Hikoyat va naqliyot

0
246
marta koʻrilgan.

SULTON VA ShAYX

 

Hindistonning Qalonjar viloyatining oʻrdohi Nanda qoʻrgʻoni jangsiz taslim boʻlgach, Sulton Mahmud Gʻaznaviyning obroʻsi yanada oshib ketdi: u poytaxtga uch yuz jangari fil, hisobsiz inʼom-ehson, boylik bilan qaytdi. Qon toʻkmay, hech qanday talafotsiz boy bir viloyat qoʻlga kiritilishi poytaxt Gʻaznada katta bayram qilindi. Sulton saroyida yarim tunga qadar bazmu tarab avjiga mindi: sozandalar kuy dodini berdilar; raqqoslar jasorat oʻyinlarini ijro etdilar; qasidagoʻylaru gʻazalsarolar yangi asarlarini basma-bas oʻqishdi. Malik-ush shuaro Abulhasan Unsuriy mashhur “Zafarnoma” qasidasini peshkash etdi. Unda Sulton Mahmud Gʻaznaviy Hindistonni zabt etish yoʻlida olib borgan jangu jadal kunma-kun, yilma-yil batafsil yuksak balogʻat va fasohatda tasvirlangan edi. Barcha someʼlar asarni Sulton Mahmud zafarlarining solnomasidek taʼriflab nafosatini alohida taʼkidlashdi. Qasida Sultonga ham xush yoqdi shekilli, shoirni olqishladi. Zafar bazmi qoq yarim tunda tugadi. Xobgohiga sarxush holda qaytgan Sulton Mahmud dong qotib uxlab qoldi.

– Oʻgʻlim, Nandaning sulh haqidagi nomasini qabul etib, koʻp yaxshi ish qildingiz. Jangjoʻylikdan koʻra, sulhpeshalik podshoning olijanob fazilatidir. Mardum qonini bekorga toʻkilishining oldini olib, quchgan ulkan zafaringiz tangri rizoligi uchun muborak boʻlsin! Lekin, oʻgʻlim, nega koʻpdan beri Mehnani unutdingiz, Harraqon yoʻlini tutmay qoʻydingiz? Axir, ular bizni sharaflashmoqda-ku!? Sizni hamisha duoyi xayr bilan eslashmoqda…

Sulton Mahmud otasi Sabuktegin aytgan bu soʻzlardan seskanib turdi. Tushi ekan. Darchadan tashqariga qaragan chogʻ, muazzin ovozi eshitildi. Demak, tong otmoqda…

Sulton Mahmud tahorat olib, bomdodni oʻqidi. Soʻng vazir Maymandiyni chorlab farmon berdi:

– Ayoz va sarbozlarga ayting, yoʻl tadorigini koʻrishsin, nonushtadan soʻng Mehnaga joʻnaymiz.

