Kuzda

0
88
marta koʻrilgan.

Paromchi Filipp Tyurin radiodan soʻnggi axborotni oxirigacha eshitgach, ancha vaqtgacha dasturxon ustida miq etmadi.

– Nimaga tinch oʻtirishmaydi-a, – dedi jahl bilan.

– Yana kim gʻashingga tegayapti? – soʻradi doʻrillagan ovoz bilan qoʻllari erkaklarnikiday baquvvat, baland boʻyli kampiri.

– Bomba yogʻdirishayapti! – radiokarnay tomonga qosh uchirdi Filipp.

– Kimning ustiga?

– Vʼyetnamliklar ustiga-da.

Kampirga cholining siyosatga qiziqishi yoqmas, battar gʻashini keltirar, baʼzida shu bemaʼni qiziqishni deb, ikkisi jigʻillashib qolgan vaqtlari ham boʻlgan. Ammo hozir kampirning janjalga xohishi ham, vaqti ham yoʻq. U bozorga shoshilayotgandi.

Jiddiy, diqqat-eʼtiborli Filipp paromga borish uchun issiqroq kiyinib olgach, uyidan chiqdi. U anchadan beri – urushdan qaytgandan buyon paromchi boʻlib ishlaydi. Urushda boshidan yaralangan, shuning uchun ham engashib ishlashni talab etadigan kasbi – duradgorlikka yaramasligini bilib, paromchilikni tanlagandi.

Sentyabrning oxirlari edi, yomgʻirdan soʻng yoqimsiz sovuq shabada esar, oyoq ostidagi yer bilchillab gʻashga tegardi. Qishloq doʻkoni yonida oʻrnatilgan radiokarnaydan taralayotgan tonggi jismoniy tarbiya musiqasi sadolari va mashqlarni olib boruvchining joʻshqin ovozini shamol yulqib olib keladi. Qishloqdan choʻchqalarning chiyillashi-yu xoʻrozlarning qichqirigʻi eshitilardi.

Yoʻlda uchragan qishloqdoshlari Filipp bilan bosh qimirlatib salomlashishar, ular non xarid qilgani doʻkonga yoki bozorga borish uchun avtobus bekatiga shoshilishardi. Filipp uyidan paromgacha boʻlgan bu yoʻlni ertalablari oʻy-xayollarsiz bosib oʻtishga oʻrganib qolgan edi. Toʻgʻri, xayolga berilardi, lekin parom haqida yoki kun boʻyi kimlarnidir oʻtkazib qoʻyish haqida emas. Bugun boshqa xayolda. U hozir urush qilmay qanday qilib amerikaliklarni tinchitishni oʻylab borardi. Bir nimaga ajablansa-da, hech kimdan soʻramadi: nima uchun, ularni raketalarimiz bilan turtib qoʻyish mumkin emas? Axir, ikki kunda eslarini kiritib qoʻyish mumkin-ku. Filipp yoshligidan tinib-tinchimas edi. Yangi hayotni barpo etishga faollik bilan qoʻshildi, jamoa xoʻjaligi davrida gʻayrat koʻrsatdi… Hech kimni quloq qilmadi, ammo koʻp bahslashar, baqirar… ikkilanganlarni ishontirar, hayajonlanardi. Kommunist emas edi, rahbarlar ham bu xususida negadir gap ochishmagan, shunday boʻlsa-da, Filipp bilan doim hisoblashardilar, u esa ularga sidqidildan yordam berib yuraverardi. Usiz ishlari bitmasligini oʻylab Filipp ich-ichidan gʻururlanib qoʻyardi. Masalan, unga saylovoldi kampaniyasida kelgan masʼul kishilar bilan qishloq kengashida saylovni qanday qilib yaxshiroq oʻtkazish toʻgʻrisida maslahatlashish yoqardi. Kimning uyiga ovoz berish qutisini olib borish kerak, kim oʻzi keladi, faqat ertalab borib eslatilsa, bas… Baʼzan saylovchilar orasidan qaysi biri qaysarlik qilib: “Men oʻtinimni olib kelish uchun ulardan ot-arava soʻraganimda berib turishdimi?!” desa, Filippning figʻoni falakka chiqar edi: “Hoy Yegor, axir bu nima deganing? Buni saylovga tenglashtirib boʻlarkanmi?! Gapingni qara-yu!.. Siyosiy masala koʻndalang turgan bir paytda, sen nega otni buzoq bilan chalkashtirasan.”

