Kartina

0
127
marta koʻrilgan.

Qiyom paytida “Paxtakor” kolxozining pravleniyesi oldiga qoʻngʻiznusxa bir avtomobil kelib toʻxtadi. Bu avtomobil rayondan, shahardan tez-tez kelib turadigan avtomobillarga sira oʻxshamagani uchun oqsoq qorovul undan koʻzini olmay, qoʻltiqtayogʻini toʻqillatganicha zinadan tushdiyu, unga yaqin borishini ham, bormasligini ham bilmay anhor koʻprigidan berida toʻxtab qoldi. Avtomobilning ketidan ergashgan chang uning ustidan, yon-veridan yelib-buralib oʻtib bosilgach, eshik ochilib undan ikki kishi tushdi: biri – novcha, ozgʻin, katak koʻylak va pochasi boʻgʻma jigar rang shim kiygan oʻrta yoshlardagi bir kishi; ikkinchisi – qora sochi quloq va boʻyinlarini bosib ketgan, jujuncha kitel va amirkon tufli kiygan pakana bir yigit edi. Yigit koʻprikka tomon bir-ikki qadam bosdiyu, barmogʻi bilan imlab, qorovulni chaqirdi.

– Mumkinmi?.. Rais qayerda?

– Salom, kelsinlar… Majid akam daladalar.

Yigit, gap soʻrashdan oldin salom bermaganidan xijolat tortdi shekilli, oʻngʻaysizlanib, qansharini qashladi.

– Partiya tashkilotchisi qayerda?

– Oʻrtoq Hatamovami? U kishi ham dalada.

– Telefon yoʻqmi?

– Yoʻq hisobi, yaxshi yurmaydi… Qani, bu yoqqa… Kim kerak boʻlsa, hozir xabar qilamiz. Paxtachilik institutdanmisizlar?

– Yoʻq.

Mehmonlar koʻprikdan oʻtishdi, lekin qorovulning qistashiga qaramay, ichkariga kirishmadi. Qorovul koʻchaning u yuziga oʻtib qayergadir kirib chiqdi, kimnidir chaqirdi, kim bilandir gaplashdi. U qaytib kelganda novcha kishi imoratga uzoqdan koʻzini goh qisib, goh katta ochib qarar: pakana yigit uning kolonna va devorlariga chertib, deraza va eshiklarining boʻyogʻini tirnab hidlab koʻrar; ikkovi bir-biriga qarab dam-badam “Tipik, tipik!” deb qoʻyar edi.

– Bu imorat qachon solingan? – dedi pakana yigit.

– Urush boshlangan yili poydevor qoʻygan edik, urush davrida bitirishibdi.

– Siz yoʻqmidingiz? Urushdamidingiz? Oyoqni qayerga qoʻyib keldingiz?

– Oyoqni Qrimga qoʻyib keldik.

Xayal oʻtmay partiya tashkilotchisi Hatamova keldi. U, oʻzi yosh boʻlsa ham, sochiga oq oralagan, oddiy kolxozchi xotinlardan edi; mehmonlarni xotinlarga xos mulozamat va shirin soʻzlik bilan kabinetiga taklif qildi. Mehmonlarni u ham paxtachilik institutidan deb oʻylagan edi, biroq novcha kishining pochasi boʻgʻma shimini koʻrib ikkilandi shekilli, nima deyishini bilmay qoldi.

Mehmonlar bir-birini tanishtirdi.

– Yosh shoirlarimizdan Quvvatbek, – dedi novcha kishi.

– Yosh rejissyorlarimizdan Gʻaniyev, – dedi pakana yigit.

Hatamova mamnuniyatdan qizarib, taʼzim qildi.

– Qadamlaringizga hasanot! Shoirlarimiz, sanʼatchilarimiz mana shundoq yoʻqlab kelishsa, qandoqyaxshi! Kitobga, sanʼatga kolxozchilarimizning havasi zoʻr. Oʻzimizdan chiqqan shoirlar ham bor. Milliy muzika toʻgaragimiz yana ishga tushdi. Urush davrida yotib qolgan edi. Lekin hammasi ham hali usta koʻrmagan shogird. Ikkita shoirimiz bor, lekin rayon gazetasi ikkovini ham tan olmaydi: sheʼr yuborishsa, nuqul “xabar yozing” deb javob keladi. Yanagi yilga kichikroq boʻlsa ham sahna qurish niyatimiz bor. Klubimiz torlik qiladi… Zab kelibsizlar-da! Rahmat!

