Islomiyat

0
77
marta koʻrilgan.

Islomiyat butun insoniyatdur. Insoniyat esa yaxshi xulqdan iboratdur. Islomiyatni rasuli akram sallollohu alayhi vasallam afandimizning yolgʻuz oʻzlari butun dunyo yuziga yaxshi xulqlari soyasida tarqatdilar. Sahobalar ham Paygʻambarimizning orqalaridan ergashub, mahkam eʼtiqodlari, yaxshi axloqlari, pok qalblari, oʻtkir shijoatlari ila yer yuzuni titratdilar. Kundan kun islomiyatning shavkat va quvvati ortdi. Olamga madaniyat, maʼrifat, musovot, adolat urugʻlari Arabiston yarim orolidan yoyildi. Buning sababi sahobalardagi metin eʼtiqod, buzulmas ittifoq, sof qalb, yaxshi amal, xolis niyat, tuganmas gʻayrat, goʻzal axloq edi. Har narsaning ofati oʻldigʻi kabi zamonlarning oʻtuvi ila islomiyatning ittifoqina koʻz tegdi. Musulmonlar orasiga tafriqa tushdi. Hikmat egalari, funun sohiblari islomiyatdan quvlandi. Ilm-u hikmat xazinalari qulflandi. Jaholat, adovat hukm surdi-da, boʻyla oʻldi:

 

Afsus ekinzorni selob olibdur,

Dehqonni falokat bosub, uyquda qolibdur.

 

Musulmonlarning diliga ittifoq oʻrniga nifoq, adolat oʻrniga zulm, muhabbat oʻrniga adovat, gʻayrat oʻrniga atolat, muruvvat oʻrniga gʻazab, saxovat orniga buxl, tavozuʼ oʻrniga kibr, sadoqat oʻrniga iftiro, shafqat oʻrniga hasad, hilm oʻrniga hamoqat, hurmat oʻrniga xusumat, qanoat orniga tama, sabr oʻrniga gʻurur, iqtisod oʻrniga isrof, afv oʻrniga dahshat, saʼy oʻrniga safohat, gʻayrat oʻrniga xurofot yerlashdi. Mana, shul yomon xulqlari sababidin asri saodatdan buyon islomiyat keyin qarab ketdi. Gʻarib millatning chin xulafosi, ulamosi, hukamosi taxtindan, mansabindan mazhabindan suruldi. Odillar yerina zolimlar, olimlar yerina abu jahllar, bulbullar yerina qargʻalar, qumrilar yerina boyqushlar, bilmam va hokimlar yerina kimlar oʻturdi. Shul sabablara mabni islomiyat dunyosi inqiroz sahrosina yuzlandi. Islom hukumatlarida birin-ketin koʻzdin nihon oʻldi.

 

Yetsa navbat oʻlturar boyqush

Sulaymon tomiga,

Oʻrmaguchlar in qoʻyar

Afrosiyob ayvoniga.

 

Abdulla AVLONIY

 

“Turkiy Guliston yoxud axloq” kitobidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.