Ikkinchi seansga chipta

0
214
marta koʻrilgan.

Vasiliy ShUKSHIN

 

Keyingi paytlarda nimagadir Timofey Xudyakovning koʻngliga qil sigʻmas, hamma narsadan xunobi chiqib yurardi. Toʻrt oyoqlab tursa-yu, boshi qaltirab, itday irillasa, hurib yuborsa. Balki yigʻlab ham olarmidi.

– Senga nima jin urgan oʻzi? – mugʻombirona rahmdillik bilan soʻradi Yermolay.

Timofey uning atay oʻsmoqchilayotganini tushundi, ammo baribir nolidi:

– Taqdir – qanjiq… – dedi-yu, gapning davomini chigallashtirib yubordi. – Boshi tosh qotsin uning… Dasturxoni non koʻrmasin…

Timofey ruhan qiynalgan damlarda soʻkishni qotirib qoʻyar, goʻyoki yomon koʻrgan odamini darra bilan ana shunday savalardi. Qattiq ehtiros bilan taqdirga laʼnat oʻqishni xohlab qolardi. Taqdirni, “oʻn ikki havoriy”, “ogʻziga terak qipigʻi”, “choʻqintirganni onasi” – bari-barini qoʻshib soʻkishda qizishib davom etardi. Hatto Yermolay ham hayron tikilib qoldi.

– Ha, qiyin boʻpti senga!

– Osonmi, qanjiq taqdir senga bunaqangi koʻrgiligini koʻrsatib tursa.

– Agar sen taqdirdan nolisang… bilmadim. Senga nima yetishmaydi? Uyingda hamma narsa joy-joyida boʻlsa…

Timofey qorovulga ruhiy qiynalayotganini tushuntirgisi kelmas, aytgani bilan u tushunmas, hatto oʻziyam hech neni anglamayotgan edi. Rost-da, uyida alagʻda boʻladigan narsasi yoʻq, bolalarini institutlarda oʻqitdi… Baʼzi paytlari u yashashni bilishidan magʻrurlanar, endi esa jahli chiqar va negadir yuragi siqilardi.

Ahmoq qorovul Yermolay boʻlsa: “Sen iblisni, vijdon yeyapti; butun umr oʻmarding… uyga tashiding, biron marta qoʻlga tushmading, tekinxoʻr”, deya alamidan tutaqardi.

– Ixtilof, Yeremajon… koʻnglimda gʻalayon. Nimadanligini oʻzim ham bilmayman.

– Oʻtib ketadi.

Oʻtib ketmadi.

Shu kuni shanba edi (oʻzi ertalabdan hamma ishi tersdan kelaverdi). Timofey omborni tambalab, qorovul bilan “yarimta”ni boʻlishib kunni kech qildi… Uyiga joʻnash oldi yana bittasini “er tishlatgach” oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Uyiga borgisi kelmasdi – borsa xotini yana mingʻirlab koʻnglini battar xira qiladi.

Kuz yomgʻiri shivalab oʻtgandi. Namchil shamol esganidan halqob suvlar yuzasi ajinday tirishdi. Ufq osmoni yorishib quyosh koʻrindi. Yogʻoch uylar derazasida qahrabo yogʻdular zarhallanib, atrofga yorugʻlik toʻshardi. Kun sovuq, ham zerikarli edi. Barchasining yoqimsizligi-chi?

Timofey oʻyga choʻmdi: “Mana – yashab qoʻydim, bu yogʻi oz qoldi… nari borsa oʻn-oʻn ikki yilmi, umrimni shunchaki sudralib oʻtkazish-u, boʻsagʻada yotib olib kun sanash qoldi. Bu hayot emas, chaynab tashlangan suyakday hayot kimga kerak! Nima ham derding, hayot – bu hayot-da. Oʻylab qolasan. Tfu! Butun umr yugurdim-yeldim, olgʻirlik qildim, uy qurdim, har xil yolgʻon-yashiqlar bilan birni oʻnga urib goh u narsani, goh bu narsani topib keldim. Yeremoxa boʻlsa, oʻzi uchun yashadi. Jonini koyitmay baliq ovladi, oʻz koʻrpasiga burkanib tinch-osuda, gʻam-alam nimaliginiyam bilmay oʻtyapti. Qurtlarga esa, baribir, birgalikda yem boʻlamiz… Eh-he, koʻrimsiz hayotda davri davron surdi. Sen-chi? Xuddi sirk artistiday dor ustidan yurib oʻtding. Oʻtishga oʻtdim-a, lekin endi tizzalarim darmonsizlikdan qaltirayapti.

