Keksa tut

0
231
marta koʻrilgan.

Tepki zarbidan keksa tut daraxti qattiq seskandi.

U bu xil kutilmagan zarbalarga koʻnikib ketgan esa-da, negadir bu galgisiga chidashi xiyla qiyin kechdi. Keksa tanasi ich-ichidan qaqshab, novdalarigacha zirillab va titrab ketdi. Shunga qaramay, pinak buzmaslikka urindi – ichdan toʻlqin urgan ingrogʻini shabadada tebranayotgan yaproqlari shovuriga koʻmib, odatdagidek, qaddini adil tutdi.

Keksa tutni Ashur uzunning toʻngʻich oʻgʻli tepgan edi.

U tomorqa adogʻidagi dashtdan inilaridan avvalroq qaytarkan, tutqich bermas raqibi – Yovqoshning alamini tutdan olgan – oʻzicha hovurini bosgan edi. Chunonchi, keksa tutning vaqt-bevaqt tepkilanib turishi azaliy odat – qoʻshnilar avvaliga yoqalashadi, soʻng dasht boʻylab quvlashadi va izlariga qaytayotib, albatta, uni bir-ikki tepib oʻtishadi. Shu bois, keksa tut navbatdagi tepkilarni chidam va sabr bilan kutmoqda edi. Ammo shuncha kutsa-da, kutilgan zarbdan darak boʻlavermadi. Boisi, uni tepkilab oʻtishi lozim boʻlgan Ashur uzunning ikkinchi oʻgʻli bu vaqtda iziga qayrilib, oqshom pardasi qaʼridan otasini qidirmoqda edi.

Tomorqa adogʻidagi doʻnglikda hanuz oʻziga kelolmay, harsillab oʻtirgan Ashur uzun oʻzini qidirishayotganini sezib, qoʻlidagi soʻyilga tayanib, zoʻrgʻa qaddini tikladi. Soʻng oʻzini tetik va bardam koʻrsatishga tirishib, dashtga koʻz tashlagan, Yovqoshning qorasini ilgʻashga uringan boʻldi. Biladi, bu keng dashtning qaysi bir burchiga biqinib olgan raqibi hali-veri qora bermaydi. Bu tomon toʻla-toʻkis hovuridan tushmaguncha biqingan joyidan chiqmaydi. Har safar shu ahvol – Yovqosh osongina qochib qutuladi, Ashur uzun esa unga yetolmay dogʻda qolaveradi. Qani endi, mana shu soʻyil bilan yelkasiga boplab bir tushirsa, soʻng tagiga bosib, xumoridan chiqqancha piypalasa. Esingdami, bir zamonlar oldingga solib quvlarding, xoʻsh, endi holing qalay, deya yuziga bir-ikki musht tushirsa! Biroq Yovqosh kiyikdek epchil – sira tutqich bermaydi, hatto oʻgʻillari ham quvib yetolmaydi uni. Yo qoʻrqqan odam uchqur boʻlarmikan? Darvoqe, bir vaqtlar oʻzi ham Yovqoshga tutqich bermasdi-ku! Ha-a, oʻgʻillari unda goʻdak edi, qoʻshnisining oldiga tushib qochmoqdan boʻlak iloji qolmasdi uni.

Endi esa…

Yovqoshdan qochib yurgan davrlarini eslab, Ashur uzunning gʻazabi qaynaydi. Qoʻlidagi silliq soʻyilni mahkam changallab, yana bir sidra dashtga koʻz yugurtiradi. Keyin oshiqmay, gʻolib qiyofada yoʻlga tushadi. Katta oʻgʻli allaqachon hovliga yetgan, ikkinchisi, ana, tutdan beriroqda, polizga qoʻyilgan qoʻriqchiday, hanuz soʻppayib turibdi, uchinchisi, qoqilib tushgan shekilli, oqsoqlanib bormoqda. Uning izidan pildirab borayotgan kenjasi bu yil yettiga toʻlgan, “quv-quv”ga ilk bor ishtirok etishi… Ashur uzun mamnun ishshayadi: “He-e, otasining uli, boʻsh kemaysan!”

