Koʻkda boqiy yulduzlar

0
107
marta koʻrilgan.

Abdulla Qodiriy hayoti va ijodi oʻz davrining ulugʻ bir epopeyasi boʻlsa, Habibulla Qodiriy batamom shu epopeyaning ichida, uning butun zalvori, masʼuliyatini yelkasida koʻtarib, azamat Alpomish kabi yashardi.

U Abdulla Qodiriy hayotining har yer, har tomonda sochilib, koʻmilib, yoʻq boʻlib ketish xavfi ostida yotgan qimmatli javohirlarni yigʻdi, ularni oʻzi guvoh boʻlgan, oʻzi kuzatgan hodisalar bilan qiyosladi, tahlil qildi, xuddi izlanuvchi olimlarday katta miqyosda tadqiqot ishlarini olib bordi. Juda katta yozuvchi kabi ularni tasnifladi va ijodiy, ijtimoiy va madaniy tizimga aylantirdi. U Abdulla Qodiriyga munosib farzand, uning muxtor vakili, yangi zamonlardagi muxtor elchisi kabi faoliyat olib bordi. U Qodiriyni qanchalar teran bilishini, teran tushunishini koʻrsatdi. Uning kitobi yozuvchini xalqqa yanada yaqinroq, yanada sevimliroq, yanada viqorliroq qilib qoʻydi. U zamon ziddiyatlari va fojialariga toʻla oʻlmas asar yaratdi. Uni L.N. Tolstoy, F.M. Dostoyevskiy yaqinlari zamonlarga qoldirgan xotira asarlari bilan tenglashtirish mumkin.

Otaga farzand Habibulla Qodiriyday boʻlsin, deb yuraman. Habibulla Qodiriyday fidokor va jonkuyar boʻlsin. Ota izidan borgan ogʻmas odimlari bu dunyoda hech narsa oʻz-oʻzidan va tasodifan roʻy bermasligini, yulduzlar koʻkda hamon boqiyligini koʻrsatdi.

Ibrohim GʻAFUROV

 

ChIN INSON

Dadam Abdulla Qodiriy bir kuni qora muqovali forschami, turkchami qalin bir kitobni oʻqib oʻtirdilar-da, maʼqul tushdi shekilli, “quloq sol”, deb bu baytni oʻqidilar:

Sen tugʻilgan zamonlar kulardi olam,

Sen oʻldigʻing zamonlar yigʻlasin olam.

– Shoir fikri toʻgʻri-yu, – dedim men kulib, – biroq oʻlganida olam yigʻlaydigan kishi boʻlish hammaga ham nasib boʻlavermasa kerak, ada…

– Nega? – dedilar dadam mutolaadan koʻzlarini uzmagan holda.

– Bunaqangi kishi boʻlish qiyin-da.

U kishi javobimga eʼtiborsiz yana birmuncha vaqt oʻqishni davom ettirdilar, choynakdan piyolaga choy quyib hoʻpladilar.

– Hech qiyinchiligi yoʻq. Sheʼrdagi “olam” soʻzi, birinchidan, avvalo, mubolagʻa. Keyin, bunaqangi kimsa boʻlish uchun zoʻr xoqon, amaldor, boy yoki olim boʻlish shart emas. Kim boʻlmasin, u chin inson boʻlsa bas…

Shu choq kimdir chaqirib keldi, dadamning fikrlari boʻlindi…

Xoʻsh, chin insoniylik nima? Bu haqda shu qadar koʻp fikrlar aytilgan, bitilgan, bu bitiklardan buyuk bir qasr yasasa boʻladi.Chin insoniylik haqida aytilgan, yozilgan fikrlar, yoʻl-yoʻriqlarni tushunish ham qiyin emas, saviya va sharoit ham bor, faqat bir narsa yetishmay turadi: oʻsha aytilgan fikr va koʻrsatilgan yoʻl-yoʻriqlarga amal qilish.

 

SOPOL QUVUR

Oʻn bir-oʻn ikki yoshli choqlarim, bogʻimiz juda obod, ayniqsa, shiyponimiz qarshisidagi katta gulzorimiz yashnagan vaqt edi. Bir kun dadam bozordan ancha yuk koʻtarib keldilar-da, menga:

– Besh-oʻnta sopol quvur olgan edim, yukim koʻplik qilib, Olim doʻppifurushning doʻkoniga tashlab keldim. Borib olib kel! – dedilar.

– Xoʻp, – dedim. Qop qoʻltiqlab Chorsu bozoriga joʻnadim. Quvurlar gulzorimizga, yaʼni, quyilgan suvni bir poldan ikkinchisiga oʻtkazish uchun kerak edi.

