Hayot saboqlari

0
3765
marta koʻrilgan.

Artur ShOPENHAUER

 

Koʻrilayotgan mavzuni iloji boricha qisqaroq ifodalashga harakat qildim, aks holda, turmush qoidalari haqida barcha zamon mutafakkirlari tomonidan aytilgan fikrlarni takrorlashga toʻgʻri kelardi. Shunga qaramasdan, fikrlarimiz bir joydan chiqqanda ularni eslatib oʻtishni lozim topdim. Qolaversa, qamrov kengayib ketgan taqdirda ularni tartibga solish qiyinlashgan boʻlardi, bu holat esa oʻquvchini zeriktirib qoʻyishi mumkin. Men shunchaki miyamga kelgan fikrlarni aytishga arzigulik deb hisobladim. Xotiramga tayanib yana shuni aytmoqchimanki, bu borada hali fikrlar toʻlaligicha va aynan shunday shaklda ifodalangan emas. Boshqacha aytganda, shu mavzuda toʻplangan fikrlarga qoʻshimcha qildim, xolos.

Bu borada turli-tuman qarashlarni tartibga keltirib quyidagi mezonlarga koʻra dastlab oʻzimizga doir axloqiy qoidalarni, soʻng bu qoidalar asosida boshqalarga qilinadigan munosabatni va nihoyat, olam tartib-qoidalariga, qismatga nisbatan qarashlarni alohida-alohida ajratib chiqdim.

A. Umumiy qoidalar

Hayotda orttirilgan donishmandlikning eng oliy qoidasi deb Arastuning “Nikomax etikasi”da gap orasida aytib ketgan: “Mulohazali odam huzur-halovatni emas, azob-uqubatdan qutulish yoʻlini izlaydi”, degan iborani tan olgan boʻlardim. Bu haqiqat soʻzlarining ildizi shundaki, har qanday huzur-halovat va baxt tabiatan olganda salbiy, qaygʻu esa ijobiydir.

Har kuni kuzatish mumkin boʻlgan bir misol orqali buni tushuntirishga harakat qilaman. Tanamiz soppa-sogʻ paytida birorta aʼzomiz kichkina jarohat olib, ogʻriq paydo boʻldi deylik. Ana shunda bor diqqat-eʼtiborimiz jarohat va ogʻriqqa qaratiladi, butun tanamizning oromi yoʻqoladi.

Xuddi shunga oʻxshash, ishlarimiz istaklarimizga hamohang boʻlib yurishib turganda, maqsadimizga yetishishga xalal beradigan birorta ishkal chiqib, garchi bu narsa unchalik jiddiy boʻlmasa-da, fikri-zikrimiz shunga qaratiladi. Maqsad sari intilishda boshqa ishlarimiz yaxshi ketayotgan boʻlsa-da, ana shu ishkalni tez-tez oʻylayveramiz.

Har ikki holatda ham irodamizga ziyon yetadi: birinchisida ogʻriq butun badanimizda, ikkinchisida esa – orzu-intilishimizda mujassamlashadi. Har ikki holatda ham u irodamizga salbiy taʼsir koʻrsatadi, chunki u bevosita emas, nari borsa refleks orqali qabul qiladi. Uning yoʻlidagi bu toʻsiq ijobiy boʻlib, u oʻz-oʻzimizni bilib olishimizga xizmat qiladi. Har qanday rohat-farogʻat unga yetishish yoʻlidagi gʻovni bartaraf qilishdangina iborat, bu esa qisqa fursatni talab qiladi.

Diqqatimizni rohat-farogʻatga emas, balki hayotimizda toʻlib-toshib yotgan illatlarni iloji boricha chetlab oʻtishga qaratishni maslahat bergan Arastuning yuqoridagi bu saboqlari ana shunga asoslangan deb bilaman. Agar bu yolgʻon boʻlganda edi, Volterning: “Baxt – bu tushdan iborat, dard esa bor narsa”, degan soʻzlarini ham rad etish mumkin edi, lekin uning soʻzlari haqiqatdir.

Shu sababli kimdir oʻtmishini sarhisob qilib koʻradigan boʻlsa, u, avvalo, quvonchli kunlarini emas, balo-ofatlardan qutulib qolgan kunlarini hisoblasin. Shu maʼnoda inson “baxtli kun”lari koʻpayishini emas, “baxtsiz kun”lari ozayishini istagan holda boriga qanoat qilib yashashni oʻrganishi kerak. Har holda, hayot insonga umrini rohat-farogʻatda oʻtkazishga emas, balki bardosh berib, sabr-qanoat qilib yashash uchun berilgan.

Keksalikning yupanchi oʻtmishda qolgan mehnatingdir, shuning uchun keksalik gashti badastir va farovon hayot kechirishda emas, balki ham ruhan, ham jismonan osoyishta umr oʻtkazishdadir, chunki rohat-farogʻat baxt mezoni boʻla olmaydi, u salbiy boʻlib qolaveradi. Faqat boylik baxt keltiradi, deb oʻylash xato…

Aslida, boshimizga tushgan azob-uqubatlar ijobiy ahamiyatga ega, turmushimizdagi baxt uning yoʻqligida, agar zerikish ham boʻlmasa nur ustiga aʼlo nur, boshqasi esa quruq orzu-havasdan boshqa narsa emas. Rohat-farogʻatga qaygʻu evaziga erishish mutlaqo notoʻgʻri, aks holda, biz real ijobiy narsa oʻrniga salbiy hodisaga ega boʻlamiz.

Qaygʻudan qutulish uchun rohat-farogʻatni qurbon qilsak arziydi. Har ikki holatda ham: u qaygʻudan oldin keladimi yoki keyin keladimi farqi yoʻq. Qaygʻuni quvnoqlik bilan yengmoqchi boʻlgan odam yoki uni ozaytirish chorasini koʻrish oʻrniga rohat-farogʻat va quvonchga qarab intilgan odam ham katta xatoga yoʻl qoʻyadi.

Hayotda mol-dunyoga hirs qoʻyib yashash emas, aksincha, bu dunyoning doʻzaxiy azoblaridan oʻzini himoya qilish choralarini koʻrish foydalidir. Nodon rohat-farogʻat ketidan quvlaydi va umidi puchga chiqadi, dono esa balo-ofatlardan oʻzini chetga oladi. Agar shunday qilish qoʻlidan kelmasa, taqdirga tan berib yuraveradi. Bu narsa qay darajada amalga oshmasin, oʻzini aldangandek his qilmasligi lozim, chunki u hayotda bor narsa. Rohat-farogʻatni bekordan-bekorga qurbon berib hech narsaga erishmagan taqdirda ham mazkur holat zarar keltirmaydi, chunki u xayoliy narsa, afsuslanishga arzimaydi.

Shirin xayollarga berilib, ushbu haqiqatni mensimaslik koʻp baxtsizliklarni keltirib chiqaradi. Qaygʻudan xoli paytimizda istaklarimiz bezovta qila boshlaydi: baxt haqida xomxayollarga berilamiz, xayoliy qasrlar quramiz, ularga erishmoqchi boʻlamiz. Shu bilan biz oʻzimizni balo-qazoga yoʻliqtiramiz, bu esa bor gap. Ana shunda biz boy bergan osoyishtaligimizni oʻylab afsuslanamiz. Allaqanday iblisona xomxayollar evaziga oromimizdan ajralamiz.

Faqat tajribasiz oʻsmirgina bu dunyo rohat-farogʻat uchun yaratilgan, unga epchil va uddaburon odamlargina erishishi mumkin, deb oʻylaydi. Bunday deb oʻylashga oʻqigan kitoblari, atrofida toʻlib-toshib yotgan munofiq, sotqin odamlargina sababchi boʻladilar. Shu tufayli u oʻylab-oʻylamay ana shu baxt ketidan quvadi, tavakkal qilib yoʻlda uchragan xavf-xatarni shunchaki arzimas narsa deb oʻylaydi.

Yoʻq narsaning ortidan quvish oxir-oqibatda real baxtsizlikka olib boradi: bu – qaygʻu-hasrat, azob-uqubat, dard, kasallik, judolik, gʻam-tashvish, kambagʻallik, sharmandalik va shunga oʻxshash minglab muhtojliklardir. Umidsizlik juda kech keladi.

Aksincha, agar inson shu qoidaga amal qilib turli balo-ofatlardan, qaygʻu-gʻamdan, kasalliklardan, muhtojliklardan oʻzini chetga tortib yashashni maqsad qilib qoʻysa, baʼzan birmuncha muvaffaqiyatga erishishi, maqsadini oʻzgartirmasa katta yutuqlarga ham yetishi mumkin. Gyote oʻzining “Tanlangan vositalar” (“Izbiratelniʼe sredstva”) asaridagi doimo oʻzgalarning baxti haqida qaygʻuradigan qahramoni Vositachi tilidan shunday deydi: “Kimdir qandaydir balo-ofatdan qutulmoqchi boʻlsa, u oʻz maqsadini aniq biladi, kimdir boriga shukur qilib yashash oʻrniga ortiqcha narsaga ega boʻlishni istasa u mutlaqo koʻr odam”. Bu “Yaxshilikning dushmani undan afzalrogʻi” degan ajoyib fransuz maqolini eslatadi. Kinizm (rohat-farogʻatni inkor qiluvchi falsafiy oqim)ning asosiy gʻoyasini ham shunga qiyoslash mumkin. Kiniklar bu borada azob-uqubatlarni bartaraf qilishni afzal koʻradilar. Rohat-farogʻat salbiy, azob-uqubat esa ijobiy, degan fikr ular ongiga chuqur singib ketgan. Yovuzlikni bartaraf etishga qatʼiy rioya qilganlar, rohat-farogʻatni bu yoʻlda qoʻyilgan tuzoq deb bilganlar.

Barchamiz hayotga qadam qoʻyar ekanmiz, u bizga baxt-saodat beradi, deb ishonamiz va amalda shunga qarab behuda intilamiz. Tez orada oʻylaganlarimiz puch ekanligi maʼlum boʻladi. Taqdir bu hayotda hech bir narsa: na mol-mulkimiz, na oila-yu bola-chaqamiz, na tanu jonimiz bizga tegishli emasligini isbotlab beradi.

Ertami-kechmi hayot tajribamizdan maʼlum boʻladiki, baxt va rohat-farogʻat sarobdan boshqa narsa emas ekan. Uzoqdan bizni maftun qiladi-yu, yaqinlashgan sari yoʻqoladi. Azob-uqubat va dard esa, aksincha, shunchalik real voqeaki, u bizni kutdirib oʻtirmaydi, soʻroqsiz kirib kelaveradi. Agar bu narsa bizga saboq boʻlsa, u holda baxt va rohat-farogʻat ketidan quvmasdan imkon boricha azob-uqubat va darddan xalos boʻlish haqida oʻylashimiz lozim.

Eng yaxshisi, qaygʻusiz, osoyishta, chidasa boʻladigan darajada kun kechirish va shunga intilish, juda baxtsiz yashamaslik uchun oʻta katta baxtni talab qilmaslik lozim. Gyotening yoshlikdagi doʻsti Merk buni yaxshi tushungani uchun “Orzu-havasimizdagi eng yaramas narsa huzur-halovatda yashashga boʻlgan talabimizdir, u esa umrimizni xazon qiladi. Kimki boriga qanoat qilib, nafs koʻyiga kirmasdan yashaydigan boʻlsa, toʻgʻri yoʻlini topib oladi”, deb yozgan.

Shuning uchun rohat-farogʻat, boylik, mansab, obroʻ kabi narsalarga erishish haqidagi istaklarimizni jilovlashimiz kerak, aks holda, juda katta baxtsizliklarga duchor boʻlamiz.

Baxtsiz boʻlib yashash judayam oson narsa, ammo katta baxtga ega boʻlish nafaqat qiyin, hatto mutlaqo ilojsiz. Eng foydali va dono maslahat mana shu.

Shoir buni quyidagi misralar bilan juda toʻgʻri ifodalagan:

Oltin moʻtadillik obod yoʻl ochar:

Omonat kulbadan qochar donishmand,

Hasad maddalangan saroydan qochar,

Fisqu fasod, shumlik zimdan berur pand.

Ulkan qaragʻayni yiqitar dovul,

Baland minoralar boʻlar yerparchin.

Choʻqqilarni yashin uradi nuqul

Bulutlarni turtib turgani uchun.

***

Mening bu falsafiy taʼlimotimni toʻla oʻzlashtirgan odam biladi: bizni oʻrab turgan borliqning boridan koʻra yoʻq boʻlgani maʼqul edi. Oʻzligimizni inkor qilish va oʻzlikdan voz kechish buyuk donishmandlikdir. Bunday odam dunyodagi biror narsaga umid bogʻlamaydi, biror narsaning ketidan quvmaydi, omadsizligi haqida oʻzgaga shikoyat ham qilmaydi. “Insonning qilmishida musibat chekishga arzigulik biror narsa yoʻq”, degan Aflotunning aytganlariga amal qiladi. Saʼdiyning “Guliston”idagi epigrafga eʼtibor bering:

Boy bersang, yoʻqotsang butun dunyoni,

Aslo qaygʻurmagin, axir, bu – hechdir.

Gar boy boʻlsang, topsang butun dunyoni,

Koʻp ham quvonmagin, axir, bu – hechdir.

Qaygʻu ham, quvonch ham kechar dunyodan,

Sen ham dunyodan kech, axir, u – hechdir.

(Anvar Suhayliy)

Bu dunyoning ikkiyuzlamachi ekanligi yuqoridagi najotkor soʻzlarga boʻlgan ishonchni qiyinlashtiradi, vaholanki, dunyoning munofiqligini yoshlikdanoq tushunishimiz kerak edi. Hayotimizda sodir boʻlayotgan voqealarning koʻpchiligi dabdababozlikdan iborat. Bu esa teatr dekoratsiyalariga oʻxshab haqiqiy mohiyatni yashirib turadi.

Bayramlarda bayroqlar va anvoyigullar bilan bezatilgan binolar, karnay-surnay, nogʻora ovozlari, shod-xurram qichqiriqlari – bular hammasi niqob, ramziy belgilar xolos, haqiqiy quvonchning oʻzi bu dabdabada qatnashmaydi. Quvonch betaklif va betakalluf arzimas bir sabab bilan kutilmaganda kirib kelaveradi. Uning qayerda ekanligi hech kimga maʼlum emas, goʻyo yer yuziga siyrak qilib sochilgandek, biror voqea-hodisa tufayli uning zarrasini koʻrib qolamiz. U hech qanday qonun-qoidaga boʻysunmaydi.

Quvonch koʻpincha tasavvurda yaratiladi, boshqalarni esa uning haqiqiy ekanligiga ishontirmoqchi boʻlishadi.

Qaygʻuning yoʻli butunlay boshqacha. Xuddi dafn marosimiga kelgan odamlardek safi choʻzilib ketgan, ammo tobut boʻsh. Hamdardlikning yorqin namunasi bu. Siz bu insonlarning xulq-atvoriga eʼtibor bering: soxtalik, ayyorlik, ikki yuzlamachilik shundoqqina koʻrinib turadi.

Yana bir misol. Tantanali marosimga juda koʻp mehmonlar taklif qilingan. Hamma bashang kiyingan, olijanoblik, hamjihatlikning yuksak namunasi deysiz. Amalda esa xuddi birov ularni majburlab, boʻynidan arqon bogʻlab sudrab kelgandek, ilojini qilib bu zerikarli joyni tashlab ketishga tayyor. Ular orasida qalangʻi-qasangʻilari ham talaygina. Bunday marosimlarga odamlarni tor doirada taklif qilgan maʼqulroq.

Umuman olganda, sershovqin ziyofatlar va bayram tantanalarining magʻzi puch, hamohanglik yoʻq, chunki hayotimizda har qadamda uchraydigan qaygʻuli va ayanchli holatlarga taqqoslaganda ular yanada yaqqolroq koʻzga tashlanadi. Lekin tashqaridan qaraganda tantanalar odamlarda yaxshi taassurot qoldirgandek, maqsad ham shu edi, shekilli. Shamfor bu haqda juda yaxshi fikr bildirgan: “Zodagonlar davrasi deb atalmish mehmondorchiliklar, ziyofatlar bemaʼni va rasvo sahna asariga oʻxshaydi, ularni faqat mashinalaru dekoratsiyalar ushlab turadi”.

Xuddi shunga oʻxshash akademiyalar va falsafa kafedralari ham donishmandlik niqobi ostida, donishmandlikning oʻzi esa allaqayerlarda yashirinib yuripti. Cherkov qoʻngʻiroqlariyu ruhoniylarning jubbalari, diniy rasm-rusumlar ham xudojoʻylikning niqobidan boshqa narsa emas.

Xullas, dunyodagi deyarli barcha narsalar puch yongʻoqqa oʻxshaydi, magʻzi kamyob. Uni boshqa joydan qidirish kerak, tasodifan topib olish mumkin.

* * *

Biror odamdan, baxt nuqtai nazaridan, nima yoqadi deb emas, nima yoqmaydi, deb soʻrang. Yoqmaydigan narsa oʻz holicha qanchalik darajada arzimas boʻlsa, baxti oʻz holicha shu darajada yuqori boʻladi. Narsalarning arzimasligini bilish uchun inson maʼlum darajada farovon yashashi kerak, baxtsizlikda esa biz ularni sezmaymiz.

Baxtga keng koʻlamda erishishni orzu qilmang, chunki unga yetishish qiyin, qolaversa, u osongina barbod boʻlishi mumkin. Katta baxtning yoʻlida oʻziga yarasha toʻsiqlari ham koʻp boʻladi. Imkoniyatiga qarab tiklangan kichkina baxt katta baxtsizlikdan asraydi.

