Jiyda guli

0
512
marta koʻrilgan.

1

 

Kichik xona derazasidan tushgan yorugʻlik qop-qora moʻylovi bugʻdoyrang yuziga yarashgan qotma yigitni yoritib turibdi. U tik turganicha oq oralagan sochi orqaga taralgan ustozi uzatgan qogʻozlarni oldi. Tahrir qilingan maqolasini oltin izlayotgandek diqqat bilan varaqlay boshladi. Sahifalardagi ayrim soʻzlarga soatning milidek nozik chiziqlarda qalam tekkizilgandi. Bular juzʼiy kamchiliklar, degan xulosaga kelib, yengil tortdi. Oxirgi betni ochib, ajablandi:

– “Hasan Ali” deb oʻzgartiribsiz-da? – ustoziga “Tushunmadim?” maʼnosida qaradi.

– Ha, nima, – gazetaning yangi soniga tarx chizayotgan Izzatilla aka uning gapiga parvo qilmadi. – “Hasan Aliyev”dan koʻra “Hasan Ali” desak jaranglab eshitiladi. Bu oʻzbekona, ham tezroq tanilasiz. Toʻgʻrimi?

Hasan masʼul kotibning gapiga qoʻshilish yoki qoʻshilmaslikni bilolmay ikkilandi. Moʻylovi ostidagi yupqa lablarini biroz qimtib turdi-da, bu imzo oʻziga yoqayotganidan mamnun jilmaydi: “Hasan Ali! Mashhur yozuvchilarning taxallusiga oʻxshaydi!”

Izzatilla aka zavq-shavq bilan qilayotgan ishidan toʻxtab, boshini koʻtardi. Katta-katta kataklarga boʻlingan sargʻimtil qogʻozga havas bilan qarab qoʻydi-da:

– Bugun Oqchashmaga borasi-iz, Hasanbo-oy, – dedi soʻzlarni saqichdek choʻzib-choʻzib. – Chorvachilik fermasidan bitta zoʻ-oʻr lavha kerak. Moʻminjon akaga qoʻngʻiroq qildim, u kishi ferma mudiri. Yosh, zoʻ-oʻr sut sogʻuvchi qiz bo-or, deyapti. Oʻsha qiz haqida lavha yozib kelasiz. Manavi boʻsh joy – sizga!

Hasan Izzatilla akaning yoniga oʻtib, chizayotgan tarxiga tikildi. Uchinchi sahifaning naq yarmi boʻsh edi.

– Shu joy sizniki! Gazeta ertaga sahifalanadi. Uyda ma-azza qili-ib yozib kelsangiz, Yodgora opa birpasda “moshinkalab” beradilar, – u gap tamom, degandek, kaftlarini bir-biriga ishqaladi.

Hasan ustozining oldidan ikki xil oʻyda chiqdi: Universitetni bitirib, tahririyatga ishga kelgan kunidan gazetaning masʼul kotibi – Izzatilla akasi ustozlik qildi. Qiynalib, kalavaning uchini topolmagan paytlaridayam birorta topshiriq berib, yoʻlga boshlaydi. Bir necha marta xoʻjaliklarga ham aka-uka boʻlib birga chiqishdi. Endi fermaga yolgʻiz oʻzini yoʻllayotir. Bu ishonchmi yoki sinov?

 

2

 

Oqchashma – tuman markaziga tutashgan katta qishloqlardan biri. Shimol tomonidan kumushrang ipakdek tovlanib Boʻzsuv oqib oʻtadi. Boʻzsuvni odamlar oʻzlaricha kanal, ariq, daryo ham deyishadi. Oqchashmaliklar uchun esa daryo. Qishloq odamlari oʻz daryolarining suvini panohlaridagi oilalari, farzandlaridek muqaddas deb bilishadi. Xastalarni shu suvda choʻmiltirsa shifo topishlariga chin dildan ishonishadi. Bu ishonuvchan, jaydari odamlarning feʼli ham oʻzlariga oʻxshagan turfa, gʻalati. Baʼzilari choʻrtkesar, jangari boʻlsa, boshqasi ziyolinamo, moʻmin.

Hasan Oqchashma qishlogʻini, qishloq oralab oqayotgan Boʻzsuvni bolaligidan biladi. Oʻsha paytlarda daryo haqidagi afsonalarni eshitsa vahimaga tushgan. Ulardan biri hali-hanuz yodida. Afsona daryoga koʻndalang turib qolgan ulkan laqqa baliq va sevgilisiga yetisholmagan baliqchi yigit haqida edi…

 

…Uzoq oʻtgan zamonlarda Boʻzsuv daryosining boʻyidagi qishloqda xushsurat, pahlavon kelbatli bir yigit boʻlgan ekan. U yolgʻiz onasi bilan yashar, baliqchilik bilan tirikchilik oʻtkazarkan. Bu yigitga qishloqning koʻp jonon qizlari shaydo boʻlishibdi. Lekin yigitning muhabbatga tashna, sarkash yuragi qishloqdagi katta boyning qizi – Maftunaga ohanrabodek talpinarkan. Yigitning sevgisi shunchalar kuchli ekanki, Maftunani bir koʻrmoq, yuragining hovurini bosmoq dardida boyning uyi atrofida kechayu kunduz aylanib yurarkan. Hamqishloqlari oshufta yigitni “Majnun” deya atay boshlashibdi.

Maftuna ham hayotini Majnunsiz tasavvur qilolmas ekan. Yigit bilan qizning yuraklaridagi muhabbat choʻgʻi pinhona uchrashuvlarning otash boʻsalarida alangalanibdi. Ozurda jonlar bir-birlariga talpinishar, ammo yetisha olishmasdi.

– Maftuna, sensiz yasholmayman, – dedi kunlarning birida Majnun.

– Men ham, – tan oldi Maftuna.

– Maftunam, otang qizini kambagʻalga berarmidi?

– Bilaman.

– Nima qilamiz, jonim?!

– Oh, Majnunim, bizga ham sarafroz kunlar bormi? Bu ishq ikkimizni ham halok qiladi, – deya yigʻladi Maftuna.

– Sevgilim, unday dema, – qizni ovutdi Majnun. – Noqisligim faqat kambagʻalligimda. Endi men koʻp, juda-juda koʻp baliq ovlayman. Xudo xohlasa, boyib ketaman! Otang seni menga beradi!

Majnun tunu kun daryo boʻyidan ketmabdi. U tinmay baliq ovlarkan. Sogʻinch qiynaganda Maftuna bilan uchrashar, hamohang qalblar bir-biriga ishq sirlarini soʻzlashar va Majnun yana Boʻzsuv boʻylariga, baliq ovlagani shosharkan.

Oqar suvlardek kunlar, oylar oʻtibdi. Majnunning qayigʻi hamon vahimali jarliklar ostida tinimsiz suzarkan. Sirli jarliklar uning hijron qoʻshiqlariga aks-sado berarkan.

Ana shunday kunlarning birida Majnunning qayigʻi nimagadir zarb bilan urildi. Qayiqning suvga agʻdarilishiga bir baxya qoldi. Majnun ancha harakat bilan bazoʻr qirgʻoqqa chiqib oldi. Oʻrnidan turib, daryoga qaradi-yu, hang-mang boʻlib qoldi! Daryoda nihoyatda ulkan laqqa baliq koʻndalang turib, suvni toʻsib qolgandi. Majnun bunday bahaybat baliqni endi koʻrishi edi. Bu baliqning ovozasini keksa baliqchilarning hikoyalaridangina eshitgan. Laqqa shunchalar katta ediki, Boʻzsuvning besh qulochlik oʻzanida ortiga burila olmabdi. Ulkan ogʻzi qirgʻoqdagi gil tuproqqa tiqilib qolgan, koʻzlari iltijo bilan tikiladi.

Bahaybat laqqaning sehrlovchi koʻzlariga qarab Majnunning hushi boshidan uchdi. Koʻz oʻngida suvlari ufqqa tutashgan ulkan dengiz paydo boʻldi. Dengizning ajdahodek mavjlari qirgʻoqni yuvib turibdi. Ufqdan bahaybat laqqa suzib kela boshladi. Baliq chuchuk suvga, daryoning ummonga quyilish joyiga oʻzini urdi. U oqimga qarshi suza ketdi. Suzaverdi, suzaverdi, nihoyat Boʻzsuvning ona Sirdaryoga quyilish joyiga yetdi.

Bahaybat laqqa Boʻzsuvda ham oʻjar oqimga qarshi toʻxtovsiz suzdi. Nihoyat, qamishzor sohilga yetganida jim turib qoldi… Majnun baliqning atrofida paydo boʻlgan sonsiz-sanoqsiz uvuldiriqlarni koʻrdi. Laqqa uvuldiriqlariga qulay suvni izlab Boʻzsuvga suzib kelgan ekan. Va nihoyat… ulkan laqqa ortiga qaytmoqchi boʻldi. Lekin Boʻzsuvning oʻzani torlik qildi. Baliq suvga koʻndalang turganicha shu yerda qolib ketdi…

Majnun baliqning koʻzlariga tikilib ana shularni bilib oldi. Sakrab oʻrnidan turdi-da, qishloqqa, uyi tomonga shamoldek yugura ketdi. Hech kimga eʼtibor bermay, toʻxtamay chopib boraverdi. Uyida uni onasi qarshi oldi:

– Bolajonim, Majnunim, nima boʻldi? – deya soʻradi oʻgʻlining ahvolidan xavotirlanib. – Yana boy quvib yubordimi?!

– Yoʻq, onajon, Boʻzsuvda bahaybat laqqa koʻrdim. Daryoga koʻndalang turib qolibdi. Atrofi toʻla uvuldiriq. Endi boyib ketamiz, onajon!

– Atrofida uvuldiriqlari, dedingmi, bolam?

– Ha, onajon, uvuldiriq qoʻyib, ortiga qaytolmagan. Juda bahaybat baliq!

– Sen uni…

– Ha, onajon, men bolta olgani keldim. Bu baliqning goʻshtini katta bahoga sotaman. Endi Maftunamga yetishaman!

Shunday deb Majnun ogʻilxona tomonga otildi.

– Toʻxta! – dedi shunda onasi. – Sen ona baliqni halok qilmoqchimisan?

– Axir, u baliq-ku, onajon?

– Yoʻq, u ona baliq! Ona baliqqa rahming kelmaydimi?

– Rahmim keladi. Lekin, onajon…

– Mening koʻnglim behuzur… Oʻgʻlim, uni qoʻyib yubor! Bunday amal bilan sevgilingga yetisholmaysan.

Majnun oʻylanib qoldi. Yuragi hapriqdi, bezovtalandi. Nihoyat onasiga qarshi ish qilolmasligini tushundi.

U ogʻilxonaga kirdi. Ogʻilxonada bolta bilan ketmon yonma-yon turardi. Majnun boltani emas, ketmonni oldi. Onasining oldiga kelib bosh egdi va yana Boʻzsuv tomonga shamoldek yelib ketdi.

Boʻzsuv hamon toʻlib-toshib oqardi. Bahaybat laqqa koʻndalang turganicha koʻzlarida mung ila baliqchi yigitni kutib yotibdi. Uning ustidan oqib tushayotgan suvning shovullashi jarliklarda aks-sado beradi.

Majnun baliqning oldiga chopib-entikib yetib keldi. Oʻylab oʻtirmasdan, darhol ketmon bilan qirgʻoqning yumshoq gil tuprogʻini chopa boshladi. U jon-jahdi bilan daryoni kengaytirar, terlab-pishib ketsa-da, sira ishdan toʻxtay demasdi. Terdan hoʻl boʻlgan koʻylagini ham yechib tashladi. Daryo qirgʻogʻini chopaverdi, chopaverdi… Baliq uning baquvvat bilaklari, bahor quyoshida misday yaltirayotgan badaniga havas bilan tikilib yotardi.

Laqqa baliq sekin-ohista Boʻzsuvning azaliy oqimi tomonga kamondek egila boshladi. Uning zaytun tusidagi tanasini daryo oʻz bagʻriga oldi. Horib-charchagan Majnun ketmon dastasiga suyanganicha oʻng qoʻli bilan peshonasidagi terni sidirib tashladi. Baliqning ortidan xayrlashayotgandek termilib qarab qoldi. Koʻylagini kiyib, ketishga chogʻlandi.

Lekin bahaybat laqqa suzib ketishga shoshilmadi. Majnunga minnatdorlik bildirgandek, ixcham dumini bir necha marta shaloplatib suvga urdi. Nihoyat atrof jimib qoldi. Majnun ketishga chogʻlanib, ketmonini yelkasiga oldi. Shu payt yana daryoning suvi chayqalib, quyosh nurlarida baliqning dumi yaltirab bir koʻrinish berdi. Qirgʻoqqa “tap” etib gʻalati temir quticha tushdi.

Majnun turgan joyida shamdek qotib qoldi: “Yo, Olloh”, – dedi hayratdan yoqasini ushlab. Soʻngra yugurib borib, temir qutichani koʻtarib u yoq-bu yogʻini agʻdarib koʻra boshladi. Ajablanib daryoga termildi. Hammayoq jimjit edi. Boʻzsuv sokin oqayotir. Goʻyoki bu yerda bahaybat laqqa baliq hech qachon boʻlmagandek. Qirgʻoqdagi qamishlar koʻklam shabadasida sokin shitirladi. Qoʻlidagi qutichani ochishga bir-ikki urinib koʻrdi, boʻlmadi. U sodir boʻlgan hodisadan lolu hayron edi. Qutichani koʻksiga bosib yana uyiga, onajonining huzuriga yelib ketdi. Yoʻlda uning bu ajib holini koʻrganlar hayron boʻlishmadi. Axir, u Majnun-da…

– Bolajonim! – onasi uni koʻrib suyunib ketdi.

– Onajon, men baliqni qoʻyib yubordim!

– Oʻrgilay sendan, Majnunim!

– Baliq mana bu qutichani qoldirib ketdi. Qarang, onajon!

Ular qutichani olib uyga kirishdi. Ona qutichaga qoʻlini tekkizgan hamon koʻhna kulbada bir kuy taraldi. Bu sehrli kuy edi. Bu tanbur navosi edi! Qutichaning qopqogʻi kuy ohangiga mos ohistalik bilan oʻz-oʻzidan ochila boshladi. Nimqorongʻi kulba quyosh nurlari kirgandek birdan yorishib ketdi. Ona-bola bu tilsimotdan lolu hayron edilar. Qutichaning ichi duru javohirlarga toʻla ekan!

Ular bu sinoatdan jodulangandek qotib qolishdi. Shu payt kulbaga qutichaning kuyiga monand qoʻshiq taraldi:

 

Jiyda guli noparmon,

Bunda yor qolib ketdi.

Sevgim boʻldi-ku armon,

Boʻzsuvda oqib ketdi.

 

Izlama yor, izlama,

Dardlarim toʻlib ketdi.

Sigʻmay qoldim olamga,

Baliqlar olib ketdi.

 

– Maftuna! – Majnun titrab-qaqshab birdan hayqirib yubordi.

– Bolam!

– Bu Maftunaning ovozi, onajon! Maftunaga nima boʻldi?!

Ona boshini egdi. Koʻzlaridan duv-duv yosh quyildi:

– Bugun Maftunaning toʻyi!

– Nima?! Nega?!

– Maftunang uzoqlarga ketyapti, bolam. Oh, bolajonim-a, boy kambagʻalga qizini berarmidi!

Majnun sapchib oʻrnidan turib, kulbadan chiqib ketdi. Onasi uning ortidan hay-haylaganicha beozor musichadek boʻzlab qolaverdi. U shamoldek yelib koʻchaga otildi. Shaydo koʻngli beadogʻ iztirobga toʻlgan, Maftunaning ismini tinmay takrorlardi. Shu payt daryo tomondan nolon bir sas keldi. Bu Maftunaning ohu zorlari edi! Majnun boyning uyiga emas, Boʻzsuv tomonga yugurdi. U Majnun edi, bu holiga kimdir achindi, yana kimdir beeʼtibor qarab qolaverdi. Qishloqda bahor shabadalari kezardi. Maysalar oshiq yigitning oyogʻini oʻpdilar. Ochilgan chechaklar hamroz boʻldilar. Tun kelishini kutib, yashirinib yotgan yulduzlar taniga koinotning sohir quvvatini berdilar. Daryoning suvi qorli togʻlardan olib kelgan toza havolar qaynoq nafasini sovutib, yuragining taftini bosdilar.

Nihoyat Majnun hayqirib oqayotgan Boʻzsuv boʻyiga yetib keldi. Qirgʻoqdagi bir tup gullagan jiydaga koʻzi tushdi. Jiyda shoxida Maftunaning shohi roʻmoli ilinib qolgandi. Majnun roʻmolni tanidi. Shu payt daryodan yana oʻsha qoʻshiq eshitildi:

 

Jiyda guli noparmon,

Bunda yor qolib ketdi…

 

Majnun Boʻzsuv yoqalab yugura ketdi. Maftunani chaqirib boʻzlayverdi, boʻzlayverdi. U jarliklardan oshdi, qamishlarni bosib-yanchdi. Jingʻillarning shoxlari aʼzoyi badanini tilib yubordi. Ammo Maftunasini topolmadi, u hech yerda yoʻq edi.

Majnun hamon oʻz yorini izlab Boʻzsuv boʻylarida yelib-yugurib yurar emish…

 

Boʻzsuv asli Tyan-Shanning asrlar boʻyi yigʻilib yotgan qor, muzliklaridan suv oladi. Girdobli oqimlarida inson qadami yetmagan osmonoʻpar togʻlarning sir-sinoatlari yashiringan. Ilonizi oʻzanidagi tik va baland jarliklarni ayovsiz oʻpirib, qishloqqa oqib kirganida uyatchan kelindek sokin boʻlib qoladi. Bu jilovsiz, bebosh oqim Oqchashmadan chiqaverishda yana oʻjar, jangari yigitdek asov daryoga aylanadi. Qirgʻoqlarini yemirib, jarliklarni kengaytiradi. Odamlar orasida vahimali afsonalar qoldirib, ona Sirdaryoning bagʻriga singib ketadi…

Hasan qishloqqa piyoda ketdi. Balandlikdagi temir yoʻldan oʻtayotib quyida yastanib yotgan Oqchashmaga bir qur koʻz tashlab oldi. Biroz yurgach qishloqning oʻziga xos diltortar manzaralari boshlandi. Dimogʻiga barra bedaning mast qiluvchi xush boʻyi keldi. Yoʻl chetiga qoziqlangan ola sigir buzogʻiga talpinib nolali maʼradi. Oq-jigarrang buzoqcha zorlanayotgan onasiga eʼtibor bermay, boladek oʻynoqlab sakrardi. Bu esa ajriqzorga bagʻrini berib yotgan begʻam Olaparning gʻashini keltirdi chamasi, it erinib oʻrnidan turdi, bir-ikki hurib, erinchoqlik bilan nari tomonga sekin yurib ketdi. Ola sigir arqoni yetganicha buzoqchasiga qarab talpindi. Keyin yana choʻziq maʼradi.

Hasan qishloq oʻrtasidagi koʻchadan Boʻzsuvgacha borib, shu yerdan chorvachilik fermasiga burildi. Yoʻl-yoʻlakay Boʻzsuv boʻylarini tomosha qilib bordi. Kuz fasli edi. Daryo boʻyidagi jingʻil butalari qish kelishini xohlamayotgandek och yashil yaproqlarini koʻz-koʻzlab, ajib manzara kasb etgan. Oʻt-oʻlanlar turfa ranglarda jilolanib gullagan. Sohil quyosh nuriga toʻshalgan gilamdek yashil, sariq, pushti ranglarda tovlanadi.

Hasanning koʻnglida kishini toʻlqinlantiruvchi hislar paydo boʻldi. Shunday kayfiyatda borarkan, yoʻl keskin oʻngga burilib, tepalikka koʻtarildi. U tez-tez yurib ketdi. Sayhonlikka chiqqanida uzoqdan beton devor bilan oʻralgan ferma koʻrindi. U qadamini tezlatib, bir zumda fermaga yetib keldi.

Ikki tavaqali ulkan temir darvoza oldida oʻrta yoshli, toʻladan kelgan bir odam unga tikilib turardi. Hasan salom berib, soʻrashdi.

– Ferma mudirimisiz? – dedi gapni nimadan boshlashni bilolmasdan.

U boshini qimirlatib tasdiqladi.

– Ismim Moʻminjon, – dedi-da, yana unga tikildi.

Hasan kalovlanib qoldi. “Oʻziyam moʻmin odam ekan”, – deya oʻyladi.

– Hasan… Aliyevman. Gazetadanman. Ilgʻor sogʻuvchi haqida lavha yozmoqchiman.

Bu gapi ferma mudiriga taʼsir qildi, chehrasi ochilib, jilmaydi.

– Aytishgandi, – Moʻminjon aka imo qilib, ichkariga boshladi.

Ular temir darvozaning ochiq darchasidan fermaning katta hovlisiga kirishdi. Kirza etikdagi ferma mudiri zalvorli qadamlar bilan oyogʻini sekin-asta sudrab bosardi. Hasan bir zum toʻxtab, atrofga alangladi. Toʻgʻrida kichik-kichik tirqish oynali, tomiga shifer qoplangan, egizaklardek bir-biriga oʻxshash uchta molxona koʻrindi. Uzoqda osmonga boʻy choʻzgan pichan gʻaramlari koʻzga tashlanadi. Moʻminjon aka Hasanni darvoza yonboshidagi uy tomonga boshladi.

Shu payt qizlarning chuvillagan ovozlari eshitildi. Ular kelishib olgandek baravar toʻxtab, oʻsha tomonga qarashdi. Oppoq oqlangan molxonadan yetti-sakkiz nafar sogʻuvchi qizlar chiqib kelishardi. Moʻminjon aka qoʻlini silkitdi. Ular yoshgina bir qizni oldinga turtib chiqarishdi. Ferma mudiri uni imo bilan oldiga chaqirdi.

Qiz qiqirlab kulayotgan sheriklariga jahl bilan nimadir dedi. Peshonasiga tushgan sochini toʻgʻriladi-da, tez-tez yurib ularning oldilariga keldi.

