Jazo

0
289
marta koʻrilgan.

 – Qoʻrboshi, Qoʻrboshi!

– Labbay, Mergan!

– Jinoyatchini tutib keldik, qanday jazo beramiz?

– Nima gunoh qilgan ekan?

– Jang maydonini tashlab qochgan.

– Obbo xunasa! Bizga obdon va xoʻp xoinlik qilibdi-ku. Qadimda boshqalarga oʻrnak boʻlsin deb bundaylar qoziqqa oʻtqazilgan. Ammo-lekin-biroq, biz bu qadar vahshiy emasmizku-a?

Qoʻrda “gurr” kulgu koʻtarildi.

– Toshboʻron qilsakmikin? – dedi Muqbil toshotar kaftini toʻldirib turgan koʻkish yapasqi toshni irgʻitib oʻynab.

– Xiyonatkor xotinlar toshboʻron qilingan, – dedi Kenja botir ogʻzining bir chetida qimtib turgan beshta gulbargli ajriq shoxasini aylantirib. – Bunga tuzukroq jazo topish kerak, yigirmata-oʻttizta zoʻgʻata ham kamlik qiladi-yov…

Qoʻrboshi doimiy maslahatgoʻyi boʻlmish Donishga yuzlandi. Donish qari tutning tagida oʻtirgancha sira qoʻlidan qoʻymaydigan bir quloch doʻlana tayogʻining hali tugallanmagan oʻyma naqshini sinchiklab koʻzdan kechirardi. Saratonning avj pallasi, ertalabdanoq havo dim, huv tepalikdagi teraklar ortidan bosh koʻtarib chiqqan quyosh tigʻlari avvalgilardek badanga yoqmaydi, yantoq tirnagandek terini qichishtiradi. Har tong kunbotishdagi qoʻngʻir togʻlar ortidan yakkash chiqib keladigan, tushdan soʻng osmonning qoq oʻrtasida toʻplanib, issiqdan tuproqlari koʻpchib yotgan qiru adirlarga bir dam huzurbaxsh soya solib oʻtadigan boʻltak-boʻltak bulutlardan bugun darak yoʻq. Atrof asta-sekin qizib bormoqda, quyosh tikkaga kelganda yerning qizdirilgan tandirdan farqi qolmasa kerak. Donish havoning avzoyiga qarab bir nimalarni oʻzicha mulohaza qilib koʻrgandek boʻldi.

– Xoinni quyoshda kuydirish kerak, – dedi u, keyin Qoʻrboshining qulogʻiga nimalarnidir pichirladi. Uning gapi Qoʻrboshiga maʼqul tushdi:

– Xoin quyoshda jizgʻanak boʻlsin. Mol-holiga qoʻshib kuydirilsin!

Jazoning ijrosini koʻz oldiga keltira olmagan Kimyogar betoqat boʻldi:

– Chillashirni yechintirib, oyoq-qoʻlini bogʻlab tashlab, keyin oftobda kuydiramizmi? – dedi u yuz-koʻzi oldida gʻujgʻon oʻynayotgan pashshalarni haydab.

– Yoʻq, shu holicha anovi yaydoq yerda, quyosh tagida oʻtiradi. Agar qochib ketsa, ketaversin. Qaytib safimizga olmaymiz. Yakkamoxovga aylanadi, dushmanlarga yem boʻladi. Boʻlinganni boʻri yer! Agar oramizda qolishni istasa, kunbotishgacha oʻsha yerda qilt etmay oʻtiradi, joyidan jilsa, bir qultum suv ichsa yoki bir burda non yesa, tamom, haydaladi.

Chuvak, eti suyaklariga yopishib ketgan, bilaklari ketmoncha sopidek ingichka Chillashir yerda choʻk tushib oʻtirar, atrofida qoʻqqayib turganlarga bosh koʻtarib qarashga botina olmasdi. U uzun boʻynini osiltirib, bukchayib olganidan beliga bogʻlangan koʻk farang qiyiq ichidagi barkashdek tandir non, uning ustiga teskari qoʻyilgan piyola doʻmpayib turar, shu turishida u xuddi beliga toshbaqa kosasini ilib olganga oʻxshardi. Bugun saharda tandirdan uzilgan non hidi atrofdagilarning dimogʻini qitiqlardi. Bularni sal naridan kuzatib turgan sakkiz yoki toʻqqiz yoshlar atrofidagi bolakay ikki kun avval xuddi shunaqa, xamiri sutga qorilgan, hali iliqligicha turgan nonni buloq suvida ivitib yeganini esladi.

Kimyogar iljaygancha Chillashirni tirsagidan tortib oʻrnidan turgʻazdi, belidagi tugunni yechib olib, tutning shoxiga ildi, oʻzini qoʻrboshi koʻrsatgan qiyalikdagi toshloq, oʻt-oʻlanlari qovjiragan, faqat yakkam-dukkam yantoqlar koʻkarib turgan joyga oʻtirgʻizdi. Chillashir bir soʻz demasdan hukmga itoat qildi, shu oʻtirgancha boshini koʻtarmadi, faqat quyoshga teskari oʻgirilib oldi, xolos. Kimyogar soylikdagi koʻm-koʻk ajriqni tili bilan burab-burab yamlayotgan targʻil sigirni yetaklab kelib uning yaqiniga qoziqladi, keyin jonivorning qulogʻiga burov solib qoʻydi. Odatda burov faqat yetovda solinardi. Sigir norozi moʻrab maysazor soylik tomon intildi, biroq arqon tarang tortilib qulogʻidagi burov qattiq qisganidan noiloj ortga tisarilib, tuproq va xas-xashakni toʻzgʻitgancha taqir yerni iskay boshladi. Chillashirning sigiri boshqalarnikiga oʻxshab chimxoʻr emas, ajriq, gʻumay, shoʻra, bir chetdan yamlab yutaveradi, shunga yarasha bir chelak sut beradi. Qosh qorayganda qoʻr jonivorlarni oldiga solib qishloqqa qaytadi, ana oʻshanda qaysi sigirning qorni qappayganiyu yeliniga qancha sutga toʻlgani haqida bosh qotiriladi. Chillashirning sigiri yelini sutga toʻlganidan sonlarini kerib zoʻrgʻa yuradi, qorni xom beda yeb qoʻygan jonivordek shishib turadi. Bunga koʻpchilikning gʻashi keladi, chunki uyga qaytilganda sigirning qorni dami chiqqan koptopdek puchayib tursa achchiq-tiziq gap eshitiladi. Bunday kezlarda Kimyogarning shumligi qoʻzib Chillashir yoki uning sigiriga ozor berish uchun bir amallab hiyla oʻylab topardi.

