Inson

0
164
marta koʻrilgan.

Keksa faylasuf sohil boʻyidagi xiyobonda dengizga yaqin qoʻyilgan oʻrindiqlardan birining yonida toʻxtadi. Barmoqlari bilan oq, jingalak sochlarini tarab, bilinar-bilinmas xoʻrsindi. Koʻzlari noʼmalum nuqtaga qadalgancha qotdi. Keyin “Eh dunyo, dunyo” degancha oʻrindiqqa choʻkdi.

U mashhur olim, dunyoga dongʻi ketgan akademik edi. Jamiyatni taraqqiy ettirish borasida dohiyona fikrlari ila elga tanilgan edi. Jild-jild kitob va darsliklar yaratgan. Oʻgʻil-qizlari ham ota izidan borib, ilm yoʻlini tanlagan edilar. U hammaning nazarida baxtiyor inson edi.

Keksa faylasuf hammaga oʻxshab fikrlamasdi. Hozir ham dengizga termulgancha, bosib oʻtgan yoʻli, dunyonining oʻtkinchi va bevafoligi haqida oʻy surmoqda edi.

– Amaki. Xudo yoʻliga xayr qiling!

– Keksa olimning qarshisida 7-8 yoshlar chamasidagi yupun kiyingan bir bola qoʻl choʻzib turardi.

– Olim avval nima qilarini bilmay turdi. Bolani quvib yuborishni ham 4-5 tanga sadaqa berib joʻnatishni ham bilmasdi. Nogoh bu goʻdak bilan suhbatlashish, uni bu noloyiq yoʻldan qaytarish fikri tugʻildi.

– Bu yoqqa kel, bolam! Oʻtir yonimga.

Bola indamay, uning aytganini qildi.

– Oting nima?

– Inson.

– Nima? Shunaqa ism ham boʻlarkanmi?

– Bilmasam.

– Bu ismni senga kim qoʻygan? Inson oʻzini bunchalar yerga urmasligini aytmaganmi onang?

–…

Qariyaning kayfiyati buzildi. U suhbatining qur olmasligini anglab, bolaga javob berish uchun choʻntak kovladi. Aksiga olib, mayda topolmadi. Keyin gunohkor qiyofada bolaning yuzlariga tikildi. Uning nigohlari loqayd edi. Ketish uchun oʻrnidan turdi. Biroq keksa faylasuf bolani quruq qoʻl bilan qaytarishni istamasdi. Hamyonini chiqarib, oʻn manatlik tutqazdi.

– Anavi muzqaymoq sotayotgan ayolga olib bor. Maydalab bersin. Bir manatini oʻzingga olib qolasan. Qolganini olib qochib ketmassan, harqalay?

– Olib qochib ketaman!

Qariyaning jahli chiqib, pul tutgan qoʻlini tortib oldi. Hayrat bilan bolaning koʻzlariga tikildi. Bolaning qiyofasidagi avvalgi befarq ifoda yoʻqolmagandi.

– Boʻlmasa, bor, ishingni qil, Inson!

Bola qimirlamay turaverdi. Qariyaning gʻashi keldi. Bolani soʻkib, haydamoqchi boʻldi. Uning koʻzlarida allaqanday mavhum uchqun saqnab turardi. Bu uchqun qariyaning ham koʻngliga nedir qur solgandek boʻldi. Fikridan qaytdi. Hamon qoʻlida tutib turgan pulni yana bolaga uzatdi. Bu gal muloyimlik bilan gap qotdi:

– Mayli, bolam, olaqol. Hammasi senga!

Bola pulni olib qariyadan uzoqlashdi. Olim anchagacha fikrini bir joyga jamlolmay turdi. Qiziq, bolaning nimasi uni oʻziga bogʻlab qoʻydiykin? Nega uning yuragi birdan bu qadar yumshab ketdi? Bu marhamat hissimidi yoki gʻazab? Kimdan. Nima uchun gʻazablanishi kerak? U bolani darrov joʻnatib yuborganidan xiyla afsuslandi. Oʻngu soʻliga qayrilib qaradi. Bola koʻrinmasdi. Keyin yana boshini egganicha oʻzining xayoliy olamiga gʻarq boʻldi.

…Koʻp oʻtmay, qadam tovushlaridan sergaklanib boshini koʻtardi. Qarshisida boyagi bolakay turardi. Avvaliga quvondi, keyin taajjublandi. Yana bir lahzadan soʻng ich-ichidan gʻazab toshgandek boʻldi. Bolaga qarab baqirib berdi:

– Ha? Yana nimaga kelding? Tinchgina oʻtirgani qoʻyasanmi, yoʻqmi?

Qariya zarda bilan turib ketmoqchi boʻldi. Bolakay qoʻlini nimshod shimining choʻntagiga solib, boyagi oʻntalikni chiqardi va qariyaga uzatdi:

– Mang, amaki, oling pulingizni!

Keksa faylasuf hayratdan qotib qoldi.

– Nega? – soʻradi past ovozda.

– Oyim “Oborib ber, bu odamning puli bizga kerak emas, oʻziga kafanlik olsin”, dedilar.

– Onang qani? – qariyaning yuragi muzlab ketgandek boʻldi. Oʻrnidan turmoqchi edi, beli zirqirab ketdi.

– Ana, ketayaptilar-ku!

– Bor, tez borib, onangni qaytarib kel! – dedi qariya hayajondan nafasi boʻgʻziga tiqilib.

– Kelmaydilar, oyim sizni qargʻaydilarku!

– Onangning oti nima?

– Nargiz.

– Nargiz? – faylasuf xayolga toldi.

Nargiz! Bu ism faylasufning vijdonidagi qora dogʻ misol muhrlanib qolgan.

…Sakkiz yil ilgari hech kimi yoʻq. Uzoq qishloqdan kelgan bir qiz oʻgʻlining toʻriga ilinib qolgandi. Albatta, oʻgʻli ham biroz yoshlik qilgan, hirsini jilovlay olmagan. Qizning boʻyida boʻlib qolgan. Ish hatto sudlashishgacha borib yetdi. “Adolat” sudining “adolatli” qozisi mashhur faylasufning hurmati yuzasidan, nozik odamlarning aralashuvi tufayli “odilona” qaror chiqardi. Nargiz hurmatli bir oilaning shaʼniga dogʻ tushirgani, tuhmat qilganligi uchun bir yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

…Keksa faylasuf hukmni qayta tinglayotgandek boʻldi. U seskanib boshini koʻtardi. Bola onasining orqasidan ketib borardi.

– Inson! – keksa faylasufning ovozi sohil boʻylab yoyildi.

Bola orqasiga oʻgirilib qaradi. Lekin yoʻlidan qaytmadi. Qariyaning nazdida bola bilan birga yuragining bir parchasi uzilib borayotgandek boʻldi. U ona-bolani orqaga qaytarish uchun hamma narsaga hozir edi. Lekin Nargizdan ham, Insondan ham u ancha ilgari, bundan sakkiz yil muqaddam INSONligini yoʻqotgan damdayoq judo boʻlgan edi.

Inson uning kelajagi edi. U kelajagini yoʻqotgandi. Xoʻsh, uning oʻrniga nima topdi? Keksa faylasuf yana qoʻllari bilan oq sochini taradi. Oʻng qoʻlida turgan oʻntalik kaftini xuddi choʻgʻdek kuydirardi…

 

Ulvi Yusuf

 

Ozarbayjon tilidan

Rustam Jabborov

tarjimasi

 

“Ijod olami”, 2018/6

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.