Sogʻuvchi qiz oq xalatda edi. Boshidagi durrasi ham oppoq. Yuzlari sutga chayilgandek tiniq. Nigohini uyalgannamo yerga qadab, Hasanga koʻz qirini tashladi. Qop-qora, qaldirgʻoch qanotidek nozik egilgan qoshlar ostidagi shahlo koʻzlar oʻtli bir qarash qildi. Qizning bu qarashidan Hasanning eti jimirlab ketdi. Bexosdan qalbida gʻalati hissiyot paydo boʻldi. Boyagi, ferma mudirini uchratganidagi hayajoni bir zumda unutildi. Oʻrnini qadrdon doʻstini topib olgandagi quvonchga oʻxshagan yoqimli tuygʻu egalladi. Qiz Hasanga qarab sekin salom berdi.

– Siz soʻragan qizimiz mana shu, – dedi Moʻminjon aka. – Gaplashib, yozavering.

U indamasdan qarshilaridagi uyning ochiq eshigidan ichkariga kirib ketdi. Hasan keyinroq bu kichik uy fermaning idorasi ekanligini bilib oldi. Mudir xonasi, molboqarlar yotogʻi, oshxona ham shu yerda joylashgandi.

Hasan mudirning gʻalati feʼlidan ajablandi. Ikkinchi tomondan uning indamay kirib ketganiga suyundi ham. Tepangda birov soqchidek tursa gaplashib boʻladimi! U Moʻminjon akani nigohi bilan kuzatib, qarshisida iymanib turgan sogʻuvchi qizga qaradi:

– Ismingiz nima?

– Zuhra… Sizniki-chi?

– Hasan.

Birdan qizning chehrasi ochildi:

– Iy-e, ikkalamiz egizak ekanmiz-da!

Zuhra jilmayganida Hasanga yanayam maftunkor koʻrindi. U hamon sehrlangandek qarshisidagi qizdan koʻzini uzolmasdi: “Chehrasi bunchalar yoqimli, qarashlari-chi, yosh bolanikidek begʻubor!” Uning yuragi tosh tekkandek sirqirab ketdi.

– Chiroyli ekansiz, – dedi beixtiyor.

– Unday demang.

– Nega?

– Yaxshi emas.

– Siz haqingizda gazetaga yozmoqchiman.

– Mayli, – oqkoʻngillik bilan rozi boʻldi Zuhra. – Oʻquvchilik paytimda men ham jurnalist boʻlishni orzu qilganman.

– Rostdan-a?

– Ha, lekin mana, sogʻuvchiman, – u birdan oʻychan boʻlib qoldi.

– Nega oʻqishga kirmadingiz?

– Bilmadim… Ayam sut sogʻuvchilar, opam ham. Fotima opam turmushga chiqqanlar. Sizning Husaningiz-chi, u kishi ham jurnalistmilar?

– Husan… chaqaloqligida olamdan oʻtgan.

– Voy… Meni kechiring, bilmabman.

– Hechqisi yoʻq.

Oraga biroz jimlik choʻkdi. Bu sukunatni yana Zuhraning mayin ovozi buzdi:

– Buvam oʻqishimizni xohlardilar. Dadam boʻlsa uydan uzoqlashtirgilari kelmadi. Shunday qilib, oʻqiyolmadim. Siz judayam baxtli ekansiz.

– Yoʻgʻ-e?

– Ha-da, jurnalistsiz. Odamlar bilan uchrashasiz, ularning hayotlarini yozasiz. Shuning oʻzi baxt-da!

Hasan kulib qoʻydi. Qiz buni oʻzicha tushundi-da, xafa boʻlgandek jiddiylashib oldi.

– Zuhraxon, men endigina oʻqishni bitirib keldim, hali tajribam yoʻq.

– Baribir, koʻnglingizdagi gaplarni yozasiz.

– Sizni koʻnglingizda nimalar bor?

Hasan bu savol tilining uchidan qanday uchganini sezmay qoldi. Zuhra yana xafa boʻladi, deb ichi xijil boʻldi. Ammo qiz ochiqkoʻngillik bilan jilmaydi:

– Hamma qatori. Men… oʻqigan kitoblarim haqida yozgan boʻlardim.

– Koʻp oʻqiysizmi?

– Boʻsh qolsam kitob oʻqiyveraman. Oʻqiyotib yigʻlab ham olaman.

Endi ular eski tanishlardek, bolalikdan birga oʻsgan sinfdoshlardek gaplasha boshlashgandi.

– Juda taʼsirchan ekansiz, – dedi Hasan.

– Toʻgʻri, oʻqiganlarimni tushimdayam koʻraman.

– Qaysi yozuvchini koʻp oʻqiysiz?

– Chingiz Aytmatovni. “Somon yoʻli” qissasini qayta-qayta oʻqiyveraman. Har safar koʻzimga yosh keladi. Siz ham oʻqiganmisiz?

– Oʻqiganman.

– Men Toʻlgʻanoyga havas qilaman, ham dardiga sherik boʻlib yigʻlayman.

– Ona Yer bilan gaplashganlarini oʻqiganimda men ham oʻzimga sigʻmay ketganman.

– Yigitlardayam shunaqa boʻladimi?

– Yaxshi asar insonning koʻnglini larzaga soladi, Zuhraxon!

Zuhra peshonasiga tushgan sochini oq durrasiga bostirib, Hasanga qaradi:

– Savolingizni beravering?.. Men haqimda yozasizmi? Balki, ezma qiz ekan, deb aynib qolgandirsiz?

Ular hamon ferma hovlisida turishar, qarshilaridagi uyning birorta xonasiga kirib bafurja gaplashish mumkinligi na Hasanning, na Zuhraning xayoliga kelmasdi. Kuz quyoshining qizdirishiga ham eʼtibor berishmas, goʻyo atrofda ulardan oʻzga odam yoʻqdek edi. Hasan avval yon daftariga nimalarnidir yozib turdi, keyin buni ham unutib, sehrlangandek qizning gaplariga quloq tuta boshladi. Zuhra yuragida asragan, hech kimga aytmagan tuygʻulari haqida toʻlqinlanib gapirardi. Boshqa payt boʻlganida choʻchir yoki istihola qilgan boʻlishi aniq edi. Axir atrofda tanish odamlar yurishibdi, begona yigit bilan kunning tigʻida turib gaplashishi odobdan emas-da. Hozir esa bunday hadik xayoliga kelmadi.

Ular idoradan chiqqan Moʻminjon akaning oʻzlarga bir qarab, yana kirib ketganini ham sezishmadi. Zuhra Hasanga uyalinqirab qaradi:

– Men haqimda nimalarni yozasiz?

– Yozaman, albatta yozaman, keyin bilasiz! – dedi ehtirosini jilovlay olmayotgan Hasan.

Shu damda ular uchun vaqt toʻxtab qolgandek edi. Hasan bilan Zuhra ilk uchrashganlaridayoq koʻzga koʻrinmas ip bilan bir-birlariga bogʻlanishgan, ammo buni oʻzlari sezishmas, yuraklari ilk muhabbatning sohir lahzalari hukmiga tobe edi. Faqat bu totli lahzalar hech qachon tugamasligini istashardi. Bir koʻrganda, bir onda-ya! Nega shunday?.. Ular uzoqdan koʻrinib turgan Boʻzsuv boʻylariga termilishar, bir-birlaridan ajrala olishmasdi. Qalblarida ayni paytda yaralgan, daryoning bebosh oqimidek asov tuygʻu aqllariga boʻysunmasdi.

Oqchashma fermasiga muxbirlar tez-tez kelib turishardi. Hasanning bu yerda uzoq qolganiga hech kim jiddiy eʼtibor bermadi.

Muxbir-da, ularning ishi shu, gaplashadi, yozadi, – dedi shu yerdan ularga qarab-qarab oʻtib ketayotgan moʻylovdor molboqar yonidagi yoshgina sherigiga.

Hasan Zuhra bilan gaplashgan sari ruhida yoqimli yengillik sezardi. Parvozga shaylangan qushdek zangori osmonga uchgisi keldi shu damda. Yuragida yillar davomida zoriqib-zoriqib kutgan hislar uygʻondi. Atrofdagi olam koʻziga maftunkor koʻrindi. Ferma hovlisida gʻimirlab yurgan molboqaru sogʻuvchilar ham qadrdonlaridek. Zuhradan sira-sira ajralgisi kelmasdi. U bilan xayrlashayotganida oʻyinchogʻini yoʻqotib qoʻygan boladek tumtayib oldi.

– Yozganingiz gazetada chiqsa, olib kelasizmi? – Zuhra yalinchoq ovozda soʻradi.

– Olib kelaman! – Hasan qizning chiroyiga toʻyib olmoqchidek oʻtli qarash qildi.

Osmonni kuz quyoshining tillarang nurlari toʻldirganda ular sohir nurlar ummonida choʻmilib, bir-birlari bilan xayrlashishdi. Hasan qishloqdan qaytarkan, “Zuhra-a, Zuhra-a!” – deya hayqirgisi keldi. Bu yerlar koʻziga juda-juda chiroyli koʻrindi. Beixtiyor bolaligida Oqchashmaga kelganini eslab ketdi…

…Oʻshanda besh-olti yoshlardagi bola edi. Rahmatli buvisi qarindosh-urugʻchilikni qattiq ushlaguchi edi. Hasanni yetaklab Oqchashmadagi amakisining uyiga tez-tez olib borardi. Bir safar kelganlarida maktabning bitiruvchi sinfida oʻqiyotgan, boʻy yetib qolgan ammasining kitoblariga bolalarcha oʻjarlik bilan qattiq yopishib oldi. Koʻhna javonning qutisidagi gʻaroyib kitoblar oʻz-oʻziniki boʻlishini shunday xohladiki, uni kitoblardan, kitoblarni undan ajratib olisholmadi. “Mayli, shu kitoblar senga boʻlaqolsin”, – deyishdi bolani ovutib.

Hasan tunda kitoblarini quchoqlab uxlab qoldi. Uygʻonganida quchogʻidagi suratli kitoblari yoʻq edi. U oʻksib-oʻksib yigʻladi. Xoʻrlik jajji yuragini tilka-pora qilgandi. Ammo kitoblarini qaytarib berishmadi. Shundan keyin Hasan gʻaroyib suratli kitoblarini sira-sira unutolmadi. Hatto tushlaridayam oʻsha suratli kitoblarni koʻrardi.

Bir kuni tushida qushlarga oʻxshab osmonu falakka uchdi. Buvisi olib bergan yangi duxoba doʻppisi boshida emish. Yengi kalta katak koʻylagi shamolda hilpiraydi. Oyogʻida yoqimli hid taratib turgan yap-yangi jigarrang boshmogʻi. U koʻzlarini katta-katta ochganicha parvoz qilardi. Baland osmondan uylar gugurt qutisidek, koʻchalar qizchalarning sochidagi tasmadek, odamlar kichkina qoʻgʻirchoqlardek koʻrindi. Bir payt Boʻzsuvning ustidan uchib oʻta boshladi. Shunda suvga qulab tushmaslik uchun qoʻllarini qushning qanotidek ikki tomonga yoyib, koʻzlarini yumib oldi… Koʻzini ochganida tomi kungurador katta uyning hovlisida turardi. Sekin, ovoz chiqarmasdan atrofga alanglab, kungurador uyga kirdi: Ie, bu oʻzlarining uylari-ku! Uyda katta javon paydo boʻlibdi. Tortsa ochiladigan qutilariyam bor. Hasan ulardan birini ochib koʻrdi. Quti kitoblarga toʻla edi. Bir-bir olib varaqladi. Suratlari biram koʻp, ajoyibu gʻaroyib! Suyunganidan qiyqirib yubordi! Undan boy, undan baxtli bola yoʻq edi oʻshanda…

Hasan bu tushini ancha paytgacha unutolmadi. Kitoblar hayotidagi shirin orzusiga aylandi. Keyinchalik, maktabga borganida oʻzining ham kitoblari boʻldi. Oʻqish-yozishni oʻrganib olganida yigʻib yurgan pullariga kitob sotib ola boshladi. Kitoblari uning hech kimga berishni istamaydigan, sirli va bebaho xazinasi boʻlib qoldi.

Buvisi oʻqish-yozishni bilmasdi, shuning uchun unga kitob oʻqitib eshitib oʻtirardi. Ertak, dostonlarni oʻqish Hasanning oʻzigayam yoqib qoldi. Oʻqiyverib, beixtiyor kitobdagi qahramonlar xayoli bilan yashay boshladi. Alpomish, Goʻroʻgʻli, uch ogʻa-ini botirlar tushlariga kirdi…

Bugun oʻsha tuygʻular bahorda ochilgan chechaklardek bolalik xotiralarining yashirin puchmoqlarida qayta uygʻondi. Aslida ham bu qishloq bolaligidan juda-juda qadrdon ekanligi haqida oʻyladi.

U oʻrikzor koʻchadan temir yoʻl tomonga yurib borardi. Qishloq bilan tuman markazini mana shu temir yoʻl ajratib turadi. Hozir uyiga borib Zuhra haqidagi lavhasini yozadi…

Hasan xayol bilan boʻlib yoʻlda ketayotgan qariyaga urilib ketishiga bir baxya qoldi. Ixcham soqolli, ozoda kiyingan chol ajablanib toʻxtadi. Hasan qoʻlini koʻksiga qoʻyib, salom berdi.

– Vaalaykum assalom, oʻgʻlim, – chol qiroat bilan alik oldi. Xushmoʻylov yigitga sinovchan tikildi. Uning keksalarga xos nurli yuzi kulib turardi.

– Kechirasiz, xayol surib qolibman, – Hasan xijolat boʻldi.

Chol beozor jilmaydi:

– Men ham sening yoshingda xayol surib qolardim. Sekinroq yursang, birga ketamiz… Isming nima?

– Hasan.

– Meni Hoshim amaki, de.

Hoshim amaki zerikib borayotgan ekan, gapga tushib ketdi:

– Quvvat avvalgidek emas, endi biz chopqillab yurolmaymiz. Kechagina senga oʻxshagan qirchillama yigit edim. Yoshlik koʻzimni yumib-ochgunimcha oʻtib ketdi, bolam.

Ular koʻcha chetidagi ulkan teraklarning soyasida yonma-yon yurib borishardi.

– Kimning oʻgʻlisan? – soʻradi Hoshim amaki.

– Tanimassiz, tuman markazidanman.

– Ha-a. Uylanganmisan?

– Yoʻq.

– Necha yoshdasan?

– Yigirma beshda.

– Uylan, tezroq uylan! Ayni payti. Qariganingda bolalaring belingga quvvat, oyogʻingga darmon boʻladi. Bir rivoyat bor, aytib beraymi?

– Mayli, – Hasan rozi boʻldi.

– Qadim zamonlarda Boʻzsuv boʻyidagi mana shu qishlogʻimizda bir yigit boʻlgan ekan, – Hoshim amaki atrofdagi uylarga qarab qoʻydi. – Qoraqosh, qorakoʻz, kelishgan bu yigit kattalarni hurmat qilar, kichiklarni ayarkan. U har kuni qishloq guzariga chiqib, yoshi ulugʻlar jamoasiga: “Assalomu alaykum”, – deya salom berarkan. Jamoa ham yigitning hurmatini joyiga qoʻyib: “Kel, ey olamning sultoni yigit”, – deya qarshi olarkan. Vaqt oʻtib, yigit uylanibdi. Endi guzarga chiqqanida jamoa uni: “Kel, ey olam bilan barobar yigit”, – deya qarshi oladigan boʻlibdi. Yoshi ulugʻlarning bu gaplari magʻrur yigitni chunon oʻyga toldiribdi: “Eh, – debdi u oʻzicha. – Avvallari olamning sultoni edim. Endi, uylanganimdan keyin hamma bilan barobar boʻlib qoldimmi?” Yigit shunday xayol bilan uyiga kelibdi-da, yosh xotinini haydab yuboribdi. Ertasiga yigit yana guzarga, jamoa oldiga chiqibdi. “Assalomu alaykum!” – deya salom beribdi. Qariyalar yigitga qarab boshlarini chayqashibdi-da: “Kel, ey olamning maymuni!” – deya qarshi olishibdi…

Hoshim amakining aytgan rivoyati Hasanni oʻylantirib qoʻydi: “Bu bir afsona-da, oʻzini bilgan odam bunday ishni qilmaydi. Lekin oʻylamasdan oʻzini chohga otadiganlar ham bor. Rivoyatdagi voqea shunga ishora. U oʻzi uylangan qizdan bir umr, bir kun ham ayrilmaydi”.

Hasanning koʻz oldiga Zuhraning kulib turgan chehrasi keldi. Shu paytda Hoshim amaki bilan baxtli tasodif tufayli uchrashgani, uning bir kuni uylariga kirib kelib, oʻzini lol qoldirishini xayoligayam keltirolmasdi.

Ular hamon Oqchashma koʻchasidan yonma-yon yurib borishar, Hasan qariyaning qadam tashlashiga qarab sekin-asta odim tashlardi.

– Oʻgʻlim, rivoyatlar odamlarni yaxshilikka yetaklaydi. Xulosa chiqarish har kimning oʻziga havola, – dedi Hoshim amaki hamrohining koʻnglidan oʻtgan gapni payqagandek.

– Toʻgʻri, – tasdiqladi Hasan.

Hasan shu damda Hoshim amakini Boʻzsuvning sokin oqimiga oʻxshatdi. Oqchashmaliklar doim oʻz daryolarining qudratiga tan berib, hayratlanadilar. Bu sokin oqim ostida behisob sir-asrorlar yashiringanini ham bilishadi.

U oqshom qoʻnganda uyga kirib keldi. Kiyimlarini almashtirib, yuvindi-da, ayvonga chiqdi. Hamma ovqatlanib, turib ketgan, hali dasturxon yigʻishtirilmagandi. Xontaxtaning bir chetiga oʻtirdi. Charchagan boʻlsayam Zuhra bilan uchrashuvi taʼsirida hamon koʻzlari chaqnab turardi.

– Nima gap, oʻgʻlim, juda xursandsan? – dedi unga choy quyib uzatgan Mastura opa.

– Yaxshi kun boʻldi, shunga, – jilmaydi Hasan.

Onasi indamadi. Ammo oʻgʻlining yuz-koʻzidan nimadandir bezovtaligini sezdi. “Rostdan ham ishi bilan bogʻliqdir bu, – deya oʻyladi. – Yanayam kim bilsin”.

Hasan lagandagi oshdan shoshib yedi-da, darrov oʻrnidan turdi. Oʻzining xonasiga kirib, gazetaning ertangi soniga lavha yozishga tutindi. Fikri chalgʻib, nimadan boshlashni bilmay ancha payt xayol surib oʻtirdi. Universitetda matbuot nazariyasidan dars bergan domlasining gapi yodiga tushdi: “Nimani, qanday vaziyatda yoki qay tartibda koʻrsangiz, shundayicha qogʻozga tushiravering, keyin tahrir qilasiz”, – derdi ustozi doim.

U kalavaning uchini topgandek shoshilib yoza boshladi. Avval fermani, Moʻminjon akani, keyin oq durrali sut sogʻuvchi qizning qiyofasini ehtiros bilan bir-bir tasvirladi. Yozib-chizib oʻtirib, vaqt qanday oʻtganini sezmadi.

Tun yarimdan oqqanda lavhasiga soʻnggi nuqtani qoʻyib, oʻrnidan turdi. Derazadan toʻlin oy moʻraladi. U Zuhra haqida oʻylab yotib uxlab qoldi…

 

3

 

Quyosh derazadan moʻralab, Hasanning yuz-koʻzlarini erkalab uygʻotdi. U kech yotgan boʻlsayam bardam boʻlib oʻrnidan turdi. Uydan chiqib, kuzning salqin havosidan koʻksini toʻldirib toʻyib-toʻyib nafas oldi. Hovlidagi keksa yongʻoqning yakkam-dukkam sargʻaya boshlagan barglari yengil shabadada bezovta pirilladi. Chirt etib uzilgan ikki-uchta barg bir-birini quvalashib yerga tushdi. Hasan hovlini bir doira aylanib yugurdi, muzdek suvda beligacha yuvindi. Oyisining hay-haylashiga qaramasdan shoshilib bir piyola choy ichar-ichmas oʻrnidan turdi.

Tahririyatga borayotganida kechagi kunni esladi. Zuhra bilan uchrashgani qalbiga yoniq tuygʻularni olib kirgandi: “Zuhra shu paytgacha bilgan qizlariga hecham oʻxshamaydi. Koʻngli buloq suvidek toza. Uni avvalroq nega koʻrmagan? Axir Oqchashmaga birinchi borishi emas-ku. Yoki eʼtibor bermaganmi? Yoʻq, unday boʻlishi mumkinmas. Chunki… chunki, uni birinchi koʻrganidayoq sogʻinib yurgan odamini topib olgandek boʻldi. Hozir Zuhrani judayam koʻrgisi kelyapti!”

Ishxonasiga kirganida hammayoq jimjit edi. Yoʻlakka ochib qoʻyiladigan eshiklar berk. Xonasiga kirib, tunda yozgan lavhasini oʻqiy boshladi. Zuhrani tasvirlagan joylari oʻziga yoqdi. Xayol surib qoʻlyozmaga tikilib oʻtirganida yoʻlakdan qadam tovushlari eshitildi. Xodimlar ishga kela boshlashgandi. Hasan qogʻozlarini yigʻishtirdi. “Ertaga Zuhra bilan uchrashaman, – degan shirin xayol bilan oʻrnidan turdi. – Aslida bugun, ishdan keyin fermaga borsam boʻlardi, ayni kechki sogʻin paytida! Lekin nima deb boraman? Avval lavha gazetada chop etilsin…”

U qoʻlyozmasini olib yoʻlakka chiqdi. Masʼul kotib xonasining eshigi ochiq edi. Izzatilla akaning baralla kulgani, Abdulla akaning nimadir degani eshitildi. Muharrir oʻrinbosari ham shu yerda ekan.

– Kiring, kiravering, – dedi u Hasanga. – Bugun navbatchisiz. Izzatilla akangizning oldidan jilmang.

Izzatilla aka katta stolida bosmaxonadan chiqqan “granka”larga koʻmilib oʻtirardi.

– Yozib keldingizmi? – dedi Hasanning qoʻlidagi qogʻozlarga ishora qilib.

– Ha.

– Abdulla akangiz bir koʻzdan kechirib bersinlar, a? – u muharrir oʻrinbosariga qaradi.

– Boʻpti-da, qani yuring-chi, – past boʻyli, toʻladan kelgan, doimo kulib turadigan Abdulla aka eshik tomonga yurdi.

Ular oldinma-keyin yoʻlak toʻridagi qabulxonaga kirishdi. Yodgora opa mashinkasini chiqillatib oʻtirardi. Hasan opaga salom berib, muharrir oʻrinbosarining xonasiga kirdi. Abdulla aka qoʻlyozmani oʻqiy boshladi, har-har joyiga qalam tekkizib, tahrir qildi.

