Ich koʻylak

0
320
marta koʻrilgan.

“Rassom va tabiat” koʻrgazmasi may oyi oxirlarida ochildi. Ibrohimning asarlari oldida sanʼatsevarlar toʻplanishdi. Uni suratga olishdi, radio, televizor orqali beriladigan suhbatga tortishdi. U boshqa rassomlarning asarlarini ham koʻrib, zalni aylanib chiqqanda xorij vakolatxonalaridan kelganlar qurshab olishdi.

– Menga asarlaringiz yoqdi, – dedi oʻrta boʻyli, oq-sariq yuzli yigit.  – Men Amerika elchisiman, kartinalaringizdan hayratlandim, bunaqa manzara, koʻcha, binolar, har bir millat yukini koʻtarib turadi, ammo davr oʻyinlari ichida ular asta-asta yoʻqolib ketishi mumkin. Kartinalaringiz odamlarga “Ogoh boʻling, dovdirab qolmang, oʻzligingizni yoʻqotmay saqlab qoling”, deyotgandek. XXI asr tasvirda tasodiflarni ham uygʻotmoqda, siz ularda millat hayotini koʻrsatishga usta ekansiz.

– Rahmat, janob, – dedi Ibrohim. – Biz milliy rassommiz, asarlarimiz faqat shaxsimizni emas, millat hayotini ham koʻrsatishi kerak-da!

– Gapingiz toʻgʻri, – dedi elchi. – Shu asarlaringiz ichida sotiladigani bormi?

Ibrohim oʻylanib qoldi. Nima deyish kerak? Agar “bor” desa chet elliklar juda arzonga olishadi, degan gapni eshitgan, uning bunga xohishi yoʻq. “Yoʻq” deyishga koʻngli chopmayapti.

– “Yoʻq” ham, “Bor” ham, – dedi nihoyat.

Elchi qoʻlini bigiz qilib uchta kartinani koʻrsatdi:

– Mana shularni sotib olishim mumkin, nima deysiz? Agar rozi boʻlsangiz, Amerikaga borib kelasiz, bizda ham koʻrgazmangiz ochiladi. Toʻgʻrisini aytsam, bizda modernizm, avangard rassom xayolida tugʻiladigan koʻcha, binolarni bezab, choʻntagini tejab, koʻzni oʻynatadigan, dunyo aylanadigan eʼlon asarlar sochilib yotibdi. Lekin Sharq sir-sinoatini namoyon qiladigan kartinalar yoʻq. Asarlaringizni koʻrsa, Sharq sanʼatining shaydolari xursand boʻlsa ajabmas.

– Men rozimanu, lekin Amerikaga borib kelishga imkoniyatim yoʻq, – dedi Ibrohim.

– Mana shu uchta kartinaga uch ming dollar beramiz, yoʻlkirangizga, yotogʻingizga yetadi, koʻrgazmani oʻzimiz uyushtiramiz, rozimisiz?

Ibrohim boshini egib, elchiga qoʻlini choʻzdi. Bir necha kun oʻtgach, Nyu-Yorkda boʻladigan koʻrgazmaga tayyorgarlik boshlandi…

Ibrohim Nyu-Yorkda oʻn kun boʻldi, mehmonxonada yashadi, shaharni aylanishga vaqti yetadi. Koʻrgazma ochilishida jinsi kiygan, sochlari patila bir gala yosh yigit-qizlar, kamtarona boʻyinbogʻ taqqan allaqanday janoblar, uzun koʻylak kiygan kaltasoch xonimlar, oppoq tishlari yaraqlab jilmaygan qop-qora kishilar qatnashishdi. Bir soat ichida koʻrgazma zalida sanoqli odam qoldi. Baʼzi rassomlar kartinalar oldida kulib, yayrab turishdi-yu, unga hech narsa demay chiqib ketishdi. Xaridor yoʻqligidan sotuvchi zerikdi. Koʻngli choʻkkan Ibrohim shahar aylanishga joʻnadi. U osmonoʻpar imoratlarga qarasa doʻppisi yerga tushib ketguday, koʻp qavatli binolar tepasidagi bulut yomgʻir toʻkishdan charchamaydi. Bu ahvolda shahar aylanib boʻladimi? Koʻzingni oʻynatib, miyangni oʻylatib qoʻyadigan manzara koʻrinmasa, havo bir ochilib, bir qovogʻini osiltiradi, xuddi dengiz ustingga yopirilayotganday panaroq joyga yugurasan.

