Kotiba

0
138
marta koʻrilgan.

– Assalomu alayku-um!

Eshigiga tillarang harflarda “Q a b u l x o n a” deb yozilgan hayhotday goʻshaning susti bosdimi, sal egilibroq, misoli dargʻazab xoʻjayin qabuliga chorlangan gunohkor mulozimday qiyshayib kirib bordim. Qiziq, odatiy qabulxonalarga oʻxshamaydi, har tarafida eshik, choʻgʻday gilam toʻshalgan, shiftidan nur balqiydi. Boshqa joylarda rahbar va oʻrinbosar xonasiga kiradigan bir juft eshik boʻladi, bu yerda, nima balo, boshliq koʻpmi, muovinmi – har tarafda eshik, hammayoq dabdaba. Odamlar unisidan-bunisiga oʻtib turibdi. Toʻgʻrida esa, bir qultum suv bilan yutib yuborsang boʻlguday bir nozanin oʻltiribdiki, uni koʻrish uchun kelib-ketsang ham haqing ketmaydi. Ammo uning sen kabi faqirlar bilan ishi yoʻq. Oʻng qoʻlida telefon goʻshagi, chap qoʻlida bir tishlam uzilgan shokolad, stolda bugʻi chiqib turgan qaynoq qahva, kim bilandir hasratlashyapti, shekilli.

– Hm-m… Shunaqa didimi? Vey, axmogʻ-yey… Oʻzinam loxsan-da, Nozi…

Salomimni eshitmadilar, chogʻi, deb yana bir marta qaytardim:

– Assalomu alayku-um!

– Hm-m… Hm-m… E-e, qoʻyvu-ur, xapa boʻma-a. Maningam qaynonam shunaqala… “Oyijon-oyijon” dib, zoʻrgʻa eritib olaman… Bulani bari bir goʻr! Hm-m…

– Men raisning… Kattaning yoniga kelgandim…

U yana parvo qilmadi.

– Voy, etmadiymi… Hm-m… Mayli, Xudoga sol, oʻrto… Oʻlib ketsin… Hm-m…

– Katta bova…

– Hey, qanaqa odamsiz oʻzi? – goʻshakni kafti bilan berkitib, kutilmaganda oʻshqirdi xonim. – Telefonda gaplashvomman, koʻrmayapsizmi?..

Keyin yerga qarab sekin, ammo men eshitadigan qilib: “Anavi koʻzmi yoki poʻstayni teshigimi?..” deb qoʻydi chuvalchangsimon qoshlarini chimirib. Bor zahri ichida ekan-ku, bu shumtushiqning. Men uni oʻynab oʻtiribdi deb oʻylabman…

– Yoʻ, sanga etmayamman, – telefondagi suhbatini bamaylixotir davom ettirdi u. – E, bittasi kepti…

– K… Ke-chirasiz, men uzoqdan… – shoshayotganimni bildirmoqchi boʻldim, – poyezdimiz tushdan keyin joʻnaydi. Shunga…

U mening gaplarimga zarracha parvo qilmadi.

– Bu, haligi… – tashkilotning nomini aytdim. – Adashmadim, shekilli…

Roʻmolcham bilan qish chillasida peshonamga koʻpchib kelgan terni artarkanman, jilmayishga urindim. Jilmayishim kotibaxonim koʻziga tirjayish boʻlib koʻrindimi, oshkora ijirgʻandi.

– Opajon, menga yarim minut… – gapimning qolgani “mingʻirlash” boʻlib chiqdi: “Vaq-tingizni ajrata olasiz…mi?”.

Kotibasi shuncha vahimayu, rahbari qanday ekan?!

E, bu shahari qiz bizni qabul qilmasa qilmasin, ammo siz bor-ku, bizni tushunadigan. Xoʻsh, kaminangiz, Jinjakqishloqdan, Omon boboning nevarasiman. Otim Obloqul. Universitetni aʼloga tugatdik, Xudoga shukr. Soʻng, belni bogʻlab ishga kirishdik. Mana uchinchi yil ham ketyati. Boʻlim boshligʻi boʻlib tayinlandik. Birovdan kamimiz yoʻq. Ammo markazdagi xoʻjayin chaqirtirib qoldi – shunga kelgandik. Biz ham tanishib qoʻyaylik Omon boboning nevarasi bilan degandir-da… Ammo mana bu jinqarcha tanimayapti bizni.

Xullas, doskaga chiqqan oʻquvchidek, tagʻin besh daqiqacha kotibaning qarshisida, tayoq yutganday tik turdim. Qani endi hasrati tugasa…

– Xolajon!?.

