Imon

0
245
marta koʻrilgan.

“Domimiz”ning birinchi qavatida Klava xola degan kampir turadi. Hech kim uni otasining ismini qoʻshib “Klavdiya Falonchiyevna” deb atamaydi. Klava xola – hamma uchun Klava xola. Bechora hayotda omadi yurishmagan xotin. Zavodda oʻttiz yil ishlagan. Yoshligida beva qolgan. Yolgʻiz oʻgʻlini deb umrini oʻtkazgan. Aytishlariga qaraganda, oʻgʻlini rejim bilan ovqatlantirib, rejim bilan uxlatib oʻstirgan ekan. Bitta farzanddan ham buyurmadi. Oʻgʻli uylanishi bilan xotininikiga koʻchib ketdi. Shundan keyin Klava xola asabiyroq boʻb qoldi. Eshik tagida oʻtirib, uzzukun hammaga dashnom bergani-bergan.

 – Hoy piyonista, ertalabdan zaharingga barmatuxa ichgandan koʻra bolangga ikki paket sut obersang boʻlmaydimi?

 – Hoy olifta, mashinangni podʼyezd tagiga qoʻyma, bu yer senga garajmas!

Baʼzan kichkina qizalogʻim eshikdan hasrat qilib kirib keladi.

 – Klava xola meni durochka dedi.

 – Nima qiluvding?

 – Samokatni tez uchirganmishman.

 – Ha, endi, oʻzing ham tez uchmagin-da…

Klava xolaning ovozi bir kun chiqmay qolgan edi, darrov bilindi. Surishtirsam, kasalxonaga tushibdi. Buyragi xasta ekan. Bechoraning hammaga dashnom berib oʻtirishiyam bir davlat ekan. Butun “dom” zerikib qoldi. Ikki haftacha oʻtgandan keyin Klava xola bilan yonma-yon turadigan qoʻshnimiz eshik taqillatib keldi.

 – Yuz soʻm qarz berib turing, – dedi iltimos qilib. – Klava xolaga uch yuz soʻm kerak boʻlib qopti. Ikki yuzini qoʻshnilardan yigʻdik.

 – Nimaga kerak boʻpti?

 – Anigʻini bilmayman, – qoʻshnim yelkasini qisdi. – Ammo judayam zarurmish.

Berdim. Oradan bir oycha oʻtgach, Klava xola qaytib keldi. Uy tagidagi harrakda shumshayib oʻtiribdi. Rangi bir holatda. Odamlarga dashnom beradigan holiyam yoʻq.

 – Voy-boʻ, yosharib ketibsiz-ku! – dedim koʻnglini koʻtarish uchun.

Klava xola inqillab oʻrnidan turdi.

 – Rahmat, oʻgʻlim, – dedi negadir taʼzim qilib. – Katta yordam berding. Pulingni qaytaraman. Pensiyamdan beraman. Yigʻib-yigʻib.

Shundoq shaddod kampirning taʼzim qilib turishi gʻalati taʼsir qilib ketdi.

 – Qiziqmisiz, men sizga pulni gapirayotganim yoʻq-ku. Tuzukmisiz, oʻzi?

 – Operatsiyadan yaxshi chiqdim, – Klava xola maʼyus jilmaydi. – Pul bermasam boʻlmadi.

Hayron boʻldim.

 – Kimga?

 – Kim boʻlardi, vrachga!

Beixtiyor yoniga oʻtirib qoldim.

 – Kimga deysiz?

 – Vrachga! – Klava xola mening soddaligimdan afsuslangandek ohista bosh chayqadi. – Uch yuz soʻm bermasam boʻlmasdi. Operatsiya qilmasdi. Qilsayam, yarim yildan keyin oʻladigan qilib kesardi.

Rostini aytsam, tovonimdagi jonim hiqildogʻimga keldi.

 – Nima, xirurg sizdan pul talab qildimi? Kim oʻsha vrach? Familiyasi nima?

 – E, bolam, qoʻysang-chi! – Klava xola qoʻl siltadi. – Familiyasini aytganim bilan nima oʻzgarardi?

Garangsib qoldim.

 – Nima, vrach sizdan rostdan ham pul soʻradimi?

 – Oy sinok, sinok! – Klava xola ogʻir bosh chayqadi. – Soʻragani yoʻq, soʻragani yoʻq. Faqat seshanba kuni operatsiya qilamiz, deydi-da, jumaga qoldiradi, juma kuni operatsiya qilamiz deydi-da, seshanbaga qoldiradi. Odammisan demaydi. Oxiri palatadagi kasallar oʻrgatishdi. 300 soʻm bersangiz, darrov stolga oladi, deyishdi. Pul berishim bilan muomalasiyam oʻzgardi, oʻziyam boshqacha boʻp qoldi. – Klava xola mahzun kulib qoʻydi. – Nimayam derdim. Vrach ham odam. Undayam nafs bor. Bir ogʻiz rahmat degan soʻzingga muhtojmi. Bolnitsaga yotishga order olaman, desang, qoʻlingga qarab turadi-ku. Bu-ku butun boshli operatsiya.

Dunyoda har xil ablahlik bor. Lekin bemorni davolash uchun pora olish…

Oradan ikki haftami, uch haftami oʻtgach, jiyanimning toʻyi boʻldi. Nevropatolog boʻlib ishlaydigan uzoq qarindoshim bilan yonma-yon oʻtirib qoldik. Klava xola esimga tushdi. Qarindoshimga bor gapni aytib berdim. Men uning tutaqib ketishini kutib turardim. Qiziq, qarindoshim tutaqmadi. Xotirjam yelka qisib qoʻya qoldi.