Quyoshdan darak yoʻq, yomgʻir tomchiladi, koʻchalardagi yakkam-dukkam daraxtlar boshini egib, binolarga yopishtirilgan eʼlonlar koʻzni oʻynatib yonardi. Bahaybat bino yonidan oʻtayotganda Ibrohim magazinda ayollarga moʻljallangan buyumlarga koʻzi tushdi. Yonidagi puli bujmayib qolganiga qaramay xotiniga bir nima olgisi keldi. Hamma narsa qimmat, arzonlari koʻzga ilinmas, uning yonida faqat toʻrt yuz dollar qolgan, u na koʻylakka, na ayollar paltosiga yetadi. Bir vaqt manekenga kiygazilgan chiroyli ich koʻylakka koʻzi tushdi-yu, shartta toʻrt yuz dollarni kassaga toʻladi. Chiroyli ich koʻylak ming dollarliklardan qolishmaydiganday tuyuldi, “Xotinim hoynahoy, xursand boʻlar, bu narsa bizning sevgi dardimiz, hech boʻlmasa gardimizni tozalar”, dedi-da, ich koʻylak oʻralgan chiroyli bogʻlamni bagʻriga bosib magazindan chiqib ketdi.

…Xotini chamadonni titkilar ekan, buklasa bir siqim keladigan, xitoy qogʻoziday yupqa, roʻmolchaday silliq, mayin ich koʻylakni koʻrdi. Ibrohimning: “Toʻrt yuz dollarga oldim, senga ja yarashadi”, – deganini eshitib, ich koʻylakning qanchalik bejirimligini sezsa-da, uni yelkasidan pastga qarab oʻlchadi-da, birdan qovogʻi osildi.

– Shu ich koʻylakni toʻrt yuz dollarga olgandan koʻra pulingizni qaytarib olib kelsangiz bir nima boʻlarmidi?

– Seni xursand qilay dedim, onasi, – dedi Ibrohim.

– Toʻrt yuz dollar hozir bir million soʻmdan koʻp-a, tavba, oʻylab ish qildingizmi? Pulingiz boʻyoq, mato, moʻyqalamga yetmasa! Ich koʻylak oʻrniga konditsioner olib bersangiz boʻlmasmidi? Xonalarimiz na yozda soviydi, na qishda isiydi.

– Shuncha yilda bitmagan roʻzgʻor shu toʻrt yuz dollarga qarab qoluvmidi, hamma narsa navbat bilan-da! – dedi Ibrohim.

– Navbat oʻlsin, – zorlandi xotini. – Toʻrt oydan keyin ellikka kirasiz, shaxsiy koʻrgazmangiz boʻladi, zora asarlaringiz sotib olinsa. Koʻrgazma navbat bilan ochiladi, deysiz. Sanatoriylarda dam olaylik desam, bizga navbat kelmagan deysiz, Siz hayotdagi hamma ishlar navbati oxirida turasiz, navbatimiz uzun-da deysiz!

– Mehribonim, bu nima, ichingdagi dardlarni men Amerikaga borib kelishimga saqlab yurganmiding, – dedi Ibrohim. – Koʻnglingni koʻtaraman deb shuncha yoʻldan ich koʻylak olib kelsam, uniyam, meniyam dabdala qilmoqchimisan? Rahmat, yana chiroyli narsalar olib bering, desang bir joying kamayib qoladimi?

– Kamaygan! Bundan besh battari boʻlmaydi. Qaysi ayolda toʻrt yuz dollarlik ich koʻylak koʻrgansiz? Bitta ich koʻylak olib keldim, deb tilimni qichitmoqchimisiz yoki ogʻzimni bogʻlamoqchimisiz? Vaqtida koʻzim ochilmagan ekan. Rassomlar gʻalati boʻladi, baʼzilari boʻyoqlar ichida uxlashadi, oila, roʻzgʻordan koʻra togʻ-toshlarni, yomgʻiru qorni, gullarni yaxshi koʻradi, keyin yalangʻoch ayollarga oʻch boʻladi, deyishsa, ishonmay yuribman-a!

