Hayo

0
163
marta koʻrilgan.

Iffat deb nafsimizni gunoh va buzuq ishlardan saqlamoqni aytilur. Bizlarni gunoh va maʼsiyatdan saqlaguvchi, harom-harishdan nafsimizni asraguvchi faqat iffatimizdur.

Axloq sohibi, iffat egasi qalbini, vijdonini poklab, tilini yolgʻon, gʻiybat, boʻhton, moloyaʼni kabi yomon soʻzlardan saqlar. Chunki insonga if fatidan koʻproq til iffati lozimdir.

Boshimizga keladurgan kulfat va zahmatlarning aksari yomon tilimizdan, andozadan ortuq soʻylaganimizdan kelur.

Hayo deb ishda, soʻzda adabni rioya qilmakni aytilur. Hayo dilni ravshan qiladurgan bir nurdurki, inson har vaqt shul maʼnaviy nurning ziyosiga muhtojdur. Shariat buyurmagan, odamlar suymagan ishlarni ishlamak – gʻiybat, hajv, masxara, safsata, soʻkuv kabi odamlarning nafsiga, iffatiga tegadurgan adabsiz soʻzlarni soʻzlamak zoʻr hayosizlikdur. Iffatning pardasi, vijdonning niqobi hayodur.

Shuning uchun har bir harakatimizda, soʻzimizda hayoni qoʻldan bermaslik lozimdur. Hayo pardasi ila oʻralmish insonlarning iffat pardasi yirtilmas. Va bu chodir shunday muborakdurki, ancha-muncha sahv-xatolarni berkitub yoʻq qilur.

Ibn Sino hakim: “Insonda doim turadurgan husn va latofat hayo ila iffatdur. Hayosiz yuz jonsiz jasad kabidur”, – demish.

Rasuli akram nabiyyi muhtaram afandimiz: “Alhayo minal imoni” – Hayo imondandur, “Izo lam tastah faasnaʼ moshiʼta” – Hayo qilmaz esang, istagan ishingni ishla”, – demishlar. Muhiddin: “Insonning suratidagi qizillik sekin-sekin ketar, hayo qizilligi aslo ketmas. Yoshlik husnining qizil rangi hayo ila ziynat-latofatga ega boʻlur”, – demishlar.

Suqrot hakim: “Xotunlarning eng goʻzali hayo va iffat pardasiga oʻralganlaridur”, – demish.

 

Hayo nomus, imona dalildur,

Hayosiz doimo xor-u zalildur.

Uyalma maʼrifat hosil qiluvdan,

Maorifsiz kishilar murda dildur.

 

Abdulla AVLONIY

 

“Turkiy Guliston yoxud axloq” kitobidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.