Endi Chillashir jazoga yoʻliqdi, oʻziga qoʻshilib targʻili ham qantarildi. Qoʻrboshi mahkumning mol-mulki-da musodara etilishini eʼlon qildi va uning tuguni oʻrtaga qoʻyildi. Tugun ochilganda atrofga lazzatli hid taraldi. Issiq non ustiga toʻnkarilgan piyoladagi kuydirilgan sariyogʻ erib non xuddi oʻrama patirdek yumshab qolgandi, qoʻrdagilarga bir boʻltamdan ulashildi, bolakayga ham berildi. Lekin u sariyogʻli boʻltamni keyinroq yeyish uchun qiyigʻidagi suvi qochgan non ustiga avaylab solib qoʻydi.

Muqbil toshotar choy damlash uchun qari tut tanasidagi yoriqdan qorayib, pachoqlanib ketgan temir choynakni oldi, buloq suviga toʻldirib kelib toshlardan yasalgan oʻchoq ustiga avaylab qoʻndirdi, qurigan shoxlarni tizzasiga urib sindirib oʻt qaladi. Soʻng salqinda, ajriqqa yonboshlab olgancha kechagi olishuv tafsilotlarini baqir-chaqir muhokama qilayotgan safdoshlariga qoʻshildi. Bolakay sal naridagi tut tagida oʻtirgancha bularning muhokamasidan kecha oʻzi ham qatnashgan ur-surning qanday kechganini endi toʻlaroq tasavvur eta boshladi.

Kecha har zamon bir yuz beradigan janglarning eng ashaddiysi boʻlgandi. Soyning kunbotish tomonidan keladigan raqiblar soni har doimgidan ham koʻpayib, suvni bemalol kechib oʻtishdi, ulkan baqateraklarni pana qilib bularga ancha yaqin kelib qolishdi. Ayrimlari yon tomondagi pana-pastqam soʻqmoqlardan koʻtarilib chiqqandan soʻng bular anchagina ortga chekinishga majbur boʻlishdi. Lekin “Istehkom” deya nomlangan eng baland tepalikni qoʻldan berishgani yoʻq. Bolakayning endi bilishicha, ikki nafar gʻanim istehkomning chap tarafidagi yandama soʻqmoqdan chiqib kelishiga Chillashir yoʻl bergan. Merganning gaplariga koʻra, oʻsha ikkovlonni soʻqmoqning yarmidayoq ortga chekinishga majbur qilish mumkin edi, biroq Chillashir ularning qorasini koʻriboq ura solib qochgan. Soʻqmoq ancha tikka, tor va sirpanchiq, undan deyarli emaklab chiqish mumkin, shunda ham bir-ikki qarich ildizi ochilib qolgan yantoq yoki qizil zirkning sertikan shoxlariga osilib olinmasa, ortga sirpanib ketilishi tayin. Merganning gapida jon bor, dushmanni chekintirish uchun otning kallasidek kesakni soʻqmoqdan yumalatib yuborish kifoya edi. Lekin buning uchun “otning kallasidek yurak kerak-ku”, derdi qoʻrdagilar har zamon Chillashir tomon imo qilib.

“Dushmanlar” soyning kunbotishdagi qirgʻogʻida mol-qoʻy boqadigan oʻspirinlar. Ular anchayin jangari, yuziqora va murosasiz. Soyning bular, yaʼni kunchiqar tomoni oʻrkach-oʻrkach tepaliklar, baland va tikka jarlardan iborat. Soyga shu tepaliklardan solingan nishab, qayrilma soʻqmoq yoʻllar orqali tushib boriladi. Odatda janjal bu deparada yagona boʻlgan gumdagi choʻmilish chogʻi boshlanadi. Gum deyilgani soyning ilondek buralib kelib kunchiqardagi baland qirgʻoqqa urilib tisarilgan joyi. Bu yerda oqim shiddati pasayib, suvga kalla tashlab choʻmilsa boʻladigan chuqur joy hosil boʻlgan. Baʼzan katta qurilishlar uchun soydan shagʻal olinganda yangi gumlar hosil boʻlar va shunda toʻqnashuvlar kamroq yuz berardi. Lekin koʻklamdagi selu toshqinlardan keyin sunʼiy gumlar yoʻqolib soyning har ikki qirgʻogʻida mol boquvchi oʻspirinlar yana bir joyda choʻmilishga majbur boʻladi. Baʼzan shu atrofdagi ekin-tikinidan xabar olgani kelgan kattalar janjalga aralashib, tomonlarni murosaga keltirib qoʻyadi, lekin bu uzoqqa choʻzilmaydi. Kunbotishda mol boqadigan bolalarga choʻmilish payti hamqishloqlari kelib qoʻshiladi, ularning soni koʻpayib ketgandan soʻng janjal chiqishi tayin gap. Baʼzan mojaro dahanaki janglar, har ikki qoʻrdan chiqqan daʼvogarlarning yakkama-yakka mushtlashuvidan keyin yakun topadi. Bolakay bir kuni akasidan “nega ular doim koʻp, biz esa kammiz” deb soʻragani, akasi esa ajablanib, “shuniyam bilmaysanmi, dushman doim koʻp boʻladi-da” deganini esladi.

