Kakku ovozi

0
403
marta koʻrilgan.

 – Qizlar, boʻldi, tura qolaylik. Toʻqqizdan keyin yotoqxonaga kiritishmaydi.

– Rostdan ham, ketdik. Umidaniyam koʻrdik. Toʻyiga kelganimizdan xursand boʻldi. Qani, omin qilaylik.

– Hanifa, siz duo qila qoling. Hammamizdan kattaroqsiz… hajm jihatdan, – qizlar davrasida koʻtarilgan gurros kulgu boshqa stoldagilarning eʼtiborini tortdi.

– Hazilni koʻtarganingiz uchun hazillashamiz-da. Yana xafa boʻlmang.

Dugonalariga nisbatan toʻlaroq Hanifa bunday gaplarga koʻnikib qolgan edi. U mayingina tabassum qildi-da, qoʻlini duoga ochdi:

– Omin, dugonamiz oʻzi istagan goʻzal baxtga erishsin… – hayajonli bir xoʻrsinish olib, asta pichirladi: – Xudo bizni ham shunaqa kunlarga tezroq yetkazsin.

Qizlarning “Oʻ-oʻ-oʻ” deb qiyqirishganidan sergaklangan Hanifa ichimda aytdim deb oʻylaganini eshitib qolishganidan duvva qizardi.

Qizlar dugona-kelin va uning onasi bilan xayr-xoʻshlashgach, toʻyxonadan chiqishdi. Yoʻlovchi chorlab chiroq lipillatayotgan turnaqator mashinalardan biri, nihoyat, ular aytgan narxga koʻndi. Mashina ichi toʻyxona, toʻy, kelinning koʻylagi, stollarning toʻkinligi, toʻy egalarining kiyimlari, kuyov va kuyov joʻralar haqida gʻiybat aralash suhbatga toʻlib, birozginasi ochiq derazadan chiqib, toʻyxonaga qaytib ham ketdi. Qizlar ilmoqli gaplar tashlab haydovchi yigitni ham gurungga tortishga urinishdi. Yigit ularning savollariga koʻzini yoʻldan uzmay qisqa-qisqa javob berdi.

Orqa oʻrindiqda oʻz xayollari bilan oʻtirgan Hanifaning nigohi bexosdan mashina old peshtoqidagi oynadan haydovchi yigitga tushdi. Nigohi koʻzgudagi aksni koʻrdi-yu, ortga qaytishni unutdi, bir necha daqiqa undan uzilmadi. “Yusuf paygʻambarning oʻgʻli, yoʻgʻ-e avlodi emasmikan”. Xayoliga shu fikr kelgan ham ediki, koʻzguda haydovchining nigohi ham Hanifaning nigohiga qadaldi. Jinoyat ustida qoʻlga tushgan oʻgʻriday Hanifa oʻzini qoʻyarga joy topolmay, tashqariga qaradi. Bu qiligʻi uchun oʻzini behayolikda aybladi. Imkoni boʻlsa-yu, mashinadan tushib qolsa. Yigitning nigohidan tushib qolgan bir parcha choʻgʻ uni borgan sari yondira boshladi. “Uh… Ey Xudo! Hanifa, tinchlan. Sening aybing yoʻq. Shunchaki tasodifan boʻldi. Yonimdagi gulday ochilib oʻtirgan dugonalarim qayerda-yu, men qayerda”. Choʻgʻ tafti bunday ovutishlardan soʻng biroz pasaygandek boʻldi. Manzilga yetib borguncha oʻsha shafqatsiz koʻzguga boshqa qaramadi.

Qizlar pulni uzatisharkan, oʻpkalagan koʻyi:

– Yaxshi yigit boʻlsangiz ham, yaxshi hamroh emas ekansiz, – deb haydovchi bilan xayrlashgan boʻlishdi. Hanifa chekiga tushgan pulni berdi-yu, birinchilardan boʻlib tashqariga otildi. Orqadan kelayotgan “Matiz” chiyillagancha burilib oʻtdi. Hanifaning hushi uchdi.

– Hoy, ehtiyot boʻling, singlim. Yaxshiyamki, hech narsa qilmadi, Xudoning oʻzi asradi, – yigitning xavotir bilan aytgan bu soʻzlari uni battar karaxt ahvolga solib qoʻydi. U keyin qanday qilib yoʻldan oʻtganiyu yotoqxonaga kirib borganini ham sezmadi. Uxlashga yotarkan, nigohlari toʻqnashgan oʻsha lahzani xayolida qayta-qayta gavdalantirdi. Yigitning aytgan gaplarini ming bir boʻlakka boʻlib tahlil qildi. “Nega oʻshanda menga qaradiykin-a? Axir, tabiiy-ku, kimdir tikilib turganini his qilsang, sen ham unga qaraysan. Unda ham shunday boʻlgan-da. Lekin tabassum ham qilganday boʻldimi? Yoʻgʻ-e, menga-ya? Koʻp oʻylayverganimdan shunday tuyulyapti. Ammo… meni qaygʻurib aytgan gaplari-chi… Indamasligi ham mumkin edi-ku? Axir, unga nima edi? Meni mashina urib ketadimi-yoʻqmi… “Ehtiyot boʻling, singlim”, dedi. Qanday mehribon! Uf… boʻldi, tentak boʻlma, Hanifa. Oʻrningda boshqa qiz boʻlganda ham unga shunday degan boʻlardi. Lekin…”

Hanifa ertasiga ham oʻsha afsunli xayollar ogʻushida yurdi. Betoʻxtov nimalarnidir oʻylar, qandaydir toʻxtamlarga kelar, keyin ularni rad qilib, yana boshqa fikrlar ketidan ergashar, ulardan yana qaytardi. “Eh, yana bir qarashim kerak edi. Nega choʻchidim-a? Balki keyin u yoʻl boʻyi menga tikilib, mening ham nigohimni kutgandir. Nimalar deyapman?.. Uh, nega ajinadan qochganday tezda tushib ketdim-a? Menga aytadigan gapi boʻlgandir. Oxirrogʻida tushganimda yana biror narsa dermidi. Tentak boʻlyapman, yigit-qiz bir marta bir-biriga qarasa, darrov koʻnglidagini aytadimi? Lekin “Yaxshiyamki, Xudoning oʻzi asradi”, dedi-ku. Demak, menga hali keraksiz, demoqchi boʻlgan!.. Agar meni oʻsha mashina urib ketganida qanday ahvolga tushardi? Qaniydi, shunday boʻlib qolganida. U nima qilardi? Tavba de, nimalar deb aljirayapsan? Ehtimol, koʻzgudan umuman qaramagandir menga. Lekin…” Oradan bir necha kun oʻtgachgina, imkonsiz bir tuygʻuga, sarobga berilib ketayotganini anglab yetdi. Keyinchalik esa bu dard ustini chang qopladi…

– Qizlar, bir iltimos, domla kelsa, uzrimni aytib qoʻyinglar. Uchinchi paraga kirolmayman-da. Bugun qishloqdosh dugonamning tugʻilgan kuni. Bolasi kasal ekan, yordamga ertaroq chaqirgan edi, shunga. Mayli, yaxshi qolinglar, – deb Hanifa shosha-pisha auditoriyadan chiqib ketar ekan, orqasidan aytilgan: “Tavba, kimning u bilan necha pullik ishi bor”, degan pisandani eshitmadi.