 – Avvalboshi sen aytgandaqa vrachlar koʻpmas. Sholi kurmaksiz boʻlmaydi. Qolaversa, doktorlarga ham qiyin. Oʻn olti yil eshakdek oʻqib, 140 soʻm oladi. Na kechasi tinchlik bor, na kunduzi. Oʻsha 140 soʻm savil qolgurni savdo xodimi bir kunda topadi. – Qarindoshim kulimsiradi. – Yashash ham kerak-ku, akasi boʻyidan. Undan keyin… Qoʻlidan tutmaguncha nima deysan? Pora berdim, deb qaysi mard aytadi. Aytsa oʻzi qiya boʻp ketadi-ku.

Butunlay esankirab qoldim. Nahotki, oliy maʼlumotli vrach oʻzini chayqovchi bilan tenglashtirsa! Axir davlat uni oʻn olti yil bekorga oʻqitdimi, bekorga stipendiya berdimi? Unaqa boʻlsa, ana, xalatini yechib tashlasin-da, chayqovchilik qilsin!

Yoʻq, men bu gaplarni aytganim yoʻq. Biroq, qarindoshim qizarib-boʻzarib ketganimdan hammasini tushundi.

 – Masalan, men unaqa doʻxtirmasman, – dedi yelkamga qoqib. – Arzimagan narsalarga bunaqa tajanglik qilaversang, nevrosteniya boʻlib qolasan. – U koʻzimga sinchiklab qaradi. – Mabodo yuraging sanchimaydimi? Yaxshisi ertaga oldimga bor. Bir tekshirib koʻramiz.

Qarindoshim yana bir marta muloyim jilmayib qoʻydi. Qadahdagi konyakni ichib, limon bilan gazak qildi. Shunda beixtiyor tagʻin bolalik xotiralari yopirilib keldi. Achinska degan doʻxtir lop etib yodimga tushdi.

Doim oppoq xalat kiyib yuradigan, oppoq siyrak sochlari nuroniy yuziga qandaydir fayz bagʻishlab turadigan bu odamning asl familiyasi Achinskiy ekanini keyin bilganman. Uni birinchi marta koʻrganda rosa qoʻrqqanman. Kichkina edim, hali maktabga qatnamasdim. Kuzda yelkamga yara chiqdi. Oyim qizil piyozni qoʻrga koʻmib bosdi. Ne azob bilan yara yorildi-yu, yonidan yana ikkitasi chiqdi. Endi piyoz ham, xamirturush ham yordam bermay qoʻydi. Butun badanimni yara bosib ketdi. Tagʻin har bittasi tuxumdek keladi. Oxiri dadam oyimga “Achinskaga opchiqmasang boʻlmaydi”, dedi. Ertasiga oyim meni yetaklab doʻxtirxonaga obordi. Akalarim: “Achinska mana bundoq nina bilan ukol qiladi”, deb qoʻrqitib qoʻygani uchunmi, katalakdek xonaga kirdimu dori hidini sezib hiqillab yigʻlab yubordim. Xonadagi kursilarda biri yoʻtalgan, biri shilpiq koʻzini hadeb kir qiyiqchaning uchiga artayotgan kasallar tizilib oʻtirishardi. Har kim meni oʻzicha yupatar, men boʻlsam battar yigʻlardim. Shu payt eshigiga parda tutilgan ichkari xonadan sochi oppoq, yupqa koʻzoynak taqqan xalatli kishi chiqib keldi.

 – Kim yiglaydi? – dedi u oʻzbekchani buzibroq talaffuz qilib.

Achinska degani shu ekanini bildimu battar qoʻrqib ketdim. Oyimning pinjiga tiqildim. Shilpiq koʻzli kishi oʻrnidan turgan edi, doʻxtir qoʻli bilan imo qilib toʻxtatdi.

 – Ochered balaga, – dedi-da, negadir jilmaydi. Shunda koʻzoynak ortidagi koʻm-koʻk koʻzlarida qandaydir erkalovchi tabassum paydo boʻldi. – Ay-yay-yay! – dedi bosh chayqab. – Ugil bala yiglamaydi. – U yana jilmaydi. – Ox kakoy yakshi bala!

Achinska qoʻlimdan tutgan edi, beixtiyor ergashdim. Derazasiga oppoq parda tutilgan xonaga kirdik. Oyim koʻylagimni yechdi. Doʻxtir hozir ukol qiladi deb, kapalagim uchib ketdi. Biroq, u ukol qilmadi. Barmogʻi bilan yaralarni avaylab, paypaslab koʻrdi. Keyin allaqanday jigarrang sassiq dori surdi. Agar shundayam tuzalmasa qon quyamiz, deb oyimga tushuntirdi. Chiqib ketayotganimizda yana bir jilmayib qoʻydi.

 – Yakshi bala. Malades bala!