– Oʻ-oʻ-oʻ, Hasanboy! – dedi nihoyat boshini koʻtarib. – Shunday yozish kerak! Sogʻuvchi qizni avval tanirmidingiz?

– Yoʻq.

– Yaxshi yozibsiz! Tasvirlar ham oʻquvchini tortadi. Eng asosiysi, sogʻuvchining ichki olamini yaxshi yoritgansiz.

Abdulla akaning maqtovi Hasanning koʻnglini koʻtardi.

– Mana, “Oqchashma qizi” deb sarlavha qoʻydim, – dedi u qoʻlyozmani qaytarayotib.  – Yodgora opaga bering, darrov moshinkadan chiqaradilar.

Tahririyat kotibasi Yodgora opa – past boʻyli, jikkakkina ayol. U jamoadagilarni aka-ukalaridek oʻziga yaqin oladi. Yoshligidan shu tahririyatda ishlagan. Xonalardagi jihozlarni xuddi oʻzinikidek avaylaydi. Baʼzan farroshning ishiga qanoat qilmasdan, deraza tokchalari, javonlardagi changlarni ham artib chiqadi.

– Epopeya yozibsiz-ku, shunaqa, – dedi Yodgora opa qoʻlyozmani olayotib. – U “shunaqa” soʻzini koʻp ishlatardi.

– Yoʻgʻ-e.

– Shu songami?

– Ha.

– Mayli, hozir yozib beraman.

Yodgora opa qoʻlyozmaning birinchi satriga urinib qolgan chizgʻichini qoʻydi. Jigarrang gardishli koʻzoynagini taqib, darhol ishga kirishib ketdi. Uning barmoqlari yozuv mashinkasida koʻz ilgʻamas darajada tez harakatlanardi. Hasan bir muddat Yodgora opaning ishiga tikilib turdi-da, qabulxonadan chiqdi. Xonasiga kirib, tahririyatga kelgan xatlarni ishlay boshladi. Birozdan keyin eshik ochilib Yodgora opa kirib keldi.

– Marhamat, tayyor! – dedi qoʻlidagi qogʻozlarni uzatib.

Hasan xijolat boʻldi:

– Oʻzim borib olardim, opa, ovora boʻlibsiz.

– Hechqisi yoʻq, bu bizning vazifamiz, shunaqa.

Hasan matnni bir qur koʻzdan kechirib, Abdulla akaga olib kirdi. Muharrir oʻrinbosari hoshiyasiga imzo qoʻydi:

– Endi linotipga, Farida opaga olib tushing. Bilib qoʻying, jahli chiqadi, siz indamang, – kuldi u.

Hasan linotip xonasiga kirganida bahaybat dastgoh metin “qoʻl”larini u yoqdan bu yoqqa choʻzayotgan temirtandek shovqin solib ishlardi. Jimitdekkina, yoqimtoy ayol harf termoqda. Moviy roʻmoli ostidan kumush tolalar oralagan sochi koʻrinib turibdi.

– Shu songami? – dedi Farida opa Hasan uzatgan qoʻlyozmani olayotib. – Bunaqa katta maqolani bir kun avval berish kerak, oposi.

– Opa, iltimos?

Farida opa xijolat boʻlib turgan baland boʻyli, hushmoʻylov yigitga qarab kuldi:

– Mayli, bu safar terib beraman, bizniyam oʻylang-da, oposi. Ha, aytganday, toʻy qachon? Qizlarimizdan birontasini koʻz ostiga olgandirsiz?

– Hali vaqtli, opa.

– Voy oʻlmasam, ayni payti!

Hasan qizarib-boʻzarib chop etish boʻlimiga chiqib ketdi. “Dominant” mashinasi atrofida qorachadan kelgan, jikkak yigit kuymanib yurardi. Bu – Sardor, Hasanning tengdoshi, u bilan ishga kelgan birinchi kunidan oshna boʻlib qolishgan.

– Ha, Hasanboy, opadan qochib chiqdingizmi? – kuldi u.

Sardor hamma bilan kulib gaplashadi. Ishi tiqilinch boʻlsayam, dastgohi buzilib qolsayam, qoʻli ishda boʻladi-yu, oʻzi kulib turaveradi.

– Shu songa ketadigan lavha olib tushgandim, – dedi Hasan. – Opaning jahllari chiqdi.

– Opamizning jahllari chillaki, tez chiqadi, tez tushadi, – “piq” etib kuldi Sardor.

Hasan Sardorning ishini kuzatib, biroz u yoqdan bu yoqqa yurib turdi. U nimagadir maʼyus boʻlib qolgandi. Shu tobda Zuhrani koʻrgisi kelar, oʻzidagi bu xohishni yengolmay qiynalayotgandi. Undagi bezovtalikni Sardor ham sezdi:

– Shoshyapsizmi, Hasan?

– Yoʻgʻ-e, undaymas.

Sardor yana “piq” etib kuldi:

– Ishingiz shunaqa-da, ijod qilasiz!

 

4

 

Hasan ertasi kuni odatdagidek barvaqt ishga keldi. Tunuka qoplamali, qoʻsh tavaqa eshikni ochganida dimogʻiga bosmaxona boʻyogʻining achchiq hidi urildi. Binoning birinchi qavatida bosmaxona, yuqori qavatda gazeta tahririyati joylashgandi. Kiraverishdagi kichik tirqishli xonada radio eshitib oʻtirgan qorovul chol bilan salomlashib, ikkinchi qavatga koʻtarildi. Zina tahririyatning uzun, nimqorongʻi yoʻlagiga olib chiqdi. U toʻgʻridagi, “Qishloq xoʻjalik boʻlimi” deb yozilgan xona eshigini ochdi.

Avvalgi boʻlim mudiri boshqa ishga oʻtgan, bu xonada bir oʻzi ishlardi. Derazani ochdi. Xonaga kuz tongining salqin havosi yopirilib kirdi. Deraza oldida tik turganicha koʻksini toʻldirib nafas oldi.

Shu damda uning uchun butun olam munavvar edi. Ulkan chinorning salom berayotgandek derazaga egilgan serbarg shoxlari, koʻchadan gʻizillab oʻtayotgan qirmizi rangli mashina, yoʻlkadan oʻqishga shoshib ketayotgan yigit-qizlar ham zavqini oshirdi. Moviy osmonda safga tizilgan turnalar galasi koʻrindi. Uzoq-uzoqlardan “qurey-qurey” degan ovozlari eshitildi. Hasan bir tekis uchib borayotgan kulrang turnalarning kamonning oʻqidek ajib saflariga havas bilan tikildi. Ayni paytda uning ham mana shu turnalar misoli parvoz qilib Oqchashma tomonlarga uchgisi keldi…

Derazani ochiq qoldirib xonasidan chiqdi. Zinalardan yengil-yengil hatlab bosmaxonaga tushib bordi. Tunda chop etilgan gazetaning yangi sonidan olib, xonasiga qaytib keldi. Stoliga oʻtirib, “Oqchashma qizi”ni oʻqiy boshladi. Satrlarga koʻz yugurtirarkan yana Zuhra bilan uchrashgandek boʻldi.

Shu payt eshik ochilib, Yodgora opa koʻrindi.

– Hasanjon, hamma “letuchka”ga, shunaqa, – dedi-da, tezgina eshikni yopdi.

Hasan Yodgora opaning uzoqlashayotgan qadam tovushiga biroz quloq tutib oʻtirdi. Stolining tortmasidan yon daftarini olib yoʻlakka chiqdi. Bosh muharrirning xonasiga kirganida hamma xodimlar katta sariq stol atrofidan oʻz joylarini egallashgandi. U ham Izzatilla akaning yonidagi boʻsh oʻringa oʻtirdi. Shavqiddin Xoʻjayev – zahil yuz, sochini oʻng tomonga silliq qilib taragan, ellik yoshlardagi bosh muharrir bahaybat oromkursining yumshoq suyanchigʻiga oʻzini tashlagan koʻyi hammani bir-bir diqqat bilan kuzatdi.

– Jamoamizga yangi xodim keldi, – dedi nigohini toʻrdagi stolga oʻtirib olgan gʻalati qiyofali ozgʻin yigitga qadab. – Qurbon Qoraboyev! Xatlar boʻlimiga ishga oldik.

Hamma yangi xodimga qaradi. Qurbon Qoraboyevi tushmagur ogʻzi qulogʻiga yetib iljaydi. Oʻrnidan turib, qop-qora, ozgʻin yuziga yarashmagan taqir boshini egib taʼzim qildi. Bosh muharrir, bu masalada gap tamom, degandek qoʻlini shap etkazib stolga qoʻydi.

– Endi gazetamizning bugungi, yangi sonini “obzor” qilamiz. Obzorchi kim?

– Men, – dedi Izzatilla aka oʻrnidan turib. Uning qoʻlida gazetaning yangi soni bor edi.

– Bugungi gazetamizning birinchi sahifasida rasmiy xabarlar, axborotlar berilgan, – deya tahlilini boshladi masʼul kotib.

Xodimlar uni diqqat bilan eshitishardi. Izzatilla Ibrohimovning tahririyatda alohida oʻrni bor. Koʻp yil ishlagan, kasbining ikir-chikirini yaxshi bilishi koʻpchilikning havasini keltiradi. Maqolalar tahriridan gazeta tarxini chizishgacha boʻlgan yumushlar uning zimmasida. Hasan ustozining “Izzatilla shoʻx” degan taxallusini eslab kulib qoʻydi. U tanqidiy maqolalari, baʼzi-baʼzida yozib turadigan hajviya, hikoyalariga shu taxallusni qoʻyardi. Hasan ustozining tez-tez, yengil yozishiga havas qiladi. “Imlosiyam feʼliga oʻxshaydi”, deya oʻyladi unga tikilib oʻtirarkan. Yozganida harflar tik, orasi ochiq-ochiq boʻlishi koʻz oldiga keldi. Hozir, gazetaning yangi sonini tahlil qilayotib ham uning lavhasiga qisqa, loʻnda baho berdi:

– “Oqchashma qizi” ehtiros bilan yozilgan, – dedi biroz oʻylanib. – Gazetamizning bugungi sonidagi oʻquvchini tortadigan eng yaxshi lavha, deyish mumkin. Tahririyatimizga yoshlarning kirib kelishi quvonarli hol. Umuman, Hasan Aliyev boʻlim mudirligini ham eplaydi deb oʻylayman.

– Hoy-hoy, bu masalani hal qiladiganlar bor! – Shavqiddin Xoʻjayev tuyqusdan eʼtiroz bildirib qoldi. – Lavhaga ham maqtovni oshirib yubordingiz. Bizga lirika emas, tahliliy maqolalar kerak!

– Endi-i, men oʻzimning fikrimni aytdim, – Izzatilla Ibrohimov hozirjavoblik qildi. – Bu yogʻi sizga havola. Gazeta yaxshi chiqsa, avvalo, bosh muharrirning obroʻsi-da.

Uning bu gapi Shavqiddin Xoʻjayevni biroz shashtidan tushirdi. Hasan tahririyat yigʻilishlarida boʻlib turadigan bunday vaziyatlarning oʻzagini hali teran tushunmasdi. Ustozining maqtovidan xursand boʻldi. Bosh muharrirning eʼtirozlarini shunday boʻlishi kerakdir-da, deb qabul qildi. Oʻtirganlarni kuzatarkan, ularning yuz-koʻzlarida turlicha ifodalarni koʻrdi. Shavqiddin Xoʻjayevning gaplari oʻrinbosari Abdulla akaga yoqmagani shundoqqina sezilib turardi. U yuzini chetga burib oldi. Ustozi Izzatilla Ibrohimov “Shoʻx” taxallusini behuda olmagan ekan. U ichki eʼtiroz yoki his-tuygʻularini ifodalamaydigan niqob kiyib olgandek edi. Qurbon Qoraboyev bilan uning yonida oʻtirgan boʻlim mudiri Hamida opa boshlarini silkitib, jon-jahdlari bilan Shavqiddin Xoʻjayevning gaplarini tasdiqlashdi.

Yigʻilish tez tugadi. Bosh muharrir xodimlarga topshiriq berib, majlisni yakunladi. Hamma gap-soʻzsiz tarqaldi. Hasan ham xonasiga kirdi. Stoli gʻaladonidan kecha yozib tugallagan qoʻlyozmasini olib, Yodgora opaga olib chiqdi.

– Bugun juda tez ishlayapsiz, Hasan? – dedi Yodgora opa xabarlarga koʻz yugurtirib.

– Fermaga bormoqchiman.

– Yanami? – Yodgora opa kulib qaradi. – Muncha, tez qatnab qoldingiz, shunaqa?

– Ha-a… – Hasan nima deyishni bilmasdan kalovlanib qoldi.

Yodgora opa koʻrsatkich barmogʻini silkitib, poʻpisa qilgan boʻldi:

– Fermada qizlar koʻ-oʻp, shunaqa!

U oʻzini bu gapga eʼtibor bermagandek tutdi. Qabulxonadan chiqib, masʼul kotibning oldiga kirdi.

– Keling, Hasanboy, nima gap? – dedi u labini choʻchchaytirib.

– Fermada chala qolgan ishlarim bor edi.

– Mayli-mayli, bori-ing, yozi-ing. Bu yerda oʻtirishdan foyda yoʻq, – dedi Izzatilla aka bagʻrikenglik bilan.

Hasan qafasdan qutulgan qushdek xonadan uchib chiqib ketdi. Tahririyat darvozasi ortda qolganda yengil tortdi. Zuhra bilan uchrashishni oʻylab shirin jilmayib qoʻydi. Koʻcha roshidagi sargʻaygan barglar toʻkilgan yoʻlkadan ketayotganida koʻz oʻngida qizning kulib turgan chehrasi paydo boʻldi. Hatto mayin ovozini eshitdi.

Shoshilib yurganidan Oqchashma yoʻliga yetib kelganini ham sezmay qoldi. Oyoqlari oʻz-oʻzidan oldinga yugurgilardi. Temir yoʻldan oʻtganida dimogʻiga qishloqning salqin havosi urildi. Ajab, tuman markazi bilan oʻrtada shu temir yoʻl bor. Ammo narigi tomonda hammasi boshqacha. Odamlarining feʼl-atvori ham qishloqchasiga  – ular dangalchi, choʻrtkesar. Oqchashmaliklar mehnatdan qochishmaydi. Kunlari dala yoki fermada ishlash, Boʻzsuv boʻylarida qoʻy-mol boqish bilan oʻtadi.

Bu yilgi kuz iliq keldi. Yozning chillasida togʻlardagi qor erishdan toʻxtamadi. Boʻzsuvning sathi har qachongidan ham koʻtarildi. Sohil tizza boʻyi oʻt-oʻlan bilan qoplangan. Teparoqda jingʻil butalari barq urib oʻsayotir. Fermaga burilishda bir tup jiyda koʻrindi. Besh-olti quloch keladigan shoxlari alvastining sochidek har tomonga tarvaqaylagan. Bu jiydaning necha yillik ekanini qishloqda hech kim bilmasdi. Keksalar, bizning bolaligimizdayam shu jiyda bor edi, deb yurishadi. Yoshlar “Majnun jiydasi” deb nom qoʻyib olishgan. Azal-azaldan oshiq yigitlar maʼshuqalari bilan shu jiydaning ostida uchrashishadi. Soyasida oʻtgan-ketgan yoʻlovchilar dam olishadi. Issiqdan qiynalgan kishi daryoning muzdek suvida yuz-qoʻlini chayib, jiyda panohida nafasini rostlab oladi. Keyin yana oʻz yoʻlida ketaveradi. Bu oqchashmaliklarga odat. Shuning uchun jiydaning tagida biror kimsani koʻrishsa ajablanishmaydi.

Hasan jiydani chamalab qadamini tezlatdi. Yaqinlashganida kimningdir daryoga tikilib turganiga koʻzi tushdi. Bu Zuhra edi! U xayolga choʻmib, Boʻzsuvga termilib qolgandi. Qadam tovushini eshitmadi. Hasanning yuragi qinidan chiqib ketgudek tipirchilay boshladi! Oʻtgan ikki kun koʻnglida faqat bir istak boʻldi: tezroq Zuhrani koʻrish, qizning oʻzi bilan yonma-yon turishini his qilish! Mana, hozir Zuhra qarshisida, bir necha qadam tashlasa bas.

U qizni choʻchitmaslik uchun qadamini sekinlatdi. Sohildagi kuz manzarasi nihoyatda goʻzal edi. Qiygʻos gulga kirgan jingʻil butalari ulkan hududga guldastalardek sochilgan. Bu mohir musavvir chizgan suratni eslatadi. Daryodan kelayotgan salqin shabada kishining bahri-dilini ochadi.

– Zuhra! Shu yerdamisiz?! – dedi Hasan ovozini pasaytirib.

Qiz choʻchib tushdi. Ortiga oʻgirilib, Hasanni koʻrdi-yu, jilmaydi:

– Hasan aka?! Bugun sizni kutgandim. Gazetada chiqdimi?

– Mana gazeta, men soʻzimda turaman! – Hasan qoʻlidagi buklogʻliq gazetani uzatdi.

Zuhra yosh boladek suyunib ketdi. Bir zumda koʻzlari quvonchdan porlab gazetani ochdi. Katta harflarda yozilgan sarlavhani oʻqib, ajablandi:

– Voy! “Oqchashma qizi” deb yozibsiz? Mashhur qilib yuboribsiz-ku!

– Shunga munosibsiz, Zuhraxon!

– Hasan Ali-chi?

– Bu taxallusni ustozim qoʻyganlar. Hali bunga loyiq emasman.

– Yoqimli taxallus.

– Rostdanmi?!

Zuhra kulib, gapni boshqa yoqqa burdi:

– Qayoqqa ketayotgandingiz?

– Oʻzingiz-chi?

– Men… ishga-da, fermaga.

– Men ham ishga!

– Siz?.. – Zuhra tutilib qoldi.

– Men ham ishdaman, Oqchashma qizi bilan gaplashaman, lavhamning davomini yozmoqchiman!

Zuhra kulib yubordi. Hasan ham unga qoʻshildi. Yengil shabada esib, jiyda barglari shitirladi. Ular bunga eʼtibor berishmadi. Allanimalarni gaplashib ferma yoʻlidan yonma-yon yurib ketishdi.

Bu yilgi kuz iliq keldi. Yozning chillasida togʻlardagi qor erishdan toʻxtamadi. Boʻzsuvning sathi har qachongidan ham koʻtarildi. Sohil tizza boʻyi oʻt-oʻlan bilan qoplangan. Teparoqda jingʻil butalari barq urib oʻsayotir. Fermaga burilishda bir tup jiyda koʻrindi. Besh-olti quloch keladigan shoxlari alvastining sochidek har tomonga tarvaqaylagan. Bu jiydaning necha yillik ekanini qishloqda hech kim bilmasdi. Keksalar, bizning bolaligimizdayam shu jiyda bor edi, deb yurishadi. Yoshlar “Majnun jiydasi” deb nom qoʻyib olishgan. Azal-azaldan oshiq yigitlar maʼshuqalari bilan shu jiydaning ostida uchrashishadi. Soyasida oʻtgan-ketgan yoʻlovchilar dam olishadi. Issiqdan qiynalgan kishi daryoning muzdek suvida yuz-qoʻlini chayib, jiyda panohida nafasini rostlab oladi. Keyin yana oʻz yoʻlida ketaveradi. Bu oqchashmaliklarga odat. Shuning uchun jiydaning tagida biror kimsani koʻrishsa ajablanishmaydi.

Hasan jiydani chamalab qadamini tezlatdi. Yaqinlashganida kimningdir daryoga tikilib turganiga koʻzi tushdi. Bu Zuhra edi! U xayolga choʻmib, Boʻzsuvga termilib qolgandi. Qadam tovushini eshitmadi. Hasanning yuragi qinidan chiqib ketgudek tipirchilay boshladi! Oʻtgan ikki kun koʻnglida faqat bir istak boʻldi: tezroq Zuhrani koʻrish, qizning oʻzi bilan yonma-yon turishini his qilish! Mana, hozir Zuhra qarshisida, bir necha qadam tashlasa bas.

U qizni choʻchitmaslik uchun qadamini sekinlatdi. Sohildagi kuz manzarasi nihoyatda goʻzal edi. Qiygʻos gulga kirgan jingʻil butalari ulkan hududga guldastalardek sochilgan. Bu mohir musavvir chizgan suratni eslatadi. Daryodan kelayotgan salqin shabada kishining bahri-dilini ochadi.

– Zuhra! Shu yerdamisiz?! – dedi Hasan ovozini pasaytirib.

Qiz choʻchib tushdi. Ortiga oʻgirilib, Hasanni koʻrdi-yu, jilmaydi:

– Hasan aka?! Bugun sizni kutgandim. Gazetada chiqdimi?

– Mana gazeta, men soʻzimda turaman! – Hasan qoʻlidagi buklogʻliq gazetani uzatdi.

Zuhra yosh boladek suyunib ketdi. Bir zumda koʻzlari quvonchdan porlab gazetani ochdi. Katta harflarda yozilgan sarlavhani oʻqib, ajablandi:

– Voy! “Oqchashma qizi” deb yozibsiz? Mashhur qilib yuboribsiz-ku!

– Shunga munosibsiz, Zuhraxon!

– Hasan Ali-chi?

– Bu taxallusni ustozim qoʻyganlar. Hali bunga loyiq emasman.

– Yoqimli taxallus.

– Rostdanmi?!

Zuhra kulib, gapni boshqa yoqqa burdi:

– Qayoqqa ketayotgandingiz?

– Oʻzingiz-chi?

– Men… ishga-da, fermaga.

– Men ham ishga!

– Siz?.. – Zuhra tutilib qoldi.

– Men ham ishdaman, Oqchashma qizi bilan gaplashaman, lavhamning davomini yozmoqchiman!

Zuhra kulib yubordi. Hasan ham unga qoʻshildi. Yengil shabada esib, jiyda barglari shitirladi. Ular bunga eʼtibor berishmadi. Allanimalarni gaplashib ferma yoʻlidan yonma-yon yurib ketishdi.