Vazir Maymandiy hozirlik ishlariga bosh-qosh boʻldi. Xazinadan hamyonlar, nihoyat, har ehtimolga qarshi shikoriy qurollar, saratoniy soyabonlar gʻamlandi. Katta lashkar kuzatuvida guruh yoʻlga chiqdi. Ikki kecha-kunduz yoʻl yurishdi: togʻlar oshishdi, daryolarni kechishdi. Oldindan jarchilar safar haqida maʼlumot yetkazishi uchun viloyatu qishloq yoʻllarida xalq podshoni olqishladi: keksalar qoʻllarini koʻksilariga qoʻyib duo qilishdi; yosh-yalanglar chapak chalib qiyqirib kuzatishdi. Va nihoyat hamrohlar koʻp manzillardan oʻtib, Homavaron dashtiga yetib kelishdi. Shu yerda kuzatuchilarga ruxsat berildi va oʻn chavandoz dashtga qarab ot surdi. Tushga yaqin sahro biqinidagi Mehnadan chiqishdi. Qishloqqa kiraverishda Daromadgoh musofirxonasi – karvonsaroy boʻlgich edi. Sulton Mahmud yetti hamrohni shu yerda qoldirib, Maymandiy va Ayoz bilan qishloq boʻylab aylandi. Tosh yotqizilgan shoh koʻchadan borishar ekan, koʻpgina uylar yagona nizomda, gʻoyatda koʻrkam, aksariyati choʻpkori-sinchkori usulida qurilganini koʻrib, hayratga tushishdi. Barcha hovlilarda ikki-uch tabaqali oʻymakorlik bilan ishlangan, turli naqshu nigor bilan ziynatlangan, moylanganligi uchun yaltirab turgan darvozalar. Chapdagi darvozada Sulton Mahmud fillarining gʻanim ustiga boʻrondek hujumi tasvirlangan; oʻng tomondagi bir darvoza tabaqasiga esa, zafar nashidasidan xursand Sultonning fil ustidagi taxti ravonida viqor bilan oʻtirgani aks etgan edi. Doʻstlar yogʻoch oʻymakorligi usulida bajarilgan bu sanʼat asarlarini tomosha qilib, hayrat barmogʻini taajjub dandoni bilan tishlab qoldilar. Shu payt Sulton Mahmud bir darvoza oldida toʻxtadi. Undagi naqshda qurʼon oʻqiyotgan Sulton tasvirlangan edi. Ittifoqo, oʻsha darvozadan bir yigitcha chiqib salom berdi. Alik olgach Sulton Mahmud yigitga murojaat qildi.

– Bu naqshlar kimning amalidir?

– Bularni Bobu (Bobulxayr demoqchi – H. H) oʻz pichoqlari bilan yasaganlar, – javob berdi yigit.

Sulton tushida otasi Sabuktegin aytgan gapni esladi: ular bizni sharaflamoqdalar!

– Bobu qayerdalar? – yana soʻradi Sulton.

– Bobu oʻlganlar. Dadam Abusaid Nishopurga ketganlar, – taʼkidladi yigit.

– Bunga bir hamyon beringlar! – buyurdi Sulton.

Ayoz taqimidagi xurjundan bir hamyon oldi-da, yigitning qoʻliga otmoqchi boʻldi. Shunda Sulton qoʻli bilan “toʻxta!” degan ishorani qildi-yu, xaltani yigitga oʻzi uzata turib dedi:

– Buni ol, bobongga yaxshi yodgorlik quringlar.

Homavaron choʻlida hozir ham qad rostlab turgan Bobulxayr maqbarasi ana shu mablagʻga qurilganini hali-hali eslashadi.

Shundan soʻng doʻstlar Mehnadan chiqib, Xarraqonga qarab yoʻl oldilar. Choʻl yoqalab peshinga yaqin qishloqqa kirib kelishdi. Sulton tashrifi haqida ovoza tarqalgani uchun butun xalq koʻchaga qalqib chiqqan edi. Mehmonlar Shayx Abulhasan Xarraqoniy kulbasi sari borishdi. Xizmatkor Shayxga Sulton kelganini yetkazdi.

– Ayt, nomahramlar xonadonimga yoʻlamasin, Sulton oʻzi kirsin, – dedi Xarraqoniy.

Vazir Maymandiy bilan Ayoz koʻchada qolib, Sulton ichkariga kirdi. Shayx Sultonni oʻtirgan joyida kutib oldi: qoʻl berishib koʻrishdilar. Oʻzaro suhbat uzoq davom etdi. Qurʼoni karimni tafsir etgan Sulton Mahmud koʻp oyatlar sehrini yangitdan soʻrab bildi. Hatto Mansur Xalloj aqidasi haqida gʻoyat asosli javob oldi. Gap orasida Xarraqoniy: “Sizning sulhpesha boʻlganingizni eshitib, haqqingizga duo qildik”, – deb qoʻshib qoʻydi. Shunda Sulton Mahmud qoʻynidan oltin toʻla bir hamyon chiqazib uzatdi. Ammo u:

– Biz boylikni azaldan toabad taloq qilganmiz, – deb olmadi.