Xullas, Filipp qishloq boʻylab yelib-yugurar, fikrini odamlarga isbotlashga urinardi. Odamlar u bilan jon deb bahslashishar, ammo undan gina qilishmas, aksincha, dardlarini toʻkib sochishar va “Sen ularga yetkazib qoʻy”, deya tayinlashardi. U esa vaziyatning muhimligini his qilib hayajonlanar, yonib-kuyardi. “Eh odamlar! – deya figʻoni chiqardi ulkan ishlar ogʻushida. – Uyqusiragan kallavaramlar!”

Yillar oʻtgan sayin Filippning gʻayrati soʻna boshladi. Endi hayajonlanib, bunday tashvishlar ortidan yugurishga kuchi yetmay qolgandi. Lekin hamon jamoat ishlarini, jamiyatning muhim masalalarini yuragiga yaqin olar, xavotirlanardi.

Daryo uzra yoqimli shabada esardi. Beozor uriladi, turtadi. Arqonlar shamolda silkinib gʻuvillaydi. Lekin yaxshiyamki, quyosh koʻrinib, sal koʻngli yorishdi.

Filipp paromda u yoqdan-bu yoqqa suzdi, shoshqaloq yoʻlovchilarni oʻtkazib boʻlgach, yengil tin oldi. Asabbuzarlik toʻxtadi. Filipp yana amerikaliklar haqida xayolga berilgan ham ediki, bayanni varanglatib nikoh toʻyi oʻtkazayotganlar kelib qolishdi… Zamona zaylini qarang – rangdor tasmalar, pufaklar bilan bezatilgan yengil mashinalar. Bu urf qishloqqa ham kirib kelayapti. Uchta mashinada kelishdi…

Toʻychilar qirgʻoqqa tushishdi. Shirakayf, sershovqin, oʻzini jinday koʻz-koʻz qilib maqtanishga moyil toʻda. Yangicha urf – mashinalarda, boz ustiga ular tasmalar bilan bilan bezatilgan boʻlsa, bunaqa toʻylarni oʻtkazish qishloqda hali kam uchraydi, hammaning ham yengil mashina topishga qurbi yetmaydi.

Filipp toʻyni qiziqish bilan kuzatdi. Bu odamlarni tanimaydi – bu yerlik emas ular, aftidan, qayergadir mehmonga ketishayotgan koʻrinadi. Shlyapali bir amaki hadeb qiyshanglardi. Mashinalarni oʻsha amaki topgan, chogʻi. U toʻy toʻyday boʻlsin, deb tinimsiz chiranardi. Paromda bayanchini kuy chalishga qistab, oʻzi birinchi boʻlib oʻyinga tushdi. U hammaga burgutqarash qilib qiyqirar, oyoqlarini doʻpirlatardi. Faqat uning bu qiliqlariga qarash noqulay va uyat edi. Kelin-kuyov boshqalarga nisbatan hushyorroq boʻlgani uchun oʻzlarini qandaydir noqulay sezishardi. Shlyapali amaki harchand irgʻishlamasin, hech narsaga erisholmadi, uning bu soxta quvnoqligi hech kimga taʼsir qilmadi, nihoyat, oʻzi ham holdan toydi…

