Ishq haqida risola

0
925
marta koʻrilgan.

Oʻrta asrlar Gʻarbiy Yevropa mamlakatlarida cherkov hukmronlik qilib, turgʻunlik uzoq davom etgan boʻlsa, Sharqda qadimgi hind falsafasi, zardushtiylik, moniylik, yangi aflotunchilik, ellinizm madaniy merosini oʻrganish va eng muhimi, islomiyat madaniyatida ilm-fanlarni izlash oqibatida kalom, hadis, adab fanlari gullab yashnadi. Uygʻonish – maʼnaviy tiklanish va yuksalish davri boʻldi. Yoqub ibn Isʼhoq al-Kindiy, Muhammad Xorazmiy, Forobiy, Beruniy, Abu Bakr Roziy, Ibn Sino, Zayniddin Gʻazzoliy, Mahmud Zamahshariy, Ibn Bojja, Ibn Tufayl, Ibn Arabiy, Ibn Rushd va boshqa allomalarning ilmiy-ijodiy merosi keyinchalik Gʻarb Uygʻonish davrining boshlanishiga kuchli taʼsir koʻrsatdi.

Abu Ali ibn Sino tibbiyot ilmi daholaridan biri, Arastu va Forobiyning izdoshi, ruhshunoslik, tibbiyot, falsafaning turli sohalari – mantiq, axloqshunoslik, estetika, ontologiya (borliqni oʻrganish), gnoseologiya (bilish nazariyasi), kalom-ilohiyot sohalarida qoldirgan nodir asarlarini jahon olimlari ming yildan buyon oʻrganib kelmoqdalar. Ibn Sino hajman kichik, lekin mazmunan juda keng koʻlamli boʻlgan “Ishq haqida risola” asarida Forobiy falsafasini yanada rivojlantirib, tabiatdagi barcha mavjudotlarning oziqlanish, oʻsish, harakatlanish, intilish va xavf-xatardan saqlanish, jon, nafs, ruh quvvatlari asosida hayotga muhabbat, nurga – yorugʻlikka, goʻzalikka, zaminga mehr, oʻz umrini avlodlari orqali abadiy davom ettirishga, vayronlikka emas, balki oʻsishga, gullab-yashnashga intilish qonuniyati amal qilishini teran falsafiy mushohadalar bilan dalillab beradi.

Ibn Sinoning Sharq va Gʻarbda mashhur bu asarini zakovatli zamondoshimiz, serqirra ilmlar sohibi Najmiddin Komilov oʻzbekchaga tarjima qilmoqchi ekanligini suhbatlarda aytgan edi, ammo afsuski, nasib boʻlmadi. Biz yaqin doʻstimiz ishini davom ettirish maʼnosida bu asarni Gruziya olimi K. Serebryakov tadqiq etgan arabcha va ruscha matni boʻlgan Tiflis nashridan har ikki til asosida tarjima qildik.

Tarjimonlardan


 

Abu Ali ibn Sino

 

Mehribon va rahmli Olloh nomi bilan!

Sen, Abdulloh al-faqih al-Maʼsumiy,[1] mendan ishq haqida qisqacha bir risola yozib berishni soʻragan eding. Quyida sening istagingni bajo keltirish va senga manzur boʻladigan bir risola bitishga harakat qildim va barcha imkoniyatlarimni ishga soldim.

Risola yetti fasldan iborat: Har bir jonzotning javharidan kelib chiqadigan ishq toʻgʻrisida; Oddiy jonsiz mavjudotlar (maʼdanlar)ga xos sevgi haqida; Oʻzlariga xos miqdordagi oziqlanish quvvatiga ega boʻlgan mavjudotlar (oʻsimliklar) sevgisi haqida; Oʻziga xos tiriklik meʼyoriga ega boʻlgan hayvoniy ruh, javhar egalari sevgisi haqida; Yosh, yorqin, goʻzal xilqatlarning ishqi haqida; Ahli dillar ishqi haqida; Xulosalar.

 

Avvalgi fasl

Har bir jonzotning javharidan kelib chiqadigan ishq toʻgʻrisida

Olloh tomonidan boshqariladigan har bir mavjudot (javhar egasi) oʻzi uchun xayrga va kamolotga intiladi va oʻz tabiatidagi shaʼr – yomonlik deb ataluvchi nuqsonlardan qutilishga harakat qiladi. Oʻsha yomonlik, aslida, moddaning ilk holatida mavjud edi. Zero, har qanday yomonlik va nuqson moddaning ilk va nomavjudlik holatidan kelib chiqadi. Yuqoridan boshqariladigan barcha mavjudotlar tugʻma ishq va tabiiy hirs (istak)ga ega boʻladi. Bundan: sevgi intilishi narsa (ashyo)ning mavjudligi sababchisidir, degan fikr kelib chiqadi.

Barcha mavjudotlarni uchta belgisiga qarab toifalarga boʻlish mumkin: Oʻziga xos kamolotga yetishganlar; Oxirigacha nuqsonga botganlar; Ikkala holat oʻrtasida ikkilanuvchi, tabiatan oraliq holatda turuvchilar.

“Nuqsonlarga oxirigacha botganlar”, deb taʼriflanuvchilar mutlaq nomavjudlikka yaqin va mavjudlikdan barcha aloqalari uzilgan, shunga koʻra, ularni “mutlaq nomavjud”, deb taʼriflash va ularni nomavjud narsalar qatorida oʻrganish mumkin. Bular boʻlinishi boʻyicha yoki fikran mavjudot qatoriga qoʻshiladigan boʻlsa-da, ularni mohiyat (javhar)li borliqqa qoʻshmaslik kerak. Mavjudlik iborasini ularga nisbatan faqat majoziy maʼnoda qoʻllash lozim. Shunday qilib, haqiqiy mavjud narsalarni yo rasolik, kamolotga erishgan yoki tabiati boʻyicha fazilatlar va nuqsonlar oʻrtasida ikkilanib turuvchi, deb taʼriflash lozim boʻladi. Muayyan bir mukammallikka intilish sababli umumiylikka ega boʻlgan narsalar tugʻma sevgi orqali kechadi va uni oʻzining takomillashuvi bilan bogʻlash mumkin.

Bu – sabab jihatidan va “nima uchun?” degan savol qoʻyilishi jihatidan ham aniq-ravshandir. Chunki (1) birorta oliy tamoyil asosida boshqariladigan yakka (individual) javhar oʻziga yarasha takomillashuvdan bebahra emas; (2) Bunday javharning oʻz-oʻzidan erishgan malakasi takomillashuv uchun yetarli boʻlmaydi yoki yuqoridan boshqariladigan javhar oʻz-oʻzidan barkamol boʻlgan ilohiy nur mohiyati hisoblanadi. Shunga koʻra, (3) har bir yakka javharda takomillashuvga olib keladigan bu tamoyilni ayrim faylasuflar tushunganlaridek, yakka mavjudotlarning har biriga alohida xos boʻlgan takomillashuv, deb oʻylamaslik kerak. Shunday ekan, Vojib ul-vujud barcha mavjudotlar uchun umumiy boʻlgan ishqni berishi zaruriy boʻladi. Bu bilan ilohiy nur tarqalishi (tajalliy) tufayli hosil qilingan umumiy kamolotni – umumiy mukammallashuvni saqlab qolish, bu dunyoda oqilona tartiblar oʻrnatilishi tufayli paydo boʻlgan kamolotni yoʻqotmaslik zaruratidan kelib chiqadi. Shunday qilib, bunday sevgi – yuqoridan boshqariladigan barcha mavjud narsalar zaruriyat mahsulidir va ajralmas xususiyatdir. Aks holda, bu umumiy ishqni saqlamoq, uni nomavjudlikdan asramoq hamda yoʻqlikka yuz tutganda qadimgi holatga qaytarmoq uchun boshqa bir sevgi (ishq) kerak boʻlur edi. Bunday holda ana shu ikki sevgining biri foydasiz va ortiqcha, deb hisoblangan boʻlur edi.

