Koʻrgan-kechirganlarim

0
249
marta koʻrilgan.

Jek LONDON

 

Men 1876 yili San Fransiskoda dunyoga keldim. Oʻn besh yoshimdayoq hayotning achchiq-chuchugini totib koʻrgan yigit boʻlib yetishdim. Agar qoʻlimga uch-toʻrt chaqa tushib qolsa, ularni obakidondonga emas, may sotib olishga sarflardim. Erkak kishiga aynan mayxoʻrlik yarashadi, deb hisoblardim oʻsha kezlari. Mana, yoshim oʻttizdan oshibdiki, qaytadan oʻsmirga aylanib qolishni ich-ichimdan istayman, negaki, oʻsmirlik lazzatlaridan bahramand boʻlish menga nasib etmagan. Hayotga ham minbad avvalgiday jiddiy qarolmayman. Yana kim biladi, deysiz, balki oʻsha umr bahoriga yana duch kelib qolarman! Hayotda eng muhimi, masʼuliyat ekanligini aqlimni taniganimdayoq tushunib yetgandim. Xat-savodim qanday chiqqanini eslay olmayman. Ammo besh yoshimdayoq oʻqish va yozishni bilardim. Ilk bor Alamedadagi maktab ostonasiga qadam qoʻyganim hali-hanuz koʻz oʻngimda. Keyin biz Ranchoga oʻtdik va men, sakkiz yashar bolakay oʻzimni qora mehnatga urdim.

Menga Mateodagi bir koʻrim-sizgina bino ikkinchi maktab vazifasini oʻtadi. U yerda men qunt bilan bilimimni oshirishga tirishardim. Sinfda har birimizga alohida parta berilgandi. Ammo bu partalar koʻpincha bizga kerak ham boʻlmas, sababi, muallimimiz darsga mast holda kelardi. Oramizdan sal botirrogʻimiz muallimning jigʻiga tegib oʻynashar, u ham qarzdor boʻlib qolmaslik uchun oʻsha oʻquvchini tutib olib, toza poʻstagini qoqardi. Ana endi bu maktab haqida tasavvurga ega boʻlgandirsiz?! Na tugʻishganlarim, na yor doʻstlarim adabiyotga tariqcha ham qizimasdi. Nazarimda, adabiyot olamiga katta bobomning oz-moz aloqasi bor edi: bu chol tushmagur maʼmuriy okrugda kotib edi, xilvat chakalakzorlarda Injilni zavq-shavq ila targʻib qilar, shu bois Pater[1] Jons laqabini olgandi.

Bolalik chogʻlarimdayoq meni odamlarning jaholat botqogʻiga botganligi hayratga solardi. Toʻqqiz yoshimda Vashington Irvingning “Hamro”sini zoʻr ishtiyoq bilan oʻqib chiqdim va ranchodagilardan birontasi bu kitob haqida bilmasligi hech aqlimga sigʻmasdi. Vaqt oʻtib, bundayin jaholat faqatgina qishlogʻimizda hukm suradi, shaharda esa hayot umuman boshqacha boʻlsa kerak, degan xulosaga keldim. Shunday qilib, bir kuni ranchomizga shahardan bir kishi keldi. Boshmoqlariga qarasangiz, yuzingizning aksini koʻrishingiz mumkin, egnida movut palto. Maʼrifatli kishi bilan mubosaha qilishning ayni vaqti, deb oʻyladim. Shaharlik mehmonni oʻzimning “qasrimga” – eski, yarim vayrona kulbamga taklif etdim va undan “Al Hamro” haqida soʻray boshladim. Hayhot, u ham rancho aholisi kabi johil boʻlib chiqdi. Shunda dunyoda ikkitagina oqil odam bor, ulardan biri – Vashington Irving, hamda ikkinchisi – men, degan fikrga keldim.

Oʻsha paytlar “Al Hamro”dan tashqari asosan oʻn sentlik romanlar (men ularni batraklardan sotib olardim) va roʻznomalarni oʻqib chiqardim. Haftalik roʻznomalarda koʻproq oʻzlari qashshoq boʻlsa-da, qalblari pok kishilar hayoti haqidagi ajoyibu gʻaroyib asarlarni oʻqir edim. Bunday mutolalardan soʻng ongu tafakkurim oʻziga xos tarzda takomillashishi lozim edi, lekin men qoʻlimga nima tushsa, shuni oʻqib ketaverardim. Bunga yolgʻizligim sabab boʻlgandir, balki. Uydning “Signa” qissasi menda katta taassurot qoldirdi. Qissani ikki yil mobaynida qayta-qayta oʻqidim.