Biroq bolakay kechagidek beayov jangni hali koʻrmagandi. U istehkom, yaʼni eng baland tepalikka oʻrnashib olgan Muqbil toshotarga “oʻq-dori” – toshmi, kesakmi, qoʻliga ilingan narsani yetkazib turdi. Muqbil toshotar esa “gʻanimlar” tomon tinimsiz kesak gʻirillatar, ora-sira tosh ham otib qoʻyardi. Pastlikdagi daraxt shoxlariyu butalar orasida chang-toʻzon koʻtarilsa kesak otilgan, tarsillagan ovoz chiqsa tosh otilgan boʻlardi. Raqiblar allaqachon soyni kechib oʻtib, otadigan toshlari jar tepasiga yetadigan masofani egallash uchun daraxtlar ortiga yashiringancha tobora yaqinlashmoqda edi. Ular jar tagidagi soʻqmoq yoʻlga chiqqanda Qoʻrboshi endi vaziyat qoʻldan boy berilganini tushunib, jarning qirgʻogʻini tepib oʻpira boshladi, boshqalar ham unga qoʻshildi. Soʻqmoq changu toʻzon, baqir-chaqirga toʻlib ketdi, shu tariqa “dushman” ortga chekinishga majbur boʻldi. Chap tomondagi tikka va tor soʻqmoqdan chiqib kelganlar ham safdoshlari chekinganini koʻrib ortga qaytishdi, ketlaridan chang chiqarib pastga sirpanib tushib ketishdi.

Mana endi Qoʻrboshi kecha raqiblar ustiga paxsa-paxsa kesak oʻpirib tashlagan paytini eslab, ogʻzini toʻldirib maqtanmoqda. U baland boʻyli, yelkador, oyoq-qoʻllari uzun, ovozi doʻngʻillab, moʻylovi sabza ura boshlagan oʻspirin. Tengqurlari orasida mol boqishga ancha yoshligidan chiqqani, uyi ham soyga yaqinligi bois u oʻzini soyliklarning egasidek tutar va shundan Qoʻrboshiga aylangandi. Paxta dalalari etagidan toshloq qirlar boshlanadi, ularning oraligʻida yashil soyliklar vujudga kelgan. Gʻoʻzaga qoʻyilgan suvning perobi tufayli adirlar qaqrab yotgan paytda ham soyliklarda oʻt-oʻlanlar gurkirab oʻsib yotadi. Odamlarning ekin-tikinidan ortgan laxtak-laxtak joylarda mol-qoʻy boqiladi. Gʻoʻzadan chiqqan loyqa suv yoʻlma-yoʻlakay zilol buloq suvlariga qoʻshilib soyga quyiladi. Kimdir bu deparada oʻz holicha sigir boqmoqchi boʻlsa Qoʻrboshi bilan toʻqnashishi aniq edi. Gap gapirish usuliyu kelbatida boshqalardan keskin ajralib turuvchi ayri vajohati bor esa-da, uning birov bilan rostmana yoqalashganini kimsa koʻrmagan.

Mushtlashuv va kurash tushishni miqti, lekin oʻlgudek chayir Kenja botirga chiqargan. Qoramagʻiz, qiyiq koʻz, kallasi katta bu bola kurashdan qaytgan emas. Landovurroq akalarini himoya qilib yurgani uchun qishloqda Kenja botir laqabini olgan. Muqbil toshotar oʻz laqabiga monand, istehkomda turib otgan toshi soyning narigi betidagi oʻtloqqa borib tushadi, boshqalar esa soyga zoʻrgʻa yetkazadi. Mergan hamisha boʻynida choʻzmasi, choʻntagida bir hovuch toshi bilan yuradi. Uning choʻzmasidan otilgan “oʻqdan” qush zoti qutulib ketganini birov eslay olmagan. Bolakayning akasi esa kuchu hunarda kamtar, lekin oqilona maslahatlari ila Qoʻrboshini yoʻlga solib yurganidan Donish laqabini olgan. Oʻrta boʻy, oyoq-qoʻli chaqqon Kimyogar na kuchga, na aqlga tayanib ish koʻradi, ichi shumlik va muttahamlikka gʻij toʻla. Qoʻrdagilar, ayniqsa bolakay uni sira yoqtirmaydi, lekin u Qoʻrboshining qarindoshi boʻlganidan chidab kelishadi. Bolakay har gal uni koʻrganida negadir qorayaloq degan qushni eslaydi. Yoshlar orasida mis quvurdan “pangʻilloq” yasash urf boʻlib, qoʻrgʻoshin taqchil boʻlgan kezlarda “qurbaqa bir kun qozonda qaynatilsa qoʻrgʻoshinga aylanadi” deb hammani ishontira olgani bois u “Kimyogarga” aylangan. Qolgan yana ikki oʻspirin, Oʻgʻri va Toʻgʻrining laqabidan boshqa esda qolarlik xislati yoʻq.

Bolakay bu qoʻrga qoʻshilguncha qancha-qancha sinovlarga dosh berdi. Akasiga har tong yalinib-yolborish, dastlabki kunlarda kattalarning qoʻpol hazillari, huda-behuda boshiga urishlari, qulogʻini burab tortishlariga chidash oson boʻlmadi. Biroq mol boqishdagi sarguzashtlarga ishqibozligi tufayli hammasiga dosh berdi. Axir soyda baliq ovlash, jarda qush tutish, doʻlanayu naʼmatak, qizil zirk yoki yovvoyi olcha terib yeyish, tushlikka baliqni toshga yopib pishirish yoki chumchuq kabob qilish, bogʻu rogʻlardan shaftoli, olma, polizlardan xom-xatala tarvuz va qovunlar oʻmarish gashtidan kim ham voz kechardi!? Choʻmilishdan titrab, lablari koʻkarib kelganda hali tafti ketmagan qoʻrdagi poʻsti kuygan iliq kartoshkaning taʼmiga nima yetsin?! Ayniqsa, qishloqda, maktabda dongʻi ketgan bu qoʻrga aʼzoligi bilan tengqurlari orasida faxrlanib yurish gashti-chi!?

Qoʻrdagi boshqa oʻspirinlar ham ukalarini olib kelgan, lekin hech qaysi biri bolakaydek chidash bermagan. Kattalar soyga choʻmilishga tushganda jar tepasida oʻtirib narigi sohildagi “dushmanlarga” koʻz-quloq boʻlish, zoʻr kelganda ura qochish, oyogʻidan tuflisi tushib qolsa yoki yiqilgandan keyin badanidagi tikanaklarni terish, qantarilgan sigirlarga soatlab qorovul boʻlib qolishning oʻzi boʻladimi. Baʼzi bolalar birinchi kuniyoq yigʻlab yuborar, koʻrgan azobi kamlik qilgandek qoʻrdagilar oldida sharmanda qilgani uchun akasidan tarsaki ham yerdi.

