Idrok va zako

0
113
marta koʻrilgan.

Idrok va zako deb ochuq fikrli, xushtabiat, ziyrak boʻlmakni aytilur. Idrok va zako yaxshi xulqlarning ravzayi rizvoni, ibrat koʻzlarining nuri rahmoniysidur. Chunki idrokli kishilarning har bir maqsadi ostida yashirin oʻlgʻan zamirlarning maʼnolari na yerdan borib chiqishini bilur. Ilm-u maʼrifat sohibi boʻlmak uchun saʼy va gʻayrat kerak oʻldigʻi kabi zehn va idrokning ham salomat boʻlmogʻi shartdur. Shuning uchun yoshlikdan boshlab zehn va idrokimizni quvvatlandurmak uchun aziz umrimizni oʻyin-kulgi, safsata, moloyaʼni kabi behuda soʻzlar ila oʻtkarmay, har xil kitob, gʻazita va jurnallarni oʻqub, fikrimizni ochmoq, zehnimizni quvvatlandurmak lozimdur. Zehnsiz kishilarning oʻlchovsiz soʻzlari oʻzlarini uyaltirgoni kabi eshituvchini ham zeriktirur.

 

Har kishining fikr, idrokin soʻzi bildurgʻusi,

Pistayi bemagʻz agar lab ochsa rasvo boʻlgʻusi.

 

Idrok sohibi oʻzini fozil va ulugʻ bilub hamjinslariga haqorat koʻz ila boqub: “Bilasanmi? Man qanday boy va obroʻli kishiman” deb maqtanub, oʻzini katta qilub koʻrsatmas. Ustiga yuklangan diniy, milliy va maishiy vazifalarini har birini oʻz vaqtida ado qilur. Mana, shunday kishilar ikki dunyoda obroʻlik boʻlub oʻlganlaridan soʻng “faloni xoʻb, yaxshi zot edi, Xudo rahmat qilsun, millatga koʻp xizmat qildi, xalqgʻa foyda yetkurdi”, deb boshqalar tarafidan maqtalurlar. Hushyor va ziyrak kishilar kuch va quvvatlari bor vaqtida keladurgan zamonlarini tushunib, pul va mollarini oʻrinsiz yerlarga, toʻy va maʼrakalarga haddan ortiqcha isrof qilmaslar, oʻzlarining rohati, bola-chaqalarining saodati uchun kerak boʻladurgan yer va bogʻlarini sotmaslar, zamonaga muvofiq kishi qilmak uchun bolalarini oʻqitmak va tarbiya qilmak toʻgʻrisida aqchalarini aslo qizgʻanmaslar.

 

Idrok ila aqling-la ayur yaxshi yomonni,

Behudaga sarf etma shu qimmatli zamonni,

Saʼy et, jadal et, ilm-u fununa harakat qil,

Boq, nayladilar hikmat ila ushbu jahonni.

 

Abdulla AVLONIY

 

“Turkiy Guliston yoxud axloq” kitobidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.