Tabiatda esa ilohiy tartib boʻyicha ortiqcha va foydasiz narsaning oʻzi yoʻq (yaʼni tabiat bekamu koʻst yaratilgan). Ammo umumiy va mutlaq sevgidan tashqari sevgi ham yoʻq. Ilohiy boshqariladigan (yuqori tamoyil asosida boshqariladigan) har bir narsaning mavjudligi tugʻma ishq (yashash ishqi) bilan bogʻliqdir.

Shu dalildan kelib chiqib, avval aytganimizdek, bundan yanada yuqoriroq pogʻonaga oʻtamiz, yaʼni Oliy Mavjudot tomonidan boshqariladigan narsalarning Xudoning qudrati bilan yashashi jarayonlarini qarab chiqamiz. Va biz aytamizki, ezgulik (xayr, yaxshilik, neʼmat) oʻz-oʻzidan sevimlidir. Agar shunday boʻlmaganida, biron yumushni bajaruvchi, xohish-iroda egasi maqsadli harakat qilmagan boʻlur edi. Agar ezgulik shunchalik sevimli boʻlmaganida edi, unga erishmoq yoʻlida qilingan har bir harakat foydasiz boʻlardi. Shunga koʻra, yaxshilar yaxshilikni sevadi. Yoki ishq haqiqatan ham mutanosiblikni qoʻllab-quvvatlashdan iboratdir. Bu sevgi, yoʻqolgan sevgi sari intilishning oʻzginasidir. Agar bunday boʻlmasa, u yoʻqlikka ketishi mumkin edi. Barcha mavjud narsalar oʻziga toʻgʻri kelganlarni qoʻllab-quvvatlaydi va yoʻqotilgan narsalarga qarab intiladi. Asl yaxshilik esa barcha mavjudotlarga xayrxohlik va haqiqatga toʻgʻri keladigan narsani niyat qilmoqdir. Soʻngra maʼqullash va intilish ham, inkor qilish va jirkanish kabi harakatlar mavjud narsalarning yaxshilikka moyilligi yoki moyil emasligi bilan bogʻliq holda kechadi. Zero, narsa oʻz-oʻzidan faqat xayrliligi uchun maʼqullanadi. Toʻgʻri maʼnodagi ezgulik narsalar koʻrinishidagi mohiyatan sogʻlomlik va xayrlilik belgilariga qarab aniqlanadi. Yaxshilik shuning uchun sevimliki, u oʻzicha yaxshi yoki boshqa yaxshiliklarni keltirgani uchun xayrlidir. Ishq qanday turda boʻlmasin, u yo nimagandir erishtiruvchi yoki erishilishi zarur boʻlgan tuygʻudir. Shu narsa aniqki – u barcha narsadan sevimlidir. Narsalarning yaxshiligi oshgan sayin sevgi manbaining qadri ham, shuningdek, yaxshilik sari ishqiy intilish ham ortib boradi.

Demak, oʻta qutlugʻ va eng yaxshilarning ham eng yaxshisi boʻlgan zot eng sevimli zotdir. Zero, Uning Oʻzi eng oliy yaxshilikdir. Eng yaxshi zotning oshigʻi ham eng yaxshi zotning Oʻzidir. (Boshqalarning Yaratganga ishqi eng mukammal ishq darajasiga yetishi qiyindir.) Zero, xayrli ezgulikni anglash, unga erishmoq va u bilan bevosita qoʻshilib ketmoq orqaligina uni seva oladi. Xayri Avval (Mutlaq yaxshilik) abadiy davom etuvchi yaxshilikdir va Uning Oʻziga boʻlgan ishqi toʻla barkamol ishqdir. Shunga koʻra, uning borligʻi (Vojib ul-vujud) bilan ilohiy sifatlari oʻrtasida hech qanday farq yoʻq. Ishq bu yerda mutlaq yaxshilik, sof mohiyat (javhar) va borliqdir.[2]

Shunday qilib, barcha mavjud boʻlgan narsalar uchun ishq ularning borligʻi sababchisi yoki ishq va borliq unda aynan oʻxshashdir. Maʼlumki, bironta yakka mohiyat (javhar) ishqdan mosuvo emas. Biz tushuntirmoqchi boʻlgan narsalar xuddi shulardan iborat edi.

 

Ikkinchi fasl

Oddiy jonsiz mavjudotlar (maʼdanlar)ga xos sevgi haqida

 

Oddiy jonsiz mavjudotlar uch toifaga boʻlinadi: Haqiqiy hayulo (dastlabki modda); Oʻz-oʻzicha mavjud boʻla olmaydigan shakllar; Ikkinchi darajali (juzʼiy) narsalar (aksidensiya). Ana shu shakllar bilan juzʼiy narsalarning farqi shundan iboratki, modda shaklda mohiyat kasb etadi. Shuning uchun ham qadimgi ilohiyotchilar shaklni mohiyat jinsining bir turiga kiritish kerak, deb hisoblar edi. Chunki shakl mustaqil ravishda mavjud boʻlgan mohiyat (javhar)ning uzviy qismi hisoblanadi. U oʻz-oʻzicha alohida mavjud boʻla olmaydi. Chunki dastlabki moddaning tabiati (holati) shunday edi. Shunga qaramay, modda javhari mohiyatga tegishli ekanligini inkor qilib boʻlmaydi. Chunki u tabiatan oʻzidan-oʻzi mavjud boʻluvchi mohiyatlarning bir boʻlagi hisoblanadi. Bundan tashqari, ilohiyotchilar ilk modda (hayulo)ga nisbatan shaklda koʻproq mohiyatga oid xususiyatlar mavjud, deb bilishadi. Buning sababi shundan iboratki, modda javhari shu javharga shakl boʻlgani uchun ham mavjuddir: agar shakl mavjud boʻlsa, javhar ham bil-feʼl mavjud boʻlishi kerak. Shunga koʻra, bil-quvva shakl bil-feʼlning bir turi sifatida mavjuddir, deyiladi.

Dastlabki hayulo (xom-ashyo) holatida yashirin mohiyat kasb etuvchi, salohiy, bil-quvva ashyolar qatoriga kirar edi. Ammo qaysidir bir mohiyatning bil-feʼl mavjudligi ilk hayulo mavjudligidan kelib chiqishi shart emas. Shunga koʻra, u yashirin mohiyatning (yashirin kuch-quvvatning) bir turi hisoblanadi.

Shu tariqa shaklning haqiqiy tabiati aniqlanadi. Shaklning bunday haqiqiy tabiatini uncha muhim boʻlmagan narsalar (aksidensiya – orazlar) qatoriga kiritish kerak emas, chunki oraz mohiyat kasb etuvchi asos emas va uni hech qanday nuqtai nazar bilan ham mohiyatga taalluqli, deb boʻlmaydi.

Shuni aniqlab olgach, aytamizki, bu jonsiz oddiy yakka mohiyatlarda ham tugʻma ishq boʻladi. U bu ishqdan hech qachon ajrala olmaydi va ishq ularning mavjudligi sababchisidir.

Endi ilk modda – hayuloga kelsak, u qandaydir bir shaklga erishmogʻi, shu bilan har qanday shakldan mosuvo boʻlmogʻi ham mumkin. Ilk materiya (hayulo) yoʻqlik manzilidir. Shunga koʻra, u (ilk materiya) bir shaklga erisha olmagach, mutlaq nomavjudlikdan qutilishi uchun boshqa bir shaklga ega boʻlish sari shoshilishini tushunib olasan. Zero, haqiqatan ham har bir yakka mohiyat tabiatan mutlaq yoʻqlikdan qochadi. U (ilk materiya) shaklga ega boʻlganda unda faqat nisbiy yoʻqlik holati zohir boʻlsa, (umuman) biron shaklga kirmaganda esa u mutlaq yoʻqlikka doxil boʻladi. Bunda nega bunday ekan, deya fikrlashning hojati yoʻq. Ilk modda (hayulo) xunuk bir ayolga oʻxshaydiki, xunukligi koʻrinib qolmasligi uchun u har bir yarashiqsiz joyini yengi bilan yashirishga urinadi. Shunday qilib, ilk modda – hayuloda tugʻma ishq mujassamlashgandir, desak boʻladi.

