Hilm

0
21
marta ko‘rilgan.

Hilm deb bo‘lar-bo‘lmas ishga achchig‘lanmaydurgan, arslon yurakli, yumshoq tabiatli bo‘lmoqni aytilur.

Hilm insonlarning tab’idan xusumat, adovat, g‘azab, hiddat kabi yomon xulqlarni yo‘q qiladurgan har kimcha maqbul bir sifatdur.

Hilm ilmi axloq yuzasidan insonga eng kerakli narsadur.

Nafsning rohati, qalbning matonati, fikrning salomati, vijdonning halovati halim tabiat bo‘lmoq ila hosil bo‘lur. Chunki halim kishilar har qancha quvvat va qudrat sohibi bo‘lsa ham, o‘zidan ojiz kishilarga shiddat ila muomala qilmas. Fikri salomat kishilarning qalbi halim, tab’i karim o‘lur. Zeroki, vujudimizdan paydo bo‘ladirgan af’ol va harakotimizning manbayi havas va orzudur. Bu havas va orzuga faqat hilm ila g‘olib kelurmiz va bu vasila ila to‘g‘ri yo‘lga kirub, yaxshi xulq sohibi, din va millat xodimlaridan bo‘lurmiz. Dunyoda chin inson bo‘lmak uchun havasning qo‘liga nafsning jilovini bermaydirgan, bo‘lar-bo‘lmas narsalardan achchig‘lanmaydurgan, sovuqqonli, yumshoq tabiatli, muloyim so‘zli, halim va sabrli bo‘lmak lozimdur.

 

Zotiga, hilmiyati mavsuf qilsa har kishi,

Ikki olamda bo‘lur rohat, halovatda ishi.

 

Rasuli akram nabiyyi muhtaram afandimiz: “Alhilmu sayyidal axloq – Hilm xulqlarning sayyididur”, – demishlar.

Suqrot hakim: “Shiddat ila muomala qilgan kishilarga man viqor va halimlik ila muqobila qilurman, chunki hilm shiddatni, xusumatni past qilur. Lekin kishini ojiz va xorlik darajasiga tushuradurgan halimlikdan man bezor”, – demish.

Bu so‘zga qaraganda saxovatning ifroti isrof o‘ldig‘i kabi o‘rinsiz yerda hilm iste’mol qilmak insonning viqor va e’tiborini poymol qilur. Shuning uchun hilmiyat hududidan – chegarasidan chiqmay, g‘azab, hiddat kabi yerlarda hilm iste’mol qilub, nafsning haroratini past qilmolidur. Lekin tepsa tebranmaydurgan, turtsa ting etmaydigan bo‘lub, g‘ayrat, shijoat o‘rinlariga ham muloyimlik ishlatuv halimlik hududidan oshub, bo‘shlik, anqovlik dunyosiga chiqmakdur. Bunday halimlikdan qochmak, hazar qilmak kerak.

 

Halimlikni qilsang agar ixtiyor,

Bo‘lur xalqi olam sanga do‘st-u yor.

Bo‘lur mevalik shoxni boshi past,

Halim o‘lg‘usi oqili hushyor.

 

Abdulla AVLONIY

 

“Turkiy Guliston yoxud axloq” kitobidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.