Iqtisod

0
156
marta koʻrilgan.

Iqtisod deb pul va mol kabi neʼmatlarning qadrini bilmakni aytilur.

Mol qadrini biluvchi kishilar oʻrinsiz yerga bir tiyin sarf qilmas, oʻrni kelganda soʻmni ayamas. Saxovatning ziddi baxillik oʻldigʻI kabi iqtisodning ziddi isrofdur. Alloh taolo isrof qilguvchilarni suymas. Iqtisodni rioya qilgan kishilar hamma vaqt tinch va rohatda yasharlar.

Arilar qish kunida yemak uchun bol yigʻganidek, boshlariga keladurgan qora kunlarni oʻylab, oq pul yigʻurlar. “Toma-toma koʻl boʻlur”, – demishlar. Har narsa ozdan koʻpayur.

 

Koʻpni ozaytirgʻuvchi xotun kishi,

Ozni koʻpayturmak erur er ishi.

 

Hozirgi zamonda maqsudga yetmak, oʻz millatiga xizmat qilmak, xalqgʻa maqbul boʻlmak uchun ilm va mol lozimdur. Olamdagi hamma millatlarning hol va qudratlari mol va boyliqlari ila oʻlchanur. Har yerda boy millatlar ogʻir kelub, pallani bosub xoʻja oʻlganidek, faqirlari yengil kelub, qul va asir boʻlub, osilib qoladur. Mol topmakning eng barakatli yoʻllari: hunarchilik, ekinchilik, chorvachilik, savdogarlikdur. Bularning har biriga ham bu zamonimizda bilim lozimdur. Bobolarimizning “boʻlsa boʻlar, boʻlmasa gʻovlab ketar” zamonlari oʻtub, oʻrniga “bilgan bitar, bilmagan yitar” zamoni keldi. Amerikalilar bir dona bugʻdoy ekib, yigirma qadoq bugʻdoy olurlar, yovrupolilar oʻzimizdan olgan besh tiyinlik paxtamizni keturub, oʻzimizga yigirma besh tiyinga soturlar. Ammo biz osiyoliklar, xususan, turkistonliklar, dumba sotub, chandir chaynaymiz: qaymoq berub, sut oshiymiz, non oʻrniga kesak tishlaymiz. Soʻzning qisqasi, hozirgi zamonga muvofiq kishi boʻlmak uchun ilm va maʼrifat ila barobar iqtisod, insof, tuganmas saʼy, bitmas gʻayrat lozimdur.

Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: “Soʻng zamonlarda dinni saqlamak mol ila boʻlur. Iqtisod uzra harakatli kishilar faqir boʻlmas”, – demishlar. Yana, “Har narsada oʻrta iqtisod yoʻlini tutmak lozimdur. Ifrot va tafritdan ihtiroz qilmak kerak, hatto din amrinda ham bir odam ortuq sufiylik sotsa, oxirinda oʻzi magʻlub boʻlur”, – demishlar.

 

Xalq ichinda moʻtabar bir narsa yoʻq davlat kabi,

Boʻlmagʻay davlat jahonda quvvat-u sihhat kabi.

Iqtisod, insof ziynatdur vujudi odama,

Yaxshi neʼmat yoʻq kishiga saʼy ila gʻayrat kabi.

 

Abdulla AVLONIY

 

“Turkiy Guliston yoxud axloq” kitobidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.