Qissaning xotimasini yillar oʻtgach, oq-qorani taniydigan yoshga yetganimda anglab yetdim. Kitobning yakunlovchi boblari yirtib olingan boʻlib, oʻshanda asar qahramoni bilan birgalikda orzular saltanatida sayr etardim. Qahramonni oldinda yovuz Nemezida[2] kutayotganligi yetti uxlab tushimga ham kirmagandi. Oʻsha chogʻlar menga asalarilarga koʻz quloq boʻlib turish topshirilgandi, daraxt tagiga yonboshlab olib, tong sahardan to qosh qorayguncha asalarilarning uyalariga gʻuj boʻlishini kutib ham oʻqirdim, ham miriqib shirin hayollarga berilardim.

Livermere vodiysi shu qadar tep-tekis, zerikarli makon ediki, hatto vodiyni oʻrab turgan tepaliklar ham meni oʻziga rom etolmasdi. Xayollarimni birgina jarayon – asalarilarning uyalariga toʻplanishlarigina toʻzgʻitib yuborardi. Oʻsha zahoti jar solib odamlarni chorlardim, ular esa suv toʻldirilgan xumga dekcha, chelak koʻtarib, yugurib kelishardi. Yodimda “Signa”ning birinchi satrlari shunday boshlanardi: “Bu bor-yoʻgʻi bir kichkina bolakay edi, shunday esa-da, bu bolakay buyuk musiqachi boʻlib yetishishni, butun Ovroʻpa uning oyoqlari ostida yotishini orzu qilardi. Ha, men ham kichkina bolakay edim… Nima uchun endi oʻsha mitti bolakay qilgan ishni men amalga oshirolmas ekanman?!

Kaliforniya ranchosidagi hayot oʻta zerikarli edi. Har kuni ufq ortiga ketib, dunyoni koʻrishni orzu qilardim.

Tushunarsiz gʻalati shivir-shivirlar yoʻlga otlanishimga undardi. Men goʻzallikka intilardim, binobarin, atrofimda zigʻircha ham goʻzallikni koʻrmasdim. Tepaliklaru vodiylar jonimga tekkandi. Musofirchilikda yurganimdagina ularni qanchalik sevishimni angladim.

Ranchoni tark etib, Oklendga koʻchib oʻtganimda oʻn bir yoshda edim. Oklend jamoat kutubxonasida duch kelgan kitobni yutoqib oʻqigancha talay vaqt oʻtirib qolardim. Uzoq vaqt davomida kitob oʻqish oqibatida oʻzimda qandaydir ruhiy kasallik alomatlarini ham seza boshlagandim. Oʻqigan sarim olam sir-sinoatlaridan boxabar boʻlib, xom xayollardan xalos boʻlardim. Tirikchilik uchun koʻchalarda gazeta sotib kun koʻrardim. Oʻn olti yoshimgacha qorin qaygʻusida oʻzimni oʻqqa-choʻqqa uraverdim, ishim oʻqishimga, oʻqishim ishimga ulanib ketar, bosh qashishga fursat topolmasdim.

Oʻsha yillari sarguzasht izlab, uydan chiqib ketdim. Men qochib ketmadim, shunchaki issiq oʻrnimni tark edim. Koʻrfazga tushib, dengiz chigʻanogʻini ovlovchi qaroqchilarga qoʻshildim. Qaroqchilarning ham omadlari chopavermas, agar qoʻlga tushsam, naq besh yuz yilga zindonband etilardim. Keyinroq Shxunaga[3] matros boʻlib yollandim, losos[4] ovladim. Balki ishonmassiz, ammo keyingi faoliyatim dengiz patrulida davom etdi. Men har qanday baliq ovlash qonuniga xilof ish tutuvchi qonunbuzarlarni qoʻlga olishim lozim edi. Bunday buzgʻunchilar – xitoylar, greklar, italyanlar gʻayriqonuniy ravishda baliq ovlashar, soqchilar guruhi jonlarini xatarga qoʻyib, ularni tartibga chaqirishardi.

Keyin esa boshqa kemaga matros boʻlib yollanib, Yapon dengizi sohillari tomon suzib ketdim. U yerdan Bering dengiziga oʻtib ketdik. Yetti oy davom etgan dengiz mushugi ovidan soʻng Kaliforniyaga qaytdim va turli yumushlarga qoʻl urdim. Koʻmir tushirdim, portda hammol boʻldim, Jut[5] tayyorlaydigan fabrikada ishladim. Fabrikada tong soat oltidan kech soat yettigacha ter toʻkishga toʻgʻri kelardi. Kelasi yil yana dengiz safariga otlanishni koʻzlab qoʻygandim, biroq kemadosh ogʻaynilarimga qoʻshilish nasib etmadi. Ular “Meri Tomas”da suzib ketishibdi – taqdirni qarangki, kema butun komandasi bilan dengiz qaʼriga gʻarq boʻlibdi.

