Ilk sarguzasht

0
227
marta koʻrilgan.

Hermann HESSE

 

Qiziq, boshdan oʻtgan voqealar vaqt oʻtishi bilan odamning xayolidan ham koʻtarilib ketarkan! Hatto minglab turfa kechinmalarga guvoh boʻlgan butun boshli yillar ham asta-sekin unutilib ketishi mumkin ekan. Bolalarning maktab tomon borishayotganini koʻrib turib, oʻzimning oʻquvchilik davrimni bir eslab qoʻyish xayolimga ham kelmaydi. Bordi-yu, gimnaziya talabalariga koʻzim tushgudek boʻlsa, oʻzimam bir vaqtlar shularga oʻxshagan talaba boʻlganimni eslayolmayman ham.

Mashinasozlarning oʻz ustaxonalariga yoki boʻlmasam havoyi, beburd ishboshilarning oʻz idoralariga erinibgina kirib ketishayotganini koʻrib turaman-u, oʻzimning ham bir zamonlar ana shunday yoʻllardan yurganim, egnimga havorang korjoma ilib, ishlaganim yoxud tirsaklari yaltirab ketgan kitel kiyib, kotiblik qilganimni paqqos unutib qoʻyaman.

Yoki kitob doʻkonida Drezdendagi Pyerson nashriyotida chop etilgan oʻn sakkiz yoshlilarning qalamiga mansub gʻalati va oʻziga xos moʻjazgina sheʼriy toʻplamlarni koʻzdan kechirarkanman, oʻzim ham bir vaqtlar shunga oʻxshash sheʼrlar yozib, xuddi oʻsha noshirning qarmogʻiga ilinganman-ku, deya birrov oʻylab koʻrish xayolimga ham kelmaydi.

Ha, qachonlardir sayr qilib yurgan chogʻim yoki poyezdda biron yoqqa borayotgan paytim yoxud uyqusiz tunda hayotning allaqachon unut boʻlgan bir parchasi oʻzining barcha mayda-chuyda, ikir-chikir tafsilotlari bilan, ism va joy nomlari, shovqin-suron hamda oʻziga xos hid-boʻylari-la goʻyoki jihozlar bilan bezatilgan sahna surati yangligʻ “yarq” etib koʻz oldimda namoyon boʻlmagunga qadar.

Oʻtgan tunda xuddi shunday boʻldi. Oʻz boshimdan oʻtgan bir voqea, garchi u oʻshanda aniq-tiniq yodimda qolgan va men buni hech qachon unutmayman, deb oʻylagan boʻlsam ham, oʻtgan yillar mobaynida butunlay xotiramdan faromush boʻlgan edi, naq koʻz oʻngimda qaytadan jonlansa deng… Xuddi kitob yoki qalamtaroshing bexosdan yoʻqolib qoladi-yu, avvaliga uning iziniyam topolmaganing, soʻng uni butunlay unutib ham yuborishing, keyin kunlardan bir kun kutilmaganda gʻaladondagi eski-tuski lash-lushlar orasida “lop” etib oldingdan chiqib qolgani kabi.

Men oʻshanda oʻn sakkiz yoshda edim, oʻqishim tugab qolayozgan, mashinalar taʼmirlanadigan chilangarlik ustaxonasida amaliyot oʻtardim. Tanlagan soham boʻyicha uzoqqa borolmasligimni sezganim uchunmi, oʻz kasbimni oʻzgartirishga qatʼiy ahd qilgan edim. Buni otamga yotigʻi bilan tushuntirish uchun qulay fursat topilgunga qadar, korxonada qolib ishlay boshladim. Biroq ketishi maʼlum boʻlgan, toʻrt tomoni qibla odamga oʻxshab, goh xud, goh bexud, ishni qoʻl uchida bajarardim.

Ustaxonamizda bir koʻngilli shogird bola ham ishlardi. Uning birdan-bir zoʻr “fazilati” – qoʻshni shaharchada yashaydigan boy xonim bilan qarindoshligi edi. Fabrikantning yosh bevasi boʻlgan bu xonim kichikroq chorbogʻda istiqomat qilar, uning hashamatli ulovi hamda salt oti boʻlib, oʻziga bino qoʻygan va gʻalati tabiatli edi, chunki u ezma, sergap, gʻiybatchi xotinlar davrasiga qoʻshilmas, buning oʻrniga ot minar, baliq ovlar, lolalar yetishtirar va hovlisida senbernar (yungi uzun katta it)larni saqlardi. Xonim haqida turli gap-soʻzlar yurar, ayniqsa, uning Shtutgart va Myunxen tomonlarga tez-tez borib turishi, u yerlarda davralarning “guli” ekanligi maʼlum boʻlgach, odamlar endi uning nomini hasad va alam bilan tilga ola boshlagandilar.

