Koʻktoy

0
422
marta koʻrilgan.

Oq-qorani ajratish pallasiga qadam qoʻygan chogʻlaridanoq shaxsiy “hayotiy dastur” tuzib, uning ilk bandiga “uzoq umr koʻrish” moddasini kiritgan va hanuz oʻz maslak-gʻoyalaridan ogʻishmay, qingʻaymay, javlon urib yashab kelayotgan Fotih Burhonovich nafaqa yoshidan allaqachon oshgan boʻlishiga qaramay, nufuzli bir korxonaning hayhotday birinchi xonasidagi oʻzi chinordan maxsus yasatib, buqalamun terisi qoplatgan ogʻir, salobatli kresloni barqaror, mustahkam egallab oʻtirar, atrofida yaqin xodimlari, xalq iborasi bilan aytganda shotirlari girdikapalak edi. Qoʻllarini qayerga, qayoqqa uzatsa yetib, yana oshib ham qolardi. Sergʻayrat, sogʻlom va bikir edi. Inson umrining chegaralanganligi toʻgʻrisida avvallari deyarli bosh qotirmasdi ham, illo jufti bilan murosasining nosozligi gohi-gohida pand berib, uning ham oddiy jonzot naslidan ekanligini yodiga tushirib qoʻyardi. Huzurida moʻyloviga bolta oʻtmas ne-ne zabardast, bahodir erkaklar qoʻl qovushtirib, hatto ayrim hollarda titrab turadigan vallomat shu bir pachoq, “kesak qisgan” ojizasiga hukm oʻtkazolmaganidan qattiq iztirob chekardi. Zavjai dilozori uning tamoman aksi – pastakkina, jikkakkina edi, ha, shu borada Fotih Burhonovich hayotidagi mutanosiblikka xiyla jiddiy putur yetgan edi. U ayolini kamdan-kam tilga olardi, mabodo u haqda gapirishga toʻgʻri kelib qolsa, andak mungli tabassum bilan “bizning chittak xonim…” degan soʻzlardan boshlardi. Xotin chindan-da anoyi “moʻmina”lardan emas edi: jahli qoʻziganda joʻjalariga tugʻilgan xavf-xatarga qarshi jon-jahdi bilan hurpaygan ona tovuq kabi eniga-yu boʻyiga “shoxlab”, vahimali tusga kirar, kipriklariyu qoshlari, hatto pir-pir uchayotgan yubqa lablari uzra sabza urib, ikki chekkaga qarab yonboshlagan oltinrang, mayin tuklari ham xurujga kelgan tipratikonning nayzalaridek tikka-tikka boʻlib ketardi. Bunaqa paytda muhtaram Fotih Burhonovich, koʻpincha, raqibidan yengilib, dumini chotiga qisganicha vangillab juftakni rostlagan koʻppakday, ichida gʻudinglab, koʻcha sari yoʻrgʻalab qolishni maʼqul koʻrardi: och qornim, tinch qulogʻim. Faqat xonim bilan oralarida kechadigan dahanaki janglarning avj nuqtasida, sabr kosasi toʻlib-toshib, gʻazab otining egaridan uchib ketay, uchib ketay deyayotgan lahzalarda beixtiyor “Hah, chittak!..” deb yuborardi tovushini bir necha parda koʻtarib. Balki “beixtiyor” iborasi bu oʻrinda uncha chak bosmas, axir Fotih Burhonovich butun zahriyu norizoligini, alamiyu ozurdaligini oʻzi oʻylab topgan va nazdida juda yopishib tushgan laqab qatiga joylab otardi, lekin shu bilan biroz xumordan chiqib, yengil tortganday boʻlardi. Bundan nordonroq, bundan ogʻirroq koyishni minbaʼd lozim koʻrmasdi (aslida haddiyam sigʻmasdi-ya), zero u oʻzini ancha madaniyatli, ziyolinamo mardumlar sirasidan hisoblashlarini xohlardi. Nafsilamrini aytganda, u “daxshanda” bilan shirguruchga sariyogʻ boʻlib ketishi qiyinligiga avval-boshdanoq aqli yetgan edi, biroq qoʻshilgani bilan har qanday vaziyatda (!) “qoʻsha qarish” talab etiladigan shoʻrolar davrida yostiqdosh bilan uning inon-ixtiyorisiz ajrashmoq rahbar-kadr uchun durustroq hayot kechirishning asosiy omili, garovi boʻlmish partiya aʼzoligidan, mansab-lavozimidan qoʻlni yuvib qoʻltiqqa urish, oʻz kelajagi pillapoyalari poyiga arra solish demak edi. Buncha qurbonga rozi boʻladigan amaldor sahrodagi soyaday kamdan-kam uchrardi. Qolaversa, kelinchak ham komsomol xodimalardan, yaʼni partiya va hukumat joriy etgan ayollik haq-huquqini aʼlo biladiganlardan edi, binobarin, undan tirik qutulishni oʻylashning oʻzi xomtamalikdan, kaltafahmlikdan oʻzga narsa emasligini Fotih Burhonovich juda yaxshi anglardi. Axir u esini yemagan-ku, oʻz orzusidagi martaba-mavqega erishguncha ne-ne qabulxonalarda sargʻaymagan, qanchadan-qancha ostonalarning tuprogʻini iskamagan!

Ammo bot-bot yuz beradigan davomli va qizgʻin “muhoraba”lar, fikr va dunyoqarashlarning mudom zid kelishi bilan bogʻliq ezilish, ruhiy zoʻriqishlar oqibatida uning tolmas, metin yuragi hilviray, hil-hil jigari esa bandidan uzilgan chinor yaprogʻidek bujmaya boshlagan edi. Omad ham, dard ham bir kelsa qoʻshaloq keladi, deganday, orada “e” yoʻq, “be” yoʻq, ziqnafaslik ham ilashib oʻtiribdi. Bunisi kasallarning ashaddiysi, odamni oʻldirmay qiynaydigani ekan. Katta ishxonada majlis oʻtkazayotganda, baʼzan kattakonlar, uyatli mehmonlar davrasida tutib, avj olardi. Tomogʻi shagʻalni bosgandagiday gʻijirlab, chala boʻgʻizlangan xoʻrozday xirillab qolganida oʻzini urgani teshik topolmay, qizarib, shishib ketgan koʻzlari alang-jalang qila boshlardi. Xos shifokorlari tavsiyasi bilan “Zomin” va boshqa maskanlarda davolanib turardi. Muolaja taʼsiri ikki-uch oyga yetib borardiyu yana arzimagan bir sabab bilan qaytalanaverardi. Bosh garang – bir yonda nagʻmagar “malak”, ikkinchi tomonda zir-zir yurak, oʻrtada shirin jon halak. Tong-saharlar koʻkka nola uchar: “Gunohim ne edi, ey falak?” Xullasi kalom, jiddiyroq chora axtarmasa chatoq ahvoli. Axir undan imdodu madad umidvorlar bisyor hali, hali rejalar gala-gala – kichik oʻgʻil-qizlari, kuyovlari, nevaralari, boʻlajak nevara kuyovlarining oʻqishlari, ish-amallari, uy-joylari chala… Qolaversa, qachongacha olti yuz-yetti yuz chaqirimli masofaga qatnaydi – bir dunyo pul, vaqt sarflab? Boshqa chorasi yoʻqmikin?..

Yana oʻzining nekbinligi, topqirligi, dangalligi ish berdi. Muzofotning kun yurish tarafi etagidagi Yashil togʻni eslab qoldi. Oʻsha toqqa dala hovli tarzida kichikroq bir nima solsa qalay boʻlarkin? Buning uchun avval borib aylanish, havosi yoqadimi, samara beradimi, yoʻqmi, sinab koʻrish kerak.

Oʻzi ixlos qoʻygan tibbiyot professorlariga muddaosini aytdi. Sogʻliqni saqlash boʻyicha mamlakatdagi qator nufuzli komissiyalar, hayʼatlar aʼzosi, keksa nevropatolog uni qoʻllab-quvvatladi:

– Yaxshi oʻylabsiz. Albatta, togʻlarning tabiati, xususiyati har xil, oʻsimliklar, daraxtlarning turi, kislorod miqdoriga, tuproq, havo tarkibiga, umumiy iqlimga va boshqa omillarga koʻp narsa bogʻliq, bundan tashqari mijoz masalasi ham bor. Ammo baribir foyda qilsa qiladiki, ziyoni yoʻq. Natija darrov bilinmasligi mumkin, xolos.

Demak, fikr toʻgʻri: toqqa hijrat qilmoq kerak… Vallohi aʼlam, oiladan – gʻavgʻo uyasidan muayyan muhlatlarga uzoqlashish “muolajasi”ning zora barcha illatlar “doyasi” boʻlmish dardi bedavoga ham nafi tegsa! Odatda ayriliq, hijron tosh bagʻirlarni yumshatib, mehrni kuchaytiradi-ku (aslida botinida aql tishi bilan barobar nish urgan yana bir maraz bor ediyu, uni oʻzi payqamas, toʻgʻrirogʻi, ahamiyat bermas, oʻziga zararsizligi uchun begʻaraz va bexatar bir xasmol deb bilardi. Odatda qotib, qichishmay qoʻygan yarani ham anchagacha xol bilan adashtirib yuradilar).

 

* * *

 

Fotih Burhonovich yoru birodarlariga, shuningdek jamoasiga ham (torroq doirada) oʻz niyatini oshkora etdi. Garchi u hal etuvchi qarorni hamisha oʻzi chiqarsa-da, baʼzida arzimagan masalani ham koʻpchilik eʼtiboriga, hukmiga havola qilgan boʻlib, ularning yoqlovchi soʻzlarini bayonnomaga kiritib qoʻyar, zero, mashvarat xulosasi oilasi va boshqa tegishli idoralarga koʻrsatish uchun asosiy dastak, keyinchalik yuzaga kelishi ehtimolli daʼvo, tahdid, ixtiloflarda poʻlat sovut roʻlini oʻynaydigan muhim hujjat vazifasini oʻtardi. Uning mansabdor sifatidagi asosiy aqidalaridan biri ham uzoqni koʻzlab ish tutish, yana bir shiori – “ehtiyotkorlik osh talab qilmas” edi.