Olim amakining doʻkonidan quvurlarni qopga solib, orqalab joʻnadim. Quvurlar ancha ogʻir edi. Nosbozor, tamakibozorlardan oʻtgach charchadim-da, gulbozorga (hozirgi “Bolalar dunyosi” magazinining oʻrni) burilishdagi yerdan biror gaz baland qilib qurilgan kichkina temir-tersak doʻkonining ostonasiga orqam bilan asta yukimni qoʻyib, qopning uchini yelkamdan boʻshatmagan holda dam ola boshladim. Doʻkonda xaridor yoʻq, yaxshi kiyingan oʻrta yoshli bir sotuvchi taxtaga tirsaklanib xaridor kutib oʻtirar edi. U menga dedi:

– Hay bola, koʻtar qopingni, joʻna bu yerdan!

– Hozir, amaki, charchab ketdim, ozgina dam olay.

– Bu yer dam oladigan joy emas, xaridor kiradi, joʻna, dedim, joʻna!

– Xoʻp, xoʻp, – dedim, ammo charchogʻim hali chiqmagani uchun bu qulay joyda yana ozgina oʻtirmoqchi boʻldim.

Shu vaqt doʻkondor orqamdan kelib, qopimni koʻtarib itarib yubordi. Agar oʻtkinchi bir kishi tutib qolmaganida, men tor yoʻlakdan oshib, tosh yoʻlga yuz tuban yiqilishim, quvurlar ham sinishi aniq edi. Alam qilib, yigʻlab yubordim.

– E birodar, bola nima gunoh qildi, itarib yubordingiz, yiqilsa, nima boʻlar edi?! – dedi meni tutib olgan kishi doʻkonchiga.

– Boraver, ishing boʻlmasin, oʻlib ketmaydimi!

Kishi indamadi. Yonimda boraturib, menga asta dedi:

– Oʻgʻlim, qoʻyaver, xafa boʻlma, bu odam oʻzi shunaqa ekan…

Men uyga kelib, bu haqsizlikni dadamga alam bilan soʻzladim. U kishi oldiniga jiddiy tinglab oʻylanib oʻtirdilar, keyin menga dalda berish uchunmi, kuldilar:

– Shunga ham xafa boʻlishmi? Sen hayotga endi kirib kelyapsan. Hayotda hali shunday achchiq-tiziqlar, nohaqliklar, dagʻal-qoʻpolliklar boʻladi, koʻra-koʻra chiniqasan, koʻnikasan. Birisi seni hurmatlaydi, qadrlaydi, taqdirlaydi, ikkinchisi xoʻrlaydi, haqoratlaydi, jabrlaydi. Chunki insonlarning xulqi, feʼli, tabiati turlicha. Uni oʻzgartirish, maʼlum bir yaxshi maromga solish qiyin va hatto koʻpincha mumkin ham emas, – dedilar va yana kuldilar. – Agar oʻshanda doʻkonchi “Ha, oʻgʻlim, charchab qolibsiz-da, barakalla, qopingizni sal chetroqqa qoʻying, kiruvchilar qiynalmasin”, desa, sen qanday xursand boʻlar eding-a? Albatta, bu soʻzni u odam hech mahal va hech kimga aytmaydi. Chunki uning yaratilishi, tabiati shunaqa. Buning uchun xafa boʻlish kerak emas.

– Demak, birov xafa qilsa, ozor bersa, indamaslik kerak ekan-da?

– Yoʻq, indash kerak, agar vaziyat buni taqozo etsa, kishi oʻzini himoya qilishga qurbi yetsa, mojaro va mojarochi kimsa indashga arzisa. Koʻpincha ongsiz, andishasiz, joʻn odamlar qoʻpol boʻladi. Undaylar bilan aytishib, tenglashib oʻtirishning oʻzi bir kamchilik hisoblanadi…

Dadamning bu soʻzlaridan men ancha yorishdim, boyagi alamlar koʻnglimdan ariganday boʻldi va, darhaqiqat, u kishi aytganlaridek, keyin-keyin bunday dagʻal-qoʻrs muomalalarga duch kelsam, sabr-sukut qiladigan boʻldim. Bunda hikmat zoʻr ekan… Qachon qoʻrs muomalaga uchrasam, hamisha dadamning oʻsha oʻgitlarini eslayman va hovurdan tushaman…

 

QOGʻOZDAN YASALGAN GUL

1930 yil boʻlsa kerak, oʻrtancha togʻam uylandi. Togʻam savodsiz, hunarsiz, mehnatnigina biluvchi yigit edi. Shu boisdan monand kelin topish xiyla qiyin koʻchib, Xonim bibim ancha vaqt «eshik sanab» sovchilikda yurdilar. Nihoyat, darakma-darak yura-yura, Qurbaqaoboddan kambagʻal, ota-onasiz bir oilaning oʻqimagan savodsiz qiziga boʻlishdi.