Ne ajabki, xonim oʻzining jiyani yoki amakivachchasi yo xolavachchasi boʻlmish yigitchani qora tortibmi, ishxonamizga uch marta kelib, bu yerdagi asbob-uskuna va mashinalarni tomosha qilib ketgan edi. Toʻladan kelgan, barvasta boʻyli, tashqi koʻrinishi gʻoyat goʻzal bu ayol har gal kelganda kaminada katta taassurot qoldirardi, negaki, yasan-tusan, pardoz-andozlari har doim joyida, buyam yetmagandek, dud, is bosgan xonalarimiz boʻylab ohista qadam tashlarkan, har narsaga oʻta qiziquvchanlik bilan boqib, gʻalati-gʻalati savollar berar, shunda uning oq-sariq yuzi nihoyatda soʻlimlashib, qiliqlari boʻsh-bayov qizlarni yodga solardi. Bizlar esa, egnimizda moy tekkan ishkiyim, yuz-koʻz va qoʻllarimiz qora yogʻ, bamisoli naq malikaning oʻzi tashrif buyurganday, nima qilarimizni bilmay, serrayib tek qarab turaverardik. Qolaversa, bu narsa bizning qarashlarimizgayam toʻgʻri kelmasdi, bunga oʻzimiz ham har gal iqror boʻlar edik.

Shunday kunlarning birida shogird yigitcha tushki tanaffus payti oldimga kelib:

– Yakshanba kuni xolamnikiga mehmonga bormaysizmi? Shaxsan oʻzlari taklif qildilar, – deb qoldi.

– Taklif qildi deysanmi? – hayron boʻlib soʻradim men. – Hoy bola, menga bunaqangi boʻlmagʻur hazil qilmagin, xoʻpmi, yoʻqsa, burningni yerga ishqab, adabingni berib qoʻyaman-a.

Yoʻq, u hazillashmagan edi. Haqiqatan ham xonim kaminani yakshanba kuni kechqurunga mehmonga taklif etibdi. Soat oʻndagi poyezd bilan bemalol qaytib kelsak boʻlarkan, basharti uzoqroq qolib ketadigan boʻlsak, beka bizga ulovini berib turishga ham bajonidil rozi ekan.

Dabdabali ulov egasi, bir xizmatkor, ikki nafar oqsoch, izvoshchi va bogʻbonning xoʻjayini boʻlmish bundayin xonim bilan tanishib, bordi-keldi qilish kaminaning oʻsha paytdagi dunyoqarashiga koʻra, gʻirt ablahlik boʻlur edi, biroq bu narsa qiziq ustida taklifga rozilik berib yuborganimdan soʻnggina esimga keldi, buning ustiga, koʻchalik, yaʼni biror joyga borganda yoki bayramlarda kiyadigan sariq rangli kostyumimni mehmonga kiyib borsam, yarashadimi-yoʻqmi, deb oʻylanib ham qoldim.

Shanbaga qadar kunlarni shu tariqa kuchli hayajon hamda quvonch bilan yelib-yugurib oʻtkazdim. Soʻng meni birdaniga qoʻrquv chulgʻab oldi. Men u yerda nima deyman, oʻzimni qanday tutishim, xonim bilan qanday gaplashishim lozim? Faxr-iftixorim boʻlgan kostyumimga bundoq razm solib qarasam, hammayogʻi gʻijim, dogʻ-dugʻ bosgan, yoqalarim esa toʻzib, yagʻiri chiqib yotibdi. Bundan tashqari, shlyapam ham eski, kiyilaverib titilib ketgan edi. Asosiy, maqtangudek bor bisotim – bir juft uchi oʻtkir qoʻnjsiz botinkam, och qizil tusli, yarim ipak boʻyinbogʻ bilan chetlari nikellangan pensne esa bularning oʻrnini bosolmasligi kunday ravshan edi.

Yakshanba kuni kechki payt ikkovlon Zetlingenga qarab piyoda yoʻlga tushdik, kamina hayajon va xijolatdan bir ahvolda edim. Nihoyat, chorbogʻga yetib keldik. Oldida chet el qaragʻaylari va sarv daraxtlari oʻsib yotgan panjara toʻsiq ortidan eshitilgan itlarning hurishi darvoza qoʻngʻirogʻining ovozi bilan qoʻshilib ketdi. Xizmatkor bir soʻz demay, bizni ichkariga kiritdi, uning xushlamaygina qilgan muomalasi yetmaganday, ulkan senbernarlar ham yeb qoʻygudek boʻlib, tinmay irillardi. Beixtiyor qoʻrqa-pisa qoʻllarimga qaradim, ularni bir necha oydirki, tozalab yuvishga ham hafsala qilmagan, faqat shu bugun, bundan atigi yarim soat oldin suyuq sovun bilan kerosinda apil-tapil chayib olgandim, xolos.