* * *

Hayotda juda koʻp narsalarga erishmoqni maqsad qilib shunga intilmoqchi boʻlgan odam ahmoqona ish tutgan boʻladi. Umrini zoye ketkazadi. Bu narsa judayam ozchilikka nasib qilishi mumkin. Juda uzoq umr koʻrgan odamning ham oʻylaganlari amalga oshishi qiyin, chunki bu yoʻlda toʻsiqlar, omadsizliklar har qadamda uchraydi.

Amalga oshgan taqdirda ham biz koʻp narsalarni oldindan bila olmaymiz, masalan, zamonlar va davr talablari oʻzgarishini, qolaversa ularning insonga boʻlgan taʼsiri uni ham oʻzgartirib yuborishini. Boshqacha aytganda, vaqt oʻtishi bilan qobiliyatimiz, imkoniyatimiz, faoliyatimiz, quvonch va shodlikka munosabatimiz ham oʻzgaradi. Shuning uchun sarflagan mehnatimiz evaziga yetishganlarimiz ehtiyojlarimizga mos tushmay qoladi.

Birorta niyatimizni amalga oshirmoq uchun tayyorgarlik koʻramiz, shu bilan ovora boʻlib vaqtni boy berganimizni, uni amalga oshirish uchun kuch-quvvatdan qolganimizni ham sezmay qolamiz. Juda koʻp mehnat va vaqt sarflab qiyinchilik bilan niyatimizga yetganda, endi u bizni qanoatlantirmaydi, oʻzgalar uchun ter toʻkkanimiz maʼlum boʻladi. Niyatimiz juda kech amalga oshdi, endi bizning kuch-quvvatimiz ham, imkoniyatimiz ham cheklangan. Koʻzlagan mansabga uzoq yillar mehnat qilib, tashvish chekib erishganimizda biz xuddi shunday ahvolga tushamiz.

Gap ijodkor va ijod haqida ketganda buning aksi ham boʻlishi mumkin. Yaratgan asarlarimiz oʻsib ulgʻaygan yangi avlodni qiziqtirmaydi, davr talabi ham boshqacha. Boshqa birovlar esa qisqa yoʻldan borib bizdan oʻtib ketishi mumkin va hokazo…

Hayotimiz sayyoh yoʻliga oʻxshaydi. Uzoqdan koʻringan narsa unga yaqinlashgan sari oʻzgara boshlaydi, yetib borganda butunlay boshqacha tus oladi.

Istaklarimiz ham xuddi shunga oʻxshab ketadi. Koʻpincha qidirgan narsamizdan ham yaxshirogʻiga duch kelamiz. Rohat-farogʻat, baxt va quvonch izlaganimizda yoʻlimizda uchragan narsalardan yaxshigina saboq olamiz, tushunmaganimizni tushunib, bilib olamiz – bu esa xayoliy va oʻtkinchi orzu-havaslardan koʻra muhimroq.

Intellektual xarakterga ega boʻlgan “Vilgelm Meyster” romanining asosiy gʻoyasi ham shunga oʻxshash. Inson tabiatining faqat iroda kuchi tomonidan tasvirlagan Valter Skottning etik mazmunda yaratgan romanlaridan yuqoriroq oʻrinda turadi deb bilaman.

Motsartning “Sehrli fleyta” operasiga qoʻpolroq koʻrinishda boʻlsa ham, shu gʻoya asos qilib olingan…

Buyuk va olijanob odamlar taqdirning bunday sabogʻini itoatgoʻylik va minnatdorchilik bilan qabul qiladi. Ular hayotda baxtdan boshqa ibrat boʻlarli ishlar koʻpligini biladilar va shunga shukur qilib yashashga koʻnikib qolganlar. Ular Petrarka tilidan: “Men uchun oʻqib-oʻrganishdan oʻzga baxt yoʻq”, deya gʻoyibona baxtga ishonmaydilar.

Ular goʻyo istak-xohishlarini amalga oshirish uchun harakat qilayotgandek koʻrinsalar-da, aslida, ibrat boʻlarli darajada xayrli ishlarni amalga oshiradilar, bu esa ularga mushohada qiluvchi oʻtkir aql-idrok, ulugʻvorlik va yuksaklik baxsh etadi. Shu maʼnoda kumushni oltinga aylantirmoqchi boʻlgan, tadqiqot davomida boshqa narsalarni, hatto tabiat qonunlarini kashf etgan kimyogar qismatiga sherik boʻlamiz.

B. Oʻzimizga boʻlgan muomalamiz haqida

Qurilishda qatnashayotgan ishchi bino bitgandan soʻng qanday boʻlishini koʻrmaydi, nari borsa tasavvur qilib koʻradi, shunga oʻxshash insonning umri oʻtaveradi, lekin qanday mavqega ega boʻlishini bilmaydi. U qanchalik darajada munosib va ahamiyatli, rejali va oʻziga xos boʻlsa, shu darajada foydali va zarur, shuning uchun inson vaqti-vaqti bilan kelajakka nazar solib turishi kerak.

Buning uchun u oʻzligini qay darajada bilishi borasida nimalarga erishganini bilmogʻi zarur, yaʼni avvalo istak-xohish nima ekanligini, baxt uchun qanday shart-sharoitlar zarurligini, keyingi oʻrinlarda nimalar turishini bilib olishi lozim. Shuningdek, u nimalarga moyilligini, atrof-olamga boʻlgan munosabati va tutgan oʻrnini tushunishi kerak. Agar u buyuk va muhim ishlarni koʻzlagan boʻlsa, maqsad doirasini biroz torroq olishi kerak, bu narsa uni dadilroq harakat qilishida qoʻllab-quvvatlaydi, yuksaltiradi, ragʻbatlantiradi, boshqa ishlarga chalgʻishga yoʻl qoʻymaydi.

Tepalikka chiqib kuzatgan odamga tevarak-atrof yaqqol namoyon boʻladi: qaysi yoʻldan yurgani, qayerda burilish, qayrilishlar borligini koʻradi.

Inson ham maʼlum bir davrga yetganda (yoki umrining oxirida) oʻtmishiga nazar tashlasa, bosib oʻtgan yoʻli, amaliy ishlari, ularning bir-biri bilan aloqasi, muhimligi, hatto qadr-qimmatini ham yaqqol koʻrib, tushunib yetadi.

Biz ish bilan band ekanmiz, harakatimiz xususiyatlariga mos ravishda, turli sabablar taʼsirida va qobiliyatimizga yarasha harakat qilamiz. Harakatimiz toʻgʻri va odob doirasida deb ishonganimiz uchun boshqa narsalarga parvo qilmaymiz. Ishimiz natijasiga koʻra qilmishimiz maʼlum boʻladi.

Buyuk jasoratlar koʻrsatayotganimizda yoki oʻlmas asarlar yaratayotganimizda ham natijasi qanday boʻlishini bilmaymiz, lekin bajarayotgan ishimizni hozirgi vaqt nuqtai nazaridan toʻgʻri va zarur, deb hisoblaymiz. Natija esa harakatlarimiz uygʻunligini va nimalarga qodir ekanligimizni koʻrsatadi.

Ijobiy natijaga erishganimizda tanlangan yoʻlimiz toʻgʻri ekanligi maʼlum boʻladi, salbiy natija esa aksincha. Bu narsa amaliy ishga ham, nazariy ishga ham taalluqli. Bajarayotgan ishimizning muhim ekanligi koʻpincha oʻsha paytda emas, keyinchalik maʼlum boʻladi.

* * *

Hayotda orttiriladigan donishmandlikning muhim joyi eʼtiborimizni bugungi kun bilan ertangi kunning oʻrtasida toʻgʻri taqsimlashdir, toki biri ikkinchisiga zarar yetkazmasin. Koʻplar bugungi kun bilan yashaydi – bu yengiltaklik. Boshqalari faqat kelajakni oʻylashadi – bu tashvishli va xavotirli. Kamdan-kam odam muvozanat saqlaydi.

Kimdir, goʻyo baxtni intizorlik bilan kutib olish maqsadida faqat kelajakka qarab intilsa va umid bogʻlasa, bugungi kunni qoʻldan boy beradi. Ularni qanchalik dono boʻlmasin, italyan latifasidagi eshakka qiyoslash mumkin: eshakni yurishga majburlash uchun uchiga bir bogʻ beda osilgan uzun tayoqni boshiga bogʻlab qoʻyishgan, unga yetishish maqsadida eshak tinimsiz yuravergan. Bunday odam oʻz hayotiga oʻzi zomin boʻladi, to oʻlgunicha ertangi kun bilan yashayveradi.

Tinimsiz kelajakni oʻylab tashvish chekish yoki oʻtmishni eslab afsuslanish oʻrniga bugungi kun naqd ekanligini unutmasligimiz kerak. Tasavvurimizdagi kelajak koʻpincha biz oʻylagandek boʻlavermaydi, oʻtmishimiz ham juda sermazmun emas.

Uzoqdagi narsa aqlimizni oʻgʻirlaydi. Faqat bugungi kungina qoʻlimizdagi naqd borligʻimiz, shuning uchun oʻtmishdagi koʻngilsiz voqealardan holi boʻlib, kelajak tashvishini chekmasdan, boriga qanoat qilib, xafagarchilikni yigʻishtirib aql bilan ish qilishimiz lozim.

Oʻtmish yukini ortmoqlab, kelajakdan xavotirlanib bugungi kundan chetlashmoq aqlli odamning ishi emas. Gʻam-tashvish va tavba-tazarru uchun maʼlum bir vaqt ajratiladi, sodir boʻlgan hodisalar haqida esa shunday oʻylash kerak:

Oʻtgan barcha koʻrgulikni unutgaymiz qancha ogʻir boʻlsa ham,

Yurak dardin ichimizga yutajakmiz koʻzni yumib noiloj…

Kelajak haqida esa: u boqiy ilohlar ixtiyorida, bugungi kun haqida: “Yodingda boʻlsin, kunlar ketma-ket oʻtaveradi, hayot bir marta berilgan, bu – yagona imkoniyat, biz uni dilkashlik bilan oʻtkazishimiz kerak”, degan maʼqul.

Sodir boʻlishi aniq boʻlgan balo-ofatlargina bizni bezovta qilishi mumkin, chunki sodir boʻlish ehtimoli boʻlsa-da, qachon roʻy berishi nomaʼlum. Buning taʼsiriga tushib qolganimizda osoyishtaligimiz yoʻqoladi.

Osoyishtaligimizni yoʻqotmaslik uchun sodir boʻlishi dargumon boʻlgan ofatlarni yuz bermaydi deb, qachon sodir boʻlishi nomaʼlumlarini esa hali-beri sodir boʻlmaydi, degan koʻnikma hosil qilishimiz kerak.

Boshqa jihatdan olganda xavotirimiz pasaygach, endi bizni istak-intilishlar va ehtiroslarimiz junbishga kelib bezovta qila boshlaydi. Gyotening “Men qimorga hech narsamni tikdim”, degan mashhur qoʻshigʻining maʼnosi shundaki, biz istak-xohishlarimizni jilovlay olganimizdagina va oddiy tirikchilikka koʻnikkanimizdagina inson baxtining asosi boʻlmish osoyishtalikka erishamiz. Bugungi kunimizdan, qolaversa, butun hayotimizdan mamnun boʻlib yashamoq uchun shu narsa zarur.

Xuddi shu maʼnoda bugungi kunimiz hech qachon qaytib kelmasligini ham yodda tutmogʻimiz kerak. Xayolimizda bugungi kun ertaga ham qaytariladigandek, ammo ertamiz – bu boshqa kun, u ham bir marta keladi. Har bir kunimiz alohida va u hayotimizning ajralmas qismidir.

Boshimiz yostiqqa tekkanda, qaygʻuga botgan kunlarimizda osoyishta va tinch oʻtgan kunlarimizning qadriga yetganimizda edi, bugungi kunning qay darajada muhim ekanligini va undan oqilona foydalanish kerakligini tushungan boʻlardik, qoʻldan boy bergan imkoniyatlarimizga afsuslanib yurmasdik.

Yaxshi kunlarimiz oʻtib ketganligini sezmay qolamiz, faqat qaygʻuga botganimizdagina attang deymiz. Hayotimizning tinch oʻtkazishimiz lozim boʻlgan koʻp qismini bekordan-bekorga tashvishga tushib, xafalanib oʻtkazib yuboramiz, ammo ularni qaytarishning iloji yoʻq. Vaqtimizni beparvolik bilan oʻtkazish oʻrniga uning hurmatini joyiga qoʻysak va u xotiramizda abadiy oʻchmas iz qoldirishini unutmasak, vaqti kelib dilimiz siyoh boʻlib turganda koʻnglimizni koʻtarib, bizga dalda berib turishini istasak, shu bugunning qadriga yetib shukur qilishimiz lozim.

* * *

Har qanday cheklash, hatto ruhiy cheklash ham baxtga yetaklaydi. Baxt haqidagi tasavvurimiz qanchalik darajada tor, unga boʻlgan intilishlarimiz kamroq boʻlsa, biz shunga yarasha baxtlimiz, u qanchalik keng boʻlsa, tashvishlarimiz va azob-uqubatlarimiz doirasi ham kengayadi. Chunki unga yetishish yoʻlida chekadigan gʻam-tashvishlar, istak-xohishlar, qoʻrquv-xavotirlar ham koʻpayadi. Xuddi mana shu sababli hatto koʻzi ojizlar ham unchalik baxtsiz emaslar, ularning yuz ifodalaridagi beozor yuvoshlik, shodlik alomatlari buning guvohidir.

Yoshimiz qaytganda hayotimiz oldingiga nisbatan koʻproq qaygʻu-gʻamdan iborat boʻlishi ham shu boisdan. Umrimiz oʻtgani sayin maqsadlarimiz ham kengaya boradi. Bolaligimizda u oila va yaqinlarimiz doirasida boʻladi, yoshlik davrimizda birmuncha kengayadi. Yetuk yoshimizda butun umrimizni, hatto davlatlar va xalqlarni ham qamrab oladi, keksayganimizda esa avlodlarimizni zabt etadi.

Har qanday cheklashlar, hatto ruhiy cheklashlar ham, baxtimizga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Chunki hayajonimiz qanchalik oz boʻlsa, azob-uqubatlarimiz shunchalik kamayadi. Baxt salbiy ekanligi, azob-uqubat esa ijobiy ekanligini yaxshi bilamiz. Harakat doiramizning cheklanganligi irodamizni tashqi taʼsirlardan asraydi, ruhiy cheklanish esa ichki olamimizni. Keyingisining salbiy tomoni shundaki, dilimiz siyoh boʻlib huvullab qoladi va bu boʻshliqni azob-uqubat egallay boshlaydi, biz esa undan qutulish uchun oʻzimizni har yoqqa uramiz: ovunchoq qidiramiz, oʻyin-kulgiga, ortiqcha dabdabaga berilamiz, ichkilikka ruju qoʻyamiz va sarf-harajatlarimiz koʻpayib xonavayron boʻlamiz, oqibatda turli baxtsizlikka duchor boʻlamiz. Bekorchilikdagi xotirjamlik xavflidir.

Bizdagi yaxshilik ham, yomonlik ham aql-ongimiz nima bilan band ekanligiga borib taqaladi. Omadsizlik, azob-uqubat, iztirob, qiynoqlardan iborat turmushning ogʻir yuki ostida ezilib turgan paytlarimizda intellektual faoliyat shunga layoqatli aql-ongimizga koʻproq foyda keltiradi. Buning uchun, albatta, ruhiy moyilligimiz ustun boʻlishi zarur. Tashqariga yoʻnaltirilgan faoliyat vaqtimizni chogʻ qilib bizni chalgʻitadi, aqlimizni oʻgʻirlaydi, aksincha, aqliy mehnat tashvish va hayajondan xoli qiladi. Amaliy faoliyat uchun kuch-quvvat zarur boʻlgan paytlarda vaqtichogʻlikni chetga surib qoʻyishga toʻgʻri keladi.

* * *

Turmushda mulohazali boʻlish va shaxsiy tajribamizdan toʻgʻri xulosa chiqarib olish uchun tez-tez oʻtmishimizga nazar tashlab turishimiz kerak. Nimalarga erishdik, nimalarni yoʻqotdik, qayerda xato qildik, shularni anglab olishimiz zarur. Niyatimizni amalga oshirish uchun qanday yoʻl tutdik, hozir qaysi yoʻldan ketayapmiz, bularni solishtirish, taqqoslash va natijalari qay darajada bizni qoniqtirganligini anglashimiz lozim. Bu foydadan xoli emas.

Shaxsiy tajribalarimiz asosiy mavzu boʻlsa, bu boradagi mulohazalarimiz, bilimimiz unga berilgan sharh boʻladi. Tajribamiz oz boʻla turib mulohazaga berilib ketsak, yoki tajriba yetarli boʻlib, mulohaza kam boʻlsa, koʻp holatlar anglanmay qolishi mumkin.

“Kechqurun uyqudan oldin, kun boʻyi nima ish qilganingni koʻrib chiq”, degan Pifagor qoidasi shunga mos tushadi. Kimki oʻtmishga tanqidiy nazar bilan qaramasdan, hayotini faqat tashvish yoki vaqtichogʻlik bilan oʻtkazar ekan, u es-hushini yoʻqotib qoʻyishi mumkin. Uning hissiyotlari aralash-quralash boʻlib, fikrlari chigallashib ketadi, buni gap-soʻzlaridan, oʻzini tutishidan ham payqab olsa boʻladi.

Vaqt oʻtishi bilan ularning bizga boʻlgan taʼsiri kamayib borsa-da, biroq oʻsha paytda aytganlarimiz yodimizda turadi, chunki ular faoliyatimiz natijasi va oʻlchovidir. Hayotimizning eng muhim paytlarida aytganlarimizni yodda saqlash zarur. Kundalik daftar tutish ham mumkin.