Dam olish kuni u barvaqt turdi-da, Yashil togʻ sari yoʻl oldi. Mashriqdan magʻribga qarab yastanib yotgan togʻni yonlab oʻtgan oʻnqir-choʻnqir, bir yoni paxtazor ilon izi soʻqmoqdan yurib, ancha ichkariga bordi-da, mashinadan tushib, yuqoriga tikildi. Olisdan bir qadar pakana, odmi koʻringan har qanday boʻydor narsaning salobati unga yaqin borganda bilinadi-ku. Aksariyat togʻlar kabi tepa tarafi suyri Yashil togʻ ham juda yuksak, vahimali boʻlmasa-da, har holda mahobatli, eng ahamiyatlisi – shimol togʻlari kabi qalin qor koʻrpasiga oʻranmagan, janubdagi jinsdosh-qarindoshlari singari giyoh unmas tosh qatlamlaridan iborat emas edi. Aksincha, harorat moʻtadil (albatta, shaharga nisbatan birmuncha salqin va shuning uchun ham orombaxsh), qoyatoshlar boʻrtib, turtib chiqqan ancha-muncha yaydoq joylarini inobatga olmaganda, archa, yovvoyi jiyda, doʻlana, irgʻay, yulgʻun va boshqa daraxtlar, butalar, chimday anvoyi oʻt-oʻlan bilan burkangan yashil va kulrang omuxta bir dunyo edi. Poyidanoq togʻ havosining toza, yengil va huzurbaxshligi sezilib turardi. Qahramonimiz inqillab-sinqillab oʻn-oʻn besh qadam tepaga chiqdi, u yoq-bu yoqni xiyla kuzatib turgach, joy moʻljallay boshladi, yana besh-oʻn qadam balandroqdagi ikki-uch soʻtixcha nisbatan tekisroq, oʻngʻayroq yonbagʻirni koʻz ostiga olib, qaytdi. Tanish-bilishlar, shotirlarini ishga solib, ogʻirroq, mushkulroq yumushlarga mardikor yollab, bir oy deganda togʻ qoʻynida moʻjazgina boshpana qurdi. Uzoq yillar katta lavozimlarda ishlagani, masʼul mahkamalar bilan aloqani hamon uzmaganligi tufayli mazkur joyda imorat koʻtarishga ijozat olish, kadastrdan oʻtkazish masalalari ogʻzining yeli bilan hal etildi.

Toʻgʻrisi, Fotih Burhonovich avvaliga qurilishning borishidan naridan-beri xabar olib turuvdi, oʻsha yerda jisman va ruhan yengil tortayotganini tuygach, astoydil boʻlib qoldi. Boshda ishonmaganidanmi, uncha parvo qilmagan “chittak xonim” esa, ha, desa “toqqa ketdim” degan istehzo aralash gʻolibona ohangdagi gapni eshitavergach, battar hurpayib yurdi. Makon bitgach, rahbar xotini, farzandlari, kuyovlari ishtirokida oilaviy kengash chaqirdi va kechki payt bir sidra koʻrpa-toʻshakni mashinaga ortib, oʻn bir yoshli nabirasi Sanjarbekni yoniga olib, toqqa chiqib ketdi.

* * *

 

Dastlabki kechalar xiyla ichki bezovtalik bilan oʻtdi. Garchi, sir boy bermaslikka urinishayotgan nabira bilan boboning koʻzlari bir-birlarining ogʻzidayu, xayollari, quloqlari tashqarida edi: halizamon qandaydir uvillash, irillash eshitilib qoladiganday… Axir notanish, buning ustiga togʻlik, xilvat yerlar… Har narsa boʻlishi mumkin-da. Chittak xonimning zaharxanda-pichinglari: “Bilganingizcha duo-puo oʻqib yoting, tagʻin, jin-pin chalib, bu kuningiz ham holva boʻlib qolmasin. Oʻzingiz mayli-yu, bolaga bir ziyon yetmasin-da…” Lekin ularning panohgohidan xiyla narida, togʻning teparoq qismlarida miltillab koʻringan yakkam-dukkam chiroqlar ularga taskin berdi. Baribir, birmuncha muddat Fotih Burhonovichning oʻziga erish koʻrinib yurdi bu tutumi. Odamlar nima deb oʻylashyaptiykin? Ahmad Yassaviyga oʻxshab uzlatga chekinib, tarki dunyo qilmoqchi shekilli, deyishmayaptimikin?

Lekin kun boʻyi shovqin-surondan, mashina ballonlari, asfalt yoʻllardan, panaroq-chekkaroqdagi uyum-uyum axlatlardan buruqsagan dimiqtiruvchi hidlar, gaz islaridan karaxt dimogʻi, achishgan burun kataklari, koʻzlari, tani-jonining yayrashi oldida ogʻziga kuchi yetmaganlarning “mish-mish”lari chikora! Zero, tomogʻidagi gʻijirlash, oʻpkasidagi “xir-xir”lar pasayib, nafas olishining xiyla ravonlashgani, koʻkragidagi sanchiqlarning paysal topayotgani aniq sezila boshlagan edi.

Fotih Burhonovich loʻlabolishga yonboshlab, Sanjarbek choʻk tushganicha sham, xitoy qoʻl chirogʻi yorugʻida dars tayyorlashar, bir-biriga ertak, topishmoqlar aytib, “shahar” oldi-berdi qilishar, soʻngra batareyali radiopriyomnikni past qoʻyishgancha pinakka ketishardi. Keyin akkumulyator bilan “elji” televizoridan olib chiqishdi. Rahbarni-ku, kuni boʻyi qoʻshiq, musiqa sassiqkekirtak qilib yuborardi (ishxonasiga tushgan yangi, ikki qavatli “Elita” oshxonasining zamonaviy gʻarb estradasi ishqibozi, qishda ham rangli koʻzoynak taqib, bogʻichi mushtday qizil yo safsar galstugini doim oq koʻylagiga toʻqnogʻich bilan qistirib yuradigan taqa moʻylov, daroz shefi undan ham zoʻrroq chiqib qoldi), ammo multfilmga mukkasidan ketgan bolasi tushmagur tumtayib, mingʻirlab, qoʻymadi.

Ertalab xizmat mashinasida uyga borib nonushta qilishgach, bobo nabirani maktabga tashlab, ishga oʻtib ketar, kechki payt barvaqtroq ovqatlanishardi-da, yangi maskanga – “Orom qasri”ga joʻnashar va afsonaviy, romantik hayot ogʻushiga shoʻngʻishardi. Soʻqmoq ham kengaytirilib, shagʻal yotqizilib, ancha epaqaga keltirilgan – doʻqir-doʻqirdan bezillamay bemalol yurish mumkin edi.

Chinakam rohatga kirib qolgan edi Fotih Burhonovich. Endi togʻ poyida mashinadan tushishi bilanoq oʻzini tetik, bardam his qila boshlar, tabiatning butun husnu malohatini oʻzida mujassam etgan togʻ manzarasining, yashil baxmal oʻt-oʻlanlarning begʻubor va yoqimliligi koʻzlarini yashnatib, bahri-dilini ochib yuborardi. Bu yerning namozgar pallalari, ayniqsa, tunlarining latofati taʼrifiga soʻz topish mahol edi: oy yaqin va yirik, dogʻlarining shakli shamoyiligacha yaqqol koʻzga tashlanar, chang, tutun pardalaridan holi olovrang-pushti yulduzlar nihoyatda tiniq, ravshan charaqlardi. Bu holat, bu nafosat, bu musaffolik qahramonimizning ruhiyatini yanada yayratib, kuchiga-kuch, shijoatiga-shijoat qoʻshardi. Yorugʻ olamning shuncha goʻzalligi, nashʼu namosidan bebahra yurgan bir gʻofil ekanligidan afsuslanar, qancha oqshom, kechalarni “chittak” bilan arzimagan (!), oʻtkinchi narsalarni talashib-tortishib, boʻgʻilib, behuda sarf qilganiga achinardi. Hammasidan ham uydagi gʻalva-gʻishavalardan, Malikai Turandotning yurakni zaharlangan oʻq kabi oʻyib, iljiratib oʻtadigan kesatma-qoqitmalaridan qulogʻi tinchib qolganiga xursand edi. Bu borada ham jiddiy oʻzgarishlar yuz bera boshlagandi. “Yana toqqa ketasizmi?”, “Bugun biz bilan qola qolmaysizmi?” kabi jurʼatsizlik, ishonchsizlik va andak iltijo yoʻsinida aytilgan bu gaplar qulogʻiga erish eshitilar, hatto izzat-nafsi orom olardi.

Sof havo bilan toʻla sokin maʼvoda Alpomishday qotib uxlardi. Azon pallasidagi saharhez bulbul, qoraqush, qorashaqshaq va boshqa notanish parrandalarning rango-rang dilrabo xonishlari dilning rohati, xafaqonning malhami edi. Chigirtkalarning chirillashi ham asablarni allalardi goʻyo.

