Insoniylik isteʼdodi

0
174
marta koʻrilgan.

“Tongda chinqirib chaqaloq dunyoga keldi. Uning tanglayini koʻtarib, qulogʻiga azon aytayotgan qariya asta pichirladi: “Rizqli, nasibali, ota-onali, mehr-oqibatli boʻlsin, sutiga ega qilsin…”

… Butun umri va ijodi davomida insoniy mehrni madh etgan, avvalo, oʻzlari ana shunday mehrli, mehribon, mehrparvar inson boʻlgan padari buzrukvorimizning oilada farzandlariga boʻlgan mehr-muruvvatlari, oqibat, samimiyatlaridan bizda insonga muhabbat boshlangan boʻlsa ajabmas. Bizning qonimiz, jonimizni shunchalar tuganmas poklik, halollik, insoniy muhabbat bilan serob qilib ketdilarki, toki ruhimizdagi bu pokizalik farzandlarimizga ham oʻtguvsidir.

Otamiz, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Rahmat Fayziyning kundalik daftar tutish odatlari bor edi. Quyida shu yon daftarlaridan ayrim qaydlarni keltirmoqni istadik.

 

* * *

Shunday bisot orttirsangki (adabiy bisot-da), keksayganingda titkilab oʻtirib, koʻzing quvonsa, ruhing yayrasa, umring behuda oʻtmaganidan mamnun boʻlsang – shuning oʻzi yashartirsa, qaritmasa kerak.

 

* * *

Inson hissiyotining kuchi masofani ham, vaqtni ham hisobga olmaydi, bilmaydi.

 

* * *

Dunyoda zar bilan ham, zoʻr bilan ham erishib boʻlmaydigan narsa bor – muhabbat, boʻsa!

 

* * *

Inson hamma narsaga koʻnika, moslasha oladi. Uning kuchi ham shunda. Shu bilan birga ojizligi ham.

 

* * *

Jamiyat, el-yurt yozuvchiga oʻzining ezgu niyatlari, ulkan muammolari va bularni badiiy soʻz vositasi ila yechishni ishonib topshirib qoʻyadi, eng muhimi shuki, insonlar maʼnaviyatini ham topshirib qoʻyadi. Bunisi, nima desa boʻladi, eng murakkab olamki, uning ichiga kirish, oʻrganish, his etish oson ishmas.

 

* * *

Yoshlarga nasihat qilish bilan ish bitmaydi. Buning taʼsiri boʻlmaydi. Ularga koʻrsatib, ushlatib, eshittirib taʼsir qilish, dalillar bilan yondashish lozim.

 

* * *

Biz, erkaklar, tabiatimizda, xulqimizda, odobimizda nimaiki yaxshi fazilatlar boʻlsa, jamini ayollardan olganmiz, mehrlari bilan yoʻrgaklab, muhabbatlari bilan voyaga yetkazganmiz. Shu tufayli umr boʻyi ayolga taʼzimda boʻlsak arziydi.

 

* * *

Yaxshiki ertangi kunga qiladigan ishim bor… Bugungi kundan ham mamnunman, ham shuning uchun minnatdormanki, ertangi kunga ish qoldirdi. Hay, hay, ertaga nima qilaman deyishdan asrasin.

 

* * *

Birovga choh qaziganning zarpechakdan nima farqi bor? Zarpechak begona tana, ildizdan oʻsib, uni quritadi, natijada oʻzi ham quriydi.

 

* * *

Vaʼda berilgan joyga vaqtida bormagan odam oʻz qadrini ketkizadi.