* * *

Oʻzligingdan qanoatlanish, barcha narsalarga oʻzingdan javob topish uchun “Oʻzimniki oʻzim bilan” deydigan darajada imkoniyatli boʻlish kerak. Bu narsa baxtga erishishda qulaylik tugʻdiradi. Arastuning “Ehtiyojini qondirish uchun oʻz imkoniyatiga ega boʻlgan odamgina baxtli boʻla oladi”, degan fikri mazmunan Shamforning “Baxtga erishish oson emas, uni ichki olamingdan topish juda qiyin, oʻzga joydan topish aslo mumkin emas”, degan fikrlarini bildiradi. Bir tomondan oʻzingdan boshqa odamga umid bogʻlay olmaysan, boshqa tomondan, hayotimizda qiyinchiliklar, xavf-xatarlar, xafagarchiliklar shu darajada koʻpki, ularni chetlab oʻtishning sira iloji yoʻq.

Ayanchli turmushdan voz kechib quvonchu shodlikda, rohat-farogʻatda, huzur-halovatda oqsuyaklar orasida yashab baxtga erishmoqchi boʻlgan odam ham qattiq yanglishadi, umidi puchga chiqadi, chunki bunday hayot oʻzaro aldov va yolgʻonga asoslangan.

Yalangʻoch tanamizni kiyim yashirib turganidek, ruhimiz ham yolgʻondan iborat pardaga oʻralgan. Soʻzlarimiz, xatti-harakatlarimiz, butun borligʻimizga yolgʻon singib ketgan. Yalangʻoch tanamiz tasodifan kiyim orasidan koʻrinib qolgandek, baʼzan haqiqiy qiyofamiz sezilib qoladi. Har qanday jamiyatdagi hayotimiz oʻzaro moslashishga, murosasozlikka moʻljallangan. Ular qanchalik koʻp boʻlsa, shunchalik mujmal boʻlib qoladi. Jamiyatda yashayotgan inson hech qachon erkin boʻla olmaydi, buning uchun u yolgʻiz yashashi lozim.

Har qanday jamiyatning ajralmas yoʻldoshi – majburlash, bu yoʻlda shaxs erkinligi qurbon boʻladi. Shaxs qanchalik oʻziga xos xususiyatlarga ega boʻlsa, bu shunchalik ogʻir kechadi. Shuning uchun inson yolgʻizlikdan qochadimi, u bilan murosa qiladimi yoki yoqtiradimi, oʻz shaxsining qadriga muvofiq oʻz yoʻlini oʻzi tanlaydi. Tanholikda faqir oʻz faqirligini his qiladi, buyuk aql egalari oʻzining qalb tubiga yetib boradi, xullas, kimning kim ekanligi oʻziga maʼlum boʻladi.

Tabiat iyerarxiyasida egallagan oʻrnimiz qanchalik yuqori boʻlsa, yolgʻizligimiz shu darajada boʻladi, mohiyatan olganda, bu – muqarrar. Ruhiy yolgʻizligimizga jismoniy yolgʻizlik ham qoʻshilsa yaxshi boʻlardi, aks holda, atrofimizdagi boshqa muhitdan boʻlgan olomon bizni chiqishtirmas, bizga hatto dushmanlik kayfiyatida boʻlib, “men”ligimizni tortib olib, chetga chiqarib tashlardi.

Odamlar orasida axloq va intellektual maʼnoda farq bor. Uni tabiat belgilagan boʻlsa-da, jamiyat bu bilan hisoblashmasdan barcha odamlarni tenglashtirmoqchi boʻladi yoki sunʼiy farq oʻrnatadi: tabaqalarga, martabalarga, unvonlarga ajratadi. Bu esa koʻpincha tabiat oʻrnatgan qoidalarning tamoman aksi. Buning ustiga tabiat belgilagan quyi tabaqadagilar jamiyat oʻrnatgan taqsimotga koʻra juda yaxshi oʻringa erishadilar, tabiat bergan haqiqiy isteʼdod egalari boʻlgan ozchilik koʻpincha tan olinmaydi. Mana shu sababli, odatda, ular oʻzlarini jamiyatdan chetga olib yuradilar, chunki koʻpchilikni tashkil qilgan jamiyat orasida pastkashlik hukmron.

Jamiyatda oʻrnatilgan teng huquqlilik, ayni paytda, isteʼdod va qobiliyatning talablarini, xalq oldidagi xizmatlarini ham tan olmaslik degani. Jamiyat turli ustunliklar oʻrnatishni yoqtiradi, faqat ruhiy ustunlikni emas. U jamiyatda oʻz oʻrnini topa olmaydi. U bizni jamiyatda hukm surayotgan turli bemaʼniliklar, nodonliklar, xurofotu bidʼatlar, befahmlik, befarosatliklarga chidab, cheksiz sabr-bardoshli boʻlishga majbur qiladi. Shaxsiy ustunlik, oʻzini xuddi gunoh qilib qoʻygandek, aybdordek his qiladi yoki yashirinib oladi, chunki aqliy ustunlikni atrofdagilar oʻzlari uchun haqorat deb qabul qiladi.

Shunday qilib, yaxshi jamiyat noloyiq odamlarni yaxshilari bilan yonma-yon yashashga majbur qiladi, shuningdek, yaxshilarga oʻz fazilatlari va imkoniyatlariga munosib yashashga yoʻl bermaydi. Aksincha, murosasozlik oʻrnatish maqsadida siquvda yashashga, hatto oʻzimizni rasvo qilishgacha olib boradi.

Aqlli gaplar va fikrlarni ongli jamiyatgagina qaratish oʻrinli, oddiy jamiyatda esa ularni nafrat bilan qabul qiladi. Yaxshisi, biror narsaga erishmoqchi boʻlsang, boshqalardan ajralmasdan, hamma qatori yashash kerak. Hamma narsangdan voz kechib, oʻzligingni unutib yashash ogʻir boʻlsa-da, boshqa ilojing yoʻq. Toʻgʻri, bu ahvolda yoʻqotganing oʻrnini toʻldirib boʻlmaydi, evaziga topganlaring arzimas boʻlib chiqadi. Odamlar bilan muloqot qilishdan koʻngling toʻlmaydi, chunki u zerikarli, noqulay va yoqimsiz, oʻzligingdan voz kechib, vaqt ketkazishga arzimaydi. Tanholikni afzal koʻrgan odam yanglishmaydi. Odamlar orasida noyob boʻlgan haqiqiy ruhiy ustunlikni jamiyat yoqtiravermaydi, uni “Yaxshi muomala” deyishadi va u avloddan-avlodga oʻtib kelaveradi. Haqiqiy ruhiy ustunlik bilan toʻqnashganda uning yolgʻonchiligi bilinib qoladi. “Yaxshi muomala” paydo boʻlganda sogʻlom fikr yoʻqoladi.

Umuman olganda, inson doʻsti yoki sevgilisi bilan emas, faqat oʻzi bilangina toʻla murosada boʻla oladi. Har bir odamning oʻziga xos xususiyatlari, kayfiyati oz boʻlsa-da kelishmovchilikka olib keladi. Insonning boy ichki olami, uning osoyishtaligi va sogʻligʻi uygʻun boʻlsa dunyoda bundan ortiq neʼmat yoʻq, bunga esa faqat yolgʻizlikdagina erishish mumkin. Shu bilan birga, insonning “men”ligi buyuk darajada va sermazmun boʻlsa, bu yorugʻ olamda undan baxtli odam yoʻq.

Doʻstlik, sevgi, nikoh odamlarni qanchalik mustahkam bogʻlamasin, roʻyirost munosabat faqat oʻziga nisbatangina boʻladi, farzandlariga ham boʻlishi mumkin. Obʼyektiv va subʼyektiv sharoitlardan kelib chiqqan holda odamlar bilan munosabatimiz qanchalik kam boʻlsa, shuncha yaxshi.

Tanholikda oʻzimizning barcha illatlarimizni sezib qolamiz, jamiyatda esa aksincha, ommaviy oʻyin-kulgilar, koʻngilocharliklar kabi tuzoqlar bizni chalgʻitadi… Yoshlikda olinadigan muhim saboqlardan biri yolgʻizlikka koʻnikish, chunki u ruhiy osoyishtalik va baxtimiz manbai boʻlib qoladi.

Yuqoridagilardan xulosa chiqarib aytishimiz mumkinki, kim oʻz muammolarini oʻzi hal qilishga qurbi yetsa, faqat oʻzigagina ishonsa, u xor boʻlmaydi. Sitseron aytgandek: “Kim barcha narsalarda oʻziga ishonsa va oʻzi hal qilsa, baxtli boʻlmaslikning boshqa iloji yoʻq”. Insonning oʻzligidagi bor narsasi qanchalik koʻp boʻlsa, oʻzgalarga muhtojligi qolmaydi.

Insonning ichki olami qanchalik boy boʻlib, oʻz ehtiyojini oʻzi qondirish imkoniyati keng boʻlsa, jamiyatda yoʻqotganlari, qurbon bergan narsalari uchun shunchalik kam aziyat chekadi. Buni aksi boʻlgan odam, jamiyatga oʻzini urishdan boshqa iloj topolmaydi, chunki yolgʻizlikni koʻtara olmaydi.

Haqiqiy qadr-qimmatga ega boʻlgan narsalar eʼtibordan chetda qoladi. Diqqat-eʼtiborga sazovor, buyuk insonlarning tanholikda kechayotgan umri bunga misol. Oʻz qadrini bilgan bunday insonlar haqiqiy donishmandlardir, ular muhtojlikka tushgan paytlarida boshqalardan saxovat kutmay oʻz ehtiyojlarini jilovlay oladilar, oʻzgalarga qaram boʻlmay, erkini saqlay biladilar.

Odamlarning kirishimli boʻlib ketishi ularning yolgʻizlikni koʻtara olmasliklari bilan bogʻliq. Ichki olamning qashshoqligi, yolgʻizlikdan toʻyib ketish odamlarni jamoaga yetaklaydi, oʻzga yurtlarni kezishga chorlaydi. Biror narsa bilan shugʻullanishga ularning ichki daʼvati yetishmaydi, shuning uchun ichkilikka ruju qoʻyadilar. Xuddi shu sababli ular tashqaridan, xuddi oʻziga oʻxshaganlardan kuchli turtki olib turishga muhtojlik sezadilar. Shu boʻlmasa, ruhiyati pasayib letargik holatga tushib qoladilar.

Qaygʻuni birgalikda yengish oson kechadi, degan tushuncha bor. Odamlar zerikishdan ham shu yoʻl bilan qutulish mumkin deb oʻylasalar kerak, shu sababli ular birga yigʻilishni yoqtiradilar.

Hayotga muhabbat asosida oʻlimdan qoʻrqish hissi yotadi. Odamlarning jamoaga birlashish moyilligida ham, mohiyatan, yolgʻizlikdan qoʻrqish hissi bor, chunki koʻpchilik tanholik yukini koʻtara olmaydi. Undan koʻra, noloyiq odamlar bilan muloqot qilishga toʻgʻri kelsa ham, shunga chidaydi, shuni afzal koʻradi.

Bunday turmush joniga tegib yolgʻizlikni odat qilgan odam, uning ogʻir yukini ham koʻtara oladi va jamoani qoʻmsamasdan, yolgʻizlikning yaxshi tomonlarini maʼqul koʻra boshlaydi.

Aqli kalta, fikri sayoz, kaltabin yoki munofiq odamlar ezgu ishlarni amalga oshirish maqsadida birlashgan yaxshi insonlarning ham orasiga suqilib kirib oladilar va oqibatda yaxshi niyatlar amalga oshmay qoladi.

Bunday toifadagi odamlarni sovuq kunlari koʻpchilik taratgan haroratda isinib olish uchun oʻzini toʻdaga urgan jonzotga oʻxshatish mumkin. Aksincha, aql-idrokli, intellektual olami keng insonlar bunday toʻdaga muhtoj emaslar. Ular haroratni oʻzining boy ichki olamidan topadilar. Bu toifadagi odamlarning esa ikki tomonlama yutugʻi bor: birinchidan, ular oʻzlari istagan yolgʻizlikka erishadilar, ikkinchidan, har xil qalangʻi-qasangʻi, munofiq odamlar bilan muloqot qilishdan qutuladilar. Ikkinchisi muhimroq, chunki bu yoʻlda turli majburiyatlar, noqulayliklar, hatto xavf-xatarlar ham toʻlib yotadi.

“Barcha koʻrgiliklarimiz yolgʻizlikni koʻtara olmasligimizda” deydi Labyuyer. Koʻpchilik bilan kirishib ketishlik bizni xavf-xatarga boshlaydi. Biz bilan muloqotga kirishgan odamlarning koʻpchiligi befahm, axloqan buzuq. Ulardan qochib yurganlarni esa odamovi deyishadi.

Inson uchun eng qadrli narsa uning sogʻ-salomatligi boʻlsa, ikkinchisi osoyishtalik va xotirjamlikdir. Odamlar bilan muloqotga kirishganimizda biz shu narsalarni yoʻqotib musibatlarga duchor boʻlamiz. Vaholanki, biz oʻzimizdagi intellektual boyligimizni, ichki olamimizni boyitish va sermazmun boʻlishga erishmogʻimiz kerak edi.

Haqiqiy baxt ruhiy osoyishtalikda, deb tushungan kiniklar har qanday mulkdan voz kechganlar. Bernarden de Sent-Pyer “Nafsini tiyganlar jismonan, muloqotdan tiyilganlar ruhan sogʻlom boʻladilar” deya bekorga aytmagan.

Shunday qilib, kimki yoshlikdan yolgʻizlikka koʻniksa va uni yoqtirib qolsa, u behisob xazinaga ega boʻladi. Bunday qobiliyatga har kim ham yetisha olmaydi. Chunki dastlab muhtojlik, qolaversa bu yoʻldagi diqqatbozlik uni olomonga yetaklaydi, ularsiz har qanday odam ham yolgʻiz qolgan boʻlardi. Faqat shunday sharoitdagina bu dunyoning behalovat ekanligini, har qadamda xoʻrliklar, ur-yiqitlar, toptashlar chiqib qolishini, niyatlar amalga oshmasligini, qolaversa, oʻz qadr-qimmatini bilib oladi.

Shu maʼnoda yolgʻizlik har bir inson uchun tabiiy sharoit ekanligini, yaʼni Odam Ato kabi jannatda huzur-halovatda yashayotgandek his qiladi oʻzini.

Lekin Odam Atoning na otasi, na onasi boʻlmagan! Shu sababli, yolgʻizlik insonga xos emas, chunki uni dunyoga keltirgan ota-onasi, aka-ukalari, opa-singillari bor, demak, u jamiyatda dunyoga kelgan.

Yolgʻizlikka moyillik insonga azaldan ato qilinmagan, balki hayoti davomida orttirgan tajribalariga tayanib yuritgan mulohazalari, ruhiy kuch-qudratining yuksalib borishi, muloqotlardan koʻngli toʻlmasligi, oʻzgalar bilan chiqishib keta olmasligi va uning yoshiga bogʻliq.

Goʻdak yolgʻiz qolganda nochor ahvolga tushganini sezib dod soladi. Oʻgʻil bola uchun yolgʻizlik – katta jazo. Oʻsmirlar jon-jon deb bir-birlari bilan muloqotga kirishadilar. Faqat nasl-nasabi yaxshi oiladan chiqqanlari, zamonasining yuksak maqsadlariga intilganlargina vaqti-vaqti bilan yolgʻizlik istab qoladilar, shunda ham uzoq muddatga emas. Balogʻatga yetgan erkak bora-bora tanholikka koʻnika boradi. Oʻz tengqurlarini yoʻqotib, turmush huzur-halovatlaridan koʻngli qolgan, avlodlari uchun endi ogʻir yuk boʻlib qolgan keksalargina yolgʻizlikda orom topadilar.

Ayrim odamlarda alohida yashashga va tanholikka moyillik yoshi va aql-zakovatiga qarab ortib boradi. Bu bizning tabiiy ehtiyojlarimizdan kelib chiqmaydi, balki koʻpchilikning axloqi va aql-ongi pastligini tushunib borganimiz sari yuksala boradi. Eng yomoni – odamlarning feʼl-atvori, odob-axloqi ularning aqli pastligidan dalolat beradi va shu narsa chidab boʻlmas darajada koʻngilsizliklarga olib boradi.

Bu dunyoda yaramas narsalar qanchalik koʻp boʻlmasin, eng yomoni – bu jamiyat hatto eng dilkash odamlardan boʻlmish fransuz Volter ham, “Yer yuzi muloqot qilishga arzimaydigan odamlar bilan toʻlib ketgan”, deb tan oladi. Eng yuvosh va yolgʻizlikni yoqtirgan Petrarka buning sababini quyidagilar bilan izohlaydi:

Ongi buzuq, iymonsiz, tuban kaslardan qochdim

Qirgʻoqlarga, oʻrmonga, dalalarga, koʻllarga.

Simmermanning “Yolgʻizlik haqida”gi asariga turtki boʻlgan “Tanholikda oʻtgan umr” kitobida ham gap shu haqda boradi. Odamovilar haqida Shamfor ham piching aralash: “Xilvatda yashayotgan odamlar jamiyatni yoqtirishmaydi”, deb aytadi. Koʻp hollarda bu biror odamning tungi oʻgʻrixonalarda tentirab yurishini yoqtirmaganligi uchungina: “U sayr qilishni yoqtirmaydi”, degandek gap.