U menga oʻqraydi. Bu oʻqrayishdan: “Katta xolang emasman!” degan maʼnoni uqib, labimni tishladim…

– Kechirasiz… Opajon, demoqchiydim. Men…

Nihoyat, chuvalchangqoshning toqati toq boʻldi: “Boʻpti, oʻrto, keyin gaplasharmiz. Bollariyni oʻpib qoʻy, – dedi-yu, dugonasiga gapirayotganda kulib turgan koʻzlarini menga qadagach, birdan jilmayishdan toʻxtab: – Keyin oʻzim telefon qilaman…” – dedi va goʻshakni “sharq” etkazib qoʻydi.

Issiqqina qahvadan havasni keltiradigan qilib obdon hoʻpladi-da, “Tavba, odamlarning dastidan birov bilan bir yozilib gaplasholmaysan…” deb toʻngʻilladi. Men ham ichimda: “Bu yer sening katta enangning uyimi, yozilib yotgani”, dedim.

– Keling, nima ishingiz bor edi, – xonim nihoyat, menga yuzlanib tovush chiqardi erinchoqlik bilan.

Qoʻltigʻimda turgan bir papka hujjatni qoʻlimga olib gapirganday boʻldim:

– Ustoz soʻratgan ekanlar, men Jinjakqish­loqdan Obloqulman.

– Uff, – xuddi boʻshang eriga zarda qilayotgan bozorchi xotindek labini choʻchchaytirdi juvon. – Hali raisning oldiga shuni koʻtarib kirmoqchimidingiz?

– Ha, oʻzi soʻragan hujjatlar shu! – dedim xuddi uzr soʻragandek. Xonimning yuzi gʻazabdanmi yoki toqatsizlikdanmi, ishqilib, gezara boshladi. Picha yerga tikilib turdi-da, oxiri, koʻzimga ham qaramay, buyruqladi:

– Pastga tushing!

– Pastga? Tushunmadim… Oʻzim bir pastdagi odamman…

– Gʻalchamisiz, nima balo? Pastga, toʻrtinchi qavatga tushing, deyapman! Oʻrinbosarlarning oldiga!

– Men… Men rais bovaning oʻzlarini bir ziyorat qilay deb edim. Uzoqdan kelganman, axir, – ovozimdagi yalinchoqlikni sezib, oʻzimdan jahlim chiqdi. – Yoʻq, yoʻq, notoʻgʻri tushunmang, u kishi meni orqarovotdan boʻlsa ham yaxshi taniydi! Viloyatdagi vakiliman. Kelib ketsin debdi. Shunga… keluvdim…

Chuvalchangqosh, qarshisida men – uzoq bir manzildan kelgan yosh xodim emas, buzoqbosh turgandek ijirgʻandi:

– Oʻzbekcha gapni tushunasizmi, tushunmaysizmi?

– Tushunganim uchun siz bilan gaplashayapman-ku!

– Vuy, manavini! – chap tomondagi eshik sari yoʻrgʻalayotgan kishiga koʻzi tushib, istehzoli iljaydi xonim. – Raisning oldiga keptila… Qogʻozini boshiga uradilarmi… – ayolning bu gapini eshitib bir zum tirjayib turgan tepakal qoʻlidagi boʻsh bokalini yengilgina oʻynatdi-da, unga javob tabassumini havolatgancha, xonasiga kirib ketdi. “Bokal olib kelish kerakmikin?” degan bemaʼni oʻy oʻtdi koʻnglimdan.

– Hoy, oʻzingizni bosvoling, xoʻmmi? – olakoʻzlandi Chuvalchangqosh. – Bu yerni bilasizmi, qayer deydilar!

– Men oʻzimni bosib turibman, yo biror nojoʻya gap qildimmi? Raisda ishim bor, bir koʻrishay dedim. Band boʻlsa, mayli, qachon boʻshasa, kelaveramiz…

– Ha, b oʻ sh a s a l a r  kelasiz! Ammo muomalangizni toʻgʻrilab keling, xoʻmmi? Bu yer sizga podaxona emas, idora deb qoʻyishibdi!

Miyamga bir narsa “gurs” etib urilganday boʻldi. Stolida turgan qogʻoz papkamni jahd bilan oldim-u, “Raising band boʻlsa, muoviniga kiraman!”, deya shartta olgʻa jildim. Xuddi shuni kutib turgandek, Chuvalchangqosh ham joyidan shitob qoʻzgʻalib, ikki qoʻlini beliga tirab yoʻlimni toʻsdi:

– Qayoqqa!

– “Zam”ning xonasiga!

– Men sizga pastga tushing dedim!

– Pastga tushmayman! Oʻzingiz oʻrinbosarlar oldiga kiring dedingiz-ku!

– Sizga kerak oʻrinbosar pastda! Tushasiz!

Xuddi shu payt boyagi tepakal kirib ketgan xona eshigi shahd bilan ochilib, uning oʻzi oʻljasiga otilgan yoʻlbarsdek yonginamizda hozir boʻldi.

– Qanaqa odamsiz? Nega bu yerga kelib toʻpolon qilayapsiz? Katta xolangizning uyimi bu?!