Keyin-keyin Fotih Burhonovich dam olish kunlari shu yerda qolib, togʻni aylanib yurishni odat qildi. Oʻz hujrasidan yuqoriroqqa – togʻning taxminan qoq beliga koʻtarilib, durbinda ancha past va nari shahardagi ari uyasini eslatuvchi hayotni (toʻgʻrirogʻi, vaziyatlarni) kuzatarkan, koʻnglida vasvasanamo hissiyotu ishtiyoq paydo boʻldi. Hamonki, togʻda mazgil qurar ekansan, iloji boricha yuksakroq yerni tanlash kerak ekan, degan fikr qulogʻi ichiga kirib olgan suvarakday tinchini, oromini buzdi va u yangi joy chamalashga tushdi. Metin qoyalar kamligi, yuza qismining oddiy qora, sariq tuproqdan iboratligi Yashil togʻning asosiy fazilati edi. Maydaroq boʻlsa-da, dov-daraxt koʻp, oʻt-oʻlan qalin, kun kam tushganidan ular uzoq yashardi ham. Eng muhimi, togʻning yonini shilib, kesib, sahn, maydon yaratish, xiyla mashaqqat tugʻdirsa-da, har holda mumkin edi. Lekin shuncha balandga qurilish ashyolarini koʻtarib chiqish muammosi-chi? Odam bolasi yelkasida tashib udda qilishini tasavvur etish qiyin. Avvalo, bu yergacha zina – yoʻl solish kerak…

 

* * *

 

– Yoʻl solish-ku “no problem”, shef, – dedi qurilish boʻyicha koʻp yillik malakaga ega, ancha uquvli va shu bois norasmiy maslahatchi rutbasini egallagan xodim moʻljaldagi pakkani koʻzdan kechirib, azmoyish olarkan. U koʻp jihatdan rahbarning ishonchini qozongan shotirlardan, faqat bir qusuri bor edi – baʼzi ism va soʻzlarga tili kelishmay, koʻpincha noqulay ahvolga tushib qolardi. Masalan, “Fotih”ni – “Fath”, “Burhonovich”dagi “r” bilan “x”ning oʻrnini nuqul almashtirib – ayrim hududlarda “tutlar” soʻzini “tultar”, “yigitlar”ni “yigiltar” tarzida talaffuz etishganday – qovun tushirib, yon-atrofdagilarning “piq-piq” kulgisiga, shefning manglayi tirishishiga sababchi boʻlar va shosha-pisha uzrxonlik qilib, yaltoqlana boshlardi. Lekin rahnamoning olijanobligi, kechirimliligini mudom suiisteʼmol qilaverish ham insofdan emas-ku. Maslahatchi “xoʻjayin”, “shef” deya murojaat qilishga oʻtdi. Unga taassuban boshqalar ham… Dastlab Fotih Burhonovichning ensasi qotib, gʻashi kelgannamo yurdi, keyin-keyin moslashib ketdi. Mana endi ana shu atamalar qulogʻiga kamroq chalinsa xavotirga tushadigan boʻlib qolgan.

– Ammo, bu yerga ashyolarni faqat eshakda olib chiqish mumkin, – davom etdi mulozim xoʻjayinning oʻzgara boshlagan avzoyiga eʼtibor bermay. – Mardikor, ustalar ham xizmat haqini balandroq soʻrashadi. Shuncha yuqoriga tushib-chiqish osonmas. Nimjonroq odamning bir koʻtarilishda sillasi quriydi.

– Eshakda? – soʻradi iflos joyni bosib olganday afti bujmayib ketgan shef.

Eshak degan jonzotni uning iqi suymasdi. Nomi yoqimsiz, afti-angori ham kelishimsiz bu hayvonning xususan vaqt-bevaqt bor ovozda farosatsizlarcha hangrashi, odam bor-yoʻq demay, jartillatib “dam” qoʻyib yuborishi va yana boshqa ayrim sharmsizliklarini koʻrsa taʼbi tirriq boʻlib, yuzini shartta teskari oʻgirib olardi.

– Ha, eshakda. Ham juda arzonga tushadi, – boshliqning oʻtidan kirib, kulidan chiqadigan maslahatchiga uning feʼl-atvoridagi ayricha jihatlar besh qoʻlday ayon edi. – Unga yem berilsa, bas. Ikkita xonaga ketadigan ashyo-yu, ashqol-dashqollar odam kuchi yo boshqa yoʻl bilan tashiladigan boʻlsa, xonumoningiz sovuriladi.

– Hmm… Ot-chi, ot boʻlmaydimi? – soʻradi hamon ensasi yumshamagan Fotih Burhonovich.

– Yoʻq, – iyagini tebratdi bosh shotir. U ishxonada, shefning xonadoni va oʻgʻil-qizlarinikidagi qurilish-taʼmirlov ishlarida, boshqa shaxsiy, roʻzgʻor yumushlarida ham faol qatnashib yurganidan xojasiga fikri, eʼtirozini nisbatan ochiqroq, erkinroq bildirar, rahbar ham uning joʻyali maslahatlariga quloq tutardi. – Ot degani tekis maydonda poyga yo uloq chopishga, oliftagarchilik uchun minishga yaxshi, lekin u ikki dunyodayam eshakning vazifasini bajarolmaydi, bu yerga yuk bilan ikki marta chiqsa, tili qanjiq itnikiday osilib qoladi. Xachir tuzukroq ediyu, ammo u yoʻq-da bizda.

Shef stolni marom bilan chertib, bir oz sukut saqladi, keyin oʻmganini koʻtardi.

– Hmm… Boʻlmasa, yoshroq, koʻrkamrogʻidan topinglar, – tayinladi u.

Fotih Burhonovichning soxt-sumbati kishida toʻporiroqday tasavvur uygʻotsa-da, u oʻzini nafis did egasi, nazokatli shaxs deb hisoblardi. Oʻrni kelsa-kelmasa: “Iting ham chiroyli boʻlsin”, degan maqolni bot-bot takrorlab turishni kanda etmasdi. Garchi chiroy-husndan bir marta pand yeb, bir umrga kuygan esa-da, sut bilan kirgan eʼtiqodidan chekinolmasdi. Maslahatchiga esa uning hozirgi iddaosi boʻlakcha nashʼa qildi.

“Qoshiga oʻsma qoʻydirib, termilib oʻtirarmikin, – oʻyladi u. – Tavba, eshakning koʻrkami boʻladimi, ish bersa hisob-da”. Esiga latifanamo bir hangoma tushdi. Bozorda bir xaridor sigirning yelini pastda qolib, boshqa avrat joylarini (albatta, boʻgʻoz-qisirligini aniqlash maqsadida) astoydil, sinchiklab tekshira boshlabdi. Mol egasi shoir odam ekan, gʻashi kelganini sezdirmay: “Taqsir, buni oʻzi nima xizmatga koʻzlayapsiz?” – deb soʻrabdi. Askiyaning tag-zaminidagi maʼnoni uqqan dallollaru olarmanning oʻzi ham rosa miriqib kulishgan ekan. Shotirning diliga ham shunga yaqin bir ajab savol keldiyu, yumor tuygʻusi chalaroq xoʻjayinning tutaqib, shaytonlab qolishidan choʻchidi. Ammo, aymoqi hazilkashi boʻlganda juda ketardi-da… U miyigʻini burab, shaytonini jilovladi.

Darhaqiqat, har qanday davra, muloqotda Fotih Burhonovichning yuz-koʻzini jiddiylik, tundlik aslo tark etmasdi. Oʻziga qolsa, u ham ochiq chiroy bilan, yozilib gaplashishni (oʻshandaylarga juda havasi kelardi) xohlardi. Lekin qosh-qovogʻi tepadan bir narsa bosayotganday, beixtiyor osilib ketaverardi. Orqavorotdan unga “soʻxtasi sovuq”, “qovogʻidan qor yogʻiladi” kabi “taʼrif”larni yopishtirishlarini oʻylab, diqqati ham oshardi, ammo “muallif-musavvirlari” unga shunday turqi-atvorni ravo koʻrishgan boʻlsa, boyaqishda ne iloju ne gunoh (Bunda, obbaxolam, bolaligida rahmatli katta buvisining “kulaverma, boyoʻgʻli tishingni sanab qoʻyadi”, deb bergan “taʼlim”ining ham hissasi yoʻq emasdir)!

 

* * *

 

Fotih Burhonovich umrida eshakka ishi tushmaganidan uni alimsinmagandi. Oʻzining-ku, ikki dunyodayam achima hayvon bozorida shaltoq mol-qoʻylardan avaylanib, yakka kift boʻlib yurishini tasavvur qilolmasdi, inchunin oʻgʻillari ham ijirgʻanib, bosh tortishdi. Yana shotirlarning oʻzlariga insof tilashdan oʻzga chora qolmadi (Shef ulgurjiroq pulli savdo-sotiqlarga xodimlarning faqat oʻzlarini yubormasdi). Lekin odamzot shuncha keng va jannatning yorugʻ dunyodagi nusxasi boʻlmish Zaminga qanoat qilmay, ming darajali haroratda ham erimaydigan tosh, qorishma jismlardan iborat samoviy sayyoralarga uchay-uchay deb turgan bir zamonda xar zotining ozayib, tabarruk boʻlib ketganini (nimaga ehtiyoj, hojat pasaysa, oʻsha narsa oʻz-oʻzidan kamayib, yoʻqolib boraveradi-ku) unga zoriqqan kishigina biladi. Bozorga ahyon-ahyonda bitta-ikkita eshak chiqar, ular ham qarib, parti ketib, sharti qolgan edi. Bunaqa dirdovlarning togʻ tugul, oddiy yoʻlda ham dadil yurishiga ishonch yoʻq.

– Hmm… ajabo, bitta eshak topish shuncha qiyinmi, a?! – deya hayron va jigʻibiyron boʻlardi rahbar. Togʻning oʻzi chamalab qoʻygan yeriga tezroq boloi ravoq solish ishtiyoqi, jahdi uning ichini qizdirardi. – Qaysi deparada koʻproq boʻladi oʻzi u qurib ketgur?

– Afgʻonistonda, Avstraliyada…

– Maynavozchilik qilma!