– Unday boʻlsa, ustoz, bizga biron munosib ehson yoki duoyingiz yoʻqmi? – dedi Sulton.

– Illoho, oqibatingiz mahmud boʻlsin, – deb yuziga fotiha tortdi va koʻrpacha ostidan eski xirqasini chiqazib berdi. Mehmon uni yuziga surtdi-da, asta taxlab qoʻltigʻiga tiqdi.

Sulton ketishga izn soʻrab oʻrnidan turdi. Shayx ham joyidan koʻtarilib, koʻcha eshikkacha kuzatib qoʻydi. Maymandiy bilan Ayoz qoʻl qovushtirib taʼzimda turardi. Shunda Sulton Shayxdan soʻradi.

– Muhtaram ustoz! Biz kelganda peshvoz chiqmadingiz, hatto oʻrningizdan qoʻzgʻalmadingiz. Endi boʻlsa, bizni kuzatib qoʻymoqdasiz. Buni qanday tushunish mumkin!?

– Kamina dargohiga qadam ranjida qilganingizda siz Sulton edingiz, endi esa darvesh boʻlib qaytayapsiz, – javob berdi Shayx.

Hamrohlar xayr-xoʻshlashib, otlarining jilovini Daromadgoh karvonsaroyiga qarab burdilar.

 

 

AVESTOXON MUALLIM

 

Bir kecha Hindiyo hamda Farokin nomli donishmandlardan Avesto boʻyicha taʼlim olgan yosh podshoh Kisro Anushervon tush koʻribdi. Tushida goʻzal bir ohu saroyga kirib kelib, podsho qoʻlidagi jomni olib, bir qultum sharob simiribdi-da, jomni uloqtirib-sindirib, koʻzdan gʻoyib boʻlibdi.

Tong saharlab zoʻr donishmandlarni yigʻib, tushi taʼbirini soʻrabdi, hech kim javob berolmabdi. Oxir-oqibat shoh bir necha kunga muhlat beribdi. Biron-bir ulamo taʼbirlay olmabdi. Shundan soʻng, podshoh chechan va soʻzamol odamlarni yigʻib, qoʻllariga bir lagandan oltin berib debdi:

– Butun mamlakatni aylanib, jar solinglar. Kimda-kim tushim taʼbirini aytsa, boshidan shu zarni sochinglar.

Xodimlar turli viloyat, shaharu qishloqlarga borishibdi. Soʻrashibdi, surishtirishibdi. Ammo podshoh tushini taʼbirlovchi biron donishmandni uchratishmabdi.

Anushervonning Ozodsarv degan nadimi boʻlardi. U koʻp shaharlarni aylanib, oxiri Marvga borib, zodagonlarga muddaosini izhor etibdi. Shunda ulardan biri:

Gulafshon guzarida bir avestoxon muallim yigitcha bor. U goʻdaklarga Zend Avestodan dars beradi. Tush taʼbirini oʻshandan boshqa kishi ayta olmasa kerak, – debdi.

Ozodsarv donishmand yigit huzuriga boribdi.

– Bu masalada bilimim ojizlik qiladi. Ammo menga Avesto yordam bersa kerak, – debdi. Kechqurun u Avestoni oʻqib qarasa, tushiga kirgan ohu er kishi boʻladi. U sharobni toʻla ichsa, oʻldirishadi, yarim ichsa, sogʻ qolishi mumkin, deb yozilgan ekan. Ertasi kuni muallim yigit Ozodsarvga:

– Tush taʼbirini faqat shohning oʻziga aytaman, – debdi.

Ikkovlon yashin tezligida yarim kechada poytaxt Madoyinga yetishibdi. Ertasi kuni Ozodsarv yigitni saroyga boshlab boribdi. Podshoh tushining tafsilotini bayon etibdi.