Hech narsadan tap tortmaydigan, abjir, uquvi va zehni baland bolakayga qoʻrdagilarning ham mehri tushgan. Biror ish uning yordamisiz bitmaydi, ayniqsa, qush ovi. Qush tutish uchun koʻpchilik jar tepasida qolib, ikki kishi pastga tushadi, soʻng yuqorida turganlarga tayyormiz degandek ishora qiladi. Tepadagilar dupur-dupur sakrab qushlarni hurkitadi, inida tuxum bosib yotgan qush borki “gurr” uchib chiqadi. Qaysi teshikdan qanday qush uchib chiqqanini eslab qolish lozim. Jarga oʻnlab qushlar in qurgan, chumchuq, jarqaldirgʻoch, yovvoyi kaptar, qulquntoy, koʻkqargʻa, onda-sonda koʻpchik va suv lochini ham uchrab turadi. Bolakay qaysi indan qanday qush uchib chiqqanini aniq eslab qoladi. Koʻkda bezovta charx urgan qushlar oradan koʻp oʻtmay iniga qaytadi. Pastda turgan ovchilar uzun ayri xoda uchiga oq qiyiqni sirtmoq qilib bogʻlab ohista inning ogʻziga olib boradi va tappa yopadi, shundan soʻng tepada turganlar hayqiriq ila yana yer tepishni boshlaydi. Inidan uchib chiqqan qush qopqonga tushadi. Jar balandligi bois uzun xoda kerak boʻladi, uni koʻtarib turishning oʻzi bir azob, shu bois pastga novcha va baquvvatlar tushadi. Bolakay esa ularga “chapga, oʻngga, u emas, narigi, kattaroq teshik, balandroq, yanayam balandroq,” deya buyruq berib turganidan zavqlanadi. Agar xoda kaltalik qilsa, shom payti tepadan kimdir arqonga osilib tushadi, bolakay pastda turib uni ham yoʻlga solishi kerak.

Baliq ovlash eng gashtli damlar. Kattalar soyning suvini koʻpiklantirib turgan katta toshni oʻrab oladi va toʻrt tomondan birvarakayiga tosh ostiga qoʻl suqadi, soʻng qoʻllariga ilinganini chapdastlik ila qirgʻoqqa irgʻitadi. Bolakay sohilda chopqillab, tipirchilab yotgan baliqlarni terib oladi. Baʼzan baliq oʻrniga baqa chiqib qoladi, bir gal suv iloni ham qirgʻoqqa otilgan. Kimyogar shumligi qoʻzigan paytda atayin bolakay tomonga baqalarni ushlab otadi. Goho qoʻldan sirpanib chiqib ketgan baliq qirgʻoqqa yetib bormay suvga shaloplab tushadi, keyin kun boʻyi bu baliqqa taʼrif beriladi. Jardagi qush ini, qirgʻoqdagi toshloq yoki oʻtloqda yoʻqolgan baliq, shom qorongʻusida birovning ekiniga kirib ketgan sigirni darrov topa olgani uchun bolakayga Lochinkoʻz deb nom qoʻyilgan.

Lekin Lochinkoʻz bir gal qattiq qoʻrqib ketib qoʻrdan ajrab qolishiga bir bahya qolgandi. Kattalar soyning oqim kuchli joyida baliq ovlab boʻlishgandan soʻng Kimyogar bolakayning akasidan “ukang qachongacha qirgʻoqda yuradi, soyning oʻrtasiga ham bir borib koʻrmaydimi”, deb soʻrab qoldi. Akasi katta ketdi, “oʻrtasiga emas, narigi qirgʻoqqa ham borib kela oladi,” dedi. Rosti, bolakay gumda choʻmilgan, xolos. Hayqirib, pishqirib turgan soyning oʻrtasiga sira bormagan. Lochinkoʻz hadiksirab akasiga qaradi, lekin uning oʻqrayib turgan nigohiga duch keldi. Noiloj suvga qadam qoʻydi, qirgʻoqdan uzoqlashganda oyogʻi ostidagi balchiq va qumloq sirpanchiq toshlar bilan almashdi, oqim kuchaydi. Bolakayning yuragi hapqira boshladi, lekin soyni kechishda davom etdi. Yurish qiyinlashdi, oqim tizzalarini bukib tashlamoqchidek zoʻr berib oyogʻiga urar, suv tubidagi sirpanchiq toshlar surilib, uni munkitib yuborardi. U qoʻllarini ikki yonga uzatgancha, oqimga yuzlanib, soy tubidagi yirik toshlarni avval surib koʻrar, agar oʻrnidan jilmasa keyin ularga oyogʻini tirab ikkinchi qadamini qoʻyardi. Suv beliga ura boshlaganda Lochinkoʻz chinakamiga qoʻrqib ketdi, endi juda katta kuch uni yiqitishga, oyogʻini osmondan keltirishga urinardi. Agar sirpanib ketsa bormi, oqim uni toshlarga olib borib uradi yoki suv yuzida somondek chirpirak qiladi. U oqimga ortiqcha dosh berolmasligini sezdi, qattiq qoʻrqib ketdi, ortga qaytmoqchi boʻlib qirgʻoqqa oʻgirildi. Akasi uning niyatini sezdi chogʻi, baqirdi:

– Qaytma, yur oldinga! Yur!

Bolakay akasiga moʻltirab tikilgancha turib qoldi, sovqotgan tanasi madorsizlanib borardi. Bolaning mijjalariga yosh quyilib keldi, nahotki oʻlib ketganim bilan akamning ishi boʻlmasa, axir oqib ketaman, yoʻq boʻlib ketaman bu dunyodan, deb oʻyladi. U ortga bir qadam qoʻyib akasiga iltijoli boqdi.

– Qaytsang qiz bola boʻlasan. Qoʻrqoq! Qaytma, qoʻrqoq! – akasi yana-da qattiqroq baqira boshladi.

