Kechikkan bayram

0
148
marta koʻrilgan.

Bu safar yangi yil arafasida Akmal doʻxtirning omadi keldi: bayram oqshomi navbatchilik qilishdan qutulib qoldi, bu ish boshqa vrach chekiga tushdi. Shu bois u hamkasblari bilan xayrlashgach, tushdan keyin bozorlikni oʻzgacha ishtiyoq va did bilan qildi, ayniqsa meva-chevani erinmasdan saralab oldi, xotini Shohistaning “kattalaringizga Xudo qanday insof berdi” degan kinoyasiga esa “sizning ohu zoringiz dilini yumshatgan-da” deb hazil aralash javob berib qoʻyaqoldi. Rafiqasining xursand boʻlib, dasturxon tuzatayotganidan zavqlanib yana gap qoʻshdi:

– Qarang, bir haftalik quruq sovuqdan keyin qor ham yogʻa boshladi. Buyam siz uchun, ayasi…

Besh yildan beri erining oila davrasida ilk bor oʻtirishi mumkinligidan dili taskin topgan boʻlsa-da, Shohista ichidagi gapni yashira olmadi:

– Lekin, bilib qoʻying, bu oqshom biz bilan boʻlasiz, qoʻshni yoki oʻrtoqlarnikiga tabriklashga borish yoʻq, xoʻpmi?

– Xoʻp-xoʻp, xotinboy, osmon uzilib yerga tushsa ham shu bugun uydan chiqmayman. Sizning gapingizni ikki qilguncha sakkizta, boring-yey, ana, saksonta shaytonning boʻyni chirt uzilib tushsin!

Hayotning qizigʻi shundaki, u insonning izmida yurmaydi. “Nonni katta tishlasang ham gapni katta gapirma”, deb bejiz aytishmagan ekan. Bu gal ham shunday boʻldi. Aniqrogʻi, er-xotin oʻrtasidagi oʻsha qizgʻin gap ustida eshik qoʻngʻirogʻi jiringladi. Xotinining “ana, boshlandi, ogʻir kasal keldi, bormasangiz boʻlmaydi, deb kelishgan” deyishi barobarida Akmal “obbo, shu shayton qurgʻur haqida bekor gapirdim-ov” deb oʻzicha pichirlab qoʻydi.

Erining eshik ortida kim bilandir uzoq gaplashganidan xavotir olgan xotin uning uyga jiddiy qiyofada kirib kelishidan tashvishlandi:

– Yana oʻsha gapmi, hozirgina navbatchilikdan qutildim degan edingiz, nima, sizdan boshqa vrach yoʻqmi kasalxonada?

– Hovliqmang, xotin, bular Kitobdan kelishibdi. Shogirdim. Ogʻaynisining homilador xotini juda ogʻir ekan. Ichida yiring bor emish. Operatsiya qilmasa boʻlmaydi. Oʻzining kuchi yetmayapti.

– Ogʻayningizning hushi joyidami? Kitob qayerdayu, Samarqand qayerda, shu ob-havoda dovondan oʻtib boʻlarkanmi?

Xotinining javrashiga qaramasdan Akmal yotoqxonaga oʻtib kiyina boshladi.

– Shohista, mana, qarang, soat besh boʻldi. Nasib etsa, 4-5 soatda qaytib kelaman. Yangi “Neksiya”da kelishibdi, yoʻldan xavotir olmang. Koʻrasiz, soat oʻn ikkida ikkovimiz siz tuzagan stol atrofida shampan vinosi ichamiz. Xotinining chehrasini ochish uchun qoʻshib qoʻydi:

– Gippokrat nomi bilan qasam ichaman…

Aslida-ku bu holat yangilik emas, boz ustiga erining xarakterini yaxshi bilgani uchun jahli chiqib turgan Shohista samimiy hazildan soʻng hovuridan tushdi, hatto zarur narsalarni olishda unga koʻmaklashdi.

Ochigʻi, Akmal hamqishlogʻi, yaqin shogirdining iltimosini rad eta olmadi. Yoʻl azobini rulda oʻtirgan haydovchi tortgan boʻlsa bordir, biroq doʻxtir uch soat hamrohi bilan kasallik tarixini muhokama qildi, tahlillar natijasi yuzasidan yoʻl-yoʻlakay uyali telefon orqali tajribali hamkasblaridan maslahat olib bordi. Faqat bir yerda – Taxtiqoracha dovonidan narigi tomonga tushishda mashina sirpanib, yoʻl yoqasiga chiqib ketganida hamma qatori “voy” deb yoqasiga tupurib qoʻydi, ichida “falokatdan asrasin” deb pichirladi.