…Qishda shu odam bizga yana bir yaxshilik qildi. Esimda, oʻsha yili qish juda qattiq keldi. Bilmadim, ehtimol, oʻtin-koʻmirimiz boʻlmagani uchun shunday tuyulgandir. Harqalay deraza u yoqda tursin, eshigu devorlarni ham qirov bosib yotar, hammamiz chopon, telpak kiyib uxlardik. Tanchaga oyoq tiqqan bilan befoyda: sandal pisillaydi. Koʻrpa tekkan joyini chayondek chaqadi. Ichidan issiq oʻrniga sovuq chiqayotgandek. Ustiga-ustak bir kuni kichik akam koʻchadan hammayogʻi shalabbo boʻlib keldi. Bolalar bilan Qonqusda yaxmalak uchayotgan ekan, sirgʻanib muzning yorigʻidan anhorga tushib ketibdi. Oʻrtoqlari amallab tortib olishibdi-yu, yugurib uyga yetib kelguncha kiyimlari tarashadek muzlab qopti. Oyim darrov uni koʻrpaga oʻradi. Togʻolcha bilan turshak qaynatib ichirdi. Ammo kechqurunga borib, akamning isitmasi koʻtarilib ketdi. Hadeb yoʻtaladi.

Kechasi uning alahlashidan men ham uygʻonib ketdim. U nuqul oʻzini u yoqdan-bu yoqqa tashlar, “olov yonib ketdi, olovni oʻchiring”, deb tipirchilar edi.

Ertasiga ertalab dadam arrani egovladi. Katta akamni ergashtirib, tashqariga chiqib ketdi. Men ham tagi koʻchgan etigimni kiyib ularning ketidan yugurdim. Kun sovuq, osmondan zahardek achchiq zarralar yogʻilar edi. Dadam bilan akam qalin qorni gʻarch-gʻurch bosib, tomorqaga chiqishdi. Shundoq devor yonida oʻsgan, yarmi qurigan qayragʻoch tagiga borishdi. Qor ustiga qop yozib, choʻkkalab oʻtirgancha, qayragʻochga arra solishdi. Daraxt shoxidagi qorlar duv etib toʻkildi. Biroq, qayragʻochning poʻsti muzlab qolgan – arra hadeb sirgʻanib ketadi. Hech iz tushmaydi. Unga sayin dadamning jahli chiqadi. Arra bir oz botganidan keyin ish yana qiyinlashdi. Akam har arra tortganida, butun gavdasi bilan nari borib, beri keladi. Arra hadeb kamalakdek qiyshayadi. “Jing-jing” deb ovoz chiqaradi. Dadam yakkash dashnom beradi:

 – Arrani siltab tortma. Jon bormi, oʻzi!

Akam shoʻrlik birpasda terlab ketdi. Oʻzi terlab ketganu qoʻli sovqotadi. Dam-badam kuh-kuhlab, kaftini isitadi. Burnini tortadi… Nihoyat, qayragʻoch gursillab yiqildi. Tarvaqaylab oʻsgan shoxlar yerga urilishi bilan atrofga qor sachrab ketdi. Ana endi mengayam ish topildi. Mayda shoxlarni tesha bilan chopa boshladim. Ish ayni qiziganda, kutilmagan voqea roʻy berdi. Biri oq, ikkinchisi qizgʻish jiyron ot burnidan bugʻ chiqarib, tepamizda gijinglab turar, boshini siltab-siltab, suvligʻini shiqirlatardi. Notanish odamlar kelganini payqamay qolgan gurji kuchugim allaqayerdan paydo boʻldi-yu, aybini oqlash uchun boʻlsa kerak, qor ichida bir koʻrinib, bir koʻrinmay pildiragancha otlar atrofini aylanib akillay boshladi. Otlar itga koʻzini olaytirib qarab qoʻyar, pishqirib, pashsha qoʻrigandek dumini silkitardi.

Jiyron mingan charm paltoli Dalavoyni darrov tanidim. Uni hamma tanir, hamma qoʻrqardi. U hali nalugchi boʻlmagan, lekin odamlar uni “nozik” joyda ishlaydi deyishardi. Oq otli kishi esa pocha-poʻstin kiygan, tulki telpagini bostirib olgan, qovogʻi soliq edi.

 – Ishlar katta-ku! – dedi Dalavoy otdan tushmasdan.

Negadir dadamning rangi oʻchib ketdi. Arra qoʻlidan tushib qorga koʻmilib qoldi.

 – Kelinglar, mehmonlar, – dedi esankirab.

Avval Dalavoy bilan, keyin pochapoʻstinli kishi bilan qoʻshqoʻllab koʻrishdi. Ikkovlari ham egarda oʻtirgancha, istar-istamas qoʻl choʻzishdi.

 – Qani uyga, – dedi dadam qoʻlini koʻksiga qoʻyib. – Bir piyola choyimiz bor.

Dalavoy ingichka sargʻish moʻylovini chimchilab dadamga bir qarab qoʻydi-yu, mehmonga yuzlandi.

 – Nima qildik, oʻrtoq Toshev? Borib turgan jinoyat-ku bu!

Dadam butunlay dovdirab qoldi.

 – Nima gunoh qildim, ukam, – dedi Dalavoyga. – Aybim boʻlsa ayting, benavotman.

 – Tagʻin oʻzini goʻllikka soladi-ya! – Dalavoy tishi orasidan chirt etib tupurdi. – Ruxsatingiz bormi? – dedi ovozi temirdek jaranglab.

 – Nimaga? – Dadam madad kutgandek endi mehmonga yuzlandi. – Nimaga ruxsat olishim kerak, oʻrtoq Toship?