Bola tosh qotdi. Akasi or-nomus va gʻazabdan qizarib-boʻzarib ketgan, kimlardir xavotir ila, yana kimlardir bamaylixotir boqar, Kimyogar esa iljayib turardi. Bolaning ich-ichidan bir nima toʻlgʻonib keldi, ogʻzida achchiq taʼm tuydi, oʻzidagi kuch qayerdan paydo boʻlganini sezmadi. U pishqirgan, toshdan toshga urilib oqayotgan asov suvni kechishda davom etdi, biroq ikki-uch qadamdan keyin chap oyogʻining tomiri tortib qoldi. Boldirida bir narsa tugundek tugilib toshdek qattiqlashganini sezib “ih” deb yubordi. Shu onda muvozanatini yoʻqotdi-yu oqim uni oʻz ogʻushiga oldi, u ilkis tubsiz oʻraga qulagandek boʻldi. Ogʻzi – burnidan kirgan muzdek suv miyasiga achchiq ogʻriqla chiqib borgandek edi. Bola yuragi shuvillab ketgani, shuurida “endi hammasi tamom” degan oʻy yilt etganiyu osmonning haddan ziyod koʻm-koʻkligini ilgʻab qoldi. Bularning bari oniy lahzalarda yuz berganini, mana shu vaqt ichida bola suvda bor-yoʻgʻi bir marta chir aylanib, keyin qandaydir moʻjiza yuz beribmi, qizgʻish xarsang toshning qirrasidan mahkam ushlab qolganini u bugun aniq-tiniq eslaydi. Keyin bolakay xarsang toshga osilib uzoq turdi, u endi gavdasini tiklab olgan, tomirlari qoʻyib yuborgan, lekin hayqiriq bilan oqayotgan soy oʻrtasida turgancha alamdan borliqni titratib baqirgisi kelar, biroq baqirmasdi, yuz-koʻzlariga tars-tars urilayotgan shoshqin suv koʻz yoshlarini tinimsiz yuvib turardi, xolos. U soyni kechib oʻtdi, alam bilan kechib oʻtdi, yana nimalarni kechib oʻtganini u hali toʻla tushunib yetmasdi.

Bu kechuvdan keyin Lochinkoʻzning xotirida qoʻrqoqlik, or-nomus, gʻurur bilan bogʻliq bir umrlik his-tuygʻular muhrlanib qoldi. Mana endi u qoʻrning arzandasiga aylangan. Tutning tagida, ajriqqa yonboshlagancha kattalarning haqiqiy qoʻrqoqqa jazo berishini tomosha qilmoqda.

Muqbil toshotar tutning kovagiga suqib qoʻyilgan jiyda shoxidan bir hovuch barg sidirib olib, vaqillab qaynab turgan choynakka soldi. Yana jiyda bargidan sargʻish loyqa choy ichishini oʻylab Lochinkoʻzning qorni bir quldirab oldi. Uydan keltirilgan choy qolib, bular nuqul goh tutning tomiri, goh yantoqdan choy damlashadi. Kechki nonushtadan soʻng qoʻrdagilar baliq tutib shundan nari choʻmilib ham kelishga otlandi. Lochinkoʻz qorovul boʻlib qoldi, unga Chillashirni kuzatib turishdek ulkan masʼuliyat yuklandi.

– Aka, ularni oftob uradi-ku…? – u akasidan sekin soʻradi.

– Nima boʻpti!? Jazosini olsin, – dedi akasi unga xoʻmrayib. Bu gapni Kimyogar eshitib qolib mugʻombirona tirjaydi:

– Ha, nima boʻlardi? Ikkovi ham bir hafta “tarillab” yuradi endi.

Bolakay Kimyogarning yuziga qaramaslik uchun uning gapiga eʼtibor bermay ortiga oʻgirildi. Kattalar ketgandan soʻng tugunni ochib, non ostiga yashirilgan, titilib, sargʻayib ketgan kitobni olib oʻqishga tutindi. Bu Daniel Defo degan yozuvchining “Robinzon Kruzo” nomli kitobi edi. Bu kitobni maktabda makulaturaga topshiriladigan qogʻozlar orasidan topib olgan, oʻshandan beri qoʻlidan qoʻymaydi. Kitob qadimiy, “bilan” soʻzi “blan” yozilgan. Yana shunga oʻxshash ayrim farqlari bor. Lochinkoʻz uni qoʻrdan berkitib oʻqiydi, yoʻqsa ular koʻrib qolib ustidan kuladi, “professor” yoki “oltin bosh” deb masxara qiladi. Akasi “bunaqa kitoblarni oʻqiyverma, miyang suyulib qoladi,” deb soʻkadi. Shu sabab ular yoʻq paytda kitobni qoʻliga oladi. Baʼzan kitobdagi voqealardan zavqi kelib, irgʻib turadi-da, soy tomon solingan ilon izi soʻqmoqdan chopadi, changalzorga monand quyuq daraxtzorga kirib boradi, koʻkka boʻy choʻzgan zabardast baqateraklarning baxmal yaproqlari shovullashiga quloq tutadi, balchiq va botqoq kechadi, qiyoqzorni kesib oʻtib sertikan butalar ostidagi soʻqmoqdan engashib oʻtadi. Jar tubida gʻujgʻon oʻsgan qizil zirk va naʼmataklar ostidagi tulki inini sinchiklab koʻzdan kechiradi, lekin yaqin borishga yuragi betlamaydi. Baʼzan uni dafʼatan yovvoyi bir qoʻrquv bosadi va zingʻillagancha ortiga chopadi. Tikka va sirpanchiq tor soʻqmoqdan baland tepalik ustiga bu qadar tez chiqa olganidan hayratga tushadi. Yuragi gup-gup uradi. Keyin tepalikda turgancha sharqirab oqayotgan shoshqin soyga, buloq va soy suvi qoʻshilgan irmoqlardagi uzundan-uzun, suv parisining sochlaridek sollanib yotgan yashil baqatoʻnlarga, qirgʻoqdagi maysazorga, poyidagi azim daraxtlarga, ularning ostidagi changalzor yangligʻ tigʻiz oʻsgan butalarga suqlik bilan tikiladi, ichidagi qoʻrquv tarqab ketadi, qaniydi xuddi Robinzonga oʻxshab shu changalzorda faqat bir oʻzim yashasam, kunbotishdan keladigan “dushmanlar” sira boʻlmasa edi, deb orzu qiladi.