Hosilot, undan keyin rais keldi. Bir necha kishi eshikdan boshini tiqib qaradi. Yoʻlakda kimdir “Akademiyadan”, dedi.

– Bizning bu yerga kelishimizdan maqsadimiz, – dedi rejissyor bir lahza jimlikdan keyin, – biz oʻz oldimizga juda muhim bir vazifa qoʻyganmiz. Bu vazifani bajarishda sizlarning yordamlaringizga muhtojmiz. Avvalo shuni aytish kerakki,”Paxtakor” kolxozi rayonda har jihatdan tipik kolxoz. Biz mana shu kolxoz hayotidan nafis film, yaʼni kartina yaratmoqchimiz.

Rais oʻtirgan yerida qomatini koʻtardi, uzun moʻylovini burab, iljaydi.

– Kolxozimiz kartinaga arziydigan boʻlsa xursandmiz…

– Biz hozir sizlarning vaqtlaringizni olmaymiz, – dedi shoir. – Sizlar bilan gaplashadigan gapimizni kechqurunga qoʻyamiz. Kechgacha biz kolxozning u yoq-bu yogʻini koʻrib, tanishib chiqishimiz kerak. Bizga hozir bitta yetakchi bersalaring, bas.

Yetakchilikka boyagi oqsoq qorovul muvofiq koʻrildi.

Pravleniyedan chiqishdi. Qorovul mehmonlarni pravleniyening kun yurish tomonidagi koʻchaga boshladi. Bu koʻchada qulagan va qulay deb turgan devorlar, past-baland va qiyshiq uylar orasida reja bilan solingan chiroyli oq imoratlar uchrar edi.

– Yangi qishloq endi koʻkarib kelayotgan edi, – dedi qorovul mehmonlarni oldiga oʻtkazib, – urush chatoq qildi. Urush boʻlmaganda, mana bu qaldirgʻochning uyasiga oʻxshagan

uylardan, mana bu boʻyinchaga oʻxshagan eshiklardan nom-nishon qolmas edi. Kartinaning biron joyiga shuni ham qistirib oʻtinglar.

Koʻpdan beri shikast-rexti tuzatilmagan maktab binosining oldidagi bogʻchani kesib oʻtib, tosh yoʻlga chiqishdi. Yoʻlning ikki tomonidagi qator teraklar orasidan unda-bunda taxlanib yotgan yogʻoch, xom va pishiq gʻisht, boʻyra va boshqa binokorlik materiallari koʻrinar, bularning orasida odamlar ivirsib yurar, allaqayerda arra tovushi eshitilar edi.

– Binokorlik brigadamiz, – dedi qorovul, soʻngra mehmonlarni yoʻlning oxiridagi yashil darvozaga boshlab kirdi, – bu kolxozning bogʻi.

Darvozaning roʻparasidagi xiyobonning u boshi koʻrinmas edi. Yonbosh xiyobonlarning biridan oqxalat kiygan nozikkina, ikki beti qip-qizil bir juvon chiqib qoldi. Qorovul uni mehmonlarga tanishtirdi. Juvon bolalar bogʻchasining murabbiyasi ekan.

– Bogʻchangizni koʻrsak mumkinmi? – dedi shoir shoshib.

Xuddi shu savolni, xuddi shunday shoshib, rejissyor ham berdi.

Juvon boshini bir tomonga kiyshaytirib jilmaydi; qop-qora va ingichka qoshlari bilinar-bilinmas chimirildi-da, erkalab-oʻpkalab turgan labi qimirlab, mayin tovush eshitildi:

– Kechirasizlar, bolalar hozir uyquda, u tomonga hech kimni oʻtkazishmaydi… – dedi.

Yoʻlda davom etishdi. Rejissyor, negadir, jadallaganicha ilgarilab ketdi. Shoir qoqinib yiqilayozdi va qoqinganiga sabab es-hushi bogʻchada ekanini koʻrsatish uchun engashib qayta-qayta oʻsha tomonga qaradi. Xiyobonning u boshida naqshdor havo rang baland ayvonning bir chekkasi koʻrinib turar edi.

– Gʻaniyev, – dedi shoir, – bogʻchani koʻring! Bizning bolaligimiz ota-onamizga xoʻp ham arzon tushgan-da!

Rejissyor javob bermadi.