Saʼdiy “Guliston”ida ham shu maʼnodagi satrlar bor: “Oʻsha kundan boshlab biz ham notanishlar davrasidan voz kechib, xilvatni ixtiyor etdik, chunki osoyishtalik tanholikdadir”. Aynan shu maʼnoda beozor xristian Angelus Silezius mifologik frazeologiyasida: “Irod – dushman, Yusuf – aql, unga Xudo tushlarida belgi beradi. Olam Vifleemda mujassam, Misr – xilvat, ruhim xohlagan joyingga bor, aks holda qaygʻuni tark etolmaysan”, – deya taʼkid qiladi.

Jordano Brunoning: “U dunyo rohatidan totib koʻrishni istaganlarning barchasi jamiyatdan qochdim, tanholikda qoldim”, deganlar. Saʼdiy “Guliston”da oʻzi haqida aytadi: “Damashqdagi doʻstlar davrasi jonimga tekkach, Quds sahrosiga yoʻl oldim va u yerda vahshiy hayvonlar bilan doʻstlashdim…”

Boshqalardan ajralib alohida yashashga va yolgʻizlikka moyillik zodagonlarga xos tuygʻu. Har xil qalangʻi-qasangʻi odamlar bir-birlari bilan tez kirishib ketadi, olijanob toifadagi insonlar ular bilan boʻlgan muloqotdan hech narsa topa olmaydi, yolgʻizlikni afzal koʻradi. Yoshi oʻtgan sari ishonch-eʼtiqodi kuchayib ikki yoʻldan birini tanlaydi: yo jamiyatdagi pastkashlik yo tanholik. “Yolgʻizlik qiyin, lekin razil boʻlmasang, hamma joyda ham undan orom topasan”, deb xulosa qiladi Angelus Silezius.

Inson zotining haqiqiy yetakchi ustozlari boʻlgan buyuk aql-idrok egalari oʻzgalar bilan muloqot qilishdan oʻzlarini tiyib yuradilar.

Demak, yolgʻizlikka moyillik insonga azaldan berilmagan, aksincha, u jamiyatda yashashga mahkum. Olijanob inson asta-sekin jamiyatdagi illatlarni koʻrib-bilib yolgʻizlik uchun kurasha boshlaydi, tabiat bergan dilkashlik oʻrnini tanholik egallaydi. Bu borada Mefistofel shunday nasihat qiladi:

Jigarni choʻqigan kalxatga oʻxshab

Yurakka chang solgan dardingni unut.

Odam odamlarsiz bilmaydi yashab,

Buzilgan boʻlsa ham jamiyat, muhit.

Yolgʻizlik barcha buyuk aql egalari qismatidir: afsus-nadomat bilan boʻlsa-da, ular shu yoʻlni tanlaydilar. Yosh oʻtib aql toʻlishganda bu narsa osonroq kechadi, yetmishlarga borganda, hatto tabiiydek tuyuladi.

Endi insondagi barcha narsalar shuni yuksaltirishga kirishadi. Odamlar bilan boʻladigan munosabatlarga ragʻbatlantiruvchi kuchlarning asosiylaridan biri – jinsiy hissiyot mayli. U bora-bora pasayib, yoʻq boʻladi, binobarin, ayollarga boʻlgan qiziqish va ehtiyoj ham. Bu esa oʻz navbatida munosabatlarning boshqa koʻrinishlarini ham siqib chiqaradi.

Endi biz behisob yolgʻon va aldovlardan, nodonliklardan xalos boʻldik. Faol hayotimizning koʻp qismi oʻtib ketdi, kelajakka koʻpam umid bogʻlamaymiz, rejalar tuzmaymiz. Biz tengi avlod hayot sahnasidan tushib ketdi, atrofimizda begona avlod, obʼyektiv nuqtai nazardan olganda ham yolgʻizmiz. Vaqt tutqich bermaydi, uni imkoniyat boricha aqliy mehnatga sarflashga harakat qilamiz. Aqlimiz joyida boʻlib, hayotdan olgan saboqlarimiz, tajribalarimizni jamlab aqliy mehnatga berilishimiz vaqti yetdi.

Ilgari bizga mavhum boʻlib kelgan behisob narsalar endi bizga yaqqolroq koʻrina boshlaydi, boshqalardan ustunroq (afzalroq) ekanligimizni his qila boshlaymiz. Koʻp yillik tajribalarimiz natijasi oʻlaroq, endi biz yaqinlarimizdan koʻp narsani kutmaymiz, ular yaqindan tanishganimizda qadri ortib boradigan odamlar qatorida emasligiga amin boʻlamiz. Inson zotida noyob boʻlgan buyuk shaxslar oʻrniga hamma joyda toʻlib-toshib yotgan ruhan qashshoq arzimas odamlargagina duch kelishimizni bilamiz, yaxshisi ularga yaqinlashmagan maʼqul. Shuning uchun endi biz yolgʻonlarga uchmaymiz, har bir odam aslida kim ekanligini sezib olamiz, ular bilan aloqa bogʻlash istagi deyarli yoʻqoladi.

Agar biz yolgʻizlikka yoshlikdanoq koʻnikib qolgan boʻlsak, u holda odamovilik feʼl-atvorimizga aylanib qoladi. Ilgari bizga ogʻirlik qilgan tanholik endi erkin va tabiiy holatimizga aylanadi.

Garchi bu afzallik barcha uchun xos boʻlsa-da, undan foydalanish har bir shaxsning intellektual darajasiga bogʻliq. Faqat ichki olami qashshoq va pastkash odamlargina haliyam yosh avlodga aralashib yuraveradi, vaholanki, ular endi yangi avlod shunchaki ularga toqat bilan muomala qilayotganliklarini tushungisi kelmaydi, bir mahallar kimlargadir najotkor boʻlgan boʻlsalar-da, endi ularga keragi yoʻq.

Yosh bilan kirishimlilik oʻrtasidagi nomutanosiblikda ilohiy maʼno ham bor. Yosh yigit turli oʻgitlar, maslahatlar, nasihatlarga muhtoj, bularni u faqat jamiyatdagi munosabatlar orqaligina oladi. Maktab, kitoblar esa tabiiy omil emas, jamiyat mahsuli.

Gul tikansiz boʻlmaydi deganliklaridek, “Toʻkis, benuqson baxt boʻlmaydi”, deydi Goratsiy. Yolgʻizlikning ham oʻziga yarasha foydasiz va noqulay tomonlari bor, lekin jamiyatdagi koʻrgiliklar oldida ular arzimas, shuning uchun kimningdir oʻziga yarasha qadr-qimmati boʻlsa, odamlar bilan muloqotsiz ham umr kechiraveradi.

Yolgʻizlikning foydasiz tomonlaridan biri shuki, biz tashqi taʼsirlarga beriluvchan boʻlib qolamiz. Tanamiz noziklashib qolgandek ruhimiz ham taʼsirchan boʻlib qoladi. Oʻzgalarning arzimagan soʻzlari, yuz ifodalari bizni ranjitib, xafa qilib qoʻyishi mumkin. Odamlar orasida yashaganimizda esa biz ularga eʼtibor bermaymiz.

Yoshlik chogʻlarimizda baʼzan bizni nohaq xafa qilib qoʻyishadi, shunda ularga nisbatan nafratimiz oshib, yolgʻizlikni qidirib qolamiz, ammo bu uzoqqa choʻzilmaydi. Bunday odamlarga “yolgʻizlikni jamiyatda ham oʻzingiz birga olib yuring”, deb maslahat bergan boʻlardim. Buning uchun oʻz fikrlaringizni oʻzgalarga bildirmang, oʻzgalarning gap-soʻzlariga ham ahamiyat bermang. Odob-axloq va intellektual maʼnoda ulardan koʻp narsa kutmang, ularning fikrlariga befarq boʻling, shunda sabr-bardoshingiz oshadi. Ana shunda biz butun borligʻimiz bilan odamlar orasiga singib ketmaymiz, oʻzligimizcha qolamiz, ularga nisbatan obʼyektiv munosabatimiz saqlanib qoladi. Bu bilan biz ommaning turli illatlari, hatto haqoratlaridan oʻzimizni himoya qilamiz. Bunday cheklangan munosabatlarning namunalaridan biri Maratinning komediyasida don Pedro obrazi orqali berilgan. Shu maʼnoda jamiyatni gulxanga taqqoslash mumkin: aqlli odam kerakli masofa saqlab isinib oladi, ahmoq esa oʻylamasdan oʻzini oʻtga uradi.

Hasad tabiatan insonga xos boʻlsa-da, u ham illat, ham baxtsizlik. Hasad insonni qay darajada baxtsiz ekanligini koʻrsatadi: doimo oʻzgalarning xatti-harakatlarini kuzatishga boʻlgan qiziqishi esa qanchalik darajada zerikarli hayot kechirayotganligini bildiradi. Uni inson baxtining dushmani, yovuz iblis sifatida yoʻq qilish kerak. Seneka shunga shama qilib aytadi: “Oʻzimizni oʻzgalarga taqqoslamasdan, qismatimizdan rozi boʻlib yashaylik. Oʻzgalarning baxtini koʻrolmagan odam hech qachon baxtli boʻlolmaydi”. U yana: “Qanchadan-qancha odamlar sendan oʻzib ketganini koʻrsang, qanchasi orqada qolib ketganini ham oʻylab koʻr”, – deya qoʻshimcha qiladi.

Demak, bizdan koʻra omadliroq odamlarni emas, aksincha, omadsizroqlarni hisobga olishimiz kerak. Boshimizga mushkul ish tushganda bizdan koʻra koʻproq musibat chekayotganlarni koʻrib koʻnglimiz taskin topadi, oʻzimizga oʻxshash odamlar bilan esa dardlashamiz.

Bu hasadning aktiv tomoni. Uning passiv tomoniga kelsak, hech qanday nafrat ham uning oldida ip esholmaydi. Aynan shu sababli biz oʻzgalarda shu hissiyotni qoʻzgʻatishga bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Ularning ayrimlari oqibatda qanday xavf-xatarga olib borishini bilganimizda edi, oʻzimizni tiygan boʻlardik.

Zodagonlarning uch turi bor: 1) nasliy zodagonlik, 2) puldor zodagonlik, 3) maʼnaviy (ruhiy) zodagonlik. Oxirgisi hurmat-eʼtiborga loyigʻidir. Buyuk Fridrix: “Ularni hukmdorlar bilan teng”, deb hisoblagan va Volterga ministrlar va generallar qatorida emas, balki oʻz yonidan joy bergan.

Har bir zodagonning atrofida unga hasad qiluvchilar davrasi boʻlgan. Har biri unga nisbatan kek saqlab, ularning xatti-harakatlari, oʻzlarini tutishlaridan “Mendan afzal joying yoʻq!” degan maʼnoni uqib olish mumkin. Ularning aynan shu ishonchi aks maʼnoni bildiradi.

Bunday odamlardan qutulish yoʻli ulardan oʻzingni chetroq olib yurish, iloji boricha yaqinlashtirmaslik va doimo masofa saqlab yurish. Buning imkoni boʻlmasa, ular bilan sovuqroq munosabatda boʻlish, hasadni oʻziga yuqtirmaslik: bu narsa koʻpchilikka xos. Zodagonlar oʻzaro til topishib ketaveradi, chunki ularning har biri oʻzicha oʻz afzalligini ustun koʻradi.

* * *

Har qanday ishni boshlashdan oldin uni atroflicha koʻrib chiqib, muhokama qilib, natijasiga ishonch hosil qilgandagina boshlash kerak. Insonning bilish doirasi cheksiz emasligini, har qadamda kutilmagan hodisalar (toʻsqinliklar) chiqib qolishini nazarda tutib, niyatlarimiz amalga oshmay qolishining oldini olishimiz kerak.

Buni anglash muhim ishlarni amalga oshirishda bizga qoʻshimcha imkoniyat yaratadi. Biror ishni boshladikmi, uni oqimiga qarab natijasini kutishimiz kerak. Ish boshladingmi, endi nima boʻlar ekan deb tashvishlanma. Aksincha, boʻlar ish boʻldi, endi uni muhokama qilishga hojat yoʻq, natijasini xotirjamlik va ishonch bilan kutish kerak. “Egar mustahkam boʻlsa, yoʻling bexatar boʻladi”, degan Gyote, italyan maqolini mazmunan tarjima qilib.

Agar natija yomon boʻlsa, odamzodning yoʻli oʻzi shunaqa, tasodif va xatolarga toʻla. Eng dono inson Suqrot ham buni tan olgan. Bu yerda inson ojiz.

Rim papalaridan qaysidir birining “boshimizga tushgan musibatlarda, qay maʼnoda qisman boʻlsa-da, oʻz aybimiz bor”, deb aytgan hikmatli soʻzlari ibratlidir. Omadsizligini, baxtsizligini oʻzgalardan yashirib sir boy bermay yurgan odamning holati shuni eslatadi. Ularning fikricha, chekayotgan musibat aybi bor ekanligidan dalolat beradi.

Boshga tushgan baloni daf qilib boʻlmaydi, shuning uchun uning oldini olish mumkinmidi, degan xayol bilan oʻz etini oʻzi yeyishga yoʻl qoʻymaslik kerak. Bunday fikr musibatni yanada oshirib yuboradi, qiynoqqa soladi.

Bunday paytda Dovud podshodan oʻrnak olish kerak: bemor yotgan oʻgʻli haqida qaygʻurib Yaxvega tinimsiz yolboradi, oʻgʻli oʻlgach, qoʻl siltab, boshqa bu haqda oʻylamaydi. Agar bunga kuchi yetmasa, taqdirga tan berishni oʻrganishi kerak. Peshonaga yozilganini koʻrasan, taqdiri azal shu.

Baxtsiz hodisa boshiga tushgan odamga taskin beruvchi, tinchlantiruvchi omil bu. Mabodo, boʻlib oʻtgan voqealarda shaxsning oʻzi aybdor boʻlsa, u holda chekayotgan iztirob, musibat foydadan xoli emas, chunki bu narsa kelajakda saboq boʻladi. Yoʻl qoʻyilgan xatolarimiz oqibatida sodir boʻlganda, odatdagidek oʻzimizni oʻzimiz oqlamasligimiz, voqealarni boʻyamasdan, aybimizni tan olib, kelajakda yoʻl qoʻymaslikka qatʼiy qaror qilish kerak. Albatta, bu oʻz-oʻzidan boʻlmaydi, odam oʻzidan norozi boʻlib, ich-etini yeb yuradi, azob chekadi. Gunoh jazosiz qolmasligi kerak.

* * *

Gap baxt-saodatimiz yoki musibatlarimiz haqida borganda biz oʻzimizning tasavvurlarimizni jilovlashimiz kerak. Eng avvalo, biz xayoliy qasrlar qurishdan oʻzimizni tiyishimiz lozim, chunki bu foydasiz, oh-voh qilishga arzimaydi.

Tasavvurlarimizdagi baxtsizliklarni oʻylab xavotirlanish undan ham yomon. Xavotirimiz asossiz boʻlsa yoki boshimizga tushadigan musibat dargumon boʻlsa, tinchligimizni yoʻqotganimiz qoladi. Agar chuqurroq mulohaza qilib koʻradigan boʻlsak, u sahrodagi sarobdek gʻoyib boʻladi. Ixtiyorimizda boʻlgan hozirgi kundan xavotirlarimizni chiqarib tashlasak tinchroq yashaymiz.

Fantaziyamiz bu narsalarni koʻpam yoqtiravermaydi: biz asossiz ravishda darhol xayoliy orzu-xavaslarga berilamiz. Baxtsizlikning uchquni sezildi deguncha, biz gʻamga botamiz, baxtsizlikning turli koʻrinishlarini oʻylab azob-uqubatlarimiz ortaveradi. Hali bostirib kelmagan balo-qazoni oʻylab, xayolimizdan dahshatli fikrlar oʻta boshlaydi. Oʻzingga kelganingda xayoliy orzu-havaslardan voz kechish osonroq kechadi, lekin gʻam-gʻussa bizni tark etishi qiyin, chunki balo-qazoning kelish ehtimoli koʻproq, faqat biz uning qay darajada kelishini bilmaymiz. Qoʻrquv iskanjasida qiynalishimizning sababi ham shunda.

Shu sababli baxt-saodatimiz va musibatlarimiz bilan bogʻliq narsalar haqida sogʻlom fikr yuritishimiz, mulohazakorlik qobiliyatini ishga solib, oddiy tushunchalarga tayangan holda sovuqqonlik bilan xulosa qilishimiz kerak. Xayolotimiz bu yerda ish bermaydi, chunki mulohaza yuritish uning vazifasi emas, u faqat tasavvurimizni boyitib, iztirobimizni kuchaytiradi, xolos.

Bu qoidaga biz koʻproq kechqurunlari rioya qilishimiz kerak. Chunki tun qorongʻiligi bizni qoʻrqoq qilib qoʻyadi, noaniq fikrlar shunga yetaklaydi. Har qanday noaniqlik shubha tugʻdiradi. Aql-idrokimiz va mulohaza yuritish qobiliyatimiz susayib, ularni zulmat qoplaydi, toliqqan intellektimiz voqea-hodisalar va ularni keltirib chiqargan sabablarga toʻgʻri baho bera olmaydi, balki hayajonimizni orttiradi va osonlik bilan qoʻrquv iskanjasiga tushib qolamiz.

Koʻpincha bu narsa tunda uyqudan oldin yoki uygʻonib ketganimizda sodir boʻladi: aql-idrok oʻz vazifasini bajara olmaydi, tasavvurimiz ishlab tursa-da, narsalarni buzib koʻrsatadi, shunda qaygʻuga botib yomon fikrlarga boramiz.

Ertalab esa qoʻrquvlarimiz huddi tushdek yoʻqoladi. Shu bois kechqurunlari, ayniqsa tunda noxush voqealarni oʻylash mumkin emas. Buning uchun eng qulay vaqt – erta tong. Aqliy va jismoniy mehnat uchun ham tong yaxshi payt.