– As-salomu alay-kum, Gʻulom aka! – tepakal ismi qanday tilimga kelib qoldi, oʻzim ham bilmayman. Boyagina otini eslolmay turuvdim.

Salomimga kimsa alik olmadi.

– Sizdan soʻrayapman, kimsiz oʻzi?!

– Men… Men rais bova bilan bir koʻrishay deb edim, bu kishiga ham aytdim… (Chuvalchangqoshni koʻrsatdim). Oʻzi meni soʻratgan ekanlar. Men Obloqulman, Ovloq tumanidan Omonov Obloqul desangiz biladi. Oʻzi bir safar bizning Ovloqqa borganida…

– “Borganlarida!”, – deb gapimni toʻgʻriladi tepakal.

– …borganlarida, Toshkentga yoʻllaring tushganda, idoraga albatta kiringlar, eshigimiz sizlar uchun ochiq, deb tayinlagandi-lar. Shunga… eshik ochiq boʻlsa kerak, deb keluvdim…

– Man bulaga etsam, tushunmasdan baqirib ketdilar… – Yo tavba! Haligina menga oʻshqirib turgan xotinning birdan hoʻngrab yuborganini koʻrib, dong qotib qoldim. – Gʻulomjon aku-u, oʻziz gaplashib qoʻying, bu bezbet bilan…

– Bezbet emasman!..

– Ayol kishi bilan ham shunday muomala qiladimi, uyat, uka, uyat! – boya yoʻlbarsday otilib chiqqan kimsa vaziyat battar chigallashishidan choʻchidimi, qoʻliga “andava”sini olib, “suvashga” tushdi: – Tagʻin oʻzimizning tizimda ishlarkansiz? Bu qoʻpolligingiz nimasi, uka?..

Nima deyin, indamay turaverdim.

Soʻngra u kotibani yupatishga tushdi.

– Boʻldi, yigʻlamang, Dilnozxon! (Dilnozxon dedimi, Tannozxon dedimi, shu joyini aniq eslolmayman). Oʻzingizni asrang, tinchlaning. Yana boshingiz ogʻrib qoladi-ya! Bu kishi bilan, – menga gʻolibona tikildi, – hali gaplashamiz! Opkegan hujjatlari qoʻlimizga tushar…

– Hech qachon qoʻlingizga tushmaydi, umid qilmang! – dedim unga men ham zarda bilan. – Hujjatimni gʻulom-pulomlarga koʻrsatib oʻtirmayman!

Bu odam asli bizning tumandan, bu yerga yugurdak boʻlib kelgan edi, keyin xoʻjalik ishlari boʻ­yicha muovin boʻlib olgani qulogʻimga chalinuvdi. Xoʻjalik mudiriga nega ishim tushadi mening?!

Shu payt qabulxonaga meni qayerda koʻrsa, “Hoy, Obloqulboy, qandaysan?” deb koʻrishadigan, mabodo uzoqdan koʻzi tushib qolsa ham qoʻlini koʻtarib, salomlashib oʻtadigan oqkoʻngil, samimiy bir akam kirib keldi-ku! U kishi bilan sohamiz bir-u, ammo keyingi paytlarda qayerda ishlayotganini bilmay yurgan edim. Shu yerda ekan-da! Yot ellarda yurtdoshini koʻrib qolgan musofirday quvonib ketdim.

– Ie, Obloqul, bu yerlarga qanday shamol uchirdi? – deya oʻziga yarashadigan dilovarlik bilan bagʻir ochib koʻrisha ketdi u. Keyin anavi ikkisiga qarab:

– Tanishing, bu – Obloquljon! Boʻlajak Habib Abdulla! Zoʻr geologlarimizdan! – deya “haligi” gaplarimizdan mutlaqo bexabar akam, kaminaning taʼrifini qila ketdi.

– Qayerlarda yuribsan? Sogʻligʻing, ishlaring yaxshimi? Aytgancha, kecha seni katta soʻrayotgandi. Ayting, bir kelib ketsin, deyotgandi. Buni qara-ya! Xizrni yoʻqlasak boʻlar ekan-da, a! Obbo sen-ey!..

Akamiz bilan soʻrashayotib, yer ostidan sekin kotibaga koʻz qirimni tashladim. U ikki qoʻlining tirnoqlarini xuddi ularning boʻyogʻi joyida turibdimi, koʻchib ketganmi, tekshirayotgan kabi, sinchiklab qarar, barmoqlari bilinar-bilinmas titrar edi.

Ovloqlik Gʻulom akamiz esa shu bir necha lahza ichida qay goʻrga gʻoyib boʻldi, payqamay qoldim…

Biz bu asnoda qabulxona nozirlaridan omon oʻtib, “katta”ning huzuriga yoʻl oldik…

 

Elmurod NISHONOV

1986 yili tugʻilgan. Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan.

 

“Yoshlik”, 2018/4

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.