Timofey yoʻl-yoʻlakay oʻy surib borardi… Birdan oʻzini tanish koʻchaga urdi. Bu koʻchada Polya Teplyashina yashardi… Qachonlardir – ancha oldin Timofey Polya bilan jinoyatkorona “sevgi oʻyini”ni oʻynagandi. Janjallar boʻlgan, derazalar singan, sharmandasi chiqqan. Gutya – Timofeyning xotini yetti yil jon jahdi bilan Polyadan Timofeyni qaytarib olish uchun kurashgandi. Gutyani qishloqda hamma maqtar, u boʻlsa bundan gʻururlanib, qishloqning yosh xotinlarini koʻcha-koʻyda uchratdimi, maslahat oshidan bechoʻmich uzatardi. Yaʼni, oʻzining ahvoliga tushib qolmasligini eslatib, erlari uchun kurashishga oʻrgatardi:

“U xonimchasining uyiga borganida, sen qoʻlingda kosov bilan deraza tagida tur! Achomlashmoqchi boʻlganida kosov bilan deraza oynalarini chil-chil qil. Lazzatdan mahrum et. Qanoti qirqilgan qush qayta ucholmaydi”.

Bunaqa “oshiq-maʼshuqlik” hangomalari qishloqda boʻlib turardi. Hozir boshqacha – ajralishadi, tamom! Ilgarilari yillab gʻazabini bosolmay alamzada boʻlib yurishardi. Oʻshanda bu “oshiqlik” birdan oʻz-oʻzidan tugagandi. Polyaning oʻgʻli Kolka ulgʻayib qolgandi. Timoxani “Nikolay Petrovich” onasining yonidan quvib yuborardi.

Timofey koʻzlari chaqchayib Polyaga oʻdagʻaylanardi:

– Toychogʻingni tiyib qoʻy!

Juvon esa birdaniga ogʻziga urardi. – Toshingni ter!.. Nima, seni oʻgʻlimga alishtiramanmi? Bekorni yebsan!

Timofey shu mojarodan soʻng yana bir-ikki marta aylanib borgan edi, Kolkaning baquvvat mushtiga duch kelgach “oʻyin”ni yigʻishtirib qoʻya qoldi. Eng ahmoqona voqea keyin boʻldi: Polya va Gutya doʻstlashib olishdi. Endi esa uning ustidan ikkovlashib mazax qilib kulishib, magʻzava agʻdarishardi. Goho Polya odamlar toʻda joyda Gutya bilan yuzma-yuz kelib qolsa-ku, chirogʻi porlardi. Timoxaning bitini toʻkish bahonasida:

– Qalay, bizning argʻumogʻimiz yaxshi yuribdimi? – deya joʻrttaga soʻrardi.

Gutya bundan yayrab kulardi-da:

– Pechka ustida – kanasini ezayapti, – derdi xumordan chiqib.

Nima balo – bu atay undan oʻch olishmidi, tushunish qiyin!

Timoxa bunday voqea ustidan chiqsa, xotiniga qarab ot qoʻyardi, ammo endilikda oʻz bolalari tomonidan qarshilikka duch keladigan boʻldi. Mana, hozir Timoxadan nima uchun u yerga – Polyaning yoniga borganini soʻrashsa, tushuntirishning uddasidan chiqmasdi. Oʻzi ham nega borib yurganini anglamasdi. Polya esa hayron.

– Anovini!.. Bu mehmonni koʻring. Nima gap?

– Nima boʻpti… Nima, yuqumli kasaling bormidiki, aylanib oʻtsam? Gaplashib… oʻtiramiz. Eski xotiralarni eslaymiz, mana ichimlik… – Timofey oʻzi bilan shisha olivolgandi. Shishani stolga qoʻydi. – Oʻtganlarni eslaymiz.

– Eslaydigani qoptimi?