– Shohim, saroyingizda nechta kanizak bor? – soʻrabdi yigit.

– Yetmishta pari-paykarim bor, – javob beribdi shoh.

– Ana shu kanizaklardan biri erkak kishi boʻlishi kerak, – taʼkidlabdi muallim. Anushervon hangu mang boʻlib qolibdi.

– Buni qanday bilish mumkin?

– Erta tongda barcha kanizaklarni taxt poyidan bir-bir oʻtkazasiz, yurishidan aniqlaymiz, – debdi yigit.

– Ertasi kuni shunday qilishibdi. Ammo kanizaklar xiromidan qaysi biri erkakligi bilinmabdi.

– Endi, shohim, boʻlar ish boʻldi, – debdi yigit. – Tong saharda siz taxtingizga chiqib oʻtirsangiz, men yoningizda turaman. Kanizaklarni esa bittadan ichki libosda huzurimizdan oʻtkazishsin.

Odatda kanizaklar bir xonada ikki kishidan yashasharkan.

Xullas, Mohroʻyi Chochiy degan kanizakning hamxonasi yosh yigit boʻlib chiqibdi.

Podshoh gʻazab bilan “Bu ne hol” – deb soʻragan ekan, kanizak javob beribdi.

– Bu yigit – mening akam. Onamiz – bir, otamiz – boshqa. Usiz men hayotimni tasavvur etolmasdim. Shu bois uni mashshotalar orqali qiz suratiga kirgizib, oʻzim bilan birga olib kelgandim…

– Endi bu koʻrnamaklar taqdiri nima boʻladi? – soʻrabdi taʼbirchi yigitdan Anushervon.

– Agar ohu sharobni toʻla sipqarib, qadahni uloqtirgan boʻlsa, jazolari oʻlim, – debdi donishmand yigit.

Oqibatda, yigit bilan qizni oʻz xonalarida osib oʻldirishibdi.

Podsho tushini taʼbirlab, Mohroʻyi Chochiy sirini ochgan oʻn yetti yashar donishmand keyinchalik Anushervon davlatining mustahkam ustuni boʻlgan, Sharqda adolatli vazir ramziga aylangan Buzrujmehr edi.

 

 

YASHIL RANGLI SOZ

 

Sharq kasbiy musiqasining asoschisi Borbad Narvaziy (XI asr) haqida xalq orasida koʻp hikoyat va naqllar tarqalgan, shaxsi afsonlarga aylangan. Biz Borbad haqidagi ikki naqlni shogirdlari tilidan hikoya qildik.

 

Rostini aytsam, Borbad safimizga kelib qoʻshilgan kundan boshlab tinchim yoʻqoldi. Qalbimda allaqanday gʻashlik paydo boʻldi. Zeroki, u favqulodda sohibi hofiz, bastakor sifatida kundan-kunga oʻzini koʻrsata boshladi. Oʻzi sheʼr yozib, kuy bastalar, tabiat ehson etgan noyob ovoz bilan ijro etar edi. Martabam, obroʻyim qoʻldan ketayotgan, har soniyada u oʻrnimni olib qoʻyayotgandek tuyulardi. Shuning uchun, saroydagi xos bazmlarga Borbadni yaqinlashtirmaslikka, Xusrav huzurida oʻz sanʼatini namoyish etishiga yoʻl qoʻymaslikka intildim.

Bahor kunlaridan birida Xusrav aʼyoni davlat, muvakkiloni mamlakat ishtirokida Firdavs otligʻ bogʻida gul sayri, sheʼru soz bazmi oʻtkazadigan boʻldi. Jiddiy tayyorgarlik, mashqlardan soʻng bir guruh sozandayu hofiz bilan boqqa joʻnaydigan boʻldik. Borbad ham bazmda ishtirok etishni juda-juda istadi. Hatto yolvordi ham. “Hali yoshsan. Buncha shuhratparast boʻlmasang? Yo ehson istaysanmi?” – dedim-da, uchta tillo tanga berib joʻnab ketdim.

