. Rosti…

Bir kun unga dil daftarimni ochishim uchun qulay imkoniyat boʻldi. Bu kun sira yodimdan chiqmasa kerak. Teatr tomoshasidan soʻng uni kuzatib qoʻymoqchi boʻldim. Qalbimni qiynayotgan barcha hislarni ochiq-oydin aytishning, ogʻir va azobli yukdan qutulishning ayni payti ekanligini his qilib turardim. Lekin shu his oyogʻimga tushov solganday boʻlib, qadamlarimni ogʻirlashtirib qoʻydi. Yuragim esa betoqat, koʻkragimni yorishga tayyor azamatdek tepaga sapchirdi. Lobar esa teatrdagi chol obrazi haqida toʻlqinlanib gapirardi. Uning aytishicha, aktyor juda boʻrttirib yuboribdi. Qulogʻimga hech nima kirmas, uning toʻsatdan bergan savollariga ham garangga oʻxshab javob qaytarmay qoʻyaqolardim. Men jurʼatsizlarcha qadam tashlar, borgan sari butun vujudim titroqqa aylanayotganini his qilib turardim. Hatto olayotgan nafasim ham vujudimga yuk boʻlayotganday qadamim sekinlashardi. Shunda Tangrimga yolvordim, umid bilan koʻkka boqdim. Bolalik chogʻlarimdagi kabi koʻkdagi doʻstlarimni, yaʼni yulduzlarni qidirdim. Xira boʻlsa-da, bitta boʻlsa-da. Ular mening bolalikdagi “jimitday” doʻstlarim edi. Dadam mast boʻlib, uxlab qolgan tunlari dala qoravulligiga onam meni yuborardi. Oʻshanday paytlari chayla ustida qoʻrquvni yengish uchun yulduzlarday porlovchi kelajak haqida oʻy surardim. Shunda yulduzlar bilan oʻrtamizdagi masofa yaqinlashganday tuyular, xuddi osmon biroz egilib oʻzida boʻlayotgan tomoshalarni ulkan ekranda menga namoyish etayotgandek boʻlardi.

Hozir esa menda qoʻrquv bor edi. Ammo men endi qorongʻilikdan emas, koʻzlarida yulduz berkingan qizdan, uning menga beradigan javobidan qoʻrqardim. Turli achchiq tutunlar, turmush chiqindilarining irkit uvadalariga toʻlib ketgan osmon bagʻridan yulduz qidirardim. Shunda orqa tarafda bir xira yulduzga koʻzim tushdi. Keyin uning oldida yana bittasi koʻrindi. Ular menga kuch berganday boʻldi. Tangriga yolvordim. Joyimda birdan toʻxtab qoldim. Lobar ham hayron.

– Nima boʻldi, yuring, yuring, oyim kutvotti…

– Lobar!

– Bunaqa qaramang, iltimos sizdan, voy buni. Nima “sevib qoldim” deb aytmoqchimisiz, jinnivoy. E, oʻrtamizda sevgi boʻlishi mumkin emas. Sizday doʻstimni yoʻqotmoqchimasman.

–…

– Jinnilik qilmang, siz mening idealimdagi yigit emassiz.

– Kim sizni sevaman demoqchi, oʻzingizni xursand qilyapsizmi…

– Ha, qarashingiz gʻalati-da. Kechirasiz… Ha, toʻxtang sevsangiz nima boʻpti?

– Quribdimi boshqa qiz… Qishloq toʻla qiz.

– Ey, men ham qishloq ishlarini uddalayman. Faqat men sevgan odam boʻlsa boʻldi.

– Yaxshi…

Soniyalik zulmat qaʼridan, koʻz oldimda minglab yulduzlar paydo boʻldi. Ular juda yorugʻ, lekin juda kichkina edi. Yoʻlimizni yoritayotgan tunggi chiroqlar bilan birga mening koʻzlarimda charaqlardi. Lekin bular mening yulduzlarim, ular koʻzlarimdan oqib, milt-milt yonayotgan yuragim tubiga yomgʻir boʻlib tomchilardi.