 

* * *

Soʻz, til, muomalaga nega eʼtibor bermaymiz. “Labbay” bilan yonma-yon “Bor-yey”, “Ha-yey”, “Nima-yey” qachon, qayerda tugʻiladi. Maktabda til darsi oʻtadiyu, til qoidalaridan nariga oʻtilmaydi. Til odobi, til muomalasi darsi boʻlib oʻtmaydi… Nega shirin til darsi va til tarbiyasi boʻlmasligi kerak… Ogʻizdan chiqayotgan soʻz maʼnosini, mohiyatini, ohangini, jozibasini ham, sehrini ham bola sezib turishi kerak. Yangi soʻz – yangi dunyodek, yangi ixtirodek boʻlmogʻi, maʼnosi ham, salmogʻi ham, musiqiyligi ham yangi bir olam ochmogʻi kerakki, to umr oxirigacha shu soʻz unga ruhiy madad, ilhom bersin, hojatini chiqarsin, goʻzalligi bilan, musiqiyligi bilan eshitganlarni oʻziga rom qilsin, odamlar havasini keltirsin, ularni xushnud etsin. Bu katta sanʼat, ammo ommaviy sanʼat boʻlmogʻi lozim.

 

* * *

Isteʼdod faqat kasb-kor, hunar, bilimdagina emas, insoniylikda namoyon boʻladi. Insoniy isteʼdodi bor odamda olijanob xislat, fazilatlar, qadr-qimmat boʻlsa ne baxt.

 

* * *

Kitobxon meni unutsayu, qahramonim nomini eslab qolsa, oʻzimni baxtiyor hisoblardim.

 

* * *

Ayollar! Ularning buyukligi, kuch-qudrati nozikligida, mehri daryosi qaynoq qalbida, baxt-saodati tabassumida, mehr-vafosi oʻtli nigohida.

 

* * *

Koʻngil qolishi – chiqqan jon bilan teng.

 

* * *

Yetimga yigʻini oʻrgatishning hojati yoʻq.

 

* * *

Inson ikki narsaga toʻymaydi – mehr va visolga.

 

* * *

Choʻqqiga – hayot choʻqqisiga chiqishning qaytishi ham boʻladi. Ammo pastga tusharkansan bir umr nimaga yuqoriga koʻtarilganingga afsuslanmasang boʻlgani.

 

* * *

Dard chekmay yaratilgan asar – chala chaqaloq, chala jonning oʻzi boʻladi. Odam boʻlishi amri mahol.

 

* * *

Baxting bogʻini birov baxtsizligi arigʻidan sugʻorayotgan boʻlsang – bunday bogʻning bahridan oʻtganing maʼqulroqdir.

 

* * *

Yozuvchilik qanaqa kasb deb soʻralsa, shunday javob qilardim: hayajon va behalovatlik – tinim bermaydigan bedavo dard. Ammo zinhor yuqumli emas, birovga yuqmaydi. Davosi bitta. Mehnat! Bu shunday doriki, hammavaqt isteʼmol qilib turilsa, sogʻ-tetik boʻladi, sal boʻshashtirsa, bemorni ham boʻshashtiradi, ammo qabrgacha hamroh boʻlib boradiyu, bemorni dafn etib, oʻzi qoladi.

 

* * *

Menga nimadan xursand boʻlasiz, deb savol berishsa:

– goʻrkovning bozori kasod boʻlganidan;

– kitob rastasida kitobxonlar koʻpayganidan;

– obuna nashrlariga odamlarning saharlab navbat olishganidan;

– doʻxtirlar ishsiz qolganidan;

– tuni boʻyi chiroq oʻchmagan, chaqaloq yigʻisi tinmagan xonadondan;

– gulxan atrofida, palak tagida yor-yor, xonada tortishmachoq, tongga yaqin mudragan qudalarni koʻrganimda… – derdim.

 

* * *

Dunyoda hech kim, hech narsadan qoʻrqmayman. Faqat nigohingdagi jozibaning harorati soʻnishidan, sovishidan qoʻrqaman. Xudo koʻrsatmasin!

 

* * *

Quyosh taʼmi! Quyoshning ham taʼmi bormi, deysizmi? Oho, boʻlganda qandoq! Uning taʼmini bilmoqchi boʻlsangiz, charos, husaynidan, sharobdan, asaldan, aqiq anor donasiyu anjir… lardan tatib koʻring…

 

* * *

Dunyo tashvishidan chetda yashagan odamni bu kunning odami demasa ham boʻladi.

 

Umida FAYZIYEVA

tayyorladi.

 

“OʻzAS”dan olindi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.