Bogʻ sayri, gul gashtidan soʻng sarvzor oʻrtasidagi muhtasham koʻshkka toʻplandik. Sheʼr bahsi, sozu ovoz jarangi koʻkka oʻrladi. Bir tarafda raqqoslar Borbad yangi oʻrgatgan raqsni qiyomiga yetkazib oʻynamoqda edilar. Ayvon toʻridagi shohsupada Nekiso Changi boshchiligidagi mashshoqlar kuy dodini berishmoqda. Shu payt, ayvon yonidagi sarvlar orasidan bir kuy taraldi. Koʻtarinki, shodiyona ruhdagi bu kuy shu darajada yoqimli, sehrli ediki, butun tabiat goʻzalligi unda mujassam deysiz. Bir soniyada yigʻilganlar ogʻzi xandayu shoʻxlikdan, sozandalar tori noladan, raqqoslar oyogʻi xiromdan qoldi. Kuy avj nuqtasiga yetgach, asta-sekin pasayib maysazorlar uzra yoyilib, sarvlar ichiga gʻarq boʻldi.

Xusrav ishorasi bilan uch kishi sarvzorga yugurdik. Ne koʻz bilan koʻraykim, daraxtlar ichidagi yam-yashil oʻtlar ustida maysarang liboslar kiyib olgan Borbad oʻtirgandi. Hatto qoʻlidagi sozi ham yashil rangda edi. Qoʻltigʻidan oldim-da, koʻshk tomon yetakladim. Hamma uni xushvaqt peshvoz oldi. Men ham taʼzim qildim. Sarvlar orasidan taralgan ohang ustida bahs boʻldi. Hamma bir ogʻizdan kuyda tabiat koʻrki, fayzu tarovati jozibali, mukammal aks etganini taʼkidladi. Xusrav Borbad etagini durru javohirga toʻldirdi. Kuyni “Sabzi andar Sabz” deb atadilar. Shu kundan Xusrav Borbadni oʻrnimga saroy sanʼatkorlarining boshligʻi etib tayinladi. Men dahosi oldida bosh egdim va bir umrga shogirdlikcha qoldim.

Maʼlum boʻlishicha, “shuhratparast” deb uch tanga berishim Borbad izzat-nafsiga tekkan ekan. U toʻgʻri uyiga borib, bahor manzarasiga oʻxshatib maysarang liboslar kiyibdi, barbatini ham yashilga boʻyabdi. Soʻngra bogʻbon Bomduy huzuriga kelib, shu kungi bazm paytida boqqa kirishga ruxsat soʻrabdi. Borbad sanʼatining chin muxlisi Bomduy ijozat bergan ekan…

 

 

USTOZ QALBI

 

Bahor oylari edi. Biz bir guruh mashshoq bilan Isfahonda Navroʻz tantanalarida ishtirok etib, oʻz kuy va qoʻshiqlarimiz bilan xalq sayliga fayz bagʻishlab yurar edik. Ittifoqo, Xusrav oʻgʻli Sheruya tomonidan oʻldirilganini eshitdik. Men yashin tezligida Madoyinga yetib keldim. Lekin, hayhot, kechikibman. Allaqachon Xusrav dafn etilgandi. Saroydagi algʻov-dalgʻov haqida duv-duv gap. Poytaxt odamni tutib yeyman deydi. Koʻhna oshnolardan hech kimni topa olmadim. Hamma zada qushlarday tumtaraqay boʻlgan.

Oxiri oʻzimni qoʻlga oldim-da, toʻgʻri ustozim Borbad hovlisiga qarab yurdim. Keldimu koʻzlarimga ishonmay dong qotib qoldim. Evoh, bu qanday koʻrgilik. Ey falak, bu ne bedodlik! Nahot, shunday koshona kulini koʻkka sovursang! Qanday kuch bilan baqirganimni bilmayman. Koʻz oʻngim qorongʻilashib, boshim aylana boshladi. Gandiraklab kultepalarni aylandim. Hamma narsa kuyib, hoku turob boʻlgan edi.