Parom suzib oʻtdi, mashinalar qirgʻoqqa chiqdi. Toʻychilar joʻnab ketishdi. Filipp esa oʻz hayoti haqida oʻyga toldi. Mana, uning uylanishi qanaqa boʻlgandi. Ularning qishlogʻida Marya Yermilova degan suluv qiz bor edi. Kulcha yuz, yonogʻi choʻgʻday, shirin soʻz… Husniga qarab koʻz toʻymasdi. Bunday goʻzal qalliq haqida faqatgina orzu qilish mumkin edi. Filipp uni juda ham sevar, Marya ham uni sevar, toʻy boʻlishi arafasida…

Filipp komsomollarga qoʻshilib qoldi. Yana oʻsha hol: oʻzi komsomol boʻlmasa-da, ular bilan baqirib-chaqirishar, hamma narsani agʻdar-toʻntar qilishardi. Filippga komsomollarning qishloq qariyalari raʼyiga qarshi chiqishi yoqardi. Mana qanday boʻlgandi: zamonasoz yoshlar cherkov nikohiga qarshi bosh koʻtarishdi. Koʻz koʻrib quloq eshitmagan voqea… Qariyalar biron narsa qilisholmas, gʻazablanishar, qoʻllariga xivchin olib, garchi xivchin bilan hali ogʻzidan ona suti ketmaganlarning esini kiritolmasalar-da, qaytanga, battar ularning qarshiligiga duch kelishardi. Quvnoq damlar edi. Filipp ham oʻsha yoshlar kabi cherkovda nikohdan oʻtishga qarshi edi. Marya esa aksincha. Maryaning ota-onasi bir soʻzli edilar, uning oʻzi ham oxiri cherkovda nikohdan oʻtamiz, deb qaysarlik qila boshladi. Filipp ogʻir ahvolda qolgan edi. U turli gaplar bilan Maryani avray boshlar (u gapga chechan edi, bu esa qishloqda kamyob hol, balki Marya uni shuning uchun sevib qolgandir), ishontirmoqchi boʻlar, qishloqcha koʻrsavodlikni yomonlar, har xil maqola va felyetonlardan parchalar oʻqib berar, yuraklari ezilib tishlarini gʻijirlatardi.

Marya esa hech narsani eshitgisi kelmas, cherkovda nikohdan oʻtamiz, tamom-vassalom, deya bir gapda turib olgandi. Filipp oʻtmishini oʻylarkan, oʻshanda judayam ahmoqona xatoga yoʻl qoʻyganini tushundi. Oʻshanda yoʻllari ayro tushdi, ajralishdi. Filipp keyinchalik ham oʻzgarmadi, qilgan ishiga afsuslanmadi, hozir ham afsuslanmaydi, axir qoʻlidan kelgancha hayotni qayta qurishda qatnashdi, biroq Maryaga achinar, uni qoʻmsardi.

Bir umr yurak-bagʻri kabob boʻlib, oʻrtanib yashadi. U Maryani eslamagan biror kun yoʻq edi. Boshida shunaqayam ogʻir boʻlgan ediki, hatto oʻzini bir balo qilmoqchi ham boʻlgandi. Yillar oʻtsa-da, yuragidagi dard arimadi. Garchi oila qurgan – yangi fuqarolik qonuni boʻyicha xotini bilan nikohdan oʻtgan, farzandlar tugʻilgan boʻlsa-da… yurak hamon Maryani deb oʻrtanardi. Xotini Fekla Kuzovnikova Filippdagi bu doimiy gʻamni sezib qolganidan buyon erini koʻrarga koʻzi yoʻq. Va bu teran nafrat ayol qalbida u bilan birga yashab kelmoqda. Filipp esa xotini Fekladan nafratlanmasdi, yoʻq. Biroq, masalan, urush payti “Sizlar oʻz onalaringiz va xotinlaringizni himoya qilayapsizlar…” – deyishganda u Feklani emas, xayolan Maryani koʻz oldiga keltirardi. Agar halok boʻlganida ham, Marya haqidagi xayollar bilan halok boʻlardi. Yillar oʻtsa-da, ishq dardi uni tark etmadi. Biroq yuragini yondirgan olov avvalgidek, endigina uylangan yillaridagidek jizgʻanak boʻlmas edi, albatta. Toʻgʻri oʻshanda bir oz kamgap boʻlib qoldi. Baribir, targʻibotdan voz kechmadi, chunki shunday qilishi zarur edi. Ammo gapirganda, oʻzining achchiq oʻy-xayollari taʼsirida gapirardi. Goho oʻy surib qolar, birdan nimadir esiga tushib, yana odamlarni yangi hayotga, mislsiz oʻzgarishlarga ishontirmoq niyatida ularning gʻaflat bosgan koʻzlarini ochmoqchi boʻlardi. Marya esa… Maryani oʻshanda qishloqdan olib ketishdi. Unga qandaydir boyvachcha soʻtak (qandaydir emas, Filipp u bilan keyinchalik koʻp bora yuzma-yuz keldi) Krayushkino qishlogʻidan sovchi joʻnatdi… kelishdi, unashtirishdi va olib ketishdi… Albatta, cherkovda nikoh oʻqildi. Oradan bir yil oʻtgach, Filipp Maryaning eri Pavelni uchratib qolib:

– Vijdoning qiynalmadimi cherkovga borishga?… – deya uni soʻroqqa tutdi.

Pavel oʻzini ajablangandek koʻrsatib:

– Nega vijdonim qiynalishi kerak? – dedi.

– Qariyalarning yoʻrigʻiga yurib, nikoh oʻqitdingmi?

– Ularning yoʻrigʻi bilan emas, – dedi Pavel. – Men oʻzim shuni xohladim.

– Mana shuning uchun ham soʻrayapman-da, – dedi oʻzini yoʻqotib Filipp. – Vijdonlaring qiynalmadimi? Qariyalarni-ku, tushunish mumkin, ammo sizlar-chi…? Axir, bu holda hech qachon zulmatdan chiqa olmaymiz-ku!

Bunga javoban Pavel soʻkindi.

– Toshingni ter! – dedi-da, boshqa gapirishni istamadi.

Filipp bu uchrashuvdan shuni sezdiki, Pavelning nigohida unga nisbatan yashirin nafrat, hattoki azoblanish aks etib turganini sezdi. Nega shundayligini anglashga harakat qildi-yu, hech narsani tushunolmadi. Keyinchalik qulogʻiga “u Marya bilan yaxshi yashamayotganmish, ayol doimo gʻamgin emish…” degan gaplar chalindi.

Filippga faqat shu yetmay turuvdi; eski dardi yangilandi, ichkilikka berildi, ammo keyinchalik ichkilikni tashlasa-da, oʻsha ilon chaqqanday ogʻriqni oʻzi bilan olib yurdi. Ilon esa chaqaverar, chaqaverardi, uning esa chidashdan oʻzga iloji yoʻq edi.

Mashinalarda kelgan kelin-kuyovning toʻyi unda mana shunday gʻamgin xotiralarni uygʻotdi. U shu xayollar ogʻushida yana paromda u yoqdan bu yoqqa qatnadi, shamol suyak-suyagidan oʻtib ketgani uchun tushlikda bir stakan aroq ichishim kerak, degan fikrga keldi. Negadir koʻngli gʻashlana boshladi.

“Yana ikki marta borib kelaman-da, tushlikka chiqaman”, qatʼiy qaror qildi Filipp. Begona qirgʻoqqa yaqinlashganda (Filipp oʻz qishlogʻi tomondagi qirgʻoqni oʻziniki, narigi qirgʻoqni begona deb atardi) usti yopiq mashina hamda uning atrofida tumonat odam koʻrindi. Bu qanaqa mashina ekanligini, unda mayit olib kelishayotganini sinchkov nigohlari bilan uqib oldi. Odamlar mayitni har doim shu taxlitda olib kelishardi. Parom oldiga kelgach, hammalari mashinadan tushishar va daryoga jimgina qarab turishardi. Buni tushunsa boʻlardi.

