Havas

0
243
marta koʻrilgan.

Har qanday dardning eng yaxshi davosi vaqt deydilar. Bilmadim, boshqalarda shunday boʻlsa bordir. Menda… Baʼzan hammasini unutganday boʻlamanu biron narsadan siqilsam, tagʻin qaytadan boshlanadi. Kechasi uyqum oʻchgancha qorongʻi shiftga tikilib yotaveraman, yotaveraman… Shunda qulogʻim ostida onamning ohista yupatishi eshitiladi. “Qoʻy bolam, oʻzingni siqma… Menga sening chivindek joning kerak. Sen uchun mening yuragim yonganida boshqalarni etagining bari ham kuymaydi, bolam. Hech boʻlmasa meni kuydirmagin…”

Bir vaqtlar shunchaki gapdek koʻringan bu soʻzlar endi boshqacha, juda boshqacha jaranglaydi xayolimda…

Jahongir degan jurnalist doʻstim bor. Juda dilkash yigit. Faqat doim shoshib yuradi. Bugun Toshkentda, ertaga qarasangiz Samarqandda… Xotini oʻzining teskarisi: boʻshashgangina juvon. “Jahon qani?” desangiz, “bilmadim, Tojikistonga komandirovkaga ketuvdilar shekilli, yanagi haftalarga kelib qolsalar kerak”, deb qoʻya qoladi. Yanagi hafta borsangiz, Jahongir Turkmanistonga ketgan boʻladi.

Qaysi kuni shu oʻrtogʻim kelib qoldi.

– Qani, otlan! – dedi odatdagidek shoshilib. – Jizzaxga ketdik.

Lanjlik qilib bahona izlay boshlagan edim, qoʻlimdan ushlab uyiga sudradi. Darvoza oldida “Moskvich”i yaraqlab turibdi. Mashina yonida keksa onasi – Mehri xola… Uning nimasinidir oʻz onamga oʻxshataman. Maʼyus qiyofada boshini bir yonga tashlab turishimi, uzun, qora baxmal nimchasimi, qalin roʻmol tagidan chiqib turgan oppoq sochlarimi…

Mehri xola oʻgʻlidan xursand. Koʻziga parda tushib koʻrolmay qolganida Jahongir Muhammadjon doʻxtirga oborib operatsiya qildirdi. Mehri xola: “Jahonim tufayli dunyoga yangidan keldim”, deb har gapida duo qiladi. Koʻzi-ku, yaxshi koʻradigan boʻlgan. Lekin qulogʻi ogʻir. Qattiq gapirmasangiz eshitmaydi.

U meni koʻrib quvondi. Peshonamdan oʻpib koʻrishdi.

– Bu dalovsha yana otlanib qoldi, – dedi Jahongirga imo qilib. – Oʻzi kecha keluvdi.

Doʻstimning feʼlini bilganim uchun indamay qoʻya qoldim. Jahongir kapot ostiga shoʻngʻib motorni tekshirish bilan ovora edi.

– Yoʻlda ehtiyot boʻlinglar! – Mehri xola xira koʻzlarini javdiratib iltimos qildi.

– Xavotir olmang, – dedim uni yupatib.

– A?

Ovozimni balandlatib yana tasalli berdim:

– Xotirjam boʻling, indinga qaytib kelamiz.

Mehri xola bir zum boshini egib jim turdi-da, hamon motorni kavlashtirayotgan Jahongirning yoniga bordi.

– Jahon, – dedi sekingina, – togʻdan ehtiyot boʻlib oʻtgin.

Jahongir yelkasi osha onasiga qaradi:

– Jizzaxning yoʻlida togʻ yoʻq.

– Togʻ koʻp boʻlgani uchun aytyapman-da, – Mehri xola astoydil kuyinib tushuntira boshladi. – Mashinangni sekin haydagin. Shoshmagin, jon bolam.

– Togʻ yoʻq desam, togʻ koʻp deysiz-a! – Jahongir burnini tortib qaddini rostladi. – Qoʻrqmang, oyi, togʻning yoniga bormaymiz, chetlab oʻtib ketamiz.