Qishloq shifoxonasiga kelib bemor ahvolini koʻrgach, bu yerda yoʻl azobidan ming chandon ogʻir holatga duch keldi. Yigirma besh yoshdagi ayol deyarli hushsiz yotardi. Homila toʻqqiz oylik, lekin qorin boʻshligʻida suv yigʻilib, yiringlash boshlangan. Vaziyat shu qadar qaltiski, hatto tananing ortiqcha qimirlashidan ham ichak yorilishi, homilani ham, onani ham nobud qilishi mumkin. Buning ustiga Samarqanddagi kabi yonida tajribali hamkasblari ham yoʻq. Oʻzi xulosa chiqarib, oʻzi operatsiya qilishi kerak.

Toʻgʻri, analizlar olingan, lekin qaltis qimirlatib qoʻysa nima boʻladi? Narkozni koʻtara olmasa-chi? Nima qilish kerak? Xayolida ming bitta fikr kurashadi. Lekin shuncha yoʻl bosib keldi, tajribali doʻxtir degan nomi bor. Hammaning umidi unda.

Shu payt xonaga bir qariya kirib keldi. Shu yerlik shifokorlar xuddi kelishib qoʻygandek birin-ketin chiqib ketishdi.

– Uka, – dedi u, – baraka top, shu ayolga yordam ber.

– Otaxon, qizingizning taqdiri Allohning qoʻlida. Operatsiya natijasiga kafolat bera olmayman.

– Berasan, kafolat bera olasan, uka. Sen haqda eshitganman. Shogirdingni men yuborgandim. Bu ayol esa… qizim emas, xotinim. Birinchi marta farzand koʻrayapman. Shu baxtdan benasib qolmay qariganda, inim, seni xursand qilishga qudratim yetadi, yoʻq dema.

Akmal boshini kaftlari orasiga olib jimib qoldi. Oʻn besh yildan beri koʻp marta ogʻir jarrohlik operatsiyalariga qoʻl urgan. Ammo bu xildagisiga birinchi bor duch kelishi. Cholning iltijosi xayolini chuvalatib yubordi.

– Shavkat!

U beixtiyor baland ovozda shogirdini chaqirib qoldi. Aslida eshik ortida turgan hamma shifokorlar shu chorlovni intiqlik bilan kutib turishardi. Shavkat ichkariga kirib ochiq eshik oldida turaverdi. Nafas olishga ham choʻchiydi. Ana shu bir-ikki daqiqa Akmal uchun qatʼiy qaror qilishga yetarli boʻldi.

– Bemorni ham, jamoani ham operatsiyaga tayyorlang, faqat tezroq! Otaxon, qani, yaxshi niyat bilan fotiha bering…

– Rahmat, inim, bor ekansanu, iloyo Yaratganning oʻzi madad bersin!

Jamoadagi ishtiyoq Akmalga ishonch bagʻishladi. Imo-ishoradayoq har bir uskunani tayyor qilishdi. Nimaga qoʻl tekkizmasin, koʻz oldida cholning iltijoli siymosi gavdalanaveradi: “Qariganda shu baxtdan benasib qolmay…” Endi uning miyasida bitta fikr charx uradi – nima boʻlsa-da onani ham, bolani ham asrab qolish kerak!

Qishning chillasi boʻlishiga qaramasdan jiqqa terga tushdi. Qoʻl-oyogʻi, butun vujudi koʻzga aylandi. Bitta hamshira jarroh yuzidagi terni artish bilan ovora boʻldi.

Besh soat! Jarrohlik xonasidagi ana shu muddat ichida chinakam hayot-mamot uchun kurash ketdi. Bemorning ahvoliga qarab, nafas ololmay qolgan lahzalarni aytmaysizmi! U badiiy asarlarda tibbiy moʻjizalar, bemor ikki dunyo orasida qolgan holatlar toʻgʻrisida oʻqigan. Lekin bugun bunday voqeaga oʻzi duch kelib turardi. Yozuvchilar ham hayotdan olib yozar ekan, deya koʻnglidan oʻtkazdi u.

Katta doya yigʻlayotgan chaqaloqni qoʻliga olganida barcha hamshiralar quvonchdan yigʻlab yuborishdi. Akmalning koʻzi yashnab ketdi. “Xayriyat, Yaratganning Oʻzi qoʻlladi”.

Taqdirning bu muruvvatidan quvonishga hali erta edi, chunki onaning ahvoli hadeganda oʻzgaravermadi, hamon koʻzini ochmaydi, nafas olishi ogʻir. Darmonsizligi yetmaganidek, koʻp qon yoʻqotdi, axir ichidan ozmuncha suv va yiring olishdimi!

Kesilgan joylar tikilgandan keyin ham operatsiya xonasidan hech kim chiqmadi. Vrachlar ham, hamshiralar ham oʻzlaricha nimagadir unnab bir-biridan koʻzini olib qochishadi. Nahotki, shunday goʻzal ayol… Muolaja kor qildimi, Yaratgan quvvat berdimi, ishqilib, bir soat deganda ayol nihoyat nursiz koʻzlarini ochdi, uning peshonasida ter tomchilari koʻrindi, lablari tamshandi, ayniqsa oʻz oʻgʻilchasining ovozini eshitgach, atrofga qaray boshladi.