“Kimni olib kelishayotgan ekan? – oʻyladi Filipp odamlarga nigoh tashlab. – Daryo yuqorisidagi qaysidir qishloqdan, shekilli, chunki yaqin oradagi qishloqlarda kimdir qazo qilganini eshitmagan edi. Lekin nega boshqa joydan olib kelishayapti? Yoki uyida oʻlmagan-u, dafn qilish uchun qishlogʻiga olib kelishayaptimikin?”

Parom qirgʻoqqa yetgandagina Filipp tik turgan odamlar orasida Pavelni – Maryaning erini tanidi. Va birdan kimni olib kelishayotganini angladi. Maryani olib kelishayotgandi… Yoz avvalida, Marya shaharda turadigan qizinikiga borayotgan chogʻda, u bilan uchrashgani yodiga tushdi. Parom narigi qirgʻoqqa yetib borguncha gaplashishgandi. Marya shaharda qizi tuqqanini, unga yordam berish uchun ketayotganini aytgandi. Shirin suhbat qurishgandi. Marya oʻshanda yomon yashashmayotganini, uch nafar farzandiyam uyli-joyli boʻlib ketganligini, oʻzi nafaqa olayotganini, eri Pavel ham nafaqa olayotgani-yu, ammo uyda haliyam duradgorlik qilib turishini aytib oʻtgandi. Mol-holni uncha koʻpaytirishmagan boʻlsa-da, hamma narsa yetarli ekanini, kurka boqayotganini, oʻtgan yili uylarini taʼmirlashda oʻgʻillari kelib yordam berishganini ham gapirgandi.

Filipp ham hamma narsa yetarli ekanini, nafaqa olayotgani-yu, sogʻligʻi durustligini, faqat ob-havo ayniganda boshi sal-pal ogʻrib turishini aytib, koʻnglini yumshatgandi. Marya esa negadir yuragi bezovta qilib turishidan soʻz ochib, “Baʼzida yarim tunlari qattiq sanchib qoladi, sirqirab ogʻrishidan yigʻlagudek boʻlaman”, – degandi oʻshanda. Mana, oxiri kuni bitibdi-da, Maryani… Filipp Pavelni tanigan zahotiyoq “oh” deb yubordi, vujudiga oʻt tutashdi. Parom qirgʻoqdagi liqillab qolgan tutashtirgichga borib urildi. Parom zanjirini olib, ilgakka ildirishdi. Usti yopiq mashinaning oldingi gʻildiraklari gʻoʻla yogʻochlar ustiga chiqqanda ular qisirlagan, gʻichirlagan ovoz chiqardi.

Filipp xuddi sehrlanganday eshkak yonida qotib turar, mashinadan koʻz uzmasdi. Xudoyim, Xudoyim Maryani olib kelishayapti, Maryani…

Filipp haydovchiga mashinani paromga qanday qoʻyish kerakligini tushuntirishi lozim edi, chunki orqadan yana ikkita mashina bir-biriga tiralib turardi, u esa xuddi qoqqan qoziqdek joyidan qimirlamas, hamon mashina yukxonasiga qattiq tikilardi.

– Qayerga qoʻyay? – qichqirdi haydovchi.

– A?..

– Qayerga qoʻyay deyapman?

– Qoʻyaver…

Filipp qoʻlini noaniq siltadi. U haliyam jonsiz Maryani olib kelishayotganini tasavvuriga sigʻdira olmasdi. Fikrlar miyasida gʻujgʻon oʻynar, sadr xalfasiga sira jam boʻlmas edi. Goho Marya bilan paromda gaplashib ketishayotgani, turmushidan mamnunligi, goho esa uning qizlik maʼsum damlari koʻz oʻngidan oʻtardi. Yo Xudoyim, yo Xudoyim… Marya… Nahot bu sen boʻlsang?

Nihoyat, Filipp oyoqlarini zoʻrgʻa yerdan uzib Pavelga yaqinlashdi. Pavelni turmush bukib qoʻygandi. Yuzlari hali soʻlimagan, koʻzlari tiyrak va maʼnodor boʻlsa-da, ammo qaddi yoy edi. Aqlli koʻzlarida musibat va sabot zohir.

