Haqqush

0
729
marta koʻrilgan.

Doʻstlarim: “Juda siqilib ketdingiz, aylanib kelamiz”, deb toqqa sudrashdi. Alla-pallagacha oʻtgan-ketgandan gaplashib oʻtirdik. Qiziq, har gal bosh ustiga bosib tushgudek magʻrur qad kerib turgan togʻlarni, ulkan novvot parchasidek qirrador qoyalarni koʻrganda hayot abadiy emasligini oʻylayman. Qorongʻi osmonda yana ham qoraroq soyadek qilt etmay turgan bu qoyalar bizga oʻxshaganlarning necha-nechasini koʻrdi ekan?.. Faqat ularning tili yoʻq…

Kechasi tunagan joyimiz sovuq edi. Anchagacha uxlay olmadim. Tashqarida teraklar shitirlaydi. Qayerdadir, yaqin joyda daryo shovullaydi. Bir mahal qulogʻimga dilni orziqtiruvchi mungli tovush chalindi: “Haq-qu, haq-qu…” Bir zum sukunat tushdi-da, ancha olisdan yana oʻsha tovush takrorlandi: “Haq-qu, haq-qu…”

Bola edim, goʻdak edim. Onam aka-ukalar haqida gʻalati bir choʻpchak aytib bergan edi. Emishki, bir zamonlar ikki aka-uka yashagan ekan. Birining oti Ilhaq, ikkinchisiniki Ishoq ekan. Ikkalasi bir-birini koʻrarga koʻzi yoʻq, juda noahil ekan. Ularning koʻnglini olaman, deb ikki oʻrtada onalari adoyi tamom boʻpti. Shunda qodir Xudoning qahri kelibdi-yu, ikkovining ham koʻzini koʻr qilib, qushga aylantirib qoʻyibdi. Shundagina aka-uka bir-birini koʻrmasa turolmasligini, bir-biriga kerak ekanligini tushunishibdi. Oʻshandan beri ikkalasi kechalari boʻzlab bir-birini chaqirib chiqisharmishu, topolmas emish…

Tashqarida hamon terak barglari shitirlaydi. Daryo shovullaydi. Mana shu shovullagan sukunat ichida dilni titratadigan iztirobli nido yangraydi: “Ilhaq! Is-hoq!..”

Bechora onam! Oʻsha iztirobli afsonani aytayotganingda inidan moʻralagan qaldirgʻoch bolasidek koʻrpadan bosh chiqarib yotgan besh bolang bir-biri bilan inoq boʻlishini shunchalik xohlaganmiding!

…Onalar farzandlari hamisha birga boʻlishini istaydilar. Qismat esa, ularni qanot chiqarishi bilan har yoqqa uchirib ketadi. Hayot loaqal shu masalada ham onalarga shafqat qilmaydi.

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

“Dunyoning ishlari”dan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.