Qayerdandir paydo boʻlib qolgan moʻysafid bogʻbon mehmonlar bilan soʻrashib, ularni kattakon hovuz boʻyidagi ba-land, oʻzining aytishicha, Moskvadagi Qishloq xoʻjaligi koʻrgazmasida Oʻzbekiston pavilonini ishlagan ustalardan biri solgan shiyponga olib chiqdi. Shiyponni haqiqatan juda didlik odam zoʻr havas bilan solganligi koʻrinib turar edi. Uning atrofidagi gulzorda rang-barang kapalaklar, ninachilar qanot qoqar, asalarilar gʻoʻngʻillar, allaqayerda gʻurrak gʻurillar edi. Chol shogirdi boʻlmish yoshgina, ozgʻin, juda sertavoze yigitning qoʻliga qoshiqdon-savatni berib, meva-chevaga yubordi-da, oʻzi poygahga choʻkka tushib, mehmonlar kimlar va nima uchun kelganliklari bilan ishi boʻlmay, bogʻning tarixi, bunda qandoq mevalar borligi, bularning koʻchatlari qayerlardan keltirilganligi, bogʻni qanday kolxozlarning raislari koʻrganligiyu, nimalar deganligi toʻgʻrisida soʻzlab ketdi. Oblastning har qayeridan keltirilgan turli-tuman koʻchatlar ichida uning uchun eng moʻ’tabari allaqayerdan samolyotda keltirilgan yigirma tup anor boʻlib, uning oʻsha yer anori ekanligidan koʻra samolyotda keltirilganligini koʻproq pisanda qilar edi.

– Raisimiz juda hafsalali yigit, – dedi chol meva toʻla savatni shogirdining qoʻlidan olayotib, – hamma ishga ham shundoq jon-dili bilan kirishadi. Mana, mana shu anjirning koʻchatini Oqqoʻrgʻondan oldirib keldi; avtomobil berdi, uch kun ovora boʻlib, oʻzim olib keldim.

– Bogʻ kolxozga qancha daromad beradi? – dedi rejissyor hil-hil boʻlib pishgan shaftolining poʻstini archayotib.

– Oʻtgan yili bir yuz oʻn ikki ming daromad berdi. Gap daromadda emas, oʻgʻlim, har qancha daromad boʻlsa paxta bera-di, oʻtgan yil paxtadan bir million uch yuz ming daromad oldik. Bogʻ yaxshi-da! Meva-cheva… kolxozning koʻrki. Urush yillari askar bolalarni yoʻqlab turdik. Askarlardan, komandirlardan qancha xat keldi-yu! Hammasini rais temir sandiqqa solib qoʻygan. Koʻrsalaring boʻladi. Leningraddan mening nomimga ham bir xat keldi. Juda alomat. Sovgʻani Toʻpaniso olib borgan edi, xatni shundan berib yuborishibdi. Aslida, Leningradga men boradigan edim. Toʻpaniso “men boraman” degandan keyin indamadim. Uning eri oʻsha tomonlarda shahid boʻlgan edi. Bechora juda yaxshi xotin. Hozir partiya tashkilotchimiz… Bormaganim koʻngilga armon boʻldi. Borsam, jiyanimni koʻrib qolarmidim.

– Jiyaningiz Leningraddami?

– Ha, oʻsha yerda edi, paroxodda xizmat qilar edi, shahid boʻldi.

– Jiyaningiz dengizchimidi?

– Ha, Moskvaga oʻqigani borgan edi, keyin Leningradga ketdim, deb xat qildi-yu, ikki yildan keyin kokilli shapka kiyib keldi. Qaytishida meni Moskvaga olib borgan edi.

– Moskvaga borganmisiz? – dedi shoir va shoshib yonidan qoʻyin daftari bilan qalam chiqardi. – Qani, bir boshdan aytib bering-chi.

– Mening Moskvaga borishim qiziq boʻldi. ertalab borib tushdigu, kechqurun jiyanim poyezdga chiqarib qoʻydi, nimaga desangiz, urush boshlanib qoldi. Urush boʻlmaganda koʻp joylarni koʻrar edik. Qishloq xoʻjaligi koʻrgazmasini tomosha qilar edim. Yana koʻrgazma ochilar. Lekin endigi koʻrgazmaga tomosha qilgani emas, hunarimni koʻrsatgani boraman. Gʻalati payvandlar qilganman.

