Hashar

0
777
marta koʻrilgan.

 – Aziz hamkasblar, – dedi Hamza Qodirovich jamoaning tezkor yigʻilishini ochar ekan. – Bugun sizlarni juda muhim va dolzarb, ha, dolzarb masalani muhokama etishga chaqirdik.

Navroʻz bayrami arafasida durustroq joyda dasturxon tuzash yoki biror tarixiy shaharga sayohat uyushtirish ilinjida yurgan xodimlarning vujudi quloqqa aylandi. Bir-biriga “Ana, koʻrdingizmi”, mazmunida ishora qilganlar ham boʻldi.

– Bilasizlar, idoramiz joylashgan koʻcha qayta qurilayapti. Shu munosabat bilan binomizning tashqi tomonini taʼmirlashimiz, yoʻlak va ariqchani tartibga keltirishimiz, 30 dona manzarali daraxt ekishimiz kerak. Yuqoridan shunaqa topshiriq boʻldi.

– Oʻrtoq boshliq, birinchidan, bunday ishlarga bizda mablagʻ ajratilmagan, ikkinchidan, bu yumushlar bizning odamlarning qoʻlidan kelarmikan, – eʼtiroz bildirdi bosh hisobchi, – shaxsan men mana bu hassam bilan nima ham qila olardim.

– Berdisini aytguncha sabr qiling, hurmatli hisobchi, – piching qildi boshliq, – sizga hech kim qoʻlingizga ketmon olib, daraxt eking, demayapti, xoʻpmi? Mehnat insonni ulugʻlagan. Ana, qarang, katta-yu kichik – hamma koʻchada ishlayapti. Qachongacha idoramiz oldini talabalar tozalab berishadi?

Xoʻsh, hurmatli jamoa, loʻnda qilib aytganda hashar uyushtiramiz. Men kasaba uyushmamiz rahbari bilan taxminiy reja tuzganman. Shuni sizlarga oʻqib bersam.

Birinchi band oʻrinbosarim Safoyevga tegishli. Salimjon, adashmasam, oʻgʻlingiz oʻrmon xoʻjaligida ishlaydi, toʻgʻrimi?

– Ha, shofyor boʻlib ishlaydi. Tashkilotlarga nihol tashiydi.

– O, yashang, ana shu jiyanga tayinlasangiz, nihol keltirib beradi. 30 ta nihol bilan oʻrmon xoʻjaligi xazinasi kamayib qolmaydi.

Xoʻsh, endigi band jamoatchilik bilan ishlash boʻlim boshligʻi Sanjarovaga. Muhabbatxon, bilamiz, eringiz, yaʼni turmush oʻrtogʻingiz SESda ishlaydi. Ularda haligi, nima deydi, umuman, dori purkagich bor. Mutaxassisini yuborsa, dori oʻrniga ohak solib, devorga purkab beradi. Ular uchun bu ish problema emas. Aytganday, bir chelak tozalangan ohakni ham oʻzi bilan ola kelsin.

– Hamza Qodirovich, menga tozalashdan toʻplangan chiqindini olib ketishni topshirsangiz. Uyimni taʼmirlayapman. Qayin ukam ertaga chiqindini chiqarishga mashina beradi. Biratoʻla ishxonadagini ham olib ketamiz.

Ikkinchi oʻrinbosarining bu tashabbusidan boshliq xursand boʻldi.

– Malades! Gap bundoq boʻpti. Olimboy, siz devorning ustki gʻishtlarini almashtirish, suvoqlarni tuzatish bilan shugʻullanasiz. Bilaman, quruvchilardan tanishingiz koʻp. Ha, endi profsoyuz rahbari durustroq ishni gardaniga olishi kerak-da, toʻgʻrimi?

Xullas, har kimga vazifa yuklatildi: kotibaga bir quti rang, bogʻbonga belkurak va ketmon, farroshga ikki xil supurgi, kompyuter ustasiga ovqat tayyorlash.

Ammo qorovuli tushmagur har galgidek yana xarxasha qildi.

– Xoʻjayin, doimo hasharning ogʻiri menga qoladi. Birinchidan, jamoadan hech kim kelmaydi. Ikkinchidan, chetdan yollanganlar hamma ishni qoʻl uchida bajarishadi, barcha narsa joy-joyida qolib ketadi. Uyalganimdan oʻzim yigʻishtiraman. Buning ustiga meni tushlikka chaqirishmaydi. Uydan olib kelgan non-u qandni yeb oʻtiraman.

– Abdulla aka, ogʻzim bor deb har neni gapiraverarkansiz-da? Keliningizni, qizingizni ishga oldim. Yetmishga kirdingiz. Hurmatingiz uchun toʻla shtatda saqlab turibman. Yana nimadan norozi boʻlasiz? Yilida bir kun ishlabsiz-da!

Qorovul Abdulla aka bosh egdi.

Ammo Hamza Qodirovich ertasiga tuman rahbari huzurida xuddi shunday ahvolga tushishini xayoliga ham keltirmasdi.

Ochigʻi, tuman rahbari hasharning borishini nazorat qilar ekan, bu idora yoniga kelganda tartibsizlikni koʻrib, tutab ketdi:

– Hamza Qodirovich, shu arzimagan yumushni ham eplay olmabsizda-a? Insofingizni yeb qoʻyibsiz. Jamoani-ku ishlata olmabsiz, oʻgʻlingizga iltimos qilsangiz boʻlmasmidi? Har gal idorangiz oldini u direktorlik qilayotgan kollej bolalariga tozalatardik. Boring, haliyam kech emas. Yana iltimos qiling. Ikki soatdan keyin oʻzim kelib koʻraman!

Hamza Qodirovich mulzam boʻlib, uyali telefonidan oʻgʻlining raqamini tera boshladi…

 

Farmon TOSHYeV

 

“Yoshlik”, 2013 yil, 1-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.