 – Daraxt kesishga! – Dalavoy shiddat bilan otdan sakrab tushdi. – Qani qogʻozingiz?

 – Qanaqa qogʻoz? – Dadam goh Dalavoyga, goh pocha-poʻstinli mehmonga javdirab qaray boshladi. – Axir… Axir bu oʻzimning tomorqamdagi daraxt-ku. Mana qarang, qurib qolgan. – U gapining rostligini isbotlash uchun bilakdek shoxni maxsi-kalishli oyogʻi bilan bir tepgan edi, qars etib sindi. – Koʻrdingizmi, qurib qolgan. Kuzda kesib olmoqchi edimu, vaqt boʻlmadi. – U boyadan beri burnini tortib turgan akamga dashnom berdi. – Nega anqayib turibsan? Bor oyingga ayt, choy qoʻysin, mehmonlar keldi, degin.

Akam ikkalamiz tizzagacha qorga botib, oldinma-ketin uyga yugurdik. Gurji kuchugim ham qorda koʻmilgancha ketimizdan chopdi. Oyim hamon isitmalab yotgan kichik akamning boshida mungʻayib oʻtirgan ekan.

 – Oyi, Dalavoy keldi! – dedi akam hovliqib.

Oyim sakrab oʻrnidan turib ketdi.

 – Voy shoʻrim! Ertalabdan buyon oʻng qovogʻim uchayotgan edi-ya. Bu koʻrgulik ham bor ekan.

U birpasda hujradan turshak, jiyda, ikkita zogʻora olib chiqdi. Sandal ustiga yamoq dasturxon yozdi.

Zum oʻtmay uyga rangi oʻchgan dadam, ketidan Dalavoy bilan pocha-poʻstinli mehmon kirib kelishdi. Oyim Dalavoyga peshvoz chiqdi.

 – Keling, opovsi, yaxshi yuribsizmi, kelinim yaxshimilar? – dedi ovozi titrab. – Kiraveringlar. Yoʻq, yoʻq, piymangizni yechmang, uy sovuq.

Dalavoy piymasining qorini qoqqan boʻldi-da, kigiz ustidan yurib, sandal chetiga bordi.

 – Hozir choy qaynaydi, oʻrgilay! – Onam tashqariga chiqib ketayotgan edi, Dalavoy toʻxtatdi.

 – Ovora boʻlmang, biz ketamiz, – u akamga yuzlandi. – Siyoh-ruchkang bormi?

Akam tokchadan siyohdon, “qurbaqa” peroli ruchka oldi.

 – Nima qilyapsiz, aylanay? – oyimning rangi dokadek oqarib ketdi.

 – Oʻynayapman! – Dalavoy piymasining qori bilan sandal chetidagi koʻrpachaga choʻkkaladi. – Koʻrib turibsiz-ku, nima qilmoqchiligimni! – U ostonada turgancha, papiros chekib, uy ichini jirkanibroq tomosha qilayotgan pocha-poʻstinli mehmonga qaradi. – Oʻzim yozaveraymi?

Mehmon “maʼqul” degandek bosh irgʻab qoʻydi.

Dalavoy charm paltosining ich choʻntagidan qogʻoz oldi. Ruchkani siyohdonga botirgan edi, qirs etgan ovoz chiqdi. U jahl bilan yana botirdi. Peroga siyoh oʻrniga muz ilashib chiqdi.

 – Qanaqa oʻquvchisan, oʻzi? – Dalavoy sargʻish qoshini chimirib, akamga qaradi. – Siyohing muzlab qopti-ku.

Toʻsatdan oyim yigʻlab yubordi.

 – Nima qilaylik, oʻrgilay, – dedi iltijo bilan. – Sovuqni koʻrmaysizmi? Manavinisi uch kundan buyon ol ket, ol qoʻy boʻlib yotibdi. – U sandal chetida yotgan kichik akamga imo qildi. – Bolaginamdan ayrilib qolaman shekilli.

Dalavoy ruchkani yana muzlagan siyohdonga botirgan edi, onam uning qoʻliga yopishdi.

 – Yozmang, jon ukam, yozmang, rahmingiz kelsin.

Dalavoy ijirgʻanib, qoʻlini siltab tortdi. Kulrang koʻzlari qisilib ketdi.

 – Torting qoʻlingizni! – dedi shiddat bilan.

 – Hoʻv! – dadamning tahdidli ovozini eshitib, burilib qaradimu qoʻrqib ketdim. Uning yuzida boyagi yalinchoq ifodadan asar ham qolmagan, koʻzi gʻazabdan chaqnar edi.

 – Hoʻv, olifta! – dedi yana oʻsha tahdidli ohangda. – Tur oʻrningdan! Xudo boʻlsangam piymangni yech. – U bir hatlashda Dalavoyning tepasiga kel-di. – Yech deyapman. Tiq oyogʻingni tanchaga! Tiqib koʻr, oʻtirib koʻr birpas!

Dalavoy beixtiyor oʻrnidan turib ketdi. Esankirab qolgan mehmonga bidir-bidir qilib gapira boshladi:

 – Eshitdingiz, oʻrtoq Toshev? Guvoh boʻlasiz! Xizmat burchimni bajarayotganimda haqorat qildi. Aktga shuniyam qoʻshamiz.

 – Daraxtni katta xolang ekib qoʻyganmas! – Dadamning moʻylovi titray boshladi. U qattiq gʻazablansa, moʻylovi titrab ketardi. – Qani, tuyogʻingni shiqillat! – dedi tahdid bilan.