 

* * *

 

Nihoyat, “anqoning urugʻi” topildi: toʻrt oyoqli, tumshugʻi toʻmtoq, quloqlari yelpigʻichday, kalta dum, koʻzlari moviy, butun tanasi koʻkimtir… Bunaqasini “koʻk eshak” deyishardi. Fotih Burhonovich bolaligida oʻrtoqlari bilan qir-adirlarda mol-qoʻy boqqan davrlarida toʻp-toʻp boʻlib, “quvdi-quvdi” qilib yuradigan hangiyu mochaxarlarni koʻz oldiga keltirdi. Koʻk eshak ularning birontasigayam oʻxshamasdi.

– Hmm… Juda qangʻil-ku bu, – dedi “shef noyob topilma”ning u yoq-bu yogʻini sinchilarday nazardan oʻtkazarkan.

– Bular ham odamlardaqa – qotma, chayiri mehnatkash, semizlari ishyoqmas, tebsa-tebranmas boʻladi, – uqtirdi shotir.

Oʻzi haqidagi kinoyalardan ranjigan jonivor ozgʻinligidan xijolat chekkanday, boshini xam qilib, rapidaday quloqlari bilan andak shilpiqlashgan maʼyus koʻzlarini toʻsib turardi.

– Yoshiyam bir joyga borib qolgan-ov…

Koʻk eshak “unchalikmas” deganday, kallasini jurʼatsizgina chayqadi. Mulozim bu gal qittak hazil gap qotishdan oʻzini tiyolmadi.

– Bir hisobda shunisiyam tuzuk, – dedi u maʼnodor tomoq qirib. – Yosh boʻlsa, kechalari mochagʻarini qoʻmsab uyqusi qochadi, ipini uzib ketib qoladi, keyin orqasidan toʻrva koʻtarib, koʻchama-koʻcha, mahallama-mahalla: “Bizning yorni koʻrgan bormi?” deb istab yurishga toʻgʻri keladi.

Jonivorning hamiyatiga ranj yetib, boshini tikladi. Oriyat kamarini gʻilofidan ozgina chiqargan yerida sinalmagan yangi xoʻjayinning jigʻiga tegib qoʻyishdan hadiklanganday, toʻxtadi, kamarni joyiga qaytardi.

Fotih Burhonovichga esa, rostdan ham mutoyiba hayf edi. U odaticha “hmm…” deb toʻngʻilladi-da, qoʻliga kaltak olib, eshakning ayri yogʻochday turtib chiqqan dumgʻazasi ostidan – ichiga botgan sagʻrisidan itarib koʻrarkan, uning tuyoqlarini yerga mahkam tirab, gandiraklamaslikka harakat qilayotganini payqab qoldi.

– Xiyla ish koʻrganga oʻxshaydi. Ishqilib, yalqov yo qaysaridanmasmikin?

Koʻk eshak boshini bularga ters burib, bir-ikki yer tepindi. U aftidan eʼtirozini ifodalovchi jiddiyroq xatti-harakatlar sodir etishdan tiyilib, oʻzini ogʻirlikka solar, zangori qorachiqlaridagi norozilik uchqunlarini ham koʻrsatmaslik payida edi.

– Shuniyam arang topdik, lekin hali yana ancha ish berishiga javob! Eshak bilan itning joni savil boʻladi, deb bekorga aytishmaydi. Bu haqiqiy togʻ eshagi ekan. Har qanday gʻoʻrasha xodim sizning qoʻlingizga tushganda ipakday mayin tortib qolganday, buyam chaqqon boʻp ketadi.

Shefning mijjalari, lab burchlariga tabassum indi.

– Hay, mayli, – dedi u taqdirga tan berganday.

Boshqa istab koʻringlar, deyin desa, tagʻin vaqt yoʻqotishni mulohaza qildi, ortiq kutishni istamasdi.

 

* * *

 

Ish boshlandi. Eshak “hayt!” desa hurkib, sapchib tushar, koʻzini yumib, taysallab, ortiga tisarilardi.

– Ana, aytmadimmi?! – boʻgʻildi shef.

– Menimcha bu johilroq odamning qoʻlida tayoq yeb bezillagan, yaxshi gapirish kerak.

Fotih Burhonovich gʻijindi.

– Hmm… Sizlaymizmi?.. “Eshakboy aka” deylikmi?

– Eshak zotining qorni yaxshi toʻysa, bas, ishlayveradi, – dedi shotir nigohini shefdan olib qochib, koʻk eshakning yoli deyarli toʻkilib bitgan boʻyniga shapatilarkan. – Ha, zangʻar, ishqilib, bizni oʻsal qilmagin-da! Shalpang quloqlaringga quyib ol: “Yaxshi boʻlsang, oshingni yeysan, yomon boʻlsang boshingni”, degan maqol senlarga aytilgan.

Bosh shotir haq edi. Rostdan ham koʻk eshak aslida juda royish, itoatgoʻy ekan. “Nafaqa” yoshidan oʻtib ketgan boʻlishiga qaramay, shefning oʻziga oʻxshab, harakatchanligini aytmaysizmi! Togʻ poyiga uyilgan arava-arava, tonna-tonna semonlarni uning yelkasiga ortib tashishga kirishdilar. Fotih Burhonovichning omadi chopgan edi. Jonivor uquvli, qobil shogirdday, esli-hushligina ekan. Naridan-beri eplangan zina-yoʻlakdan ikki-uch marta yetaklab, ortidan xalachoʻp bilan yengil niqtab haydab chiqishgach, keyin qiyin-qistovsiz oʻzi harsillab, tumshugʻi yer purkab, tepaga oʻrlayveradigan boʻlib qoldi. Pastga tushishda esa koʻpincha uni shotir, ishchilardan ikki-uchtasi minib olishardi.

Fotih Burhonovichning yuragi esa quvvatlanib borardi. Dastlab bir necha qadam koʻtarilsa hansirab, nafasi ogʻziga tiqilib yurdi, ammo u toqatli, chidamli, mashaqqatlarni mardonavor yengish qobiliyatiga ega edi. Sekin-asta kamida yuz metrga – yangi qurilish ketayotgan joyga iligi, yuragi, jigari qaltiramay, ildamroq chiqa boshladi. Shundan keyin shefni eshak minishga ham oʻrgatishdi…

Bir kuni ishdan horib, mashqi pastroq kelgan Fotih Burhonovich taraddudlanib, kaftini peshonasiga soyabon qilganicha tepaga tikildi. Hushyor, sodiq shotirlardan yana biri koʻk eshakning chang-chungini qoqib, tozaroq bir toʻshakni ikki buklab toʻqimi ustidan yopdi-da (egar-jabdugʻi yoʻq edi): “Oʻtiring, xoʻjayin”, dedi.

– E, qoʻysang-chi, – qoʻl siltadi rahbar.

U faqat bolaligida tengqurlari bilan ermakka sinashta eshaklarni mingan edi.

– Nima qipti, minvolovring, qiynalmay, bir pasda chiqvolasiz.

Boshqalar ham sidqidildan daʼvat etishgach, azbaroi toliqib turganidan: “Ha, mayli, buyam bir eshak oʻyin-da”, deb, shotirlari ariqchasifat yerda jilovidan tutib turishgan hangi yoniga ikkilanibroq, sal lapanglab yurib bordi. Qoʻli bilan tizzasi tagidan koʻtarib, oʻng boldirini eshak tepasidan qiyinchilik bilan oshira boshladi. Shotirlardan biri har ehtimolga qarshi eshakning noʻxtasini jagʻi ostidan mahkam qisib turar, boshqalari shefning kiftidan suyab, dumgʻazasidan, sonidan himo berishardi. Fotih Burhonovich ne zamonlardan beri biron narsa minmagan, oyogʻini bu qadar yuqori koʻtarmagan edi. Xayolida shimining ogʻi chokidan soʻkilib ketadiganday tuyulardi. U yiqilib-netsa biron yeri lat yeyishidan emas, shotirlari, begona mardikorlarga mazax boʻlishdan xavotirlanardi.

Xullas, uni koʻk eshak ustiga bir amallab, polizdagi qoʻriqchiday choʻnqaytirib oʻtqizdilar. Jafokash jonivorning beli sal egildi.

– Meni koʻtaradimi oʻzi buning? – dedi Fotih Burhonovich yoniga jinday oʻgirilib.

– E, qoʻrqmang, bu maxluq sizdaqadan ikkitasini koʻrdim demaydi.

Koʻk eshakka gapning siltama ohangi xush kelmadimi, yo aksincha, kerildimi, soʻzlovchiga yer ostidan koʻzlarini gʻilaylatib, dumini likillatib qoʻydi. Bu ishoratlarda “sal oshirvording-ku, oshna…” degan mazmun ham yoʻq emas edi.

– Oldiroqqa jilvoling.

– Sal engashib oʻtiring, – deyishdi gʻamxoʻr mulozimlar notavon xarning dimogʻ-firogʻiga eʼtibor berishmay.

Rostdanam, sentnerlab yuk tashiyotgan chayir ulovga bir davangirning toshi nima degan gap! Koʻk eshak quloqlarini dingkaytirib, quyrugʻini tebratib, yuqoriga tomon dadil oʻrmalab ketdi va xash-pash deguncha manzilga yetib chiqdi. Egarsiz ulovda oʻtirish bir oz noqulayligini, bir-ikki marta orqaga surilib tushib ketayozganini hisobga olmaganda, joni qariyb ozor chekmadi. Faqat ustalar bir-biriga im qoqib, iljayib qoʻyishdi.

 

* * *

 

Endi koʻk eshak kunduzi binokorlik ashyolari, anjomlari hamda shotirlar, usta, mardikorlarni pastdan yuqoriga, yuqoridan pastga tashir, ertalab-kechda esa xoʻjayin bilan nevarani olib tushib, olib chiqardi.