Ashur uzunning doʻngdan ena boshlaganini koʻrgan ikkinchi oʻgʻil asta yoʻlda davom etarkan, keksa tutga yetganda, xuddi jin chalgandek, birdan unga tashlanib qoldi. Avvaliga kaftlari qirrasi bilan tutning gʻadir-budir tanasiga ketma-ket zarba berdi, soʻng bir necha bor tepdi, shoʻrlik daraxtni Yovqoshga qiyoslab, oʻzicha, boplab poʻstagini qoqqan kishi boʻldi.

Keksa tut, odatdagidek, zarbalardan emas, adadsiz kek, cheksiz nafrat va adovatdan qaltirab ketdi. Tavba, odam bolasi shuncha narsani qanday qilib koʻngliga sigʻdira olarkan? Yuragi tars yorilib ketmaganini buning!

Yigitcha tutdan uzoqlasharkan, soʻqmoqda yotgan mushtday kesakni ham tinch qoʻymadi. Uni bor kuchi bilan qoʻshni tomorqa tomon tepib yubordi. Keyingi tepkisidan esa soʻqmoq boʻyidagi gulxayri qoq belidan chirt uzilib tushdi. Bu ishidan mamnun boʻlgan yigitcha, tepmoqqa narsa qidirib, zimdan tevarakka alangladi. Shunda uning koʻzi shudgordan naridagi bedapoya chetiga qantarigʻli Yovqoshning eshagiga tushdi. Bir oʻyi uni tepkilab tashlamoqchi boʻldi. Biroq shudgor kechib yurishdan erindi.

Aslida bugungi janjal ushbu shudgor tufayli yuzaga kelgandi. Yovqosh ekindan boʻshagan yerini haydatarkan, yovvoyi oʻt ildizlarini terib, soʻqmoq yoqasiga uygandi. Keng ikki tomorqa oʻrtasidagi soʻqmoq umumiy esa-da, bu holat Ashur uzunning gʻashiga tegadi. Oqibat, yana oʻrtada urush chiqib, koʻpchilikka bas kela olmagan Yovqosh, oʻziga oʻgʻil tugʻib bermagan xotinini laʼnatlab, tagʻin qochmoqqa tushadi.

Keksa tutning endigi hadigi oqsoqlanib kelayotgan yigitchadan edi. Bir ozdan soʻng uning oʻzi bilan oʻzi ovoraligini sezgach, xiyol yengil tortdi. Holbuki, jangarilikda bu yigitcha akalaridan sira qolishmaydi. Ularga taassub qilib, tutga koʻp azob beradi. Xayriyatki, eng keyinda pildirab kelayotgan kenja oʻgʻil bu borada akalaridan ulgi olmagan, tutni yaxshi koʻrgani bois kunda bir necha marta unga tirmashadi. Azaldan bolalarga mehri baland keksa tutga uning bu qiliqlari juda xush yoqadi.

Ayni damda keksa tut shuni istamoqda edi. Johil yigitchalar tepkisidan karaxt tortgan tanasiga bolakayning kelib suykalishlari xuddi malhamdek tatiydi-da. Biroq bolakay hali huv narida, to u yetib kelgunga qadar keksa tut “tepkichilar” tomonidan qoldirilgan yomon hislarni oʻz tanida tuyib turishga majbur edi.

Keksa tut barcha dov-daraxtlar kabi tashqi muhitga, shuningdek, yaxshi-yomon tuygʻularga gʻoyatda sezgir edi. Tanasiga tekkan barmoqlardanoq kaft egasining kayfiyatini darrov uqib oladi. Qisqasi, u mehrdan yayrab, qahrdan titraydi. Biroq nochor jihati shunda ediki, daraxtlardagi bu holatni odam bolasi payqay bilmaydi. Masalan, ular uchun bu daraxt oʻzi unib-oʻsgan shunchaki bir tut edi. Pilla qurti davrida, jonini ogʻritib, novdalarini chala-yarim kesib olishadi-da, qolgan payt u bilan birovning ishi boʻlmaydi. Keksa tut esa tigʻ tegmagan novdalarida qolgan mevalari bilan bolalarni siylamoqni yoqtiradi, misli yoqutday tovlanuvchi mevalariga bolalarning ogʻzi tekkani sari, gʻalati bir hisdan sarmastlanib, bejiz quyoshdan nur emib, bejiz zamindan quvvat olmayotganini tuygandek boʻladi.