 

III

Shu voqeadan soʻng men na Lobarga doʻst, na oshiq boʻldim. Lekin u meni juda yaqin doʻst deb bilar, menga esa bu maqomni koʻtarib yurish juda ogʻir edi. Yillar oʻtdi. U hech oʻzgarmadi. Tinmay oʻqir, izlanardi. Bu uning kursda ajralib qolishiga olib keldi. Qizlar uni yoqtirmas, yigitlar sergap va erta qarigan sohibjamolga chiqarib qoʻyishdi. Buning ustiga, boshi tez-tez ogʻrib turar, bir oylab oʻqishga kelmay qoʻyardi. Shunda men uni koʻrgani shifoxonaga borib turardim. U bilan oʻsha joyda qilgan suhbatlarimizning oʻzi bir jahon edi. Lobar qalbida yotgan va javohirdek saqlayotgan niyatlarini doʻstona oʻrtoqlashardi.

U orzusidagi yorni intiqlik bilan, kutish yillari qancha choʻzilishini bilmay umid va ishonch bilan kutardi. Orzu qilgan oʻsha nomaʼlum yigit uning eng yorugʻ yulduzi edi. Ammo Lobar juda sodda, ishonuvchan, taʼsirchan qiz edi. Uning orzusidagi oʻsha yigit sifatlarini ssenariyga tushirsam-u, kimdir bu rolni oʻynasa, Lobar uning qoʻlida qoʻgʻirchoq boʻlib raqs tushadiganday tuyulardi. Shuning uchun undan xavotirlanardim.

Lobar oʻqishni tugatib, tezda muvaffaqiyat qozona boshladi. Ilk yozgan ssenariysi suratga olinib, unga kutilmagan shuhrat olib keldi. Uning kiyimlari, gap-soʻzlari biroz oʻzgardi. Shundan soʻng qator filmlari shuhratiga yana shuhrat qoʻshdi. Uning atrofida turli rejissyorlar, operatorlar parvona boʻlardi. Men bularni eshitib xursand edim. Chunki u bilan muomalaga kirishib, hamma ham ishlay olmasdi. U ishiga juda talabchan, ish bitmaguncha necha kunlab mijja qoqmaydigan, sheriklarini ham tindirmaydigan kuyunchak sanʼatkor edi. Bundan tashqari, zigʻircha adolatsizlik, ozgina manfaatparastligu nohaqlikka ham chidab turolmas, oʻsha inson bilan barcha hamkorlikni toʻxtatib qoʻyardi. Men bunday odamlarga doim qiyin boʻlishini anglardim. Shuning uchun uning erishgan muvaffaqiyatlaridan, oʻzini tushunadigan odamlar davrasida ekanligidan cheksiz baxtiyor edim. Biroq u hamon qalban yolgʻiz edi. Yillar uning asablariga, sabriga taʼsir oʻtkazmay qolmasdi. Ammo hamon sadoqat bilan qalbidagi oʻsha, eng yorugʻ yulduzni kutardi. Yuragidagi eng nurli insonni… Biroq u kim edi? U qachon keladi?

Bu orada mening hayotimda yangilik boʻldi. Qishlogʻimizda bir qiz bilan unashtirildim. Sinfdosh doʻstimning toʻyiga borganda koʻrib qolgandim. Juda chiroyli, quralay koʻzli qiz edi. U mening, balki ota-onamning ham orzusidagi mehnatkash va, eng muhimi, tagli-tugli xonadondan edi.

Bu xabardan Lobarning xursand boʻlishini kutgandim. Ammo u unashtirilganimni eshitganda koʻzlarini olib qochdi. Bemaʼno jilmaydi. U hech qachon bunaqa quruq jilmaymasdi. Soʻngra mendan boʻlgʻusi rafiqamning rasmini soʻradi. Men telefondagi qizil palto kiyib tushgan rasmini koʻrsatdim. U tikilib qarab qoldi va “Nurli qiz ekan, yuzida farishtasi bor-a! Uni ehtiyot qiling”, dedi-da, boshqa bu haqda ogʻiz ochmadi.

