Kitob

0
242
marta koʻrilgan.

Bugun kitobim chiqdi.

Har gal yangi kitobim chiqishi bilan birinchi nusxasini onamga atar edim. Har gal bir xil soʻz yozib berardim: “Birinchi oʻqituvchim – onamga!” Onam kitobni koʻrishi bilan koʻzlari quvonchdan porlab ketar, uzundan-uzoq duo qilar, peshonamdan oʻpib, yakkash bitta gapni takrorlar edi.

 – Sen mening suyangan togʻimsan, oʻgʻlim…

Keyin xuddi birov olib qoʻyadigandek, kitobni yostigʻining tagiga yashirardi. Shunda men kitobim chiqqani uchun oʻzimdan koʻproq onam quvonganini bilib turardim.

Bir kuni mahallaning narigi chekkasida turadigan nonvoynikiga kirib qoldim. (Nima yumush bilan borganim esimda yoʻq.) Qarasam, yogʻoch soʻrida kitobim yotibdi. Varaqlari titilgan, oftobda sargʻayib ketgan. Qiziqib qoʻlimga oldim. Oʻqisam, oʻzimning dastxatim: “Birinchi oʻqituvchim – onamga!”

Oʻshanda nima uchun bunday ahvolga tushganimni bilmayman. Xuddi birov meni masxara qilayotgandek boʻlib ketdi. Kelib onamga toʻngʻilladim:

 – Kitobni yetti mahalla nariga tashlab keling, deb berganmidim sizga!

Onam aybdor qiyofada maʼyus jilmaydi.

 – Mavlu hech qoʻymadi-da, bolam. “Bitta oʻqib beraman”, dedi.

 – Mavludagacha yana mingta qoʻldan oʻtgani koʻrinib turibdi, – dedim zarda bilan. – Maqtangansiz.

 – Oʻzingni siqma, jon bolam. Hozir olib kelaman.

Chindan ham, oʻsha kuni kitob qaytib keldi…

Har gal kitobim chiqsa, onam bir gapni aytardi:

 – Sen mening suyangan togʻimsan, oʻgʻlim…

Bilmagan ekanman, men onamning emas, onam mening suyangan togʻim ekan. Togʻim toʻsatdan qulab tushdi.

Bugun yangi kitobim chiqdi. Birinchi nusxasini emas, bitta nusxasini emas, oltmish ming kitobning hammasini onamga bagʻishladim. Lekin…

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

“Dunyoning ishlari”dan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.