 – Nima, urmoqchimisan! – Dalavoy kulrang koʻzlarini yiltiratib, gʻazabnok pichirladi. – Qani chertib koʻrchi. Yetti pushtingni quritib yuboraman!

 – Yoʻqol deyapman! – Endi dadamning butun vujudi titrab ketdi.

 – Eshitdingiz-a, oʻrtoq Toshev? Bu gapniyam eshitdingiz-a? – Dalavoy eshik tomon tisarilib borarkan, mehmonga qarab, gapini tasdiqlatib oldi. – Yozamiz, hammasini yozamiz!

Onam iltijo bilan Dalavoyning yelkasiga osildi.

 – Jon ukam, kechiring, jon ukam! Iloyo martabangiz bundan ham ulugʻ boʻlsin!

Dalavoy bir siltab uning kaftini yelkasidan olib tashladi. Onam endi pocha-poʻstinli kishiga yolbora boshladi.

 – Jon xoʻjayin, koʻnglingizga olmang, adasi bilmasdan gapirib yubordilar.

 – Yalinma deyapman! – dadam shunday hayqirdiki, muz bosgan derazalar zirillab ketdi. Boyadan beri koʻzini ocholmay yotgan kichkina akam olazarak boʻlib, atrofga javdiray boshladi.

 – Oyi, suv, – dedi ovozi xirillab.

Tashqarida tuyoqlarning boʻgʻiq dukiri eshitildi. Uy ichi oʻlik chiqqandek jimjit boʻlib qoldi. Dadam hamon moʻylovi uchgancha pishqirib nafas olib, uy oʻrtasida turar, oyim ostonaga oʻtirib qolgan, katta akam deraza oldida turgancha tashqarini tomosha qilardi. Beshik gʻichirlab, ukam gʻingshiy boshladi. Biroq onam oʻrnidan turmadi.

 – Yomon ish boʻldi, – dedi sekin. – Endi sudga beradi.

Dadam uy oʻrtasida anchagacha qotib turdi-da, indamay chiqib ketdi. Bir ozdan keyin tomorqa tomondan boltaning qarsillagan ovozi keldi.

Qayragʻochning choʻgʻi ham oʻriknikiga oʻxshagan baland boʻlarkan. Sandal isishi bilan jon kirib, yuzimiz qizarib qoldi. Faqat dadamning qovogʻi ochilmadi. Onam akamning boshidan jilmas, nuqul xoʻrsinar, “oʻzing asra”, deb qoʻyardi. Kechki ovqatni opam qildi. Qorongʻi tushgandan keyin akamning ahvoli ogʻirlashdi. U endi alahlamas, havo yetishmayotgandek qisqa-qisqa nafas olar, dam-badam choʻchib tushar edi. Onam unsiz yum-yum yigʻlar, dadamga iltijoli termilardi. Oxiri boʻlmadi. Dadam eski choponini kiydi, boshiga telpagini bostirdi. Oyim qayoqqa degandek qaragan edi, qisqagina qilib:

 – Achinskaga! – dedi.

 – Kelmaydi. – Onam zorlanib bosh chayqadi. – Yarim kechada qor kechib kelarmidi?

Dadam eshikni qarsillatib yopgancha chiqib ketdi. Uy ichiga yurakni sirqiratuvchi sukunat choʻkdi. Hujradagi soat chiqillaydi, akamning qisqa-qisqa nafas olishi eshitiladi. Derazaga quruq qor uchqunlari zirillab uriladi. Allaqaysi teshikdan huvillab sovuq kiradi. Issiq sandal elitdi shekilli, uxlab qopman. Bir mahal tashqarida itning akillashi, dadamning “yot” deb baqirishidan uygʻonib ketdim. Kimdir yoʻlakda gursillatib yer tepindi. Ogʻzidan bugʻ chiqib turgan dadam kirib keldi. Ketidan uzun shinel kiygan, qulogʻini sharf bilan oʻrab olgan Achinska kirdi. Oq xalati boʻlmasa ham, koʻzoynagidan tanidim. Dadamning moʻylovi, doktorning qoshi qordan oppoq boʻlib ketgan edi.

Oyim darrov oʻrnidan turdi. Salom berdi. Achinska shinelini yechib, yelkasiga qoʻngan qorni kavshandozga qoqdi. Qulogʻini oʻrab olgan sharfni yechgan edi, oppoq siyrak sochlari peshonasiga yoyilib tushdi.

 – Nastoyashiy Sibir! – dedi negadir jilmayib. Sandal chetiga choʻkkalab qoʻlini tanchaga tiqdi. Dadamning qoʻlida kichkina chamadon borligini endi koʻrdim. Achinska qoʻlini bir oz isitgach, muzlab qolgan koʻzoynagini roʻmolchasi bilan artdi.

 – Issik suv bar? – deb soʻradi onamga qarab.

Onam samovarni yangilash uchun darrov oshxonaga yugurdi. Doktor akamning koʻylagini yechib, “alyo-alyo” qilib koʻrdi. Sekin bosh chayqab qoʻydi. Qiyofasi jiddiy edi. Keyin chamadondan yaltiroq quticha oldi.

Ukol qilish uchun dori toʻldirayotganda akam hozir dod soladi, deb turgan edim, biroq u akamning ishtonini tushirib, ukol qilganida akam dodlamadi. Gʻingshib qoʻydi xolos. Chamasi ogʻriqni payqamadi ham.