Chol oʻsha payvandlarini koʻrsatgani va umuman, bogʻni tomosha qildirgani mehmonlarni boshlab ketdi. Boqqa mana shu xilda mehmonlar kelganda chol ularga bogʻning taʼrifini qilmasdan, uning hammayogʻini koʻrsatmasdan va bogʻ toʻgʻrisida ularning fikr-mulohazalarini eshitmasdan qoʻymas edi. Qorovul shuni yaxshi bilganligi uchun biron ikki soatdan keyin qaytib kelmoqchi boʻlib, postiga ketdi. U ikki soatdan keyin qaytib kelganda chol mehmonlarga tutning tanasini parmalab oʻtkazilgan uzum novdasini koʻrsatib izoh berar edi. Uning soʻziga qaraganda, uzumning har boshi toʻrvadek va gʻujumlari tutning donasidek zich boʻlishi kerak edi. Qorovul yana bir aylanib kelganda mehmonlarni yetti yillik maktab oʻquvchilarining tajriba uchastkasida koʻrdi. Chol kulib-kulib gap maʼqullar, shoir daftarchasini tizzasiga qoʻyib, tez-tez yozar edi.

– Mulla akalar, bu yerdan chiqib qayerga boramiz? – dedi qorovul.

Rejissyor kulib javob berdi:

– Darmonimiz yetsa, elektrostantsiyaga boramiz-da.

– Otam sizlarni charchatib qoʻymadilarmi? Bu kishi shunaqa, qoʻllariga tushgan odam bogʻdan devorlarni ushlab chiqib ketmasa hisob emas… elektrostantsiya yopiq-ku. Texnik stantsiyani qulflab hammomga ketibdi!

– Biz borguncha kelib qolar.

—      Yoʻq, kelmaydi. Rostini aytsam, sizlar shu yerda boʻlsalaring bugun chiroqsiz qolamiz. Stantsiya objuvozning oʻrniga solingan-da, juda kichkina, koʻrimsiz. Shuning uchun texnik «buning nimasini kartinaga oladi, kartina masxarami, elektrostantsiya masxarami» deb stantsiyani qulflab ketib qoldi. Bugun kelmas emish. Bir hisobda koʻrmaganlaring ham maʼqul. Kolxozimizning yangi besh yillik planida katta gidrostantsiya qurishni moʻljal qilganmiz. Ana unda tandirni ham elektrda qizitamiz. Kartinaga oʻshanda olinsa… Bu yerdan chi-qib fermaga bora qolaylik. Hafiza opam kartinabop toʻqqizta sigirni sogʻmasdan sizlarga koʻz tutib oʻtirgan emish.

Bogʻbon mehmonlarni kechki payt boʻshatdi va oʻshanda ham “attang, fursatlaring boʻlganda hameshabahorni koʻrsatar edim” deb qoldi. U “hameshabahor” deb parnikni aytar edi.

Mehmonlar juda charchagan edi. Bu horgʻinlik bogʻdan chiqilgandan keyin ayniqsa bilindi, shuning uchun boshqa joylarni koʻrishni boʻlak mavrutga qoldirib, toʻgʻri pravleniyega qarab ketishdi.

Ularni rais qarshi olib, pravleniyening orqasidagi mehmonxonaga boshladi. Stol turli noz-neʼmatlar bilan bezatilgan, uning bir chetidagi kichkina sariq samovar ustida turgan qizil choynakning qopqogʻi shiriqlar edi.

– Ye, ovora boʻlishning hojati yoʻq edi-ku, – dedi shoir xijolat boʻlib.

– Ovoragarchiligi bormi!.. – dedi rais. – Qani, marhamat… Bogʻdan boʻlak joyni koʻrolmabsizlar-da.

– Albatta, yarim kunda hammayoqni koʻrib boʻlmaydi, – dedi shoir, – bogʻning oʻzini koʻrishga ham rosa bir kun kerak ekan. Ajoyib!

Mehmonlar kolxozning tarixi, xoʻjaligi, daromadi, dongdor kishilari, yangi besh yilliqda qiladigan asosiy ishlari toʻgʻrisida savollar berib, raisdan batafsil javoblar olishdi. Qorongʻi tushgandan keyin, Hatamova, oʻrta yoshlardagi barvasta bir kishi va qop-qora bir qiz bilan kirib keldi.

– Tanishib qoʻyinglar, mehmonlar, – dedi Hatamova, – dongdor zveno boshligʻi Qunduzxon Hayitova… Bu kishi brigadir Davron aka. Shartnoma yigirma ikkiga. Davron akam oltmish uchun kurashayotibdilar.