Polya keksayib, xunuklashib qolgandi. Timofey: “Aslida u husnda urvoq edi”, – deya oʻylab oʻz ahvoliga achinib ketdi.

– Latifa aytib berishimni xohlaysanmi?

– Qara-ya!

– Nimaga, hadeb “qara-ya, qara-ya” deysan popning befahm xotiniga oʻxshab. Yovvoyiligingni aytsam… Xoʻsh, mana keldim… Nima boʻpti? Toʻgʻrisi, siz ayollar yovvoyiga oʻxshaysizlar, chin soʻzim.

– Nimaga unda esi pastlarning yoniga kelasizlar?

– Qayerdan topaman aqllisini? Hammasi bir goʻr boʻlsa, almashtirsang ham, sovunni ignaga alishganday gap.

– Taftish bosdimi, gʻazabnoksan?

– Hali meni qarmoqqa ilintiradigan taftishchi tugʻilmagan.

– Koʻrinib turibdi. Demak, tugʻilibdi…

Timofey stakandagi aroqni birrov simirdi – gazakka hech narsa soʻramadi ham. Polya gazakka – choʻp tutmadi. Timoxa ham Polyaga oʻzi bilan ichishni taklif qilmadi.

– Latifani eshit. Bir ramaqijon erkak shaharga kelibdi, soʻng koʻchada ketaveribdi. Choʻntagi toʻla mulla jiring. Oʻylabdi u: “Qayerdan bironta shaharlik oyimqizni ilintirsam”. Chunki u shaharlik ayollarni oson ilintirsa boʻladi, degan gapni eshitgan ekan-da. Shu payt, bir suluvgina juvon uning yoniga kelib jimgina qarab turibdi-da, muloyimlik bilan: “Menikida tunay qoling. Uyim bir qadam” deya xushnavozlik koʻrsatibdi. Xudoning oʻzi yetkazdi, deb shodlanibdi erkak va ayol yetagida uyiga boribdi. Uyga kelgandan soʻng ayol erkakka qarab: “Siz yechinavering, men hozir kelaman”, – debdi-yu, oʻzi narigi xonaga oʻtib ketibdi.

Erkak yechinib, uni kuta boshlabdi. Ancha kutibdi. Bir payt ayol bir etak bolalarini yetaklab chiqib kelibdi va ularga qarab: – “Mana bolalarim, agar sizlar ham toʻyib-toʻyib ovqat yemasalaring, mana shu amakiga oʻxshab – qoqsuyak boʻlib qolasizlar?” – dermish.

Polyani bu voqea kuldirolmadi, Timofeyning oʻziga ham uncha qiziq tuyulmadi. Lekin ertalab haydovchilar bilan birga eshitganida koʻpchilik kulgan edi. Yana bu latifa ibratli ekan deb oʻylab ham qoʻygandi.

– Sen bu bilan nima demoqchisan? – dedi Polya. Timofey tushuntirdi:

– Meni ham, xuddi shunday qilib qanjiq – taqdir chiqitga chiqarib tashladi. Yashab qol, Timofey! – dabdurustdan quyushqondan chiqdi. – Yelkangda bosh bormi? Bor! Yana hech kimdan qoʻrqma! Mana, Timofeyning sochlari toʻkilib boʻldi… endi.

– Toʻgʻri yashaganingda, hech kimdan qoʻrqmasding, – deya achchiq chaqib oldi Polya.

Timofey ham qanday qilib qattiqroq ogʻritib chaqishni oʻyladi.

– Bilmaysanmi, kim mana bu joyda, – u karavotni koʻrsatdi. – Begona erkak bilan achom-achom oʻynashgan? Mabodo eshitganing yoʻqmi?

– Eshitganman. Sen-chi, eshitmaganmiding kim xuddi mana shu joyda, tirik xotini boʻla turib, begona ayol bilan chalkashib yotgan? A… Men yolgʻiz beva edim, sen esa oilali eding. Buzuqisan, Timoxa!

Timofey yana ichdi. U endi hammasini biroz tushunganday boʻldi; essiz umri, essiz hayot. Yashagani qursin, hammasi kuy.

– Bizning ishimiz, oq buqacha haqidagi ertakka oʻxshab ketadi, Polya.

Polya kulib yubordi.