 

IV

Belgilangan vaqtda u aytgan joyga yetib bordim. Lobar ancha ozibdi, koʻzlari kirtayib qolganini koʻrib, yuragim zil ketdi. U men borishim bilan oʻrnidan turdi va jilmaygancha salom berdi. Restoran gavjum edi. Shovqin-suron avjida. Asosan bolalar baqir-chaqir qilishardi. Roʻparamizda bir oila oʻtirar, ayol bugun kechki ovqat qilishdan qutulib, restoranga kelish niyati amalga oshganidan xursand, eri esa olaygan koʻzlari bilan xotining gaplarini beeʼtibor eshitar, tez-tez telefoniga qarab qoʻyar, allaqachon bunday oʻtirishlardan bezgan, tezroq borib uxlashni maqsad qilgan odamga oʻxshardi.

Lobar bilan soʻrashganday boʻldik. Goʻyo har kun koʻrishib turgandek, unga qanday gap topishga qiynalardim. Shundoq oldimizda kichkina akvarium ham bor ekan. Unda mittigina, kattasi barmoqday keladigan qizil, qora, oq, yashil, sariq, binafsha rangli baliqchalar suzib yurardi. Lobar ataylab shu yerga oʻtirganligini aytdi. Lekin oʻzi biror marta baliqlar tomonga qarab qoʻymadi. U ham roʻparadagi oilani kuzatardi.

Men muzqaymoq yalab, uning nozik barmoqlari asabiy titrayotganini sezdim. Lobarni bir dard ezayotgandi. U jiddiy boʻlib koʻrinishga harakat qilmas, bolasini yolgʻondan yumshoq joyiga urayotgan boyagi uy bekasiga maʼnosiz qarab turardi. Toʻsatdan menga oʻtkir nigoh bilan tikilib, hozir aytmasa yorilib ketadigandek gapira ketdi.

– Jinni deb oʻylashingiz mumkin. Lekin sizga bir nimalarni aytmasam boʻlmaydi.

– Ayting, bemalol. Oʻzi sizni eshitgani keldim.

– Menga nima muhim ekanligini bilolmay halakman. Bilasiz, men uzoq yillardan beri kimnidir, “oq otli shahzoda”mni kutaman. Xuddi oʻsmir qizaloqlarday.

– Oʻzi yoshsiz-da.

– U kelishiga ishonaman. “U! U! U!” deyishdan charchadim! Qachon uning nomi maʼlum boʻladi, bilmadim. Qayerdadir yurgandir-da… Sandiragʻlab… Lekin qay biri muhimligini ertaroq aniqlashim kerak. Nima muhim? Biz koʻpincha shu birgina savolga javob bera olmay, uni tanimay turib, turli joylarga bosh urib koʻramiz. Natijada biz haqiqiy baxtdan mahrum boʻlamiz. Masalan, mana bu erkak, boyatdan beri menga bir-ikki marta yomon qarab qoʻydi. Eʼtibor qilmadingiz-a? Koʻzlari buloq suvidek tiniq qizchalari oldida-a! Mehribon xotinini qarang, qanchalik baxtga tashna, bu kun tugashini u sira ham xohlamayapti. Er esa muhim narsa nimaligini hali ham bilmaydi. Buni u oʻylab koʻrmagandir ham. Balki unaqamasdir. Juda yaxshi odamdir. Nahot faqat qora ranglarni koʻzim koʻrayotgan boʻlsa…

– Yoʻq, Lobar!

– Men kutgan yigit yonimdan, shundoq burnimning tagidan oʻtib ketgan boʻlsa, men nima qilaman-a! Butun umrim uni kutish va oʻylash bilan oʻtsa-yu, u allaqachon eʼtiborsiz qolib, kibr oshgan biror manzilimda qolib ketgan boʻlsa. Xudo qaytarib berarmikan uni!

– Lobar…

– Nimalar deyapman. Chalkashtirib tashlayapman…

U menga tikilib turar ekan, kipriklari uchar, soniyalar almashgan sayin koʻzlariga maʼyuslik va umidsizlik ruhi choʻkardi.