Toʻydan keyin bir kun Xonim bibim kelin bolani biznikiga salomga olib keldilar.

Kelin oʻn sakkiz, oʻn toʻqqiz yoshlarda, durkun, husndor, ipaklarga belangan upa-surmali edi. Husn, kiyim, koʻrsatilayotgan hurmat unda bir oz gʻurur paydo qilgan edi…

Kelin hovlida turib, hammamizga bir-bir salom qilish “marosim”ini oʻtadi. Oʻz xonalarida yozuv bilan mashgʻul boʻlgan dadam ham hovliga chiqib kelinga “koʻp yashang” deb va bibim bilan soʻrashib kirib ketdilar.

Choydan soʻng oyim osh damlashga unnab ketdilar, bibim dam olgani uzaldilar. Kelin esa tortinib-netib oʻtirmay, oʻzicha uylarimizga bir-bir kirib, tanishib, hatto osigʻliq choyshablar orqasini ham qarab chiqdi va oxirida dadam ijodxonalariga kirdi-da, aylanib uyni tomosha qildi, keyin soʻzsizgina borib dadam yozib oʻtirgan stol yoniga oʻtirdi. U endi chamasi dadam bilan ozgina “suhbatlashmoqchi” edi…

Men kelinning bunday erkin, magʻrur harakatidan taajjubda edim. Chunki salobatli dadam oldiga har kim ham (ayniqsa, ijod chogʻida) botinib kira olmas, Xonim bibimlar-ku, umuman dadam bilan soʻylashib oʻtirishga uyalar edilar.

– Siz kitob yozishni yaxshi koʻrasizmi? – dedi kelin.

– Ha, yaxshi koʻraman, – deya dadam kulimsidilar.

– Ishqilib, hamma ham oʻzicha bir narsani yaxshi koʻrar ekan-da, – dedi kelin, goʻyo qadrdon doʻsti bilan miriqib soʻzlashmoqchiday, oyoqlarini chalishtirib. – Mening akam kiyinishni yaxshi koʻradi. Uning qoʻsha-qoʻsha qiyiq bogʻlab, baland poshna etik kiyib, koʻchada gʻarch-gʻurch bosib yurganini koʻrmagansiz-da. Hamma tomosha qiladi… Shu akam oʻtgan yili Qurbon bayramiga chiqmadi.

– Ha, ha, nega chiqmadi? – Dadam qalamni qoʻyib ajablanganday jiddiy tus oldilar.

– Akam Toʻlagan koʻnchining uyida xizmat qiladi. Bayram oldidan xoʻjayinidan yillik xizmat haqini olib, oʻziga bosh-oyoq kiyim qildi. Hammasini olibdi-yu, faqat qiyiqchasiga qolganda puli yetmabdi. “Qiyiqcha bogʻlamay bayramga chiqamanmi, chiqmayman!” dedi. Oyim: “Hayitga chiq, bolam”, deb yalindilar, baribir chiqmadi. U juda oʻjar, bir soʻzli.

– Chiqmay chakki qilibdi-da. Axir, bogʻlab yurgan qiyiqlar yoʻqmidi?

– Bor edi qoʻsha-qoʻsha… “Hammasi yangi boʻlsin”, dedi-da. Eskisini bogʻlab chiqqani uyaldi.

Shu vaqt kelinning dadam oldida “suhbatlashib” oʻtirganidan xabar topishdi, shekilli, Xonim bibim tavoze bilan asta kirib: “Kelin poshsha, bu yoqqa chiqing, yumush bor”, dedilar va boshlab olib chiqib ketdilar. Tashqariga chiqqach, kelinga qarab achchigʻlanganicha nimalarnidir soʻzladilar.

Kechqurun mehmonlarni kuzatgach, biz darhol dadamga kelin haqidagi oʻz eʼtiroz-fikrlarimizni bildirdik. U kishi kulib tinglab oʻtirib, oyimga:

– Kelin… joyida, lekin tarbiya koʻrmagan, – dedilar. – U bamisoli qogʻozdan yasalgan gul… Husni bor-u, xush boʻyi yoʻq… Bunga aybdor oilasi, oʻqimaganligi, saviyasizligi…

 

Habibulla QODIRIY

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.