Kecha u Robinzonning oroliga yovvoyi odamlar qayiqda kelib tushganini oʻqib rostmana qoʻrqib ketgan, oʻzini qoʻyarga joy topolmagan, kitobni shu joyida toʻxtatgandi. Bugun Robinzonning nahotki oʻzim tirik qolishim uchun shuncha yovvoyi odamni oʻldirishim kerak, deya mulohaza yuritayotgan sahifasini oʻqimoqda edi. Lochinkoʻz Robinzonning nima uchun ikkilangani haqida oʻylab, kitobni yoniga qoʻydi. Oʻzi tirik qolmoqchi boʻlsa, oʻldirsa kerak albatta, axir ular yovvoyi, odamxoʻr-ku, deb oʻyladi. Keyin toshloqda, jaziramadan tobora qiynalib borayotgan Chillashirni kuzatdi. U hamon boshini quyi solgancha oʻtirar, goho qiziqsinib uchib kelgan qovoqari yoki soʻna, oyoqlaridan oʻrmalab chiqayotgan chumolilardan oʻzini ehtiyot qilish bilan ovora boʻlardi. Ertalab Chillashirga jazo tayinlanayotganda Lochinkoʻz bu odatdagidek “poshsho-vazir” oʻyini boʻlsa kerak degan taxminda edi.

 

* * *

“Poshsho-vazir” – mol-qoʻy boqadigan bolalar orasidagi eng ommaviy oʻyin. Baʼzan bu oʻyin tufayli arazlash, adovat va janjal kelib chiqadi. Unda ajriq shoxalari terib kelinib, beshtadan bittagacha gulbargi qoldiriladi. Shoxa ajriq poyasidan ehtiyotlik bilan sugʻurib olinishi lozim, chunki ularning ost qismi bir xil boʻlishi kerak. Kimdir ajriq shoxalarining gulbarg tomonini kafti ichida yashirib, ostki tomonini xuddi gugurt choʻplaridek yuqoriga qilib ushlab turadi, hamma bittadan shoxani navbati ila tortib oladi. Beshta gulbargli shoxani topgan poshsho boʻladi, toʻrttalik vazir, uchtalik bakovul, ikkitalik jallod va bitta gulbargli shoxani tortib olgan oʻgʻri boʻladi. Shundan soʻng tomosha boshlanadi:

– Poshsho, poshsho!

– Labbay, vazir.

– Oʻgʻrini tutdik, nima jazo beramiz?

– Nima gunoh qilgan ekan?

– Xazinadan tilla oʻgʻirlabdi, – deydi vazir.

– Unday boʻlsa yigirmata chertmak tayinlansin, – deydi poshsho. Jazoni jallod beradi. Jallod oʻgʻrining peshonasiga koʻrsatkich, oʻrta va shahodat barmogʻini qoʻyadi, keyin oʻrta barmogʻini rosa kuch bilan tortib shartta qoʻyib yuboradi. Tarsillagan ovoz chiqadi, bunday chertmakdan keyin oʻgʻrining peshonasi anchagacha qizarib yuradi. Jazoning ijrosini bakovul kuzatib turadi. Agar jallod vazifasini chin koʻngildan bajarmasa, oʻzi jazoga yoʻliqadi. Jazoning turi koʻp, sigirlarni jildirib kelish, xoʻroz boʻlib qichqirishu eshak kabi hangrashdan tortib to poshshoni yelkasiga mindirib, aytilgan manzilga yetkazishga qadar. Oʻgʻri cheki har kimga ham chiqishi mumkin, shu bois oʻzi oʻgʻri boʻlganda shoʻri qurib qolmasligi uchun poshsho baʼzan jazoni oʻylab tayin qiladi. Biroq ayrim hollarda qasdma-qasdiga ogʻir jazolar tayinlash boshlanadi va oxiri oʻyin arazlash yoki adovat bilan tugaydi, bunday kezlarda “oʻyindan oʻt chiqdi… chiqdi” deyiladi. Jallod vazifasini har kim har xil oʻtaydi, kimdir chertmakda zoʻr, kimdir zoʻgʻatada. Qoʻrdagi eng nimjon Chillashirning zoʻgʻatasidan hamma choʻchiydi. Chillashir qoq suyak boʻlganidan uning tirsagi toshdan qattiq. U choʻk tushib oʻtirgan oʻgʻrining ikki kuragi orasiga temirdek tirsagini botiradi, shunda jazoga yoʻliqqan shoʻrpeshona onasidan ovqat soʻragan olaqanot bolasidek beixtiyor boʻynini tepaga choʻzgancha boshini orqaga tashlaydi. Ana oʻshanda naqd orqa miyasiga musht kelib tushadi. Chillashirning uchta zoʻgʻatasidan ortigʻiga chidash qiyin.

Yaqin-yaqingacha jazoning eng ogʻiri zoʻgʻata edi. Lekin Kimyogar uzoqdagi bir qarindoshinikiga borib kelgandan soʻng “hakka chichdi” degan yangi jazo turini topib keldi. Bular shu paytgacha bunaqangi antiqa jazoni koʻrishmagan edi. Mahkum yerda choʻkkalab oʻtiradi, jallod uning boshi va iyagidan ushlab ikki qoshining oʻrtasidan tupugini oqizadi, xuddi osmondan qushning axlati tushgandek. Tupuk qosh va koʻz oʻrtasidan oʻtib burunning uchiga oqib kelishi shart. Agar tupuk yoʻldan ogʻib ketsa, jallodning shoʻri quriydi, uning oʻzi jazoga yoʻliqadi. Shu bois jallod jon-jahdi bilan oʻgʻrining iyagini changallab, boshidan mahkam bosib turishga harakat qiladi-ki, mahkum kallasini qimirlatib tupuk yoʻlini oʻzgartirib yubormasin.