– Hammasi tushunarli. Uni mabodo taniy olmay qolgan boʻlsangiz, bir kun kelib, albatta, qayta uchratasiz.

– Lekin unga bu koʻzlar bilan boqishning aslo iloji boʻlmay qolsa-chi? Doim inson bir xil yashayvermaydi-ku! Axir, umr ham qisqa, qum zarralari kabi cheksiz emas, aslida, ular ham cheklangan. Inson oʻyu orzulari, armonlari oldida-ku, qumlar ham juda qashshoqlanib qoladi. Aytmoqchi, mening filmimni koʻrdingizmi, yaqinda suratga olindi. Kuni kecha premyerasi boʻldi.

– Yoʻq.

– Rejissyor Ahmedov, bizdan bir-ikki yil oldin drama rejissyorligi yoʻnalishini tugatgan. Taniysiz!

– Ha, boʻldi, uni yaxshi taniyman.

– Oʻsha filmda bir qiz obrazi bor. Shu qizning peshonasidagi taqdir chizigʻi mening hayotimga juda yaqin. Balki oʻsha qiz mendirman. Axir, film ssenariysini oʻzim yozdim-ku. Oʻsha qahramon qizning doʻsti yoʻq, muhabbati yoʻq, yaqinlari tashlab ketgan, ammo orzulari va armonlari cheksiz. Xuddi mening oʻzim kabi. Uning shunday gaplari bor: “Sogʻligʻim koʻtarganda sportchi boʻlardim. Eng kuchli sportchi, eng kuchli. Shunda bunday koʻngil yoʻllarida aynimagan boʻlarmidim”. Ha…

–…

– Boshimda qadrdon kasal bor. Ey, mayli, bilasizmi, mening ismimni oyim, avvaliga Parizod qoʻymoqchi boʻlgan ekan, keyin nimadir boʻlib Lobar qoʻygan. Buni avval ham sizga aytmaganmidim?

–…

– Aytganmidim. Nega jim turasiz?

– Yoʻq.

– Buni onam menga birinchi marta gap orasida shunchaki aytganda koʻzimdan yosh chiqib ketay degan. Oʻzimni zoʻrgʻa ushlab turganman. Xudoning qudratini qarang, men goʻdakligimdan shu nomni orzu qilardim, shu soʻzning maftuni edim. Parizod, pari…

– Parilarga oʻxshaysiz.

– O!.. Toʻgʻrisini aytsam, men filmni koʻrmaganizni bilardim. Oʻzim uchun yana bir ishonch hosil qilib oldim-da. Demak, hammasi toʻgʻri ketyapti. Xullas, bir muhabbat tarixi haqida gap ketadi. Ishonchsizdek tuyulishi mumkin. Lekin buning bari haqiqat. Odamlar muhabbatni maʼlum soʻzgagina singdirmoqchi boʻladi. Muhabbat bu charagʻon manzara, tabiatning cheksiz va qaytarilmas kuyi, dunyoning eng yoqimli iforidir… U osmondagi bulutlardan erkinroq. Inson kimnidir sevishi emas, oʻzi sevgi degan tuygʻuga aylanishi kerak. Inson tuygʻuga aylanishiga ishonasizmi? Unda shakl yoʻqolib ketishi mumkin deb oʻylaysizmi? Oʻsha oʻz tuygʻusi uning oʻzi, yaʼni ismi, borligʻi, taqdir va oʻlimi boʻlishi lozim.

– Nima boʻldi sizga, Lobar?