Hanifa dugonasi Rohilanikida uyni tozalashga, pishir-kuydirga yordamlashdi. Oʻsha kuni hamma ishlar tugagach, quyosh botmasdan ketishga shaylandi. Shu payt telefoniga xabar kelganini bildiruvchi kakku ovozi yangradi. Odatdagiday uyali aloqa kompaniyasidan reklamalar yoki FVVdan xabar, degan oʻy bilan beeʼtiborgina telefoniga nazar tashladi. Yoʻq, nomaʼlum raqam. “Salom, Hanifa. Yaxshimisiz? Men sizni anchadan beri kuzatib yuribman. Lekin siz meni tanimaysiz, balki koʻrgandirsiz. Hozir qayerdaligingizni ham bilaman. Yoʻq demasangiz, sizni pastda kutib turaman. Ishlaringiz tugagach, javob yozing, iltimos”. Avvaliga Hanifa hayratdan entikib ketdi, soʻng miyigʻida kulib qoʻya qoldi: “Qanday yaxshi, kimdir adashib boʻlsa-da, shunday SMS yozib tursa. Yoʻq, toʻxta. “Hanifa” degan-ku. Ham “ishlaringiz tugasa” degan. Ichki bir hayajon bilan yana qayta oʻqidi. Rohila tamaddi qilmasidan uni qoʻyvormasligini aytib, xayollarini toʻzgʻitib yubordi. Ovqatdan totingan boʻlib oʻrnidan turdi. “Ketib qolmasin-da”, degan oʻy Hanifaning oʻziga ham sezdirmasdan uni shoshirar, tezroq koʻchaga chorlardi. U qoʻliga telefonini oldi: “Kimligingizni bilmadim-u, lekin iltimos qilganingiz uchun yozyapman. Ishlarimni tugatdim, tushyapman”. Kim boʻlsa ham, koʻchada turgan bu yigitning shuncha yildan beri kutayotgan shahzodasi ekaniga negadir qattiq ishonardi shu tobda. Dugonasi bilan shosha-pisha xayrlashdi. Zinalardan goʻyo uchib tushayotganda dugonasinikiga turnaqator chiqib kelayotgan mehmonlarga duch keldi. Oralaridagi gul koʻtargan ikkita qishloqdosh qizni tanidi, salomlashdi. Erkak larning chehralari lip-lip oʻtdi. “Yaxshimisiz?”. Savolni kim bergani-yu, oʻzining nima deb javob qilgani esida ham qolmadi. Qandaydir qoʻrquv ostida tashqariga asta qadam qoʻydi. Yengil shabada unga dalda bergandek boshini silab oʻtdi. Farzandlarini oʻynatib yurgan yosh juvonlardan, oʻrindiqlarda suhbatlashib oʻtirgan uch-toʻrt keksa ayoldan boshqaga koʻzi tushmadi. Hanifa atrofga xavotir bilan qaradi. Yana bir-ikki qadam tashladi. Kutilgan odam yoʻq. Oqshom tushayotgani haqida xabar tarqatib gala-gala uchib oʻtayogan qushlar chugʻurlab, goʻyo kelayotgan tunga yoʻl boʻshatishardi Hanifa bekatga qarab qadamlarini tezlatdi. Bekatda oʻtirgan yoshi elliklarga borgan ayol bilan erkakning yoniga ohista choʻkdi. Keyin kimnidir koʻrmay qolishidan yoki kimdir uni koʻrmay qolishidan choʻchib darrov oʻrnidan turdi. Ehtiyotkorlik bilan goh oʻng, goh chap, goh orqa tomonga nigohini qidiruvga yubora boshladi. Bir oz oʻtgach, yonidagilarning suhbatidan ularning er-xotin ekanligini angladi. Ular katta qizlarini davolatish, operatsiya haqida asabiylashib suhbatlashishar, goh talashib tortishishar, ora-orada ayolning yigʻlamsiragan tovushi eshitilib qolardi. Uzoqdan avtobusning qorasi koʻringan ham ediki, er-xotin oʻrnidan siljidi.

– Sen avtobusda ketaver, men orqangdan yetib olaman. Bugun juda charchading, – dedi-da, erkak norozinamo qarayotgan ayolini avtobusga chiqarib yubordi. Soʻng avtobus ortidan shaxdam qadamlar bilan yurib ketdi.

Hanifa koʻzida endigina yongan, soʻnishni istamayotgan umid uchqunlarini oʻtib-qaytayotganlarga ulashishdan charchamasdi. “Shu vaqtgacha eʼtibor bermagan ekanman. Nega odamlar robotga oʻxshaydi. Nigohlari qotib qolgan. Ular ham bir paytlar sevgan yoki menday sevilganmikan? Yuzlarida biror tuygʻu alomati sezilmaydi. Goʻyoki yurib ketayotgan haykallar. Axir, hayot goʻzal-ku! U bilan men bir umr zavqlanib yashaymiz, yuzimizda doimo quvonch, shodlik balqib turadi. Hammaning bizga havasi keladi…”. Hanifa ilk bora atrofdagilarga baho berayotgan, kelajagi haqida maftunkor xayollarga berilayotgan edi.

Oʻtayotgan har bir lahza “U hozir yoningga keladi” degan umidni Hanifaga saxiylik bilan taqdim qilar, tobora quyuqlashayotgan qorongʻilik esa u kutayotgan, yonida turgandek his qilayotgan siymoni asta-sekinlik bilan undan nariga olib ketardi. Nihoyat vaqt allamahal boʻlganda navbatdagi toʻxtagan avtobus uni bagʻriga oldi. Chiqib, deraza tomondagi oʻrindiqqa choʻkdi. Ammo nigohi kimgadir ilinib qolish ilinjida manzilga yetguncha tashqarida qoldi. Hanifaning koʻzidan yosh tomchilari oʻziga ham sezdirmay dumalab tushdi.

Xonasiga kirgach, ancha vaqtgacha davom etgan uyqusizligiga “Aytuvdim-ku, xabar adashib kelgan” degan xulosa chek qoʻydi…

 

– Bergan vazifam boʻyicha faqatgina Hanifaning, Mahliyoning, Doniyor va Suxrobning javobi qoniqtirdi. Qolganlarning tayyorgarligi yaxshimas. Mayli, hammaga ruxsat, – deb ikkinchi soatga kirgan professor chiqib ketdi. Shu payt Hanifa eshik qiyasidan kimdir imlayotganini sezib qoldi. Qarasa, kursdoshi Mahliyoning singlisi Gulhayo. U pastki kursda oʻqiydi.

– Salom, yaxshimisiz, Gulhayo? Opangiz pastga ovqatlangani tushib ketdi-yov. Yo u-bu fandan yordam kerakmi, tortinmay aytavering…

Gulhayo u yoqdan-bu yoqqa jovdirayotgan koʻzlarini Hanifaning koʻzlariga tikdi-da, xijolatli jilmayib, orqasida yashirib turgan bir dasta atirgulni olib tutqazdi.

– Hanifa opa, bu gulni sizga bir yigit berib qoʻyishimni tayinladi-yu, koʻzdan gʻoyib boʻldi. Lekin uni tanimayman.

Hanifa guldan-da battar qizardi. Kechagi ilinju umidsizliklardan hamon parokanda xayollar gulga talpingan kapalaklarday yana qaytib keldi. Qalbida uygʻongan quvonch tuygʻusi unga bir quchoq atirgulning zavqini bergandek boʻldi. Gulhayo ketgach, Hanifa malikalardek yashnab turgan atirgullarga qayta-qayta termular, qayta-qayta hidlab iforiga toʻymasdi. Soʻng uni qoʻlida avaylab va balandroq koʻtargancha auditoriyaga qaytib kirdi.

– Chiroyli ekan. Qayerdan uzdingiz? – dedi orqa partada oʻtirgan qiz. Hanifa “Menga gulni kimdir berishi mumkinligi bularning xayoliga ham kelmaydi”, degan oʻydan maʼyuslanib turgan ham ediki, shoshilib kirib kelgan Mahliyo gulni koʻrib:

– Oʻ, chatoqsiz, Hanifa. Kim berdi? – dedi.