Jut fabrikasida ishlab yurgan kezlardayoq yozishni mashq qila boshlagandim. Fabrikada ish oʻn uch soat davom etar, ijod uchun vaqt juda oz qolardi. San Fransiskodagi “Koll” haftaligi ocherklar boʻyicha tanlovini eʼlon qildi. Onam meni bir amallab koʻndirdi. Shunday qilib, men “Yaponiya sohillaridagi toʻfon” sarlavhali ocherk yozdim. Charchaganimga qaramay, yarim kechasi ocherk yozishga kirishdim va toki ikki mingta soʻzni qogʻozga tushirmagunimcha bosh koʻtarmay yozaverdim. Ammo mavzuni tugata olmadim. Ertasiga tunda ham qoʻlimga qalam olib, koʻzim yumilib ketay-ketay desa-da, yana ikki mingta soʻzni bitdim. Uchinchi tundagina yozganimni tahrir qilib, tanlov shartlariga muvofiqlashtirdim. Birinchi oʻrin menga nasib etdi. Ikkinchi va uchinchi oʻrinlarga esa Stenford hamda Berkli universiteti talabalari loyiq deb topildi.

Tanlovda gʻolib boʻlganim yozuvchilik haqida jiddiyroq oʻylab koʻrishimga sabab boʻldi. Lekin tashvishlarim boshimdan oshib yotardi, adabiy faoliyatni keyinroqqa surib qoʻydim. Oʻsha paytda “Koll” uchun yozgan bir maqolamni ham tahririyat rad etgandi.

Butun boshli Qoʻshma shtatlarni Kaliforniyadan tortib Boston-gacha kezib chiqdim. Tinch okean sohillariga Kanada orqali oʻtar ekanman, darbadarligim uchun panjara ortida oʻtirib chiqishimga toʻgʻri keldi. Jahongashtalikdan orttirgan tajribam meni sotsialistga aylantirdi. Mehnatning tagi rohatligini allaqachonlar tushunib yetgandim. Mehnat – bu hamma narsa. Mehnat – bu najot. Oʻta ogʻir ish kunidan soʻng qalbim qanchalik faxr tuygʻusiga toʻlib-toshganini tasavvur ham qilolmaysiz. Kapitalistlar eskpluatatsiya qilgan yollanma qullar ichida men eng fidoyisi edim. Bir soʻz bilan aytganda, mening shodmon shaxsiyatparastligim sobidqadam burjuaziya odob-axloqining asiri edi. Gʻarbdan, qaysiki, odamlar arzon-garov sotiladigan, ishning oʻzi xojasini izlab yuradigan makondan, kishilar tillarini osiltirib zir yugurgancha ish axtarib yuradigan Sharqiy shtatlarning aholisi zich ishchi markazlariga borib qoldim. Bu manzaralar meni hayotga umuman boshqacha koʻz bilan qarashga majbur etdi. Men axlatxonalardagi jamiyat jarligi tubidagi ishchilarni koʻrdim. Shunda hech qachon ogʻir jismoniy mehnat qilmaslikka, oʻta zarur boʻlgandagina bu bilan shugʻullanishga oʻzimga-oʻzim soʻz berdim. Oʻshandan beri ogʻir jismoniy mehnatdan oʻzimni olib qochaman.

Oklendga qaytib, oʻrta maktabni tugallayotganimda oʻn toʻqqizda edim. Har oyda maktab jurnali chop etilardi. Jurnalga oʻz hikoyalarimni taqdim etdim. Hikoyalarimda dengiz safarlari va jahongashtalikdagi boshimdan kechirganlarimni yozdim. Oʻqish bilan birga tungi darbonlik ham qilardim. Ustiga-ustak sotsialistik qarashlarim ham kengayib, “sotsialistik yigitcha” degan nomni orttirib olgandim. Bunga sabab koʻchalardagi namoyishlarda ishtirok etganim uchun hibsga olinganligim boʻldi. Keyin Kaliforniya universitetiga oʻqishga qabul qilindim. Oliy maʼlumotli boʻlish baxtidan mosuvo etilishni sira istamasdim. Kirxonada ishlab, qolaversa, adabiy faoliyat bilan shugʻullanib, non topa boshladim. Mehnatga boʻlgan ishtiyoqim qanchalik yuqori boʻlmasin, oʻzim uchun belgilagan vazifalarim juda mushkul edi va yarim yil oʻtar-oʻtmas universitet bilan xayrlashdim.