– Aslida, men ham muhabbatning mevasiman. Bu his shu qadar yorugʻ, shu qadar keng va shu qadar zalvorliki, koʻp hollarda bu tuygʻuni pok saqlamoq uchun kuchimiz yetmay qoladi. Oʻzimiz bilmagan holda shu yuk bilan siylanamiz va bekor ortilgan ogʻirlikdan vaqti kelib qutulishni istab qolamiz. Bizga berilgan bu nodir tuygʻuni biz tosh singari ogʻir yukka aylantirib qoʻyamiz. Muhabbatni yerga yotqizib sudradik va yana boʻynimizga oldik, yana yerga otdik va yana sudradik, balchiqqa otdik. Natijada tuygʻularimiz qora balchiq tubiga mangu singib ketdi…

– Lobar kimnidir nihoyat sevib qolibdi!? Kim u baxtli yigit? Rasmi bormi telefonizda?

– Muhabbat eng shirin taom, eng shirin meva… Masalan, men shaftolini yaxshi koʻraman, shaftolidan ming barobar shirin taʼmni bilasizmi? Lekin men muhabbatni hech qachon taniy olmaganman, u qanday oʻzi? Muhabbat dunyodagi yagona real moʻjizadir balki, a?!

– Oʻzingizni goʻllikka solmang! Kim u baxtli, shuncha kuttirgan yigit, fotosurati bormi? Men taniymanmi?

– Negadir siz bilan koʻrishgim keldi. Bugun…

– Nega? Qarashingiz gʻalati? Meni sevib qolgan boʻlmang tagʻin. Axir, siz mening doʻstimsiz? Sizni yoʻqotishni istamayman.

– Siz ham mening doʻstimsiz.

Lobar uzr soʻragancha oʻrnidan turib, qayergadir ketdi. Shunda yana koʻzim baliqlarga tushdi-yu, ular koʻzimga soxta maxluqlardek koʻrinib ketdi. Undagi hamma narsa, darhaqiqat, soxta? Ovqatlari, tashqi dunyo bilan bogʻlovchilari, toshlari, uylari, balki oʻzlari ham sunʼiy urchitilgandir. Qiziq va dahshatli hayot! Akvarium ichida bitta sopoldan yasalgan kichkina kema agʻnab yotardi. Ulkan kemaning juda mayda shakli. Baliqlar uning palubalarida goʻyoki ulkan baliqday suzib yurardi. Shunda akvariumda bir oq baliq oʻlib yotganiga koʻzim tushdi. Uni sariq rangga boʻyalgandek tovlanuvchi, oʻzi jimitdek boʻlsa-da, koʻzlari bilan olayib qaraydigan baliqcha tumshugʻi bilan sargardon qilib, u yoqdan bu yoqqa koptokdek oʻynatardi. Oq baliqning dumi allaqachon tushib ketgan, tanasining rangi ham biroz oʻzgargandi. Demak, oʻlganiga koʻp boʻlgan.

Lobar kelishi bilan menga “Iltimos, ketaylik”, dedi. Men ofitsiantni chaqirdim va hisob-kitob qildim. Chiqayotib akvariumga qarab qoʻydim. Jonsiz oq baliqchani hamon sap-sariq malʼun tumshugʻi bilan sudrab yurardi.

Tashqari ancha salqin ekan. Men kostyumni Lobarning ochiq yelkalariga tashlab qoʻyganimda, u menga mamnun koʻzlari bilan shunday dilbar qaradiki, oʻsha onda uni men hamon jonimdan ortiq koʻrishimni his qildim. Keyin restorandagi erkakdan farqim yoʻqligini oʻylab, oʻzimdan jahlim chiqib ketdi.

Yoʻq, muhabbat moʻjiza emas, buyuk qoʻrquvdir.

Oʻsha kuni yulduzlar osmonda porlardi. Mayin esayotgan shabada Lobarning tarqoq sochlarini siypalar, ularni sochib, turli tomonga yetaklab oʻynatar, namlangan lablarini noziklik bilan quritardi. U uzun poshnali tuflisi bilan, tik qadam tashlab yurar, yelkasiga tashlangan kostyum yenglari ham u bilan birga olgʻa qadam bosayotgandek havoda likillardi. Uzun poshnalardan chiqayotgan taq-tuq ovoz menga bir musiqadek eshitilar, bizga hamdam yoqimli muzdek havo bu sirli taronaga raqsga tushardi…

– Piyoda ketgim keldi. Sizni ham oʻzimning ortiqcha injiqliklarim bilan juda qiynab qoʻydim.