Rosti, bu jazo faqat bir marta qoʻllanildi, xolos. Oʻshanda Kimyogar shoxalarni tarqatgandi, hiyla ishlatib oʻziga jallod, Chillashirga oʻgʻri chekini chiqardi. Biroq bu jirkanch tomoshadan keyin qoʻrdagilarning ikki-uch kungacha poshsho-vazir oʻyinini eslashga-da hafsalasi kelmadi. Ayniqsa Kimyogar changalida ojiz qoʻzidek tipirchilab, soʻng qilt etolmay koʻzlarini moʻltiratgancha burnining uchiga kelib qolgan tupukni kuzatib turgan Chillashirning ahvolini eslasa, Lochinkoʻzning koʻngli haligacha alagʻda boʻladi.

Bechora Chillashir bugun endi haqiqiy jazoga yuz tutgan. Lekin u ham anoyi emas. Choʻloq turnadek lapanglab kelib “oʻgʻrining” umurtqasiga tirsagini botirib ezgʻilagan kezlarida koʻzlari shodon porlaganiga Lochinkoʻz guvoh. Qolaversa, qoʻrga yangi kelgan paytlarida bolakayga rosa azob bergan. Soʻrashganda Lochinkoʻzning qoʻlini ombur solgandek mahkam qisib olgancha qoʻyib yubormasdi. Soʻyloq tishlarini koʻrsatib iljayib turaverar, bechora bolakay koʻzlariga tirqirab kelgan yoshni zoʻrgʻa toʻxtatib, barmoqlari uchidagi ogʻriq zoʻridan chiyillab yuborardi. Biroq yigʻlamagan, hali bir kun boplab oʻchimni olaman, deb ichiga tugib yurardi. Oʻshanda “Oʻlmas Kashsheydek” xunuk iljaygan Chillashir mana endi qoʻrqoqlik qilgani bois jaziramada kuyib oʻtiribdi.

 

* * *

Targʻil sigir tinimsiz moʻrashga tushdi. Chillashir uni tosh bilan urdi, sigir bir-ikki qadam ortga tisarilib, ovozi oʻchdi, lekin dam oʻtmay qoziq atrofida gir aylanib yana moʻray boshladi. Chillashir endi sigirining oʻkirishiga chidashdan boshqa iloji yoʻqligini tushungandek indamay oʻtiraverdi. Qolaversa, u shundoq ham yuz-koʻziga gʻujgʻon yopishayotgan chivinu pashshalarni qoʻrish, ora-sira kelib qoladigan qovogʻarini yantoqning shoxi bilan haydash ila ovora. Quyosh ancha tikkaga kelib qolgan, Chillashirning terdan hoʻllangan koʻylagi etiga yopishib ulgurgan, boshidagi doʻppisining magʻzi ham ivib, chetlarida tomchilar paydo boʻlgandi. Lochinkoʻz undan koʻzini uzib, kitob oʻqishga urinmoqchi boʻldi, lekin kitobni qiyiq orasiga solib qoʻydi-da, Chillashirni kuzatdi. Targʻil sigir qoziq atrofida aylanishdan charchab, egasidan bir-ikki qadam narida toʻxtadi. Chillashir boshini koʻtarib bolakayga bir qarab oldi, ketini yerdan koʻtarmay surila-surila sigirning yoniga kelib, uning soyasiga turib oldi. Targʻil yurib ketmasin deb goh-goh uning qornini silab turdi, jonivorni chaqmoqchi boʻlgan soʻnalarni doʻppisi bilan urib oʻldirdi. Jonivor boshini tinimsiz sarak-sarak qimirlatib bezovta boʻlaverdi. Chillashir sigirning burov solingan chap qulogʻini arqon shilib qonatgani, jarohat oʻrnida qora pashshalar gʻuj boʻlib qon soʻrayotganini koʻrdi. U burovni boʻshatib, bir siqim tuproq oldi-da qonab yotgan joyga surdi, soʻng yana joyiga oʻtirdi.

Quyosh tikkaga kelganda targʻil sigirning moʻrashga-da majoli yetmay yer iskab qolgan, har zamon dumini oʻynatib pashshalarni qoʻrib turardi, xolos. Jiqqa terga botgan Chillashirning boshi endi sigirning qorniga tegib turardi, boshqa soya qolmagandi. Chillashir eʼtiborsiz qolib sigirni soʻna chaqdi chogʻi, jonivorning eti bir titrab, dumini qattiq siltadi. Tarsillagan ovozdan sergaklangan Lochinkoʻz bular tomon koʻz tashladi. Aftidan sigirning dumi Chillashirning yuz-koʻziga ham tekkan shekilli, u oʻzini ortga tashlab, oʻng koʻzini tinimsiz ishqalashga tushdi. Lochinkoʻzning yuragi jimillab ketdi, molning dumi koʻzga tegsa yomon ogʻriydi. Endi soyadan quruq qolgan Chillashir boshini ekkan koʻyi koʻzini ishqalab oʻtiraverdi.

Oradan qanchadir vaqt oʻtgach bolakay chiday olmadi, Chillashirning tepasiga bordi.

– Soyaga oʻtib dam olvoling, men hech kimga aytmayman, – dedi. Chillashir boshini koʻtarib bolakayga qaradi, oʻng koʻzining ichi qip-qizil, qon toʻplangandek, qovogʻi qizarib shishib ketgan. Boshidan, peshonasidan oqib tushayotgan shoʻr terdan koʻzi battar achishmoqda edi. Lablari quruqshab, poʻrsildoq ola boshlabdi. U boshini sarak-sarak qilib yoʻq, dedi va jiqqa terga botgancha oʻtiraverdi. Lochinkoʻz ortiga qaytib choynak tagida qolgan jiydali choy yuqini toʻkib tashladi, buloq suviga toʻldirib keldi.

– Koʻzingizni yuvib oling, – dedi u. Chillashir avvaliga ishonqiramay bolakayning koʻzlariga uzoq tikilib qoldi, keyin choynakka yopishib yutoqib suv ichdi, yuz-koʻzini yuvib oldi-da, yana yerga qaragancha oʻtiraverdi.