“Tavba, judayam begʻaraz, bechiqim dastyor, tayyor lift-a, shunday ajoyib narsani mensimay, burnimni jiyirib yuribman-a”, deb qoʻyardi rahbar oʻzicha. Mana, hech kim hech narsa deb gapirayotganiyam yoʻq (oʻylashsa oʻylashayotgandir, xoʻp, nima boʻpti?!), xonligidan, Fotih Burhonovichligidan ham tushib qolgani yoʻq. Turgan-bitgani foyda ekan bu bachchagʻarning, xuddi toza asalday…

Shundan keyin shefning eshakka munosabati, muomalasi butunlay oʻzgarib, unga alohida eʼtibor bilan qaray boshladi. Yomgʻir-jalalarda (togʻda tez-tez yogʻingarchilik boʻlib turadi-ku) ochiqda qolib ketardi shumshayib. Kichikroq boʻlsa ham, oxuri bilan maxsus bostirma tiklatdi. Har kuni ertalab shotirlarga oʻt-yemini vaqtida berib turishni tayinlaydigan boʻldi. Uni erkalatib, Koʻktoy deb nomladi. Xojasining bunday izzat-ikromi, marhamatidan terisiga sigʻmagan jonivor yanada sidqidildan xizmat qilishga kirishdi… Afsuski, boshqalar unga bunchalik mehr-muruvvat, iltifot koʻrsatish lozim deb hisoblashmasdi. Uni hamma tushlikka oʻtirgan paytdagina suv ichib, xashaklanib olishi uchun toʻxtatishar, boʻlak mahal tindirishmasdi. Ikki ishchi uning yelkasiga bir dunyo taxta-yogʻoch yo shiferni ortib, mahkam bogʻlab joʻnatib yuborib, oʻzlari to u qaytib tushguncha ajriqda tanballarcha olchayib yotishlarini koʻrganda Olloh suyib yaratgan mahluqotning xudbin, ayyor va rahmsizligidan dili ogʻrir, lekin buni aslo sirtiga chiqarmasdi. Ilgari qurumsoq, nochor egalar qoʻlida ochin-toʻqin qolib yurgani, bu yerda mehnat ogʻir boʻlsa-da, har holda yemishi tayinligini yuz-xotir qilib, damini ichiga yutardi. Faqat juda holdan toyib, gandiraklay boshlagandagina, yiqilib tushib ketiga tayoq yeyish yo haydalishdan qoʻrqib, unga yuk ortuvchilarga iltijoli moʻltirar, buni payqagan ziyrak shotir unga dam berishni taklif qilardi. Shunaqa kezda Koʻktoy borib oʻsha mehribon, oliyhimmat kimsaning jagʻi, quloqlaridan yalab olgisi kelardi. Zero, u sabrli, shukrli va yaxshilikni biladigan eshak edi.

 

* * *

 

Qurilish bitgach, Fotih Burhonovich Koʻktoyni oʻzlariga doimiy ulovlikka tayin etdi. Ertalab nabira bilan pastga minib tushib, jilovini boʻyniga tashlab qoʻysa, boyaqish oʻzi indamay tepaga chiqib ketar, kechki payt Sanjarbek bir hushtak ursa, zingʻillaganicha yetib tushardi. Jonivorda qaysarlikdan asar yoʻq, jinsdoshlariga oʻxshab daydib ham yurmas, maslahatchi aytganday, ehtirosi qoʻzib, besaramjon boʻlmas, xunuk harakatlar ham qilmasdi. Umuman, har zamonda yerga agʻanab, tuproq changitishini demaganda, ortiqcha nojoʻya qiligʻi yoʻq edi. Eshakni befarosat mahluq deganlari unchalar toʻgʻri emas ekan. Koʻktoyning fahm-farosati, esliligi shu miqyosda ediki, Fotih Burhonovichning majlis yo mehmondorchiligi choʻzilib, kechikishsa, togʻ poyida, shu yaqin-atrofda oʻt chimdib aylanib yurar yo oyoq-”qoʻl”larini uzatib, xoʻjayin va xoʻjayinchani bedor kutib yotardi.

Koʻktoy tunlari bamisoli yaqin hamsoya, binoyiday dalda ham edi, “qoʻrqmay, xotirjam uxlayveringlar, men uygʻoqman, hushyorman”, deganday, tepinib, kalta pishqirib turardi. Hangrashi valineʼmatiga uncha yoqmasligini sezib qolganidan keyin azaliy, qavmiy amali-odatidan ham chekingan, kechasi bir-ikki marta xumorbosdiga astaroq hangillab qoʻyar, kunduzi vaziyatga qarab hangrab olardi. Xojasi minganda esa, uning dimogʻini bulgʻamaslik uchun dumini qattiq qimtib yurardi.

Fotih Burhonovich miltiq opchiqib (u ovchilar jamiyatiga, nafaqat unga, balki muzofotdagi biron masalada asqotishi mumkin boʻlgan jamiki jamiyat, uyushmalarga faxriy aʼzo edi), eshik yonidagi devor burchagiga osib qoʻygach, yanada xotirjam tortdi. U jiddiy zarurat va ehtiyoj tugʻilmagani bois, deyarli ishlatilmagan, qayish tasmasi ham yap-yangi qoʻshtigʻiga bot-bot faxr va qoniqish bilan nazar tashlar ekan, qichishadigan joyini oldindan qashib qoʻyish tadbirini ishbilarmonlik faoliyatining asosiy yoʻrigʻiga aylantirib olgani uchun oʻzidan, aqli-zakovatidan mamnun boʻlib (hozir bunaqa tanqis matohni qayerdan topardiyu, qanday sotib olardi?), jilmaydi. Shunda (umuman, har doim xursandligini ifoda etganida) uning xiyla choʻziq, chekkalari bujmaygan lab-lunjiga tansiq tabassum yoyilib, chilopchinday toʻgarak, keng, qon sitilib chiqaman deb turgan betlari battar tarvayib, yanada tirsillab ketganga oʻxshardi. Qurol uning nazarida togʻ tepasidagi yolgʻiz, xilvat uyga uzukka koʻz qoʻygandek yarashib, qandaydir kemtikni toʻldirib turganday tuyulardi.

Endi rahbar nabirasining orqa tomiri tortib qolsa, bir oʻzi ham chiqib kelaveradi. Qoʻrqadigan, xavfsiraydigan bir narsa sezilmasdi. Boshida chiyaboʻri, yovvoyi choʻchqa bormikin, deb oʻylovdi. Hozircha ulardan darak yoʻq. Fotih Burhonovich ilondan oʻlguday choʻchirdi, bu mudhish gazandani televizorda koʻrsa ham bir seskanib tushar va goʻzal ayollarni shu turqi muz mahluqqa qiyoslaydigan yaponlardan ham, xitoylardan ham juda xafa boʻlib ketardi (uning “chittagi” toifasidagi xotinlar mengzalsa boshqa gap!). Togʻ har xil ilonlarning konimasmikin deb hadiklanuvdi, xayriyatki, shu choqqacha biron marta ularga roʻpara kelmadi. Noziktaʼb, moʻtabar “mehmon”ning oʻtakasini yorib, baloga qolmaylik, deb oʻzlarini tortib yurishibdi chamasi. Shunday boʻlsa-da, bozordan tuki oʻskin yoʻgʻon arqondan bir bogʻlamini opkeltirib, hujra atrofiga aylantirib chuvab chiqqan, uning yonidan bir sidra kigiz toʻshab qoʻygan. Yakshanba kunlari yigitchalarday ixcham sport liboslari, butsi yo krossovka kiyib, Sanjarbek yoʻldoshligida togʻ aylanar, kaklik, chugʻurchiq, togʻ chumchugʻi otib, qozonga bosishar yo sixga tortishardi.

 

* * *

 

Bir kuni Fotih Burhonovich boz yuqoriga – togʻning ustiga chiqdi, bu yerdan borliq-dalalar, bogʻlar, shahar yanada gʻaroyib – undan ancha quyida yastanib yotganday, fuqaro-bandalar chumoliday mayda, shunchaki ivirsib yurishganday koʻrinardi. Ittifoqo shef yuksakka koʻtarilgan sari oʻzini avvalgidan-da sogʻ va qudratliroq, ulugʻvor va ustuvorroq, har ishga, har narsaga qodirday his etayotganini angladi, shu joyda umri, amallari tagʻin-da bezavol, barqaror boʻladiganday… Tubandagilar qoʻllari bilan u tomonni koʻrsatib, bir nimalar deyishayotganga oʻxshardi. Sirasini aytganda, olam va odamlarga tepadan engashib qarashning maroqli va nashʼali ekanligi avvaldan ayon edi unga. Yuragining bir chetida zamin pastlik qilib qolayotganday, oʻz darajotidan qanoat hosil etmayotganday bir hissiyot oskolka parchasiday ahyon-ahyonda gʻimirlab qoʻyar, illo buni sezmaganga olardi. U tabiatan oʻz his-tuygʻulariga ortiqcha erk berib yuboradiganlar toifasidan emasligi bilan boshqalardan farqlanib turardi. Har bir ish, tadbirning qulay mavridi kelishiga ishonar va uni umid-bardosh bilan kuta olardi. Ammo oʻzining bunday yashash uslubini zinhor-bazinhor moslashuvchanligi yo bir oz shiddatsizligi hosilasi deb bilmasdi, jilla qursa, oʻzgalarda shunday tasavvur uygʻotishni istamasdi. Kasalliklar jarayonni tezlashtirishga yordam bergan edi.

Shef xuddi ana shu yerda – togʻning qoq qirshovida qad rostlayajak hujrani koʻz oldiga keltirarkan, shirin entikdi. Magaram, tili mazkur atamaga duduqlanib, ogʻrinib aylanar, bu soʻz joʻn, odmi bir qurilmani – bechorahollar kulbasini ifodalamish gʻarib kalimaday tuyulardi, faqat uni Boburdek shoh, ulugʻ shoir, mutafakkir olim oʻzi Barokoʻh togʻida bunyod ettirgan meʼmoriy obidasiga nisbatanki qoʻllaganini eslab, oʻziga tasalli berardi.

