Iltijo

0
1591
marta koʻrilgan.

Oyi, men keldim… Eshityapsizmi, oyi, men yana keldim…

Qarang, oyi tagʻin koʻklam kirdi. Esingizdami, har yili bahor kirishi bilan sizni dalaga olib chiqardim. Siz charaqlagan oftobni, tiniq osmonni, koʻm-koʻk maysalarni koʻrib quvonardingiz. Esingizdami, nevaralaringiz terib kelgan boychechaklarni koʻzingizga surtib, “omonliq-somonliq” qilardingiz…

Bugun… oʻzingizning ustingizdan boychechak oʻsib chiqibdi… Yoʻq, yoʻq, oyijon… Yigʻlayotganim yoʻq. Bilaman, men yigʻlasam, siz bezovta boʻlasiz. Hozir… hozir oʻtib ketadi. Mana, boʻldi…

Ertalab-chi, oyi, yomgʻir yogʻdi. Qattiq yomgʻir yogʻdi. Siz bahor yomgʻirini yaxshi koʻrardingiz… Keyin oftob chiqib ketdi. Qarang, oftob charaqlab yotibdi… Esingizdami, siz menga oftob toʻgʻrisida choʻpchak aytib bergan edingiz. Oʻsha oftob charaqlab yotibdi… Koʻryapsizmi…

Esingizdami, oyi, siz ukamga alla aytardingiz. Men allaning ohangiga mast boʻlib uxlab qolardim. Oʻsha beshikda men ham yotganman. Allangizdan men ham orom olganman. Nima qilay, oyi, men alla aytishni bilmayman. Qabringizni silab qoʻysam orom olasizmi… Mana, oyijon, mana… Yoʻq, yoʻq, yigʻlayotganim yoʻq. Hozir, hozir oʻtib ketadi.

Esingizdami, oyi, siz bir marta, atigi bir marta, oʻshandayam hazillashib: “Meniyam kitob qilib yozsang-chi, oʻgʻlim”, degandingiz. Men: “Sizning nimangizni kitob qilaman, oyi?” degan edim. Xafa boʻlmang, men hazillashgan edim. Mana, oʻsha kitob. Yoʻq, uni men yozganim yoʻq. Uni siz yozgansiz. Men uni qogʻozga tushirib, odamlarga tarqatdim, xolos. Men uni dunyodagi hamma onalar oʻqishini xohlayman. Bilaman, dunyodagi hamma onalar yaxshi. Shundoq boʻlsayam, ularning hammasi Sizga oʻxshashini xohlayman…

 

1980–1981

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

“Dunyoning ishlari”dan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.