 

5

 

Gazeta tahririyatida ish doim daryodek toʻlib-toshgan boʻladi. Hasan allaqachon bu joʻshqin oqimning betinim silsilasiga qoʻshilib ketgandi. Ish bilan andarmon boʻlib kunlar, oylar qanday oʻtayotganini sezmasdi. Qishloq xoʻjalik boʻlimining ishini bemalol eplab qoldi. Qilayotgan ishidan zavq olish nimaligini shu yerda tushundi. Zuhra bilan uchrashish uchun hamon Oqchashmaga tez-tez qatnab turardi. Buning uchun oʻzi sezmagan holda turli bahonalar oʻylab topa boshladi.

– Qishloq xoʻjalik boʻlimini chorvachilik boʻlimiga aylantirib yubordingiz, – derdi Izzatilla aka kulib.

Aslini olganda ustozi bundan xursand ham edi. U oʻtroq jurnalistlarni yoqtirmasdi. Hasan uchun tahririyat ikkinchi uyiga aylanib qoldi. Jamoadagilar bilan ahil edi-yu, nimagadir Qurbon Qoraboyevni sira jini suymadi. U oʻziga “Qurbon Qora” deb taxallus qoʻyib oldi. Qurbon Qora asosan shikoyat xatlari bilan shugʻullanar, onda-sonda tanqidiy maqolalar yozardi. Ularning hammasiyam gazetada chiqavermasdi. Hasan buni Izzatilla akadan soʻraganida, u kuldi:

– Qurbon Qora maxsus topshiriqlarni bajaradi.

– Kimning topshiriqlarini? – hayron boʻldi.

Izzatilla aka sirli jilmaydi:

– Hali oʻzingiz bilib olasiz!

Bu “sir” tez orada fosh boʻldi. Kuzgi yigʻim-terim pallasi davom etayotgandi. Mavsum ishini yoritish asosan qishloq xoʻjalik boʻlimining zimmasida edi. Hasanning bosh qashlashga qoʻli tegmasdi. Shunday kunda bosh muharrir chaqirtirib qoldi. U kirganida Shavqiddin Xoʻjayev xonasidagi yumshoq oʻrindiqda televizorga tikilganicha oʻtirardi. Hasan tik turgan holda uning eʼtiboriga sazovor boʻlishini kutdi.

– “Peshtaxtalar ortida nimalarni koʻrdik?” rukniga felyeton tayyorlang, – dedi Shavqiddin Xoʻjayev tuyqusdan oʻgirilib. – Sanitariya-epidemiologiya nazoratidan odam qoʻshib beramiz. Meva-sabzavot doʻkonlarini aylanasizlar. Qishloq xoʻjalik mahsulotlari savdosidagi kamchiliklarni ham yoritib borish kerak-da.

Hasan buni tahririyatning odatdagi topshirigʻidek qabul qildi. Ertasiga oʻrta yoshlardagi, tepakal sanitariya vrachining oʻzi tahririyatga keldi. Ismi Valijon ekan.

– Hamkor boʻlarkanmiz-da, – dedi u sirli qilib.

– Topshiriq shunday, – Hasan bu bizning qoʻlimizda emas, degan maʼnoda yelkasini qisdi.

Shu kunning oʻzida Valijon aka bilan tuman markazidagi sabzavot doʻkonlariga chiqishdi. Bir nechta doʻkonlarda ahvol talabga mutlaqo javob bermasdi. Sanitariya nazoratining vakili alohida-alohida dalolatnomalar tuzdi. Unda muddati oʻtib, isteʼmolga yaroqsiz boʻlib qolgan karam, sabzi, boshqa sabzavotlar koʻrsatilgandi. Dalolatnomalarga Hasan ham imzo chekdi. Kun yakunida Valijon aka oʻzi yozgan dalolatnomalarning nusxalarini Hasanga tutqazdi.

– Bular oʻzingizda qolaversin, men hammasini yon daftarimga yozganman, – dedi Hasan.

Valijon aka kuldi:

– Bosh muharrirga berasiz! Bu shaxsan Shavqiddin akangizning topshiriqlari, – u nimagadir “shaxsan” soʻziga urgʻu berib gapirdi.

Hasan bu kinoyaga eʼtibor bermadi. Sanitariya nazoratining vakili-ku, deb Valijon akaning aytganini qildi. Tahririyatga kelib, dalolatnomalarni Shavqiddin Xoʻjayevga olib kirdi. U gʻalati kulib, qogʻozlarni oldi.

– Siz boravering, – dedi.

Hasan shu kunning ertasiga “reyd” natijalari boʻyicha felyeton yozdi. Unda isteʼmolga yaroqsiz sabzavot sotayotgan doʻkondorlarning qilmishlari fosh qilingandi. “Bemor sabzavotlar” degan yaxshigina sarlavha ham topdi. Felyetonni darhol Shavqiddin Xoʻjayevga olib kirdi.

– Menda qolsin, – dedi u. – Koʻrib chiqaman.

Dalalarda paxta terim mavsumi boshlangandi. Hasan qishloq xoʻjalik boʻlimining ishlari bilan andarmon boʻlib, uch kun “Bemor sabzavotlar”idan xabar ololmadi. Toʻrtinchi kuni Izzatilla akadan felyetoni chop etishga berilgan yo berilmaganini surishtirgani kirdi.

– Shavqiddin akadan hech narsa chiqqani yoʻq, – dedi masʼul kotib boshini chayqab.

Felyeton izsiz yoʻqolgandek edi. Shundan keyin Hasan oʻzlari kirib chiqqan doʻkonlarga yaqinlasholmay yurdi. Yana isteʼmolga yaroqsiz sabzavotlar sotilayotgandek, bunda oʻzining aybi bordek qisinib-qimtina boshladi. Nihoyat, felyetonining taqdirini surishtirish uchun bosh muharrirning oldiga kirdi. U Hasanni istamaygina qarshi oldi. Bu odatdagidek televizorga tikilib oʻtirishi-yu, qarshisida tik turgan Hasanga befarq bir nazar tashlab, boshini burib olishidan ham sezildi.

– Shavqiddin aka, felyeton nima boʻldi? – soʻradi Hasan.

– Felyeton qoldirildi, – Shavqiddin Xoʻjayev yana gaping bormi, degandek oʻqraydi.

– Axir…

– Gap tamom! – choʻrt kesdi u.

Tahririyatning oʻz qonun-qoidalari bor edi. Qoʻshma reyd-tekshiruv natijalari befarq qoldirilmaydi. Biroq Hasanning bosh muharrirga eʼtiroz bildirishga yoshi kattalarga hurmat ruhida tarbiyalangani yoʻl bermadi.

Ertasiga sabzavot doʻkonlarining tanish sotuvchilarini tahririyatda uchratdi. Ular hech narsa boʻlmadi-ku, degandek tirjayib, namoyishkorona istehzo bilan Shavqiddin Xoʻjayevning xonasiga kirib ketishdi. Hasan gʻalati boʻlib qoldi. Buni ichiga sigʻdirolmay Izzatilla akaning oldiga kirib, bor gapni toʻkib soldi.

– Nimalar isteʼmolga yaroqsiz ekan? – deb soʻradi u.

– Karam, sabzi…

– Tekshirganingizdan keyin oʻsha karam, sabzilar barra boʻlib qolgandir-da…

Hasan mulzam boʻldi. Shu payt xonaga Qurbon Qora kirdi. Koʻzlarini alang-jalang qilib, masʼul kotib bilan Hasanga bir-bir qaradi:

– Xalaqit berdim-ov, jim boʻlib qoldinglar?

– Nega jim boʻlarkanmiz, masalan men hozir ham gaplashyapman, – dedi Izzatilla aka labini choʻchchaytirib.

– Kim bilan?

– Oʻzim bilan, – Izzatilla aka uning koʻzlariga tik qarab turaverdi.

Qurbon Qora dovdirab qoldi.

– Ie, shunaqasiyam boʻladimi?!

– Nega boʻlmasin? Hamma narsa boʻlishi mumkin. Masalan, men oʻzim bilan shaxmat oʻynayman. Demak, oʻzim bilan gaplashishim ham mumkin.

Qurbon Qora gʻoʻldirab allanima dedi. Biroz kalovlanib turdi, nega kirganini ham unutib, xonadan otilib chiqib ketdi.

– Qalay, – dedi Izzatilla aka ayyorona iljayib. – Bopladimmi?

Hasan kulib yubordi.

– Oqchashmaga bormoqchimisiz? – Izzatilla aka endi oʻzini beparvo tutdi.

– Ha, shu…

– Mayli, borib kelaqoling. Soʻrab qolishsa, bir nima derman.

Hasan rahmat aytib, eshikka yoʻnaldi.

– Hasanboy! – Izzatilla aka uni toʻxtatdi.

– Labbay?

– U yaxshi qiz, sizga munosib. Qoʻldan chiqarmang!

Hasan eshikdan chiqib ketayotib ustoziga minnatdorlik bilan bosh irgʻadi.

 

* * *

 

Shu kunlarda Hasanning yuragini ishq sharorasi kuydirardi. Koʻngil uyida yangi bir olamga darcha ochilgandek. Bu olam beqiyos jozibasi bilan ishqiy ehtiroslarga limmo-lim qalbini rom qildi. Tomirlarida koʻpirayotgan qaynoq qon vujudini oʻt-olov boʻlib yondirar, u hayotning eng azaliy tuygʻusi ogʻushida mast edi.

Kunlarini Zuhrasiz tasavvur qilolmay qoldi. Uni uch-toʻrt kun koʻrmasa vujudini sogʻinch oʻrtaydi. Kunu tun yuragi orziqib, Oqchashmaga talpinadi. Zuhraga yetishish uchun togʻ kelsa kemirib, suv kelsa simirishga ham tayyor. Faqat u bilan birga boʻlsa bas! Bunday hissiyot Zuhraga ham begona emasdi. Fermadagilar muxbir yigit bilan sogʻuvchi qizning muhabbatini tildan tilga koʻchirib, afsona qilib yuborishdi. Hasanning onasi Mastura opa esa allaqachon toʻy harakatiga tushgandi.

Bugun Hasan bilan Zuhra Boʻzsuv boʻyidagi majnun jiydasining ostida uchrashishdi. Tikkaga kelgan quyosh olovli nafasini ufurayotir. Koʻchada odam koʻrinmaydi. Hasan Zuhrani yetaklab daryo boʻyiga olib tushdi. Boʻzsuv birin-sirin girdoblar hosil qilib, toʻlib-toshib oqardi.

– Zuhra, jonim, ertaga sovchilar borishmoqchi, – dedi Hasan qizning qoʻlidan mahkam ushlab.

– Nega? – Zuhra beixtiyor shunday dedi-yu, koʻzini olib qochdi.

– Oqchashma qizini olib ketgani.

– Oqchashma qizi qishlogʻini yaxshi koʻradi-da!

– Hasanni-chi?

– Uniyam! – Zuhra qoʻli bilan yuzini berkitdi.

Ular jingʻil butasining panasida turishardi. Hasan entikib Zuhrani quchoqladi. Qiz ilk bor qarshilik qilmadi. Hasan uni oʻtli boʻsalarga koʻmib tashladi. Jingʻilning kumushrang yaproqlari boshlarini siladi, Boʻzsuv maysalari poylarini oʻpdi, muhabbatga limmo-lim yuraklar bir-biriga talpinib toʻymadi…

Ertasi kuni Mastura opa tayinlagan sovchilar Oqchashmaga joʻnashdi. Shu kungacha Zuhra bilan oʻzining munosabatidan narini koʻrolmagan Hasan xavotirga tushib qoldi. Zuhraning uyidagilar “yoʻq” deb yuborishsa, nima degan odam boʻladi?!

Ammo ish unchalikka borib yetmadi. Qizlarining Hasanga koʻngil qoʻyganidan onasi xabardor ekan.

– Qaynotam, qizimning buvalari kuyovni koʻrib, gaplashmoqchilar, – dedi istihola bilan. – Biz qishloqi, sodda odamlarmiz. Xafa boʻlmanglar, oʻrgilaylar. Bir kunni tayinlab, qaynotamni olib borsak… Mayli-da, gaplashsinlar, tanishishsin. Zamona odamlari shudir-da.

Bu shart boshdan-oyoq sarpo kiyish ishtiyoqida kelgan sovchilarni choʻchitmadi. Oʻsha kunni belgilab, xabar qiladigan boʻlishdi.

 

6

 

Yakshanba kuni Hasan uyda yolgʻiz qoldi. Otasi bilan akasining oʻgʻli ikkita qoʻchqorni mol bozoriga olib ketishdi. Qoʻchqorlar yetilib, tek turolmaydigan boʻlib qolishgandi. Tisarilib bir-biriga kalla qoʻygani-qoʻygan. Sotmasa, bir-birini mayib qilib qoʻyishi tayin. Mastura opa ham xarajat qilgani katta bozorga chiqqan. Hasan ishkom ostidagi chorpoyada yonboshlaganicha gazeta oʻqib yotardi. Shu payt darvoza taqilladi:

– Ovsi-in, uydamisiz? – degan ingichka ayol ovozi keldi.

Hasan oʻrnidan turib, chorpoyadan tushdi. Yoʻlkadan tez-tez yurib kelayotgan sovchi xotinni darrov tanidi. U yonbosh tomondagi uzum ishkomlariga ogʻzi ochilib qaray-qaray oʻziga tikilib turgan Hasanni payqamay qoldi.

– Voy, qoʻrqitib yubordingiz-a! Kuyov bola, uyda ekaningiz yaxshi boʻldi, – dedi koʻkragiga “tuf-tuf”lab. – Bugun kelinposhshaning buvasi keladi, ih-im, choʻchib ketdim-a, yaxshilab kutib oling, – dedi-da, shoshayotganini bildirish uchun boʻsh sumkasini u qoʻlidan bu qoʻliga oldi.

Hasan bir ogʻiz soʻz deyolmay, boshini qimirlatib, uning gapini tasdiqladi. Sovchi xotin yana allaqancha gaplarni chuldirab chiqib ketdi.

Hasan biroz hovlida kalovlanib turdi. Sovchi xotinning gapi unga chaqmoq chaqnagandek taʼsir qilgandi. Zuhra buvasi haqida koʻp gapirardi. Biroq Hasan uni biror martayam koʻrmagan. “Qariya nimani surishtirarkin? Boʻlajak kuyovni yoqtirmay qolsa, ishkal chiqmaydimi?” Shunday xayol bilan chorpoyaga oʻtirdi. Shu payt yana darvoza ochilib, kimningdir yoʻtalib ovoz bergani eshitildi. U oʻrnidan turib qaradi-yu, oʻziga tanish odamni koʻrib suyunib ketdi. Darvozaning tutqichini ushlaganicha atrofga alanglab Hoshim amaki turardi. Oʻsha-oʻsha ixcham soqol, nuroniy chehra. Oq koʻylak ustidan sariq-nofarmon yozlik chakmon kiygan. Hoshim amaki ishkom panasidagi Hasanni koʻrmayotgandi.

– Uyda kim bor? – dedi hovliga koʻz tashlab.

Hasan ishkom ostidan chiqdi.

– Keling, Hoshim amaki, – dedi darvoza tomonga chaqqon yurib borayotib.

Hoshim amaki oʻzining ismini eshitib hayron boʻldi.

– Muxbir Hasanboylarning uyi shumi? – dedi.

– Xuddi oʻzi! Kelavering, Hoshim amaki, – Hasan qoʻlini koʻksiga qoʻyib salom berdi.

U Hoshim amakini gazetaga bogʻliq biror tashvish yetaklab kelgan deb taxmin qilgandi. Qariya esa kuyov boʻlmishning emin-erkin muomalasidan hayratlandi.

– Meni tanimadingizmi? – dedi Hasan. – Oqchashmada, yoʻlda uchrashgandik. Oʻshanda rivoyat aytib bergandingiz?

Hoshim amaki unga biroz tikilib turdi-da:

– Esim qursin! – deya kafti bilan peshonasiga urdi. – Oʻsha senmiding, bolam? Tanimaganimni qara-ya!? – Endi Hoshim amaki ham suyunib ketdi.

Hasan qariya bilan soʻrashib, ishkom ostiga boshladi. Hoshim amaki amirkon kovushini yechib, chorpoyaga chiqdi. Ular xontaxtaning ikki tomoniga oʻtirishdi. Hoshim amaki hovli, uylarga bir-bir qarab oldi-da, qoʻlini fotihaga ochdi.

– Iloyo qoʻshganing bilan qoʻsha qarib, baxtli boʻlgin, bolam.

– Oqchashmadan kelyapsizmi? – dedi Hasan.

– Ha, bolam, – Hoshim amaki taraddudlanib qoldi.

Hasan buni oʻzicha tushundi:

– Biror xizmat boʻlsa, bemalol, aytavering.

– Hasanboy, meni ish bilan keldi, deb oʻyladingizmi? – U endi nimagadir “siz”lay boshladi.

– Ha-da, gazetaga bogʻliq biror ish bilan…

– Gazetaga emas, siz bilan nevaram Zuhraga.

– Zuhra, sizning…

– Mening nevaram.

Hasan taxtadek qotib qoldi. Peshonasidan sovuq ter chiqib ketdi. Uni kuzatib oʻtirgan Hoshim amaki kuldi:

– Shunaqa-a, oʻgʻlim, kuyov boʻlmishni bir koʻray, gaplashay, – deb keldim-da, aybga buyurmaysiz endi.

– Meni kechiring, – Hasan xijolat boʻldi.

– Unday demang oʻgʻlim, sizligingizni bilib, koʻnglim koʻtarildi.

Hasan boshini egib jim boʻlib qoldi. Hoshim amaki Zuhraning buvasi ekanligini bilmaganini oʻylab gʻalati boʻlib ketdi. Zuhra ham “buvam-buvam” derdi-yu, buvasining ismini aytmagandi. Sovchi xotin, kelinning buvasi keladi, deganida oppoq soqoli koʻksiga tushgan qariyani tasavvur qilgandi. Qanday kutib olishni bilolmay bezovta edi. Mana endi oʻsha “buva” Hoshim amaki boʻlib chiqdi.

Oʻrtadagi sukunatni Hoshim amakining oʻzi buzdi:

– Fotima bilan Zuhra – toʻngʻich nevaralarim. Yaxshi joyga tushishsin, baxtlari ochilsin, deb niyat qilganman. Fotimani uzatganimizga bir yarim yil boʻldi. Turmushi yaxshi, undan xotirjamman. Zuhramiz juda koʻngilchan, sodda qiz. Shuniychun kuyovni bir koʻrmoqchi boʻldim. Si-iz yaxshi yigitsiz, oʻgʻlim, buni oʻshanda bilganman. Bolalarim, nevaralarimning hayotlari biznikiga oʻxshamasin, deyman-da.

– Urushda boʻlganmisiz? – dedi Hasan uning gapini oʻzicha tushunib.

– Ha, oʻgʻlim, urush boshlanganida qirchillama yigit edim, koʻngilli boʻlib joʻnaganman. Urushning ikkinchi yilida bilagimdan ogʻir yaralanib qaytib kelganman, suyak sinib ketgan, hali hanuz sirqirab ogʻriydi. Urushning jarohatlari yomon… Oʻshanda Oqchashmamizda erkaklar sanoqli qolgandi. Borlari ham qari-qartanglar edi. Shiyponda atala qilishardi. Shu atalani ichaman deb bolalar ham dalada ishlashgan. Jarohatim bitar-bitmas men ham dalaga chiqib ketdim. Bolaligimdan chidamli boʻlib oʻsganman. Oʻttizinchi yillarning ocharchiligida onam bizni tashlab, bir oshpaz kishiga tegib ketgandi. Dadam chechak kasalidan choʻtir boʻlib qolgandi. Paxta zovutta ishlardi. Oqchashmadagi amakimning qoʻlida katta boʻldim. Bu hikoya juda uzun, aytaversam zeriktirib qoʻyaman.

– Unday demang, – Hasan chaqqon oʻrnidan turdi.

Endi Hoshim amaki Zuhraning buvasi ekanligidan suyuna boshladi. Kutilmagan uchrashuv uni ancha muztar ham qilib qoʻydi. Chorpoyadan tushib, oshxonaga kirdi-da, bir zumda choy damlab keldi. Xontaxtadagi usti yopib qoʻyilgan dasturxonni ochdi. Piyolaga choy quyib, Hoshim amakiga uzatdi.

– Ocharchilik yillarini koʻrganlar sizga ham gapirib berishgandir, – dedi Hoshim amaki piyoladagi choydan hoʻplab. – Insonga ochlikdan ogʻir azob yoʻq, deyman oʻzimcha. Odamlar aql-hushidan ajrab qolishgandek edi oʻsha paytlarda. Bolaligimdagi bir voqea sira esimdan chiqmaydi. Onam bizni tashlab ketganida otam hali ancha yosh edi. Amakilarim bir bolasi bor ayolga uylab qoʻyishdi. Shu ayol otam bilan besh-olti oy yashadi. Asabi chatoq, esarroq xotin edi. Bir kuni ovqatlanib oʻtirganimizda beshikdagi bola chinqirib yigʻlab qoldi. Qarasak, boyagi xotin bolani boʻgʻyapti. Otam sakrab oʻrnidan turdi-da, xotinni nariga itarib yuborib, beshikni tortib oldi.

– Iplos! Nima qilyapsan!? – dedi oʻshqirib.

Haligi xotin kigizni ustida yotganicha dod solib yerni mushtlardi. Nima deydi, deng: “Shu bola boʻlmaganida menam silar bilan ovqat yerdim”, emish… Oʻsha voqeadan keyin otam u xotinni haydab yubordi. Koʻngli sovigandir-da.

– Bolasi bilanmi?

– Esimda yoʻq, u paytlarda yosh bola boʻlganman, – Hoshim amaki boshini chayqadi. – Otam insofli odam edi. Qarindosh-urugʻlariga olib borib topshirgani aniq. Haligi xotin aqldan ozgandir-da, boʻlmasa onayam oʻzi tuqqan bolasini boʻgʻadimi, it-mushuklar ham bolasini qizgʻanib odamni talaydi-yu.

Hoshim amaki qovogʻiga oʻsib tushgan qoshlarini siladi. Bir narsani eslamoqchidek peshonasini tirishtirib, hovliga tikildi. Nima maqsadda kelgani, kimning oldida oʻtirganini ham unutib yuborgandek edi. Hasan uning hikoyasini darsda muallimini tinglayotgan oʻquvchidek diqqat bilan eshitib oʻtirardi.

Quyosh koʻtarilib, oltinrang nurlar hovlini qizdira boshladi. Ishkomning osti salqin edi. Tok novdalaridagi shigʻil kattaqoʻrgʻon gujumlari sharbatga toʻlgan. Bu nav kech kuzgacha poyasida turadi, keyin omborning toʻsinlariga ilib, bahorgacha asrash mumkin. Hoshim amaki qoʻlidagi boʻsh piyolani aylantirarkan uzum gujumlariga tikildi.