Shaklga kelganimizda, undagi tugʻma ishq ikki taraflama koʻrinishga ega:

  1. Uning (shaklning) oʻz ashyosiga yaqinligi sodiqligida mustahkam turishi va oʻz ashyosidan uni ajratadigan har qanday narsadan qochishi;
  2. Oʻz hayulosi va tabiiy oʻrniga boʻlgan sodiqligi va ularga erishgan hamda ishqiy intilgan paytda u besh oddiy unsurdan iborat boʻlishi.[3] Shakl ushbu daraja-holatlardan tashqari boshqa hech narsaga tayanmaydi.

Orazlar (aksidensiyalar)ga kelsak, ularning ishqi oʻzlari intilgan narsalarga sodiqligi, navbatma-navbat almashinib turishi bilan bogʻliq ekanligida namoyon boʻladi.

Shunday qilib oddiy (javhar) mohiyatlardan hech biri oʻz tabiatiga doir ishqdan mosuvo emas.

Uchinchi fasl

Oʻzlariga xos miqdordagi oziqlanish quvvatiga ega boʻlgan mavjudotlar (oʻsimliklar) sevgisi

Oʻsimlik ruhining uch turli quvvati borligini qisqacha koʻrsatib oʻtamiz: Oziqlanish quvvati; Oʻsish quvvati (kuchi); Koʻpayish quvvati.

Shuningdek, oʻsish quvvatiga doir ishqning ham uchta koʻrinishi bor:

  1. Ulardan biri, oziqlanish quvvati boʻlib, uning modda ehtiyojiga muvofiq zarur boʻlgan oziqa miqdorini bilishi va uning tabiatiga aylangan oziqlanuvchi tanada saqlanishi; 2. Sevgining ikkinchi koʻrinishi oʻsish quvvatiga tegishli boʻlib, oziqlanmish tananing muqobil ravishda ulgʻayishi manbaidir; 3. Sevgining uchinchi koʻrinishi koʻpayish quvvatiga tegishli boʻlib, oʻzi paydo boʻlgan (narsa)ga oʻxshash mavjudot paydo boʻlishi uchun intilishidir.

Oʻsha quvvatlar mavjud boʻlsa, aniqki, ishqning oʻsha koʻrinishlari ham namoyon boʻladi.

 

Toʻrtinchi fasl

Jonli mavjudotlar – hayvoniy (javhar) mohiyat egalari sevgisi

Shubhasiz, har bir hayvoniy ruh va quvvat[4] “tugʻma ishq” taʼsiri bilan harakatga keladi. Aks holda, hayvonlardagi tugʻma xususiyat – zarar keltiruvchi narsalardan tabiiy qochish, hazarlanish hamda tugʻma ishq paydo qiladigan tabiiy xususiyat boʻlmaganida edi, hayvon tanasida ruh quvvati mavjudligi quruq gapdan iborat boʻlib qolardi. Ruh quvvati, hayvoniy ruh oʻzining barcha boʻlaklarida namoyon boʻladi.

Tashqi sezgi[5] tufayli paydo boʻladigan hislar tana uchun yo yoqimli yoki yoqimsiz boʻlishi mumkin. Aks holda, hayvon tanasi uchun tashqaridan boʻladigan taassurot uning uchun farqsiz boʻlib qolar, zararli taʼsirlardan oʻzini himoya qilmagan va uning tabiatidagi hissiyot kuchlari ortiqcha va keraksiz narsa boʻlib qolardi.

Endi ichki hissiyotlarga[6] kelganimizda, ular xotirjamlik, yoqimli tasavvur va shunga oʻxshash narsalar tufayli paydo boʻladi va yoʻqotilganda ular sari kuchli intilish seziladi.

Qahru gʻazabgacha kelganimizda (uning harakati) oʻch olish istagi va hukmronlikka intilish, kamsitilishdan, ojizlikdan va shunga oʻxshash narsalardan qochishga intilishdir.

Mohiyatning hissiyotlar boʻlimiga kelsak, avvalgi fasllarda aytilgan fikrlar yanada tushunarliroq boʻlishi uchun ozroq chekinish qilamiz va bu foydadan xoli boʻlmaydi, albatta.

Ishq ikki turli boʻladi. Birinchisi – tabiiy sevgi. Uni yuzaga chiqaruvchi kuch maqsadiga erishmaguncha, (agar unga tashqi tomondan qandaydir qarshilik qiluvchi kuch boʻlmasa) koʻngli toʻlmaydi. Masalan, tosh, uni majburlab joyidan qoʻzgʻatuvchi kuch paydo boʻlmaguncha, oʻz oʻrnida sobit turaveradi. Bu xususiyat oziqa quvvati va boshqa oʻsuvchi quvvatlarda ham bor. Tabiiy ishq biron tashqi kuch taʼsir etmaguncha oziqlanishda davom etaveradi. Ishqning ikkinchi turiga ixtiyoriy ravishda tanlanadigan sevgi kiradi. Uni yuzaga chiqaruvchi (kuch) baʼzan bu sevgining zarar keltirishi ayon boʻlsa, oʻz muhabbatini inkor qilishi va undan voz kechishi ham mumkin. Masalan, xoʻtik uzoqdan boʻri yaqinlashib kelayotganini sezsa, qanchalik och boʻlmasin, oʻzi yeyotgan arpani tashlab, qochishga tushadi. Xoʻtik uchun boʻridan keladigan zarar yem yemoqdan keladigan lazzatdan ustundir.

Baʼzan ikkita oshiq bitta maʼshuqqa ega boʻladi. Tagʻin ulardan biri tabiiy, ikkinchisi esa erkin tanlov xususiyatiga molikdir. Masalan, koʻpayish (nasl qoldirish) maqsadida paydo boʻladigan sevgini olib qaraylik: bunda sevgini keltirib chiqaruvchi kuch oʻsimlikdagi koʻpayish, hayvonlardagi nasl qoldirish quvvati tufayli sodir boʻladi.

Shunga tayanib aytamizki, hayvoniy sezgi quvvati oddiy odamlar uchun yanada aniqroqdir. Uni tushuntirib oʻtirmaymiz. Aqlsiz hayvon nimani sevsa, oʻsimlik quvvatlari ham oʻsha oziqaga intiladi. Toʻgʻri, oʻsimlik quvvati sevgisidan shunday harakatlar paydo boʻladiki, bularni tabiiy, tuban (hatto) eng tuban turga ham kiritish mumkin: hayvoniy quvvatlar sevgisi esa ixtiyoriy va yuqori hamda mumtoz turga taalluqli, shunchalik yoqimli va ajib manbalar asosida kechadiki, ayrim hayvonlar bunda tuygʻular quvvatidan foydalanadilar. Shunga koʻra, koʻpchilik (odamlar) tasavvurida sevgining bunday turi faqat sezgilarga taalluqlidek boʻlib koʻrinadi, ammo aslida, u tuygʻular quvvatidan kelib chiqadi. Bunda tuygʻu kuchi qandaydir oʻrtaliq vosita sifatida ishtirok etadi. Hayvonning hissiy quvvati baʼzan oʻsimliklar quvvatiga tabiiyligi bilan oʻxshab ketadi.

Shunday qilib, bu quvvatlar harakati bir-biridan ixtiyoriy yoki ixtiyorsizligiga qarab farq qiladi. Aqlsiz hayvonlar Olloh ato etgan tugʻma tabiiy ishq va iroda, ixtiyor vositasida oʻziga oʻxshash (zot) qoldirish uchun harakatga kelsalar-da, bu yerda bevosita maqsad sari intilish yoʻq. Yoki bunday sevgida ikki xil bilvosita maqsad koʻzlangan boʻladi. Men bunda quyidagilarni koʻzda tutaman: avvalo, oʻsimlik va hayvonlarning nasl qoldirishi Olloh taolo inoyati tufayli sodir boʻladi. Ammo paydo boʻlgan naslning hayotiy bardavomligini xohlagan tarzda oʻzgartirish mumkin emas. Zero, tugʻilish va oʻlim – barhaq.