– Pavel… nima boʻldi? – soʻradi Filipp.

Pavel zimdan sekin qaradi, ammo nimani soʻrayotganini tushunmadi, shekilli, nigohini yana pastga, parom taxtalariga qadadi. Qayta soʻrash Filippga noqulay tuyuldi… U yana eshkak yoniga qaytib keldi. Qaytayotib usti yopiq mashinaning orqasidan oʻtarkan qaradi – tobut. Zumda yuragiga ogʻriq kirdi, fikri ravshanlashdi: ha, bu – Marya.

Parom suzib ketdi. Filipp ixtiyorsiz eshkak eshib paromni boshqarar, xayol surardi: “Marya, Maryaginam”… Dunyodagi eng aziz odami u bilan oxirgi marta suzib bormoqda… Oʻtgan oʻttiz yil davomida, paromchi boʻlib ishlayotgandan buyon Maryaning necha marta u yoqdan-bu yoqqa suzib oʻtganini besh qoʻlday bilardi. Asosan bolalarining holidan xabar olgani shaharga tushardi: goho oʻqishi, goho ishga joylashishi deb, goho esa nabiralari tugʻilganda… Mana endi – Marya yoʻq.

Parom qirgʻoqqa yetib keldi. Yana zanjirlar sharaqlab, mashinalar motori guvilladi. Filipp esa yana eshkak yonida turgancha usti yopiq mashinaga tikilardi. Aql bovar qilmaydi. Mabodo Marya oʻlib qolsa nima qilaman, deb sira xayoliga keltirmagan. Aqalli bir marta ham oʻylab koʻrmagan. Uning oʻlimiga tayyor emas edi. Usti yopiq mashina joʻnab keta boshlaganda Filipp koʻkragida chidab boʻlmas ogʻriqni his qildi. Oʻy-xayolini bezovtalik chulgʻab oldi: nimadir qilmasa boʻlmaydi! Axir hozir marhumani qabristonga olib ketishadi. Butunlay. Uni shu koʻyi, nigohi bilan kuzatib qolaveradimi? Nima qilish kerak? Bezovtalik butun vujudini qamrab oldi, u esa joyidan qimirlay olmas, lahza sayin oʻzini yoʻqotib borardi.

“Axir vidolashishim kerak edi-ku!” – Usti yopiq mashina yoʻlga chiqib olganda oʻziga keldi va buni tushunib yetdi. – “Hech boʻlmasa, vidolashay-da!.. Hech boʻlmasa, oxirgi marta bir koʻray. Tobutning qopqogʻini hali yopishmagan, koʻrish mumkindir, axir!” Filippning nazarida, uning yonginasidan Maryani olib oʻtgan anovi odamlar, bunaqa qilmasliklari kerak edi. Shundoqqina olib oʻtishdi – tamom-vassalommi? Agar bu kimningdir musibati boʻlganda ham… hammadan koʻproq uning – Filippning musibati-ku! Tobutda Marya yotibdi, axir… Ular uni qayoqqa?..

Filippning yodiga hayotidagi ogʻriqli vaqtda ham yoʻqotolmagan, unutish mumkin boʻlmagan eng aziz narsalar yopirilib kela boshladi. Oʻtgan butun umri, eng asosiysi, eng keraklisi, nima uchun, kimning xayoli bilan yashagan boʻlsa, hammasi koʻz oldida turardi… U koʻzlaridan yosh quyilayotganini ham sezmasdi.

Tobut ortilgan mashina ortidan koʻz uzolmay qarab turardi. Mashina tepalikka koʻtarilib, yoʻlida davom etdi va koʻzdan gʻoyib boʻldi. Mana endi hayoti qanday kechadi uning. Axir yer yuzida Marya borligiga oʻrganib qolgandi. Koʻngli oʻksigan, gʻamga botgan damlarda u Maryani eslar va sagʻirlik nimaligini bilmasdi, u bilan dunyo toʻlib turardi. Endi-chi, endi nima boʻladi? E, Xudoyim, usiz hammayoq huvillab qoladi; qanday ogʻir-a?