Suhbat yana davom etdi. Mehmonlar zveno boshligʻi bilan brigadirga ham son-sanoqsiz savollar berishdi, berilgan javoblarni shoshilmay, batafsil yozib olishdi.

Nihoyat, rejissyor daftarchasini yopdi, peshonasini silab oʻychan gap boshladi:

– Biz kolxoz toʻgʻrisida asosiy maʼlumotlarni oldik, lekin bularning hammasini koʻzimiz bilan koʻrishimiz kerak, toki ilhomlanaylik. Koʻrish yaxshi! Mana, bitta bogʻni koʻrishimizning oʻzi bizning “Paxtakor” toʻgʻrisidagi tasavvurimizni bugkul oʻzgartirib yubordi. endi gap bunday: kolxozni haqiqiy kolxoz qilishda mexanizatsiyaning roli oʻzlaringga maʼlum. Biz kartinamizning asosiy masalasi qilib mexanizatsiya masalasini olmoqchimiz. “Paxtakor” mexanizatsiya jihatidan ham tipik. Shundoq emasmi?

Bu gap yoqdi shekilli, rais iljaydi.

– Lekin, – dedi, – biz hali mexanizatsiyani toʻla amalga oshirdik, deyolmaymiz. Bu gapni shunda aytamiz, qachonki kolxoz boʻyicha bir tsentner paxta hech boʻlmasa uch-toʻrt mehnat kuniga tushsa. Mana bu yil Qunduzxon yetti mehnat kuniga tushirishni koʻzlab turibdi.

– Toʻgʻri, – dedi rejissyor, – shundoq boʻlishi kerak. Mexanizatsiya masalasini olganimizda, bizga nima kerak? Bizga voqea kerak. Voqea boʻlishi uchun nima kerak? Qarama-qarshilik kerak. Mana, masala shunda, qarama-qarshilikda. Biz bilamizki, har bir yangilik qarshilikka uchraydi. Demak, mexanizatsiya ham qarshilikka uchrashi kerak. Bizga manna shuni aytib bersalaring kifoya. Mexanizatsiyaga qarshi chiqishlar boʻlib turadimi, boʻlsa qarshi chiqqan odamlarning dalil va isbotlari nimalardan iborat?

Hatamova labidagi tabassumni yashirish uchun tez-tez choy hoʻplar ekan:

– Qani, Davron aka, nima deysiz? – dedi.

Davron aka avval Hatamovaga, keyin raisga, soʻngra rejissyorga qaradi-da, boʻynini qashlar ekan, iljayib:

– Oʻttizinchi yillarda qayoqda edingiz, mulla aka! – dedi.

Noqulay jimlik choʻkdi.

– Bizning qishloqlarda hozir mexanizatsiyani qarshilikka uchraydigan, odamlar choʻchiydigan yangilik deb boʻlarmikin? – dedi rais xiyol tabassum qilib. – Respublikamizda hozir ikki yuzdan ortiq MTS bor. Qani, sen nima deysan, Qunduzxon?

Qunduzxon, gapirgisi kelib turgan boʻlsa ham, nimadandir istihola qilib turgan boʻlsa kerak, darrov gap boshladi:

– Men dalamizga birinchi traktor chiqqan yili tugʻil-gan ekanman. Hali Davron akam oʻttizinchi yillar dedilar. Oʻsha yillari mexanizatsiyaga qarshi chiqqan odamlar boʻlsa boʻlgandir, nimaga desangiz, mexanizatsiyaning nimaligini bilishmagan. Lekin hozirgi vaqtda, mexanizatsiya kolxoz-ning joni ekanini har bir kolxozchi koʻrib, bilib turganda mexanizatsiyaga qarshi odam boʻlishi… bilmadim.

– Masalan, chollar boʻlishi mumkin, – dedi shoir.

– Chollar? Men yerni qoʻsh hoʻkiz bilan haydab koʻrgan emasman. Uning azobini bilmayman, chollar bilishadi. U vaqtlarda eng moʻl hosil oʻn tsentner ekan, men buni eshitganman, lekin chollar oʻz koʻzlari bilan koʻrishgan. Kartinaga olinadigan boʻlsa haqiqatni olish kerak.

Yana oʻngʻaysiz jimlik choʻkdi.