Tong – xuddi yoshlikka oʻxshaydi, hamma narsa musaffo, aniq-tiniq: biz oʻzimizni kuchli, hamma narsaga qodir deb his qilamiz. Buning qadriga yetish lozim, uni behudaga sarflamasdan, uyquda oʻtkazmasdan, qaysidir maʼnoda muqaddas deb bilib, unda hayotimiz mohiyatini koʻra bilishimiz kerak.

Oqshom, aksincha, keksalikka oʻxshaydi: charchaganimizdan sergap boʻlib qolamiz. Yengiltaklik qilamiz. Har bir kunimiz hayotimizning bir qismi. Uygʻonmoq – bu tugʻilmoq. Erta tong – yoshlik, tungi uyqu – kichkina oʻlim.

Umuman olganda, sogʻligʻimiz, uyqu, taom, harorat, ob-havo, sharoit va yana boshqa koʻp narsalar kayfiyatimizga katta taʼsir oʻtkazadi, kayfiyat esa oʻz navbatida fikru xayolimizga. Mana shuning uchun har qanday ish hamda uni bajarishga boʻlgan layoqatimiz zamon va makonga uzviy bogʻliq. Shuning uchun “yaxshi kayfiyatdan foydalanib qol, u doim ham kelavermaydi” (Gyote).

Nafaqat muhim va asosiy fikrlarimiz, balki faqat oʻzimizga taalluqli boʻlgan shaxsiy masalalar muhokamasini ham, garchi tayyorgarlik koʻrgan boʻlsak ham, oʻzimiz belgilagan vaqtda emas, balki qulay vaziyat yuzaga kelgandagina oʻtkazish maqsadga muvofiq. Muhokamaning oʻzi ham vaqt tanlamaydi, ana oʻshanda diqqatimiz jamlanib, fikrlarimiz quyilib kelaveradi.

Xayolotlarimizni jilovlash haqidagi tavsiyalarga, oʻtib ketgan adolatsizliklar, koʻrgan zararlarimiz, yoʻqotganlarimiz, haqoratlar, iltifotsizliklar, xafagarchiliklarni eslamaslik ham kiradi, aks holda, biz eski nafrat, alam va adovatlarimizni qoʻzgʻatib, qalbimizni bulgʻab qoʻyamiz.

Neoplatoniklardan Prokl toʻqigan masalda aytilishicha, har bir shaharda olijanob va buyuk shaxslar bilan birga turli qalangʻi-qasangʻi odamlar ham yashaydi. Shunga oʻxshash har bir olijanob va buyuk shaxslarda ham tabiat ato qilgan, yuqoridagilarga xos pastkashlik, razillik unsurlari mavjud. Ana shularni qoʻzgʻatib yubormaslik kerak, zero ular tasavvurlarimizni egallab olib bizni rasvo qiladi.

Ozgina koʻngilsizlik, uning manbaidan qatʼiy nazar, tasavvurimizda kattalashib, qalbimizni chulgʻab oladi va biz oʻzligimizni unutib qoʻyamiz. Har qanday koʻngilsizlikka hushyorlik bilan, oddiy voqea sifatida qarashimiz kerak, toki u bizni qiynab qoʻymasin.

Koʻz oʻngimizdagi kichik narsalar atrof-olamni bizdan toʻsib, bilim doiramizni toraytirib qoʻyadi. Xuddi shuningdek, yaqin atrofimizdagi odamlar va narsalar, garchi arzimas boʻlsa-da, diqqatimizni tortadi, chalgʻitadi, muhim ishlarimiz esa qolib ketadi. Buning chorasini topishimiz zarur.

 

* * *

Bizga tegishli boʻlmagan narsalarga koʻzimiz tushganda: “Agar shu narsa meniki boʻlganda edi”, degan fikr kela qoladi, bu esa hissiyotlarimizni qoʻzgʻatib yuboradi. Uning oʻrniga oʻzimizda bor narsani yoʻqotib qoʻygandek: “Shu narsa meniki boʻlmaganda nima boʻlar edi?” deb soʻrashimiz kerak.

Shu qatori oʻzimizga tegishli bor narsalarimizga ham: mulklarimiz, sogʻligimiz, doʻstlarimiz, sevgilimiz, xotin va bola-chaqamiz, hatto uy hayvonlarimizgacha, chunki biz ularni yoʻqotib qoʻygandagina qadr-qimmati maʼlum boʻladi. Shu maʼnoda biz birinchidan ularning qadriga yetamiz, ikkinchidan, ularni qoʻldan chiqarmaslikka harakat qilamiz – mol-mulkimizni xavf-xatardan saqlaymiz, doʻstlarimizning gʻashiga tegmaymiz, xotinimizni yoʻldan ozdirmaymiz, sogʻligimizni saqlaymiz, bolalarimizni asraymiz va hokazo.

Bugungi kunimizdagi mujmalliklarga aniqlik kiritish uchun biz koʻpincha kelajakka umid bogʻlab xomxayollarga berilamiz, real voqelik bilan toʻqnashganda ular chilparchin boʻladi, biz esa afsus-nadomatlar chekib qolamiz. Yaxshisi nojoʻya ishlar haqida oʻylaganimiz maʼqul, chunki ularning oldini olishga qisman boʻlsa-da harakat qilamiz, qolaversa, ulardan qutulgach koʻnglimiz joyiga tushadi.

Har qanday xavotir oʻtib ketganda koʻnglimiz taskin topadi. Tasodifan boshimizga tushishi mumkin boʻlgan katta baxtsizliklarni ham tasavvur qilib turishimiz kerak, chunki haqiqatan boshimizga ish tushganda unga chidash osonroq kechadi, yomonrogʻiga duchor boʻlmaganligimizdan taskin topamiz. Oldinroq boʻlib oʻtgan xavf-xatarlarni ham eʼtiborsiz qoldirish yaramaydi.

* * *

Bizga taalluqli boʻlgan holatlar va voqea-hodisalar tartibsiz ravishda, tarqoq holda bir-birlarini almashtirib oʻtaveradi. Ular turli-tuman koʻrinishda, bir-birlariga aloqador emas, bizga taalluqli tomonini hisobga olmasak, ularda umumiylik yoʻq. Shunga yarasha tashvish-oʻylarimiz ham ularga munosib tarzda har biriga alohida yondoshishni taqozo qiladi.

Biron-bir ishga kirishganimizda boshqa narsalarni chetga surib, diqqatimizni faqat shungagina qaratish lozim, toki ular xalal bermasin, moʻljallagan vaqtda uni yakunlaylik. Oʻy-fikrlarimizni goʻyo alohida qutichalarda saqlab, kerak paytda zarur boʻlgan qutichani ochib foydalanaylik.

Bu bilan biz yetishgan ozgina halovatimizni ham yoʻqotib qoʻymaslik chorasini koʻrgan boʻlamiz, aks holda oʻrinsiz kelgan fikrlarimiz ustimizga ogʻir yuk ortadi, muhim ishlarning tashvishida yurganimizda, mayda-chuydalariga beparvolik yuzaga keladi va hokazo.

Ayniqsa, olijanob va yuksak fikr-mulohazalarga layoqatli odamning aql-idroki har qanday arzimas chet fikrlardan, pastkashliklardan xoli boʻlishi kerak. Bu toʻla maʼnoda “hayot uchun hayotimiz tub ildiziga bolta urish” (Yuvenal) demakdir.

Albatta, oʻzimizni biror narsaga yoʻnaltirish va tiyish uchun oʻzimizni majburlash kerak, chunki majburlash tashqi taʼsirlar ostida kelganda bunga chidash juda qiyin, hayotda buningsiz iloji yoʻq. Kerakli paytda qoʻllangan oʻzini-oʻzi majburlash koʻp hollarda tashqi majburlashdan bizni himoya qiladi.

Boshqa biror narsa bizni bu darajada himoya qila olmaydi. Senekaning hikmatli iboralarida aytilgandek: “Oʻzgalar ustidan hukm yuritmoqchi boʻlsang, oʻzingni aql-idrok hukmiga topshir”. Shu bilan birga, oʻz-oʻzimizni majburlash oʻz ixtiyorimizda qoladi, agar uni juda oshirib yuborsak, jilovni biroz qoʻyib yuborish kifoya. Tashqaridan yuklatiladigan majburiyat esa hech narsa bilan hisoblashmaydi, u ayovsiz va berahm, shafqat nimaligini bilmaydi. Agar biz uning oldini olsak, donolik qilgan boʻlamiz.

 

* * *

Istaklarimizni cheklash, ehtiroslarimizni jilovlash, gʻazabimizni boʻysundirish uchun har bir inson ham bizga oʻxshab turli balo-qazolardan chetda qolmasligini, “qanoat va sabr-toqat” (Seneka) qilib yashash qoidalariga boʻysunmaslikda na boylik, na mansab yordam bera olmasligini yodda tutmogʻi lozim.

Goratsiyning sheʼrlarida shunday maʼno bor:

 

Oʻzing uchun oʻqi, oʻrgan, qil ixlos,

Donolar soʻzidan hikmatlar axtar.

Ochkoʻz nafs zulmidan boʻlursan xalos,

Arzimas mol-mulkka qoʻymassan havas,

Koʻnglingdan qoʻrquvni quvarsan, xullas,

Umringni yasharsan sokin, bexatar.[1]

 

“Hayot harakatdan iborat” deganda Sitseron mutlaqo haq edi.

Shu maʼnoda hayotimiz toʻxtovsiz harakatdan iborat va shunga bogʻliq. Shunga monand, ichki ruhiy hayotimiz ham doimo harakatda boʻlishimizni, yaʼni faoliyatimiz, aql-idrokimiz ish bilan band boʻlishini talab qiladi. Bunga misol qilib bekor qolgan, oʻy-fikrlardan xoli boʻlgan odam darhol biror narsani tiqillatib oʻtirganini keltirish mumkin.

Mohiyatan olganda, turmushimizda dam olishga oʻrin yoʻq. Shu sababli bekorchilik tez orada jonga tegadi, chidab boʻlmas darajada diqqatimiz oshadi, zerikamiz. Faollikka boʻlgan intilishlarimizni boshqarishimiz, yoʻnaltirishimiz, qoniqtirishimiz shart.

Demak, inson baxtli boʻlishi uchun ishlashi zarur. U nima bilandir shugʻullanishi, biror narsa qilishi, qayerdadir nimanidir yasashi, hech boʻlmaganda oʻqib-oʻrganishi kerak. Undagi kuch-quvvat sarflanishga muhtoj, mehnati natijasini ham koʻrishni istaydi.

Eng yaxshi qoniqish biror narsa yaratayotganimizda – xoh savat toʻqish boʻlsin, xoh kitob chop etish boʻlsin, shu asnoda paydo boʻladi. Ishimiz unumiga qarab, kundan-kun oʻz qoʻlimiz bilan yasayotgan narsadan qoniqishimiz ortib, natijasini koʻrgach quvonamiz, oʻzimizni baxtli sezamiz. Sanʼat va badiiy asar yaratganimizda, hatto hunarmandchilik buyumi yasaganimizda ham, xuddi shunday hol yuz beradi. Qanchalik darajada ulugʻvor narsalar yaratsak, undan olgan qoniqish ham shunchalik yuqori boʻladi.

Shu nuqtai nazardan olganda, eng baxtli odamlar – isteʼdodli odamlardir. Ular oʻz qobiliyatiga yarasha eng muhim va buyuk asarlar yaratadilar. Ular yuksak darajada hurmatga sazovor, shundan huzur topadilar. Hayotini bemaʼni oʻtkazayotgan odamlarni ularga tenglashtirib boʻlmaydi.

Barcha qatori ularda ham moddiy ehtiyojlarini qondirish istagi bor va agar muhtojlikka tushib qolmasalar, oliy maqsadlarini amalga oshirish uchun maʼnaviy dunyolarini boyitadilar, kelajakda buyuk asarlar yaratish uchun manba qidiradilar. Ularning aql-idroki ikki yoʻnalishda: birinchisi oddiy odamlar qatori muomalada boʻlish, ikkinchisi – narsalarni obʼyektiv tushunishga qaratiladi.

Ularning hayoti ikki xil xarakterga ega: bir mahalda ham tomoshabin, ham ijrochi (aktyor) boʻla oladi, qolgan odamlar faqat ijrochi (aktyor) boʻladilar. Mayli, har kim oʻz qobiliyatiga yarasha ish bilan shugʻullana qolsin. Agar ishimiz rejali ketmasa bizga yomon taʼsir qiladi. Bu narsa uzoq muddat koʻngilochar sayohatga chiqqanimizda bilinadi, chunki oʻrganib qolgan ishimizdan mahrum boʻlib, odatlangan tabiiy muhitni birov tortib olgandek boʻladi, shunda oʻzimizni ojiz va baxtsiz his qilamiz.

Yoʻlimizdagi toʻsiqlarni bartaraf qilish ham inson ehtiyojiga kiradi, bu koʻrsichqon yer qazigandek tabiiy hol. Uzoq muddat huzur-halovatdan kelib chiqqan bekorchilik chidab boʻlmas darajadagi holatga olib keladi. Turmushdan haqiqiy huzur-halovat topish qiyinchiliklarni yengishda: ular moddiymi, maʼnaviymi yoki amaliyotda uchraydimi, baribir, eng muhimi, ular bilan kurashish va yengishda – bu narsa baxt keltiradi. Agar qiyinchiliklar boʻlmasa, u holda qoʻlimizdan kelgancha oʻzimiz yaratamiz, bu esa shaxsning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqadi: ov qiladi, balbok oʻynaydi yoki ichki bir turtkiga boʻysunib janjal qidiradi, fitna uyushtiradi, muttahamlik yoʻliga kirib yaramas ishlar bilan shugʻullanadi, nima qilib boʻlsa-da, oʻzi toqat qilolmayotgan holatdan chiqishga harakat qiladi. Bekorchilikdagi osoyishtalik xavflidir.

Inson oʻzi koʻrib turgan mavjud narsalardan olgan taassurotlarining haqiqiy egasi – hukmdori boʻlishi kerak. Anglab yetilgan taassurotlarimizdan koʻra bevosita koʻrib bilganlarimiz kuchliroq…

 

Oʻzgalar bilan boʻladigan muomalamiz haqida

 

Inson ehtiyotkor va koʻngilchan boʻlishi kerak. Ular hayotda juda asqotadi: birinchisi zarar-zahmatdan, ikkinchisi esa bahs-janjallardan asraydi.

Har bir odam (individual) oʻziga xos xususiyatlarga ega ekanligini tan olishimiz kerak. Bu xususiyatlar kulgilimi, achinarlimi, oʻsha odamning tabiatiga mos. Bunday odamlarni uchratganda oʻzimizcha: “Ha, shunaqasi ham boʻlar ekan-da”, deb qoʻya qolishimiz kerak. Oʻzimizni boshqacha tutsak oʻzimizga dushman orttirib olgan boʻlamiz. Hech kim oʻzining shaxsiy individualligini, yaʼni maʼnaviy xarakteri, bilim orttirish qobiliyatini, mijozini, qiyofasini oʻzgartira olmaydi. Qanday boʻlsa, shundayligicha qabul qilmasdan biz uni ayblay boshlasak, u bizga qarshi kurash boshlaydi, chunki boshqa iloji yoʻq, oʻzini oʻzgartira olmaydi, u shunaqa yaratilgan.

Odamlar bilan yonma-yon boʻlib yashashni istasak, har birining individualligini, u qanday boʻlmasin, qabul qilishimiz kerak. Bu individuallikdan oʻzimiz xulosa chiqarib, yaxshi jihatlaridan foydalanishgagina haqimiz bor, uni ayblash, taʼna qilishning hech keragi yoʻq. Hayot barchaga barobar berilgan. Kimki oʻziga xos xususiyatlardan batamom qutula olsa, oʻzini baxtliman deb hisoblayversin. Bu oson emas, albatta. Odamlar bilan toqat qilib muomala qilishni oʻrganish uchun jonsiz narsalardan foydalanish qulay, buning yoʻli oson.

Shu yoʻl bilan orttirilgan sabr-toqatni odamlarga nisbatan ham qoʻllash mumkin, oldingi tajribamiz bu yerda qoʻl keladi, axir yoʻlingda uchragan toshdan xafa boʻlish tentaklik-ku. “Men uni oʻzgartira olmayman, lekin undan foydalanish mumkin”, – degan fikrga kelish aqlli odamning ishidir.

 

* * *

Odamlar bilan boʻlgan suhbatda ularning aql-ongi va qalbi qay darajada oʻxshash yoki turli-tuman ekanligini bilish oson kechadi: uni mayda-chuyda narsalardan ham bilib olish mumkin.

Suhbat ishga aloqasi yoʻq, arzimas narsalar haqida ketganda har kim uni har xil qabul qiladi, kimningdir, hatto, jahli chiqadi.

Oʻxshash odamlarning esa fikri bir joydan chiqadi, apoq-chapoq boʻlib ketadi. Oʻrtamiyona odamlar bir-birlari bilan tez til topishib ketishlarini shu bilan izohlash mumkin. Isteʼdod egalari aksincha, barcha bilan til topishib ketavermaydi, ajralib turadi, mabodo oʻziga oʻxshashini uchratib qolsagina ozgina quvonch sezadi. Teng tengi bilan degan ibora bejiz aytilmagan.

Haqiqiy buyuk aql egalari tanholikni yoqtiradi. Maslakdoshlar tez topishadi, qandaydir koʻzga koʻrinmas kuch ularni bir-biriga tortadi.