 – Nichego, – dedi Achinska dadamni yupatib. – Yakshi bala. Tuzaladi.

Chindan ham koʻp oʻtmay, akam koʻzini ochdi. Biroq, doktor ikkinchi ukolni qilayotganda yigʻlab hammayoqni buzib yubordi. Achinskaning jahli chiqmadi.

 – Vsyo, vsyo, – dedi jilmayib. – Ugil bala yiglamaydi.

Keyin dadam ikkovlari sandal chetida oʻtirib, choy ichishdi. Urush gʻalaba bilan bitgani, endi non koʻpayishi, yana allanimalarni gapirishdi. Koʻzim yumilib ketayotgan boʻlsa ham doktor akamni yana nima qilishini bilgim kelib, chidab oʻtirardim. Dadam gap orasida bugun oʻtgan voqeani ham aytib berdi. Achinska qoshini chimirib, bir zum oʻyga toldi. Koʻm-koʻk koʻzlariga jiddiyat choʻkdi. Biroq, qoʻl siltab qoʻya qoldi.

 – Chepuxa! Xish nima kilmaydi.

Nihoyat u sargʻish qogʻozga oʻralgan allaqanday dorini majbur qilib akamga ichirdi. Yana toʻrt-beshta shunaqa qogʻozlardan qoldirdi. Oʻrnidan turayotgan edi, dadam onamga imo qildi. Onam hujraga ildam kirib ketdi-da, zum oʻtmay, ogʻzi bogʻlangan chogʻroq xalta koʻtarib chiqdi.

 – Aybga buyurmaysiz, doʻxtir, – dedi dadam xaltani Achinskaga uzatib. – Pul yoʻq edi.

Achinska shinelining bir yengini kiygan joyida turib qoldi.

 – Bu nima? – dedi xaltaga imo qilib.

 – Turshak, – dadam xijolat chekib, iljaydi. – Qantak oʻrikniki. Qoq quruq. Boʻyrada quritganman. Bittasiyam yerga tushmagan.

Achinska yengi kiyilmagan qoʻli bilan xaltani nari surdi.

 – Balaga kompot kiling. Isitma tushadi. Yakshi boʻladi.

Endi dadam astoydil yalina boshladi:

 – Yoʻq demang, doʻxtir. Oʻz qoʻlim bilan quritganman. Chodirga qoqib quritganman.

Gapga oyim aralashdi.

 – Marjangizga oborasiz, doʻxtir, padarka…

Achinska keskin bosh chayqadi.

 – Balaga kompot kiling. – Shunday dedi-yu, xaltani devorga suyab, etigini kiydi-da, tashqari chiqdi. Dadam shosha-pisha unga ergashdi.

 – Iloyo baraka toping, – deb qoldi onam eshikdan moʻralab. – Bola-chaqangizning rohatini koʻring.

Yana sukunat choʻkdi. Ammo endi bu boyagidek koʻngilni gʻashlovchi jimjitlik emas edi.

Ertasiga kech uygʻondim. Katta akam maktabga ketgan, kichik akam sandal chetida yostiqqa suyanib oʻtirgancha, sutchoy ichar, dadam bilan oyim tumshugʻidan chak-chak suv tomayotgan eski samovarni oʻrtaga qoʻyib gaplashib oʻtirishardi. Qor tingan, tashqarida quyosh charaqlab ketgan shekilli, uy ichi yop-yorugʻ edi. Endi sutchoyga zogʻora non botirib yeyishga kirishgan edim, tashqarida kuchugim jonholatda akillay boshladi. Eshik sharaqlab ochil-di-yu, ostonada Dalavoy paydo boʻldi. U kechagi charm paltosida, kechagi piymasida edi.

Dadam bilan oyim bir seskanib tushishdi. Hozir janjal boʻlishini bilib, mening ham yuragim orqaga tortib ketdi. Biroq hech qanaqa janjal boʻlmadi. Dalavoy ostonada turib, negadir jilmaydi.

 – Assalomalaykum! – dedi baland ovozda. Shunda uning judayam qoʻrqinchli odam emasligini payqadim. Dadam rangiga qon yugurib, asta oʻrnidan turdi.

 – Keling, keling, – dedi-da, borib koʻrishdi. Oyim darrov dasturxonga jiyda, yongʻoq keltirib qoʻydi. Dalavoy bu safar piymasini yechib chiqdi. Onam yangi koʻrpacha boʻlmagani uchun sandal toʻridagi koʻrpachaning orqasini oʻgirib, qaytadan yozdi. Dadam mehmonning orqasiga yostiq qoʻydi. Dalavoy piyolani aylantirib-aylantirib, choy hoʻplarkan, menga qarab koʻzini qisdi.

 – Qalay, polvon!

Uyalganimdan yerga qarab oldim. Shunda undan allaqanday qoʻlansa hid kelayotganini payqadim.

 – Oʻzizam ja haligidaqa odamsiz-da oka! – Dalavoy dadamga yuzlanib, baralla ovozda kuldi. – Qilar ishni qip qoʻyib, tagʻin odamni soʻkib oʻtiribsiz, oka.

Dadam uzrli qiyofada yelkasini qisdi.

