Kuygan non hikoyasi

0
156
marta koʻrilgan.

Oʻshanda hali bola edim, – deya eslaydi Hindistonning 2002–2007 yillardagi Prezidenti Doktor Abdul Qalam. – Onam mashaqqatli ish kunidan qaytib, har kech biz uchun non pishirardi.

Bir kuni vaqt allamahal boʻlgan, onaizorim shosha-pisha biz uchun kechki ovqat tayyorlardi. Bir ozdan keyin u otamning oldiga ovqat va non qoʻydi. Mening ikki koʻzim nonda edi. Kimdir nonning kuyganiga eʼtibor berarmikan deb kutib turdim. Lekin otam nonni indamasdan chaynadi va mendan maktabdagi kunim qanday oʻtganini soʻradi.

Oʻsha kun unga qaytargan javobimni eslay olmasam ham, ovqatdan keyin volidamning otamga non bir oz oʻtib ketganini ming xijolat bilan aytgani kechagidek qulogʻim ostida. Otam oʻsha kuni jilmayib turib, onamga “Azizam, kuygan non menga yoqadi-ku,” dedi.

Uxlashdan oldin otamga xayrli tun tilash uchun uning oldiga kirdim va undan kuygan nonni rostdan ham yaxshi koʻrish-koʻrmasligini soʻradim. Otam meni bagʻriga bosib, qattiq quchoqladi.

“Oʻgʻlim, onang kun uzoq ishlab, juda charchagan. Bir marta kuygan non yesam, menga biror nima boʻlmaydi. Lekin, yomon soʻz onangni qattiq jarohatlagan boʻlar edi,” dedi.

Biz barchamiz xom sut emgan bandalarmiz. Kezi kelganda muhim sanalarni, zarur narsalarni, burchlarimizni esdan chiqarib qoʻyamiz. Shuncha yillar mobaynida oʻrgangan narsam shuki, bir-birimizni kamchiliklarimiz bilan qabul qilishimiz kerak. Boisi hayot afsuslar bilan uygʻonish uchun juda ham qisqalik qiladi.

 

Ingliz tilidan Shuhrat SATTOROV tarjimasi

 

soglom.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.