Filipp paromdan otilib tushdi; baxtiga soʻnggi mashina nimagadir jilmay turardi. Filipp haydovchining yoniga keldi-da:

– Usti yopiq… tobut olib ketayotgan mashinani quvib yet, – dedi oʻtinch bilan kabinaga chiqib olarkan.

– Nega? Nima uchun?

– Shunday qilmasang boʻlmaydi.

Haydovchi yelka uchirib, boshqa savolga tutmay mashinani jildirdi. Qishloq oralab ketishayotganda, u Filippga bir necha bor sinchkov nazar tashladi.

– Bular Krayushkinodanmi? – soʻradi haydovchi boshi bilan oldinda sekin ildamlayotgan mashina tarafga imo qilib. Filipp sekin bosh irgʻadi.

– Qarindoshingmi? – yana soʻradi haydovchi. Filipp bu gal churq etmadi. U yana usti yopiq mashina ortidan qattiq tikildi. Bu yerdan yukxona oʻrtasidagi tobut koʻrinib turardi. Tobut atrofida oʻtirib olgan odamlar birdan oʻzi uchun ham, mana shu tobut uchun ham begona tuyuldi. Qaysi urfga koʻra ular u yerda oʻtirishibdi? Axir, tobutda Maryasi yotibdi-ku.

– Quvib oʻtaymi? – soʻradi haydovchi.

– Quvib oʻt-da, keyin meni tushir.

Mashinani quvib oʻtishdi. Filipp kabinadan tushib qoʻlini koʻtardi. Shunda yuragi qinidan chiqquday boʻlib oʻynab ketdi, nazarida hozir nimadir yuz beradi-yu, hammaga, Filippga ham bir sir – Marya uning uchun aslida kim boʻlgani oshkor boʻladi-qoladi. U mashina toʻxtagandan soʻng nima voqea yuz berishini va qanday soʻzlarni toʻkib-sochishni bilmasdi. Maryani esa judayam koʻrgisi kelardi. Bu uning uchun hamma narsadan muhim va zarur edi. Marya shunday ketaveradimi, axir uning – Filippning ham hayoti oʻtib boʻldi-ku, endi hech kim boʻlmaydi.

Mashina toʻxtadi, Filipp ortiga oʻtdi… Qoʻllari bilan orqa taxtani ushlab, oyogʻini temir narvonchaga qoʻydi-da, kuzovga chiqib oldi.

– Pavel… – dedi oʻzi kutmagan yalinchoq ovozda, bunday ohangda gapirmoqchi emas edi, – u bilan vidolashishimga izn ber. Hech boʻlmasa, bir bor koʻray, yuzini och.

Pavel ilkis oʻrnidan turib toʻgʻri unga qarab yurdi. Filipp uning boʻzday oqargan yuzini yaqindan koʻrishga ulgurdi. Qiyofasi oʻzgarib, boya gʻamga toʻlib turgan koʻzlari tuyqusdan chaqchayib ketdi, birdan gʻazabga toʻldi.

– Ket, bu yerdan! – sekingina, ammo keskin buyurdi Pavel va Filippning koʻkragiga bir turtdi. Filipp buni kutmagan edi, munkib ketdi, kuzovni mahkam ushlab qolmaganda…

– Ket!!! – qichqirib yubordi Pavel. Va uni yana turtdi, bu gal qattiqroq turtdi. Filipp bor kuchi bilan taxtani mahkam ushlagancha Pavelga qarab, uning vajohatdan hayratlandi. Hech narsani tushunmasdi.

– Hoy, sizlarga nima boʻldi? – mashinadagilar sarosimaga tushishdi. Bir yigit – Pavelning oʻgʻli boʻlsa kerak, darrov otasining yelkasidan ushlab nariroqqa tortdi. – Nima gap? Nima boʻldi sizga?!