Har bir yaratiq maxluq uchun (qismat) qazo va qadar bor. Unda yaratilgan har bir jon (nafs) belgilanganidan bir daqiqa ortiq yoki kam umr koʻrmaydi. U borliq – mavjudlik davomida oʻziga oʻxshash nasl qoldirish istagida boʻladi va shu maqsadda ularda (Olloh inoyati bilan) tegishli vosita va aʼzolar paydo boʻladi. Yana shuni aytish mumkinki, aqlsiz hayvon har tomonlama haqiqiy tabiatga ega boʻlgan aql quvvati jihatidan yuqori jonzotlar darajasidan pastda turadi. Ular har tomonlama (kulliy) rivojlangan jon (nafs) erishgan maqsadlarga erisha olmaydi. Shu sababga koʻra, uning hissiy quvvati maʼlum maqsad sari intilishi jihatidan oʻsimlik quvvatini eslatadi.

Mazkur faslda biz aniqlab olgan narsalar kelgusi boblarni yaxshi tushunishimizga xizmat qiladi. Biz Olloh inoyati va Ul oliy zotning madadi bilan ushbu risolada aytmoqchi boʻlganlarimizga albatta erishamiz, inshaolloh.

 

Beshinchi fasl

Yosh va yorqin chiroy bilan ajralib turadiganlar ishqi haqida

Mazkur faslga kirishdan avval toʻrt banddan iborat muqaddimani taqdim etamiz.

  1. Biror ruhiy quvvatga boshqa bir yuqori darajadagi, mumtozroq quvvat qoʻshilsa, u keyingisi bilan aloqa natijasida oʻzining yorqinligi va goʻzalligini tagʻin ham oshiradi. Chunki yuqori darajadagi quvvat past quvvatni qoʻllaydi va mustahkamlaydi; undagi xavfni bartaraf etadi hamda malaka va ustunligini oshirishga majbur qiladi; har xil usullar bilan unga goʻzallik va ezgulik baxsh etadi. Hayvonlarning hissiy quvvati ularning oʻsish quvvatiga yordam beradi, qahr-gʻazab kuchi esa oʻziga katta zarar keltiruvchi kuchlardan va barcha balo-qazolardan himoya qiladi (to tabiiy oʻlimi yetib kelguncha). (Yana bir misol:) aqliy quvvat hayvoniy (quvvat)ga maqsadga erishmogʻi uchun uning sifati va himmatini oshira borish yoʻli bilan yordam beradi. Buni oʻz shaxsiy maqsadini koʻzlab amalga oshiradi. Xuddi shu sabab bilan koʻpincha odamning sezish va intilish quvvati oʻz chegarasidan oʻtib, aqliy quvvat darajasiga koʻtariladi. Shunga koʻra, ayrim holatlarda faqat aql kuchi bilan yetishadigan maqsadlarnigina koʻzlaydilar.

Tasavvur quvvati sohasida ham ahvol shunday: aqliy quvvat (tasavvur kuchidan) u yoki bu yoʻl bilan oʻz maqsadini amalga oshirish uchun foydalanadi, tasavvur quvvati esa aql kuchi unga murojaat qilayotganidan foydalanib, shunday darajada katta jurʼat paydo qiladiki, goʻyo maqsadga oʻz kuchi bilan erishgandek sezadi oʻzini. Bundan tashqari, u aqliy quvvatga qarama-qarshi turib, uning sifatlari bilan bezanib, holatlarini oʻzlashtirib, buning ustiga, aqliy quvvat oʻzini nima deb hisoblasa, u ham shuni daʼvo qila boshlaydi va oʻz tasavvurida dil va aqlga halovat baxsh etuvchi[7] aqliy tushunchalar mohiyatiga tafakkur bilan emas, tasavvur bilan yetdim, deb oʻylaydi. Bu holat xojasi qulidan koʻproq foyda tegadigan bir ishni bajarishda yordamlashib yuborishni iltimos qilgan-u, maqsadga erishilgach, qul barchasini xojamsiz oʻzim bajardim, bu ishni bajarishga xojamning qurbi yetmaydi, deb oʻylaydigan va hatto oʻzini xoja oʻrnida koʻra boshlagan qulga oʻxshaydi. Aslida, bu qul oʻsha topshiriqni umuman bajarmagan, hech qanday topshiriq ham olmagan edi. Xuddi shunday hol odamning intilish, istak-xohish quvvatida ham baʼzan uchraydi va uning yoʻldan ozishiga sababchi boʻladi. (Bu ishni aqlim bilan emas, istagim bilan bajaraman, deganday.)

  1. Odamdagi hayvoniy ruh sezgi, xayol-tasavvurda, jinsiy aloqada, hujumkorlik va jangarilikda alohida-alohida harakat qila oladi yoki taʼsirlana oladi. Biroq shunga qaramasdan (odamning hayvoniy ruhi) aqliy quvvatlar bilan hamkorlik qilganida ayrim xayrli xususiyatlar ham kasb etadi. U shunday harakatlarni baxayr va aniq bajaradiki, shunga koʻra, sezgi, his paydo qiluvchi ashyolarda hayvonlar hech qiziqmaydigan va eʼtibor qilmaydigan, masalan: yaxshi tabiiy qorishma, toʻgʻri va mos shakllar uning eʼtiborini tortadi.

Odam, shuningdek, tasavvur quvvatini yorqin va chiroyli narsalarni his qilishga ham qaratdi. Uning tasavvur quvvati va harakati deyarli aql kuchiga va harakatiga tenglashadi. Husn ahli, kamolot kasb etgan, mutanosib va maftunkor xilqatlar koʻnglini ovlash uchun barcha jihatlardan foydalanib, qahr-gʻazab kuchi tufayli paydo boʻlgan harakatlar bilan ham ustunlik va gʻalabaga intilish mumkin.

Baʼzan (odam harakati) aqliy va hayvoniy ruh-nafsning birgalikdagi ishtiroki bilan boʻladi. Aqliy quvvat juzʼiy ashyolar haqidagi fikrlardan induksiya (istiqroʼ) yoʻli bilan kulliy – umumiy xulosaga kelishda tasavvur kuchidan foydalanadi. Aqliy quvvat shu yoʻl bilan aqliy tushunchalarni bilishda tasavvurdan foydalanib oʻz maqsadiga erishadi. Shuningdek, aqliy quvvat faqat rohatlanishga intiluvchi hissiy quvvatni qazoyu qadar hukmiga boʻysundirib, naslni saqlash, shulardan eng muhimi – odam naslini saqlashga majbur qiladi. Oziqlanishda toʻgʻri kelgan narsalarni yemasdan, tanlab, faqat nafsni qondirishni koʻzlamay, naslning eng yaxshi koʻrinishlarini, yaʼni eng yaxshi odam shaxsini (individni) saqlab qolishga harakat qiladi. Yoki bor gʻazab va nafrat kuchini boshqa bahodirlar bilan birga oʻz jonajon shahri va yurti tuprogʻidan bosqinchilarni quvib chiqarishga qaratadi. Inson aqliy quvvatlari zaminidan kelib chiqib aqliy tushunchalarni fikr-mushohada qilishi, yuksak maqsadlarga, oxirat saodatini, Ollohga yaqinlik kabi maqsadlarga intilishi mumkin.