Endi tajriba, malakaning yetarliligi, arzon ishchi kuchining muhayyoligi, eng muhimi, yuk tashuvchi bebiliska ulov – Koʻktoyning borligi unga qanot bagʻishlamoqda, orzularini shoxlantirmoqda edi.

 

* * *

 

Tabiiyki, yangi bino burungilarga qaraganda qiyinroq va uzoqroq muddatda bitdi, lekin shefning ichi yanada yorishdi. Endi Yashil togʻda uning bir emas, uchta istiqomatgohi mavjud edi, darvoqe, ularni “xoʻtel” desa ham boʻlarkan, charchab yo erinib qolgan kuni pastki “qavat”larda tunab qolaverishadi. Panohgohlarga “Quyi xoʻtel”, “Oʻrta xoʻtel”, “Yuqori xoʻtel” deya ot qoʻyildi. Ayvonlari, ustunlari, peshtoqu shiftlari yogʻoch oʻymakorligi sanʼatining naqsh-gullari bilan yasantirilgan va u bezaklar tovlanuvchi zarlar ila orolantirilgan mazkur imoratlar zamon shevasida “mini qasrcha” deyilsa ham birovning haqi ketmasdi. Xususan, “Yuqori xoʻtel” yanada shinam va koʻrkli chiqqan edi. Ayniqsa, loyihasi havas va hayratga loyiq edi. Moʻjazgina peshayvon ostidan kiriladigan bir juft xona, ularning ikkala yonboshida ensizroq, ammo uzun soyabon boʻlib, bino goʻyo qanotlarini kerib, oʻljani yo oʻzining hududini bir aylanib kelishni moʻljallab, uchishga shaylangan, qoyadan koʻtarilayotgan ulkan, qudratli burgutning timsoli edi. Bu tarhni Fotih Burhonovich qandaydir xorijiy jurnaldan olgandi. Ichki devorlar tasviriy sanʼat asarlari bilan jihozlandi. Bir tomonga mahalliy rassomlardan birining moyboʻyoqda ishlangan “Kuz manzaralari” kartinasini, ikkinchi tarafga “Mona Liza” portretidan koʻchirilgan nusxani ildirdi. Sirasini olganda, koʻrimsizgina, hatto tayinli qoshi yo alohida eʼtiborni tortadigan jihati ham yoʻq oddiy bir ayol tasvirlangan bu suratning bagʻoyat mashhurligi sirining tagiga yetolmay boshi qotardi (boshqalardan soʻragani tortinardi – buning sababi ravshan, albatta). Lekin, “Bir balosi boʻlmasa, shudgorda quyruq na qilur” maqoliga ham oʻzicha maʼno beradigan Fotih Burhonovich uchun muhimi bilish, mohiyat emas, balki egalik, mavjudlik va oʻzgalar taassuroti edi.

“Yuqori xoʻtel” ancha salqin, hatto ayozroq edi, koʻrpa yo adyol yopinishga toʻgʻri kelardi. Ammo deraza darchasidan kirayotgan ajoyib shabboda xonani toza havo, muattar boʻylar bilan toʻldirar, ular orasida, ayniqsa, jiyda gulining xushbahra ifori uzzukun texnika asrining xush-noxush, yoqimli-yoqimsiz axborotlari, voqealar, suhbatlar tafsilotlari yuki bilan choʻyanday ogʻirlashgan miyaga, yurakka yengillik, xushhollik bagʻishlar, yanada yaqin mohi munavvarning shuʼlasi esa kishini zavqu surur ummoniga gʻarq aylardi. Fotih Burhonovich vujud-vujudidagi tanglik, tarangliklarning obdan yogʻlangan teridek tobora yumshab, boʻshashayotgani, chakka va boʻyinlaridagi tirishlarning yozilayotganini aniq fahmlab yotar, oyoq-qoʻllarini yozib, yosh boladek miriqib uxlardi. Ertalab va oqshomlari, fazo tiniq, sarin yellar esib turgan chogʻlarda “xoʻtel” sahniga chiqib, atrofni tomosha qilish, shaharni olisdan kuzatish dilni yashnatib, tanani yayratuvchi halovatbaxsh mashgʻulotga aylandi. Shaharda, xususan, Fotih Burhonovichlar hovlisida quyosh koʻkoʻpar binolar, daraxtlar panasida terak boʻyi yuksalgandagina, shunda ham chala-yarim, bir qadar rangsizlangan, kichraygan taxlitda koʻrinadi. Togʻda esa, tong yorishgandan salgina fursat oʻtiboq xurshidi olamning avval och qizil shafagʻi ufqqa taralib, soʻng oʻzining ilk koʻklamda zamin betini yorib chiqayotgan boychechakday nozlanib, dam sayin, ohista-ohista, sezilar-sezilmas koʻtarilib jamol koʻrsatishini entikib, hayajon bilan qarshi olish, yo uning shom aro samoning gʻarbiy chetida sekin-asta pastlab, kattarib, qontalash tusda togʻlar ortiga, ummonlar qaʼriga xomush shoʻngʻishini ochiq-oydin, umrning betakror bir kuni bilan vidolashganday mahzun alfozda uzatib qolish taʼrifga sigʻmas mazkur onlar qadr-qimmatini yurakdan tuyadiganlar uchun tabiatning eng goʻzal, eng xush va eng iztirobli manzarasi, ilohiy, ibratli moʻjizalarning eng ravshani, eng buyugidir. Qahramonimiz shahar chiroqlarining tunda uzoqdan va xususan, yuqoridan yulduzlarday jozibali nur sochishi, tovlanishini ham shu yerda, durbin yordamida kashf qildi. Kuni bilan uning shashtini kesadigan diqqinafas muhit qiyofasi mutlaqo oʻzga jilo kasb etishini koʻrib hayron-hayron qoldi.

Xullas, tani sihat, dimogʻ chogʻ, kayfiyat soz edi. Oʻzini dunyoga qayta kelgandek tuyardi. “Bor ekan-ku haqiqat!”, “Bor ekan-ku hayot!”, deya hayqirardi bolalarcha zavq bilan. Voajabo, dardlarining davosi, mushkulining kushodi shundoqqina tumshugʻining tagida ekan-ku, ahmoqlarcha bir dunyo pul sarflab, qancha arz-dod, mashaqqatlar bilan viza olib, jonini battar tahlikaga qoʻyib, Isroil degan mamlakatlarda tentirab yuribdi-ya! Oldingdan oqqan suvning qadri yoʻq, deganlari shudir-da!

Ilgarilari Fotih Burhonovich togʻu toshlarda qoʻnqaygan tomlarni koʻrsa, pastdan yer tegmadimikin, chiroqsiz, televizorsiz, gʻaflatda qanday kun kechirisharkin, deb taajjublanardi. Holbuki, bunday joyda umrguzaronlik qilishning gashti boʻlakcha ekan – tinib oʻlmas bandai bebaqo, besarning peshanasi tirishavermay, aksincha, tars yorilgan yuraklar darzi bitar ekan. Endi shef odamzotning shunday sharoit, imkoniyatlar turib (sayyoramizda nima koʻp, togʻ koʻp!), nuqul diqqinafas shaharga – shovqin-suron, ola-gʻovurga, chang-tutunlar ichiga oʻzini urishi haqiqiy gʻofillik, gumrohlik ekaniga imon keltirgan edi. Ayni vaqtda u mansab-amalidan koʻzi qiymaydigan qanchadan-qancha muhtaram zotlaru, qoʻli qisqa, nochor yo noshudlarning umri unikiga oʻxshagan kasalliklar sabab, oʻz joniga achinmaganlari yo achinib udda qololmaganliklari tufayli bevaqt zavol topayotganini oʻylab, oʻkinib qoʻyardi. U oʻzgalarga achinishni inson unvonliq mavjudotning ongliligi alomati, turdoshlik tuygʻusining inʼikosi degan fikrda edi. Lekin, oʻzining ham zarurat boʻlmaganda bu yerlarga qadam bosish xayoligayam kelmasligini oʻylashga goh fursati, goh xohishi yoʻq edi.

Toʻgʻri, togʻda momaqaldiroq dahshatli qarsillaganida osmon chok-chokidan sitilib ketadiganday, chaqmoqlar yer yuzini yondirib yuboradiganday tuyulardi, biroq bu vahimali jarayonning kechishi uzoq davom etmas, keyin daraxt yaproqlariyu qat-qat maysa-giyohlarning qiyoq-barglarida nuqra tomchilar jilolanib, manzara shunaqangi jozibali boʻlib ketar, falak moviy koʻlday tiniqlashib, xushhidlar taralib, shunaqangi osoyishta, xushbahra palla boshlanardiki, Fotih Burhonovich koinotning unga doxilu daxlsiz gʻam-tashvishlarini, hatto “chittak xonim”ning ohanjamalarini ham butkul unutar, ogʻzini baliqday kappa-kappa ochib, tozargan havoni hirs bilan, yutoqib simirar va koʻnglining qaʼridan tiliga beixtiyor: “Qani endi shu joyda ming yil yashasang!” degan nido otilib chiqardi.