– Jon ayasi, – yalindi Ibrohim. – Shu bugun diydiyoni qoʻy. Yaxshi narsalardan gaplashaylik. Ertaga nima desang, xoʻp. Ich koʻylak toʻgʻri kelmadi, desang, mayli. Koʻzim seni faqat shu koʻylakda koʻraqolsin. Hozir bir kiyib chiq, tomosha qilay!

Ular tezda yarashib olishdi, oralaridagi dilxiralik shoʻrvaga tushgan pashshaday ancha vaqt bujmayib qoldi.

Kun oʻtgan sari ich koʻylak unutildi, Ibrohim soʻramas, xotini churq etmasdi. Ibrohimning ellik yilligiga ochiladigan shaxsiy koʻrgazmasiga yaqin qolganda u kechasiyu kunduzi ishladi. Oʻtgan koʻrgazmada faqat manzara, etyud, natyurmortlarini, qishloq, shahar manzaralarini namoyish etib Amerikaga borib kelgan boʻlsa, bu gal barcha asarlarini toʻpladi, yangi kartinalar yaratdi, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xivaning qadimiy koʻcha, bino koʻrinishlariga rang-barang jilo berdi, tasvirlarida xalq ijodiyoti, miniatyura yoʻllariga koʻz tashladi. Nihoyat, kutilgan kun yetib keldi.

Bugun soat beshda Ibrohimning shaxsiy yubiley koʻrgazmasi ochiladi. Xotini odatda uning har bir koʻrgazmasiga bir oy oʻzicha tayyorgarlik koʻrardi, tanish-bilish, qarindosh-urugʻlargacha xabar qilib chiqardi. Bugun esa nonushta paytida:

– Ibrohim aka, – dedi. – Bugun bayramingiz, koʻrgazmangiz ochiladi, hammaning sizga koʻzi tushadi, shunga yarasha koʻrinishingiz kerak.

– Masalan, qanday? – soʻradi Ibrohim.

– Qanaqa boʻlardi, – javob berdi xotini. – Hozir vannada yaxshilab choʻmilasiz. Oʻzingiz ishlagan asarlarday yonib turing. Istambuldan keltirilgan charm plashniyam kiyib olasiz, koʻrinishingiz mashhur rassomlarday chiroyli boʻlsin, men yana uyalib qolmay! Insonda ellik yosh bir marta boʻladi, sizni quvib yetay desam yetaklamaysiz, bir ogʻiz gap aytsam ertaklaysiz.

– Bugun hamma soʻzim-soʻz, bajarishingiz tap-tapu, xoʻp-xoʻp, maylimi?

– Ibrohim aka, toʻyimizda sizni yaxshilab kiyintirmaganmiz. Endi siz mevali daraxtsiz, men sizning soyangizman.

– Jonginam, qanaqa daraxt soya solganda yonidan shunday atirlar taraladimi, nima desang shundan mast boʻlib, umr boʻyi yoʻldoshing boʻlishga qasd qilganman.

– Yoʻldoshmi, yo yoʻldagi oshmi? – soʻradi xotini. – Endi gapim oxirini eshiting, bugun chiroyli kiyinasiz.

– Albatta, kostyumim tozalashxonadan olib kelindimi?

– Hojati yoʻq.

– Nega?

– Chunki, kiyadigan kostyumingiz yangi. Jahlingiz chiqmasa aytaman. Siz opkelgan ich koʻylakni kiygim kelmay toʻrt yuz dollarga sotdim, bir tadbirkorning xotini sotib oldi. Puliga yiqqanlarimni koʻrasiz, butunlay boshqa odam boʻlib koʻrinasiz.

– Axir u senga sovgʻa edi-ku!

– Meni ham sizga sovgʻa qilgim keldi, ishingiz yurishib, biror asaringizni sotib oluvchi topilsa, puliga paxtadan tikilgan ich koʻylak olib berasiz, xoʻpmi?

Ibrohim oʻzini divanga tashlab koʻzini yumib, boshini changalladi. Xotini shim bilan koʻylakni dazmollar ekan:

– Men tayyor boʻlguncha sartaroshxonaga kiring, – dedi eʼtirozga oʻrin qoldirmaydigan ohangda. – Sochingiz yelkangizga savatday oʻsib tushibdi. Gʻashga tegmaydigan qilib oldiring, maylimi? Boraqoling. Keyin tez qaytib keling, yana ustaxonangizda qolib ketmang!

 

Tilab MAHMUDOV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–6

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.