Kechga yaqin qoʻni-qoʻshnilardan ustozimni soʻroqladim. Bir – ikki yoʻlovchi bozor boshida devonavor aylanib yurganini, darveshlar jandasini kiyib olganini aytdi. Shundan soʻng, shahar chetidagi karvonsaroylar va darveshxonalardan qidirdim. Va nihoyat, bir hujradan topdim. Eshikdan kirishim bilan burchakda oʻtirgan Borbad oʻrnidan turdi. Shamshoddek qomati dol, argʻuvondek ruxsori zaʼfaron boʻlgan. Bagʻriga otildim, ota-boladek bir-birimizni quchib salomlashdik. Navbat qoʻl berib koʻrishishga kelganda, qoʻlim oldingi ipakdek mayin, hamisha otashdek issiq kaftlarga emas, allaqanday qalamlangan, sovuq novdalarga tekkanday boʻldi. Bir seskanib tushdim. Qarasam, har ikki qoʻlining bosh va koʻrsatkich barmoqlari tagidan kesilgan, oʻrni qoraygan va burishiq edi. Koʻlarimdan tirqirab yosh chiqib ketdi. Tomogʻimga achchiq narsa tiqilib kelardi: “Nahotki kuyga suiqasd qilgan boʻlsalar?! Nahotki!”

Naql etishlaricha, ustozim tong-saharda Xusravga suiqasd qilinganini eshitib, saroyga chopibdi. Xos xonasida qonga belanib yotgan homiysini koʻrib zor-zor yigʻlabdi. Oʻzi yuvib-tarabdi, dafn marosimida bosh-qosh boʻlibdi. Shohona maqbaraga eltish yoʻlida mashhur “Xusravoni” kuyini chalib boribdi. Homiysini oʻz qoʻli bilan lahadga qoʻyibdi. Dafn marosimi gʻaribona bir tarzda oʻtibdi. Ustoz nazarida maʼrifat va adolat oftobi soʻnib, dunyoni zulmat egallagandek boʻlibdi. Diyonat va urfon, sanʼat va nafosat olamini jaholat olami qoplabdi. Bunday hayotga laʼnat oʻqib, bu dunyodan bosh olib ketgisi kelibdi. U maqbara yonidan toʻgʻri uyiga kelib, avval sozini sindiribdi, soʻngra barmoqlarini bolta bilan chopibdi, keyin uyiga oʻt qoʻyib darveshona hayot kechirishni ixtiyor etibdi.

Men ustozimni uyimga eltmoqchi boʻldim. Ammo u oʻz qaroridan qaytmadi. Deyarli har kuni oldiga kelib turardim, yolgʻizlatib qoʻymaslikka intildim.

Shahar hamon algʻov-dalgʻov, saroy notinch edi. Hamma yoqni aygʻoqchilar, gʻalamislar bosgan. Xusrav vafotidan olti oy oʻtgandan soʻng, fitnachilar Sheruyani ham oʻldirib ketishdi. Otasini oʻldirgan farzand shohlikka yaramaydi, yarasa ham olti oydan nariga oʻtmaydi, degan quyidagi hikmat oʻshandan qolgan:

 

Padarkush podishohiro nashoyad,

Agar shoyad, zi shashmohe napoyad.

 

Kunlardan bir kun kelib ustozni darveshlar kulbasidan topa olmadim. Marvga ketib qolibdi. Oradan koʻp oʻtmay vafot etgani haqida xabar keldi. Ha, munkayib qolgan moʻysafidni vatan xoki mehri tortgan ekan… Borib qabrini ziyorat qilib qaytdim.

 

Hamidjon HOMIDIY

 

“Sharq yulduzi”, 2011–3

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.