Muxtasar gap – hamma ishlar oliy va aʼlo edi. Ammo, “har toʻkisda bir qusur” maqoli bejiz toʻqilmagan ekan-da… “Eshakning yuki yengil boʻlsa, yotoq boʻladi”, degan gap ham rost ekanmi, yo qarilik oxir-oqibat oʻzini koʻrsatdimi, yo nomus kuchi, jon holatda ishlash asnosida oʻzining bor quvvat-layoqatini sarflab yuboribmidi, Koʻktoyning shashti-shijoati sekin-asta susaya boshladi. Bobo bilan nabira mingashib chiqishayotganda, tushishayotganda jonivor harsillab, oyoqlari mayishib-chalishib ketayotganga oʻxshar, baʼzan bir zum-bir zum toʻxtab olardi. Nogahonda choʻkkalab ham qolar, yana, sir bermaslik uchun darhol qaddini rostlab, oʻzini tetiklikka solardi. Zero, u hamon xojasining oʻzi haqidagi dastlabki fikrlari (qarilik, yalqovlik, qaysarlik borasida) asossiz ekanligini isbotlashga tirishardi.

“Birda boʻlmasa, birda qaltis ish koʻrsatadi-yov bu haromi”, dedi Fotih Burhonovich oʻziga oʻzi.

Koʻktoy endi ilgarigiday kechki payt pastga tushib turmas, hushtakka ham chopavermas yo uni eshitmasdi. Xoʻjayin koyisa, ayb qilgan boladay yerga qarab, tuyoqlari bilan tuproq titib turaverar, avf eting ojiz qulingizni, deganday qoshu qulogʻini chimirib qoʻyardi. Kunduzlari u kuch-quvvat yigʻish maqsadida koʻp-koʻp oʻt yer, dam olib yotardi. Lekin boyaqish qancha chiranmasin, pushti panohining undan ixlosi qaytib, hafsalasi sovub borayotganini sezib ezilar, oʻksik, mahzun koʻzlarida yosh gʻiltillardi.

Endi bu qirchangʻini tezda yoʻqotish kerak, degan qarorga kelgan edi shef (u masalani shu safar istisno tariqasida muhokamaga qoʻymadi, birontasi fikridan qaytarishga urinishidan hadiksiradi) – bu uning birinchi marta yakkaxonlikda, mustaqil qaror qabul qilishi edi. Faqat yangisini koʻzi koʻrmay turib, eskisidan voz kechsa, butunlay ulovsiz qolishardi. Yuqori ravoqqa piyoda chiqib tushish ancha dushvor va xavfdan xoli emas edi. Balandlik havosidan nafas olish esa hayotiy ehtiyojga, ulugʻvorlikning yangi, qudratli omiliga aylangan edi.

Fotih Burhonovich shotirlariga zudlik bilan yoshroq, baquvvatroq eshak topib keltirishni amr etdi: “Urugʻi qirilib ketmagandir!”

Yangi eshakni qoʻshni tumandan sotib olib kelishdi. U chindan ham navqiron, tiyrak, etlikkina, tizzalari doʻmboq, qoramtir baxmal kabi silliq yunglari, quyuq yoli koʻrkam edi. Xullas, eshakka ancha mehri tushib qolgan shefga gʻoyatda maʼqul kelib, beixtiyor bir qarsak urdi, hatto oʻyinga tushib ketayozdi. Uning oʻsha paytdagi alfozini koʻrgan odam arzanda qizi bola koʻrmay yurib-yurib, bir yoʻla Hasan-Husan tugʻibdi shekilli, deb gumonlashi turgan gap edi. Azbaroyi suyunganidan eshakni topishda jonbozlik koʻrsatgan ikki shotirni oylik maoshlarining olti foizi miqdoridagi mukofot bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi buyruqqa ham ogʻrinmay imzo chekib yubordi. Bu bilan u yaxshilikka yaxshilik qaytarish, sadoqatni munosib baholash, fidoyilikni qadrlash tarafdori ekanligini amalda isbotladi.

– Endi bu azamatga bir munosib ot qoʻysak, – maslahat soldi u shotirlariga.

– Qora gʻunon deb atasak-chi, oʻziga mos, – taklif kiritdi maslahatchi.

– Qora gʻilmon?

– Qora gʻunon…

– Qora gʻulom, degin… Hmm… Durust, durust, – kallasini likillatdi shef. – Yaxshi…

Bosh shotir yana qayta izoh berishdan oʻzini tiya qoldi.

Eskisini, endi u bozorga yaramaydi, deb, uzoq bir yaylovga tashlab qaytishdi.

– Sen ozodsan, Koʻktoy! Toʻrt tomoning – qibla, ayshingni surib, tuyogʻingni sudrab yuraver, – deyishdi.

Mashaqqatli mehnatda ezilgan, mutelikdan bezillagan jonivor shataloq otib, boshi oqqan yoqqa ketadi, balki oʻz qavmlarini topib, ularga qoʻshilib olar, deb oʻylashdi. Endi oʻz salafining mansabi, ogʻilini, oxurini egallagan Qora gʻulom dikonglaganicha bobo-nabiralarni quyiga olib tushar va “Yuqori xoʻtel”ga olib chiqardi.

Ammo ikki kundan keyin Fotih Burhonovich yarim kechada eshak hangrashidan uygʻonib ketdi, birmas, ikkitasi “hang-hang” qilar, birining ovozi oʻtkir, chiyildoq, ikkinchisiniki loyga botib qolgan traktornikidek gʻoʻrillab, uzilib-uzilib chiqardi. Gʻazab bilan tashqariga otilgan shefning koʻzi sham yegan oyning gʻira-shira yorugʻida Qora gʻulomni iskalayotgan Koʻktoyga tushdi. Shashtidan qaytdi chogʻi, “hay, turib turaversin-chi…” dedi. Lekin endi ortiqcha bir yemxoʻrni bekordan-bekorga boqishga ogʻrinar, ikkovining joʻrlikdagi “oratoriya”sidan bezor edi. Yemishdan qisish kerak, shunda oʻzi bezib ketadi, degan xulosa chiqardi shef. Oxurni undan ihotalashdi. Ammo Koʻktoy berishsa yeb, berishmasa qanoat qilib (xojasiga oʻxshab sabrli-ku), jimgina yotardi. Yana bir necha bor urib haydadilar. Koʻktoy kunduzlari koʻrinmay ketar, ammo kechasi ogʻilda paydo boʻlib qolardi. Buni Fotih Burhonovich ikkovining “kim oʻzdi”ga hangrashidan yaqqol sezardi. Bu mahluqlardan bittasining chinqirishiga chidash mumkin ekanu (shunda ham noiloj), illo, ikkitasinikidan yaratganning oʻzi asrasin ekan. “Uyquni rasvo qilib, kayfiyatni buzgani bir navi-ya, quloq pardani teshvoradimi”, deb bezillardi shef. Koʻktoy oʻzi uncha hangillamay qoʻygan edi-ya, eshak eshakdan qolsa, qulogʻini kes, deb, anovi mishiqi xoʻtik oʻt-yemni qizgʻonibmi, gʻashlanibmi yo gʻoʻrligidanmi, ayyuhannos solsa, bunikiyam tutadi shekilli-da. Tagʻin shunaqa dupuratishardiki, naq otliq yov bostirib kelayotganga oʻxshardi.

– Hmm… E, attang, sen nobakorga otlar qoʻyib yuribman-a, men nodon. Baribir esh-shak ekansan-da, – derdi shef kuyukib, boʻgʻilib va qoʻliga kirgan narsa bilan Koʻktoyni savalarkan.

Ovqatdan tortilganidan jisman va xoʻjasining nazaridan qolganidan ruhan siqilgan Koʻktoy qulogʻidan oy koʻrinadigan darajada ozib ketdi. Biroq hali madori, gʻayrati bor edi – bir necha marta ip uzdi (ikkovining dupurlashi, tepishishidan zerikkan shef uni kechasi bogʻlab qoʻyardi), bir gal oʻralashib, yiqilib tushgan ekan, boʻgʻilib harom qotayozganida arqonni kesib tashladi (badbaxtning boʻyniga pichoq tortvoray deb xezlandiyu, zilday jasadni bir oʻzi sudrab pastga uloqtirib yuborishga koʻzi yetmay, shashtidan qaytdi). Endi u taʼviyaning afti-angori ham xunuklashganday, yunglari qari itnikiday hurpayib, toʻzib koʻrinar, eng chatogʻi – qurilish chogʻlari orttirgan yagʻiri vaqt oʻtgan sari kengayib, chuqurlashib, undan sassiq boʻy anqiy boshlagandi. Bu hid togʻning xush islari bilan sirayam kelishmas, taʼbni xira qilardi. Fotih Burhonovich asabiylasha boshladi. Uning shunaqa yoqimsiz narsalarga hech tob-toqati yoʻq, qiziqqonlik qilish, tutaqish esa zinhor mumkin emas edi. Biroq shefni oʻta behis, berahm va toshbagʻir deb boʻlmasdi. Koʻktoyning moʻltayishini, mijjalariga sizib chiqqan yoshni koʻrganida shu jonivorday yuvosh-moʻmin, itoatgoʻy va halimday yumshoq, boz ustiga kalta boʻy, bir qulogʻi chinoq padari buzrukvori yodiga tushib, koʻngli boʻshashib ketar va eshakdan voz kechish toʻgʻrisidagi ahdidan qaytib qolardi. Bir kuni ishxonada ittifoqo gʻalati shivir-shivir qulogʻiga chalinib, etlari junjikib ketdi. Nima emish, togʻdagi oromgohlardan eng mashaqqatli ikkitasining barpo etilishida eng koʻp xizmat qilgan, eng katta matonat va qahramonlik koʻrsatgan Koʻktoy emish! Oʻsha inshootlardan biriga uning nomini qoʻyish kerak ediymish. Yo, alhazar, shu eshak-a? Mana shu qoʻtir maxluq qahramonlik koʻrsatibdimi? Fotih Burhonovich-chi, u oʻynabdimi? Vo, nomaʼqul boʻzakning goʻshtini yeganlar-yey. Shunchaligam farosatsizlik, kaltabinlik boʻladimi! Ha, tashabbus koʻtargan kim oʻzi? Kechalari uyqudan qolib bosh qotirgan, yugurib-yelgan, soatlab telefonbozlik qilib qancha ishlarni bitirgan kim? Loyiha topgan, shuncha mablagʻ sarflagan, qurilishga hamisha bosh-qosh boʻlgan-chi? Oʻroqda yoʻq, mashoqda yoʻq bir baqiroq oʻlimsangi, tirraqi hangi shunday hurmat-eʼzozga loyiq emishmi? He, itni boshi mistovoqqa chiqmay oʻlsin. Ha, xizmat qilgan boʻlsa oʻtini yedi, yemini yedi. Usti yopiq bostirmalarda yotdi, tagi kurab turildi… Bu xodimlarga nima jin urgan oʻzi? Chindan gapirishyaptimikin yo maynavozchilik qilishyaptimikin? Nahotki asosiy jonkuyar tashkilotchi shaxs bilan oddiy hammol, yana hayvon hammolning farqiga borishmasa?! Ishongan togʻda kiyik yotmas, deb, kelib-kelib, doim oyogʻining ostida oʻralashib yuradigan, koʻzining yogʻini yalaganlardan shunaqa, kurakka ilashmaydigan fikr chiqsa-ya?!