Egniga oddiygina, och havorang yozlik koʻylak kiyib olgan beka bizlarni xos mehmonxonasida qarshi oldi. U ikkalamiz bilan qoʻl berib soʻrasharkan, oʻtirishga taklif qildi va kechki ovqat ham hademay tayyor boʻlib qoladi, dedi.

– Nima, siz uzoqni koʻrolmaysizmi? – soʻrab qoldi xonim mendan.

– Ha, bir oz.

– Bilasizmi, koʻzoynagingiz sirayam yarashmabdi.

Men pensnemni yechib, choʻntagimga solib qoʻydim, qovoqlarim oʻz-oʻzidan osilib ketdi.

– Sotsi hammisiz? – savol berishda davom etdi xonadon bekasi.

– Sotsial-demokrat, demoqchimisiz? Ha, shunday.

– Nega endi?

– Eʼtiqodim sababli.

– Eha, shundaymi. Lekin boʻyinbogʻingiz ajoyib ekan… Xoʻsh, endi ovqatlanamiz. Qorinlaring ham rosa ochiqqandir?

Qoʻshni xonada uch kishiga moʻljallab dasturxon tuzab qoʻyilgan edi. Uch xil qadahlarni istisno qilganda, stol ustida kaminani hayron qoldiradigan deyarli hech nima yoʻq edi. Kallashoʻrva, lahm mol goʻshtidan qilingan qovurdoq, sabzavot, salat va pirog, bularni men hech xijolat boʻlmasdan, bemalol tanovul qila olar edim. Vinoni esa uy bekasining oʻzi quyib, uzata boshladi. Tamaddi paytida u faqat jiyani bilan soʻzlashdi, men esa, mazali taomlarni yeb, may ichgach, kayfiyatim koʻtarilgan, endi oʻzimni xuddi uydagidek erkin his qilib, bamaylixotir oʻtirardim.

Ovqatdan soʻng, may ichilgan qadahlar yana mehmonxonaga olib kelindi. Kaminaga ajoyib sigarani qizgʻish-tillarang sham shuʼlasida yondirib uzatishgach, xotirjamlik oʻrnini yoqimli xushkayfiyat egallab, ogʻzim lang ochilib qoldi, angrayib xonimga asta razm sola boshladim, u shunaqangi suluv ediki, gʻururlanib ketganimdan shu damda oʻzimni naq jannatga tushib qolgandek his etardim, bundayin tuygʻu haqida esa ilk bor ishqiy hikoya va romanlardan oʻqib, xira tasavvur hosil qilgandim.

Xonim bilan suhbatimiz qizib ketdi, men uning sotsial demokratiya va qizil boʻyinbogʻ haqidagi mulohazalarini eslatib, hazillashishga ham jurʼat qildim.

– Siz butunlay haqsiz, – dedi u menga mayin jilmayib. – Eʼtiqodingiz oʻzingizga buyursin, ammo bilasizmi, boʻyinbogʻni undoq emas, qarang, mana bundoq bogʻlashingizni maslahat bergan boʻlardim.

Xonim shunday deb, oʻrnidan turdi va men tomonga engashib, ikkala qoʻli bilan boʻyinbogʻimning u yoq-bu yogʻini toʻgʻrilashga tushdi. Bir mahal uning ikki barmogʻi koʻylagim orasidan asta sirgʻalib oʻtib, koʻksimni siypayotganini sezib, qoʻrqib ketdim. Yuragim gupillab ura boshladi, dahshatga tushib, unga qaradim, u esa barmoqlarini koʻkragimga yana bir bosdi-da, indamay koʻzlarimga tikilib qoldi.

Obbo bekasi tushmagur-yey, oʻyladim ichimda, serzavq ayol ekan-ku.

U ortga tislanib, oʻzini boʻyinbogʻni tomosha qilayotganga soldi, aslida esa ikki koʻzi menda, nigohi jiddiy va qatʼiy, hatto bir necha bor bosh irgʻab, nimagadir himo qildi.

– Menga qara, – dedi u soʻng, qandaydir jurnalni varaqlab oʻtirgan jiyaniga yuzlanib, – yuqoriga chiqqin, muyulishdagi xonada quticha bor, oʻshani olib tush, ha, boʻlaqol.

Yigitcha ketishi bilan beka koʻzlarini baqraytirib men tomon asta yaqinlashdi.

