Intizom

0
103
marta koʻrilgan.

Intizom deb qiladurgan ibodatlarimizni, ishlarimizni har birini oʻz vaqtida tartibi ila qilmakni aytilur. Agar yer yuzida intizom boʻlmasa edi, insonlar bir daqiqa yasholmas edilar. Janobi Haq yer-u osmonlarni, oy va yulduzlarni, inson va hayvonlarni, qurt va qushlarni shunday bir nizom ila tarbiyat berib yaratmishdurki, aql bilmakdan, qalam yozmakdan, til soʻzlamakdan ojizdur. Dunyoga kelgan paygʻambarlarning har birlari din va shariatlarini tarbiyat va nizom ila yurutmishlar. Xususan, islom dini mukammal ravishda tartib va nizomni rioya qilmishdur. Va bu soyada ozgina zamonda islom urugʻlari butun dunyo yuziga yoyilmishdur. Islom davlatlarining barposi nizom va intizom ila oʻldigʻi kadi barbod va inqirozi ham tartib va nizomsizlik ila boʻlmishdur. “Xayr, oʻtkan ishga salovat”. Alhosil, har bir millatning taraqqiy va taoliysi ishlarini vaqtida nizomdan chiqarmay tartibi ila yurutmakgʻa bogʻlidur. Shogirdlar maktab va madrasalardagi zamonga muvofiq ravishda qurilmish, nizom va tartiblarni rioya qilmaklari lozimdur. Chunki tartib va nizomni rioya qilmagan kishilarning ishlari hamma vaqt notamom, oʻzlari parishon boʻlurlar. Ammo ishlarini tartib uzra yurutgan kishilarning ishlari yerida, oʻzlari tinch va rohatda umr oʻtkarurlar. Hozirgi zamonda bizning Turkiston boylarining ishlari toʻxtab, sinuvlarining birinchi sababi ishlarini axloqsiz, bilimsiz, musrif, yalqov kishilarga topshiruvlari ila barobar oʻzlarining zamonga muvofiq tartib va nizomdan xabarsizliklarining yemushidur. Paygʻambarimiz: “Kasblarning ortugʻroqi xiyonatsiz, yolgʻonsiz qilgʻon savdo va tijorat ila bandaning oʻz qoʻli birlan ishlagan ishidur”, – demishlar.

 

Davlatni koni, manbayi tartib-intizom,

Sarvatni poydori erur iqtisodi tom.

Muhtojligʻ yuzini koʻrar deb gumon qilmang,

Tartibi birla yursa, kishining ishi mudom.

 

Abdulla AVLONIY

 

“Turkiy Guliston yoxud axloq” kitobidan

Oldingi sahifaHilm
Keyingi sahifaJaqqi
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.