– Nimaga kulasan? – soʻradi Timofey.

– Nimaga kulmas ekanman?

– Kerakmas… Senga yarashmaydi, tishlaring soʻyloq.

– Bir paytlar buni payqamas eding-ku…

– Payqaganman, nimaga endi payqamas ekanman, faqat… Attang! Bilasanmi, nima alam qiladi, azizam, kimgadir bu hayotda hamma narsa yetarli; oliy maʼlumotli, katta maosh egasi, xushroʻy va tishlari tekis va oppoq shiringina oʻynashi ham bor. Timoxaga esa sal bundayrogʻi ham yarayveradi…

– Voy, ilon-yey! – ajablandi Polya. – Sassiq taka. Qani, koʻtar shishangni, bu yerdan qorangni oʻchir-chi! Hozir oʻqloq olaman-da, mana shu aqlli boshingga… Koshki, aql bitsa!..

Timofey shisha ogʻziga yana tunuka qalpoqchasini kiydirdi-da, pidjagining ichki choʻntagiga yaxshilab joyladi va shoshmay keta boshladi. Sal yengil tortganday sezdi oʻzini. Lekin yana kimningdir jigʻiga tegishni istardi. Kimgadir mana shunaqa sekin, shoshilmay, – chaqadigan soʻzlarni aytsa, nish sanchsa!

Uyiga yetib kelsa, kiraverishdagi xona chetidagi stolda tirsaklariga boshini tirab… hazrat Nikolay xayol surib oʻtirardi. Hazratning qiyofasini odamlardan koʻp bor eshitgan. Quyib qoʻyganday hazrat Nikolayning oʻzi: oq yuzli, past boʻyli, qoʻrchoqqa oʻxshagan qariyacha. Boshini egib muloyimgina tikilib oʻtiribdi. Uyda boshqa hech kim yoʻq.

– Qani, salomatmisan, Timofey? – muloyimlik bilan soʻrashdi hazrat.

Timofey atrofga alang-jalang qaradi… Va birdan gurs etib, qariyaning oyoqlari ostiga yiqildi. Iloji boricha mayin va loʻnda qilib sekingina:

– Salom, hazratim. Men seni darrov tanidim, otaxon, – dedi u.

Hazrat nimagadir silkinib tushdi, hayron boʻldi va kulimsirab barmoqlari bilan sekin oʻdagʻayladi.

– Kayfing bor-ov?

– Ha, ozroq bor! – qandaydir qiziqqonlik va shodlikdan suyunib davom etdi Timofey. – Siqilganimdan hammasi… otaxon, sendan uzr. Siqilganimdan hammasi. Tinim bilmayman. Mana, bolalarimni oʻstirdim – ichsam nima qiladi deb oʻyladim? Nega bunchalik qarib qolgansan-a, otaxon… Nimaga kelganding oʻzi?..

Hazrat koʻzlarini pirpiratdi, yana kulib yubordi.

– Nimadan siqilasan?

– Oʻzim ham bilmayman. Ey, Xudo biladi! Unga sigʻinmaymiz – shuning uchun boʻlsa kerak. Xudoga ishonmay qoʻydik; mana u boʻlsa koʻrsatib turibdi. Cherkovlarni yopdik, soʻkinamiz, har xil yoʻllarga kiramiz… Siqilishimizni boisi shundan.

– Sen ilgari Xudoga ishonarmiding?

– Otaxon!.. choʻqinib aytaman; kichkina paytimda ishonardim. Rojdestvolarda butni sharaflab yurganman. Agar bolsheviklar kelmaganda edi, hozir ham sigʻinib yurgan boʻlarmidim.

– Oʻzing-chi, kommunist emasmisan ishqilib?

– Qayoqda! Senga yolgʻon gapirmayman, balki kommunist boʻlarmidim! Faqat mening qaynotam… agar oʻlib ketmagan boʻlsa! Oʻshani oʻttizinchi yillarda quloq qilishgan…

– Xoʻsh?

– Shundan beri ogʻzimga latta tiqilgan, hech kimga, hech qachon gʻing deb ovoz chiqarmaganman.

Hazrat battar hayron boʻldi. Unga achinib qaradi.

– Sen nima demoqchisan, Timofey?

