Katta yoʻlgacha…

0
133
marta koʻrilgan.

Qodir choʻpon shaharga otlandi – oʻgʻlini koʻrgani. Soʻqmoq boʻylab borarkan, yelkadagi yuki ogʻir tuyuldi. Ulovga ulgurishiga koʻzi yetmadi.

– Non oʻrniga tosh solganmi bu?! – kampirini koyib, gʻudrandi choʻpon. U har oʻn-oʻn besh qadamda xaltasini yerga qoʻyib, nafas rostlardi. Uzoqdan velosipedda qushday uchib kelayotgan kimsaga koʻzi tushdi.

– Ishtoning qochib ketmasin, oʻgʻlim? – bu kimsa shimining pochasini paypogʻi ichiga joylab olganini bilgach, gap ildi choʻpon.

– Belimiz bovli, ota. Qochsa, yarashmaydi! – yigit ham boʻsh kelmadi.

– Durust, yomon emassan bola! Yoʻl boʻlsin? – deb choʻpon yukiga engashdi.

– Maktabga.

– Katta yoʻlgacha koʻtarishib yuborasan-da endi!

– Rulni ushlab turing, men oʻzim! – choʻponning qoʻllaridan xaltani oldi-da, velosipediga ortqiladi.

– Shunday qilib, huquqdan dars beraman de?

Yigit tasdiq maʼnosida bosh irgʻadi.

– Qonun nima oʻzi? Kitobiy gap qilmay, dehqonchasiga ayt. Boʻlmasa, tishim oʻtmaydi.

– Mana buni haydashni otam oʻrgatgan, – yigit velosipedning egariga yengil urib qoʻydi. – Boshida ruldan ushlab turardi, keyin egaridan yetaklay boshladi. Bir kuni pedalni qattiqroq bosdim. Zuvillab ucha boshladim. Otam egarni qoʻyib yuborganiniyam payqamabman. Qoʻrqib ketdim. Muvozanatni yoʻqotib, yiqildim.

– Keyin-chi?

– Tuzukroq oʻrganib olmagunimcha, otam egardan ushlab yurdi.

– Buning qonunga nima daxli bor?

– Qonun ham shunday-da axir! Velosipedni yaxshi hayday boshlaguningcha, bizning tilda jamiyatda oʻz oʻrningni topguncha, ha, oʻshangacha bu qoʻllar egarni qoʻyib yubormaydi. Tushuntira bildimmi? Ishonch beradi, demoqchiman.

– Bu deyman, baʼzi joylarda otasi oʻgʻliga velosiped haydashni oʻrgatmas ekan-da, a?

Yigit endi kulgusini osmonga qoʻyib yubordi.

– Qaysi joylarda ekan? – choʻponning gapiga yanayam bosh chayqab-bosh chayqab kuldi.

– Bir joylarda… Toʻngʻichim xotini bilan chetda edi, yaqinda kelishdi. Kelinim saharlab qoʻshni eshikka bitta non, bir piyola qaymoq olib chiqqanida sudga beraman deb janjal koʻtaribdi. Haqorat qildi, deyishibdi. Kelin shuginaning ham ogʻzi tegsin degan-da!

– Endi, ota, oʻzganing qarichi bilan yer oʻlchab boʻlmaydi. Hamma joyning oʻz tutumi bor. Siz aytayotgan oʻsha bir joylarda qoʻyib bersa bulutniyam soʻroqqa tutishadi. Xudo koʻrsatmasin, guli oʻsmay qolsa, nurini qizgʻanayapti deb quyoshgayam iddao qilishadi.

– Ayt-chi, senam otangdan tinmay pul soʻrarmiding?

– Oʻgʻlingiz universitetda oʻqirkan-da?!

– Ishonsang, telefon jiring-ng-ng etsa, bas, kampirim bilan yuragimiz shuvv etadi. Qonuningda oʻqish pulsiz degan gaplar boʻlardi…

– 41-modda. Ammo bu oʻgʻlingizga toʻgʻri kelmaydi.

Qodir choʻpon “Oʻgʻlim odamning yortisimi”, deganday oʻqraydi.

– Dehqonchasiga aytayapman-da, jahlingiz chiqmasin! Bepul umumiy taʼlim olish bizda davlat tomonidan kafolatlangan. Maktab, kollej, litseylar bor-ku – shular. Undan keyin oʻqishni davom ettirishni istasa, universitetga topshiradi. Shundayam bilimi zoʻr boʻlsa, pulsiz oʻqishi mumkin.

Bu gap choʻponning qulogʻiga xuddi “Oʻgʻlingizning bilimi yoʻq ekan”, degandek eshitildi.

– Dehqonchasiga, ota, dehqonchasiga! Agar zoʻr boʻlsa, grantga oʻqishga kiradi, pul-mul degan gaplar yoʻq shunda. Boya siz aytayotgan bir joylarda esa hammasi boshqacha. Toʻlovga puling yetsa, oʻqiysan.

– Haligi aytgan moddang-chi…

– Qirq bir!

– Oʻshani ulargayam berib tursak boʻlarkan.

– Obbo siz-ey, oʻzganing qarichi bilan yer oʻlchab boʻlmaydi axir!

Qodir choʻpon bir kaftiga qaradi, bir qarichiga. Katta yoʻlga qanday chiqib olganini sezmay ham qoldi. Xaltasini tushirayotganda uzoqdan avtobus koʻrindi. Muallim pedalga oyoq bosdi. Koʻz oʻngida qushday uchib borayotgan yigitni kuzatib qolarkan, choʻpon ich-ichida, baribir, velosipedning yurib turgani yaxshi-da, deb oʻyladi.

 

Akmal MUROD

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.