Jonfigʻon

0
105
marta koʻrilgan.

Jonfigʻonni tanisangiz kerak – oʻsha, oʻtgan yil bahorda mast boʻlib, koʻchadan oʻtgan odamga “hozir aytasan: boshimni qaysi devorga urib yoray”, deb yopishgan, keyin soqoliga oʻzi oʻt qoʻyib, gugurt chiqarganni soʻkkan kishi.

Kecha shuning uyidan xotin kishining achchiq-achchiq yigʻlagan tovushi eshitiddi. Jonfigʻon bu yaqin yillarda xotinini urgan emas, hatto bir kuni samovarda oʻzi: “Xotin kishini nomard uradi, qoʻling qichisa, oʻzingga oʻxshagan qoʻli qichiganni topib mushtlash, men seni mard bilay”, degan edi.

– Nima boʻldi?

– Uch-toʻrt kishi boʻlib asta kirsak, hovlining oʻrtasida katta gulxan, xotini Malohatxon uning atrofida dodlab yuribdi. Toʻxtatdik.

– Nima gap?

– Shoʻrginam qursin… koʻrmaysizlarmi… Besh-olti yildan beri bitta paypoq olib bergani yoʻq-ku, ishlab-ishlab topgan pulimga qilgan hamma kiyimlarimga kerosin sepib oʻt qoʻydi… Shu ustimdagi ish kiyimim bilan qoldim…

Jonfigʻon derazadan boshini chiqarib baqirdi:

– Gapir, ha, gapir!.. Sening gaping gapu bizniki gap emasmi!..

Jonfigʻon katta bir haqiqatni ochishga shoshilganday, uydan yugurib chiqdi, bizga zoʻr haqsizlikdan shikoyat qilayotgan qiyofada turib, allaqayerda oʻtgan bir avliyoning oʻz oʻgliga “xotinlar bevafo” deb qilgan nasihati, jinoyat qonunlari majmuasining allanechanchi moddasi toʻgʻrisida gapirdi va bexosdan yigʻlab yubordi. Keyin bilsak, kecha er-xotin urishgan, xotin: “Qoʻy endi, men sen bilan umr qilmayman, ertaga xatimizni olamiz”, degan ekan.

Urish, qoʻydi-chiqtsi ham har xil boʻladi. Baʼzi urishlar shunday arzimagan narsadan chiqadiki, orada qancha sovuq gaplar oʻtib “hordiq chiqqandan keyin” urish nimadan chiqqanini na er eslay oladi, na xotin. Bularning ham janjali shu xilda boʻlsa yarashtiraylik, ikkovi ZAGSning oʻsha “Oʻlim va taloq” boʻlmasiga qadam bosmasin deb, gap soʻradik. er-xotin ayta bersa, bu janjalning tarixi biron yozuvchining qoʻliga tushsa kattakon bir kitob boʻladigan.

Jonfigʻon bundan besh-olti yil burun qaysi bir idoraning izvoshini minar ekan, kirakashlik qilib qoʻlga tushib ishdan haydashibdi; keyin sabzavot doʻkoniga mudir boʻlgan ekan, “juda arzon mollar, bularning ustiga soʻm qoʻyib boʻlmasa, tiyin qoʻyish bilan qachon boy boʻladi kishi” deb oʻzi tashlab ketibdi; tanish-bilishlari zavodga ishga joylab qoʻygan ekan, “oyligidan boʻlak daromadi yoʻq” deb bormay qoʻyibdi, shundan keyin qilmagan ishi qolmabdi desa boʻladi: gulfurushlik deysizmi, tomshuvoq deysizmi, qassobchilik deysizmi… bir-ikki hafta bozorda qovun tilib ham sotibdi.