– Choy quyib beraymi? – dedi Hasan.

Hoshim amaki piyolani uzatdi.

– Oʻgʻlim, oʻtgan gaplarni eslab, boshingizni qotirdim.

– Sirayam undaymas… Keyin nima boʻlganini aytib bering?

– Qirq birinchi yilda urush boshlandi, joʻralarim qatorida urushga ketdim. Otam keksayib qolgandi, urushdaligimda vafot etibdilar. Oʻsmirlik paytlarimdan esimda, otamning boshi tinmay ogʻrirdi. Men dorixonama dorixona yugurardim. Goh topiladi otamning dorisi, gohida yoʻq. Otam oʻsha dorilar bilan tirik edi-da. Oxiri dardi kuchayib, olib ketibdi… Biz amakim bilan bir hovlida yashardik. Yarador boʻlib urushdan qaytganimdan keyin dalaga chiqib, gʻoʻza chopigʻi, paxta terimiga qarashib yurdim. Keyinchalik brigadaga hisobchi qilib qoʻyishdi.

Urushdan qaytgan mendek askar uchun bu kunlar juda-a tansiq edi bilsangiz. Ammo bolalik xotiralarim, bosh ogʻrigʻidan azoblanayotgan bechora otamga dori izlaganlarim sira xayolimdan ketmadi. Oppoq xalat kiygan dorixonachilarga qattiq havas qilib qolgandim-da. Bu odamlarning yuzlarida zariflik, xatti-harakatlarida allaqanday joziba koʻrardim. Xayolimda ular dunyodagi eng qudratli kishilar edi. Xohlashsa, otamni dodlatib yuboradigan bosh ogʻrigʻidan xalos qilishadi, xohlashmasa… Xullas dorishunos boʻlishga ahd qildim. Urush tamom boʻlgan yiliyam kolxozda ishlayotgandim. Dorishunoslikka oʻqishga boraman, desam, rais: “Oʻqishga oʻzim yuboraman, agronom boʻlasan”, deb turib oldi. Men niyatimdan qaytmadim. Toshkentga, Oxunboboyev texnikumiga borib, oʻqishga kirdim…

Hasan Hoshim amakining hikoyasini tinglagan sari hayrati ortardi. Uni birinchi uchratganida oddiy namozxon qariya deb oʻylagandi. Hozir qarshisida oʻtirgan, endi unga ham begona boʻlmagan, ulugʻvor qiyofali kimsaning chehrasida oʻqimishli odamlarga xos bir inoyat – mehribonlikni koʻrdi. Hoshim amaki esa allalovchi ovozda uzundan uzoq hikoyasini davom ettirdi:

– Dorishunoslikka oʻqishim oson boʻlmadi. Texnikumning yotoqxonasida joy yetishmasdi. Boʻsh oʻrinlarni uzoq viloyatlardan kelgan talabalarga berishdi. Avval qatnab turdim. Shaharga poyezd sahargi toʻrtda boʻlardi. Temir yoʻl bekati uyimizdan uch chaqirim uzoqda. Kechqurun bekatdagi choyxonaga kelib yotaman. Ertalabki toʻrtda poyezdga chiqaman. Shu ahvolda bir oy qatnab, choʻpdek ozib ketdim. Rahmi keldimi, amakim biroz pul berdi, shaharda ijara uyga joylashdim. Amakimning xotini – opoqim bir haftaga oltita non yopib berardi. Ijarada turgan uyimning egasi kechqurun bir kosa ovqat beradi. Oʻqishdan boʻsh paytimda odamlarning uncha-muncha ishlarini ham qilib turdim. Taʼtil paytlari kolxozimizda ishladim. Bular urushda chiniqqan askarga unchalik qiyin ham emasdi. Shunday qilib oʻqishni bitirib oldim. Dorixonaga ishga joylashdim. Niyatimga yetgandim. Endi oʻzim oq xalatli dorishunosman. Qoʻlim pul koʻrdi, ahvolim yaxshilandi, amakimning oilasigayam yordam berib turdim.

Taqdirni qarangki, shunday kunlarda hayotimda yana onam paydo boʻldilar. Oʻgay otam qazo qilibdi. Keksayib qolgan onam qaytib keldilar. Endi yolgʻiz emasligimdan suyundim. Amakim meni uylantirish harakatiga tushgandi. Kelinni onam topdilar. Uzoq qarindoshlarining qizi ekan. Oʻzimizga yarasha toʻy qildik. Uylanib, yetimlikda choʻkkan koʻnglim ancha taskin topdi. Amakim ikki oʻgʻlini uylantirganidan keyin hovli-joy torlik qilib qoldi. Alohida chiqib ketishimiz kerak edi. Tejab-tergab yigʻindim. Ikki yilda bir eski hovlini sotib oldim. Onam, xotinim, oʻgʻilcham bilan koʻchib chiqdik… Bunday kunlarga yetguncha boshimdan koʻp qiyinchiliklar oʻtdi.

– Oson boʻlmagan ekan, – tan oldi Hasan.

– Hayotning achchigʻigayam, chuchugigayam chidash kerak, oʻgʻlim. Men qiyin kunlarda choʻkib qolmadim. Hammasini orqaga tashlab, shukr qilib yashadim. Yiqilay deganimda tirishib-tirmashib yana yoʻlimni topib olaverdim. Bugun oʻtgan umrimdan xotirjamman. – Hoshim amaki chuqur tin oldi. – Endi men boray, Hasanboy, ancha oʻtirdik. Sabr bilan eshitdingiz, balli. – U qoʻlini fotihaga ochdi, duo qilib, oʻrnidan turdi.

Hoshim amakini kuzatayotganida Hasan gʻalati boʻlib qoldi. Zuhraning – sevgan qizining buvasi u bilan tanishgani, toʻgʻrirogʻi, uni sinovdan oʻtkazgani keldi-yu, na soʻroqqa tutdi, na rozi yo norizoligini aytdi…

Ammo shu kunning ertasidan ikki tomonda ham toʻy harakati boshlandi.

 

7

 

Oradan bir oy oʻtdi. Sunbulada Hasan bilan Zuhraning toʻylari boʻldi. Hasan oilada kenja oʻgʻil edi. Akasi bilan jiyanlari “qamishdan bel bogʻlab” xizmat qilishdi. Mastura opaning quvonchi olamga sigʻmasdi. Hovliga chor burchak qilib mahalladan olib kelingan stollar qoʻyildi. Dasturxonni shirinliklar, qovun-tarvuz, olma-uzumga toʻldirib tashlashdi. Hasanning joʻralari toʻrga gilam ilib, paxta bilan “Hasan+Zuhra” deb yozishdi, yoniga yurak shaklini “chizish”ni ham unutishmadi.

Toʻyga tahririyat bilan birga bosmaxonaning ishchilari ham jamoa boʻlib kelishdi. Davraning toʻriga Shavqiddin Xoʻjayev savlat toʻkib oʻtirib oldi, yonidan imi-jimida Qurbon Qora joy oldi. U yoshi ulugʻ Yodgora opa yoki bosmaxonaning kattalaridan ham “yuqorilab” ketganidan sira tortinmasdi. Muharrir oʻrinbosari Abdulla aka, masʼul kotib Izzatilla Ibrohimov qarama-qarshi tomonga joylashishdi. Oʻrtakash yigit davrani ochib, tabrik soʻzini Izzatilla akaga berdi.

– Siz Hasanga ham ustoz, ham aka oʻrnidasiz, gapiravering, – dedi Yodgora opa.

Hamma Shavqiddin Xoʻjayevga qaradi. U atrofdagilarga eʼtiborsiz, Qurbon Qora bilan gaplashib oʻtirardi. Soʻzga chiqishni istamaganini tushunishdi. Izzatilla aka oʻrnidan turib, ovoz tutqichni oldi-da, hayajon bilan baland ovozda gapira ketdi:

– Hasan bilan Zuhra bir-birlariga munosib yoshlar. Men ularning baxtli boʻlishlariga chin dildan ishonaman va butun jamoamiz nomidan baxt tilayman! Hasan ukamiz juda isteʼdodli jurnalist…

U kelin-kuyovni maqtab, ularning shaʼniga bir olam iliq gaplarni aytib yubordi. Shu payt ketma-ket koʻtarilgan qadahlar taʼsirida anchagina qizishib qolgan Abdulla aka ham oʻrnidan turib, tabrikka qoʻshilib sheʼr oʻqiy ketdi.

Toʻy bazmi borgan sari qizirdi. Shirakayf yigitlar madaniyat uyidan kelgan xonandaga “Birinchi muhabbatim”ni qayta-qayta ayttirishdi…

 

* * *

 

Toʻydan keyingi kunlari olamda Hasandan baxtliroq yigit yoʻq edi. Avvallari ishiyu koʻchadan beri kelmasdi. Mastura opa uni tergagani tergagan edi. Endi boʻlsa boʻzchining mokisidek uy bilan ishxona oʻrtasida qatnab charchamaydi. Zuhraning umr daftarida ham yangi sahifalar ochila boshladi. Tugʻilgan uyi, sogʻuvchilik kasbi Oqchashmada qolib ketdi. Tuman markaziga kelin boʻlganiga bir oy toʻlar-toʻlmas bosmaxonaga sahifalovchi boʻlib ishga kirib oldi. Uquvli, uddaburon ekan, yangi kasbini tez oʻzlashtirdi. Bundan oʻzida yoʻq xursand edi, uning uchun muhimi – Hasanning yonida boʻlishi.

Bir kuni bosmaxonada gazeta sahifalayotganida Hasan kirib keldi. Oʻziga tanish qadam tovushidan yuragi hapriqib, ortiga oʻgirildi-yu:

– Sizmidingiz? – dedi jilmayib.

– “Men oʻsha”, – dedi Hasan “Oʻtkan kunlar”dagi Otabekning Kumushbibi bilan nikoh kechasini eslab.

– “Koʻzlarimga ishonmayman”, – Zuhra ham Kumushbibining gapini takrorladi.

Linotip xonasidan Farida opa chiqib kelganida ular bir-birlariga qarab kulib turishardi. Zuhra uyalib darrov nari ketdi.

– Ha, kuyov bola, sogʻinib qoldingizmi? – dedi Farida opa maʼnoli qilib.

– Sahifani olib tushgandim, – Hasan jiddiylashdi.

– Endi navbatchiligingizda sahifani boʻyab tashlamaysiz, – Farida opa kuldi. – Boʻlmasa-a, xotinchangizning qoʻli qavaradi, ukaginam!

Hasan bosmaxona ayollarining begʻaraz hazillariga oʻrganib qolgandi, indamadi. Farida opa shipillab xonasiga kirib ketdi. Ochiq eshikdan yana harf terish mashinasining shovqini eshitila boshladi. Zuhra yana Hasanning oldiga keldi:

– Hasan aka, jurnalist boʻlishni orzu qilganman, deganim esingizdami? – dedi beadogʻ mehr bilan tikilib.

– Esimda, birinchi uchrashgan kunimiz edi oʻshanda.

– Niyatimga yetay deb qoldim, qarang, sizning yozganlaringizni sahifalayapman.

– Bu boshqa.

– Menga shuyam yetadi.

Hasan zavqlanib ketib uni quchoqlab oldi. Zuhra oʻzini tortib, ochiq eshikka ishora qildi. Hasan yuz-koʻzi aralash qattiq oʻpdida, koʻzini qisib, chiqib ketdi.

 

8

 

Hasan Ali qattiq mehnat qilganidanmi yo oʻzi omadli yigitmi, harnechuk tezda tuman rahbariyati eʼtiboriga tushdi. Yigʻilishlarda jurnalist Hasan Alining nomi bot-bot tilga olinadigan, uning maqolalari atrofida bahs-munozara yuritiladigan boʻlib qoldi. Hatto bir kuni tahririyatga tuman rahbarining mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari dabdurustdan kirib keldi!

– Hasan Ali qayerda, Hasan Ali?! – dedi u gumburlagan tovushda yoʻlak boʻylab odimlarkan.

Rahbarning sharpasini ilgʻagandayoq xonasidan otilib chiqqan Shavqiddin Xoʻjayev uni tavozelarga koʻmib tashladi.

– Xush kelibsiz, Begali Yazidovich, xush kelibsiz… tashrifingizdan tahririyatimiz charagʻon boʻlib ketdi…

Ammo rahbar bosh muharrirning yaltoqlanishlariga koʻp ham eʼtibor bermadi. Rasmiy ohangda u-bu narsalar haqida gaplashgan boʻldi-da, darhol maqsadga koʻchdi:

– Ochigʻi, Hasan Ali degan jurnalistni koʻrgali keldim. Kechagi sonda chiqqan ocherkini oʻqib chidab turolmadim. Shu yigitning bir qoʻlini qisib tabriklab qoʻygim keldi. Zoʻr shogirdlarni tarbiya qilayapsiz, Shavqiddin Eshboyevich, rahmat sizga…

– Hozir Hasanboyni topib beramiz, – dedi bosh muharrir battar egilib-bukilib.

Koʻp oʻtmay, kotiba chaqirib chiqqan Hasan Ali Begali Yazidovich yoniga keldi. Tuman rahbari oʻzi aytganday, yosh qalamkashning qoʻlini qisib qizgʻin qutladi.

– Xuddi shunday davom etishi kerak uka, – dedi u joʻshqin ohanglarda. – Sizning har bir satringiz nafaqat gazetaning, balki bizning ham obroʻmizdir…

Tuman rahbari toʻlqinlanib gapirgan koʻyi Hasan Alini yetaklab tahririyat hovlisiga chiqdi. Negadir u bosh muharrirga koʻp ham eʼtibor bermadi. Aftidan Hasan Aliga aytadigan alohida gapi borga oʻxshardi.

Shavqiddin Xoʻjayev xuddi toʻdaboshi oʻyinga qoʻshmagan boladay oʻkinib yoʻlakda qolarkan, hovliga chiqqanlar ortidan dargʻazab tikildi. Qoʻllari musht boʻlib tugildi, lablari qimtinib allanelar deya pichirladi.

Xuddi shu voqeadan soʻng Hasan Ali tuman rahbariyati tomonidan poytaxtga, uch oylik malaka oshirish oʻquv kursiga yubordi. Bu koʻp narsadan darak berardi. Harholda, gazeta bosh muharriri, uning atrofidagilar shunday fikrda edilar.

Hasan Ali malaka oshirish saboqlaridan qaytgach, yana katta kuch-gʻayrat bilan ishga kirishdi. Ketma-ket, bir-biridan oʻtkir sermazmun maqolalar yozdi.

– Qalaysiz, boʻlajak bosh muharrir, – deb hazillashardi baʼzan dangalchi Farida opa. – Yigitning omadini bersin ekan…

Bir kuni xuddi shunday hazil-huzul bilan Hasan Alini qarshi olgan Farida opa yigitni xomush koʻrib ajablandi.

– Voy qoqindiq, voy, sizga nima boʻldi, boʻlajak rahbar?

– E-e, – deb norizo qoʻl siltadi yosh jurnalist, – ahvolni koʻrib yuribsizu oʻzingiz ham Farida opa, xuddi men yeb, boshqalar quruq qolishganday, koʻplar menga qovoq-tumshuq qilib yuribdi…

Farida opa sharaqlab kuldi.

– Vuy, shunga shunchami, men nima emish deb oʻylabman. Qoʻyavering, sizning yutuqlaringizdan ichlari yonib kul boʻlayotgandir-da…

– Menga biror yomonlik qilishadimi deb qoʻrqaman… toʻgʻrirogʻi… Zuhra uchun qoʻrqaman.

– Siz zarracha choʻchimang, – dedi Farida opa gʻayrat bilan harf terishga kirisharkan, – birovga choh qazigan, oʻsha chohga oʻzi qulaydi. Mana, koʻrasiz.

– Rahmat opa, koʻnglimni koʻtarganingiz uchun.

 

9

 

Oʻsha yili qish qattiq keldi. Oʻtgan yili zigʻircha yoqqan qor ham bir kunda erib, quyosh charaqlab ketavergandi. Bu qishda pagʻa-pagʻa qor yogʻdi-yu, ora-sira oftob moʻralab qolsayam, tarnovdan bir tomchi suv tushmadi. Daraxtlarning karaxt novdasidagi oppoq qorli poʻstin yana sadafrang momiq bilan qoplandi.

Hasan tahririyatga borayotib yoʻl chetidagi daraxtlarga tikildi:

“Mana bu chinor, anovi sada qayragʻoch uning bolaligida nihol edi. Bugun odam quchogʻiga zoʻrgʻa sigʻadigan ulkan daraxtlarga aylanishibdi. Yillar tez oʻtayapti. Bular ham tirik jonlar, bir-birlari bilan ahil aka-ukalardek tizilishgan. Aslidayam nega shunday boʻlmasin? Daraxt ham tiriklikning bir turi-ku! Odamlar Yerdagi yagona ongli hayot biz, deb oʻylashadi. Balki daraxtlar ham shundaydir? Ular ham oʻz tashvishlari bilan u yoqdan-bu yoqqa yelib-yugurayotgan odamlar ustidan, bular muncha besabr, deya kulishar?..”

U muzlamada qattiq-qattiq qadam tashlab tahririyatga yetib keldi. Sovuqning zoʻridan qoʻliga yopishayotgan eshik tutqichini ushlab, oʻzining xayolparastligidan kuldi. Xonasiga kirar-kirmas Yodgora opa bosh muharrir chaqirayotganini aytib ketdi.

Hasan vaqt oʻtgan sayin Shavqiddin Xoʻjayevning feʼliga tushuna boshlagandi. Uning botinida ikki toifadagi odam yashardi. Biri – hamma qatori yeb-ichadigan, gazeta uchun yozib-chizadigan oddiy bir inson boʻlsa, ikkinchisi – sershubha rahbar. Keyingi paytda jamoani tez-tez algʻov-dalgʻov qilib turadigan koʻngilsizliklarda Qurbon Qoraning “qoʻli borligi”ni hamma bilardi. U birni mingga qoʻshib Shavqiddin Xoʻjayevga yetkazadi. Bu koʻpchilik xodimlarning asabini buza boshladi.

Hasan kirganida Shavqiddin Xoʻjayev stolidagi bir toʻp qogʻozni varaqlab oʻtirardi.

– Keling, uka? – dedi sovuqqina qilib. – Nima gap?

– Ishlayapman.

– Ishlamang, yoning! – U Hasanga sinovchan tikildi. – Jurnalist yonishi kerak! Shunchaki ishlasa boʻlmaydi! Markaziy gazetalarni oʻqiyapsizmi?

– Ha.

– Mana bu maqolani nihoyatda diqqat bilan, sinchiklab oʻqing! – U ichki sahifasi ochilgan gazetani uzatdi.

Hasan qiziqib gazetani oldi. Ikkinchi sahifadagi katta qora harflarda “MANMANLIK” deb yozilgan maqolaga koʻzi tushdi.

– Bu maqolani ham-ma oʻqisin! Bizning oramizdayam manmanlar yoʻq ema-as!

Shavqiddin Xoʻjayev, gap tamom, degandek stolida sochilib yotgan qogʻozlariga tikilib oldi. Hasanga bu gap oʻziga tekkizib aytilgandek tuyuldi. Birov ustidan sovuq suv quyib yuborgandek junjikib ketdi. “Bu odam nega hech tik gapirmaydi-ya? – deya oʻyladi gʻijinib. – Kim, oʻsha manman? Menmi?.. Qurbon Qora bir gap aytib kelgandir-da”.

Hasan bosh muharrirning oldidan asabi buzilib chiqdi. Qabulxonada Yodgora opa bir qarab qoʻydi-yu, indamadi. Gʻira-shira yoritilgan yoʻlakdan oʻtib, xonasiga kirdi. Qoʻlidagi gazetani stolga yozib, muk tushganicha “Manmanlik”ni oʻqiy boshladi. Bu maqola gazetaning salkam bir sahifasini egallagandi. Unda isteʼdodli, yosh olimning manmanlanib, nochor ahvolga tushib qolgani haqida yozilgandi. Oxiri fosiqlikka berilib, talaba qizning nomusiga tajovuz qiladi. Sudda aybiga iqror boʻlib, sharmandasi chiqadi.

Hasan maqolani oʻqib boʻlib, gazetani chetga surdi-da, oʻylanib qoldi: “Shavqiddin Xoʻjayev, bundaylar bizning oramizdayam bor, deb unga shama qilyaptimi? U nom chiqarish, shon-shuhrat haqida oʻylamaydi-ku?! Shavqiddin Xoʻjayevning botinida nima gap bor?”.

Xonaga Izzatilla aka kirdi.

– Ha, Hasanboy, – dedi labini choʻchchaytirib, – nega boʻshishib oʻtiribsiz? Sizni Shavqiddin akaning oldida, deyishgandi?

– Assalom alaykum, – Hasan oʻrnidan turdi.

– Vaalaykum. Oʻh-hoʻ-oʻ, siz ham “Manmanlik”ni oʻqiyapsizmi?

– Shavqiddin aka berdilar.

– Oʻqing-oʻqing, har xil mayda gaplarni koʻngilga olavermang-da, – Izzatilla aka bosh muharrirning xonasiga ishora qildi. – Biz ishlashimiz kerak. Hammasi oʻtkinchi, ijod qoladi, uka. Atrofimizda ne-ne ajoyib odamlar bor, har kuni bir ezgulik yaralyapti. Ana shular haqida yozaylik! Shaxsan men oʻz ishimdan zavqlanaman. Bilishimcha, siz ham shunday. Xullas, sizga topshiriq bor.

– Mayli.

– Faqat qishloq xoʻjaligi bilan oʻralashib qolmang, deyman-da. Qalamingiz ancha charxlandi. Hozir qish, boshqa sohalar bilan ham bemalol shugʻullanishingiz mumkin. Shifokorlar haqida yozganmisiz?

– Jiddiyroq narsa yozmaganman.

– Lekin men aytmoqchi boʻlgan odam haqida jiddiy yozish kerak. Oltinkoʻlga borib kelasiz. Bilasiz, Oltinkoʻl tumanimizdagi chekka qishloq. Qishloqda kasalxona bor. Tursunali Mamajonov degan yigit bosh shifokor boʻlib ishlaydi. Uni izlab boshqa viloyatlardan ham bemorlar kelishadi. Oʻzingiz bir oʻylab koʻring, qirlar oraligʻidagi qishloqda taniqli shifokor ishlaydi? Nega odamlar unga intilishadi? Sababi nimada? Doʻxtir koʻp-ku? Ana shuni ochib bering.