Tuban niyatli, pastkash va uquvsiz odamlar orasida bu narsani koʻproq kuzatish mumkin, chunki ular behisob. Haqiqiy isteʼdodlilar esa juda kam. Pes pesni qorongʻida topganidek, ikki yaramas, qabih niyatlarini amalga oshirish uchun, koʻpchilik orasida bir-birlarini tez topadilar.

Tasavvur qiling (bu boʻlishi mumkin emas) juda aqlli va isteʼdodli odamlar davrasiga ikkita kaltafahm tushib qoldi deylik. Ular tezda topishib oladilar-da, oʻzlaricha “Bu yerda aqlli odam ham bor ekan-ku!” – deya ich-ichidan quvonib ketadi.

Maʼnaviy dunyosi qashshoq, aqli qisqa ikki odamning uchrashuviga guvoh boʻlish juda qiziqarli. Ular bir-birlariga koʻzi tushdi deguncha, quchoq ochib, goʻyo eski qadrdonlardek ogʻiz-burun oʻpishadilar. Bu shu darajada yaqqol namoyon boʻladiki, beixtiyor yodingga hindaviylarning (reinkarnatsiya) taʼlimoti keladi: oldingi hayotlarida ular oʻzaro doʻst boʻlmaganmikan?

Bir-biriga oʻxshash odamlarni nima ajratib yuboradi, nima sababdan oʻrtalariga nifoq tushadi? Buning sababi har bir kishining oʻsha paytdagi kayfiyatiga bogʻliq, kayfiyat esa turli vaziyatlar, egallab turgan mavqei, bajarib turgan ishi, jismoniy holatlaridan kelib chiqadi. Shu bois inoq boʻlgan odamlar oʻrtasida kelishmovchilik yuzaga keladi. Buni bartaraf qilish, ittifoqni tiklashga qobiliyat boʻlishi va shunga yarasha sharoit yaratilishi kerak.

Jamiyatni birlashtirish uchun umumiy kayfiyat yaratilishi muhim: ommaviy koʻngil ochishlar, oʻyin-kulgi, konsertlar, turli tomoshalar, musiqa va shunga oʻxshash tadbirlar, hatto umumiy xavf-xatar, axborotlar, fikr almashishlar ham bu borada yordam beradi. Bunday paytda shaxsiy manfaat oʻrnini umumkayfiyat egallaydi. Obʼyektiv taʼsirlar yetarli boʻlmasa, subʼyektiv taʼsir koʻrsatishga intiladilar: masalan, ichkilik. Bir piyola choy ustidagi suhbat ham uning oʻrnini bosishi mumkin.

Har bir narsani har kim oʻz qarichi bilan oʻlchaydi. Pastkash odamlar oʻzgalarda faqat oʻzida mavjud boʻlgan kamchiliklar, ojizliklar va pastkashliklarnigina koʻra oladi. Oʻzgalar haqidagi tasavvuriga shu narsalar sigʻadi, xolos, yuksak fazilatlar emas.

Aql-farosati yoʻq odam, boshqalarda ham uni koʻrmaydi, qadr-qimmatini oʻz tarozisida oʻlchaydi. Suhbatdoshimiz bilan oʻzimizni teng koʻramiz, kimningdir afzalligi va kerak paytida oʻz manfaatlaridan voz kechishi ham sezilmaydi.

Koʻp odamlarning fikrlash tarzi va aqliy qobiliyati tuban va ojiz ekanligini hisobga olsak, ular bilan boshqacha tarzda gaplashish mumkin emas, yaʼni ular bilan suhbatda oʻshalar darajasiga tushib gaplashish kerak. Bunday odamlarning asl mohiyatini tushungach, ulardan oʻzingni olib qochasan, boshqa yoʻli yoʻq.

 

* * *

Kimnidir chuqur hurmat qilish va ayni paytda, unga katta mehr bogʻlash juda qiyinligini Laroshfuko juda toʻgʻri payqagan. Shuning uchun odamlardan mehr kutamizmi yoki hurmatmi, oʻzimizga bogʻliq. Mehrda, turli koʻrinishda boʻlsa-da, shaxsiy manfaat yotadi. Bizga yoqish yoki yoqmasligi, nimaning evaziga orttirilganligiga qarab baholanadi.

 

* * *

Koʻpchilik oʻziga bino qoʻyib yuradi, boshqa narsalar uni qiziqtirmaydi. Gap nima haqida ketmasin, ular darhol oʻzlari haqida oʻylaydilar, gap orasida tasodifan ularga taalluqli maʼlumot boʻlsa, diqqat-eʼtibori faqat shunga qaratiladi, gap maʼnosi ularga yetib bormaydi. Manfaatlariga va shuhratparastliklariga zid boʻlgan dalillarni ham tan olmaydilar.

Manmanligi shu darajadaki, osongina jizzakiligi tutib, arzimagan narsadan oʻzlarini haqoratlangan hisoblab, xafa boʻlib yuradilar. Ular bilan suhbatlashish juda qiyin kechadi, qildan qiyiq axtaradilar, arzimagan narsa ularning noziklashib qolgan izzat-nafslariga qattiq tegadi, oʻtmaslashib qolgan aql-idrok va hissiyotlari esa toʻgʻri gapni qabul qilishga ojiz, oʻzgalarning chiroyli soʻz iboralari ularga begona. Ularni laycha kuchuklarga qiyoslash mumkin – tasodifan panjasini bosib olsang chinqirishi olamni buzadi. Hamma yogʻini yara-chaqa bosib ketgan bemorga ham oʻxshatish mumkin – qoʻl tekkizib boʻlmaydi. Suhbatdoshining aqlliroq ekanligini hazm qilolmaydi – oʻsha paytda buni bilintirmasa ham, keyinchalik yashirib oʻtirmaydi. Bilmagan odam, nega bu odamning gʻazab-nafratiga uchradim, degan xayolga boradi. U xushomadni va maqtovni yoqtiradi, uning atrofidagilar bundan ustalik bilan foydalanadilar. Bilim doirasi tor, intellekti oʻta past boʻlsa-da, istak-irodasiga boʻysunadi.

Uning ojiz va notavon shaxs ekanligini shundan ham bilsa boʻladi-ki, munajjimlarning bashoratlarini yoqtiradi, goʻyo ulkan osmon jismlari, yulduzlar harakati taqdiri bilan bogʻliqdek. Bu narsa qadimdan maʼlum.

 

* * *

Jamoatga oshkor qilingan har qanday mojaro xayrixohlik bilan qabul qilinadi, lekin shundayligicha qolib ketmaydi. Keyinchalik u haqda fikr bildiriladi, muhokama qilinadi, xulosa chiqariladi. Toʻgʻri xulosa chiqarilsa, hamma narsa oydek ravshan boʻladi.

Ayrim maʼnoda kattalarni bolalarga qiyoslash mumkin: tanbeh bermaguncha shoʻxliklarini qoʻyishmaydi, kattalar esa indamasang boshingga chiqib olishadi, shuning uchun judayam koʻngilchan va muloyim boʻlish yaramaydi. Doʻsting qarz soʻraganda bermasang, munosabat yoʻqolmasligi mumkin, qarz bersang uni yoʻqotdim deyaver. Doʻst bilan koʻkrakni kerib, beparvolik bilan munosabatda boʻlish mumkin, lekin judayam oshirib yubormaslik kerak, shuningdek, oʻta muloyimlik va jonkuyarlikning ham keragi yoʻq – bu ularni chidab boʻlmas darajada surbet qilib qoʻyadi, doʻstlikka putur yetadi.

Kimgadir kerak ekanligini bilgan odam oʻziga bino qoʻyib, takabburga aylanadi. Ayrimlariga ishing tushsa yoki tez-tez uchrashib sirdosh ohangda gaplashsang ham shu hol roʻy beradi, har qanday erkalik va injiqliklarimni koʻtarishga majbur degan xayolga boradi, doʻstlik chegarasini buzib, odob doirasidan chiqib ketadi.

Shuning uchun barchani doʻst tutaverish ham yaramaydi, shunchaki tanish-bilishchilik bilan kifoyalanish, odamlardan ehtiyot boʻlish kerak. Kimdir “men senga emas, sen menga muhtojsan” degan fikrga borsa, ish shu darajaga borib yetadi-ki, goʻyo uning biror narsasini oʻgʻirlab olgansan-u, buning uchun u sendan oʻch olib, narsasini qaytarib olmoqchidek.

Hech kimga, hech narsaga muhtoj emasligimizni koʻrsatib qoʻysak, atrofdagilardan afzalligimiz ana shunda. Shu maʼnoda vaqti-vaqti bilan har bir odam erkakmi, ayolmi bilib qoʻysin, ularsiz ham hayotimiz yaxshi oʻtayapti: bu doʻstlikni mustahkamlaydi. Koʻplariga nisbatan, ayrim paytlarda biroz iltifotsizlikka yoʻl qoʻysak ham, foydadan xoli emas, doʻstlikning qadriga yetadigan boʻlishadi.

“Kim hurmat koʻrsatmasa, unga hurmat koʻrsatishadi” deyiladi italyan maqolida. Kimki chin maʼnoda bizga juda qadrli boʻlsa, buni oʻzidan yashirishimiz kerak. Bu yaxshi maslahat boʻlmasa-da, toʻgʻrisi shu. Ortiqcha erkalatish hatto itlarni buzadi, odamlar haqida gapirmasa ham boʻladi.

Olijanob qalb va yuksak isteʼdod egalari, ayniqsa yoshlikda, odamlar haqida va turmush masalalarida hech narsani bilmasliklari hayron qolarli darajada, shuning uchun ular hayotda koʻpincha aldanib qoladilar va xatoga yoʻl qoʻyadilar, pastkashlar esa aksincha, uddaburon va ishbilarmon boʻlishadi.

Bu narsa turmush tajribasi yetishmaganlikdan, yaʼni “oldindan sinalgan” (a priori)ligiga ishonib xulosa qilishdan kelib chiqadi. Omma shu narsani odatdagi oʻlchov qilib olgan va shundan foydalanadi, olijanob va isteʼdodlilar esa foydalana olmaydi va shu bilan boshqalardan tubdan farq qiladi. Boshqalarni ham oʻzlariga oʻxshatganlari sababli oʻzgalar haqidagi fikrlari notoʻgʻri chiqib qoladi.

Bunday odam oʻzgalarning maslahati, yoʻl-yoʻrigʻi va oʻzining shaxsiy tajribasiga tayanib oxiri omma haqida yaxlit fikrga keladi. Ommaning koʻpchilik (oltidan besh) qismi bilan uni bogʻlab turadigan narsa yoʻq, aksincha, maʼnaviy va intellektual maʼnoda shu darajada pastki, yaxshisi, ular bilan imkoni boricha aloqa bogʻlamagan maʼqul.

Ommaning yaramas va pastkashligi haqida tushunchasining poyoni boʻlmasa kerak. U tirik ekan, tushunchasi kengayib boraveradi, lekin baribir oʻz zarariga yanglishaveradi. Tushunib yetgan taqdirda ham, notanish davralarga kirib qolganda, odamlarning gap-soʻzlari, yuz ifodalari chiroyliligi, maʼnoli ekanligidan, halol-pok, chin koʻngildan gapirayotganligidan, hurmat-eʼtiborga sazovor, saxovatli, fahm-farosatli ekanligidan hayron qoladi.

Bu narsalar uni yanglishtirmasligi kerak, axir tabiat noʻnoq ijodkor emaski, har birining peshonasiga “Bu ablah, bunisi ahmoq, ularga ishonmang”, deb tamgʻa bossa.

Aksincha, Shekspir va Gyotening asarlaridagi qahramonlar, hatto iblis ham, shu darajada tabiiy tasvirlanganki, ularning soʻzlari va xatti-harakatlariga ishonmasdan iloj yoʻq.

Shunday qilib, kimdir bu dunyoda shaytonlar shoxli va dumli boʻladi, ahmoqlar masxarabozlarga oʻxshaydi deb hisoblasa, tez orada ularning tuzogʻiga ilinadi. Bunga yana odamlarning oʻzaro munosabatlarini ham qoʻshish mumkin: ular, oyga oʻxshab, faqat bir tomoninigina koʻrsatadi. Bu borada har bir odamning tugʻma isteʼdodi bor: yuz ifodalari yordamida basharalarini niqobga aylantiradilar. Bu yerda har birining oʻziga xos xususiyatlari koʻrinib, shu darajada mos tushadiki, soxta ekanligini sezmay qolasiz.

Odamlar kimnidir ishonchini qozonish maqsadida soxta qiyofaga kiradilar. Bunday qiyofalarga ishonaverish kerak emas va “Jahldor it ham dumini likillatadi” degan italyan maqolini unutmasliklari kerak.

Har holda, endigina tanishgan odam haqidagi yaxshi fikrlardan ehtiyot boʻlishimiz kerak, aks holda, umidimiz puchga chiqib, uyalib qolamiz. Bu haqda Senekaning “Xarakterning xususiyatlarini mayda-chuyda narsalardan payqab olsa boʻladi”, – deganlari eʼtiborga loyiq.

Oʻziga eʼtibori yoʻqolgan odam aynan shu mayda-chuydalarda feʼl-atvorini koʻrsatib qoʻyadi. Ayniqsa, xatti-harakatlardan oʻzgalarni mensimasligi, ular bilan hisoblashmasligi, xudbinligini oshkor qiladi. Muhim ishlarda garchi xudbinligini yashirsa-da, yaqqol koʻrinadi. Turmushdagi kundalik ikir-chikirlar, turli hodisalar, munosabatlarda surbetlik bilan faqat oʻz foydasini, qulayliklarni, oʻzgalarga tegishli narsalarni oʻzlashtirishni oʻylab harakat qilsa, bilingki, u odamning qalbida adolatdan nom-nishon yoʻq. Jiddiy vaziyatlarda ham, agar qonun aralashmasa, ablahligicha qoladi. Bunday odamlardan qoch! Atrofdagilardan tap tortmasdan mavjud tartib-qoidalarga rioya qilmaydigan odam, agar xavf sezmasa, davlat qonunlariga ham itoat etmaydi.

Agar koʻngillari yomonlikdan koʻra yaxshilikka moyil boʻlganida edi, adolat, sadoqat, rahm-shafqat, sevgi-vafo masalalarida ularga ishonsa boʻlardi.

Kechirmoq va unutmoq – misqollab toʻplagan tajribalardan mahrum boʻlmoqdir.

Tanish-bilish, oshna-ogʻaynilardan kimdir boshimizga gʻam-alam yogʻdirsa, oʻylab koʻrishimiz kerak, munosabatlarni davom ettirishga arziydimi yoʻqmi? Aks holda, u battar qiladi.

Shuning uchun bunday odamlardan voz kechgan, agar xizmatkor boʻlsa, javobini berib yuborgan maʼqul. Qasam ichgan taqdirda ham ularga ishonish yarashmaydi.

Inson hamma narsani unutishi mumkin. Faqat oʻzligini, oʻz mohiyatini emas. Xatti-harakatimiz ichki mohiyatimizdan kelib chiqadi. Tabiatimizni oʻzgartirib boʻlmasligi sababli bir xil vaziyatda oldingisi yana qaytariladi. Iroda erki haqida tanlovga taqdim qilingan asarimni oʻqib chiqishni tavsiya qilardim, shunda adashmas edingiz.

Doʻstlik rishtalari uzilgach, qaytadan tiklash bizga qimmatga tushadi. Chunki sobiq doʻstning qilmishlari oldingidan yuz chandon oshadi, surbetligi chegara bilmaydi. Haydalgan xizmatkor haqida ham shunday deyish mumkin.

Odamlarning fikrlash tarzi, feʼl-atvori, xuddi manfaatlaridek, oʻzgarib turadi. Tuban niyatlarini amalga oshirishni paysalga solib oʻtirishmaydi. Bizni ishontirish uchun bergan vaʼdalariga laqqa tushmaylik. Samimiyligiga ishondik deylik, lekin uning vaziyatdan chiqib ketish maqsadida aytilgan vaʼdasi yolgʻon, haqiqiy tabiati esa oʻz feʼl-atvori bilan toʻqnashganda namoyon boʻladi.

Hayotda uchraydigan pastkashliklar va nodonliklardan xafa boʻlishning hojati yoʻq. Bu narsa inson zotining oʻziga xos belgilardan biri ekanligini unutmaylik. Oʻz ishining ustasi boʻlgan zarshunos sof oltinni soxtasidan osongina ajratib olgani singari, bizga keyinchalik bu bilim asqotadi.

Odamlarning bir-biridan farqi bor, albatta, lekin bu dunyoda yovuzlik hukmron – yovvoyilar bir-birining goʻshtini yeydi, madaniylashganlari bir-birini aldab kun koʻradi.

Davlat oʻzi tuzgan turli maʼmuriy idoralar, tashkilotlari orqali odamlar orasidagi boshboshdoqliklar, adolatsizliklarga chek qoʻyishi zarur emasmi? Tarixga nazar solsak, taxtga oʻtirgan aksariyat podsho avvaliga xalqqa biroz yengillik beradi-da, keyin atrofiga qoʻshin toʻplab, qoʻshni davlatga hujum uyushtiradi. Har bir urush, mohiyatan olganda, talonchilik emasmi?

Qadimda magʻlub tomon gʻoliblarning qullariga aylanardi, tovon ham toʻlardi. “Har qanday urush talonchilik” deganda Volter haq, olmonlar ham buni tan olishlari kerak.

 

* * *

Faqat oʻz kuchigagina tayanib yashaydigan inson boʻlmasa kerak, unga hayotda yoʻl-yoʻriq koʻrsatadigan pand-nasihatlar, oʻgitlar zarur. Masalaga chuqurroq kirib boradigan boʻlsak, inson oʻz qobiliyati qolib, faqat aql-idroki, bilimi orqali olgan xususiyatlargagina tayanadigan boʻlsa, u holda tabiat ham oʻzini koʻrsatib qoʻyadi.