  1. Olloh tomonidan farz qilingan har bir amalda xayr bor va unga intilmoq zarur. Biroq dunyoviy istaklar orasida shundaylari ham borki, ular oliy (ilohiy) maqsadlarga halaqit qilishi mumkin. Shuningdek, dunyoning mayda-chuydalariga berilish, mayda istaklarni qondirish bilan ovora boʻlish odamni ulkan ishlardan, oliy maqsadlardan chalgʻitadi. Mayda-chuydalarga berilish katta ishlarni yoʻqqa chiqaradi. Masalan, tib ilmi boʻyicha, burundan koʻp miqdorda oqayotgan qonni bir uqiya[8] koʻknori yeyish bilan toʻxtatish mumkin. Ammo ozgina miqdorda ichilgan koʻknorining odam hayotiga va kelajakdagi sogʻligʻiga tuzatib boʻlmas taʼsiri haqida oʻsha paytda oʻylab koʻrilmaydi.

Shunday qilib, aqlsiz hayvonlardagi hayvon ruhi (nafs)ga tegishli narsalarning koʻpligi hayvon uchun zararli boʻlmay, aksincha, nafs quvvatining boyishiga yordam beradi, biroq aql quvatiga yetkazadigan ziyon-zahmat sifatida men “At-Tuhfa” kitobimda taʼkidlaganimdek, odam uchun ayb sanaladi. Bundan yuz oʻgirmoq va qochmoq zarur.

  1. Aqliy ruh ham, hayvoniy ruh ham nimaiki tekis va mutanosib boʻlsa, bamisoli hamohang tovushlar, mazali taomlar kabi narsalarni xush koʻradi. Ana shu narsalar hayvon ruhi uchun tabiiy boʻlsa, aqlli jon egalari uchun ilohiy gʻoyalarni mushohada qilishga sababchi boʻladi. Nimaiki ishqning dastlabki mazhari (Vojib ul-vujud)ga yaqin boʻlsa, u mukammal va mutanosib, undan bevosita keyin namoyon boʻladigan narsalar ham mutanosiblik va uygʻunlik sifatlariga erishadi. Undan (Vojib ul-vujuddan) uzoqlashish esa koʻp mayda boʻlaklarga ajralib ketishga (kasrat), nomuvofiqlik (disgarmoniya), nomutanosiblikka olib keladi. Bu haqda metafiziklar yaxshi tushuncha berishgan. Qachonki, aqlli jon goʻzallikka (jamol va kamolga) yetishsa, uni mehr va ehtiros bilan mushohada qiladi.

Biz aytamizki, odamdagi tashqi chiroyni (bu yoshlik va nafislik ham deyiladi) har bir aqlli mavjudot xush koʻradi. Bunday xususiyat yo bitta hayvoniy quvvatga taalluqli yoki ikkalasi (aqliy va hayvoniy quvvat)ning birgalikdagi ishtiroki natijasi, deb qarash mumkin. Agar bu faqat hayvoniy quvvatga tegishli boʻlganida, oqil kishilar uni nafislik va yoshlikka yoʻymas edilar. Odam (biror narsa ustiga) hayvon kabi tashlanganida ayb-nuqsonlar girdobiga tushib, oqil nafsga katta zarar keltirgan boʻladi. Bu – oqil nafsning ishi emas. Yakkam-dukkam narsalarni his-tuygʻu orqali qabul qilish emas, balki abadiy aqliy tushunchalarni idrok qilish uning doimiy vazifasiga kiradi. Sevgining bu turida ikki tomon (oshiq va maʼshuq) ishtirok etadi.

Buni boshqacharoq yoʻsinda tushuntirish ham mumkin: agar odam goʻzal qiyofani hayvoniy qoniqish uchun sevsa, u buzuqilik qilganligi uchun gunohkor sifatida malomatga loyiqdir. Agar odam goʻzal qiyofali (kishi)ni mushohada asosida sevsa, biz yuqorida tushuntirganimizdek, uni kamolot vositasi va ezgulikka yaqinlashish shodligi sifatida qarash mumkin. Chunki u ilk va sof manba (Vojib ul-vujud)ning hamda sevgining sof manbai va mazhari boʻlmish Ollohga tobora yaqinlashayotganligini his eta boshlaydi. Bu esa uni yanada koʻrkam va nafis, yoshargan holatlarga munosib boʻlishini taʼminlaydi. Shunga koʻra, chiroyli qiyofa egalarining qalbi oʻtkir aql va falsafiy mushohadalarga boy boʻlmaydi hamda oʻzini ochkoʻzlik va tund talablarini namoyon qiluvchi va u yoki bu darajada goʻzal qiyofaga ega boʻlmagan kishilarga ergashmaydi. Zero, odamning bashariyatga xos kamolot kasb etishi pinhoniy, jibilliy yurak qaʼridagi yashirin sof sevgiga loyiqdir. Paygʻambar (s. a. v.) deydi: “Oʻz hojatingni chiroyli, ochiq yuzli kishilardan izla”. Chunki goʻzal yuz va qaddi-qomat faqat sof tabiiy tarkibda boʻladi va sof mutanosiblik va tabiiy tarkib kishiga yoqimli xulq va nafis sifatlar ato etadi. Ammo baʼzan odam kelishmagan qiyofaga ega boʻlsa ham, botiniy sifatlar boʻyicha goʻzal boʻlishi mumkin. Buni ikki jihat boʻyicha tushuntirish mumkin: Yo qiyofaning xunukligi ilk (tabiiy) tarkib shakllanishidagi ichki nuqsonlar tufayli kelib chiqmagan, balki tashqi tasodifiy buzilishlar taʼsirida paydo boʻlgan yoki goʻzallik tabiiy boʻlmagan, sunʼiy paydo qilingan boʻlishi mumkin. (“Odat kishining ikkinchi tabiatidir” – deydi faylasuflar). Yana shunday hollar ham uchraydiki, baʼzilarning tashqi qiyofasi goʻzal boʻlsa-da, odatlari goʻzal boʻlmaydi. Buni ham ikki yoqlama tushuntirish mumkin: yo inson xulqi va xarakterlaridagi xunuklik tabiiy tarkib shakllanib boʻlgandan keyin qandaydir oʻtkinchi bir qiyofaga kirib qolishi yoki kuchli odat tufayli paydo boʻlishi mumkin.

Goʻzal qiyofaga nisbatan paydo boʻlgan sevgi uch xil xohish-istak bilan kechadi: 1. Quchoqlashuv; 2. Oʻpishuv; 3. Qoʻshiluv, jimoʼ.

Uchinchi xohish haqida toʻxtaladigan boʻlsak, uning paydo boʻlishi faqat hayvoniy nafs (ruh)ga bogʻliq. Darhaqiqat, bu jarayonda hayvoniy ruhning hissasi katta, bu yerda u vosita sifatida emas, ishtirokchi sifatida qatnashadi, uni (vositadan) foydalanuvchi (ishtirokchi) desa ham boʻladi. Bu, albatta, jirkanch holat. Biroq hayvoniy quvvat aqlga toʻliq boʻysunmaguncha aqlli sevgi boʻla olmaydi. Shunga koʻra, sevuvchi kishining xohishiga shubha bilan qarash, u oʻz sevgilisining kuchli istagi uchun “yoʻldan uryaptimi” yoki maqsadi oʻziga oʻxshash nasl qoldirishmi? Buning esa (nasl qoldirish) erkaklar uchun iloji yoʻq: ayollar uchun esa (nikohsiz erkak bilan qoʻshiluv) shariat tomonidan man qilinganligi tufayli qabihlik va ifloslik sanaladi. Sevgining bunday turini faqat erkaklarga, u ham boʻlsa, oʻz nikohidagi ayoli yoki kanizagi (choʻrisi) bilan jinsiy aloqa qilganida ruxsat etish mumkin.

Quchoqlashish va oʻpishish masalasiga kelganda, uni muhokama qilib oʻtirmasa ham boʻladi. Agar sevuvchi odam oʻz sevgilisi bilan yaqinlik qilish oʻz istagida boʻlganda nafs sevgilini silash va koʻrish sezgilari orqali ham istagini qondirishga harakat qiladi. Shunga koʻra, u quchoqlashuvdan lazzat oladi. Nafs ruhiy faoliyatning boshlanishidir. Qalb ikki tomonning hamnafasligi bilan sevgi manbaiga quyiladi. Shuning uchun ham oʻpishni xohlaydi. Ammo quchoqlashish va oʻpishish juzʼiy ravishda salbiy ehtiroslarni uygʻotishi mumkin, ulardan saqlanish kerak. Ammo yosh bolalarni oʻpish, odamlarning bir-birlari bilan oʻpishib koʻrishishlari bundan mustasno. Oʻpishda, quchoqlashda shahvoniy hirs ishtirok etmasa, u gunoh hisoblanmaydi.