– Xoʻp, urinib koʻraman.

– Avval tibbiyotdagi yangiliklar bilan yaxshilab tanishing, suhbatga jiddiy tayyorlaning. Hali koʻrasiz, Mamajonov juda aqlli yigit.

Izzatilla aka shu gaplarni aytib, chiqib ketdi. Hasan Shavqiddin Xoʻjayev bilan boʻlgan koʻngil xiralikni biroz unutgandek boʻldi. Endi ustozining topshirigʻi haqida oʻylay boshladi. Oʻziyam anchadan beri birorta shifokor haqida portret ocherk yozishni rejalashtirib yurgandi. Bu taklif ayni muddao boʻldi.

U yon daftarini paltosining qoʻyin choʻntagiga solib, tahririyatdan chiqdi. Oltinkoʻlga tuman markazining shohbekatidan avtobus qatnardi. Bekatga yetganida zargʻaldoq rangli “PAZik” endi joyidan jilayotgandi. Toʻxtatib, chiqib oldi. Yer muzlama edi, haydovchi avtobusning tezligini oshirmadi.

Qishloqqa salkam bir soatlarda yetib kelishdi. Oltinkoʻldagi uylar togʻli qishloqdagiga oʻxshab baland-past qirliklarga sochilgan. Qirlar oʻrtasidagi suvi jimirlab kumushdek tovlanayotgan koʻl kishi eʼtiborini tortadi. Hasan avtobus oynasidan oppoq qor qoplagan sohilni tomosha qilib bordi. Koʻlning qirgʻoqlarini qoplagan qorli koʻrpadan qurib sargʻaygan qamishlar chiqib turardi. Odamlarning aytishlaricha, bu koʻl yer ostidan daryo bilan tutashgan emish.

Hasan daraxtlar qurshovidagi maktab binosida avtobusdan tushib qoldi. Kasalxona mana shu maktabning ortida edi.

Kasalxonaga kirib kelganida bosh shifokor xonasida ekan. Bu xona doʻxtirlarning oddiy qabulxonasidan hech narsasi bilan farq qilmasdi. Jihozlari – stol, bir nechta stul, kushetkadan iborat, oddiygina. Toʻrdagi stolda oq xalat kiygan Tursunali Mamajonov oʻtirardi. Ellik yoshlardagi doʻxtirning soqoli qirtishlab olingan, chehrasida xotirjam bir ifoda. Koʻrinishidan ozoda, batartib insonligi sezilib turibdi. Hasan qoʻlini koʻksiga qoʻyib salom berdi. Doʻxtir alik olib, oʻtirishga taklif qildi

– Harbiyda boʻlganmisiz? – dedi ichidagini oʻqib olmoqchidek tikilib.

– Ha… Qanday bildingiz?

– Qadam tashlashingizdan. Harbiyda boʻlgan yigitlar oyoqlarini koʻtarib bosishadi.

“Sinchkov ekan”, deya oʻyladi Hasan. Biroq buni oʻziga aytmadi.

– Gazetadanman, – deb qoʻya qoldi.

– Kasalxonamiz haqida yozmoqchimisiz?

– Siz haqingizda yozmoqchiman… Tursunali aka, qoʻli yengil shifokorsiz, – gapni ulab ketdi Hasan. – Bemorlar sizni uzoq yerlardan ham izlab kelisharkan?

– Bu mening alohida qobiliyatim bor, degani emas, uka, – u yoqimli jilmaydi.  – Hamma shifokorlar ham odamlarni davolashyapti.

– Shundayku-ya…

– Shifokorning obroʻsi ishiga munosabatida. Aslida hamma kasblardayam shunday. Tibbiyot oliygohini bitirganimda shu tumanga ishga yoʻllashdi. Sogʻliqni saqlash boʻlimidagilar Oltinkoʻl ambulatoriyasiga tayinlashgandi. Yillar oʻtib qishloq odamlariga oʻrganib qoldim, shuning uchun bu yerdan ketolmadim. Sekin-asta ambulatoriyani tuman kasalxonasining boʻlimiga, keyinchalik shifoxonaga aylantirdik. Shifokorlarimiz, hamshiralar bemorlarga eʼtiborli. Eng katta yutugʻimiz mana shu, aslida.

Tursunali Mamajonovning koʻzlari kishiga mehribonlik bilan boqardi. Bu qarashlarda qatʼiyat, oʻziga ishonch bor edi.

– Boʻlimlarni aylanib koʻrasizmi? – dedi u jiddiylashib.

– Mayli.

Shu payt eshik ochilib, qishloqcha kiyingan; yashil choponli, katta guldor roʻmolga oʻranib olgan jikkakkina kampir kirib keldi. Uning qoʻlida kichik tuguncha bor edi. Ozgʻin yuzini taram-taram ajin qoplagan, qiyofasidan yoshini aniqlab boʻlmasdi. U Tursunali Mamajonovga qarab nimadir degandek lablarini sassiz qimirlatdi. Bir soʻz demasdan, tugunini stolga qoʻydi. Tursunali Mamajonov oʻrnidan turib, “rahmat”, dedi. Kampir qanday kirgan boʻlsa, shunday, ovoz chiqarmasdan yurib chiqib ketdi.

Doktor tugunni bir chetga olib qoʻyib, Hasanga qaradi. Hasan kampir haqida soʻrashdan istihola qildi. Tursunali Mamajonov ham buni tushuntirib oʻtirmadi. Ular shifoxonani aylanish uchun birgalashib xonadan chiqishdi.

Kasalxona hovlisi oppoq qor bilan qoplangandi. Quyoshning nimjon, tillarang nurlari bu qorli koʻrpaga avaylab tirmashar, ammo kun sovuq boʻlgani uchun qor zigʻirdak ham erimayotgandi. Ular yoʻlkadan qarshilaridagi bir qavatli bino tomonga yurishdi. “Terapiya boʻlimi” deb yozilgan qoʻsh tavaqali eshikdan ichkariga kirishdi.

Boʻlim yoʻlagi issiq edi. Tursunali Mamajonov chap tarafdagi 1-palataning eshigini ochdi. Ular oldinma-keyin xonaga kirishdi. Ichkarida toʻrtta bemor yotardi. Doktor tik turganicha ular bilan alohida-alohida soʻrashib chiqdi. Shoshilmasdan har birlaridan navbat bilan davolash natijalarini surishtirdi. Hasan uning harakatlarini diqqat bilan kuzatib turdi. Oʻrinlarda yotgan turli yoshdagi erkaklar doʻxtirlari bilan zoriqib kutgan odamini topib olgan boladek berilib suhbatlashishdi.

Keyingi xonaga kirganlarida bir bemorning oldida uzoqroq ushlanib qolishdi. Ellik yoshlardagi bu odamning soqoli olinmagan, kayfiyati yoʻqligi yuz-koʻzidan ham bilinib turardi.

– Doʻxtir, tuzalamanmi? – dedi u hazin ovozda.

– Albatta! Hamma koʻrsatkichlaringiz yaxshi tomonga oʻzgaryapti, – dedi qon bosimini oʻlchayotgan Tursunali Mamajonov. – Asabni buzmang. Maslahatlarim esingizdami?

– Esimda, doʻxtir.

– Unda, kelishdik. Bu yerdan sogʻlom boʻlib chiqasiz! Chekmayapsizmi?

– Chekmayapman, doʻxtir.

– Kasalxonadan chiqqaningizdan keyin ham chekmasangiz bemalol yuz yil yashaysiz.

Birdan bemorning chehrasi ochilib, jilmaydi.

Tursunali Mamajonov oʻrnidan turdi. Hasan doʻxtirning bir ogʻiz soʻzi bemorga chaqmoqdek tasir qilib, bir zumda kayfiyatini koʻtarib yuborganidan hayron edi. Axir, aytarli hech narsa demadi-ku?

– Bu kishining kasali nima? – deb soʻradi yoʻlakka chiqishganda.

– Xafaqonlik, gipertoniya.

– Koʻnglini ancha koʻtardingiz.

– Bemorim oʻzini menga yaqin olsa xotirjam boʻlaman. Xasta odam yosh boladek taʼsirchan-da. Unga mehr, eʼtibor kerak, aldab boʻlmaydi. Har bir bemorning oʻzi alohida olam. Shifokor tayyor qolip bilan ishlasa yaxshi natijaga erisholmaydi.

…Hasan Oltinkoʻldan qaytayotib, koʻrgan-eshitganlarini kino tasmasidek xayolidan bir-bir oʻtkazdi. Yozmoqchi boʻlgan ocherki qad rostlayotgan binodek tasavvurida satrma-satr tiklana boshladi. Bir qaraganda Tursunali Mamajonovda hech qanday gʻayrioddiylik yoʻq. Lekin odamlar chanqagan sahroyi suvga intilganidek unga talpinishadi. Koʻzlaridan nur yogʻilib turadi uning… Ocherkda mana shularni koʻrsatishi kerak!

Tahririyatga yetib kelganida Izzatilla aka ketishga shaylanib turgan ekan.

– Xoʻsh, Hasanboy, taassurotlar zoʻrmi? – dedi qayta joyiga oʻtirib.

– Oddiy kasalxona, hamma qatori shifokor, – Hasan beixtiyor Tursunali Mamajonovning gaplarini takrorlay boshladi. – Lekin…

– Ana shu “lekin”ini ayting-chi? – Izzatilla aka labini choʻchchaytirib unga tikilib oldi.

Hasan qoʻyin choʻntagidan jigarrang muqovali yon daftarini chiqardi-yu, ochmadi. Koʻrgan-eshitganlari xotirasiga muhrlanib qolgandi. Oltinkoʻl qishlogʻi, gʻaroyib koʻl, Tursunali Mamajonov bilan tanishgani, kasalxonani aylanganlarini batafsil gapirib berdi.

– Qishloq siz koʻrgan koʻlning nomi bilan ataladi, – dedi Izzatilla aka.

– Shunday.

– Koʻlga suv quyilmasligi, oqib ham chiqmasligini eshitgandirsiz?

– Ha, bu koʻl yerosti suvlari bilan tutashgan, deyishdi.

– Shunday boʻlishi mumkin. Qirlar oʻrtasida sirli koʻl! Birgina shuning oʻzi hayajonga soladi kishini. Men Oqchashma odamlari haqida yozganimda aynan ana shu manzarani tasvirlashdan boshlagan boʻlardim. Oʻzingiz gʻayrioddiylikni koʻra olsangiz boshqalarni ham hayratga solasiz, toʻgʻrimi?

– Bu haqda oʻylab koʻrmabman.

– Oʻqirmanni ortingizdan ergashtiring. Uni qishloqning joʻshqin hayotiga olib kirsangiz – mana shu eng katta yutugʻingingiz boʻladi. Shaharlik shifokorning qishloqda qolishi sababini ham ochib berish kerak. Darvoqe, tugunda ovqat qoʻyib ketgan kampir haqida surishtirdingizmi?

– Yoʻq, noqulay deb oʻyladim, eʼtibor bermabman.

– Eʼtibor bering-da! – Izzatilla aka afsus bilan boshini chayqadi. – Men oltinkoʻlliklardan eshitganman: siz koʻrgan oʻsha kampirni bir paytlar Tursunali Mamajonov oʻlimdan saqlab qolgan. Oʻn sakkiz yildan buyon har kuni doʻxtirga bir kosadan ovqat olib kelarkan. Uni oʻgʻlim degan.

Hasan Izzatilla akaning tumanni yaxshi bilishiga koʻp marta tan bergandi. Uning Tursunali Mamajonov haqidagi gaplari ham oʻylantirib qoʻydi: “Darhaqiqat, jurnalist qahramonini botinan tushunishi kerak. Aks holda, jonli qilib tasvirlay olmaydi. Shifokordagi fidoyilikning oʻzagi nimada?” U xayolida jonlanayotgan voqealarni bir ipga tizishga urinardi. Beixtiyor bosh muharrir bilan boʻlgan noxush suhbatni esladi. “Nega odamlar turlicha? Lekin aslida Tursunali Mamajonovga oʻxshagan odamlar dunyoni tutib turishibdi”.

 

10

 

Yana bahor keldi. Qish boʻyi oppoq qorli koʻrpa ostida uxlab yotgan qirlar yashil maysa bilan qoplandi. Tund odamning yuzidek qovoq uygan osmon yorishdi. Quyoshning iliq nurlari zaminni ilitib, ona oʻz farzandini suygandek qor suvlarini shimib koʻpchigan tuproqni erkalay boshladi. Ufqqa tutashgan mudroq paxta paykallari traktor dvigatellarining hayqirigʻidan uygʻonib ketdi. Uvatlarda ketmon koʻtargan odamlar koʻrinib qolishdi. Hasan gazetaning qishloq xoʻjalik boʻlimida ishlagani uchun shu kunlarda chigit ekish, gʻoʻza qator oralariga ishlov berish, oziqlantirish kabi dala ishlarini yoritishdan boʻshamadi.

Zuhra homiladorlik taʼtiliga chiqdi. Er-xotin oʻzlarini yangi olamga tushib qolgandek his qilishardi. Ular birinchi farzandni kutishning shirin hayajoni ogʻushida edilar. Har kuni yangi reja tuzishadi, tunlari kun sanab chiqishadi. Doʻxtirlar belgilagan muddat yaqinlashib qolgandi. Shunday kunlarning birida Hasanni qattiq iztirobga solgan voqea sodir boʻldi.

Oʻsha kuni tahririyatda gazetaning yangi soni sahifalanayotgandi. Hasan navbatchi edi. Bunday kunlarda hamma xodimlar soqchi askarlardek hushyor ishladi. Tayyor sahifani avval musahhih, keyin oʻzi oʻqib, xatolarini tuzatishdi. Izzatilla aka navbatdagi sahifani bosh muharrirga koʻrsatib chiqdi-da, uning qoʻliga tutqazdi. Ular Rahmonali bilan oʻqishga kirishishdi.

Rahmonali – tahririyatning yangi musahhihi. Yoshi yigirmaga ham toʻlmagan. Past boʻy, oq yuz, koʻzlari kulib turadigan bu yigit ishga kelgan kunidan Hasan bilan aka-ukadek boʻlib oldi. Hozir ham uning xonasida eshilib, yayrab oʻtiribdi. Oʻqishi kerak boʻlgan sahifa qolib, gapga tushib ketdi:

– Hasan aka, siz navbatchi boʻlsangiz bizga ish qolmaydi, – dedi kulib.

– “Laylaklar dalasida”ni yaxshilab oʻqing. Imzoni koʻrdingizmi? – qovogʻini uydi Hasan.

– Koʻrdim, “shef”niki ekan, xato ketsa – tamommiz! – Rahmonali qoʻlini “pichoq” qilib boʻynini “kesib” koʻrsatdi.

– Shunaqa, oʻqing!

Uchinchi sahifadagi “Laylaklar dalasida” maqolasini Shavqiddin Xoʻjayev yozgandi. Tuman markaziga tutash bu dalani Hasan bolaligidan yaxshi biladi. Oʻrtasidan magistral elektr tarmoqlari “kesib” oʻtgan. Yuqori kuchlanishli simlarni osmonoʻpar temir tayanchlar tutib turadi. Bu simyogʻochlar Oqchashma qishlogʻigacha choʻzilib boradi. Undan narisiga qirlar oralab, koʻzga koʻrinmas elektr quvvatini uzoq-uzoqlarga olib ketadi. Temir tayanchlarning parqu bulutlarga tutashgan uchlariga laylaklar uya qurishgan. Inlardagi koʻksini shamolga tutgan magʻrur qushlar kishining zavqini oshiradi. Bir paytlar bu manzarani Zuhra bilan ham zavqlanib-zavqlanib tomosha qilishgan. Oʻshanda laylaklar baxt keltiradigan qushlar ekanligi haqida gaplashishgani ham esida…

Hasan oʻqib boʻlgan sahifasini darhol bosmaxonaga olib tushdi. “Begonalar kirmasin!” deb yozilgan temir eshikdan chop etish boʻlimiga oʻtdi. Bu yerda yuz yil avvalgi, qogʻoz qoʻlda uzatiladigan “tigel” mexanik dastgohi, zamonaviy “Dominant” dastgohlari ham bor.

Mahobatli “Dominant” atrofida Sardor kuymalanib yurardi. Bir qoʻlida yogʻ idishi, ikkinchisida qoramoy yuqli latta. Hasan yoʻl-yoʻlakay Sardor bilan salomlashib, gazeta sahifalanayotgan xonaga kirdi. Bu yerda Qurbon Qorani koʻrib ajablandi. U eshikka teskari turganicha bigiz bilan qoʻrgʻoshin literalarni titkilardi. Hasan kirganini sezmadi.

– Bu yerda nima qilyapsiz? – dedi Hasan tuyqusdan.

Qurbon Qora yalt etib ortiga oʻgirildi, Hasanni koʻrib rangi oʻchdi. U qoʻlidagi literalarni almashtiradigan bigizni yashirishga behuda urinardi:

– Bekor edim, gazeta sahifalashniyam oʻrganib qoʻyay, dedim-da. Nima, mumkinamasmi?

Hasan indamadi. Oʻqilgan sahifani qoldirib, chiqib ketdi. Bu paytda gazetaning uchta sahifasi tayyor boʻlgandi. Toʻrtinchi betda xato koʻp ekan, ish ancha choʻzilib ketdi.

– Hasan aka, faqat siz erinmasdan ishlaysiz! Har bitta vergulni ham toʻgʻrilayverasiz, – nolidi Rahmonali.

Hasan “jim” degandek oʻqrayib qaradi-yu, indamadi. Sahifani yana bir qur koʻzdan kechirdi, hoshiyasiga “Bosishga ruxsat!” deb yozib, imzo qoʻydi. Shundan keyin tahririyat xodimlari uy-uylariga tarqalishdi.

 

* * *

 

Ertasi kuni Hasan odatdagidek barvaqt ishga keldi. Xonasiga kirib, derazani ochdi. Dimogʻiga gul-chechak isli bahor havosi keldi. Ish stoliga oʻtirib, bir zumda qogʻozlariga shoʻngʻib ketdi. Eshik qiya ochiq qolgandi. Bir-birlari bilan salomlashib, xonalariga tarqalishayotgan xodimlarning qadam tovushlari eshitildi. Yoʻlakdan Izzatilla akaning ovozi kelganda oʻrnidan turib, uning xonasiga chiqdi.

– Qalaysiz, Hasanboy? – dedi Izzatilla aka labini choʻchchaytirib. – Yangilik bormi, deyman, bugun juda bardamsiz?

Hasan ustozining maʼnoli savolini tushundi. U Hasan bilan Zuhraning farzand kutishayotganini bilardi.

– Hali vaqt bor, – dedi jilmayib.

Biroz oʻtib Izzatilla akaning oldidan chiqdi. Nimqorongʻi yoʻlakda Qurbon Qoraga urilib ketishiga bir bahya qoldi. U qabulxona tomonga yugurgilab ketayotgandi. “E-e-e!” deganicha toʻxtab, qoʻlini uzatdi-da, yov quvgandek shoshilib oʻtib ketdi. “Yana nimani boshlayapti bu, – deya oʻyladi Hasan. – Oyogʻi kuygan tovuqdek tipirchilab qolibdi!”.

U oʻzining xonasiga kirib, derazani yopdi. Telefonlar roʻyxati boʻyicha tashkilotlarga qoʻngʻiroq qila boshladi. Anchagina xabarlarni yigʻib, “Tuman yangiliklari” rukniga axborot tayyorladi. Yana telefon goʻshagiga qoʻlini uzatganida eshik taraqlab ochildi. Xonaga hovliqib Rahmonali otilib kirdi. Rangi quv oʻchgan, Hasanga uzatgan qoʻli bilinar-bilinmas titrardi. Yetti chaqirim yerdan halloslab yugurib kelgandek ogʻzini kappa-kappa ochdi-yu, hech narsa deyolmadi. Hasan hayron boʻlib oʻrnidan turdi. Nihoyat, Rahmonali yutinib olib, tilga kirdi:

– Hasan aka! Xato ketibdi! – dedi koʻzini ola-kula qilib.

– Qanday xato? – Hasanning nigohi Rahmonalining qoʻlidagi gazetaga qadaldi.

– Mana… shu… – dedi u yigʻlamoqdan beri boʻlib.

Hasan gazetani olib, stolga qoʻydi. Rahmonali undan koʻzini uzmay, titroq qoʻllari bilan gazetani ochdi. Uchinchi betdagi “Laylaklar dalasida” maqolasiga, yashirmoqchi boʻlgandek, shap etkazib kaftini qoʻydi. Beixtiyoriy bu harakatni shunday bir umidsizlik bilan qildiki, goʻyo kafti ostida bomba bor-u, koʻtarsa portlab ketadigandek. Hasan Rahmonalining qoʻlini chetga surdi. Maqolaga koʻzi tushib, uning ham rangi oʻzgardi. Sahifadagi teskari satrlarni koʻrib, koʻzlari jimirlashib ketdi.

Gazetani oddiy odamlar yaratishadi, farishtalar emas. Baʼzan birorta soʻzda xato oʻtadi yoki bezaklar joyiga tushmay qolishi mumkin. U avvaliga shunday deb oʻylagandi. Chunki, navbatchiligida sahifalarni diqqat bilan oʻqigan, xato yoʻqligiga ishonchi komil edi. Lekin ne koʻz bilan koʻrsinki, “Laylaklar dalasida” maqolasining birinchi ustunidagi ikki satr teskari turibdi! Uchinchi, toʻrtinchi ustunlardagi uchta satrda ham ahvol shu!

– Boʻlishi mumkinamas! – Hasanning rangi oʻchib ketdi. – Bu maqolani ikki marta oʻqiganman, birorta xato qolmagandi!

Gazetaga qayta-qayta tikildi: “Literalar sochilib ketganmi? Chop etuvchi sahifani dastgohga olayotganida ehtiyotsizlik qilganmi…” Hasanning xayolidan ming xil oʻy oʻtdi. Ertalabki xotirjamligidan asar ham qolmagandi. Oʻylanib turib, xayoliga kelgan birinchi gapni aytdi:

– Gazetani tarqatmaslik kerak!

– Tarqatib boʻlishibdi, – dedi Rahmonali boʻshashib.

– Sen qayoqdan bilding?!

– Qurbon Qora bosh muharrirning xonasidan chiqayotgan ekan, yoʻlakda menga doʻq urdi, oʻsha aytdi.