Malohatxon, Jonfigʻon izvozchilikdan haydalgan yili, mahalladagi aktiv ayollarning himoyasi ostida, erining qarshiligiga qaramay, rayon Kengashiga uborshitsa boʻlib kirgan ekan; oʻqibdi, hademay savodi chiqibdi, bir yil-bir yarim yildan keyin hatto majlislarda dokladchiga: “Oʻrtoq, sizga savolim bor”, deydigan boʻlibdi. Rayon Kengashining shofyori Tishchenko degan ayol uning sogʻlomligiga, kuchiga, abjirligiga, ayniqsa, zehniga qoyil boʻlib yurar ekan, bir kuni uyga chaqirib, “sen shofyor boʻlgin, nima yordam kerak boʻlsa beraman”, debdi. Malohat ham shunday bir narsani orzu qilib yurar ekan, darrov koʻnibdi. Shundan keyin Tishchenko uni birmuncha vaqt shofyorlar kursiga tayyorlabdi, oqibat kirgizib ham qoʻyibdi.

Jonfigʻon avvallari uning niyatiga, oʻqishiga “notavon koʻngil… orzuga ayb yoʻq” degan nazar bilan qarab yurar ekan, bir vaqt qarasaki, Malohat kursni bitirib, gruzovoy minib yuribdi! Jonfigʻon bunga ham koʻnikibdi: “Ha endi, minsa minibdi-da, shu ham martabami, mashinani oʻzi oʻylab chiqariptimi”, deb oʻziga tasalli beribdi. Biroq Malohat ikki yilda uch marta mukofotlanibdi. Jonfigʻon mukofotni oʻz gazi bilan oʻlchagani uchun bunga ham uncha parvo qilmabdi: “Olgan mukofotiga ot bilan tuya berarmidi”, debdi. Jonfigʻon oʻtgan yil bahor kechalarining birida (oʻsha kuni ertasiga boshini yormoqchi boʻlgan, soqoliga oʻt qoʻygan) istirohat bogʻiga kirgan ekan, qarasa, shaharning manman degan staxanovchilari qatorida xotinining ham kaggakon portreti turibdi! Sevinch, qoʻrquv, baxillik – hammasi aralash-quralash boʻlib, Jonfigʻonning boshi gʻovlab ketibdi. U darrov uyiga kelib, har qalay, xotinini suyibdi, oʻpibdi, lekin suhbat janjal bilan tugabdi. Bu kungacha boʻlib oʻtgan uchta yirik janjalning biri shu ekan.

– Shunda janjal nimadan chiqdi? – dedi sheriklarimizdan biri.

Jonfigʻon javob bermoqchi edi, Malohat gapini ogʻzidan oldi.

– Tuppa-tuzuk oʻtirgan odam birdan aynib, endi undoq boʻlasan, bundoq boʻlasan, jazman chiqib qoladi deb, jahlimni chiqardilar. Xayolimda yoʻq gaplar…

– Xayolingda yoʻq-a, xayolingda yoʻq! – dedi Jonfigʻon kesatib.

– Ha, xayolimda boʻlib nima qildim?

– Xayolingda boʻlmasa nima uchun buqogʻingni kestirding? Xoʻsh? Qani mana shu toʻrtta odamning oldida javob ber-chi?

Malohatning koʻk piyoladan koʻra kichikroq buqogʻi boʻlib, shuni oʻtgan yil kuzda kestirgan ekan. Ikkinchi yirik janjal shunda boʻlib, yaqin bir haftaga choʻzilibdi.

– Kestirsam yomon boʻliptimi? – dedi Malohat. – Axir… xotiningizman…

– Nima, menga yoqish uchun kestiribsanmi? Hech-da! Menga buqogʻing bilan ham yoqa berar eding. Boshqaga yoqaman deb kestirgansan!..

– Uyaling! Ilgarilar, buqogʻing bor deb, koʻz ochirgani qoʻymas edingiz-ku! Necha marta yigʻlatgansiz?