Bu savoldan ruhi togʻdek koʻtarilib ketdi. Mahliyoni quchoqlab olgisi keldi. Shu payt professor kirib qolgani bois Hanifa Mahliyoga javob tariqasida jilmayib qoʻya qoldi. Dars davomida Hanifaning oʻsha afsungar xayollari uni uzoq-uzoqlarga olib ketdi. Ammo qisqa yangragan kakku ovozi uni yana oʻz joyiga qaytardi. Shosha-pisha sumkasidan telefonini oldi. Ha, oʻsha raqam. “Salom, Hanifa. Meni kechiring, oʻsha kuni sizga koʻrinishga oʻzimda kuch topa olmadim. Bu gulni esa uzrim belgisi sifatida qabul qilishingizdan umidvorman”. Xona derazasidan moʻralab turgan qish Hanifaning qalbida yashnayotgan bahordan hayratlandi. “Ey, Xudoyim… u kim boʻlishi mumkin? Kim ekan-a? Endi nima deb javob yozaman?.. Xoʻsh, “Gul uchun rahmat. Lekin siz kimsiz?”. Yoʻq, boʻlmadi. Juda qoʻpol chiqdi. Qizbolalik latofatim har bir soʻzimda bilinib turishi kerak. Uf, barmoqlarim namuncha titramasa. Ha, topdim. “Gul uchun tashakkur! Ammo kimligingizni bilolmayapman”. Bor tavakkal – “joʻnatish”. Orqa qatordagi qizlarning qiqir-qiqir kulgusiga hamohang qoʻngʻiroq ham yangradi. Hanifa hammadan soʻng auditoriyadan chiqdi. Zinadan asta tushar ekan, roʻparasidan chiqib qolayotgan yigitlarga koʻz qirini tashlab-tashlab qoʻyardi. Hech kimning u bilan ishi yoʻq, uning bor-yoʻqligini bilishmaydi ham. Shaharga kelgandan beri sehrli qalpoqcha kiygan koʻzga koʻrinmas odam edi u. Har holda, oʻzini shunday hisoblardi. Endi hammasi boshqacha boʻlishini, kimningdir eʼtiboriga tushgan inson ekanligini oʻylab quvondi. Bu dunyoga kelganidan, qaysidir yurakda oʻzining ham qiyofasi borligini tuyganidan, mana bu oʻtib qaytayotgan odamlarning, dugonalarining borligidan, ana shu zinalar va oppoq devorlarning goʻzalligidan, tashqarida quyosh nur sochib turganiyu daraxtlar va osmon mavjudligidan u ilk bora masrur, sarxush edi. Ana, orqasidan qadam tovushlari eshitilyapti. Hanifaning yuragi otilib ketish darajasida guppillay boshladi. “Oʻsha yigit boʻlsa-ya” degan xayol oyoqlaridan majolini oldi. Ortiq yurolmadi, joyida tek qotdi. Qadamlar juda yaqin keldi. Yonidan sumkasini titkilagancha bir qiz beeʼtiborgina oʻtib ketdi. Hanifa havosi chiqib ketgan pufakday boʻshashib qoldi: “Uh, xayriyat-ey”. U yotoqxonaga ketar ekan, yoʻl boʻyi SMS egasini sergak nigoh bilan izlardi. Xonasiga ming oʻy bilan kirgan ham ediki, yana kakku ovozi eshitildi. Hayajon-la telefonini olib qaradi. Yana oʻsha raqam: “Hanifa! Sizni koʻrgach, kimligimni, nima uchun yashayotganimni unutdim. Men sizga roʻbaroʻ boʻlishga botinolmay, oʻz yogʻiga qovrilib yurgan oshigʻingizman. Shuning uchun mendan ranjimang”. Hanifa kutilmagan bu soʻzlarni oʻqir ekan, negadir javon eshigiga oʻrnatilgan boʻy baravar oynaga nigoh tashladi. Tekis taralib, oddiy turmaklangan sochlaridan tortib, siyrak qoshlari, nari-beri nimpushti boʻyoq surilgan lablari, kulchaday istarali yuzi va ammo toʻladan kelgan qomatiga qarab, qahqah otib kulib yubordi: “Oshigʻim. Meni-ya? Men hecham birov koʻrib unutib yuboradigan darajadagi qiz emasligimni oʻzim ham bilaman. Anchadan beri bunaqa kulmagandim. Demak, aniq anglashilmovchilik boʻlyapti. Bu bechora boshqa Hanifaning raqamini kimdandir soʻragan, u odam adashib menikini berib yuborgan. Buni hozir yanada oydinlashtiramiz. “Siz meni boshqa qiz bilan adashtirib yuborgansiz, shekilli” degan soʻzlarni terdi-yu, biroz oʻylangach, yana oʻchirib tashladi. Keyin yana shu gapni yozdi va yoniga qoʻshimcha qildi: “Agar unday boʻlmasa, ayting-chi, men bugun qanday rangdagi kiyimda edim?”. Endigi keladigan javob Hanifaning orzulari yo oʻlishiga, yo tirik qolishiga sabab boʻlishini oʻzi ham bilardi. U telefonini yostigʻining tagiga qoʻydi-da, pastki qavatga tushib ketdi. Nima uchun bunday qilayotganiga aqli yetmasdi. Dahlizda u yoqdan-bu yoqqa borib keldi, ochiq deraza tomonga oʻtib koʻkka uzoq tikildi. Oppoq bulutlar asta yoyilib, osmonga singib, koʻzdan gʻoyib boʻla boshladi. Hanifa yoʻqolib borayotgan bu bulutlarni oʻz shahzodasi haqidagi orzulariga mengzadi. Soʻng yurak yutib, yana oʻz qavatiga, oʻz xonasiga chiqdi va asta yostigʻini koʻtarib telefonini oldi. Xabar kelgandi: “Oshiqlarning yuragi hech qachon adashmaydi. Menga shunchalik ishonmabsiz-da. Bugun qora yubka, jigarrang koftada edingiz. Darslaringiz 308-xonada boʻldi. Meni hali koʻrmagansiz, holatingizni toʻgʻri tushunaman. Faqat menga vaqt bering”. Hanifa oʻzini karavotga tashlab, yuzini yostiqqa bosgancha hoʻngrab yigʻlab yubordi…

– Oʻ, dushanbadan oʻzgarishlar katta-ku. Gulday ochilib ketibsizmi?

– Eh-he, Hanifaxon, siz oʻshamu?

– Bugun y-by tanishingizning toʻyi bormi? Oxirgi darsga yana kirmaysiz-ov.

Auditoriyaga etagi burama, belida yaltiroq tasmasi bor pushti kuylakda kirib kelgan Hanifa kulgu aralash berilayotgan savollarga qizarinqiragan holda iymanibgina qisqa javob berib, joyiga tezroq oʻtirishga shoshildi. Bunday kiyinib kelgani uchun oʻziga taʼna toshlari yogʻdirdi. Dars ham boshlandi. Ammo Hanifaning xayoli qoʻlida u yoqdan-bu yoqqa aylanayotgan telefoni bilan birga aylanardi. Mana, nihoyat kakku ovozi, kutilgan raqamdan SMS ham keldi: “Salom, xayrli kun, Hanifa! Bugun gulday ochilib ketibsiz. Sizni koʻngil bogʻimni yashnatguvchi gulim deb atashga izn bering. Ammo shuni unutmangki, men sizni har qanday holatingizda ham…”. Hanifa gulxan oʻrtasiga tushib qolib, oʻzini yonayotganday his qildi. Yuzi koʻylagining rangi bilan bir xil boʻldi-qoʻydi. Beixtiyor chehrasiga tabassum yugurdi.

– Dilqulova, ahvolingiz yaxshimi? Betob boʻlsangiz, ayting, ruxsat beraman.

– Yoʻq, yoʻq. Hammasi joyida, yaxshiman, domla. Uzr.

Eʼtiborni tortmaslik uchun oʻzini tutib olishga harakat qildi. Ustozga qarab oʻtirgandek boʻlsa ham, koʻzlari parta ostidagi telefonida boʻldi. Endi Hanifa bor diqqatini jamlab, nima deb javob yozishni oʻylardi. Unga boshqa dugonalari kabi ardoqlanish, qizlik latofatini namoyish qilish imkonini berayotgan xayoliy shahzodasini yoʻqotishni istamasdi. Chunki Hanifa shuncha yillar davomida muhabbat tuygʻusiga muhabbat qoʻygan esa-da, lekin hali unga muhabbat qoʻyishmagandi. U yozgan javobini koʻp marotaba oʻchirib tashlar, jumlalarni qayta-qayta tuzardi. “Salom. Rahmat, yaxshi. Oʻzingiz yaxshimisiz? Bugun ham meni koʻribsiz-da. Demak, shu yerda tahsil olsangiz kerak-a?”

– Shohista, nimaga kulyapsizlar? Mahliyo, sizga nima boʻldi? Kulgili mavzu ekanmi?