Mehri xola bir zum indamay turdi. Oʻgʻlining javobidan bari bir qanoat qilmadi. Tagʻin mening oldimga keldi.

– Oʻzingiz qarab boring, jon bolam, – dedi yolvorib. – Ayting, toʻxtab-toʻxtab, dam olib-dam olib yursin.

– Xoʻp, oyijon. Oʻzim qarab turaman. Dam olib-dam olib boramiz.

Mehri xola yana bir zum qarab turdi-da, hovliga kirib ketdi. Biroq koʻp oʻtmay poʻstakka oʻxshash bir narsani quchoqlab koʻtarib chiqdi. Qarasam, kattakon poʻstin. Endi kapotni yopgan Jahongir nochor qiyofada aftini burishtirdi.

– Kun issiq-ku!

– Nima?

– Kun issiq-ku, nima qilaman buni?

– Yoʻlda sovuq qotib qolsang, kiyasan.

Doʻstimning nochor qiyofasida ham, Mehri xolaning poʻstin koʻtarib turishidayam ham kulgili, ham qandaydir odamning dilini larzaga soladigan gʻalati ifoda bor edi.

– Menga bering, – dedim Mehri xolaning qoʻlidan poʻstinni olib. – Jahon kiymasa, oʻzim kiyaman.

– Boʻpti, ketdik. Kech qolamiz! – Jahongir shaxd bilan mashinaga oʻtirdi.

– Shoshma! – Mehri xola xol-xol dogʻ bosgan qoʻlini siltab imo qildi. – Qani, omin! – dedi duoga qoʻl ochib. – Bolamni sizga, sizni Xudoga topshirdim. Oy borib, omon kelinglar. Safarlaring bexatar boʻlsin, doʻstga zor, dushmanga xor qilmasin. Iloyo tuproq olsanglar oltin boʻlsin. Iloyo…

Jahongir noiloj kaftini ochib turarkan, alamini boyadan beri mashina atrofida aylanishayotgan oʻgʻilchasidan oldi:

– Nimaga bosh yalang chiqding? Sovuq-ku! Uyga kir, shpana! – Shunday dediyu betoqatlik bilan motorni yurgizdi. Mehri xola shosha-pisha fotiha tortdi. Doʻstim endi mashinani orqaga tislantirib oʻnglagan edi, onasining qoʻl siltab qichqirgani eshitildi.

– Toʻxtasang-chi, hoy!

Jahongir noiloj yana toʻxtadi.

– Ha, yana nima, oyi? – dedi mashina eshigini qiya ochib.

Mehri xola harsillab yaqin keldi. Timirskilanib nimchasining yon choʻntagini kavlashtira boshladi.

– Nima qidiryapsiz? – Jahongir norozilik bilan qoshini chimirdi.

– Shoshma, bolam, – Mehri xola nihoyat choʻntagidan bir siqim paxta chiqardi. – Ma, – dedi qiya ochiq eshikdan uzatib, – qulogʻingga tiqib ol. Bilasan-ku, sal shamol tegsa qulogʻing ogʻriydi.

– Obbo! – doʻstim paxtani olib bardachokka tashladi. – Xoʻp xayr, yaxshi oʻtiringlar.

– Yoʻq, hozir tiqib ol. Keyin esingdan chiqib ketadi.

– Uff! – Jahongir jinday paxtani naridan-beri dumaloqlab qulogʻiga tiqqan boʻldi. Motor gurilladi. Mashina shiddat bilan oldinga sapchidi. Bir zum jim ketdik. Doʻstim yoʻldan koʻz uzmay borarkan, xijolat chekkandek tushuntirdi: – Odam keksayganidan keyin yosh bolaga aylanib qolarkan-da…

Men indamadim. Nima dey? “Shu gaplarni nega xotining aytmadi, nega bolalaring aytmadi-yu, onang aytyapti, nega bu yogʻini oʻylamaysan?” deymi? “Senga qanchalik havas qilayotganimni bilsang edi, nodon!” deymi?

Qiziq oʻsha kecha onam tushimga kirdi. Qoʻlida oppoq paxta koʻtarib yurganmish…

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

“Dunyoning ishlari”dan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.