Jonfigʻon, nima deyipxini bilmay yerga qaradi va doʻngʻilladi:

– Men yigʻlatgan emasman… oʻzing yigʻlagansan…

Biz kulgidan oʻzimizni tiyolmadik, ammo baralla kulish toʻgʻri kelmagani uchun birimiz moʻylovimizni silab, birimiz yoʻtalib, deganday kulgimizni yashirdik. Jonfigʻon:

“Malohat endi meni tashlab ketadi” deb hadiksirab yursa, Malohat erining bu yurish-turishidan xijolat tortib yurar ekan. Shuning uchun Malohat koʻzga koʻringan sayin erini el qatori ishlashga undar, yalinar, baʼzan qattiq gapirar, hatto yigʻlar ekan. Jonfigʻon oxiri insofga kelib, shu bu yil qishda non zavodiga ishga kiribdi, ammo bir oy ishlamasdan progulchi tarzida ishdan haydalibdi. Jonfigʻon buni, albatta, talay vaqtgacha xotinidan yashirib yuribdi; bu maʼ-lum boʻlib qolgandan keyin xotiniga necha-necha tavba-tazarrular qilib, endi biron joyga kirib ishlashga, astoydil ishlashga soʻz beribdi. Malohat ishonibdi va oʻzi ish topib, oʻtgan oyning oʻn birinchi chislosida joylab qoʻyibdi. Oʻtgan kuni qarasa, mulla Jonfigʻon yana bekorlar! Malohat surishtirgani korxonaga boribdi; surishtirib qarasa, Jonfigʻon faqat oʻn yetti kun ishlabdi, xolos; byulleten olgani doktorning oldiga chilimning suvini ichib lohas boʻlib kirgan ekan, doktor ichini chayqabdi va “koʻr boʻldingmi, nega tamaki yeysan” debdi. Bu gap korxonaga ovoza boʻlib, Jonfigʻonni oʻsha zamoniyoq ishdan haydashibdi. Mana, uchinchi yirik janjal mana shundan chiqibdi.

– Nega bundoq qilasiz, axir? – dedik. Jonfigʻon yer chizib oʻtirar ekan.

– Shayton… – dedi.

– Bekor aytibsiz! – dedi Malohat jahli chiqib, – chilimning suvini ichib doktorga kirishni shayton sizdan oʻrgangandir!..

Hammamiz jim qodtsik, Jonfigʻon birpasdan keyin bo-shini koʻtarib:

– Boʻladigan gap shu, – dedi, – mening qoʻyadigan xotinim yoʻq. Agar zoʻrlik bilan xat topshirsang, tovonimga qolasan.

Mana shu yigitlar guvoh. Aytdim-qoʻydim, ikki quloch arqon…

U, oʻpkasini tutolmay yigʻlab yubordi. U, yigʻlar ekan, yana xotiniga soʻz berdi. Malohat uni hech qachon bu ahvolda koʻrmagan boʻlsa kerak, yumshadi.

– Men sizga aytayin, – dedi, – pulingizning keragi yoʻq, ishlasangiz boʻlgani! Men sizni hozir erim degani nomus qilaman!

Jonfigʻon qasamning har xilidan ichdi, keyin bizning kafil boʻlishimizni soʻradi. Biz oxirgi sinoq boʻlishi sharti bilan kafil boʻldik, ammo har qaysimizning dilimizda: “Bu xotindan uyalib qolmasmikanmiz”, degan bir andi-sha bor edi. Malohat koʻngandan keyin biz chiqib ketdik. Samovarda oʻtirgan edik, birpasdan keyin Jonfigʻon chiqdi va yonimnzga kelib:

– Shu gap gap boʻddimi, yo tagʻin jinniligi tutarmikin? – dedi.

Biz hali javob bermasdan Malohat eshikni ochib qaragan edi, Jonfigʻon yugurganicha bordi, ikkovi kirib ketdi.

Yertasiga eshitsak, Jonfigʻon yoʻqlab kelgan takasaltang ogʻaynilarini uyiga kirgizmabdi.

 

1939

 

Abdulla QAHHOR

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.