Quyosh rosa tikkaga kelib toʻxtab qolgandek edi. Chillashir har zamon gʻirillab esib qolgan shabbodaga yuz tutish uchun holsiz bosh koʻtarar, soʻng kallasi shilq etib yana pastga tushardi. Lochinkoʻz bu ahvolda uni oftob uradi, ehtimolki, urib boʻlgandir ham, deb oʻyladi. Bir paytlar boshi ogʻrib ichi ketganda onasi “bolani issiq urib, dami ichiga tushib ketibdi” deya sachratqi gulidan damlama ichirgani, boshidan ham quyganini esladi. U doʻppisini toʻldirib sachratqi gulidan terib keldi, oʻchoqqa oʻt qalab suv qaynatdi. Damlamani tayyorlab, sovitish uchun choynakni soylik oʻrtasidan oqib oʻtayotgan bir bilak loyqa suvga botirib qoʻydi. Yoz chillasining jaziramasida jizgʻanak boʻlayozgan Chillashirga tikilib, chin dildan rahmi keldi, qoʻlini ombur solgandek qimtib qiynaganlarini kechirib yubordi. Ikki kun avval xamiri sutga qorilgan issiq nonini baham koʻrganida koʻzlari mehribonlikka toʻla boʻlganini esladi. Uni oʻziga juda ham yaqin, qadrdondek koʻra boshladi. U ertalab avaylab olib qoʻygan yogʻli non boʻltami va alyumin krujkadagi damlamani olib Chillashirning yoniga bordi. Chillashir batamom holdan toygan, qizargan mijjalari, poʻrsillagan lablariga yopishgan xira pashshalarga deyarli eʼtibor ham bermay qoʻygandi. Lochinkoʻz unga damlamani tutmoqchi boʻlgan edi, birdan ortidan hayqiriq yangradi:

– Sotqin! Sotqin, oramizdan sotqin chiqibdi!

Lochinkoʻz oʻgʻrilik ustida qoʻlga tushgandek qoʻrqib ketdi, pastdan hayqirishib kelayotgan qoʻrga qaragancha qotib qoldi. Birinchi boʻlib harsillagancha akasi yetib keldi, keldi-yu, bolaning qoʻlidagi krujkani urib uchirdi.

– Nima qilyapsan, sotqin! Sen ham shu qoʻrqoqqa oʻxshab yakkamoxov boʻlmoqchimisan!

Akasi tarsaki tortmoqchi edi, ortidan yetib kelgan Kenja botir qoʻlini ushlab qoldi.

– Qoʻy, nima qilasan, yosh bola-ku, – dedi. Biroq Kimyogar kelib olovga moy sepdi.

– Jazo, jazo! Sotqinga jazo! – deb Qoʻrboshining atrofida gir aylandi. Qoʻrdagilar nima qilishni bilmay bir-birlariga qarab qolishdi. Chillashir allaqachon boshini tizzalari orasiga yashirib olgandi. Faqat Kimyogar jonsarak. Qoʻrboshi qanday jazo tayinlashni Donishning oʻzi hal qilsin, dedi.

– Zoʻgʻata, zoʻgʻata. Yoʻq, hakka chichdi, hakka chichdi, – deya Kimyogar yana ayyuhannos sola boshladi.

Lochinkoʻz bu manzarani kuzatar ekan, ilkis badanida qoʻrquvdan asar ham qolmagani, muz qotgan tomirlarida endi qaynoq bir narsa joʻsh urib kelayotgani, shu asnoda bularning bari bemani, mayda narsalardek tuyulganini sezdi. Koʻz oldidan gʻizillab turli manzaralar oʻta boshladi: sharqiragan soy shovqini qulogʻini batang qildi, koʻziga oʻt-oʻlanlar orasida tipirchilayotgan baliqlarning oppoq qorni koʻrinib ketdi, jardan potirlab uchib chiqqan son-sanoqsiz qushlarning nagʻmasini eshitdi, chopganda qiyoqlarning tizzalariga tarsillab urilganini his qildi, tulki in qurgan gʻor atrofidagi sirli sukunatga quloq tutdi, hovuchidagi muzdek buloq suvining tiniqligi, suv parisining sochlaridek toʻlgʻonib yotgan quloch-quloch baqatoʻnlarning quyosh nurlarida jilva qilishi koʻzini oldi. Qizil zirkning nordon, ituzumning chuchmal taʼmini tuydi, naʼmatakning shira boylagan mevasi ichidagi tuklari tilini yorgandek boʻldi. Biroq mana bu oʻqrayib turgan nigohlar, Kimyogarning tilla topgandek quvonchdan jilpanglashi, yeru koʻkdan urayotgan issiqdan sop boʻlgan Chillashirning shamdek erib, tobora bukilib borishi tasavvuridagi manzaraga sira sigʻmas edi.

Lochinkoʻz bir soʻz demay kattalardan nari ketdi, tutning tagiga bordi, qoʻqqis toshdan yasalgan oʻchoqning kulini toʻzgʻitgancha tepib, buzib tashladi, keyin qiyigʻini beliga bogʻladi-da, boshini yuqori koʻtarib yoʻlga tushdi. Bolakayning bu qiligʻidan kattalar lol qoldi.

– Toʻxta, qayt ortingga, sotqin! Qoʻrqoq! – baqirdi akasi.

Bola bir dam toʻxtab, akasiga oʻgirildi. Jahldan qizargan-boʻzargan akasi unga yeb qoʻygudek qarab turardi. Bolaning pishqirgan soy oʻrtasida qoʻrquv iskanjasiga tushib qolgan payti yodiga tushdi. Akasining vajohati hamon oʻsha-oʻsha edi. Biroq bu gal bolaning ichida boshqa his-tuygʻular tugʻyon urardi. Oʻzini qoʻrquv va qoʻr oldidagi majburiyatlardan ozod sezgan Lochinkoʻz qushdek yengil qadam tashlab keta boshladi. Ortidan alam bilan baqirib qolgan akasiga zarracha eʼtibor bermadi. Shu damgacha boshini tizzasidan koʻtarmagan Chillashir endi uzun boʻynini choʻzib Lochinkoʻzning ortidan hayrat ila tikilib qoldi.

 

Muhammad ShARIF

 

“Yoshlik”, 2014 yil 7-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.