Koʻngli biroz taskin topgach, Akmal ogʻiz bogʻichini olib, jarrohlik liboslarini yechdi. U yoʻlakka chiqqanda rang-roʻyi oʻchgan otaxon bir holatda turardi. Oʻtgan besh soat uning uchun butun umri bilan teng edi goʻyo. Shu sababli Akmal uning savolini kutib oʻtirmadi:

– Oʻgʻilcha muborak, ayolingiz muborak. U narigidunyodan siz uchun qaytib keldi…

Otaxon qoʻyarda qoʻymay Akmal bilan uning shogirdini uyiga boshlab bordi. Chunki boshqalar uylarga shoshilishdi. Yarim soatlik yoʻl ekan. Hamkasblar ham cholning quvonchini baham koʻrishni istab turishgandi. Darvoza tagida ularni tushovlangan oq qoʻy yonida tik turgan oʻspirin kutib turardi.

– Niyat qilgan edim, mehmon… Bu jiyanim. Qani, polvon, qoʻyni soʻyib, kabobni boshla.

Qariyaning soʻzlariga qishloqning u yer-bu yeridan otilgan mushaklar ovozi ulanib ketdi.

– Soat oʻn ikki boʻpti!

– Ana xolos, qovun tushirdimku-a. Xotinga albatta yetib kelaman, devdim.

– Inim, kelinga oʻzim tushuntiraman, albatta kechiradi. Bugun esa yangi yilni men bilan nishonlaysizlar.

Dasturxon ustida chol bilan tanishib oldi. Uning samimiy quvonchiga, mulozamati va chaqqon harakatlariga havasi keldi. Baribir vrach-da, qaygʻu bilan baxt orasi bir qadam ekanligini eslab qoʻydi. Ichidagi bu gapni tiliga chiqargisi kelmadi.

– Oltmish yettiga kirdim. Ikki marta uylandim, farzand koʻrmadim. Yerim, molim behisob. Togʻ orasida jannat yaratdim. Xotinim ham yetim, hech kimi yoʻq. Duppa-durust edi, men yoʻgʻimda biror ogʻir narsa koʻtarganmi, bilmadim, ikki kunda mazasi qochib qoldi. Yeru koʻkka ishonmasdim, asragan koʻzga choʻp tushadi, deganlari shu boʻlsa kerak-da. Ha, mayli, endi hammasi ortda qoldi. Xudoga bir qiligʻim yoqdi, shekilli. Ammo qoʻlingiz dard koʻrmasin, doʻxtir, nasib etsa, shu oʻgʻilchaning toʻyiga aytaman, kelasiz, oyogʻingiz ostiga qoʻy soʻyaman.

Qisqa tamaddidan soʻng ular cholni ergashtirib yana shifoxonaga kelishdi.

Xayriyat, bemorning ahvoli ancha tuzuk edi. Hatto bolasini emizibdi.

Mashina Samarqandga qarab yoʻl olganida soat millari tungi uchni koʻrsatar, tashqarida esa qor boʻralab yogʻardi. Akmal yoʻldayoq uyiga kirib borishini tasavvur eta boshladi. Ishqilib, xotini xafa boʻlmasin-da.

Akmal yoʻlda uxlagani boismi, darvoza oldida mashinadan tushgach, oʻzini tetik sezdi. Ichkarida jim jitlik, hamma shirin uyquda. U oyoq uchida yurib, kiyimlarini almashtirdi, keyin sekin oshxonaga oʻtdi. Uydagilarni bezovta qilmaslik uchun sham yoqdi. Bezatilgan dasturxon koʻziga shunday chiroyli koʻrindiki… Koʻp taomlarga qoʻl ham tekkizilmagan, rosa kutishibdi-da, deya oʻyladi u. Ikkita qadahga esa shampan vinosi quyilganicha turibdi. U miyigʻida kulib qoʻydi, soʻng qadahni qoʻliga olib oʻzicha qadah soʻzi aytdi:

– Ishqilib, onaning ham, bolaning ham umri uzun boʻlsin!

– Ie, qachondan beri oʻzingizga oʻzingiz gapiradigan boʻlib qoldingiz, dadasi?!

– Voy, Shohista, uygʻoqmidingiz, uzr.

– Sizsiz koʻzga uyqu keladimi axir?

– Yangi yil muborak!

– Sizga ham!

U xotinini mehr bilan bagʻriga oldi. Shohista koʻziga har doimgidan ham latofatli, nazokatli, suluv koʻrindi.

 

Farmon TOSHYeV

 

“Yoshlik”, 2014 yil 9-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.