– Nega toʻxtatishmabdi?! Avval Shavqiddin aka oʻqirdi-ku?!

Rahmonali yelkasini qisdi. U hali gazeta ishining nozik tomonlarini tushunmasdi. Biroq bu xatolar katta mojaro boʻlishini sezib, jim turardi. Gazetani allaqachon tarqatib yuborishgan, falokatning na oldini olib, na toʻxtatib boʻladi. Hasan bosh muharrirning sovuq nigohini tasavvur qildi-yu, eti junjikdi. “Shavqiddin Xoʻjayevning unga munosabati shundoq ham yaxshi emas. Endi ogʻrimagan boshiga qanday gʻavgʻolar yogʻiladi?..” U derazadan koʻchaga tikilib, shular haqida oʻylardi.

Tashqarida soʻlim bahor edi. Quyosh saxiylik bilan iliq nurlarini sochmoqda. May havosi butun olamni uygʻotgan. Ikkita qaldirgʻoch chirqillashib, birin-ketin binoning peshtoqiga uchib kirdi. Aslida, mana shu beozor qushchalarning tashvishlari oldida ularning bezovtaligi pista poʻchogʻichalik ham emas. Hozir jajji tumshuqlarida bir tomchidan loy tashib, ming azobda in qurishmoqda. Tuxum qoʻyib, polapon ochishadi. Uyalari, tuxumlari, keyinroq polaponlarini dushman qushlardan himoyalab, ming girdi baloga duch boʻlishadi. Bu tinimsiz mehnat, bu azob-uqubat – umr boʻyi, har yili takrorlanaveradi. Shundayam ularni yashash ishtiyoqi hech qachon tark etmaydi, musaffo osmonlarda parvoz qilib zavqlanishdan charchashmaydi. Azamat qushlar ekan-da, bu qaldirgʻochlar…

Inson zoti qiziq. Aslida osmon yerga qulab tushmadi-ku? Axir, Yer oʻz mehvarida aylanayotir. Hamma jonzotlar shu hayotda yashash zavqini surishmoqda…

Ayni paytda Hasanning xufton koʻngliga bunday mantiqli fikr yupanch boʻlolmasdi. U xona derazasidan koʻchaga tikilib, oʻtgan-ketganlarni befarq kuzatar, ishtibohlar iskanjasida sovuq toshdek qotib qolgandi. Kun kelib, oʻzining shu bugungi holatini xokisorlik bilan mushohada etishi, xotirjam kulib qoʻya qilishini bilganida edi…

– Rahmonali! – dedi ortiga oʻgirilib. – “Granka”lar, oʻqilgan sahifalarni olib kel!

Inidan adashgan qushdek tipirchilayotgan Rahmonali birdan tek qotdi. Yoʻlini topdingiz, degandek Hasanga minnatdorlik bilan qaradi-da, eshikni taraqlatib ochib, yeldek uchib chiqib ketdi.

Hasanning yuragi battar siqildi. Rahmonali kelavermagach, sabri chidamasdan oʻzi musahhih xonasiga chiqmoqchi boʻldi. Oyogʻiga tosh boylangandek ogʻir qadamlar bilan eshik tomonga yurdi. Shu payt eshik ochilib, roʻparasida Rahmonali paydo boʻldi.

– Hasan aka, hech narsa yoʻq! – dedi boʻshashib.

– Nima, yoʻq?! – Hasan oʻzini bosolmay baqirib yubordi.

– Grankalar, oʻqilgan sahifalar – hammasi yoʻq! Bir tutam qilib oʻrab, gazeta sonini yozib, javonga qoʻygandim, – mingʻirladi Rahmonali.

– Xoʻ-oʻp?

– Hozir borsam, yoʻ-oʻq! Hamma oʻramlarni avra-astar qilib tashladim, shu son yoʻq! – U qoʻllarini ikki tomonga yoydi. – Tushunmay qoldim.

Hasan qoʻlini siltab, xonadan chiqib ketdi. U hozirgi ahvolida na tanasini his qilar, na tuzukroq fikrlay olardi. Boshi garang boʻlib qolgan, nima qilishini bilmay qiynalardi. Soʻnggi ilinji – bosmaxonadagi, oʻzi imzo chekkan gazeta nusxasida edi.

Yuragi xapriqib, shoshib bosmaxonaga tushdi. Oʻsha ilinj bilan chop etish boʻlimiga kirdi. “Dominant” shovqin solib ishlardi. Sardor dastgohni diqqat bilan kuzatib turibdi. U Hasanning hovliqib kirganini koʻrdi. Avval ajablanib biroz qarab turdi-da, ishini toʻxtatdi.

– Nima gap, tinchlikmi? – soʻradi dastgoh zinasidan tushayotib.

– Kechagi, imzo chekilgan nusxa qani? – dedi Hasan salomlashishni ham unutib.

– Shu yerda boʻlishi kerak. Kecha yangi kelgan yigitlar ishlashgandi.

U qurdoshini hech qachon bunday ahvolda koʻrmagandi. Hasanning rangi oʻchgan, ogʻzidan chiqayotgan soʻzlarni tez talaffuz qilganidan tushunib boʻlmasdi. Sardor jiddiygina noxushlik yuz berganini sezdi. Hayron boʻlib, doimgi hazil-huzil gaplarini ichiga yutdi. Dastgoh yonidagi temir stol tortmasidan hoshiyalariga qoramoyli barmoq izlari tushgan gazetani olib berdi. Hasan pala-partish harakatlar bilan shoshib gazetani ochdi. Uchinchi sahifadagi “Laylaklar dalasida”ga koʻzi tushib, boʻshashib ketdi. Maqolada teskari satrlar yarq etib koʻzga tashlanib turardi. Soʻnggi umidi ham puchga chiqqandi: “Bu qanaqasi? Kimning ishi?!”. U yonida turgan Sardorni ham unutib yuborgandek edi. Bosmaxona hovlisiga qaragan derazaga xayolchan tikilib shamdek qotib qolgandi.

Hasan biroz shunday turdi-da, diqqatini jamlab, kechagi kunni bir-bir koʻz oldiga keltirdi: “Avval – ikkinchi, uchinchi, keyin – birinchi sahifani oʻqidi. Birorta xato qolmagandi. Toʻrtinchi sahifani bosmaxonaga oʻzi olib tushdi. U yerda… Qurbon Qora turgandi. Ha-ha, Qurbon Qora! Nega?! Uning qoʻlida sahifalovchi ishchining bigizi bor edi! Nega bigiz?… Axir, bu bigiz bilan “litera” – qoʻrgʻoshin satrlar almashtiriladi-ku?.. Nahotki Qurbon Qora? Nega?! Unga nima yomonlik qildi? Nega bu yigitning yuragida faqat yomonlik yashaydi? Hasan fitnachilik, firibgarlikdan, birovning haqiga xiyonat qilishdan doim hazar qilgan. Axir, inson poklikka intiladi. Qurbon Qoraga bu tuygʻular shunchalar begonami?”

Hasan oʻqigan sahifalarida xatolar yoʻqligiga ishongandi. Hozir esa chop etilgan gazetani varaqlamasdan imzo qoʻyganini eslab, alamdan ingrab yubordi. Endi ana shu xatosi uchun oʻzini oʻzi laʼnatlardi. Qoʻlidagi gazetani Sardorga qaytarib berdi-da, galdiraklab, indamay chiqib keta boshladi. Sardor uning ortidan biroz tikilib turib, gazetani stol tortmasiga soldi. Boshini chayqab, u ham dastgohi tomonga yurdi.

Hasan oʻsha ahvolda ikkinchi qavatga chiqib, xonasiga kirdi. Maqsadsiz u yoqdan bu yoqqa yura boshladi. Tor xona yanayam torayib ketgandek tuyuldi. Shu payt eshik ochilib, Yodgora opaning boshi koʻrindi:

– Hamma yigʻilishga! – dedi-yu, eshikni ohista yopdi.

Yodgora opa har safar ichkariga kirar, “Hasan, yigʻilishga chiqing!” derdi dona-dona qilib. Keyin atrofga bir qur nazar tashlab, farroshning ishini koʻzdan kechirardi. “Kechikmang, shunaqa”, deb chiqib ketardi. Bugun hamma oʻzini gʻalati tutmoqda. Bu holat butun uyni toʻpolon qilib yuboradigan soatning jiringlashidan oldingi xavotirli sukunatga oʻxshardi.

 

11

 

Hasan bosh muharrirning xonasiga boʻynidan zanjir boylangandek oyogʻini bazoʻr sudrab kirdi. “Endi nima boʻladi?” degan savol jizgʻanagini chiqarib, ich-etini kalamushdek kemirardi. Shu teskari turib qolgan qoʻrgʻoshin literalar tufayli magʻrur boshi egiladimi? Topgan obroʻsi bir pul boʻladimi? Tomchilab yiqqan obroʻsi paqirlab toʻkilsa-ya! Yozayotgan maqola, ocherklari nufuzli gazetalarda bosilib turgan boʻlsa… Shundoq ham Shavqiddin Xoʻjayev uni hushlamay yurgandi. Manmanlanib ketgan, deb oʻylaydi. Bunda Qurbon Qoraning “xizmat”i boʻlgani aniq. Modomiki shunday ekan, yigʻilishdan shafqat kutmasa ham boʻladi…

Shavqiddin Xoʻjayevning xonasida butun jamoa yigʻilib oʻtirardi. Hasan kirib kelganida hamma yalt etib unga qaradi. Soʻngra, askarlarga buyruq berilgandek, nigohlar zargʻaldoq rangli yaltiroq stolga qadaldi.

– Keling, Hasan, oʻtiring, – Izzatilla aka yonidagi boʻsh oʻrindiqni koʻrsatdi. Hasan himoya izlagandek ustoziga bir qarab oldi-da, sekin yoniga oʻtirdi.

Shavqiddin Xoʻjayev hammaga bir-bir befarq nazar tashlab chiqdi. Hasan uning bu holatiga ajablandi: gazetada shuncha xato ketadi-yu, u nega xotirjam?

Xodimlar jim edi. Umumiy yigʻilish deb kirib qolgan tahririyat haydovchisi Zokirjon yonidagilarga allanimalarni gapirib, oʻz-oʻzicha kulib oʻtiribdi. Uning hazilomuz gapiga hech kim eʼtibor bermadi. Shavqiddin Xoʻjayevning ovozi eshitilganda u ham jim boʻldi. Bosh muharrir boshini yonboshga burib, kuchanib gap boshladi:

– Gazetamizda qoʻpol xatolar oʻtib ketdi! – u boshini sarak-sarak qildi. – Biz Hasan Aliyevga ishonardik… Bu qanaqasi?! Gap xatolar meni maqolamdaligidamas… Hamma koʻrdimi, gazetani? – Shavqiddin Xoʻjayev qoʻlidagi gazetani silkitdi.

– Koʻrdik, – dedi Izzatilla aka. – Xatolar qanday oʻtganini aniqlash kerak. Balki ayb bosmaxonadagilardadir? Tushunolmadim? – u yelkasini qisdi.

Shavqiddin Xoʻjayev bu gapni eshitmagandek davom etdi:

– Buni shunday qoldirolmaymiz! – U oʻrnidan turdi. – Bunaqa xatolar uchun xodim ishdan ketadi! Manmanlikning oqibati bu!

Hamma ertakdagi sehrlab qoʻyilgan odamlardekdek qotib oʻtirardi. Qurbon Qora bosh muharrirga muloyim termilib, uning aytganlarini tasdiqlab, boshini silkitdi. Yodgora opa “… xodim ishdan ketadi”, degan gapni eshitganida choʻchib tushdi, Hasanga onalarcha kuyinchaklik bilan achinib qaradi. Bu muhokamaga adashib kirib qolgan Zokirjon atrofga alangladi, yonidagi Rahmonalidan pichirlab nima gapligini soʻradi. U ham bir ogʻiz soʻz aytib, boshini majnuntoldek egib oldi.

Bosh muharrirning xulosasi Hasanga elektr toki urgandek taʼsir qildi. Eti jimirlashib ketdi. U har qanday jazoga tayyor edi, ammo Shavqiddin Xoʻjayevdan bunday keskin gapni kutmagandi. Aslida, gazetaning qoʻpol xatolar bilan tarqalishi kechirib boʻlmaydigan hol. Bunga, birinchi galda, shu songa navbatchi boʻlgan u aybdor. Bu koʻrinib turgan haqiqat. Lekin qanday qilib satrlar teskari boʻlib qoldi? Shuni oʻylayverib miyasi gʻovlab ketdi.

Yigʻilish juda sovuq oʻtdi. Bosh muharrir yana ancha-muncha taʼnayu dashnomlarni toʻkib tashladi. Aksariyat xodimlar muhokamaga qoʻshilmaslikni maʼqul koʻrishdi. Fikr bildirganlar “aniqlash kerak”dan nariga oʻtishmadi. Nihoyat, Qurbon Qora oʻrnidan turdi:

– Albatta, kechirib boʻlmaydi! – dedi u yuziga qaygʻuli tus berib. – Men yoshmanku-ya, lekin gazetamizning obroʻsi uchun…

Hasan uning qolgan gaplarini anglamadi. Miyasining gap yetib boradigan darchasi berkilib qolgandek edi. Rahbarning fikriga qarshi chiqishga hech kimning yuragi dov bermadi. Hasanni oqlaydigan birorta dalil yoʻq edi. Bosmaxonadagi chop etuvchilar yangi ishga kelganlardan ekan, ulardan ham maʼnili gap olish amrimahol. Rahmonali hali tajribasiz. Asosiy masʼuliyat Hasanning zimmasiga tushdi.

Yigʻilish qatnashchilari “hukm”ni kutayotgan qaltis bir paytda Zokirjon soʻz soʻrab qoldi. Hamma hayron boʻlib unga qaradi. Haydovchi qoʻllarini bir-biriga qovushtirib, biroz qizarib-boʻzarib turdi-da:

– Hasan aka doim gazetaga jon kuydirgan, – dedi hayajonning zoʻridan ovozi titrab. – Bu-u… qanaqasi?! Hamma bir boʻlib bitta odamni ezsa, a?!

Yaltiratib sirlangan stoldagi oʻzining soyasiga homush tikilib oʻtirganlar hushyor tortishdi. “Rost-da-a” degan maʼno bor edi Yodgora opaning munis qarashlarida. “Haq gap” derdi muharrir oʻrinbosari Abdulla akaning aql-zakovat yogʻilib turgan nigohi. “Bunday xato oʻz-oʻzidan oʻtmaydi”, demoqchi boʻlardi labini choʻchchaytirib olgan Izzatilla Ibrohimov. Boʻlim mudiri Hamida opa befarq, Qurbon Qora bu oddiy haydovchining tili oʻtkirligidan hayratlanib boʻzraydi.

Shavqiddin Xoʻjayev oʻzini Zokirjonning gaplarini eshitmaganga oldi. Xonaga yana yurakni siqib yuboradigan sukunat choʻkdi. Zokirjon savoliga javob izlab hammaga bir-bir qarab chiqdi. Soʻngra haykaldek qotib oʻtirgan sheriklariga qoʻlini siltadi-da, ruxsat ham soʻramasdan chiqib ketdi. Xonada pashsha uchsa eshitiladigan jimjitlik hukm surardi.

Vaziyatni yana bosh muharrir qoʻlga oldi. Koʻpchilik tezroq tugashini kutayotgan yigʻilishning boshlovchisi-yu, yakunlovchisi ham Shavqiddin Xoʻjayevning oʻzi boʻldi.

– Xoʻsh, gapingiz bormi? – U Hasanga noxush nazar tashladi.

Xatolar muhokama qilinganida, odatda, oʻqilgan sahifalar diqqat bilan koʻrib chiqib, ayb kimdaligi aniqlanardi. Hasan buni aytolmadi. Rahmonalining javonidagi oʻqilgan sahifalarning yoʻqolgani qoʻlini ipsiz bogʻlab qoʻygandi. “Aybingni yashirish uchun oʻzing yoʻqotgansan”, deyishlari mumkin edi. Shuning uchun javob topolmay qiynaldi.

– Bu xatolar qanday oʻtganini bilmayman, – deyoldi ilojsizlikdan.

– Qalamingiz bor, tanilib qolgansiz, – Shavqiddin Xoʻjayev qarz berayotgan odamdek tirishib, chaqib-chaqib oldi. – Lekin manmanlik har doim koʻngilsiz oqibatga olib boradi! Bunday xatolar uchun hech kim ayab oʻtirilmaydi, ertagayoq ishdan boʻshaga ariza yozib kiring. Masalani tinchgina hal qilganimiz maʼqul.

Hamma yalt etib Hasan Aliga qaradi. Barchaning koʻzida achinish, hamdardlik bor edi. Biroq hech biri bosh muharrirga qarshi biror nima deyishga botina olmadi.

– Aytmasangiz ham yozaman, – dedi Hasan Ali oʻrindan oʻychan turib. – Men baribir bunday jamoa ichida qololmayman.

U ildam yurib xonadan chiqib ketdi.

 

13

 

Zuhraning koʻzi yorish arafasi edi. Hasan darvozadan kirganida u keng-moʻl koʻylakda hovlida sekin gʻimirlab yurardi. Boʻshashib turgan erining rang-roʻyini koʻrib, hushi boshidan uchdi. Hasan xotiniga bir qaradi-yu, indamay uyga kirib ketdi. Zuhra ham uning ortidan kirdi. Hasan yotoqxonada kiyimlarini yechmasdan, oʻzini divanga tashlagan koʻyi shiftga tikilib yotib olgandi.

– Nima boʻldi?! – dedi Zuhra koʻzlarini katta-katta ochib.

– Gazetada xato oʻtibdi! Meni tinch qoʻy! – Hasan xotinidan alamini olmoqchidek zarda qildi.

Bu gapdan Zuhraning koʻziga gʻiltillab yosh keldi. Xotinining qappayib turgan qorniga qarab Hasan jim boʻlib qoldi. Zuhra eriga achinib ketdi. Biroz tikilib turdida, pichirlab soʻradi:

– Qanaqasiga?

– Shunaqasiga.

– Sizda sirayam unday boʻlmasdi?

– Bu gazeta-da…

– Endi nima boʻladi?

– Ishdan boʻshatishdi.

– Xafa boʻlmang, ishdan boʻshasa ham odamning rizqi tugab qolmaydi-ku, – deb Zuhra uning yelkasiga qoʻlini qoʻyib, silay boshladi. – Ikkovlashib bir amallab biror tirikchilik qilarmiz.

– Koʻnglim qoldi, – Hasan “uf” tortdi.

– Kimdan?

– Odamlardan.

Zuhra Hasanning gapiga hayron boʻlib, jimib qoldi. Hozir oʻzi yaxshi bilgan, beadoq sevgisiga sazovor boʻlgan yigit hamma qatori odam ekanligi, uning ham koʻngli borligi, erkak kishi toshdek mustahkam, baʼzan esa tortilgan tordek taʼsirchan boʻlishi mumkinligini tushundi. Uning Oqchashma fermasida birinchi uchrashganlarida, “Yigitlarda qalb yoʻq deb oʻylaysizmi?” deganini esladi.

– Hammadan koʻngil qolishi mumkinamas… Hamma bir xilamas, siz buni bilasiz, – Zuhraning ovozi eshitildi.

Hasan sergak tortdi. Zuhraning ikki qoʻlidan ushlab, koʻzlariga qaradi.

– Voy! – Zuhra birdan qoʻlini tortib oldi. Qornini changallaganicha divanga oʻtirdi.

Hasan sakrab oʻrnidan turib ketdi.

– Nima boʻldi?! – dedi koʻzlarini katta-katta ochib.

– Oyijonni chaqiring! – Zuhra ogʻriqning zoʻridan labini qonatib yuborgudek tishlab ingradi.

Hasan eshikka otildi. Hovliga chiqar-chiqmas bor ovozda “Oyi!”, deb baqirdi. Oshxonada kechki ovqatga unnayotgan Mastura opa ochiq derazadan boshini chiqardi:

– Ha, bolam, tinchlikmi?

– Zuhraning mazasi qochdi! – dedi Hasan hovliqib.

Mastura opa yugurgilab oshxonadan chiqdi. Hasan onasini ichkariga kiritib, oʻzi tashqarida qoldi. Ikki-uch daqiqa oʻtar-oʻtmas eshik ochilib, Mastura opa koʻrindi:

– Tez mashina topib kel, kasalxonaga olib boramiz!

Hasan shu zahoti oʻqdek otilib koʻchaga chiqib ketdi. Boyagi oʻychan, gʻamgin kayfiyatidan asar ham qolmadi. U bir daqiqada arslondek qudratli erkakka aylangandi.

Koʻchada birinchi duch kelgan mashinani toʻxtatib, uyga boshlab keldi. Darvoza taraqlab ochilganda Mastura opa hovliga chiqib, darvoza tomonga moʻraladi. Koʻchadagi mashinaga koʻzi tushib, uyga qaytib kirdi-da, allaqachon kiyinib shay boʻlib turgan kelinining qoʻltigʻidan ushlab ochiq darvoza tomonga yetakladi. Zuhra qaynonasiga suyanib ohista qadam tashlardi. Yoʻl-yoʻlakay atrofga alanglab, qator qilib ekilgan atirgullarga toʻyib olmoqchidek termilib bordi. Hovlini soʻlim bahorning ifori tutgan, yoʻlka chetlarini qoplagan yashil maysalar olamning yasharish, yangilanishidan darak berib turardi.

Mastura opa bilan Zuhra qizil “Jiguli”ning orqa oʻrindigʻiga, Hasan haydovchining yoniga oʻtirishdi. “Jiguli”ning egasi ellik yoshlardagi qotma kishi edi. Mastura opa rangi oʻchgan, behol Zuhrani yetaklab chiqqanidayoq gap nimadaligini fahmladi. Mashinani darhol oʻt oldirib, gaz tepkisini bosdi. U yoʻldagi oʻnqir-choʻnqirlarni aylanib oʻtar, mashinani mohirona boshqarardi. Hasan tepasidagi oynadan orqa oʻrindiqqa xavotir bilan qarab-qarab bordi. Zuhra koʻzini yumib olgan, labini qimtib jim oʻtiribdi. Har zamonda ogʻriqning zoʻridan ingrab qoʻyadi. Mastura opa nimadir deya pichirlab, uni yupatadi.