– Koʻnglimdagini aytayapman, otaxon! Xoʻsh, sen nimaga kelganding-a! Yaxshi niyat bilanmi yoki yomon niyat bilanmi? Qandoq tushunay?

Hazrat tirishgan kichkina kaftlari bilan oppoq soqolini silab qoʻydi.

– Nima uchun kelganman… Xoʻsh, mana… tavbadasan, sizlarni koʻrgani keldim. Menga qara, sen oʻrningdan tur-chi?

– Turaman! Nega turmas ekanman? Hech narsa qilmaydi. Otaxon, mana, sen dunyo kezib, koʻrib yuribsan: odamlar aynib borayotibdi-a?

– Hammasiyammas.

– Demak, sening fikringcha, qaynotang yoʻlingni kesib oʻtdimi?

– Kesib oʻtdi. Toʻgʻrisini aytganda, u quloq ham boʻlgan emas, hech qachon. Shu faqat kolxozlar tuzish masalasida qaysarlik qilib turib olgandi oʻshanda. Vaysaqi edi qaynotam, tilini tiyolmasdi. Ahmoqning ahmogʻi edi. Ammo qatʼiyatli, oʻziga toʻq odam edi, men esa oʻrtahol edim. Partiyaga qabul qilishlari mumkin edi.

– Xoʻsh, qaynotang-chi, nima qildi?

– Muddatini oʻtab keldi. Men uni oʻshandan buyon koʻrganim yoʻq, bir-birimizdan uzoqda yashaymiz. U qari tentak oʻgʻli bilan yashaydi. Oʻgʻli boʻlsa, qayerdadir, uzoqda yashaydi. Demak, odamlar aynigan deysanmi?

– Ha, xalq yaxshigina aynigan, – dedi jiddiy boqib hazrat.

– Umuman hech narsaga arzimaydi, bu xalq! – gapni ilib, battar aljirardi Timofey. – Ichkilikbozlik, oʻgʻrilik… Men ham ombordan oʻgʻirlardim, sal-pal. Bilaman, bu gunoh, ammo hamma oʻgʻirlik qiladi. Atrofga qara, voy, Xudo, voy Xudo-yey, nimalar boʻlmayapti deysan.

– Oʻgʻirlik qilardim, deysanmi?

– Ha otaxon, u-bu narsa oʻmarib turardim. Mana, bolalarimni oʻqitdim. Qaysi pulga-a? Otaxon…

Timofey hazratning yoniga yanada yaqinroq emaklab keldi.

– Bilasanmi, sendan nima soʻramoqchi edim?

– Xoʻsh?..

– Sen u yerda, tepada bizning Xudomizga, paygʻambarimiz Isoga va Bibi Maryamga yaqin oʻtirasan-a… Shu sen ular bilan maslahat qilib aytsang-chi… xoʻsh… va… e-e! Shunday xoʻrligim keladiki, yuraklarim eziladi, otaxon! Axir men ahmoq emasman-u, ammo savodim haminqadar boʻlsa ham qaragin, oliy maʼlumotli manaman degan azamatlarni barmogʻimni uchida oʻynataman…

– Tushunmayapman!

– Oh, qani, yana bir karra qayta tugʻilsam edi! A, nima deysan? Hozirgisi, yaʼni yashab oʻtgan umrim hisobga olinmasa-da, boshqatdan yana meni tugʻdirsalaring?..

Hazrat ixtiyorsiz kulib yubordi.

– Goh siqilib ketdim deb noliysan… Goh… eh, sen itning bolasi – Timoxa!

– Ha-da, noliyman-da, hayotim hech oʻxshamadi-da! – Timofey yigʻlab yuborguday edi. – Mana sen kulayapsan. Hech kulguli joyi yoʻq! Otaxon, faqat gʻam-alam koʻrdim, yangidan yangi gʻam. Qora yer yuzida yashash qanday yaxshi! Nima men koʻrmayapmanmi, tushunmayapmanmi… hammasini tushunib-koʻrib turibman. Alamim kelayapti. Tufu – ezgʻilab tashlasang!.. Mening koʻrgan kunim qurisin.

– Xoʻsh, ayt-chi, qayta tugʻilganingda qanday yasharding, a, qiziq?

