Ilm

0
1399
marta koʻrilgan.

Ilm deb oʻqimak, yozmakni yaxshi bilmak, har bir kerakli narsalarni oʻrganmakni aytilur. Ilm dunyoning izzati, oxiratning sharofatidur. Ilm inson uchun gʻoyat oliy va muqaddas bir fazilatdur. Zeroki, ilm bizga oʻz ahvolimizni, harakotimizni oyina kabi koʻrsatur. Zehnimizni, fikrimizni qilich kabi oʻtkur qilur. Savobni gunohdan, halolni haromdan, tozani murdordan ayurub berur, toʻgʻri yoʻlga rahnamolik qilub, dunyo va oxiratda masʼud boʻlishimizga sabab boʻlur. Ilmsiz inson mevasiz daraxt kabidur. Chunki ilmsiz kishilar ota-onasiga, qarindosh-urugʻiga, yor-doʻstiga, din va millatiga foyda yetkurmak bir tarafda tursun oʻz ustiga lozim boʻlgan ibodat va toatni ham loyiqicha qila olmas. Ilmning foydasi u qadar koʻpdurki, taʼrif qilgʻon birla ado qilmak mumkin emasdur. Bizlarni jaholat qorongʻuligʻidan qutqarur, madaniyat, insoniyat, maʼrifat dunyosiga chiqarur, yomon feʼllardan, buzugʻ ishlardan qaytarur, yaxshi xulq va adab sohibi qilur, Alloh taologa muhabbat va eʼtiqodimizni ortdurur, janobi Haqning azamat va qudratini bildirur. Alhosil, butun hayotimiz, salomatimiz, saodatimiz, sarvatimiz, maishatimiz, himmatimiz, gʻayratimiz, dunyo va oxiratimiz ilma bogʻlidur. Paygʻambarimiz: “Ilmga amal qilguchilardan boʻlingiz, naql va rivoyat qilguchilardan boʻlmangiz”, – demishlar.

 

Ilm bir daryo ichi toʻlmish dur-u gavhar bilon,

Qiymat-u qadrin qachon bilgʻay oni johil yilon.

 

Olim kishilar har yerda aziz va hurmatlidur. Shariatimizda qaysi ilmga muhtoj boʻlsang, shuni bilmak bizga farzdur.

Shuning uchun oʻqimak, bilmak zamonlarini qoʻldan bermay, vujudimizning dushmani boʻlgan jaholatdan qutulmakga jonimiz boricha saʼy qilmagimiz lozimdur.

 

Abdulla AVLONIY

 

“Turkiy Guliston yoxud axloq” kitobidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.