– Nimaga, siz bilan piyoda yurib mazza qilyapman, koʻpdan beri bunday yurmagandik.

– Yaxshiyam, siz borsiz!

– Nima boʻldi…

– Hammasi yaxshi…

– Oʻxshamiydi-ku? Yaxshi dam olib chiqdingizmi?

– Ha, davolandim. Erkalik qildim-da onamga. xozir esa nima qilishni bilmay qolganman? Men onamni juda qiynab qoʻydim.

– Nimaga?

– Men onam oʻylaganidek baxtimni topa olmayapman!

– Bir kuni kelib, albatta, topasiz! Men bunga ishonaman.

– Men sevmay oʻtib ketishim mumkinmi? Siz sevgansiz-ku! Qancha qizlar shu muhabbat ogʻusidan telbaga aylanishadi-ku! Nega men seva olmayapman? Juda ogʻir dard bu, juda ogʻir… Lekin eng yomoni, sevgan odamingni oʻzing bosib oʻtgan yoʻlingdan ancha yillar oʻtib topib olishingdir! Ha…

Biz oʻsha kun xuddi sevishganlardek, manzilga eltuvchi qadamlarni qizgʻanib sekin yurib borardik. Uning shirin boʻylaridan men mast edim, dardlarining ustunligi oldida esa past edim.

Lobar men bilan xayrlashar ekan, yana oʻsha mamnunlik va mehr koʻzlari bilan boqdi. Kostyum ichida oʻzini juda erkin va kuchli his qilganini aytganda qoʻllari titrab ketdi.

Biz xayrlashdik. Shunda u hammasi juda oʻxshaydi, degandek gap qildi. Men uning nega unaqa deganini soʻraganimda, shunchaki, deb jilmayib qoʻya qoldi.

 

V

Oradan soʻng ikki oy oʻtib tasodifan Lobar aytgan film afishasiga koʻzim tushib qoldi va oʻzimdan uyalib ketdim. Axir, u shu filmga tushishimni qanchalik xohlagandi. Ishlarga shoʻngʻib, unutib qoʻyibman.

Film afishasi zangori rangda bezatilgan boʻlib, unda bir qiz koʻkka boqqancha turar, koʻzlaridan durdek yosh tomchilari yerga yumalardi. Afishaning oʻzi bir sanʼat asari edi. Film nomi ham ajoyib, ham mungli: “Yulduzini yoʻqotgan Parizod”

Men kinozalda edim. Goʻyo Lobar bilan birga oʻtirardim, u bilan kino koʻrdim. Yoʻq! Yoʻq! Biz rol ijro etar etdik.

Film, haqiqatan, uning hayoti, Lobar olamining obrazli tasviri edi. Ammo filmda men ham bor edim. Biz oʻtgan yoʻl, ilk tanishuvimiz, ilk qarashlarim, hatto hozirgi holatim ham bor edi. Men oʻtirgan joyimda unsiz yigʻlardim, meni oʻynayotgan aktyor ham yigʻlardi. Aktyor kulardi, men ham alam-la kulardim. U qizni sevib, umidsiz qiynalardi, men esa kuyardim. Soʻngra qayerda oʻtirganimni ham bilmay qoldim. Koʻz oldimda Lobar men bilan yorugʻ nur ostida birga edi. Nur koʻrsatayotgan tasvirlar bizning taqdir oynamiz edi. Bizning tomirlarimizdan nur – qon olib, koʻzlarimizga armon hislarini quyardi.

Lobar xuddi sehrgardek film ishlagan ekan. U umuman adashmagan, men u koʻrgan va his qilgan ahvolda edim. Faqat aktyor biroz boʻrttirardi, xolos.