Hanifa oʻqituvchining kursdoshlariga bergan dakkisidan xayollari jilovini bir zumga torta oldi. Yana kakku ovozi… “Hanifa, sizni har kuni kuzataman. Bir kun koʻrmasam, hayot men uchun tugagandek boʻladi. Bu yerda oʻqimayman, oʻtgan yili bitirganman. Menga koʻzingiz tushgan, ammo eʼtibor bermagansiz. Koʻrishganimizda oʻzim haqimda batafsil aytib beraman. Hozircha meni kechiring”. Bu xabarni oʻqigach, Hanifa yozgan javobiga afsuslandi. “Uf, oʻzimni koʻrishishga oʻlib turgan yengiltak qizlarday tutdim-da. Uf… darvoqe, meni koʻrgansiz, dedimi? Shu vaqtgacha koʻpchilik yigitlarga shunchaki koʻzim tushgan-ku… – ammo miyasiga chaqmoqday urilgan fikrdan seskanib ketdi. – Nahotki… nahotki, bu oʻsha boʻlsa?! Faqat u bilangina nigohlarimiz toʻqnashgan. Bu SMSlar mashina urib ketay deganda aytgan soʻzlariga oʻxshab ketadi… Shunday yigit-a? Meni-ya?.. Yoʻgʻ-e, balki boshqadir. Ammo kim boʻlishi mumkin? Ey Xudoyim! Nimadir yozishim kerak, nimadir. “Mayli, qoʻyavering. Sizni tushundim, koʻp ham xijolat boʻlmang”. “Xijolat”dagi “x” qattiqmidi, yumshoqmidi? Muncha dovdiramasam”. Hanifa boshini asta orqasidagi partaga burdi-da, Charosdan “x”ning qandayligini soʻradi. Toʻgʻri yozgan ekan.

Bugungi darslar tugagach, odatdagiday yotoqxonaga qarab yoʻl oldi. Daraxtlar Hanifaning yurishidagi, oʻzini tutishidagi oʻzgarishni koʻrib hayratlarini shamol bilan shivirlashardi. Hanifa avvallari befarq oʻtkazadigan har bir kunni endi ilhaq boʻlib kutar, oʻzi ham bilmaydigan yana qandaydir moʻjizalar sodir boʻlishiga ishonardi…

– Hanifa opa, shoshmang. Salom, yaxshimisiz? Oʻ, oʻzgarishlar katta-ku. Sochingizni tashlab olganingiz yarashibdi. Mana, buni yana oʻsha yigit berib yubordi.

– Mengami?! Toʻxta, Gulhayo. Haligi… oʻsha yigitning koʻrinishi qanaqa? Hali uni koʻrmaganman, kim oʻzi? Bu gap faqat oramizda qolsin, xoʻp?

Gulhayo orqasiga bir qarab qoʻydi-da:

– Menga ishonavering. Ochigʻini aytsam, chiroyli yigit ekan, – deb jilmaydi. Soʻng xavotirli ohangda: – Mayli, men ketdim, domlamiz kechikkanlarni darsga kirgazmaydi, – degancha yugurgilab ketdi.

Hanifa qoʻlidagi shokolad qutisiga zavq bilan qaradi. Auditoriyaga kirar ekan, uni sumkasiga solishni istamadi. Dars hali boshlanmagan. Kursdosh yigitlar gap tashlashdi:

– Hanifaxon, oy ekansiz, shokoladga boy ekansiz.

– Shirin boʻlsa kerak, a?

Hanifa odatdagiday uyatdan qizardi:

– Yoʻq, tugʻilgan kunim emas. Shunchaki, berishdi, – dedi va qutini ochib, mayl bildirganlarga shokoladdan tarqatdi. Hanifa shu payt kimlardir unga havas bilan tikilib turganini his qilib, gʻururlanib qoʻydi. Biroz fursat oʻtgach, xonaga professor bilan birga fakultet dekani, uning yordamchisi kirib keldi. Salom-alikdan soʻng talabalarga shartnoma muddati tugayotganini, vaqtida toʻlamaganlar darsga kiritilmasligini eslatib qoʻyishdi. Hanifa bu borada bosh ogʻritmasa ham boʻladi, ota-onasining xabari bor. Hozir “koʻrinmas odam”ga qanday minnatdorlik bildirish kerakligini oʻylashi zarur. “Salom. Xayrli kun. Shirinlik uchun katta rahmat!”. Darhol kakku ovozi yangradi, javob keldi: “Salom, gulim. Arzimagan narsa uchun rahmat deyishning hojati yoʻq. Hayotimga kirib kelganingiz uchun sizga rahmat!”.

– Dilqulova, doskaga marhamat. Daftaringizni ham olib chiqing.

– Menmi? Ustoz, uzr, bugun darsga tayyor emasman. Kecha… kecha mazam boʻlmagandi, – birinchi marta yolgʻon gapirgani uchun Hanifa quloqlarigacha qizarib ketdi.

– Shundaymi, mayli, sizga ishonaman. Lekin keyingi dars albatta tayyor boʻling.

U birinchi marta yolgʻonning shirin mazasini tuydi. Tanaffusda yoniga Mahliyo kelib oʻtirganini sezmay ham qolibdi.

– Bunaqa vaziyatlar boʻlib turadi. Hayotda oʻqishdan ham muhim narsalar bor axir, toʻgʻrimi, – muloyim jilmaydi Mahliyo. – Endi qachon “pochcha” bilan tanishtirasiz? Uyalmang, axir kursdoshmiz-ku.

Hanifa bu gapdan allanechuk gʻalati boʻlib ketdi. Yana loʻppi yuzlari bir zumda qizardi. Ammo hali oʻzi koʻrmagan yigit bilan qanday tanishtirishni oʻylab, javob berishga ogʻiz juftlagan ham ediki, telefoni jiringlab suhbatga aralashdi. Hanifa yuragi taka-puka boʻlib raqamga qaradi. Qoʻngʻiroq qishloqdan ekan. Mahliyoga uzr aytib, javob bergani xonadan chiqdi. Otasi bilan endi salom-alik qilayotgan paytda ikkinchi yoʻnalishdan oʻsha tanish raqam chiqib qoldi. Garchi Hanifa hayratda qolgan boʻlsa-da, otasi bilan suhbatni boʻlishga qurbi yetmadi. Otasining qishloqdoshlar hol-ahvoli haqidagi, shartnoma uchun joʻnatayotgan pullari uch kundan soʻng yetib borishi toʻgʻrisidagi gaplari Hanifaning qulogʻiga kirmay qoʻydi. Suhbat tugagach, telefoni qoʻllari orasidan tushib ketishiga bir bahya qoldi. Shu paytgacha u qoʻngʻiroq qilishi ham mumkinligini xayoliga keltirmagandi. Nima qilishini bilmay bir nuqtaga qadalib qoldi. Oxiri eʼtiborga eʼtibor bilan javob berish kerak, degan qarorga keldi va qoʻngʻiroq qilish tugmasini bosdi. Mana, bir marta chaqirdi, ikkinchisi, uchinchisi… Yoʻq, koʻtarmadi. Koʻzlariga yosh qalqdi. “Boshqa bilan gaplashayotganimni bilib, notoʻgʻri xayolga borgan. Yaxshisi, SMS yozaman: “Uzr, sizga javob bera olmadim. Otam bilan gaplashayotgan edim. Yana boshqa xayollarga bormang”. Professor kelayotganini koʻrgach, xonaga kirishga majbur boʻldi. Joyiga oʻtirgan ham ediki, kakku ovozi yangradi. Darrov qaradi: “Hanifa, sizga oʻzimdan ham ortiq ishonaman. Notoʻgʻri xayolga umuman borganim yoʻq. Faqat qaytib qoʻngʻiroq qilganingizda ovozingizni eshitishga hali tayyor emasligimni his etdim. Bu odobsizligim uchun meni kechiring”. Yelkasini bosib turgan togʻ qulab tushganday yengil tortdi.

Hanifaning umr mazmuni telefonidagi kakku ovoziga ilhaqlikdan iborat boʻlib qoldi. U goh shirin orzular ketidan quvar, goh bu orzulari jilovini “Nega koʻrinmayapti?” degan oʻy tortib qoʻyardi. “Balki uni men bilan koʻrib qolishlaridan choʻchirmikan? Men bilan yonma-yon turishdan or qilsa-chi?.. Yoʻgʻ-e, unday boʻlganida shu vaqtgacha menga bunchalik hissiyotli soʻzlarni joʻnata olmasdi-ku. Yoki… Oʻzining biror nuqsoni bormikan… oqsoqmikan yo? Oʻzi asrasin. Balki ilk uchrashuvimiz uchun maxsus qaysidir kunni belgilayotgandir…”. Yozishmalarga, oʻy-xayollarga guvoh kunlar esa asta oʻtib borardi…

Bugun darsdan qaytishda Mahliyo unga hamroh boʻldi.

– Siz ham yotoqxonagami? Kecha yoʻq edim, dekan kelib majlis qilibdi-a? Yoʻqlarga indamadimi? – deb soʻradi u.

