Koʻrinmas sovgʻa

0
124
marta koʻrilgan.

I Mi E

 

Doʻstim Shisening otasi jamiyatda oʻz oʻrniga ega boʻlgan hurmatga sazovor insonlardan edi. Shu sababli ham ularning moddiy ahvoli havas qilgulik edi.

Kunlarning birida, uy vazifalarini bajarib oʻtirganimda, tashqaridan kimdir mening ismimni aytib chaqirayotgani diqqatimni boʻldi. Derazamiz tagida kulib turgan Shiseni koʻrib, men ham beixtiyor jilmaydim.

“Tonggu, yur oʻynaymiz!”

“Kechir, doʻstim. Uy vazifalarini tayyorlayapman. Boshqa safar. Buguncha mensiz oʻynay qol”.

Gapimni tugatib, uyga kirib ketishimdan xavotirga tushgan Shise bir aylandi-da, menga sirli jilmayib: “Ha, ha, ha, mana, koʻrib qoʻy, menda nima bor. Bugun olib berishdi”, – dedi.

Oʻrtogʻimning portfeli maqtanishga arzigulik edi.

“Judayam zoʻr! Xursandman. Yaxshi bor”, deya qoʻlimni silkitdim.

“Boʻpti, sen ham albatta shunaqasidan ol! Men ketdim, xayr”.

Shise ham qoʻlini silkitgancha uyi tomon yurdi. U ketgach, qoʻlim dars qilishga bormay qoldi. Ich-ichimdan siqila boshladim. Shise mening eng yaqin oʻrtogʻim boʻlsa-da, uning yangi sumkasini kitoblar ogʻirligini zoʻrgʻa koʻtarib turgan, eskirib ketgan portfelim bilan solishtirar ekanman, oʻzim bilmagan holda unga hasad qilayotganimni sezib qoldim.

Uy vazifalarini ham yigʻishtirib onamning qoshiga oshiqdim. Unga yaqinlashar ekanman, ichimdagilarni aytish yoki aytmaslikni bilmay bir qarorga kelolmay, ancha qiynaldim. Sekin borib, yoniga choʻkkaladim.

“Oyi… menga ham yangi portfel olib bera olasizlarmi?”

“Portfel? Mayli… ammo yangi yilgacha sabr qilishingga toʻgʻri keladi”.

Onam xuddi shunday dedi. Bu soʻzlar menga juda yaxshi tanish edi. Bu oilamiz anʼanasi. Biz aka-ukalar bahordan kuzgacha nimalar olinishi va yangi yilda bizga beriladigan sovgʻalar haqida xayol surardik. Biz bu kunning kelishini orziqib kutardik. Hali biror marta oilamiz anʼanasi buzilmagan, ota-onamiz hali biror marta ham vaʼdalarini buzishmagan edi. Shunday qilib, bu safar ham yangi yilda orziqib kutgan sovgʻamga ega boʻldim.

Boshlangʻich sinfni tugatib, oʻrta maktabga oʻtadigan kunlarim ham yaqinlashib qoldi. Oradan kunlar oʻtib, yangi yil ham eshik qoqdi.

Kunlarning birida dadam bizni oʻz xonasiga chorladi. Biz olti farzand barchamiz chordona qurib oʻtirib oldik. Anʼanaga koʻra, kichkinalardan boshlandi. U oʻzi istagan sovgʻani aytdi, dadam esa daftarga yozib qoʻyaverdi. Im: “menga konfet”, dedi.

Eng kichigimizga konfet, singillarimning biriga shishadan yasalgan marjon, keyingisiga esa sviter kerak ekan. Navbat katta singlimga keldi. U baland ovoz bilan: “Menga palto kerak!” dedi.

Onamning kulishga juftlangan lablari qotib qolgan boʻlsa, otamning yuzi tundlashdi. Dadamning qalam tutgan qoʻllari qaltirab ketganini koʻrdimu chuqur qaygʻuga botdim. Men charm tufli haqida aytishni moʻljallab turgandim. Ammo oilaviy sharoitimizni, jigarlarimning istaklarini ham inobatga olish zarurligi borasida oʻylay boshladim.

Navbat menga keldi.

“Qani, Tonggu, sen nima istaysan?”

Dilimdagi istagim tilimga boshqacha boʻlib koʻchdi.

“M-men-menga jun qoʻlqop kerak”.

Dadam va oyim menga tikilib qolishdi. Oʻsha tun hayotimdagi eng ogʻir tun boʻldi. Xonamga kirdimu koʻrpamga boshimni burkab oldim. Xayolimda uyimizning eshiklaridan tortib shiftlarimizgacha chuqur qaygʻuga botgandek edi, goʻyo. Shu dam xonam eshigi ochilib, kimdir kirgandek boʻldi. Koʻrpamga boshimni yaxshiroq burkab oldim-da, oʻzimni uxlaganga solib yotaverdim. Dadam koʻrpamni asta koʻtarib, boshimni ohista silarkan, siniq ovoz bilan: “Kuyunma, oʻgʻlim, bu kunlar ham oʻtadi, albatta, oʻtadi”, dedi-da, sekingina xonani tark etdi.

Bu yilgi yangi yilda men oʻz sovgʻamni oldim. Qoʻlqop ichida maktub ham bor edi. Bu onamdan ekan.

“Ota-onasining sevimli, jonkuyar oʻgʻli Tongguga! Yaratgan sendan oʻz marhamatini darigʻ tutmasin”.

Men xatni bukladim-da, qoʻlqopga qarab koʻnglim juda koʻtarildi. Sababi, bu oddiy sovgʻa emas edi. Unga onamning cheksiz muhabbati jo boʻlgan edi. Maktubga qarab dadamning “Bu kunlar oʻtadi, albatta, oʻtadi”, degan soʻzlari quloqlarim ostida yangragandek boʻldi. Bu hayotimdagi eng bebaho sovgʻa edi.

 

Koreys tilidan

Toʻmaris AʼZAM

tarjimasi

 

“Oila davrasida”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.