– Eng avvalo, men boshqa ayolga uylangan boʻlardim. Muhabbat haqida hatto Bibliyada ham yozilgan-u, ammo men uchun muhabbat yumshoq joydan chiqqan chipqonday boʻldi. Bu gaplarim uchun oʻzing kechir, Xudoyim. Yoshlikda qanday yoʻliqdim, ana endi ihrab-singrab, sudralib yashab yuribman. Boʻlmagʻur xotin uchradi. Ahmoq. Xuddi otasining oʻzi. Ogʻzi bir ochildimi… faqat ber deyishni biladi. Ayol emas – kajava sandiq. Oʻshani deb koʻproq oʻgʻirlik qilganman. Xasis!.. Oʻtaketgan ochofat. Mendagi bu aql bilan katta boshliq boʻlishim ham mumkin edi. Masalan, mendan yaxshigina prokuror chiqardi, deb oʻylayman.

Timofey pastdan hazratning ilohiy koʻzlariga tikilib qarab qoldi.

– Qoʻlimdan kelganida edi qaynotamni shunday joʻnatardimki, menga qolsa u haliyam oʻsha yerda oʻtirgan boʻlardi. U buni tilidan topgan boʻlardi.

– Oʻchir ovozingni! – gʻazab bilan oʻshqirdi qariya. – Men sening oʻsha qaynotangman-ku, iblis! Oʻgʻri! Koʻzlaringni kattaroq och, aroqqa boʻkibsan-da!

Timofey oʻrnidan turdi, chalvorini qoqdi va sekin dedi:

– Qara-ya! Rostdan ham qaynotam. Qaynotaginam! Kel, ichamiz. Uchrashganimiz uchun. Qara, men seni kim deb oʻylabman-a…

– Boʻkibsan-da, itvachcha!

– Hamma sirlarimni aytib beribman-a, senga?.. Jimm! Hechqisi yoʻq, bilib qoʻyding. Shunday ham adashamanmi-a. Qovun tushirganimni qara-ya… Ey-y-a!.

Keyin ikkalasi shishani boʻshatgach, haqoratlangan qaynota Timofeyning burnini tagiga bosh barmogʻini ikki barmogʻi orasidan chiqarib oʻzi va qizi uchun jahl bilan derdi:

– Mana senga boshqa hayot! Mana senga ikkinchi seansga chipta!.. Oʻgʻri…

Sholgʻomi chiqqan Timofey esa faqat bir ohangda gʻoʻldirardi:

– Voh, qanday tushdima-a, voh. Shunchalik ham boʻladimi…

– Men sening oʻzingni qamataman! Oʻgʻri!…

– Kimsan? Yoningda Xudo bormi? Sen huquqsizga kim ham ishonardi?

– Mana, mana senga, ikkinchi seansga chipta! Ha-ha-xe-xe, – boshqatdan yashashni istab qoptilar!… Ma, senga.

Qaynotasi yana Timofeyning burnini tagiga barmogʻini tiqayotgandi, kuyovi uning boshiga bir stakan aroqni quyib yubordi va qoʻrqitmoqchi boʻlib choʻntagini kavlab gugurt chiqardi.

– Hozir yoqib yuboraman-a.

Hazrat boʻlmish qaynota sochiq bilan boshini artdi va yigʻlab yubordi…

– Bu nima qilganing-a? Timoxajon? – Menday qariyani-ya… Uyatsiz… Yaramas… Xuddi mehribonlarim oldiga yaxshi niyatlar bilan kelsam-u… Sen…

– Hamma gap shunda-da, nima qilishni bilolmayapman, – dedi Timoxa biroz yumshoqlik bilan. – Bilmayman, qaynotaginam, bilolmayapman. Toʻgʻrisini aytsam, oʻzimda nimalar kechayotganligini bilolmayapman. Bunday yashash jonga tegdi. Oʻlguday jonga tegdi. Uchdi-ketdi. Alam qiladi. Umrimni ashula aytganday oʻtkazib yubordim, ammo ashulani yomon aytdim. Lekin ashula yaxshi edi, essiz. Tomosha uchun, meni kechir.

Koʻnglingni keng qil, kechir, otaginam.

 

“Yoshlik”, 2014 yil 9-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.