Keksa tut ildiz otgan bu zamin qadimda yaydoq dashtning chekka bir boʻlagi edi. Vosiq polvon koʻchib kelganda, qishloq hozirgidan koʻra, yuz baravar kichik, yer degani bisyor edi. Vosiq polvon oʻzini qora tortib kelgan jonajon doʻsti Bakir polvonga oʻziga tegishli yerning teng yarmini hadya etganida, ushbu tut ikki yer oʻrtasida belgi boʻlib qolgandi. U paytda doʻstlar endigina uylanishgan, yagona shirin orzulari bir etak polvon oʻgʻil koʻrish edi. Biroq bandasining istagi emas, Xudoning buyurgani boʻladi degandek, toʻngʻichlarida polvonlik siyogʻi sezilmagach, Vosiq polvonning qovogʻi osilib, xomush tortadi. Bakir polvon joʻrasidan ham koʻra, oʻzini yupatmoq ilinjida deydi: “Suyagini qotirib, mehnatga solsak, odam boʻp qolishar…” Bunga javoban Vosiq polvon keng koʻksini siypab-siypalab, umidsiz bir ohangda deydi: “Boʻlar bola boshidan deganlar! Bekorga ovora boʻlasan, bulardan ikki dunyoda ham polvon chiqmaydi!” Ammo shunga qaramay, joʻralarning umidlari katta edi, axir bellari toʻla bola, hali bunaqa oʻgʻillardan kim qanchasini koʻrishadi. Biroq yana oʻgʻil koʻrish doʻstlarga nasib etmaydi. Ayni qishda Bakir polvonning ota yurti boʻlmish togʻ qishloqlaridan biriga toʻyga otlanishgan joʻralar yoʻlda qor koʻchkisi ostida qolishadi…

Shunday qilib, doʻstlar soʻnggi nafaslarigacha ahil qoldilar. Turgan gap, ular oʻgʻillarini ham shunday boʻlishlarini istashar edi. Biroq yomgʻirli kuz oqshomlaridan birida Vosiq polvon tuzatib boʻlmas bir xatoga yoʻl qoʻygandi. U toʻrda xirmonday boʻlib yonboshlab yotarkan, bexosdan ogʻzidan shu gap chiqib ketadi: “Bakir polvonning yeri aslida bizga tovin, doʻstligimiz vajidan yerning teng yarmini hadya etganman unga…” Vosiq polvon bu gapni ne maqsadda aytdi, bunisi qorongʻi-yu, har holda oʻshanda ovozida zigʻircha taʼna yoʻq edi. Ammo bu gapni poygakroqda, qalin kigiz ustida oʻynab oʻtirgan tor manglayli bola – Ashur uzun qulogʻiga qoʻrgʻoshinday quyib olgandi. Oradan sal vaqt oʻtib-oʻtmay, u tengquri Yovqoshga pisanda qiladi: “Uv-v, bilasanmi, silarni yerlaring aslida bizniki…” Yovqoshi tushmagur xiylagina dadil bola edi, tap tortmay, bosh barmogʻini boshqa barmoqlari orasiga joylab, mushtumini uning burniga taqaydi: “Shu gapingga manovuni yebsan!”

Odatda, iliq-issiq kunlarida joʻralarning tushki choyxoʻrligi va boshqa shu kabi tadbirlari oʻrtada doʻstlik ramzi sifatida qad rostlab turgan keksa tut soyasida kechardi. Biroq ularning oʻgʻillari bu goʻzal udumni davom ettirmadilar. “Yer” deya yovlashdilar. Holbuki, yerning Ashur uzunga sira keragi yoʻq edi. Tabiatan mayda va xudbinligi bois, shunchaki, gʻayirligi kelardi. Bu borada Vosiq polvon adashmagan – polvonlik siyogʻi yoʻq bu yigitlar maydalikdan tashqari, oʻlgudek johil va nodon ham edilar. Ashur uzun keng bagʻirli boʻlolmaganidek, Yovqosh ham oriyatga oshna tutinmadi, ol yeringni, deya oʻzga manzilda tomir otmadi. Qaytanga “Senga yer berguncha, oʻzimning qora yer boʻlganim yaxshi!” deya tirashishda davom etdi. Vaholanki, u paytlarda ham yer qahat emasdi.