Koʻpchilik film hayotdan olinadi, baʼzilar shundoq hayotdan koʻchiriladi, deyishadi. Bunda esa filmdan hayot quriladi. Filmdagi qiz oʻz baxtini uzoqlardan izlaydi. Hayotini ideallashtirib tashlagani uchun biror inson uning zirhlangan koʻngil devoriga yaqinlasha olmaydi. Samimiy tuygʻular qiz injiqliklari ostida halok boʻladi. Qiz qattiq adashgandi. Qiz turfa azoblar iskanjasida telbaga aylanishdan oldin bir film ishlaydi. Unda oʻzining qismatini bashorat qiladi. Yigit esa qizning sevgisini u ogʻir azoblar iskanjasida jon bergan kuni, qiz ishlagan film orqaligina biladi. Ammo yigit juda kechikib chipta sotib olgandi.

Men titrardim. Oʻsha ekran ochilsa-yu, meni yutib ketsa derdim.

Yoʻq! Muhabbat buyuk qoʻrquv emas, dunyodagi eng katta jasoratdir. Faqat bu jasoratga hamma ham haqli emas!

VI

Koʻchaga otildim…

Hayqirgim kelar, ammo ovozim chiqmasdi. Faqat Lobarning shirin tovushinigina eshitardim.

– Siz yulduzlarni yaxshi koʻrasiz-a?

– Men sening koʻzlaringni yaxshi koʻraman

– Buning uchun men katta, eng yorugʻ, eng sirli, eng jilvakor yulduzga qarab turishim kerak ekan-da, shunda koʻzlarimda ajib yulduzlar tomoshasini koʻrasiz. Eng yorugʻ yulduz! Oʻsha yulduz bormikan-a? Keling, qidirib koʻraylik, topmaguncha qidiramiz. Men eng yorugʻ, eng katta, eng jilvakor yulduzni izlab ketayapman. Men uni topaman va siz, albatta, mening koʻzlarimda oʻsha yulduzlarni koʻrasiz!

Kinoteatr yoʻlagida odamlarga urilib-surilib ildamlab ketar ekanman, kimdir orqamdan chopib kelib toʻxtatdi.

– Nima boʻldi sizga, uka? Shuncha chaqirsam ham eshitmaysiz? Telefoningiz qolib ketibdi. Oʻtirgan joyingizda. Tinmay jiringlayapti. Film koʻrayotganlarga xalal berdingiz. Ana, yana qoʻngʻiroq qilishyapti? Oling! Ey… qanaqa odamlar bor-a?.. – deb tinmay gapirayotgan Ahmedov meni tanib qoldi. Birpas gapini yoʻqotgan boladay kalovlandi. Va birdan tilga kirdi:

– Eshitdingizmi?

– Nimani?

– Lobar qazo qilibdi…

Keyin nima boʻldi, u yana nimalar haqida gapirdi – buni eslay olmayman. Ochigʻi, boshqa biror gapini eshitmaganman. Yoʻlakda qancha oʻtirganligimni bilmayman, film tomoshasidan chiqayotgan odamlarning shovqin-suronidan oʻzimga keldim. Qayerdandir qulogʻimga bir qizning hayajonli soʻzalari chalindi. “Film hayotiylikdan uzoq ekan, boʻrttirishibdi”. Ha, haqiqatan, boʻrttirishibdi. U shunchaki pari edi, Parizod edi…

Tashqariga chiqqanimda osmon toʻla yulduzlar porlardi. Oldga qadam tashlagandim, bir mitti yulduzchani bosib olay dedim. Zamin toʻla yulduzlar edi. Ular shunday yorugʻ, ular shunday charogʻon ediki, men endi qadam bosolmay qoldim.

 

VII

“ – Keling, koʻrishaylik. Negadir, bugun… kim bilandir dardlashgim kelayapti.

– Soat nechida?

– Ishdan chiqqanda-da…

Kompyuterning soatiga qarayman, ish tugashiga yarim soat bor. Qoʻlimda telefon tutgancha, oʻtirgʻichga suyanaman. Lobar betoqat yana nimalardir deydi. Derazadan koʻzim quyoshga tushadi. Quyosh qizgʻish ranglar bilan xayrlashish tasvirini chizardi”.

 

Javlonbek JOVLIYEV

 

Yoshlik”, 2017–6

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.