 

Qaytaverar tabiat

panshaxada quvsang ham.

 

Oʻzgalar bilan munosabatda mavjud tartib-qoidalar bor, buni yaxshi tushunamiz, amalda esa koʻpincha chetlab oʻtamiz. Tushkunlikka tushmang, abstrakt tushunchalarni, maslahatlarni, oʻgitlarni qoʻllab boʻlmas ekan-da, degan xayolga bormang. Yodingizda boʻlsin: nazariya va amaliyot boshqa-boshqa narsa: birinchisi – oʻqish, ikkinchisi oʻrganish.

Shogird ustoz oʻqitganlarini amalda qoʻllaganda xatoga yoʻl qoʻyadi, mashq qilavergach yetuklikka erishadi. Shu tarzda lapashang epchilga, dali-gʻuli kamtarga, olijanob mazaxchiga aylanadi.

Mashq orqali olingan amaliyot qanchalik mukammal boʻlmasin, inson oʻz tabiatidan butunlay qutula olmaydi, vaqti-vaqti bilan u oʻzini koʻrsatib qoʻyadi. Tashqaridan qabul qilingan xususiyat, ichki tabiiy xususiyatlarini tamoman chiqarib yubora olmaydi, faqat bir-birini toʻldiradi.

Napoleonning “Notabiiy narsalar nomukammallikdir” degan hikmatli soʻzlari oʻrinlidir. Bu qoida barchaga, har bir odamga, moddiyat va maʼnaviyatga oid narsalarga taalluqli.

Mugʻambirlikdan saqlanish lozim, chunki u nafrat uygʻotadi. Birinchidan – u qoʻrquvga asoslangan aldov, ikkinchidan – mugʻambirlik qilsang, oʻz qadringni oʻzing yerga urgan boʻlasan.

Oʻzingdagi yoʻq sifatlar bilan maqtanish oʻsha sifatlar yoʻq ekanligini tan olishdir. Masalan, mardlik, jasorat, aql-idrok, bilim, donolik, boylik, ayollarga yoqish, nasl-nasab borasida maqtanish aynan oʻsha narsalar yoʻqligidan dalolat. Bunday sifatlarga ega boʻlgan odam hech qachon maqtanmaydi, aksincha, kamtarlik bilan yashiradi. Axir, qozonda bori choʻmichga chiqadi-da!

Hech kim oʻz aslini koʻrsatib yurish majburiyatini olmagan, albatta, lekin niqob ostida turli illatlar, tabiatimizni hayvon darajasiga tushirib qoʻyadigan buzuqliklar yashirinib yotadiki, ularni namoyish qilgandan koʻra niqobda yurgan maʼqul. Mugʻambirlik koʻpga choʻzilmaydi, sababi ham tez oshkor boʻladi. Qolaversa, ertami-kechmi, niqob tushib ketadi. “Hech kim uzoq muddat niqobda yashay olmaydi. Soxtalik tabiiylikka tez almashadi” (Goratsiy).

 

* * *

Inson oʻz tanasining ogʻirligini sezmay yuraveradi, ammo oʻzga yukni koʻtara olmaydi. Shunga oʻxshash oʻz xatolarimiz va illatlarimizni emas, oʻzgalarnikini koʻramiz.

Boshqalarda aks etgan oʻz atvorimizni koʻzguga qarab akillayotgan itga oʻxshatish mumkin. Oʻzgalarni tanqid qilgan odam oʻz aybini yuvmoqchi boʻladi. Kimki oʻzgalarning illatlarini tanqid qilish bilan birga oʻzlari ham ulardan qutulmoqchi boʻlsa, demak u odamda adolat, hech boʻlmaganda gʻurur bor.

Koʻngilchan odam esa, senda bor qusur menda ham bor, degan maʼnoda ish koʻradi. Oʻz qusurlarini oʻzgalarda koʻrib, tuzatmoqchi boʻlgan odam shu maʼnoda koʻzguga zarurat sezadi.

* * *

Olijanob toifaga mansub chiqqan yigit odamlarning fikrlash tarzi, mulohazalari, qiziqishlari bir-birlariga yaqin boʻlganligi uchun munosabatlar mustahkam boʻladi, deb oʻylaydi. Bu munosabatlar asosida moddiy manfaatdorlik yotishini esa keyincha tushunib yetadi. Bu har qanday munosabat asosida yotadi, lekin koʻpchilik boshqacha boʻlishini bilmaydi ham.

Shu sababli aloqa bogʻlayotganda, kim qayerda, kim boʻlib ishlaydi, mansabi, millati, oilasini surishtirishadi, shunga qarab munosabat turini belgilashadi. Uning shaxsiy sifatlari qandayligi esa koʻngillariga kelgan paytda soʻraladi.

 

* * *

Kumush pul oʻrniga qogʻoz pul ishlatilganidek, haqiqiy hurmat va doʻstlik oʻrnini soxta mulozamat egallagan, baʼzilar bundan juda ustalik bilan foydalanishadi. Aslida shunga munosib odamlar bormi?

Chin doʻstlik deganda begʻaraz munosabat, yordam, yaxshi-yomon kunlarida birga boʻlish, quvonch va qaygʻularni baham koʻrish, bir-birini teng koʻrish tushuniladi. Bu inson tabiatida azaldan bor boʻlgan xudbinlikning tamoman teskarisi boʻlib, unga ishonish juda qiyin. Doʻst tutingan odam oʻzidagi xudbinlikni yashiradi, lekin oz miqdorda boʻlsa ham doʻstlikni koʻrsatib turuvchi xatti-harakatlari, uning alomatlari bor, albatta. Bu yolgʻonchi dunyoda barkamol narsaning oʻzi yoʻq, shuning uchun boriga baraka, deb shunga qanoat qilib yashaymiz. Ammo oʻsha doʻstlarimiz orqavarotdan biz haqimizda qanday gaplar tarqatayotganligini bilishga harakat qilmay qoʻyaqolganimiz maʼqul.

Kimning chin doʻst ekanligini sinab koʻrmoqchi boʻlsang, buning oson yoʻli bor. Doʻstingga “Boshimga mushkul ish tushib qoldi”, de. Doʻsting chin dildan achinayaptimi, beparvomi, bilib olasan. “Doʻst boshiga tushgan kulfat biz uchun doim ham koʻngilsizlik degani emas”, deganda Laroshfuko haq gapni aytgan.

Odatdagi “doʻstlar” bunday hollarda ich-ichidan toshib kelayotgan shodligini yashirishga qanchalik urinmasin, oʻziga boʻysunmayotgan xoin lablari buni bildirib qoʻyadi. Bunday “doʻstlar”ning kayfiyatini koʻtarmoqchi boʻlsang, boshingga tushgan qaygʻu-gʻamlarni ularga bildirib, ojiz ekanligingni koʻrsatib tur.

Uzoq masofa va ayriliq doʻstlikka raxna soladi. Vaqt oʻtgan sari u abstrakt tushunchaga aylanib boraveradi. Koʻrib, uchrashib turgan sayin qadrdonlashib boramiz. Mehr koʻzda, deb bejiz aytilmagan. Inson tabiatan shunaqa.

Doʻstlarni samimiy deb aytamiz, dushmanlarimiz-ku, shundoq ham samimiy, shuning uchun ularning koyib turishlari biz uchun foydali, bundan toʻgʻri xulosa chiqarib olamiz, kamchiliklarimizni tuzatamiz.

Muhtojlik doʻstlarni kamaytiradimi? Qayoqda! Endigina tanishgan doʻsting sendan qarz soʻrab tursa, nima deb oʻylaysan?

 

* * *

Soddadil odamlar isteʼdod va aql jamiyatda hurmat-eʼtibor keltiradi, deb oʻylashadi. Aslida, bu koʻpchilikning gʻazab va nafratini qoʻzgʻatadi. Boisi ular oʻz isteʼdodlarini yashirib, ogʻziga talqon solib, pisib yurishga majbur.

Hamma gap shundaki, suhbatdoshining aqlliroq ekanligini sezgan odam, oʻzining aqli past, ojiz ekanligini sezdirib qoʻyganligidan xavotirga tushadi, shu narsa uning gʻazabini qoʻzgʻaydi.

Garsian “Birovga yaxshi koʻrinishning ishonchli usuli tentaklik toʻnini kiyib olishdir”, deya toʻgʻri aytgan. Aql-idrokni namoyish qilish, boshqalarning qobiliyatsizligi va befarosatligini koʻrsatib qoʻyish bilan barobar. Pastkash odam olijanob kishini koʻrgach, gʻazabi qaynaydi, buning sababi hasaddan boshqa narsa emas. Manmanlikni qoniqtirish – oʻzini boshqalardan ustun koʻrib, shundan oladigan lazzat, deb hisoblaydilar.

Aql jihatdan ustunlik inson uchun asosiy iftixor omili, uning jonivorlardan farqi ham shunda. Istak-iroda insonning oʻz xohishi bilan boshqariladi, aql esa unga ato qilingan neʼmatdir.

Aql-idrok ustunligini koʻpchilik oldida taʼkidlash – jasoratdir. U oʻziga dushman orttirib oladi, kezi kelganda haqorat qilish orqali undan oʻch olishadi, bu esa aqldan emas.

Shu sababli jamiyatda mansab va boylikni hurmat qilishadi, aql esa bundan umidvor boʻlmay qoʻya qolsin. Nari borsa unga eʼtibor berishmaydi, boʻlmasa xuddi ayb ish qilib qoʻygandek qarashadi, kezi kelganda kamsitishadi, u esa boʻynini qisib, yalinib-yolvorib kechirim soʻraydi. Saʼdiy “Guliston”da aytadi: “Nodonning donishmandga boʻlgan nafrati, donishmandning nodonga boʻlgan nafratidan yuz chandon ortiq ekanligini bilib qoʻy”.

Aksincha, aql ojizligi tavsiyanoma oʻrnini bosadi. Jismimiz uchun harorat qanchalik taʼsir qilsa, aqlimiz uchun boshqalardan ustunlik tuygʻusi shunchalar taʼsir koʻrsatadi, yaʼni aqli zaiflardan ustun ekanligimizni his qilamiz.

Ayollar uchun goʻzallik qanchalik muhim boʻlsa, erkaklar uchun aql shu darajada ahamiyatli.

Erkaklar orasida jismoniy ustunlik oʻta muhim ahamiyat kasb etmasa-da, ammo biz oʻzimizni barvasta odamlar oldida emas, boʻyi past odamning oldida erkinroq his qilamiz. Erkaklar orasida esi past, bemaʼni odamlar koʻpchilikning diqqat markazida boʻladi, ayollar orasida esa xunuklari. Oʻz nazarida boshqalardan ustun ekanligini his qilish uchun shu bahonadan foydalanishadi.

Har qalay, aqliy ustunlik odamlarni boshqalardan ajratib turuvchi omil, shu bois undan kamchilik topib, shu bahonada qochadilar, nafratlanadilar.

Jamiyatda muvaffaqiyatga doʻstlik va oshna-ogʻaynigarchilik vositasida erishiladi. Katta isteʼdod odamni magʻrur qilib qoʻyadi, shuning uchun u boshqalar oldida yaltoqlanmaydi, oʻzini yerga urmaydi, balki oʻzidagi sifatlarni yashiradi, obroʻsini toʻkmaydi.

Qobiliyatsiz odamlar yaramaslar oldida ham qoʻli koʻksida, yumshoq supurgi boʻlib turadi, shu yoʻl bilan oshna-ogʻayni va homiy orttirishadi. Faqat davlat xizmatidagina emas, barcha sohada, hatto ilmda ham shunday. Masalan, akademiyalarda haqiqiy ilm egalari emas, oʻrtamiyona olimlar kerilib oʻtirishadi, munosiblariga esa u yerda joy yoʻq.

Ayollar va husn masalasida ham xuddi shu ahvol: goʻzal qizlar oʻzlariga munosib dugona topa olmaydilar. Chunki goʻzallar sherikchilikka koʻnmaydilar. Taqqoslashning hojati boʻlmagan joylarda esa husndan bezak sifatida foydalanishadi.

 

* * *

Oʻzgalarga ishonch bildirishimizda yalqovlik, xudbinlik, shuhratparastlik katta ahamiyat kasb etadi. Yalqovlik – oʻzing bajaradigan ishlarni oʻzgalarga yuklash, xudbinlik – oʻz manfaating yoʻlida oʻzgalarni ishlatish, shuhratparastlik esa maqtanchoqlikni yoqtirish bilan bogʻliq ishlardir. Shunga qaramay, oʻzgalardan ishonchimizni oqlashlarini talab qilamiz.

Ishonchsizlik jahlimizni chiqarmasin, axir unda halollikni maqtash alomatlari bor. Halollik esa kamyob narsa.

 

* * *

Xushmuomalalik yaxshi fazilat ekanligini “Etika” nomli kitobimda aytib oʻtgan edim. Xushmuomalalik – axloqiy va intellektual kamchiliklarimizga eʼtibor bermasdan ularni yashirishga doir soʻzsiz kelishuvdir. Har ikki tomon ham bundan manfaatdor ekanligi tufayli ish oson kechadi.

Xushmuomalalik – oqillarning, qoʻpollik esa ahmoqlarning ishi. Bu oʻz ixtiyoring bilan oʻzingga dushman orttirish, oʻz uyingga oʻt qoʻyish degani. Xushmuomalalik hisob-kitobni qalbaki pul vositasida amalga oshirishga oʻxshaydi. Bu yerda xasislik qilish aqlsizlikdir. Aqlli odam bu borada saxiy boʻlmogʻi lozim. Haqiqiy manfaatlarni qurbon qilish evaziga xushmuomala boʻlish qogʻoz pul turganda oltin ulashishga oʻxshaydi.

Tabiiy holatda mum qattiq boʻladi, ozgina harakat uni yumshatadi. Shunga oʻxshash, har qanday janjalkash va jahldor odam ham xushmuomaladan, doʻstlarcha iliq munosabatdan gapga koʻnadigan, xushfeʼl odamga aylanadi.

Xushmuomalalik juda qiyin masala, chunki barcha odamlar oldida qoʻlni koʻkrakka qoʻyib, qulluq qilib turish kerak, garchi koʻp odam bunga noloyiq boʻlsa-da. Istamasangiz ham kimlargadir hamdardlik bildirishingiz, tabassumingizni ayamasligingiz kerak. Gʻururni xushmuomalalikka singdirish – buyuk sanʼat.

Agar manmanlikni haddan oshirib yubormaganimizda, boshqalar ham biz haqimizda oʻz fikriga ega ekanligini hisobga olsak, arzimagan gapdan xafa boʻlishga hojat qolmasdi.

Oʻzgalarning tanbehini eshitish bilan tanishlaring sen haqingda oʻzaro nimalar deganini eshitib qolish oʻrtasida keskin farq bor. Odatdagi xushmuomalalik shunchaki niqob ekanligini yoddan chiqarmasligimiz lozim. Niqob goho qiyshayib ketadi, goho bir necha daqiqaga tushib qoladi. Niqobni olib tashlagan odam oʻz asliga qaytib, qoʻpol boʻlib qoladi, bu esa jamiyatda juda xunuk boʻlib koʻrinadi.

 

* * *

Xatti-harakatlarimizda hech qachon oʻzgalarga taqlid qilish yaramaydi, chunki har bir holat va vaziyatda har kim oʻz tabiatiga xos xususiyatlardan kelib chiqib harakat qiladi, aks holda soxtaligi oshkor boʻladi.

 

* * *

Kimki oʻzgalarning ishonchini qozonmoqchi boʻlsa, oʻz fikrini ehtiroslarga berilmasdan, sovuqqonlik bilan ifodalashi lozim. Qiziqqonlik istak-irodaga bogʻliq, shuning uchun fikr-mulohazalarimizni bildirganmizda odamlar ularni notoʻgʻri tushunishmasin. Istak-iroda insonning tub unsuri, bilish-anglash esa keyinchalik egallanadi, shuning uchun fikrimiz tabiiy boʻlishi shart.

 

* * *

Hech kim bilan fikr talashma, odamlarni beʼmani fikrlaridan qaytarmoqchi boʻlsang, umring zoye ketadi.

Gaplashayotganda oʻzgalarning xatosini tuzatishga urinma, xayrixoh boʻlganingda ham tushunishmaydi, osonlikcha xafa qilib qoʻyasan, keyin koʻnglini olishing qiyin.

Suhbat chogʻida senga yoqmaydigan birorta bemaʼni gap eshitib qolsang, oʻzingni bilmaganlikka ol, goʻyo ikki ahmoq komik rol oʻynayapti, deb hisobla. Amalda bu sinalgan usul.

Bu bir kam dunyoning kamchiliklarini tuzataman deb behuda urinma, sogʻ-omon yurganingga shukur qil, chunki shuning oʻzi baxt.

 

* * *

Aldov yoʻli bilan oldirib qoʻygan pulingga achinma, chunki kelgusida bu senga katta saboq boʻladi.

* * *

Haq boʻlgan taqdiringda ham maqtanchoqlik qilma, maqtanish seni yoʻldan ozdiradi. Maqtanchoqlikni kamtarlik niqobiga oʻrab gapirganingda ham, odamlar unda shuhratparastlikni koʻradi. Sen esa kulgiga qolasan. Meʼyorni bilish lozim.

 

* * *

Kimdir yolgʻon gapirayotganini sezib qolsak, oʻzimizni unga ishongandek qilib koʻrsatamiz, lekin u haddidan oshib yanada koʻproq yolgʻon qoʻshadi, oqibatda niqobi ochilib qoladi. Kimningdir gaplarida haqiqat alomatlarini sezib qolsak, suhbatdoshimiz uni yashirishga harakat qiladi, shunda biz ishonchsizlik bildirsak, u bor gapni aytishga majbur boʻladi.