 – Endi, ukam, jahl chiqqanda, aql ketadi…

 – Oʻziyam ja, kattasini agʻdaribsiz-da, oka! – Dalavoy negadir yana kuldi. – Ha, endi shunaqa ekan, bir ogʻiz aytmaysizmi, shu ishni shundoq qilmoqchiman, deb. Axir jahon bedarvoza emas, tartib bor, zakun bor…

Dadam xijolat chekib, dasturxon chetini himara boshladi.

 – Endi, ukam, biz bir poʻristoy odammiz. Bunaqa qonunlarni tushunmasak, bu yoqda bolalar sovuqda qoldi.

 – Shu-da endi, oka! – Dalavoyning milki qizarib ketgan kulrang koʻzlarida samimiy tabassum oʻynadi. Dadamning yelkasiga qoqdi. – Bir ogʻiz maslahat solsangizu hammasini zakonniy qilardik.

Boyadan beri indamay choy quyib uzatayotgan onam endi gapga aralashdi.

 – Bu odam bilmabdilar-da, jon ukam, gunohlaridan kecha qoling.

Dalavoy oyimga qaramadi, dadamga tikilgancha, jiddiy tortdi.

 – Endi, oka, biz bir joyning odamimiz, ot tepkisi otga oʻtmaydi.

 – Rahmat, ukam, – dadam yana boshini xam qildi. – Siz bizlarni siylasangiz, sizni Xudo siylasin.

 – Men-ku shu yerning odamiman, – Dalavoy ovozini pasaytirdi. – Ammo oʻrtoq Toshevning oldida, shu ish shundoq boʻlgani chatoq boʻldi. Katta odam. Qamatmaguncha qoʻymayman deyapti. Ikkalamizni askarblyat qildi, deyapti.

Oyimning rangi bir zumda oʻzgarib ketdi. Dadam boʻlsa, taqdirga tan bergandek, hamon boshini quyi solib oʻtirardi.

 – Oʻrtoq Toshevga yotigʻi bilan tushuntirdim, – Dalavoy ovozini yanayam pasaytirdi. – Oʻzimizning odam gunohidan oʻta qoling, dedim. Hozircha koʻnmay turibdi-yu, koʻnadi. Koʻnmay qayoqqa borardi. “Qurugʻi”dan obkeb beraman, dedim.

Birdan oyimning yuzi yorishdi. Dik etib oʻrnidan turdi-da, hujraga kirib ketdi. Dalavoy onamning ketidan qarab qoldi. Dadam boʻlsa hamon dasturxon qatini oʻynab oʻtirar, barmoqlari bilinar-bilinmas titrar edi. Oʻsha zahoti onam xalta koʻtarib chiqdi. Bu – kechasi Achinska olmay ketgan oʻsha turshak toʻla xalta edi.

 – Mana, opovsi, – dedi oyim xaltani Dalavoyning oldiga qoʻyib. – Qoq-quruq. Qantak oʻrikning turshagi. Adasi oʻz qoʻllari bilan quritganlar. Bittasiyam yerga tushmagan.

Dalavoy goh onamga, goh xaltaga qarab, talmovsirab turdi-da, birdan qah-qah otib kulib yubordi. Bir zumda kulrang koʻzlaridan yosh tirqirab chiqdi. U koʻrpachani mushtlab-mushtlab kular, boshi ham, gavdasi ham muttasil silkinar, sargʻish yuzi sholgʻomdek qizarib ketgan edi. Oyim ogʻzini lang ochgancha, bir dadamga, bir Dalavoyga qarab qolgan, negadir nuqul koʻylagining yoqasini gʻijimlardi.

 – Voy, voy kennoyi tushmagur-ey! – dedi Dalavoy kulgidan nafasi qaytib. – Voy sodda xotin-ey! “Qurugʻi” desam, turshak obchiqibdi. Qarang, oka! Qarang! “Qurugʻi” desam… “Qurugʻi” desam… – U dadamga qaradiyu kulgisi kesildi. Dadamning qiyofasi shiddatli, yuzi qizarib-boʻzarib ketgan edi.

 – “Qurugʻi” kerakmi? – dedi ovozi xirillab.

Dalavoy butunlay jiddiy tortdi.

 – Mengamas, oʻrtoq Toshevga, – dedi sargʻish qoshini chimirib. – Men sizga jabr boʻlmasin, deyapman, oka, joʻjabirdek jonsiz.

 – “Qurugʻi” kerakmi! – Dadam yanayam pastroq, ammo yanayam tahdidliroq ovozda takrorladi. – Mana buni qirqib beraymi! – U kindigidan pastroqqa imo qildi. Dadam birovdan qattiq gʻazablansa, padaringga laʼnat deb soʻkar, ammo biron kimsani bunchalik qoʻpol haqorat qilganini eshitmagan edim. Onam ham, yostiqqa suyangan akam ham, men ham qotib qoldik.

 – Shunaqami, hali! – Dalavoyning kulrang koʻzlari yonib ketdi. – Endi oʻzingdan koʻr! – Shunday dedi-yu, hatlab oʻrnidan turdi. Dadam ham sapchib turib ketdi. Oyim dod solib, dadamning yoʻlini toʻsdi. Dalavoy shiddat bilan charm paltosining choʻntagiga qoʻl suqdi-da, allaqanday qogʻozni dasturxon ustiga uloqtirdi. – Indinga tegishli joyga bormasang, militsiya yuborib, ottirib tashlayman! Umringni turmada chiritmasam, Dalavoy otimni boshqa qoʻyaman!