– Albatga, mehmonlar ham buni bilishadi, – dedi Hatamova, – lekin, oʻzlari aytganday, bir voqea kerak. Bular soxta boʻlsa ham bir voqea yaratib shu bahona bilan kolxozni, mexanizatsiyaning kuchini koʻrsatmoqchi boʻlishadi-da. Shundoqmi?

– Ha, barakalla! – dedi rejissyor. – Gap mana shunda!

– Toʻgʻri, lekin kolxozda hech boʻlmasa besh-oʻn kun tursalaring, kolxoz bilan durustroq tanishsalaring haqiqatga mos keladigan, juda qiziq kartinabop voqea oʻzi chiqib qoladi. Agar turamiz, oʻrganmiz, odamlar bilan yaxshiroq tanishamiz desalaring, marhamat! Nima dedingiz, rais?

– Mayli, bir oy turasizlarmi, ikki oy turasizlarmi, qancha tursalaring biz xizmatda.

– Hozir kelayotsam qorovul Safaralini soʻkayotibdi, – dedi Hatamova avval raisga, soʻngra mehmonlarga qarab. – Safarali bizning tegirmonchimiz. Juda qiziq yigit. Shu kelib qorovuldan sizlarni soʻrabdi. Qorovul: “Nima qilasan?” desa, “Bizning tegirmon ham kartinaga tushib qolarmikin?” debdi. Shunga qorovul boʻgʻilayotibdi. “Hay, insofing bormi, odamlar elektrostanniyani koʻrsatgani uyalib qochib ketdi-yu, sen tegirmoningni suqasan”, deydi. Safarali ham boʻsh kelmaydi: “Mening tegirmonim rayonda birinchi, sen tegirmonning fahmiga yetmaysan”, deydi. Rost, tegirmonni juda boplagan. Bu yigit boshqa hech ishda oʻzini koʻrsatolmagan edi, shu ishga qoʻydik, bunda oʻzini koʻrsatdi. Tegirmonchilik unga ota meros, ertayu kech tegirmon atrofida aylangani aylangan. Tegirmon buning qoʻliga oʻtgandan beri yaxshi daromad beradigan boʻldi. Men buni aytmoqchi emas edim, hali texnikning qochib ketganligini aytmoqchiman. Mening bilishimcha, oʻzi kichkinaku, lekin shu ham bir voqea. Durustroq oʻylab koʻrilsa, qiziq voqea! Bu stantsiyani solganimizga oʻn bir yil boʻldi. Oʻsha vaqtda bu toʻgʻrida qancha shov-shuv boʻlgan edi. Mana endi, koʻrib turibsizlar, birovga koʻrsatgani uyalishadi. Buni, albatta, misol uchun aytayotibman, kichkina voqea.

Rejissyor yana daftarini ochib bir nimalarni yozib qoʻydi. Qunduzxon bir nima demoqchi boʻlib ikki-uch ogʻiz rostlaganidan keyin sekin:

– Mulla akalar, – dedi, – beadabchilik boʻlsa ham mening bir taklifim bor edi: kolxozni koʻrsatishga voqea kerak boʻlsa, shu kelishlaring oʻzi bir voqea emasmi?

Hamma kulib yubordi. Qunduzxon, juda ham behuda gap aytdim shekilli deb, qip-qizarib ketdi va yuzini yashirdi.

– Toʻgʻri, singlim, juda toʻtri aytdingiz! – dedi shoir zavq qilib, – eng yaxshi, eng qiziq voqea mana shu kelishimizning oʻzi! Bir shoir bilan bir rejissyor kolxoz hayotidan kartina yaratmoqchi boʻlishadi, kolxozga kelib bir yarim oymi, ikki oymi turishadi.

Rejissyor uning soʻzini boʻldi:

– Voqea izlashadi, topisholmaydi, keyin Qunduzxon voqea topib beradi. Haqiqatan, oʻrtoq shoir, juda qiziq kinokomediya qilish mumkin!

Yana kulgi koʻtarildi.

Mehmonlar shunga qaror qilishdi.

Boʻlajak kinokomediya haqidagi xushchaqchaq suhbat yarim kechagacha davom etdi.

Mehmonlar ketib, bir haftadan keyin qaytib kelishdi.

Uch oydan keyin kinokomediyaning sʼyomkasi boshlandi:

“Paxtakor” kolxozining pravleniyesi oldiga qoʻngʻiznusxa bir avtomobil kelib toʻxtaydi. Undan ikki kishi tushadi va hokazo…

 

1949

 

Abdulla QAHHOR

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.