“Hmm… tushunarli”, dedi shef tishlarini ularning oltinligi esida yoʻq gʻijirlatib va Koʻk eshakdan koʻz yumish borasidagi ikkilanishlarga uzil-kesil barham berishni diliga mahkam tugdi. Kimdan, nimadan, qanday alam olishni bilmay yuruvdi, Koʻktoyning soʻnggi xurmacha qiligʻi dard ustiga chipqon boʻldi. Bir kuni, yem-talashishganmi yo alamidanmi, navqiron raqibini, xojasining yangi erkatoyini tepib, jagʻini qiyshaytirib yuboribdi (boyaqish necha kungacha oʻt chaynashga qiynaldi).

– Vo laʼnati-yey! Vo muttaham ablah-yey!.. – xunobi oshdi tajang shefning. – Ha, yaxshilikni bilmagan, davlatiga dam bergan xunasa! Hayvon! Esh-shak!

Fotih Burhonovich, shuningdek, viqor, salobat kasb etish maqsadida (har qancha jahli chiqqan chogʻda ham!) sekin odim tashlardi, bir qarashda oyogʻiga yem tushganmi, deb oʻylash ham mumkin edi, hozirgi loʻkillashi esa choʻgʻni bosib olgan dakan xoʻrozning beoʻxshov pitirlashini eslatardi.

U Koʻktoyni qurshovga olib borib, bir tepib agʻanatib yuborishga chogʻlandiyu, yana, oʻlmay qolsa (bu zormandaning joni qattiq-ku!) ishkal boʻlishini oʻylab ikkilandi va birdan miyasi xitoy dvijogiday ishlab, tund chehrasi yorishib ketdi. Sargʻish moʻylovi, kalta kuzalgan kumushrang soqoliga sachragan oq koʻpik aralash tupurgilarni artishni ham unutib, ichkaridan qoʻshtigʻni koʻtarib Sanjarbek bilan chiqdi, qurolni unga tutqazib, oʻzi ancha mashaqqat bilan enkayganicha pishillab-gʻudranib Koʻktoyni qoziqdan yecha boshladi. Shefning xatti-harakati, soʻkinishi obroʻ-martabasiga, gavdasi va yoshiga noxos boʻlsa-da, vaziyatga mos edi. Arqonni zarda bilan siltab-siltab, shoʻring qurgʻurni shohsupa chekkasiga yetaklab bordi. Qulay yiqilishini chogʻlab, yonboshi bilan turgʻazdi-da, bobosining xatti-harakatidan hayron, rangi oʻchib turgan nabirani chorladi.

– Bu yoqqa ke, manavi badbaxtni ushlab tur!

Sanjarbek ikkilanib, sekin qadam tashladi.

– Nima qilmoqchisiz, opoqi, otib tashlaysizmi?

– Ha, tez-tez yur.

– Haydavoraqolaylik, opoqi…

– Koʻryapsanu, haydasak qaytib kelyapti. Qaridi, baribir, bir kuni qiynalib oʻladi, keyin bizniyam qiynaydi. Hozir bir oʻq bilan osongina jon beradi-qoʻyadi, biz ham bu bedavodan qutulamiz. Ana, yangisi gijinglab turibdi.

– Qimirlama, xonassallot, jilsang, oʻzingdan koʻr… Harom oʻlasan, – miltiqni boladan yulqib olgan Fotih Burhonovich nishonidan koʻz uzmay orqasiga tisarila boshladi. Koʻktoy feʼli aynigan sohibining nima qilmoqchiligini anglamay, boshini burib, unga moʻltirab tikildi. Shefga eshakning aynan shu holati zarur edi (ichida undan juda mamnun boʻldi), qurol milini siyrak yunglari kechki shafaqda yarqirayotgan doʻng, tovoqday peshonaning qoq oʻrtasiga toʻgʻriladi.

– Mahkam tutib tur, siljib ketmasin, oʻzing orqaroqqa jilvol, – deb tayinladi shef nabirasiga.

Shu payt birdan qalbida shafqatsimon bir tuygʻu gʻimirlab qoldi, u ikkinchi koʻzini ham yumib tepkini bosdi. Togʻ silkinganday, oʻzi ham orqasiga siltanib ketganday boʻldi. Sanjarbek chinqirib yubordi, nimadir gupilladi, nimadir doʻpirladi. “Bola qoʻrqib ketdi”, deb oʻyladi Fotih Burhonovich va koʻzlarini asta ochdi. Koʻktoy sal narida oyoqlarini siltab-siltab ketib borar, yerda esa… yelkasi qip-qizil qonga boʻyalgan bola tipirchilab yotardi. Shefning yoshi oʻtib xira tortgan, boz ustiga yumib olgan koʻzlari unga pand bergan edi. U shosha-pisha ogʻilga qaradi. Argʻamchini uzib qochgan Qora gʻulom ancha narida it quvganday, shataloq otganicha togʻning orqa tarafiga chopib borardi.

Sanjarbekni koʻtarib, ayvondagi kigizga yotqizdi. Ustunga ilingan sochiqni yoʻlak chetida turgan kumushrang bidondagi suvga pishib, nevarasining kiftiga bosib koʻydi-da, uydan dori quti olib chiqdi. Besoʻnaqay barmoqlari qaltirab, bolaning jarohatini doka bilan bogʻlashga kirishdi. Yuzlari boʻgʻriqib ketgan, chakkalaridan ter quyilar, pishillab-harsillardi. Yarani uquvsizlarcha bogʻlagach, biqinidagi telefonga yopishdi. Haydovchiga, bosh shotirga qoʻngʻiroq qildi.

Bolaning inqillashi, hartugul, pasaya boshladi. Fotih Burhonovich kigizga oʻtirarkan, nimadir “tirs” etdi. Shim chokidan ketgan edi.

– Ha, laʼnati-ya!.. – soʻkindi u va ogʻilxona tomonga yuzlanib yana gʻijindi. – Ha, nomard!.. Ayollarniyam yoshi, kelishgani vafosiz boʻladi oʻzi!..

Shefning yodiga toʻsatdan ertaga bu yerda ehson bahonasida “uy koʻrdi” boʻlajagi, shahardagi kazo-kazolardan terib (ular orasida katta idoralarning choʻnglari ham bor), qatʼiy roʻyxat asosida ellikta odam aytgani tushdiyu, esi ogʻib koʻzi olaydi. Miyasi loʻqillab, chanoqni teshib chiqquday nuqiy boshladi. Taklif etilganlarning har biriga “alomat bir “lift”im bor, oʻshanda chiqasizlar (axir koʻpchiligi ikki yuz metr tugul, yigirma qadam ham koʻtarilolmaydiganlar-da!), uni zangori duxoba yopinchiqlari bilan yasantirib qoʻyaman”, deya taʼkidlab, maqtanuvdi. Oʻzi ham umrida bir miriqib kulmoqni, keyin “hammangizni hangimga mindirganman”, deb askiya qilib yurmoqni diliga tukkan edi. Shuningdek, yigʻinda oʻzi kabi yoshi oʻtib, ora kunda poliklinikaga chopib, uyiga “Tez yordam” chaqiradigan, tabib, ekstrasens izlab, duch kelganga zorlanib yuradigan darddoshlariga tajribalari, oʻzining ayni vaqtdagi qirchillama yigitlarday holati haqida soʻzlab berishni, ularga ham shunday yoʻl tutishni tavsiya etib, qatoriga chorlamoqni niyat qiluvdi, bu borada qanday maslahat yo koʻmak zarur boʻlsa, gardaniga olajagini bildirmoqchi edi, ayrimlarga gapning uchini chuvab ham qoʻyuvdi.

U hamisha soʻzining ustidan chiqib kelgan, lafzsizlikni oʻz mavqeiga goʻr qazish bilan barobar deb bilardi. Endi nima boʻladi? Ertagacha qayoqdan topishadi urugʻiga oʻt tushgan bu baytolmonni? Martabali mehmonlarni shuncha balandga qanday olib chiqishadi? Endi uning oʻzi rosa taʼna-dashnomga qoladigan boʻldi-da. Taʼna-dashnom ham gapmi, sharmandasi chiqadi, sharmandasi!..

– Ha, noinsof, koʻrnamak shayton, shunday ulugʻ rejani beliga tepib oʻtiribdi-ya!.. Qargʻa-quzgʻunlarga yem boʻl…

Fotih Burhonovichning birdan tili tutildi, oʻng qoʻli bilan oyogʻi uvishayotganday tuyuldi. Koʻzlari boʻzrayib, ogʻzini xiyol ochganicha shahar yoqqa qiya tikilib qoldi.

Aksiga olib, bugun togʻda ham kun isib ketgan, qilt etgan shabada yoʻq edi.

 

Qamchibek KENJA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–11

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.