Kimning qalbi shunday ishq bilan limmo-lim boʻlsa, u yosh va goʻzaldir. Zero, ishq goʻzallik va yoshlik demakdir.

 

Oltinchi fasl[9]

Ahli dil (ilohiy qalblar) ishqi

 

Har bir haqiqiy mavjud ashyo qaysidir bir ezgulikni qabul qilar yoki hosil qilar ekan, hayvoniy ruhlar goʻzal shakllarni sevgani kabi uni oʻz tabiatiga koʻra sevadi. Har bir haqiqiy mavjud ashyo sezgi tuygʻusi yoki aql-farosat bilan tabiiy ravishda oʻz turmushiga foydali ishlarni bajaradi. Bu ishlarga tabiatan ixlos va muhabbat bilan kirishadi. Ayniqsa, shaxsiy hayoti uchun zarur va eʼtiborga molik ishlarni zoʻr ixlos bilan bajaradi.

Hayvonlarning yemishga, bolalarning ota-onalariga boʻlgan intilishi xuddi shunga mengzaydi. Yana shunday ham boʻladiki, u yoki bu mavjud ashyoning boshqa biriga erishmogʻi, yaqinlashuvi va yaqin aloqada boʻlishi uning daraja va ustunligini oshirishga xizmat qiladi. Bunda oʻsha narsa ikkinchisiga oʻz tabiatiga koʻra, katta ishtiyoq bilan intiladi. Bu xuddi ishchi shogirdning usta (ustod, pir)ga intilgani kabi boʻladi.

Yana, agar ruhlar, u insonga tegishlimi yoki farishtagami, qatʼi nazar, Xayr ul-Mutlaq (ofarinish, malakut, jabarut olamlari) haqida yetarlicha ilmga ega boʻlmasa, ilohiy ruh egasi, deb atalmaydi. Chunki bunday qalblarga aqliy tushunchalar haqida toʻla bilimga ega boʻlgandan keyingina oʻsha sabablarga bogʻliq ravishda kamolot baxsh etiladi. “Azaliy sabab” (hayulo olami) “Chin sabab” (ashyolar olami) toʻgʻrisidagi ilmni egallamasdan bu narsalar haqida mushohada yuritish mumkin emas. Bu haqida tabiat (fizika) toʻgʻrisida ilk mulohazalarimizda ham aytib oʻtganimizdek, Avvalgi sabab, Azaliy sabab boʻlmaganda edi, aql bovar qiluvchi narsa (ashyo)lar ham boʻlmas edi.

Azaliy sabab mohiyati jihatidan mutlaq sof, ezgulik demakdir. Buning isboti quyidagicha: Ilk sabab haqiqiy borliq hisoblanadi. Haqiqiy tabiatga qarashli qolgan barcha mavjud narsalar maʼlum ezgulikdan mosuvo emas. Ezgu-xayr yo mohiyatli, yoki mutlaq, yoxud erishilgan (keyin qoʻlga kiritilgan) boʻladi. Azaliy sabab bu – ezgulik, uning ezguligi mohiyatan yoki mutlaq va yo erishilgan boʻlishi mumkin. Agar erishilgan boʻlsa, ikkidan biri: yo uning mavjudligi oʻz hayoti uchun zarur, u holda uning manbai ilk sabab (azaliy sabab) boʻladi. Azaliy sabab oʻz quvvatida manba mavjudligi sababchisidir, deb oʻylash bemaʼnilikdir. (Chunki) uni oʻz borligʻi uchun zarur, deb aytib boʻlmaydi. Bu haqda yuqorida tushuntirib oʻtgan edik. Lekin biz soʻnggi xatolarga raddiya bermaganimizda edi, bu masala ochiqligicha qolgan boʻlar edi. Biz agar bu xayrlilikni oʻz mohiyatidan ajratsak, baribir, uning mohiyati xayr sifatida taʼriflanar va mavjudlikda davom etaverardi. Agar u (keyin) erishilgan boʻlsa, biz tuganmas buhron (fasod)ga ega boʻlardik. Bu esa mumkin emas. Agar u mohiyatli (javharli) boʻlsa, fikrimizning isboti shudir.

Men yana taʼkidlaymanki, Azaliy sabab oʻz vujudida mohiyatli va zaruriyatli boʻlmagan qandaydir xayrlilik (ezgulik)ni qayerdandir olgan, deb boʻlmaydi. Bu – mumkin emas. Azaliy sabab barkamol ezgulikni oʻz mohiyatiga tayangan holdagina qoʻlga kiritadi. Chunki Azaliy sabab “ezgulik” deb atalgan oʻsha sifatlarga oʻz mohiyatiga tayangan holda erishmaganda edi, ular faqat yashirin kuch-quvvat orqali mavjud boʻlganda edi, unda Azaliy sabab ularni boshqa bir narsadan olgan boʻlur edi. Ammo unga nisbatan boshqa biron narsa yoʻqki, uning narsalariga yaqindan bogʻliq boʻlmasa. Bundan kelib chiqadiki, u erishayotgan ana shu xayrli sifatlarning boshlanishi sababchisi ham Uning oʻzidir… Ammo Azaliy sabab tufayli erishilgan ezgulik boshqa bir narsa orqali kelib chiqqanda edi, unda bu xayrlik Azaliy sababda emas, qandaydir u bilan oʻrin almashadigan boshqa biron narsada boʻlgan boʻlardi. Bu esa gʻirt bemaʼni gapdir buni yuqorida isbotladik.

Azaliy sababda hech qanday ayb va nuqson yoʻq, (u har qanday nuqsondan holi)dir. Bu quyidagicha isbotlanadi. Barkamollikning aksi nuqsondir.

Nuqson komillikning yetishmasligidan paydo boʻladi. Agar boshqada uchramaydigan biron narsaning imkoni boʻlsa, oʻsha narsaning kelib chiqish sababini uning oʻzidan axtaradilar. Biroq aniqlaganimizdek, Azaliy sababning komilligi borasida boshqa hech qanday sababga hojat yoʻq. Demak, unda komillikka qarama-qarshi boʻlgan biron nuqson ham yoʻq. Azaliy sabab oʻziga nisbatan oʻxshash boʻlgan barcha xayrli sifatlarga ega boʻladi. Yuksak xayrli sifatlarni hech narsa bilan tenglashtirib boʻlmaydi. Ular shunday xayrli sifatlarning maʼno-mazmunidirkim, faqat unda (Azaliy sababda) boʻlishi mumkin.

Shunday kilib, Azaliy sabab oʻziga nisbatan oʻxshash boʻlgan sifatlarning barchasiga ega ekanligi aniq boʻldi. Yana shu narsa ham maʼlum boʻldiki, Azaliy sabab oʻz mohiyatiga koʻra xayrlikdir, shuningdek, boshqa mavjud ashyolarga sababchi hamdir. Chunki U borliqning mavjudligi va saqlanishiga Bosh sababchidir. Unga xos boʻlgan kamolot borliq va intilish barkamolligi uchun ham xosdir. Shunga koʻra, Azaliy sabab barcha nisbatlarda xayrlik va ezgudir.