– Davomat qilmadi, umumiy yigʻilish boʻldi. Keyingi haftada qilinishi kerak boʻlgan ishlar haqida gapirdi.

– Unda yaxshi. Darvoqe, Hanifa, bayramni “pochcha” bilan nishonlasangiz kerak-a?!

Hanifa bunday gaplarga koʻnikib qolgan boʻlsa-da, qizarish hali ham unga begona emasdi:

– Qoʻying, bunaqa gaplarni.

– Bilaman sizni. Balki, “pochcha” katta sovgʻa bilan kelar, deyman-da.

Oʻz qavatlariga chiqqach, xonalariga tarqalishdi. Bugun ovqat qilish Hanifaning navbati boʻlgani uchun kiyimlarini almashtirib oshxonaga bordi. Hali xonadoshi kelmagan ham ekan. “Oʻsha kuni u menga nima der ekan? Bayramda uchrashuvga taklif qilib qolsa, nima qilaman? Qaysi koʻylagimni kiyib chiqaman? Har ehtimolga qarshi, kimdandir qarz olib turay. Kuyib ketgan piyozning hidi surayotgan shirin xayollarining taʼmini buzib yubordi. Nima ovqat qilayotganini bir zum esladi-da, qozonga suv solib, xonasida qolib ketgan telefonini olgani yugurdi. Kutganiday orzubaxsh raqamdan xabar kelgan: “Yaxshimisiz, qalbim zulmatini yoritgan Hanifam? Charchamayapsizmi? Afsuski, sizga oʻzim uchun noxush boʻlgan xabarni yetkazmoqchiman. Xorijga magistratura uchun hujjat topshirgandim. Boyagina ertaga ertalab Angliyaga uchib ketishim haqida xabar qilishdi. Oldingizda judayam xijolatdaman. Na siz bilan koʻrisha oldim, na bayramni nishonlash nasib qildi. Oʻsha kunni intizorlik bilan kutayotgandim. Faqat mendan ranjimang”. Hanifa ruhi chiqib ketgan jonsiz tanaga aylanib qoldi. Joyidan jilishga madori yetmadi. Koʻzini derazadan koʻrinib turgan moviy osmonga qaratdi. Shu darajada tip-tiniqki, goʻyoki koʻm-koʻk ummon samoga aylanib qolgandek. Hanifaga asta-sekin rang kirdi, yana oʻsha quvnoqroq holatiga qaytdi va javob yozishga kirishdi: “Rahmat, yaxshi. Tabriklayman, eshitib xursand boʻldim! Bemalol econ-omon borib kelavering. Aslo xijolat boʻlmang”. Kakku ovozi kuttirib oʻtirmadi: “Tushunganingiz uchun rahmat, Hanifa. Mart oxirlarida qaytsam kerak. Siz bilan u yerdan bogʻlanishga harakat qilaman. Oʻzingizni ehtiyot qiling, gulim. Mayli, yaxshi qoling”. Hanifa nomaʼlum shahzodasi nafaqat uni sevishini, balki xorijda ham oʻqishini eshitib, unga qanchalik havas qilishlarini oʻylab yuragidagi gʻashlikni haydashga urindi.

Kecha otasi shartnoma pulini kirakash-taksichidan berib yuborayotganini aytdi. Birozdan soʻng Hanifa kelishilgan manzilga borishi kerak. Ustozidan ruxsat olib, shoshilgancha zinalardan tushib ketayotgan edi, kimningdir “Hanifa” degan chorlovi uni taqqa toʻxtatdi. Gurs-gurs urayotgan yuragini hovuchladi, ammo orqasiga qarashga oʻzida kuch topolmadi. Yana yigitning oʻsha chaqiruvidan soʻng asta burildi. Qarasa, dekanatda ishlaydigan, oʻttiz yoshlardagi, boʻyi pastakkina, Gʻanisher aka qoʻlida qogʻoz bilan turardi. – Yaxshimisiz, Hanifa? Sizni izlab chiqqandim. Shoshyapsiz, shekilli. Koʻp vaqtingiz ketmaydi. Mana bu anketani toʻldirib bering. Faqat sizniki qolgan.

Hanifa chuqur xoʻrsindi-da, qogʻozni shosha-pisha toʻldirishga kirishdi.

– Mana bu yeriga ism-familiyangiz, keyin tugʻilgan joy, sana, yilingiz, bu tomoniga ota-onangizning ism-shariflari va telefonlari, bu yoqqa doimiy va hozirgi yashash manzilingiz, oxiriga oʻzingizning telefon raqamingiz. Mabodo, ayrim kursdoshlaringizga oʻxshab bir nechta raqamingiz boʻlsa, oʻshalarni ham yozing.

Hanifa hammasini toʻldirib, qogʻozni uzatar ekan, bexosdan koʻzi tanish raqamlarga tushib qoldi. Bu raqamlar har safar kakku ovozidan soʻng yuragini hapriqtirib paydo boʻladigan, nomaʼlum sohibining umidbaxsh mujdalari bilan oromini oʻgʻirlagan, tunu kunga aylangan xayollaridan goʻzal ertaklar toʻqigan va uni dunyoda sevilish degan baxt borligiga ishontirgan oʻsha sirli raqamlar edi. Hanifa xatosini tuzatish bahonasida qogʻozni qaytarib oldi. Avvaliga, shunchalik bogʻlanib qolganim uchun koʻzimga koʻrindi, deb oʻziga ishonmadi. Soʻng butun vujudi koʻzga aylandi. Bu sonlar kimningdir ikkinchi telefon raqami sifatida yozilgandi. Adashmaslik uchun Hanifa titrayotgan koʻrsatkich barmogʻini asta yurgizib, oʻsha qatordagi ism-familiyaga olib bordi… Yoʻq, adashdi, shekilli. Ich-ichidan bir tuygʻu adashgan boʻlishini Xudodan yolvorib soʻrardi. U ism-familiyaga qayta-qayta koʻz yugurtirar, lekin raqam sohibi oʻzgarmasdi. Sumkasidan darrov telefonini chiqardi-da, raqamlarni bittama-bitta solishtirdi…

Ertaga xotin-qizlar intizorlik bilan kutadigan sana – 8-mart. Ayrim qizlar bugundanoq bayramni nishonlashni boshlab yuborishgan. Shunday boʻlsa-da, qattiqqoʻlligi bilan nom chiqargan domlaning darsiga oʻn besh daqiqa oldin hamma yigʻilgan. Mana, eshik asta ochilib, sochini oʻzgacha turmaklagan, pardoz-andozi oʻziga yarashgan, egnida yangi koʻylak, bir qoʻlida dasta atirgullar, yana bir quchogʻida katta oppoq ayiqni qoʻltiqlagancha Hanifa kirib keldi. Sukunat oʻtirganlarni oʻziga oʻxshab gung va soqovga aylantirdi. Birov vaqtni toʻxtatib qoʻygandek bir zumga hech kim qimirlay olmadi. Hanifa asta yurib qoʻlidagilarni boʻsh turgan orqa partaga qoʻydi-da, joyiga kelib oʻtirdi. Ayniqsa, uning yuziga yaqinda chizilgan kibrli tabassumning siyohi hali qurimagandi. Shundan soʻng atrof yana harakatga keldi. Hamma yaproq kemirayotgan bir uy pilla qurtiga oʻxshab pichirlashga tushib ketdi. Faqatgina Mahliyo hali-hanuz qimir etmasdi.

Darslar tugagach, Hanifa bilan birga yotoqxonaga ketuvchi qizlar safi kengaydi. Yoʻl boʻyi goh unisi, goh bunisi uning qoʻlidagilarni koʻtarishib yuborishga ruxsat soʻrar, atirgullarni esa hidlayverib bezor qilishgandi. Yotoqxona yoniga yetganda Hanifa taqqa toʻxtadi:

– Darvoqe, qizlar, malol kelmasa, bularni xonamga kiritib qoʻya olasizlarmi? Hozir ketishim kerak, meni kutishyapti.

Qizlar havas bilan tabassum qilgancha, “albatta” deb chugʻurlashdi. Shu paytgacha bir chetda lom-mim demay kelayotgan Mahliyo birdan jonlandi:

– Siz ham chatoqsiz… – Mahliyo niqobsiz gapirayotganiga birdan aqli yetdi. – Bayramni “pochcha”miz bilan nishonlasangiz kerak, deb toʻgʻri topgan ekanman-da. Men uchun muhimi, baxtli boʻlsangiz bas.