Men hamon kirxonada kiyim dazmollar, boʻsh qoldim deguncha qoʻlimga qalam olardim. Lekin koʻpincha qoʻlimda qalam bilan uxlab qolardim. Kirxonadan haydalganimdan soʻng oʻzimni toʻliq adabiy faoliyatga bagʻishladim. Qoʻlyozmalarim ustida uch oy oʻtirib, mendan yozuvchi chiqmaydi, degan qarorga keldim va oltin izlab Klondaykka yoʻl oldim. Bir yil oʻtmay, xastalanib qolganligim bois vatanga qaytishim lozim boʻlib qoldi. 1900 mil masofani dengizda eshkak eshib oʻtishga toʻgʻri keldi. Klondayk safarida yurganimda toʻsatdan otam vafot etdi. Endi oila tashvishlari bor boʻyicha mening gardanimda edi. Kaliforniyada ishsizlik hukm surar, men bir chaqasiz qolgandim. Ish izlab, toza tentiradim, shu bilan birga “Daryo boʻylab quyiga” nomli hikoyamni yozib tugatdim. Ammo hikoyam rad etildi. Ushbu hikoyamning taqdiri hal boʻlar ekan, yigirma mingta soʻzdan iborat yangi hikoyani yozib tashladim, uni bir gazeta bir necha sonlarda chop etmoqchi edi, biroq gazeta hikoyani yaroqsiz deb topdi. Shuncha rad javob-lariga qaramay, tinmay yozaverdim. Nihoyat, Kaliforniyadagi bir jurnal hikoyalarimdan birini qabul qildi va besh dollar qalam haqi berdi. Shundan soʻng, “Qora mushuk” hikoyam uchun qirq dollar taklif qildi. Shu tarzda ishlarim yurishib ketdi. Endilikda men oila boqish uchun koʻmir tushirishim shart emasdi.

1900 yili birinchi kitobim dunyo yuzini koʻrdi. Gazetada ishlab oilamni tebratsam boʻlardi, lekin bu, vaqtni zoye ketkizuvchi mashinaning quliga aylanib qolmaslik uchun yetarlicha sogʻlom fikrga ega edim. Boʻlajak adiblarni, hali ular dongdor adib boʻlib yetishmaslaridan avval, aynan gazeta tanazzulga olib boradi, deb hisoblayman. Oʻzimni jurnal xodimi sifatida sinab koʻrganimdan soʻng gazetalar uchun yoza boshladim. Men intizom bilan ishlash tarafdoriman va hech qachon ilhomni kutib oʻtirmayman. Feʼl-atvor jihatidan nafaqat loqayd va tartibsiz, balki biroz dilgirroqman. Lekin men oʻzimdagi bu illatlarni yenga oldim. Men zoʻr sport ishqiboziman. Muntazam ravishda boks, qilichbozlik, suzish, ot sporti bilan shugʻullanaman. Garchi shaharda tugʻilgan boʻlsam-da, chekka-chekka maskanlarni xush koʻraman. Eng yaxshisi, qishloqda hayot kechirish. Oʻsha yerdagina tabiat bilan oshno boʻlasan. Avval boshda yozuvchilardan qisman Karl Marks hamda Spenser menga katta taʼsir oʻtkazishgan. Agar besamar oʻtgan oʻsmirligimga qayta olganimda edi, jon deb musiqa bilan shugʻullangan boʻlardim. Agar yoshlik chogʻlarimda qoʻlimda bir yoki ikki milliard dollar boʻlganida, oʻzimni sheʼrlar va pamflet yozishga bagʻishlardim. Oʻzimning eng yaxshi asarlarim deb “Oqsoqollar ittifoqi” va “Kepton Uess maktublari”dan baʼzi bir satrlarni aytishim mumkin. Aytganday, “Oqsoqollar ittifoqi” baʼzi birovlarga yoqmaydi. Ular yorqinroq, quvnoqroq asarlarni afzal koʻrishadi. Yoshim bir joyga borib qolganda, ehtimol, men ham ularning fikriga qoʻshilarman.

 

Rus tilidan SAIDJALOL tarjimasi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–1


 

[1] Pater – katolik ruhoniysi

[2] Nemezida – yunon mifologiyasida yovuzlik maʼbudasi.

[3] Sh x u n a – kichikroq yelkanli kema.

[4] Goʻshti qizil baliq.

[5] J u t – Hindiston kanopi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.