– Eh, sen! – dedi u sekin va mayin ovoz bilan, – biram yoqimtoysanki…

Soʻngra u yuzini yuzimga yaqin opkeldi, shunda birdan lablarimiz beixtiyor otash boʻlib, bir-biriga unsiz chippa qapishdi va… bu holat bir necha bor qayta takror boʻldi. Men uni, barvasta goʻzal xonimni oʻzimga tortib, mahkam quchdim, u esa, koʻzlari yonib, yosh qizlar kabi yashnab ketdi, lablarini lablarimga bosib, menga oʻtli boʻsalar hadya qildi.

Jiyan qutichani olib tushgach, uchovlon oʻtirib, shokoladdan bas boylashib soqqa oʻynashga kirishdik. Xonim ochilib, gapga tushib ketdi, men boʻlsam, nafasim boʻgʻilib, miq etmay oʻtirar, u esa har soqqa tashlaganda menga tegajogʻlik qilib hazillashar, gohida stol ostidan qoʻlini uzatib, barmoqlarimni oʻynar yoki tizzalarimni asta siypalab qoʻyardi.

Soat millari oʻnga yaqinlashgach, sherigim endi qaytamiz, deb qoldi. Shunda xonim menga maʼnoli boqib:

– Siz ham ketmoqchimisiz? – deb soʻradi.

Kamina hali bunaqangi ishq savdosidan bexabar emasmanmi, nima deyishni ham bilmay, duduqlanib, asta oʻrnimdan turdim.

– Ha, mayli, nimayam derdim, – soʻz qotdi beka.

Biz eshik tomon yurdik, biroq hamrohim ostona hatlab ulgurmayoq, xonim qoʻlimdan ushlab, meni oʻziga tortarkan, mahkam quchoqlab oldi, soʻng qulogʻimga sekin shivirladi:

– Esing bormi oʻzi, hoy, esingni yigʻ!

Men anqov oʻshanda bu soʻzlarning maʼnosini ham tushunmabman.

Biz mezbon bilan xayrlashib, poyezd bekati tomon yugurdik. Chiptalarni olgach, sherigim tezda vagonga chiqvoldi. Mening esa shu damda negadir yolgʻiz qolgim keldi. Endigina pillapoyaning birinchi pogʻonasiga chiqqandim, mashinistning hushtak chalgani eshitildi, shunda uzoq oʻylab oʻtirmay, yerga sakradim va poyezddan qolib ketdim. Chor-atrofga allaqachon zimiston tun oʻz chodirini yoygan, hech nimani koʻrib boʻlmasdi.

Maʼyus va parishon bir alfozda ortimga qaytib, uzun dala yoʻli boʻylab yugurgilab ketdim, chorboqqa yetgach, tanish panjara yonidan oʻgʻriga oʻxshab pusib oʻtdim. Aslzoda xonim meni sevib qolibdi! Koʻz oʻngimda birdaniga sehrli oʻlkalar namoyon boʻldi, shu choq choʻntagimga qoʻl solgandim, tasodifan oʻsha nikelli pensne ilinib qolsa, uni jahl ustida koʻchadagi chuqurcha tomon otib yubordim.

Keyingi yakshanba kuni shogird yigitchani yana – bu gal tushlikka taklif etishdi, meni esa hech kim yoʻqlamadi. Xonim ham ustaxonamizga qaytib qadam bosmadi.

Yana chorak yil mobaynida yakshanba kunlari yoxud kech oqshom paytlari Zetlingen taraflarga tez-tez borib-kelib turdim, har gal borganimda oʻsha panjara toʻsiq yonidan oʻtib, bogʻ atrofini aylanardim, senbernarlarning vovullashini hamda xorij daraxtlari uzra taralayotgan shamol qoʻshigʻini tinglardim, nogoh xonalar ichra yoniq chiroq nurlariga koʻzim tushsa: zora koʻrib qolsa, axir meni sevadi-ku, deya umidvor boʻlardim. Bir kuni uy ichkarisidan pianino musiqasining mayin va allalovchi ohanglari yangradi, uni tinglab turib, devorga suyangan koʻyim yigʻlab yubordim.

Biroq shundan keyin darbon kaminani itlardan ortiq himoya qilmadi va uy ichiga ham boshqa olib kirmadi, xonimning qoʻllari barmoqlarimni ortiq siypamadi, lablari esa menga boshqa boʻsa hadya qilmadi. Bularning bari faqat tushdagina, ha, tushimda bir necha bor qayta namoyon boʻldi, xolos. Kech kuzda esa, chilangarlik hunari bilan xayr-maʼzur qilib, egnimdan oʻsha koʻkimtir korjomani bir umrga yechib tashladim va bu yerdan uzoq-uzoqlarga – boshqa bir shaharga joʻnab ketdim.

 

Nemis tilidan Mirzaali AKBAROV tarjimasi

 

“Yoshlik”, 2015 yil 6-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.