Oradan besh-olti daqiqa oʻtib-oʻtmay tuman kasalxonasiga yetib kelishdi. Mastura opa ihrab-sihrayotgan kelinini tugʻruq boʻlimiga yetaklab kirib ketdi. Biroz fursat oʻtib jiddiy qiyofada qaytib chiqdi:

– Xudo oq yoʻl bersin, eson-omon qutulib olsin, – dedi oʻgʻliga eshittirib.

Bezovtalanib u yoqdan, bu yoqqa yurayotgan Hasan toʻxtab, onasiga bir qarab oldi. Mastura opa hech narsa demasdan hovlidagi xarrak tomonga yurdi. Hasan yosh boladek unga ergashdi. Ona-bola shu yerda oʻtirib kuta boshlashdi. Birozdan keyin tugʻruqxonaning eshigi ochildi. Ichkaridan ixchamgina oq xalatli qiz yugurib chiqdi. Ular baravariga oʻrinlaridan turishdi.

– Ketmay turarkansizlar! – dedi qiz Hasanga tabassum bilan shoʻx bir qarash qilib.

U qanday chiqqan boʻlsa xuddi ana shunday chaqqon qadamlar bilan dikirlab ichkariga kirib ketdi. Ona-bola yana oʻtirgan joylariga qaytishdi. “Eson-omon koʻzi yorisin”, – dedi yana Mastura opa. Hasanga bu oʻtirishlari gʻalati tuyuldi. “Endi u ota boʻladi! Oʻgʻilmi yo qiz? Mayli, nima boʻlsayam, onasi aytgandek eson-omon qutulib olsin”. Labini qimtiyotgan jajji chaqaloqni koʻz oldiga keltirib hayajonlanib ketdi. Bu haqda oʻylashning oʻzi juda-juda yoqimli edi. “Hozir Zuhra qiynalayotgandir? Boya uning ahvolini koʻrib yuragi chiqib ketayozdi. Insonning dunyoga kelishi shunchalik qiyinmi?”

Oradan yana xavotirli yarim soat oʻtdi. Tugʻruqxona ostonasida boyagi shoʻx qiz paydo boʻlganida Hasan bilagidagi soatga qarab bezovtalanardi. Qiz nimagadir ikki qoʻlini koʻtarib kulib qoʻydi-da:

– Oʻgʻil! – dedi quvnoq ovozda.

– Voy, tilingga shakar! – Mastura opa chaqqon oʻrnidan turib uning oldiga bordi.

Hasan shamdek qotib qolgandi. Na yura oladi, na tiliga bir kalima soʻz keladi. Onasi qizning qoʻliga nimadir tutqazdi. U “rahmat” deb, Hasanga bir qur nazar tashladi-da, yugurgilab ichkariga kirib ketdi. Chamasi, “mamasha”ga “dadasining xuddi oʻzi” demoqchi boʻldi. Mastura opa kalovlanib turgan Hasanning oldiga qaytdi.

– Ota boʻlding, oʻgʻlim! Xudoyimga shukr! – dedi yelkasidan quchib, yuzidan oʻparkan. – Dadang, oʻgʻil boʻlsa ismini Samandar qoʻyamiz, degandi.

– Dadam nima desalar, shu-da, – jilmaydi Hasan.

Shu payt yana tugʻruqxonaning eshigi ochildi. Bu safar oʻrta yoshlardagi, loʻmbillagan, oppoqqina ayol chiqdi.

– Doyani chaqirtirgandim, – dedi Mastura opa ayolning istiqboliga shoshib.

Ular bir-ikki ogʻiz past ovozda gaplashishdi. Mastura opa bu doyaniyam imi-jimida rozi qildi. Ayol rahmat aytib, ichkariga kirib ketdi.

– Endi uyga boraylik, – dedi Hasanning oldiga qaytgan onasi. – Bir kosa mastava qilib beraman, obkelasan. Atalani ertaga ichadi, hozir koʻngli tortmaydi.

Ular yoʻl-yoʻlakay gaplashib piyoda uyga qaytishdi. Ayni paytda Hasan kundalik tashvishlarini butunlay unutib yuborgandi. Ichiga sigʻmayotgan quvonchini arang bosib borardi. Uyda Mastura opa eri bilan Hasanga oʻzi damlab ketgan oshdan suzib berdi. Ovqat ustida otasi qudalarga albatta xabar qilish kerakligi, Oqchashmaga ertalab borsa ham boʻlaverishini tayinladi. Mastura opaning mastavasi tayyor boʻlganda qorongʻi tushdi. Hasan ovqatni olib kasalxonaga ketdi. Tugʻruqxonada unga na Zuhrani, na chaqaloqni koʻrsatishdi. “Ertaga bemalol kelaveringlar, bugun oʻzimiz yaxshilab qaraymiz, ovqat ham, choy ham beramiz”, dedi oʻsha past boʻy, toʻladan kelgan oppoqqina doya.

Hasan uyga kelganida vaqt allamahal boʻlgandi. Tuni boʻyi yaxshi uxlolmasdan u yonboshidan bu yonboshiga agʻdarilib chiqdi. Xayolan yoʻrgaklangan jajji chaqaloqni qoʻliga olishini qayta-qayta tasavvur qilardi…

Saharlab tugʻruqxonaga bordi. Zuhra bilan ikkinchi qavatning derazasidan imo-ishora bilan gaplashishdi. Hasan shunday tushundiki, hech narsa kerakmas, chaqaloqning ham, oʻzining ham ahvoli yaxshi emish.

U kasalxonadan chiqdi-yu, darhol Oqchashmaga joʻnadi.

Qaynotasinikida uni endigina oʻn oltiga qadam qoʻygan qayinsinglisi Mohigul qarshi oldi.

– Jiyancha muborak, Mohi, – dedi Hasan ogʻzi qulogʻida jilmayib.

– Vuy-y! – chapak chalib yubordi Mohigul. – Opam yaxshimi?! Men hozir bo-ra-man! Yuring pochcha, bu yerda turmaylik, buvam uydalar, qolganlar ishda. Chaqaloqning daragini birinchi boʻlib mendan eshitsinlar, suyunchi olaman! Aytganday, ismi nima boʻldi?

– Samandar.

– Vuy-y, zoʻr-ku!

– Shunaqa.

Mohigul yana allanimalar deb bijillaganicha hovli toʻridagi uyga boshladi. Hasan har kelganida jihozlari koʻhna bu uyga kirar, Hoshim amaki bilan suhbatlashib koʻngli yozilib ketardi. Uyning ichkari xonasida oynavand kitob javoni bor. Kitoblar dorishunoslik, tibbiyotga oid, badiiy adabiyotlar alohida ajratib terilgan. Bir kuni Hoshim amakining qoʻlida Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar”ini koʻrgandi. Bugun ham kitob oʻqib oʻtirgan qariya kuyovini ochiq chehra bilan, oʻrnidan turib qarshi oldi.

– Buva! Chevaralik boʻlibsiz! – dedi Hasanning ortida tugmachadek boʻyini koʻrsatolmay, ichi qizib turgan Mohigul.

– Iya! Muborak boʻlsin!

– Oʻgʻi-il! – Mohigul chiyillab qichqirdi. – Ismi Samandar, buva!

– Oh-oh-oh, ismidan aylanay chevaraginamni! – Hoshim amaki Hasanni qaytadan quchoqlab oldi.

Xursandligidan yettinchi osmonda uchayotgan Mohigul choy damlab kirdi. Hoshim amaki bilan Hasan bir piyoladan choy ichishdi. Hasan bezovtalanib shoshilardi, turishga ijozat soʻradi. Hoshim amaki uning koʻzidan bir narsani uqib olmoqchidek sinovchan tikildi:

– Oʻgʻlim, toʻgʻri yurganga tashvish oʻtkinchi, xotirjamlik hamroh boʻladi. Men umr boʻyi noxushliklarni orqaga tashlab yashadim. Mana, endi nevara-chevaralarim bilan bagʻrim toʻlib oʻtiribman. Hayot daryoning toʻlqiniga oʻxshaydi, tashvishlarning ortidan yaxshi kunlar ham kelaveradi. Oʻtkinchi dilxiraliklarni deb oʻzingizni qiynamang.

Bu gaplar Hasanga elektr toki urgandek taʼsir qildi. Qariya botinini sahifasi ochiq kitobdek oʻqib olayotganga oʻxshadi. Kechagi xato voqeasi, boshi majnuntoldek egilib uyga kelgani, Zuhraga gapirganlarini eslab oʻz-oʻzidan xijolat boʻldi. Hoshim amaki qoʻlini fotihaga ochib, uzundan uzoq duo qildi. Soʻngra oʻrnidan turib, uyning toʻridagi taxmonga bordi. Koʻrpa qatidan avaylab bir narsani oldi. Ortiga oʻgirilganida qoqsuyak, serajin qoʻlida naqshinkor qinli pichoq yaltirab turardi. Hasanning oldiga kelib, pichoqni ikki qoʻllab unga uzatdi:

– Bu pichoq otamniki, chaqaloqning boshiga qoʻyinglar, bola yomon tush koʻrmaydi. Chevaramga katta bobosidan xotira boʻlsin.

Pichoqni olayotganida Hasanning yuragi bir qalqdi. Unga Hoshim amaki ajdodlaridan meros bebaho buyumini berayotgandi.

– Rahmat buva, aytganingizday qilaman, – dedi koʻzlari quvonchdan porlab.

U Hoshim amakining uyidan ruhida koʻtarinkilik bilan yaxshi kayfiyatda chiqib ketdi.

 

Oradan yillar oʻtib

 

Xotima oʻrnida

 

…Oʻgʻli Hasan Alini Boʻzsuv boʻyiga olib keldi. Endi uning chekka sochlari oqargan, moʻyloviga ham qirov qoʻngandek edi. Biroz toʻlishgan gavdasiga keksalik nuqsi urgan. Sinchkov boqishlari oʻsha-oʻsha. Shu damda u chuqur xayolga choʻmgandi.

– Sen oʻtira tur, – dedi mashinadan tushayotib Samandarga.

Oʻzi esa yoshlik xotiralariga ozor bermoqchimasdek ohista qadam tashlab toʻgʻridagi bir tup jiyda tomonga yurib ketdi.

Oʻsha yili tahririyatdan haydalgach, Hasan Ali bogʻdorchilik sovxoziga oddiy ishchi boʻlib oʻtdi. Tomorqaga qaradi. Xullas, tirikchilik amal-taqal kechdi. Ammo yosh ijodkorning qalami sindi. Xuddi qasam ichganday Hasan Ali boshqa yozmay qoʻydi.

– Gazetadan ketganingizga achinayapsizmi? – deb soʻrardi baʼzan Zuhra erining koʻzlariga mehr bilan termilib.

– Aslo, – deb kulimsirardi “quyilgan” jurnalist. – Gazetadan men oʻz haqimni olib boʻlgandim.

– Qanaqasiga?

– Oʻsha yerda ishlab men sizni uchratdim, baxtga erishdim, ozmi-koʻpmi elga tanildim…

Mana, oradan yillar oʻtdi. Hasan Ali oʻzini har narsa deb ovutardiyu, biroq hanuz tahririyatni, ijodni qoʻmsardi. Shunday kezlar shu yerga, tanish majnun jiydasi yoniga keladi.

Hasan Ali sekin-asta borib keksa daraxtning serajin tanasini quchoqladi. Jiydaning tarvaqaylagan shoxlari ham keksayib qolgandek edi. Novdalardagi kumushrang yaproqlar yengil shabadada sekin pichirlagandek tuyuldi. “Men bilan salomlashayapsanmi, qadrdon jiydam? – dedi u ham shivirlab. – Men keksayib qolayapman, sen ham qariding… Yoshlik shunchalar qisqa boʻladimi, vaqtning oʻtishini qara, endi oyogʻimda quvvat avvalgidekmas. Endi hech narsa avvalgidekmas…”.

U jiyda ostiga gilamdek toʻshalgan ajriqqa oʻtirib oldi. Toʻlib oqayotgan Boʻzsuvning qudratli oqimiga termilarkan oʻyladi: “Yillar oqar suvlardek oʻtib borayotir. Uning yoshlik davrlari ham shunchalar tez oʻtdiki, zavqiga toʻyolmay qoldi. Ular Zuhra bilan baxtli yashashdi. Oʻgʻillari oʻzlaridek iymon-eʼtiqodli boʻlib ulgʻaydi. Aslini olganda bundan ortiq baxt boʻladimi?! Axir yashashdan maqsad, avvalo, oʻz yurting, oilang, farzandlaring ardogʻida boʻlish-ku!”

 

* * *

 

Hasan Ali oʻtgan umri davomida yaxshi odamlarni koʻp koʻrdi. Ezguliklardan koʻngli daryodek toʻlib yashadi. Endi, keksayganida ulardan qarzdor sezadi oʻzini. Bu ezguliklar ummonida yoshlikdagi bir sarkash gʻalayon nima degan gap.

U jiydaning qizgʻish-qoʻngʻir, serajin tanasiga qoʻlini qoʻyib, sekin oʻrnidan turdi.

Daryoning yashil sohili, bahor havosi Hasan Alining diliga orom berdi. Sekin yurib mashinasida kutayotgan oʻgʻlining oldiga qaytdi.

– Dada, ketamizmi? – dedi Samandar.

– Ketamiz, oʻgʻlim.

Samandar mashinani oʻt oldirdi. Sadafdek tovlanib turgan “Neksiya” Oqchashmaning oʻrikzor koʻchasidan shamoldek yelib ketdi. Hasan Ali yoʻl-yoʻlakay bir ogʻiz ham gapirmadi. Oqchashmadan chiqqunlaricha koʻcha yoqasidagi uylarga termilib bordi. Samandar dadasining feʼliga oʻrganib qolgani uchun indamadi. Bobosining uylari oldidan oʻtayotganlarida bir qarab qoʻydi. Ammo u bunga ham eʼtibor bermadi. U Hoshim amaki oʻtganidan keyin qaynotasinikiga kam keladigan boʻlib qolgandi.

Uyga yetib kelishganda ham Hasan Ali oʻsha kayfiyatda edi. Uyga kira solib kelinidan Zuhrani soʻradi. Kelin qaynonasining qoʻshni ayollar bilan mahalladagi maʼrakaga chiqqanini aytdi.

Uni hamon daryo boʻyidagi xotiralari tark etmayotgandi. Yolgʻizlikni istab, oʻzining xonasiga kirib ketdi.

Shift barobar tokchalarga terilgan kitoblarga termilib oʻtirib, koʻzini yumdi. Birozdan keyin oʻrnidan turib, xona burchagidagi eski javonni ochdi. Gazeta taxlamlarini titkilab, ancha uringanidan keyin oʻzi izlagan, oʻttiz yil avvalgisini topdi. Bu gazetalarni oʻsha xato muhokama qilingan yigʻilishdan keyin qoʻliga olmagandi. Goʻyoki, bu bir yil hayotida boʻlmagan, eslashni ham sira-sira istamasdi.

Taxlamni stolga qoʻyib, yana oromkursiga ogʻir choʻkdi. Koʻzoynagini taqib, yillar oʻtib sargʻaygan gazetalarni bir-bir varaqlay boshladi. Maqolalardagi imzolarga koʻzi tushib, ustozi Izzatilla Ibrohimovni, muharrir oʻrinbosari Abdulla akani esladi. Onasidek mehribon Yodgora opaning samimiy soʻzlashlarini yana bir martagina eshitgisi keldi… Bexosdan koʻz oʻngida Shavqiddin Xoʻjayev bilan Qurbon Qora paydo boʻldi. Tahririyat haydovchisi Zokirjonning chapanilarcha qoʻlini siltab, xonadan chiqib ketgani xayolida jonlandi… Oʻzi yozgan lavha, ocherklarni oz-ozdan oʻqib koʻrdi. Ular nihoyatda samimiy, joʻshqin yozilgandi. May oyiga kelganda sahifalarni tez-tez varaqlashga tushdi. Hozir oʻsha maqola chiqadi, deya oʻylardi. Lekin koʻngli xotirjam. Shu damda bunga oʻziyam hayron. Axir, oʻsha kun boshiga qancha gʻavgʻolarni solgandi! Yuragi qon boʻlib, ne xayollarga bordi. Endi esa bularni xotirjam eslamoqda…

Mana, oʻsha gazeta! U ichki sahifalarni ochdi. Uchinchi betda “Laylaklar dalasida” maqolasi yarq etib koʻzga tashlandi. Koʻp yillar avval jumboq bilan boshlangan voqea yodiga tushdi: Rahmonalining “xato ketibdi” deb sovuq xabar topib kelgani, oʻqilgan sahifalarni zir yugurib izlagani, muhokama yigʻilishi, nihoyat Zokirjonning oʻtirganlarga qoʻlini siltab chiqib ketishi…

Uning xayolida bularning bari kuni-kecha boʻlgandek edi. Ammo oradan oʻttiz yildan ortiq vaqt oʻtdi. Yillar sarakni – sarakka, puchakni – puchakka ajratdi. Mana, uning koʻnglini pora-pora qilgan oʻsha maqola! Ostiga “Shavqiddin Xoʻjayev” deb imzo qoʻyilgan.

Hasan Ali koʻzoynagini toʻgʻrilab, gazetaga diqqat bilan tikildi. Uzoqlashtirib yana koʻzdan kechirdi. Sergak tortdi! Ne ajabki, matnda teskari satrlar koʻrinmasdi. Ustunma ustun qayta-qayta nazardan oʻtkazdi.

Tajribali jurnalist matndagi nomutanosiblikni bir qarashda ilgʻardi. Lekin qoʻlidagi gazetada hamma satrlar shaxmat donalaridek oʻz oʻrnida. Axir, mana bu ustunda ikkita litera teskari boʻlib qolgandi-ku? Uchinchi, toʻrtinchi ustunlardagi teskari literalar ham yoʻq. Maqola boshdan-oyoq risoladagidek, bexato!

Hasan Ali sehr-jodu, moʻjizalarga ishonmasdi. Ammo shu onda oʻzi guvoh boʻlgan jumboqqa yechim topolmadi.

– Yo, tavba! – dedi gazeta taxlamini stolga qoʻyib.

Uzoq oʻylandi. Ming xil taxminni taroziga solib koʻrdi. Nihoyat, oʻrnidan turib, eshikni ochdi.

– Zuhra-a! – dedi boshini chiqarib.

Qaytib kelib, yana “Laylaklar dalasida”ni oʻqiy boshladi. Hamma harflar oʻz oʻrnida edi. Voajab! Farishtalar toʻgʻrilab qoʻyishibdimi?! Nigohi beixtiyor devordagi koʻhna zangli soatga tushdi. Soat bir maromda chiqillar, qoʻngʻir tusli nozik mili tinimsiz oldinga sakrab, vaqt oʻtib borayotganini bildirardi.

Xonaga maʼrakadan qaytgan Zuhra kirdi. U ham endi yosh emas, ammo oppoq chehra, mehribon nigohlar oʻsha-oʻsha. Faqat biroz toʻlishibdi, yuzida kulgichga oʻxshagan chiziqlar paydo boʻlgan. Egnida yashil xalat, boshida moviy durra.

– Labbay? – dedi u eshikdan kirayotib.

– “Laylaklar dalasida” maqolasi esingdami?

Zuhraning qiyofasi jiddiylashdi:

– Samandarimning tugʻilgan kuni esimdan chiqarmidi! Siz navbatchi edingiz. Shavqiddin Xoʻjayevning lavhasida literalar teskari boʻlib qolgan.

– Ha, oʻsha maqola.

– Beshta satr teskari boʻlib qolgandi. Men bilganman, bu ishda birortaning qingʻir qoʻli borligini. Bosmaxona ishchilariyam aytishgan. Sahifalovchi litera teskari turganini bir qarashda payqaydi. Chop etuvchilar yosh ishchilardan ekan. Kimdir shundan foydalangan-da.

– Mana bunga qara! – Hasan Ali ochiq gazetaga ishora qildi. – Birorta xato yoʻq, satrlar joy-joyida.

Zuhra gazeta taxlamiga yaqin keldi. U hamon koʻzoynaksiz oʻqirdi. Ochiq sahifaga boshini egib turdi-da, koʻrsatkich barmogʻini labiga bosdi. U ham nima deyishini bilmasdan ajablanib eriga qaradi:

– Oʻsha maqola. Xato yoʻq-ku?

– Uyda gazetalarni oʻzing taxlam qilarding, shundaymi?

– Toʻgʻri?..

– Mana bu taxlamga tahririyatdan olib kelgan gazetamni tikkanmiding?

– Koʻp yil oʻtdi axir, esimda yoʻq.

Hasan gazetaning birinchi sahifasini ochdi. Sargʻaygan hoshiyaga koʻk qalam bilan uy manzili yozilgandi.

– Bu men olib kelgan gazeta emas, pochtachi olib kelgani…

Hasan Ali oʻylanib qoldi: odatda, pochta xodimi gazetalarni roʻyxat boʻyicha boʻlib chiqadi. Keyin hoshiyasiga obunachining manzilini yozadi. Oʻsha yili bosh muharrirning talabi bilan tahririyat xodimlari ham oʻzlarining gazetalariga obuna boʻlishgandi.

Zuhra hech narsaga tushunolmay, koʻzlarini pirpiratib Hasanga tikildi:

– Nega pochtachi olib kelgan gazetada xato boʻlmaydi?

Bu jumboqni Hasan Alining oʻzi ham endi tushungandek boʻldi. Fikridan dahshatga tushdi. Lekin achchiq haqiqat qoʻlidagi gazetada yarq etib koʻrinib turardi. U Zuhraga horgʻin qarab, buni tan oldi:

– Pochtadan tarqalgan gazetalar xatosiz chiqqan ekan, – dedi. – Xatolar faqat tahririyatga olib kelingan nusxalarda boʻlgan. Avval satrlarni teskari qoʻyib, “signal” nusxalarini bosib olishgan, shundan keyin hammasini joy-joyiga qoʻyib, asosiy adad chop etilgan.

– Shunaqasiyam boʻladimi?!

– Boʻlar ekan-da.

– Bu kimning ishi?

– Bilmadim, – Hasan Ali boshini chayqadi. – Kim boʻlsayam bu xatosini oʻttiz yil yuragida toshdek olib yuribdi. Bechora…

Hasan Ali bir nuqtaga tikilib, jim boʻldi. Zuhra uning yelkasini bir paytlardagidek silay boshladi.

Xonada koʻhna devor soatining bir maromda chiqillashi eshitilib turardi.

 

Abdujalol RAHIMOV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–8

Oldingi sahifaNotanish ayol
Keyingi sahifaMung
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.