Lafz

0
242
marta koʻrilgan.

Toshkentda Mamat akani tanimagan odam yoʻq edi. Xalq hofizi Muhammadjon Karimov borgan toʻyga ayricha fayz qoʻnardi. Yoshi bir joyga borib qolgan, ixcham gavdali hofiz mumtoz gʻazallarni shu qadar teran tushunib, shu qadar tiniq ovozda aytar ediki, tinglovchilar beixtiyor sehrlanib qolardi.

Men Muhammadjon Karimovning soʻnggi qoʻshigʻini eshitganman. Qay bir yili Xumsonga dam olishga bordik. Mamat akaning oʻn chogʻli ulfati ham oromgoh yaqinida Ugam daryosi boʻyidagi choyxonada maskan tutib, bir-ikki hafta dam oladigan odati bor ekan.

Bir kuni oromgohdagi dam oluvchilar iltimosi bilan Mamat aka konsert beradigan boʻldi. Ochiq maydonda yuzlab odam toʻplangan. Hofiz ikki-uch qoʻshiqdan soʻng Fuzuliy gʻazalini ayta turib, hushidan ketib qoldi. Uch kundan keyin…

…Mamat akaning hamma biladigan ajoyib odatlari bor edi. U “zakalat-pakalat” degan soʻzni biron marta ogʻziga olmagan. Qayerga borsa, sidqidildan xizmat qilgan. Bir toʻyni chala tashlab, ikkinchisiga yugurmagan. Toʻy egasi haq bersa, olgan, bermasa, duo qilgan. Basharti toʻy qilayotgan kishining qoʻli qisqaroqligini payqab qolsa, toʻplangan pulni ham “toʻyana” deb tashlab ketgan…

Eng muhimi – “Mamat akaning temir daftari” el aro mashhur edi. Deylik, mahallaning yamoqchisi toʻyga aytib keldi. Hofiz “temir daftari”ni varaqlab koʻrgan va oʻsha kuni boʻsh boʻlsa, “Xudo xohlasa, albatta xizmatda boʻlaman”, deb daftariga yozib qoʻygan. Ittifoqo, yarim soatdan keyin biron katta mansabdor yoki dongʻi ketgan boyvachcha kelib qoladi-yu, xuddi oʻsha kuni toʻy qilayotganini aytib, taklif etadi. Hofiz: “Ilojim yoʻq, bir odamga vaʼda berib qoʻyganman, soʻzimdan qaytmayman”, deb rad etadi. Hech qanday iltimos, hech qancha pul, hech qanday dagʻdagʻa oʻtmaydi! Vassalom!

Buning otini lafz deydilar!

 

Oʻtkir HOSHIMOV

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.