– Ha, “pochcha”ngiz holi-jonimga qoʻymayapi, kerakmas, desam ham. Hozir ham kutib turibdilar. Mayli, men kechikmay… – dedi-yu, mashina toʻxtatib, turfa niyatli nigohlar kuzatuvi ostida joʻnadi.

Kursdoshlar oʻz hayratlarini oʻrtoqlashib, yoʻl boʻyi bu qiz kitobdan boshini koʻtarmaydigan, birovlar ustidan kulsa-da jilmayib qoʻyadigan, oʻziga yarashmaydigan kiyimlar kiyadigan, ularning nazdidagi “laqqi” Hanifa ekanligiga oʻzlarini ishontirib borishdi. Hamma oʻz xonasiga tarqalib ketgandan soʻng ham bu mavzu ular bilan birga ancha vaqtgacha xonalarda aylanib yurdi. Faqat Mahliyo qoʻli hech ishga bormay xonasida oʻtirib qoldi. Bu hodisaga aslo aqli yetmas, oʻziga tinmay savollar yogʻdirar edi. Eshikning shahd bilan ochilishidangina oʻziga keldi. Dugonasi Shohista hovliqqancha kirib yoniga choʻkdi-da, uning xayollarini oʻqib turganday gap boshladi:

– Nima boʻlyapti oʻzi, Mahliyo? Axir, qanaqasiga?.. U faqat siz joʻnatgan SMSlarga javob yozardi, telefonda ham gaplashsa uydagilari bilan gaplashardi-ku.

– Bilmadim, mening ham boshim qotgan. Umuman aqlim yetmayapti. Hanifaga anovi atirgulni, shokoladni singlingiz orqali biz bergan boʻlsak… Chet elga ketish haqidagi SMSni oʻtgan kuni yozgan boʻlsam. Qisqa fursat ichida birortani topgan boʻlishi mumkinmi? Bunaqa qimmat sovgʻalarni kim berishi mumkin?

– Toʻsatdan oʻziga oʻxshagan semiz baxt qushi qoʻndi desak, birov yoqtirib qoladigan ahvolda ham emas. Kiyinishi, pardozi uchun yonida hemiri boʻlmasa. Uydagilarimdan pul soʻramay deb kun boʻyi och yurgan paytlarini ham bilaman… Nimasi borki, birov yoqtirib qolsa… Toʻgʻri, boshlagan oʻyinimizdan soʻng sal oʻzgarganday boʻluvdi. Lekin bugun umuman boshqa qizga aylanib qolibdi.

– Uf, hozir jinni boʻlib qolaman. Unda kim Hanifaga bunchalik xushtor boʻlishi mumkin? Kim?

– Mayli qoʻyavering. Hali keladi-ku, shunda aniqlashtirib olamiz. Darvoqe, “Majnun”ingiz bayramga nimadir berdimi?

– Oʻqishdan soʻng yotoqxona oldiga boraman, degandi. Ishqilib, oʻtgan safargiday kitob koʻtarib kelmasin-da. Oʻzingizniki-chi?

– Menikiyam siznikidan qolishmaydi, shekilli. Avvaliga boyroqday tuyulgandi-da. Boʻlmaydiganga oʻxshaydi bu… – deb ikki dugona ancha vaqtgacha hasratlashib oʻtirdi. Shohista ketishga chogʻlanib, deraza tomonga yaqinlashdi:

– Oʻ, nihoyat bizning qurbaqadan malikaga aylangan dugonamiz kelyapti. Qoʻlida yana allanima.

Mahliyo deraza yoniga yugurdi. Darhaqiqat, Hanifa qoʻlida kattaroq quti bilan ichkariga kirib ketdi. Ikki dugonaning koʻzlari ancha vaqtgacha bir-birlariga soʻzsiz qadalib qoldi. Oradan choy qaynar vaqt oʻtgach, xonadagi sukunatni Hanifaning quvnoq ovozi buzdi:

– Yaxshimisiz, qizlar? Ie, tinchlikmi, xomush koʻrinasizlar? Shirinlik bilan choyga chaqirayotgan edim, yuringlar. Kayfiyatingiz ham koʻtariladi. Yana uch-toʻrt qizni aytdim.

Kutilmagan taklifdan kalovlanib qolgan dugonalar qiziqsinib uning ortidan ergashdilar. Stol ustida ayrim talabalarning faqatgina tushlariga kirib chiqadigan, mevalar bilan bezatilgan katta tort savlat toʻkib turardi. Qolganlar ham kelishdi. Hanifa tortni bamaylixotir boʻlaklab, ketma-ket uzatdi. Qizlar boyadan beri ichlarida toshib ketish arafasida turgan savollarini yogʻdira boshladilar. Hanifa sirli tabassum bilan ularni tinglardi.

– Xullas, kelishilgan joyimizda uchrashdik. Borsam, kafedagi stol va stul usti atirgullar bilan toʻldirilgan. Shunday goʻzal ediki! Keyin men otini bilmayman, allaqanday ovqatlar, shirinliklar buyurdilar. Tamaddi qildik, suhbatlashdik. Mana bu tortni dugonalaringizga olib boring, deb berib yubordilar.

Hanifa qisqagina qilib, xotirjam ohangda shularni aytib berdi. Oʻzini bunday tutishi unga yanada sirlilik baxsh etardi. Keyin gap goh domlalarga, goh kursdoshlarga, goh darslarga koʻchar, ammo har zamonda Hanifaning mavzusiga qaytib kelardi. Kechga yaqin dugonalar unga minnatdorlik bildirishgancha oʻz xonalariga tarqalishdi. Bu safar uyqusizlik Mahliyonikida tunashga qaror qildi.

Hanifadagi bu oʻzgarishlar, nomaʼlum yigitning unga oshiq boʻlib qolgani koʻpchilikning ogʻzida chaynalar, kursdoshlari orasidagi mavqei ham ancha koʻtarilgandi. Hanifa borgan sari oʻzini sovuq tutar, shunga qaramay atrofidagi”parvona”lar soni oshib borardi. Har kuni goh darsxonaga, goh yotoqxonaga koʻzni quvontiradigan tortlar, televizordan reklamasi tushmaydigan qimmatbaho shirinliklar olib kelar va, albatta, ularni kursdoshlari, ayniqsa, Mahliyo bilan baham koʻrardi. Mahliyo oʻylayverib, eti suyagi bilan bir boʻlay deganda taqdirga tan berdi va u ham girdikapalak boʻluvchilar safidan joy oldi. Ammo hammadan oʻzini ustun biluvchi Mahliyo Hanifaning tabassumli yuzini, nomaʼlum yigitdan olayotgan sovgʻalarini koʻrganda, ichini nimadir qattiq tirnab qoʻyardi. Chunki u hali-hanuz Hanifani yuksak eʼtiborga, muhabbat tuygʻusiga noloyiq deb hisoblardi.

Kunlar oʻzaro quvalashib Hanifaning tugʻilgan kuni ham yetib keldi. Bugun kursdosh qizlarni oʻzlari beradigan sovgʻadan ham koʻra Hanifaning nima koʻtarib kelishi koʻproq qiziqtirardi. Hattoki, bu borada oʻz taxminlarini aytib, garov ham bogʻlashgan. Vaqt oʻtgan sari yotoqxona derazasidan moʻralab turgan talabalar sonining ortib borishi xuddi asalari inini eslatardi. Mana, shom yuziga qizgʻish pardasini yopgan boʻlsa-da, kutilayotgan insondan darak yoʻq. Odatda Hanifa hech qachon bunchalik kech qolmasdi.

– Ana, ana, kelyapti, – qichqirdi kimdir. Bir-birlariga tiqilishib boshlarini derazadan chiqarishdi. Goʻyoki ular kimsasiz orolda chorasiz qolishgan-u, qutqargani xaloskor paydo boʻlgandek edi. Koʻtarilgan chugʻur-chugʻurdan qushlar ham hayratda jim boʻlib qoldi. Hammaning koʻzi Hanifaning qoʻlidagi narsaga qaratilgan.