Qadimdanoq kim xayr va ezgulikni bilgan boʻlsa, uni oʻz tabiatiga koʻra yoqtiradi, bundan maʼlum boʻladiki, Azaliy sabab muhabbat manbai sifatida ahli dil (ilohiy qalb)larning ishq manbai hisoblanadi.[10]

Yetuk insoniy ruh va farishtalar ruhi Ezguyi mutloqning mohiyatiga tenglashtirilgan va layoqati jihatidan oʻziga oʻxshash aql bovar qiluvchi ashyolar mushohadasi bilan bogʻliqdir va saxiy insonlar qalbi singari haqiqat yoʻlida qilingan harakatlar tufayli sodir boʻladi hamda tugʻilish, qabz boʻlish navbatining davomiyligini saqlashda Ezguyi mutloqning mohiyatiga erishish bilan samoviy mohiyatlarni uygʻotadi. Bunday taqlid Ezguyi mutloqqa yaqinlashish maqsadida paydo boʻladi va bu yaqinlikdan maqsad, komilik va himmat egasi boʻlmoqdir. Bu Azaliy sabab yordami bilan amalga oshiriladi hamda Uning mohiyatidan kelib chiqadi. Bu xuddi sevgan narsaga yaqinlik qilish (yoʻlini) izlaganga oʻxshab ketadi. Biz aniqlaganimizdek, Ezguyi avval barcha ahli dil (ilohiy qalb)lar uchun muhabbat manbaidir.

Biz yuqorida aniqlaganimizdan maʼlumki, Mutloq ezgulik barcha ahli dil (ilohiy qalblar)ning ishq manbai sifatida namoyon boʻladi. Bu ishq hech qachon soʻnmaydi, hamisha komillik va komillikka yaqin darajada boʻladi. Ular komillik darajasida boʻlgan taqdirdagina sevgi ular uchun zaruriyatga aylanadi. Komillikka yaqin darajada boʻlsa, uni insoniy sevgi deyiladi, farishtalar sevgisi deb atashga hali vaqt erta. Zero, oxirgisi (yaʼni farishtalar sevgisi) abadiy komillik kasb etadi. Avvalgisi (yaʼni insoniy muhabbat) komillikka yaqin darajadagi sevgida odam qalbi hali aql bovar qiladigan ashyolarni his qilishning tabiiy istagi bilan toʻla boʻladi. Uning komilligi shu bilan belgilanadiki, mushohada jarayonida u koʻproq komillik kasb etishga harakat qiladi va barcha narigi dunyo – oxiratni mushohada qilishga oʻtadi. Har bir aqliy neʼmat (qadriyat), avvalo, qalb orqali ilgʻab olinadi va yakka (oʻziga xos) javharda mavjud boʻladi. Buning sababchisi boʻlgan ilk aqliy neʼmatning xususiyati shunday. Bunday qalblar oʻz borliqlarida azaldan tugʻma ishqqa ega boʻladilar. Birinchidan, Mutloq haqiqatga, ikkinchidan, aqliy neʼmatlarga muhabbat ana shu ishqning asosini tashkil etadi. Aks holda, ularning oʻz kamolotlari sari intilishi bekorchi bir narsa boʻlib qolardi.

Demak, insoniy va farishtalar muhabbatining haqiqiy manbai (Sof ezgulik – Olloh)ning oʻzidir.

 

 

Yettinchi fasl

Fasllarning xotimasi

 

Biz ushbu xotimada quyidagilar haqida toʻxtalmoqchimiz: mavjud boʻlgan ashyolarning barchasi muhabbat bilan yoʻgʻrilgan Oliy neʼmatni sevadi. Oliy neʼmat sevgisiga mubtalo boʻlganlarga U albatta koʻrinish beradi (yaʼni Oʻz jamolini koʻrsatadi). Ammo bu koʻrinish har kimda har xil kechadi va har kim har xil koʻrinishda tavhidga erishadi. Qurbatning (Ollohga yaqinlashishning) eng oliy darajasi Ul zotni haqiqiy tabiati bilan his qilmoqdir. Bu tariqatlar ichida eng komili hisoblanadi. Buni soʻfiylar Olloh birligi, yagonaligi, yaʼni “tavhid”, deb ataydilar. Biz aytamizki, barcha yaratilgan maxluqotda oʻz komillik darajasiga qizgʻin intilish boʻladi (shu intilish tufayli u Olloh inʼomiga erishadi), shunga asosan maxluq (ashyo) qanday koʻrinishda boʻlishidan qatʼi nazar, oʻz ezgu niyatiga erishadi. U (maxluq) azalda qanday sevimli qilib yaratilgan boʻlsa, yana ana shunga soʻzsiz qaytadi. Bu sohada Azaliy sababdan komilroq, mukammalroq, munosibroq xilqat yoʻq. Uni barcha jismlar (maxluqot) sevadi. Ammo ashyo (jism, maxluqot va xokazo)larning koʻpchiligi Uni (yaʼni Azaliy sababni) bilmaydi. (Biroq) komillikka tugʻma ishqi borligini inkor ham qilmaydi.

Azaliy ezgulik mohiyatiga koʻra, butun mavjudot oldida oʻzini namoyon qiladi. Agar Uning mohiyati yashirin tarzda boʻlganda edi, Uni bilib va anglab boʻlmas edi. Undan hech qanday tuhfa ham olib boʻlmas edi. Agar Uning mohiyati qandaydir boshqa bir narsaning taʼsiri ostida namoyon boʻlganda edi, oʻsha begona narsa Uning mohiyatiga taʼsir koʻrsatgan boʻlardi. Bunday deb oʻylash bemaʼnilikdir. Aksincha, Uning mohiyati oʻzini oʻzi namoyon qiladi. Agar yashirin holatda boʻlsa, bu ayrim ashyo (jism)larning Uni anglab olmasligi oqibati boʻladi. Ul zot himoyasi (panohi)ning yashirinligi tuygʻularning ojizligi, layoqatsizligi va ziyonkorligini bildiradi. Uning vasli esa mohiyatining haqiqiy tabiatidan kelib chiqadi. Ilohiyot ulamolari taʼkidlaganlaridek, sof mohiyat egasi faqat Udir. Bu mohiyatni U Oʻzida yoki Oʻzi orqali namoyon qiladi. Ul zotning oliyjanob mohiyati oʻz-oʻzidan namoyon boʻladi. Shunga koʻra, faylasuflar uni “Buyuk aql – shakl-surati”, deb atadilar.

Har tomonlama (rivojlangan) aql egalari boʻlmish ilohiy farishtalar (Olloh jamoli) tajalliysini birinchi boʻlib ilgʻaydilar. Uning tajalliysi xuddi oynada aks etgan shakl kabi javhar tomonidan koʻzgudagi oʻxshashi sifatida qabul qilinadi. Faol aql-idrok uning oʻxshashi boʻlsa, ish taxminan yuqoridagidek boʻladi. Ammo (bunday deb aytishda) ehtiyot boʻlish kerak. Chunki u haqiqatan zaruriy mavjudotdir. Inson anglaganlarining hammasi juzʼ va kull – yakka va umumiyat (induksiya) orqali yuzaga chiqadigan sabab tufayli zohir boʻladi. Bu xuddi gulxan harorati u yoki bu tanaga “issiqlik” deb ataluvchi oʻxshashi tomonidan taʼsir oʻtkazilishiga oʻxshab ketadi.

Sifat va miqdorga doir boshqa kuchlar haqida ham shunday gaplarni aytish mumkin. Aql-idrokli dil boshqa bir aql-idrok egasi boʻlmish dilga oʻziga oʻxshash tuygʻularni oʻtkazish yoʻli bilan taʼsir qiladi. Masalan: qilich narsaga oʻzining tashqi shakli, yaʼni oʻtkirligi bilan taʼsir oʻtkazadi, yaʼni kesadi, qayroq, pichoqni qayrashda uning yuziga oʻziga oʻxshash silliqlik va tekislik beradi.