Ular oʻrtasidagi ilk jiddiy toʻqnashuv Ashur uzun oʻgʻil koʻrgan yili yuz beradi: “Bola-chaqamga yer kerak, boʻshat tomorqamni!”, deydi. Yovqosh uni mazaxlab, qogʻoz koʻrsat, deydi. Ashur uzun bu safar oʻzini tutolmay, uning yuziga boplab bir tarsaki tushiradi. Ana shunday soʻng Yovqoshga xudo beradi… Unga bas kelmoqqa chogʻi yetmagach, Ashur uzun sharmandalarcha qochmoqni boshlaydi.

Yovqosh quvlaydi.

Ashur uzun qochadi.

Bu “quv-quv” kelinchaklarning koʻz oʻngida sodir boʻladi. Boshda ular rosa oh-voh koʻtarishadi. Soʻng-soʻng esa binoyidek koʻnikib ketishadi, negaki, bu narsa bora-bora odatiy holga aylanib, erlari haftada bir-ikki quvlashmasa, yeganlari ichiga tushmaydigan darajaga yetishdi-da.

Odatda gʻidi-bidini Ashur uzun boshlab beradi. Anchayin mehnatkash boʻlgan Yovqoshning saʼy-harakati tufayli gullab-yashnab turgan qoʻshni yerga qararkan, ichidan qirindi oʻtib, oʻz-oʻzidan alami toshib kelaveradi:

– Otamning yeri bu!..

Bu yogʻi esa juda tez… pirovardida, janjal hamisha Ashur uzunning shataloq otib qochishi-yu, Yovqoshning quvlashi bilan yakun topadi. Bu masalani qonun yoʻli bilan hal etish esa, na unisining, na bunisining xayoliga keladi – biri, “meniki”, deya; ikkinchisi esa, “yoʻq, seniki emas, meniki”, deya umrguzaronlik qilib kelishadi.

Ular oʻrtasida janjal qoʻpishi bilan keksa tut ayni qish chillasida kunbotishdan esadigan achchiq izgʻirin zahrini tuyganday boʻladi. Faqat achchiq bu izgʻirin kunbotishdan emas, misli urishqoq xoʻrozlarday bir-biriga xezlangan ikki qoʻshni vujudidan ufuradi. Qish izgʻiriniga, harchand achchiq boʻlmasin, toqat qilish mumkin, ammo johil bu kimsalar jismidan ufurayotgan gʻazab va nafrat toʻfoniga bardosh bermoq gʻoyatda mushkul. Buning ustiga, bu kamdek, ular quvlashganda ham, qaytishganda ham keksa tut yonidan oʻtisharkan, iziga qaytishda, uni tepib qoʻyishni sira kanda qilishmaydi, yaʼni taʼqibchi tutqich bermagan gʻanimi alamini daraxtdan oladi. Shoʻrlik keksa tut bu “tepki”lar zarbidan oʻziga kelishga ulgurmay, tomorqa adogʻida qochoq – magʻlub tomon paydo boʻladi. Ammo u tutni tepmaydi, unga gʻamgin suyanadi. Keksa tutning unga ichi achiydi, yashil yaproqlarini shivirlatgancha bechoraga dalda bergan boʻladi.

Boshda Ashur uzun uning rahmini keltirardi. U Yovqoshdan bir amallab qochib qutularkan, iziga qaytishda, tutning yonida toʻxtar, unga yelka tirab, qoʻshni kulba tomon gʻanim koʻzi bilan tikilar ekan, raqibidan oʻch olishning ming bir yoʻllarini oʻylar va soʻng otasi Vosiq polvonning kuchi oʻzida yoʻqligidan juda-juda oʻkinardi. Mabodo, moʻjiza yuz berib, Vosiq polvonning kuch-qudrati oʻgʻliga qaytar boʻlsa, Ashur uzun deganlari otasiga oʻxshab davralarga tushib oʻtirmasdi, qishlogʻi ori uchun oʻzga yer polvonlari bilan kurashib yurmasdi, ado etadigan birdan-bir ishi – laʼnati Yovqoshni yerga bosib, obdon mijiqlash boʻlardi, xolos. Bunday paytda u raqibini shu qadar yomon koʻrib ketardiki, nazarida, qoʻshnisi Yovqoshning tumshugʻini yerga boplab ishqalash vajidangina bu yorugʻ olamda nafas olib yurgandek tuyardi oʻzini: “Yaramasni tagimga bosib, anjirday ezgʻilamasam, toza armonda ketaman-ov!” – deb oʻylardi.

