Haqqoniyat

0
18
marta ko‘rilgan.

Haqqoniyat deb ishda to‘g‘rilik, so‘zda rostlikni aytilur. Inson bo‘stoni salomatga, gulzori saodatga haqqoniyat yo‘li ila chiqar. Insoniyatning ildizi o‘lan rahmdillik, haqshunoslik, odillik kabi eng yaxshi sifatlarning onasi haqqoniyatdur. Janobi Haqning shu nomi muborakini muqaddas bilgan kishi hech vaqt haqqoniyatdan ayrilmas, chunki haqqoniyat nuri qaysi dilda jilvagar o‘lsa, janobi Haqning tavfiqi rabboniysi shu dilda nash’u namo qilur. Aql egalari, vijdon sohiblari har vaqt ko‘rgan, qilgan va bilganlarini, haqiqatni va to‘g‘risini so‘zlar. Ishda to‘g‘rilik birovning nafsiga, moliga xiyonat qilmov, so‘zda to‘g‘rilik har vaqt rost so‘zlamaklikdur.

 

Rostlig‘ haqning rizosini topar,

To‘g‘ri yo‘lda yo‘q bo‘lurmu hech chopar?

 

Bizim shariati islomiyada agar bir kishining haqiga bo‘hton qilinub, qilmagan ishni qildi deb so‘z so‘ylansa, bilgan kishi rostini so‘zlab, shul kishini oqlamak vojibdur. Rasuli akram nabiyyi muhataram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: “Annajotu fissiddiqi – najot rostlikdadur”, – demishlar. Hazrati mavlono Rumiy: “Islomiyat ayni haqqoniyatdur. Haqni qabul qiluvchilar huquqi shar’iyani saqlamoqg‘a buyurulmishdurlar. Chunki shariat hukmlarining eng asosiy ildizi haqqoniyatdan iboratdur”, – demishlar.

 

Haqshunoslik o‘lmoq sharofatdur jahonda odama,

Haqni izhor aylamak birla ko‘ruk ver olama.

Yarashur insona sidqu to‘g‘rilik gar ko‘rsa girih,

To‘g‘rining yordamchisidur haq taolo g‘am yema.

To‘g‘rilarning maskani firdavs ayvonidadur,

Egrilar ikki jahonda g‘am-alam konidadur.

 

Abdulla AVLONIY

 

“Turkiy Guliston yoxud axloq” kitobidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.