Oʻziga oro bergan Hanifa oʻsha sirli tabassum bilan qoʻlida chiroyli bezatilgan katta savatni koʻtargancha yotoqxonaga yaqinlashdi. Ikki yigit darrov tushib, yordamga shoshildi va Hanifaning xonasiga avaylab olib chiqib berishdi. Shu zahotiyoq qizlar u yerga guvva yopirildilar. Butun dahlizni gullarning yoqimli ifori tutdi. Savatda bir quchoq qip-qizil atirgullar bir davra goʻzal qizlardek yastanib oʻtirishardi. Ayrimlar gullarni hidlashga tushib ketgan boʻlsa, yana ayrimlar ularni sanashni boshlab yubordi. Shu payt kimdir hayrat bilan qichqirib yubordi:

– Dahshat, qizlar, kinodagiday uch yuzta atirgul ekan.

– Yoʻq, uch yuz bitta, – birinchisining xatosini tuzatdi kimdir.

– Adashyapsizlar, menda uch yuz beshta chiqdi.

– Qanday baxtli qizsiz-a? Hanifa, oʻzingiz ayta qoling, nechta atirgul bor?

– Bilmadim, lekin “Dilimdagilarni izhor qilishga bu uch yuz bitta atirgul kamlik qiladi” degandek boʻluvdilar, – dedi sokin, ammo tabassum bilan.

– Voy, qaranglar, oʻrtadagi atirgulning ustida qizil quticha ham bor ekan. Ochsak maylimi?

Hanifa jilmaygancha bosh irgʻadi, uning nigohi qutichadan koʻz uzolmayotgan Mahliyoda edi…

Quticha ham ochildi. Yotoqxonaning butun binosini 5-qavatda koʻtarilgan qiyqirishlar, chalingan qarsaklar ovozi tutdi. Bunga qutichadan chiqqan bejirim ishlangan tilla uzuk sabab boʻlgandi. Koʻtarilgan shovqindan oʻpkasini qoʻltiqlagancha yotoqxona nazoratchisi yugurib chiqdi va yigʻilganlarni oʻz xonalariga tarqatib yubordi…

* * *

– Dilqulova, dekan oʻrinbosarining xonasiga kirar ekansiz.

Hanifa yuragini xavotir bilan gʻijimlagan koʻyi Jumayevning roʻparasiga kelib toʻxtadi. Ochiq qoldirilgan eshik gʻiyqillagancha yoʻlakdagi talabalar shovqiniga va yana nimalargadir intiho yasagandek sharq etib yopildi. Dekan oʻrinbosari siyrak sochlari taram-taram qilib taralgan boshini hadeganda stoldan koʻtarmadi.

– Chaqirgan ekansiz?

Oʻrinbosar hamon boshini koʻtarmasdi, uning hech narsa oʻqimayotganligi, noxush bir gapni aytishga tayyorgarlik koʻrayotganligi shundoq koʻrinib turardi. Oʻrtaga asrga tatigulik jimlik choʻkdi. Nogahon nomsiz bir sezim Hanifaning yuragidagi gʻijimlarni yoya boshladi va uni xotirjamlik rangiga boʻyadi. Qiz oʻz-oʻzi bilan kurashar, vaqtinchalik alamli tantanalar nihoyasiga yetganini anglatuvchi nuqta hozir qoʻyilajagini, yoʻq, yoʻq, qoʻyilib boʻlganini his qildi. Birdan dunyo boʻshab qoldi: na raqib bor, na doʻst bor. Mana bu auditoriyalar, kursdoshlar ham, olisdagi qishlogʻi ham, ertangi kun ham maʼnisizlik qaʼriga gʻarq boʻldi.

– Hanifa, – dedi oʻylayverganidan chuvakkina yuzi boʻgʻriqib ketgan oʻrinbosar, – muhlat berdik, muhlat berdik. Ammo toʻlamadingiz. Dekan bilan rektoratga chiqib keldik. Ammo iloji yoʻq, qoida hammaga bir xil, haydaladi, dedi.

Hanifaning umid chirogʻi osilib turgan nozik rishta uzilib ketganday, atrofini zulmat qoplaganday boʻldi.

– Ammo sizning aʼlochi talabalarimizdan ekaningizni, shart-sharoitingizni tushuntirdik. Rektor oxirgi imkoniyat, dedi. Manavi hujjatga tanishdim, deb qoʻl qoʻyishingiz kerak ekan. Uch kunda toʻlamasangiz, unda keyin boshqa choramiz qolmaydi…

Hanifa qizlar kelib qolishidan xavotir ila kiyimlarini shosha-pisha katta sumkaga joylardi. Mana bu muhabbatga aldanish koʻylagi, mana bu intizorlik va alam koʻylagi, mana bunisi iztirob kofta-yubkasi, bunisi tomoqlarini boʻgʻgan, tashqariga otilib chiqolmagan xoʻrlik sharfi, mana bu soʻnggi intiqom – qutichadagi moʻjaz tilla uzuk… Otasi yuborgan kontrakt pulining dard va gʻamga evrilgan parchalari. U birov quvib kelayotgandek yugurgilaganicha katta yoʻlga chiqdi. Bir zum ikkilanib qoldi – qayoqqa? Savolga javob ham, javobga fursat ham yoʻq edi. Tezroq. U nimadan qochayotganini oʻzi ham bilmasdi. Halloslab borar ekan, koʻksidan yaralangan jonzotning oʻkirigiga oʻxshash bir faryod boʻlinib-boʻlinib, nafasi bilan birga otilib chiqar, bu na yigʻi, na dod edi. Ammo koʻzida yosh yoʻq, yurak izhorining soʻnggi bulogʻi ham qurigandek edi.

Hanifa juda uzoq yurdi. Oyoqlariga suykalib, tap-tap urilib, uni shoshmaslikka, orqaga qaytishga undab kelayotgan sumkasi nihoyat uning qoʻlidagi, yoʻq, yoʻq, butun vujudidagi quvvatni soʻrib oldi-da, bor ogʻirligini tashlab, uni toʻxtashga majbur qildi. Hanifa sumkasining ustiga majolsiz choʻkdi. U yoʻlning hayot qoʻshigʻi – avtolar va odamlar shovqinini eshitmas, nigohlari nomaʼlum nuqtaga qadalgancha qotib qolgan, miyasining qaysidir qatida boshlangan ogʻriq boshini yorib chiqish payida edi.

Shu payt uning ongi-shuuriga nimadir kirmoqchi boʻlib urinayotganini his qildi. Diqqatini jamlab buning ovoz ekanini, telefonidan taralayotgan kakku ovozi ekanini zoʻrgʻa angladi. Kakku ovozi! Jonini birov burovga olganday ingrab yubordi. Kakku ovozi yana yangradi. Dafʼatan miyasida bir fikr chirillab aylana boshladi, telefonni otib yuborib, oʻzini mashina tagiga tashlasa-chi? Hammasidan qutuladi. Nogahon darvoza oldida judolikni koʻtarolmay yiqilib yotgan onasi, Toshkentdan tobutini olib ketayotgan bir burdagina otasining qiyofasi koʻz oʻngida namoyon boʻldi. Xoʻrligi keldi. Yana kakku ovozi. U nima qilayotganini oʻzi ham anglamagan, ixtiyorsiz holda yarim ochiq hamyonidan telefonini qoʻlga oldi. Qator SMSlar. Hammasi bitta telefondan. “Hanifa, darsdan chiqib biznikiga kel. Muhim gap bor. Rohila”. Ichidan kinoyaga oʻxshash bir narsa chizilib oʻtdi: dunyoda muhim narsayam bormi? Kakku ovozi yana bir necha bor yangradi. Oʻsha xabar. Hanifa uzoq oʻtirdi. Kirakashlar mashinani bibillatib toʻxtatib, “Qayoqqa?” deb soʻrayverib joniga tegdi. Nihoyat, u oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Yotoqqa yoʻl yoʻq, qishloqqa yoʻl yoʻq…

Eshikni ochgan Rohila xursandligidan terisiga sigʻmay ketdi.

– Xayriyat-ey, keldingmi, dugonajon? SMSga javob ham yozmaysan?

– Yozib oʻtiramanmi, bir kirib oʻtay dedim.

– Eh-he, katta sumka koʻtarib olibsan?

– Uyga ketmoqchi edim.

– Erta-indin ketarsan. Qani, ichkariga kir.

Qand-qurs, choy-non qoʻyilganidan chehrasi ochilgan dasturxon ikki qishloqdosh dugonani yoniga chorladi, dugonalar roʻbaroʻ oʻtirishdi. Rohila choyni qaytararkan, gapni nimadan boshlashni oʻylab kayfiyatsiz oʻtirgan Hanifaga zehn soldi.