Uning armonlarini tuygan keksa tut yashil yaproqlarini silkib, bobo quyoshning charogʻonligi-yu, ona zaminning hayotbaxsh tafti xususida ohista shivirlab, tiriklik ulkan baxt ekanligini uqtirishga behuda urinardi. Va dilidagini bu johil kimsaga anglata olmagani sayin, har safar, ich-ichidan darz ketib borardi.

Bu orada Ashur uzunning oʻgʻillari ulgʻayib, vaziyat tubdan oʻzgardi. Endi magʻlub sifatida Ashur uzunning oʻrnini Yovqosh egalladi. U gʻolib ota-bolalarning oldiga tushib qocharkan, qaytishda xuddi Ashur uzundek tutga suyanadi, ter bosgan manglayini uning gʻadir-budir tanasiga tirab, alamdan koʻzlarini namlaydi, oʻziga oʻgʻil bermagan Xudodan noliydi. Keksa tut tagʻin borliqning ulugʻvorligi-yu, havoning musaffoligi toʻgʻrisida soʻzlab, uning koʻngliga mehr iydirmoqchi boʻladi. Ming afsuski, Yovqoshning toshqotgan koʻngliga mehr degani sira singmaydi, adovatga toʻla qalbi bu xil narsalarni chuchmal his etib, tuflab tashlayveradi.

Bunga sari keksa tutning tomiriga muz yugurgandek boʻladi. U gohida shu sozda qurib qoʻya qolgisi keladi. Biroq borliq uning oʻlmogʻiga izn bermaydi – tanasini qoʻchib turgan alamzada koʻlanka uni tark etishi bilan shoxiga qushlar kelib qoʻnadi, mayin shabada yaproqlarini tortqilaydi, quyosh moʻl-koʻl nurini undan ayamaydi, shunda u zamin tarovatini qayta his etib, yengilgina kerishib, tevarakka masʼud nazar tashlaydi va uzoq-yaqindagi dov-daraxtlarga yel orqali salom yoʻllagan koʻyi, argʻimchoq uchadigan qizlarni ilhaq kuta boshlaydi. Qizlar shoxiga arqon tashlab, argʻimchoq uchganida, ularga qoʻshilib, yayraydi, shodlikdan “qiyqiradi”, yaʼni yashil yaproqlarini shoʻxchan tebratadi.

Qizlarning argʻimchoq uchishlari hovli etagida Ashur uzunning qorasi paydo boʻlgunga qadar davom etadi. Qizlar Yovqoshniki. Ular Ashur uzunni payqashi bilan tutni oshigʻich tark etishadi va bolaligiga borib, baʼzida arqonni unutib qoldirishadi. Unutilgan arqon Ashur uzun tomonidan pichoqda boʻlaklanib, qoʻshni tomorqaga uloqtiriladi.

Ashur uzunning arqonni burdalash paytidagi vajohati keksa tutni doimo dahshatga soladi. Bu onda Ashur uzunning vujudidan shunday bir yovuz quvvat ufuradiki, tut bu quvvat taʼsirinigina emas, rangi va koʻlankasini ham ilgʻaydi. Qoramtir tusdagi bu koʻlanka xunuk tebranib, tevarak-atrofga yoyilganda, quyosh soʻnik, zamin taftsiz tuyulib, u karaxtlashadi, yaʼni xuddi birov chopmoq niyatida bolta koʻtarib kelganday, qoʻrquvdan oʻzini yoʻqotib qoʻyadi.