 

* * *

Shaxsiy ishlarimizni yaqin tanishlarimizdan ham sir tutganimiz maʼqul. Biz haqimizda ularning oʻzlari koʻrib bilganlari yetarli. Eng arzimas narsalar ham, vaqti kelganda, bizga zarar keltiradi.

Aqli raso odam nima haqida gapirishdan koʻra, nima haqida gapirmaslikni yaxshi biladi. Birinchisi shuhratparastlik alomati, ikkinchisi aqlli odamning ishi. Har ikkalasi uchun ham imkoniyat keng, lekin koʻpincha bir lahzalik istagimizni qondirish uchun sukut oltinga teng ekanligini yodimizdan chiqarib qoʻyamiz.

Baʼzan yuragimizni boʻshatish uchun oʻz-oʻzimizga ovoz chiqarib gapirib yuboramiz, ayniqsa, feʼli tez odamlarda bu koʻproq kuzatiladi. Bu narsa odat tusiga kirib qolmasin, chunki fikr va soʻz uygʻunligi sodir boʻlib, oʻzgalar bilan boʻlgan suhbatda ham shu narsa yuz beradi. Fikrimiz bilan soʻzimiz oʻrtasida keng masofa saqlashimiz kerak. Baʼzan bizga taalluqli ayrim holatlarga oʻzgalar ishonmaydi deb oʻylaymiz, amalda esa ular bunga chippa-chin ishonishadi. Ularning ishonchini chippakka chiqarmoqchi boʻlsak, ularning koʻnglida bunga shubha uygʻotishimiz kerak. Ammo biz koʻpincha oʻzimiz uni oshkor qilib qoʻyamiz, bu holatni sezdirmaslik mumkin emas, deya xatoga yoʻl qoʻyamiz. Bu aqlsiz harakatni esankirash deb atashadi.

Boshqa tomondan qaraganda, ayrim munosabatlarda befarosat boʻlgan odam, gap oʻzgalar haqida ketganda oʻta ziyraklik qiladi, baʼzi bir tafsilotlarni ushlab oladi-da, masalani oxirigacha yechmasdan qoʻymaydi.

Biror oʻtgan voqea haqida gapirganimizda ehtiyot boʻlishimiz lozim. Nafaqat odamlarning ismini, kimligini bildiruvchi belgilari, voqea sodir boʻlgan joy, vaqt va shunga taalluqli holatlarni, hatto ikkinchi darajali qatnashchilar haqidagi maʼlumotlarni ham bildirish nooʻrin, aks holda suhbatdoshimizga voqeaning tagiga yetadigan imkoniyat yaratib qoʻygan boʻlamiz.

Zoʻr qiziqish istak-iroda orqali aqlni ishga soladi, u esa qilni qirq yorib voqeaning tagiga yetmaguncha qoʻymaydi. Odamlar koʻpchilikka maʼlum boʻlgan haqiqatga emas, shaxsga tegishli haqiqatga oʻch boʻlishadi.

Sukut saqlash haqida barcha davr va xalqlarda hikmatli soʻzlar aytilgan, shuning uchun gapni choʻzmay bir necha arab maqoli bilan cheklanaman: “Dushmaningga bildirmagan narsani doʻstingga ham aytma”, “Sirimni yashirsam u mening asirimga aylanadi, oshkor qilsam men unga asir boʻlaman”, “Sukut daraxtining mevasi – xotirjamlik”.

Iloji boricha oʻzgalar bilan ziddiyatga bormagan maʼqul. Yaxshisi, har kimsaning qadr-qimmati uning xatti-harakatiga qarab belgilanishini yodda saqla, hech boʻlmasa oʻzing uchun. Shunga qarab munosabatlarni moslashtirish mumkin, chunki feʼl-atvor oʻzgarmas boʻlib, xatti-harakat shundan kelib chiqadi.

Insondagi illatlarni unutish, toʻplagan boylikni behuda sovurish demakdir. Bu narsa bizni ahmoqona ishonch va doʻstlikdan asraydi.

“Mehr bogʻlamaslik, nafratga berilmaslik” turmush hikmatlarining teng yarmi; “Sukut saqlash, hech kimga ishonmaslik” – uning ikkinchi yarmi. Bu dunyoda qonun-qoidalarsiz yashashning iloji yoʻq.

 

* * *

Qahr-gʻazab va nafratimizni soʻz yoki koʻz qarashi, xatti-harakat bilan ifodalash befoyda, u kulgili, xavfli, qolaversa, bu aqlsizlik va pastkashlikdir. Biz ularni faqat amaldagina izhor qilishimiz mumkin.

Zaharli jonzotlar faqat sovuqqonlilar orasidagina uchraydi.

 

* * *

Soʻzga urgʻu berish qadimgi zodagonlarga xos. Bu usul suhbatdoshiga qarshi moʻljallangan. Soʻz maʼnosi yetib borguncha suhbatdosh talmovsirab turaveradi, biz esa xotirjam oʻz yoʻlimizga ketaveramiz. Soʻzga urgʻu berish suhbatdoshning hissiyotlarini qoʻzgʻashi, jahl otiga mindirishi ham mumkin. Ayrim odamlarga ochiq chehra bilan, doʻstona ohangda shu darajada qoʻpol gaplarni aytish mumkinki, oqibatidan xavotir olmasak ham boʻlaveradi.

 

Olam tartib-qoidalariga va taqdirga doir qarashlar

 

Inson qay tarzda umr kechirmasin, uning hayotida aynan bir xil unsur (tarkibiy qism)lar mavjud boʻladi. Uning umri kulbada oʻtadimi, qasrdami va yoki zohidona tarzda gʻordami, ahamiyatli xususiyatlari bir xil boʻladi. Hayotda sodir boʻlgan turli-tuman voqealar, sarguzashtlar, baxtli va baxtsiz hodisalar haqida aytadigan boʻlsak, ularning asosi qandolat mahsulotlari kabi bir xil.

Shakl turli-tuman, oʻzak esa yagona. Bir odamning boshiga tushgan voqea boshqacha koʻrinishda ikkinchi bir odamning boshiga ham tushadi. Hayotimiz mazmun-mohiyati bir xil, taassurotlarimiz esa turli-tuman.

 

* * *

Olamni uch xil kuch – donolik, qudrat va baxt boshqaradi, deydi qadim mutafakkirlardan biri. Menimcha, uchinchi kuch – baxt kuchliroq boʻlsa kerak.

Umr yoʻlimizni kemaning ummondagi suzishiga qiyoslash mumkin. Taqdir goʻyo shamol kabi kema yelkanlarini xohlagan tomoniga burib, goh oldinga, goh orqaga haydaydi, bizning intilishlarimiz, xatti-harakatlarimiz ahamiyatsiz boʻlib qolaveradi. Intilishlarimizni eshkakka oʻxshatish mumkin, shamol tinganda biroz foydalanish mumkin. Mabodo shamol hamroh boʻlib qolsa – bu sening baxting. Ispan maqolida: “Oʻgʻlingga baxt bergin-u, dengizga ot”, deb bejiz aytilmagan.

Voqea-hodisalar – yovuz kuchlar, ularga ishonib boʻlmaydi… Taqdir bizga biror narsani inʼom qilar ekan, uni tamoman oʻz ixtiyorimizga berib qoʻymaydi, shunga munosib ekanligimizni ham bildirmaydi. Balki bizga iltifot koʻrsatganidan inʼom beradi.

Oʻtgan umrimizga nazar tashlasak, uning qay darajada chalkashib ketganini, koʻplab omad va baxt imkoniyatlarini boy berganimizni, qanchadan-qancha kulfatlar boshimizga yogʻilganini koʻramiz, ana shunda afsus-nadomatlarimizning cheki boʻlmaydi.

Hayotdagi faoliyatimiz oʻz ixtiyorimizda emas. Bu ikki omilning mahsuli – voqea-hodisalar tizimi va ularning yechimidir. Ular doimo bir-biriga qoʻshilib, chalkashib, biri ikkinchisini oʻzgartirib yuboradi. Voqealar yechimini oldindan topib boʻlmaydi, voqea-hodisalarning qachon kelishini ham bilib boʻlmaydi, faqat real voqelikda paydo boʻlgandagina bizga maʼlum boʻladi.

Koʻzlagan maqsadimizga hech qachon toʻgʻridan-toʻgʻri yetib borolmaymiz. Unga taxminiy yoʻllar bilan intilamiz, bu yoʻlda ancha qiyinchiliklarni bartaraf qilishga toʻgʻri keladi. Real voqelik bilan hisoblashib, omad yor boʻlishiga umid bogʻlab mavjud imkoniyatlarni ishga solish kerak, shunda maqsad sari yaqinlashib boramiz.

Hayotimizni oshiq oʻyiniga oʻxshatish mumkin, lekin kamdan-kam holda oshigʻing olchi boʻladi. Terentiy aytgandek:

 

Hayot – qimor, odamzod “Gardkam!” deb otar oshiq.

Biroq istaganingdek “olchi” tushmas otganing.

Oshigʻing “tovva” tushsa, xatongni oʻngla eplab.

 

Yoki qartani taqdir chiylab beradi, biz esa qartaboz. Hayotni yana shaxmat oʻyiniga ham oʻxshatish mumkin: sen yutishni rejalashtirasan, ammo raqibing seni esankiratib qoʻyadi. Qismat hayotdagi raqibingdir. Qismatimiz rejalarimizni shu darajada oʻzgartirib yuboradiki, dastlabkisidan asar ham qolmaydi.

Hayotda erishgan muvaffaqiyatlarimizda biz bilmagan yana nimadir bor. Koʻpincha oʻzimiz oʻylagandan ham koʻra koʻproq ahmoqona ishlar qilib qoʻyamiz. Koʻp hollarda oʻzimiz oʻylagandan ham donoroq ekanligimiz ishimiz natijasiga koʻra bilinib qoladi, lekin buni kechroq tushunamiz.

Aqlimizdan boshqa bizda yana qandaydir tabiiy xislat – sezgi bor. Eng muhim paytlarda oʻzimiz bilmagan holda oʻsha tabiiy sezgi namoyon boʻladi.

Balki bu tushlarimizda belgi berar, lekin biz uygʻongach unutib qoʻyamiz, chunki besaranjom va ikkilanuvchi ongimiz u bilan hamjihat boʻlishga ojizlik qiladi. Buyuk jasorat egalari yoshligidanoq bu ichki yashirin kuchni sezib uni rivojlantirishgan. Umuman olganda, oʻz-oʻzini himoya qilish sezgisi barchada mavjud, aks holda insoniyat qirilib ketgan boʻlardi.

Abstrakt prinsiplarga ergashib harakat qilish uchun koʻp mashq qilish kerak, lekin u doim ham yaxshi natija bermaydi. Aksincha, insonda qon-qoniga singib ketgan tugʻma prinsiplar boʻladiki, ular fikrlash qobiliyati, hissiyotlari va xohish-istaklar bilan birga kirib kelgan. Odam bu narsani oʻtmishga nazar solgandagina sezadi: uni qandaydir bir koʻzga koʻrinmas kuch boshqarib turganini anglab qoladi. Ana oʻsha kuch, oʻzining xususiyatlariga koʻra, yo baxtga yetaklaydi yoki baxtsizlikka.

 

* * *

Vaqt hamma narsaga oʻz taʼsirini oʻtkazmay qolmasligini unutmaylik. Shu asnoda nimani qoʻlga kiritgan boʻlsak, shularning aksini tasavvur qilib turishimiz lozim. Baxtga erishganda baxtsizlikni, doʻstlikda – dushmanlikni, sevgida – nafratni, ishonchda – ishochsizlikni, gunohda – tavbani, havo ochiq kunlari – yogʻingarchilikni va aksincha, baxtsizlik payti baxtni, qahratonda jaziramani eslab qoʻyaylik. Turmush donoligining doimiy sarchashmalaridan eng keraklisi shu. Chunki yomonlikning oldini olish – kelajakda aldov qurboni boʻlmaslikning shartidir. Bu dunyoda hamma narsa oʻzgaruvchan – bebaqo ekanligini nazarda tutsak, tajriba oʻrnini bu borada hech narsa bosa olmaydi. Nafaqat oʻzgaruvchanligini, balki qaysi tomonga oʻzgarishini ham oldindan seza olsak, yutugʻimiz shunda. Hamma narsa oʻzgaruvchan, doimiy narsa esa oʻzgaruvchanlik. Turmushda voqea-hodisalar shu darajada koʻpki, agar biror xavf-xatarning oldini olmoqchi boʻlsak, tasodif tufayli u oʻz-oʻzidan bartaraf boʻlishi mumkin. Agar biz uning oldini olmoqchi boʻlib harakat qilgan boʻlsak, yoki biror narsa evaziga erishmoqchi boʻlsak, mehnatimiz zoye ketadi.

Shuning uchun moʻljalni juda uzoqdan olish yaramaydi, voqea-hodisalar ehtimolini ham nazarda tutib, yaxshi niyatda ish boshlagan maʼqul.

Odatda odamlar voqea-hodisalarning kelib chiqish sabablariga emas, oqibat natijalariga koʻproq eʼtibor beradilar. Sabab va oqibatni bogʻlay olmagan odam yanglishadi, boshiga balo-ofatlar yogʻilgach, musibatlariga oʻzidan boshqa hamroh topolmaydi.

Voqea-hodisalarning oldini olmoqchi boʻlgan odam uni amalda emas, nazariy jihatdan qilishi kerak. Voqealarni tezlashtirishga hojat yoʻq, vaqti-soati kelganda sodir boʻlaveradi. Vaqtni boʻysundirib boʻlmaydi, aks holda u ayamay oʻch oladi.

Masalan, tezroq meva olish maqsadida daraxtga turli sunʼiy ishlovlar berib, parvarishni tezlashtirsak, koʻp oʻtmay u qurib qoladi. Yoki oʻspirin bolaga oʻttiz yoshli erkakning tashvishlari yuklab qoʻyilsa, u eplashi mumkin, lekin keyinchalik bu narsa unga qimmatga tushadi – vaqt uning kuch-quvvatini, hatto umrining bir qismini tortib oladi.

Shunday kasalliklar borki, tabiiy kechganda vaqt oʻtishi bilan davosi topilib asoratsiz oʻtib ketadi. Tezdan davosini topib, oyoqqa turib ketishini istagan odamga ham chorasi topiladi, lekin oqibatda u umrbod ojiz-notavonga aylanishi mumkin.

Urush va gʻalayonlar paytida pul juda zarur boʻlib qolsa, uy-jihozimizni, qimmatbaho qogʻozlarimizni arzon-garovga sotib yuborishga majburmiz. Oqibatda bir necha yil chidash oʻrniga bor-budimizdan ayrilamiz. Qarzga botib sayohatga chiqqan odamning ham ahvoli shunga oʻxshash.

Bularning bari sabrsizlik qurboni.

 

* * *

Aql bilan ish koʻrishda jasorat ham muhim oʻrin tutadi. Bu sifatlarning birinchisi onadan, ikkinchisi otadan meros, istak-irodamiz esa ularni kamolga yetkazadi.

 

Dadil boʻling!

Magʻrur qarshi oling qismatning beayov zarbalarin.

 

Bu dunyoda yashash uchun mardonavor ruh, temir iroda, mustahkam qalqon kerak, toki ular taqdir zarbasidan, odamlardan bizni himoya qilsin, chunki hayot kurashlardan iborat. Volter aytadi: “Bu dunyoda omadni faqat qilich dami bilan qoʻlga kiritadilar, qoʻlda qilich bilan jon beradilar”.

Ozgina xavfni sezgach gʻujanak boʻlib burchakka qisilib olgan, dod-voy qilib tushkunlikka tushgan odam qoʻrqoq odamdir. Aksincha, shiorimiz:

 

Kulfatga qaysarlik qil, yengilma va olgʻa bos.

 

Biron bir xavf-xatar mavjud ekanmi, uning yakunini kutmasdan, unga qarshi kurashni davom ettirish, tushkunlikka tushmasdan najot qidirish zarur. Bu borada oʻzingni chiniqtir.

Yaxshiliklarni hisobga olmasak, bu dunyo qoʻrqib, yurakni hovuchlab yashashga arzimaydi.

Jasorat zoʻrlikka aylanib ketish ehtimoli ham yoʻq emas. Jasoratning barqaror boʻlishi uchun maʼlum maʼnoda biroz hadik ham boʻlishi kerak. Biroq, bu haddan oshib ketsa, qoʻrqoqlik paydo boʻladi.

Haddan tashqari qoʻrqinch-vahimaga tushib qolish haqida Bekon Verulamskiy aniq taʼrif bergan: “Oʻz hayotini himoya qilish va asrash, xavf-xatardan qutulish, uni daf qilish uchun tabiat har bir jonzotga qoʻrquv ato qilgan. Lekin tabiat sahiylik qilib oʻlchov bermagan, shuning uchun quruq va asossiz qoʻrquv tabiiy qoʻrquv bilan qoʻshilib ketadi. Masalaga chuqurroq qaraydigan boʻlsak, tevarak-atrofni vahimali qoʻrquv bosib ketgan, ayniqsa, odamlarni…”

Dahshatli qoʻrquvning oʻziga xos xususiyati uning asosini aniq tushuntirishning imkoni yoʻqligidir. Qoʻrquv faqat taxminlarga asoslangan, kerak boʻlsa, unga asos qilib qoʻrquvning oʻzinigina olish mumkin.

 

Rus tilidan Abdunabi ABDUQODIROV tarjimasi

 

“Sharq yulduzi”, 2014–5

[1] Sheʼrlarni Rustam Musurmon tarjima qilgan.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.