– Ranging bir ahvol, mazang yoʻqmi?

– Yoʻq, yaxshiman. Shu… sessiyadagi imtihonlar charchatdi, shekilli.

– Parvo qilma. Uydagilarni bir koʻrsang charchogʻing chiqib ketadi. Qani ol, dasturxonga qarab oʻtir. Endi… Men hozir, ovqatning tagini pasaytirib kelay.

Ovqat olovinimi, ichidagi hayajon olovinimi pasaytirib kelgan Rohila gap boshladi:

– Hanifa, shu… kimdir nimagadir sabab boʻladi. Shu… biz bolalikdan dugonamiz… Toʻxta, avval soʻrab olay, faqat toʻgʻrisini ayt… birorta yigiting bormi?

Hanifa birov boshiga tosh bilan urganday karaxt boʻlib qoldi. “Yotoqdagi gaplarni bu qayerdan eshitgan? Qishloqqayam yetib borgandir?..”

– Qoʻysang-chi shunaqa gaplarni.

– Menga qara, baribir shu savdo bugun boʻlmasa, ertaga boshingga keladi. Avval eshit. Tugʻilgan kunimda kelganing esingdami? Bu gap oʻsha kundan keyin boshlangan.

Hanifa endi dong qotib qoldi. “Demak, menga kelgan SMSni oʻqigan. Qanday qilib? Telefon qoʻlimda edi-ku…”

– Nima gap boshlanadi?

– Menga qara, mehmonlarni koʻruvdingmi? Ularni birortasini tanirmiding?

– Nima deyapsiz? Hech kim kelgani yoʻq edi-ku…

– Gapni boʻlmay tur. Zinadan tushib ketayotganingda mehmonlar chiqib kelayotgan ekan, shundaymi? Oʻshalarning ichida men bilan birga ishlaydigan Gulnora bilan akasi ham bor edi.

Hanifa keraksiz boʻlib qolgan buyumlarni tashlab yuborishdan oldin yana bir bor titkilagandek xotirasini titkilay boshladi. Zinadan koʻpchilik chiqib kelayotgandi. Ikki qishloqdosh qiz bilan salomlashdi. Oʻsha payt dardu dunyosi oʻziga yetib ortardi. Kimdir “Yaxshimisiz?” dedi. Javob berdimi-yoʻqmi, tashqariga otildi. Tamom.

– Oʻsha Gulnoraning akasi seni bilar ekan…

– Nima? Bilar ekan? Rohila, yotoqxona shunaqa gʻiybatlarga toʻlib yotibdi, jonimga tekkan…

– Yotoqxonangdagi gʻiybatlar boshqa. Hozir gap sen haqingda ketyapti. Birpas sabr qil, iltimos. Bilar ekan degani uchrashib yurgan ekan, degani emas-ku, bir marta koʻrgan ekan.

Hanifa bu yogʻiga Rohilaning gaplarini oxirigacha eshitishga mahkum ekanligini anglab, boʻshliqqa qaraganday dugonasiga tikilib oʻtirishdan boshqa chora topmadi. Bunday paytlarda qizlar qiziqib, “Qachon, qayerda koʻrgan ekan?” deb beradigan savollar ham boʻlmaganidan Rohila yigitning taʼrifiga tushdi:

– Gulnoraning aytishicha, akasiga har qanaqa qizlar yoqavermaskan. Bir-ikkitasini koʻrsatishgan ekan, boʻlmaydi, debdi. Yana topib qistayverishgan ekan, meni tinch qoʻyinglar, kerak payti oʻzim topaman, debdi. Kelib-kelib, kutilmaganda zinada seni koʻrib qolibdi. Bu qizni ilgari koʻrganman, studentliginiyam bilaman, lekin otiniyam, qayerda oʻqishiniyam bilmasdim, surishtirib hech boʻlmasa telefonini olib ber, debdi singlisiga. Sen haqingda nima debdi degin: koʻp qizlarning koʻzida taʼma bor, men chiroyliman, men senga yoqdimmi yoki puling koʻpmi, qayerda ishlaysan, shunga qarab muomala qilaman, degan yozuv yozilgan turarmish. U sening koʻzingda bunaqa gʻubordan asar ham koʻrmabdi. Qara, qanday diqqatli yigit ekan, bir marta koʻrganda shuncha narsani ilgʻab olibdi. Keyin seni rosa izlagan ekan… – Rohila yana nimalarnidir aytsammi, aytmasammi deb biroz oʻylanib turdi. – Xullas, oʻsha kundan beri Gulnora “Gaplashdingizmi?” deb holimga qoʻymaydi. Ismingni aytdim, oʻzingdan soʻramasdan institutingni, telefoningni aytmadim. Shu paytgacha oʻyladim, balki yigiti bordir, dedim, Hanifaga yoqmasa-chi dedim, qishloqda Rohila Hanifaga er izlabdi, degan gap chiqsa-chi, dedim. Kecha Gulnoraning bir-ikita achchiq gapi jonimdan oʻtib ketdi. “Akamni past koʻryapsanmi yoki bizning biror yomonligimiz bormi?” dedi. Uxlamay chiqdim… Nima deysan, telefoningni beraymi, yo bir uchrashib koʻrasanmi?

Rohila dugonasidan sado kutib uzoq oʻtirdi. Javobsiz jimlik joniga tegdi.

– Bir narsa desang-chi! Yo koʻnglimda birov bor deb ayt…

– Rohila, meniyam, oʻzingni ham qiynama. Hozir menda koʻngil ham yoʻq, ichida birov ham yoʻq. Birov bilan uchrashish xohishi ham yoʻq. Juda charchaganman.

– Oʻqish adoyi tamom qilibdi seni, – Rohila havosi chiqarilgan pufakday boʻshashib qoldi, kayfiyati tushib ketdi. – Mayli, damingni ol, oʻzingga kel. Keyin gaplashamiz bu gaplarni.

Ertalab Hanifa uyqudan turganda Rohilaning eri ishga ketib boʻlgan, bolasi bogʻchaga qoʻyib kelingan edi. Ikki dugona choy ichishga oʻtirishdi. Rohila kechagi gapni qoʻzgʻamadi, ammo odatdagidan sermulozamatroq tuyuldi. Uni ol, buni ol, deb qistar, bolasining qiliqlarini aytib kulardi. Lekin nimadandir bezovta edi.

Shu payt eshik qoʻngʻirogʻi jiringlab qoldi. Rohila otilib turib eshikka yugurdi.

– Assalom-aleykum, kelinglar-kelinglar. Voy, nima qilib yuribsiz ovora boʻlib. Qani, ichkariga. Dugonam kelib qolgan edi. Bu xonaga, qani, marhamat…

Xonaga boʻyi pastroq, sochlarini orqasiga turmaklab olgan, istarasi issiqqina qiz jilmaygancha kirib keldi. Orqasida bir yigit turardi.

Rohila mehmonlarni Hanifaga tanishtirdi:

– Bu Gulnora, birga ishlaymiz. Bu kishi akalari…

– Yusuf akam, – dedi kulib Gulnora.

Tanishtiruv shunchalik tez yuz berdiki, mehmonlar hurmati uchun tik turgan Hanifa nima boʻlayotganini anglashga ham ulgurmadi. U avval qizga, soʻng yigitga qaradi va… turgan joyida qotib qoldi.

Mashinaning old oynasidan bir lahza tikilgan oʻsha nigohlar, uyqusiz tunlardagi xayollar, sarobga aylangan orzular, kakku ovozi har yangraganda koʻz oʻngida namoyon boʻladigan siymoga aylanib qarshisida turardi.

– Yaxshimisiz? – dedi yigit. – Oʻsha kuni uyga yaxshi yetib bordingizmi?

“Hoy, ehtiyot boʻling, singlim. Yaxshiyamki, sizga hech narsa qilmadi, Xudoning oʻzi asradi” – bir paytlar takrorlanaverganidan qoʻshiqday yod boʻlib ketgan oʻsha soʻzlarning sohibi!

Hanifaning javob qilishga tili aylanmas, koʻzlarida yosh jilolanib turardi.


 

Bibi Robia SAIDOVA

 1991 yili tugʻilgan. Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti magistranti. 2014 yili Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan “Birinchi kitobim” loyihasida “Parvoz” nomli hikoyalar toʻplami nashr etilgan.

 

“Yoshlik”, 2016 yil 6-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.