Bugun Ashur uzun soʻqmoq boʻyidagi yovvoyi ildizlarni qoʻshni yerga jahl bilan uloqtirmoqqa tushganida, keksa tut qushlar chugʻuridan mast edi. U kechki yotoqqa hozirlik koʻrayotgan hurkak chumchuqlar galasini kiftida erkalab, ularning chugʻur-chugʻuridan huzur qilayotgan edi. Ashur uzunning bejo xatti-harakatlaridan qushlar hurkib qochgach, tanho qolgan daraxt yuragini hovuchlagancha voqeaning davomini kuzata boshladi. Ana, Ashur uzun yovvoyi ildizlarni uloqtirish bilan kifoyalanib qolmay, oʻz hovlisi kunjagida ketmondasta yoʻnib oʻtirgan Yovqoshning tepasiga oʻdagʻaylab bordi. Odatdagi, qisqa olishuvdan soʻng qoʻshnisining qoʻli baland kelib, Ashur uzun yerga choʻzilarkan, boʻgʻizlangan buqaday boʻkirib, oʻgʻillarini koʻmakka chorladi. Oʻgʻillari miltiqning oʻqiday uydan otilib chiqishlari bilan Yovqosh yer hidlab yotgan Ashur uzunning ketiga bir tepib, oyogʻini qoʻliga oldi…

Qoʻrqib ketgan keksa tut Ashur uzunning toʻngʻich oʻgʻli tepkisidan oʻziga kelganida, “quv-quv” allaqachon nihoyasiga yetgan, Yovqoshni quvlab yetolmagan “qoʻshin” parokanda bir ahvolda iziga qaytmoqda edi. U, hansirashgancha, tanasiga qotinib oʻtayotgan yigitchalardan taralayotgan qora quvvat – adadsiz kek, cheksiz adovatdan jonsaraklanib, tevarakka razm solganda, quyosh allaqachon pinakka ketgan, boya uni oshigʻich tark etgan qushlar chugʻuri qoʻshni dov-daraxtlardan kelar, shuningdek, qiqirlab kulishlari koʻngliga xush yoquvchi qoʻshni qizlardan ham endi umid yoʻq. Uning birdan-bir ilinji Ashur uzunning miqtigina kenja oʻgʻlidan edi. Kattalarning betayin janjali tufayli yuzaga kelgan tanidagi ogʻriqqa, har galgidek, bolakayning bolalarcha maʼsumligi malham boʻlishi mumkin edi.

Keksa tut oqsoqlanayotgan akasi izidan pildirab kelayotgan bolakayga ilhaq termularkan, kuni kechagina uni shoxlari orasiga olib erkalaganini esladi. Yovqoshning qizlari bir shoxida argʻimchoq uchganida, ikkinchi shoxida bolakay oʻz oʻyini bilan andarmon boʻlgan, soʻng qizlarga qoʻshilib argʻimchoq uchgan. Keksa tut bu xil shoʻxchan damlarning uzoqroq davom etishini istaydi. Biroq keng tomorqa boshidagi devorsiz hovlilardan birida Ashur uzun paydo boʻlishi bilan qizlar tutni tark etishadi. U boʻshab qolgan quchogʻini kerganicha qolaveradi. Ular orasida faqat bolakaygina kattalar kayfiyatiga boʻysunmaydi, shoxlari orasiga joylashib oʻtirib olgancha, keksa tutni goh ot, goh mashina, goh samolyotga qiyos etib, berilib oʻynashda davom etadi.

Bu orada bolakay ariqchadan chaqqon sakrab, oqsoq akasini quvib oʻtdi. Ana, bu yogʻi koʻp qolmadi, yana bir necha soniyadan soʻng u tutning yoniga kelib, har safargidek, unga suykaladi, quchadi. Keksa tut hademay yuz berishi lozim boʻlgan bu tanish lazzatdan huzurlanib, beixtiyor, sarxush tortarkan… tuyqusdan qattiq seskanib tushdi. Yo dorigʻ, bolakay xuddi akalaridek, uni tepgandi. Keksa tut zaif tepki zarbidan emas, ushbu tepkining yuzaga kelmogʻiga sabab boʻlgan nafratdan seskangandi. Tavba, qachon u adovatga oshna tutina qoldi? Axir salgina burun uning qalbida begʻuborlikdan oʻzga narsaning oʻzi yoʻq edi-ku! Nahotki, kattalardagi bu noqis illat shu qadar yuqumli boʻlsa?!

Keksa tut bu savollarga javob topolmay, bir muddat ang-tang turib qoldi-da, soʻng bolakayning navbatdagi tepkisini koʻtarmoqqa chogʻi va bardoshi yetmay, nolakor gʻirchillagancha, gursillab yerga quladi…

 

Normurod Norqobilov

 

“Ijod olami”, 2018/1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.