Oyim bekorga dod solgan ekan. Dadam Dalavoyga tashlanmadi. Piymasini kiyib chiqib ketguncha, uy oʻrtasida turaverdi. Faqat gʻazabdan pishqirib nafas olar, moʻylovi uchib-uchib qoʻyar edi. Tashqarida it akilladi. Keyin jimlik choʻkdi.

 – Endi qoʻymaydi, – dedi onam ingrab. – Qamatmay qoʻymaydi. – U hamon gʻazabdan titrab turgan dadamga iltijoli termildi. – Jon adasi, aylanay adasi, johillik qilmang, keling, shular toʻya qolsin. Mayli, sholchani sotamiz.

Kuzda opamni uzatamiz, deb dadam bir sholcha olib kelgan edi. Oyim shuni gapirganini tushundim.

 – Nega?! – dadam sandal chetiga choʻkkalagancha, hayqirib yubordi. – Nega?! Nega men pora berishim kerak? Nega?! Porani harom odam beradi, bildingmi! Porani harom odam oladi! Bildingmi?! Porani imonsiz odam imonsiz odamga beradi! Tushundingmi?! Nega men oʻz imonimni sotib poraxoʻrga yalinishim kerak? Nega?

U esdan ogʻib qolganga oʻxshar, har gal “Nega?” deganda, dasturxonni mushtlar, Dalavoy tashlab ketgan qogʻoz ham, jiyda-yongʻoqlar ham har yoqqa sochilib ketgan edi.

 – Yoʻq! – dedi u nafasi qisilib. – Men pora bermayman. Qamasin! Toʻpiga solib otib yuborsin!

Beshikdagi ukam choʻchib ketdi shekilli, chirillab yigʻlay boshladi. Oyim mahzun qiyofada choʻkkalab oʻtirgancha, koʻkrak tutdi. Dadam tirsagini sandal chetiga tirab, kaftlari bilan yuzini toʻsib, uzoq oʻtirdi. Qoʻli hamon bilinar-bilinmas titrar edi. Nihoyat, jahl bilan oʻrnidan turdi. Onam vahima ichida unga termildi.

 – Qayoqqa? Hoy adasi, oʻzingizni bosing.

 – Achinskaga boraman, – dedi dadam sekin. – Ariza yozdiraman.

Shunday dedi-yu, eski choponini kiyib, chiqib ketdi. Peshinga yaqin tekis qilib yozilgan allaqanday oʻrischa xat koʻtarib keldi.

Keyin bilsam, dadam toʻgʻri qilgan ekan. Uni ikki-uch hafta sudrab yurishdi-yu hammasi tinchib ketdi. Faqat Dalavoy keyinroq, nalugchi boʻlganidan keyin boshqa yoʻl bilan qasdini oldi. Biroq Achinskaning yordam berganini dadam koʻp yillar hammaga gapirib yurdi.

Mening goʻdak shuurimga esa pora – dunyodagi eng harom narsa, degan tushuncha mixlanib qoldi. Toʻgʻri, keyin ham, poralaru poraxoʻrlarning har xilini koʻrdim. Birovga order berish uchun pora oladiganlarniyu, yaxshiroq uydan joy olish uchun pora beradiganlarni ham, birovning bolasini institutga olib kirish uchun pora oladiganlarniyu, oʻzining chalasavod bolasini oʻqishga joylash uchun pora beradiganlarni ham koʻrdim. Birovga kamyob narsani navbatsiz toʻgʻrilash uchun pora oladiganlarniyu, oʻsha narsani boshqalarga uch bahosiga pullash uchun pora beradiganlarni ham, birovni amal stoliga oʻtqazish uchun pora oladiganlarniyu, oʻsha kursiga oʻtirib, berganini oʻn hissa qilib qaytarib olish uchun pora beradiganlarni ham koʻrdim. Oʻzining qizi tengi xodimini dachasiga sudraydigan ipirisqi amaldorlarniyu, ishini bitirish uchun begona toʻshakka bemalol yotadigan ayollarni ham, pora olib qiya boʻlib ketganlarniyu, yana pora berib, qutulib chiqish yoʻlini topadiganlarni ham koʻrdim. Shunda dadamning titrab-qaqshab aytgan gaplari naqadar rost ekanini tushundim. Hamma-hammasini tushundim.

Faqat… Domimizning birinchi qavatida turadigan soʻqqabosh Klava xolaning maʼyus taʼzim qilib turganini koʻrganimda, bir narsaga hech aqlim yetmadi. Nahotki, odam tirik qolish uchun ham pora berishi kerak boʻlsa! Uzoq qarindoshim boʻlmish oʻsha vrachning gapini eshitganimda, battar hayron boʻldim. Nahotki tirik qolish uchun majburan birovga pora berish ham jinoyat hisoblansa? Xoʻsh, boʻlmasa nima qilsin? Oʻlib ketsinmi?! Nahotki, oʻlim toʻshagida yotgan odamdan nimadir tama qilish imon degan tushunchaga sal boʻlsayam toʻgʻri kelsa?!

Xayolimga shunday iztirobli savollar yopirilib kelganida, beixtiyor oʻsha qahraton qish, oʻsha izgʻirinli kecha, koʻzoynagini yiltiratib jilmayib turgan Achinska, namat ustida qolib ketgan oʻsha bir xalta turshak xotiramga tushadi.

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

“Dunyoning ishlari”dan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.