– Ketsin! – yana gʻazab bilan oʻkirdi Pavel. – Ketsin u bu yerdan! Men unga koʻrsatib qoʻyaman koʻrishni. Sudralib kelganini qarang yaramasni! Joʻna! Joʻna deyapman! – Pavel joyida tepinar, alamdan shaytonlab qolgandi.

Filipp mashinadan tushdi. Shundagina Paveldan nima oʻtganligini angladi. Baribir, pastda turib ham unga gʻazab bilan tikildi. Oʻzi anglamagan holda nimalarnidir gapira boshladi. Bu soʻzlarni bir umr yuragida tugib yurgan koʻrinardi.

– Nima, alam qildimi?… Birovnikini tortib olib, quvongan eding, endi achinyaptilarmi?

– Sen-chi, quvonmaganmiding? – dedi kuzovdan turib Pavel, – meni bilmaydi deysanmi?

– Boshqalarning baxti evaziga qurilgan hayot, mana qanday boʻlarkan, – davom etdi Filipp Pavelning tepadan nima deyayotganiga eʼtibor bermay. Muhimi, yuragida borini aytib qolmoqchi boʻlardi. – Huzur-halovatda yashayman deb oʻylaganmiding. Yoʻ-oʻq… unaqa boʻlmaydi. Mana endi koʻrib turibman, bularning hammasi senga qanchaga tushganini…

– Oʻzing-chi, ashula aytib yurdingmi? Sen-chi… Oʻzing… Oʻzing ham egilib qolibsan-ku! Yaxshi yashaganingda egilarmiding?

– Oʻshanda quvonganding-a? Mana, quvonib boʻlding… Tilanchi! Ha, tilanchisan!

– Hoy, nima qilayapsizlar?! – jahl bilan dedi boyagi yigit. – Esdan ogʻib qoldilaringmi? Topgan vaqtlaringni-chi!

Mashina joʻnab ketdi. Pavel yana bir bor baqirishga ulgurdi:

– Men tilanchimanmi? Sen esa bir umr darvozadan kirolmagan itga oʻxshab gʻingshib oʻtding! Men emas, sen tilanchisan!

Filipp sekin ortiga qaytdi.

“Marya, – oʻyladi u, – eh, Marya, Marya… Mana, qanday qilib hammaning qanotini qayirding. Ikkita ahmoq – rosa hurdik… Aslida-ku, ikkalamiz ham tilanchimiz, Pavel, sen koʻpam akillayverma. Agar sen gadoy boʻlmasang, nega buncha gʻazablanasan. Nima keragi bor gʻazablanishning? Yoshlikda baxtning bir boʻlagini ushatib olganding, xursand boʻlib yashayversang boʻlmasmidi. Aslida sen ham quvonch nimaligini bilmay oʻtding. Axir, seni u sevmasdi-da, mana, ichingdagi gʻam boʻgʻzingdan toshib chiqdi. Oʻshanda tortib olmaslik kerak edi. Kelding, olding, ketding!… Xursand boʻlganding…”

Alam qildi Filippga… Endi alam bilan Maryaga boʻlgan ginaxonlik ham qoʻshildi: “Sen ham oʻzingga yarashasan, kutib turolmading, chopding Krayushkinoga qarab, foydasi boʻlmasa ham. Endi nima boʻldi?..”

– Nima boʻlardi… – dedi Filipp oʻziga oʻzi uzil-kesil. – Hammasi tugadi! Endi bu besh kunlik dunyoda vaqt-soating yetishini kutish va uning ortidan ketish qoldi.

Shamol ancha pasaydi, osmon yorishdi, quyosh nur sochsa-da, ilitmaydi. Atrof qandaydir ship-shiydam va sovuq. Kuz boʻlgandan keyin shu-da!

 

Vasiliy ShUKSHIN

 

Rus tilidan

Oʻroz HAYDAR

tarjimasi

 

“Ijod olami”, 2018/6

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.