Quyosh ham qizdiradi, ham qoraytiradi. Ammo issiqlik va qora rang quyoshning oʻxshashi emas. Buni shunday tushunish mumkin: hamma narsa va hodisalar ham bir jismning ikkinchi jismga taʼsiri natijasida kelib chiqadi, oqibatda, taʼsirlanuvchi jism taʼsir qiluvchi jismga oʻxshash boʻlib qoladi, deb oʻylamaymiz. Taʼkidlaymizki, harakat bu – taʼsir oʻtkazishning yaqin boshlanishi; taʼsirlanuvchi jism birinchi jism tomonidan oʻtkazilayotgan taʼsirotni qandaydir boshqa, bir oʻxshash (jism) vositasida qabul qiladi. Quyosh toʻgʻrisida ham xuddi shunday gaplarni aytish mumkin. U (quyosh) oʻziga yaqin taʼsirotni qabul qiluvchi jismga taʼsir oʻtkazadi, shu yoʻl bilan oʻziga oʻxshash nurni (yorugʻlikni) yuboradi. Jism nur (yorugʻlik)ni qabul qilganda, unda issiqlik paydo boʻladi, quyosh taʼsirini qabul qiluvchi jism boshqa bir jismni isitadi va u ham oʻz navbatida boshqa jismga oʻz oʻxshashini, yaʼni aynan ana shu issiqligini oʻtkazib yashillik hosil qiladi. Oqibatda, boshqa jism bu issiqlikni qabul qilar ekan, isiydi va rangi oʻzgaradi. (Ammo bu oʻzgarish ham yorugʻlik va issiqlik, ham tuproqdagi ozuqa moddalari bilan oʻsish va meva berishga taʼsir koʻrsatadi – tarj.)

Mavzuga qaytib, shunday deymizki, Faol aql Azaliy va Abadiy zotning tajalliysini bevosita Uning mohiyatini anglagan holda qabul qiladi. Boshqa aqliy neʼmatlar ham undan (Faol aqldan) taʼsirlanadi va doimiy hamda faol holatda boʻladi. Aqliy neʼmatlar – tushunchalar, mushohada qilinuvchi ashyolar tuygʻu va tasavvurga tayanmaydi, soʻnggisi avvalgilari[11] tufayli aql yurgizadi, agar sababga ega boʻlsa oʻsha sabablar tufayli, tuban (past) boʻlsa yuqoridagisi tufayli boʻladi.

Keyin, ahli dil (ilohiy qalb)lar tajalliyni bevosita qabul qiladi, agar bilvosita qabul qilgan taqdirda ham faol aqldan koʻmak oladi. Agar gap ularni salohiyatdagi holatdan (aql bil-quvvadan) bil-feʼl holatga oʻtkazish va qobiliyat hamda aqliy mushohada haqida ketayotgan boʻlsa, bunda aqliy mulohaza va tamkin (xotirjamlik) qoladi.

Soʻngra (bu tajalliy) hayvoniy quvvat koʻrinishida, keyin oʻsimlik quvvati va oxirida aqliy va ruhiy quvvat sifatida namoyon boʻladi. Nimaiki, tajalliyni oʻziga qabul qilgan boʻlsa, buni oʻzining imkoni darajasida, undan olingan narsaga moslashishga harakat qilgan holda qabul etadi. Tabiiy narsalar oʻz tabiiy harakatlarini unga moslashtirgan holda maqsad sari intiladilar. Buning maʼnosi shuki, oʻziga xos holatga erishmoq uchun aynan – tabiiy oʻrinlarni egallaganlarida, hatto maqsadga erishishning ilk boshlanishiga nisbatan moslashmasa-da, aynan harakatga nisbatan moslashadi. Xuddi shunday holat hayvon va oʻsimliklar javharlarida ham mavjuddir. Ular oʻzlariga xos boʻlgan harakatlarni oʻz maqsadlariga moslashgan holda sodir etadilar. Ular ana shu maqsadga erishmoqning ilk boshlanishiga nisbatan, masalan: qoʻshiluv va oziqlanishga nisbatan taqlid qilmasalar ham turni yoki jismni saqlab qolish yoki qandaydir quvvat hamda qobiliyatni namoyon etish uchun harakat qiladilar.

Insoniy nafs (jon, ruh) ham xuddi shunday xayrli va aqliy harakatlarini, hatto bilim olish maqsadiga erishmoqning ilk boshlanishiga taqlidan erishmagan holda sodir etadi. Hayvon va oʻsimliklar paydo boʻlishi va halok etilishida naslning davomiyligini saqlab qolishga taqlid qilgan holda oʻz faoliyati va harakatini boshqaradi.

Farishtalar ruhiga kelganimizda, ular oʻz mohiyati, maqsadiga moslashgan holda abadiy yetishadi va ular yashirin kuch-quvvatdan hosil etilgandir. Zero, ular doimo his etgan holda, doimo sevgan, idrok qilgan holda, doimo moslashgan, kuyib-yongan holda sevadilar. Ulardagi ehtirosning ulugʻligi Oliy zotni mushohada qilish, Unga yetishish bilan oʻlchanadi.

Agar Mutlaq ezgulik tajalliy etmaganida, undan hech narsa olib boʻlmasdi. Undan hech narsa olib boʻlmaganda esa hech narsa mavjud boʻlmaydi. Shunday qilib, agar Uning tajalliysi boʻlmaganida, borliqning oʻzi ham bulmasdi; demak, Uning tajalliysi butun borliqning sababchisidir. Oliy zotga boʻlgan ishq qanchalik Uning ulugʻligi uchun boʻlsa, ishq ham shunchalik ulugʻvor boʻladi. Unga boʻlgan sevgining haqiqiy manbai uning tajalliysidadir. Uning tajalliysiga ilohiy qalblar ana shunday erishadilar. Shunga koʻra, aytish mumkinki, ilohiy qalblar Unga boʻlgan ishq manbaining mohiyatidir. Qurʼoni karimdagi ushbu muqaddas soʻzlar xuddi shuning uchun aytilgandek: “Agar bandam meni sevsa, men ham uni sevaman”.

Shunday qilib, Ollohga iqtido qilmoq va Unga yetishmoq va Uning amr-farmonlarini bajarmoq Ul oliy zotni mamnun etadi, oʻlim farishtalariga iqtido qilmoq (yaʼni oʻziga oʻlim tilamoq) esa Uning qahrini qoʻzgʻaydi. Zero, (bu holda, hayotni sevmay, oʻlimni sevishda) Yaratgan egamga iqtido qilishdan maqsadi oxirgacha ushalmaydi, oʻlim egalariga taqlidan koʻzlangan maqsad esa toʻligʻicha amalga oshadi.

Shunday qilib, biz ham maqsadga yetdik, Yaratgan egam – Ulugʻ Olloh yordami bilan risolani yozib tugatdik.

 

Mahkam MAHMUD va Zayniddin BAHRIDDINOVlar tarjimasi

 

“Sharq yulduzi”, 2014–1

 


[1]Faqih al-Maʼsumiy – Ibn Sinoning yetuk shogirdlaridan biri. Ibn Sino va Beruniy savol-javoblari vaqtida kotiblik qilgan. Biz tarjimada asarning arabcha va ruscha matni berilgan Tbilisi (Tiflis, 1972) nashridan foydalandik.

[2] Britaniya muzeyi qoʻlyozmasida “sof” degan soʻz qoʻshilgan, bu bilan “Mutlaq ezgu”, yaʼni “ilohiy yaxshilik”, demoqchi.

[3] Besh unsur: toʻrttasi – tuproq, suv, havo, olov. Yana biri, hid (efir) holati.

[4] Qoʻlyozmada “ruh quvvati” deb yozilgan.      

[5] Tashqi sezgi (besh hissiyot – koʻruv, eshituv, hid biluv, tam biluv, paypaslov sezgisi).

[6] Umumiy sezgi, xayol, tasavvur quvvati (odamda fikr quvvati ham deyiladi) gumon, xotira va eslash quvvatlari.

[7] “Dilning halovatga erishmogʻi”dan maqsad, ayrim oʻrta asrlar islom mutafakkirlarining aniqlashicha, hamma narsani aql kuchi bilan (ratsional) bilish mumkindir.

[8] Oʻqiya – 25 gramm.

[9] Oxiri. Boshi oʻtgan sonda.

[10] Yaʼni, masalan, Paygʻambar (s.a.v.)larning ruhi singari.

[11] Soʻnggi ashyolar oʻtmishdoshlari tufayli.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.