Hamdardlik

0
139
marta koʻrilgan.

Necha kundan beri ichi gʻash. “Nima qilsam ekan?” – degan savol uni qancha vaqtdan beri qiynaydi.

Ertalab uydan qanday chiqqanini bilmadi. Eri kecha oqshom ham uyga kelmadi. Oʻgʻli shamollab qolgan chogʻi, quv-quv yoʻtaldi, ovqatdan nomiga totingan boʻlib, behol yotib oldi. Qizi esa xonasidan chiqmay, kompyuterdan bosh koʻtarmadi. Nima qilyapsan, desa, koʻrmayapsizmi, oyi, dars qilyapman-ku, deydi. Hali uchinib turgan oʻgʻlini oʻrab-chirmab arang maktabga kuzatdi, qizi esa shuncha yalinsa ham ishtaham yoʻq deya nonushta qilmasdan oʻqishga joʻnadi.

Mana, necha oydirki, shu ahvol, hammalarining kayfiyati yoʻq. Eri kun oʻtkazib, qoʻyni-qoʻnjini toʻldirib, bozor qilib kelgan boʻladi. Keyin uyga birrovgina qoʻnib, allaqanday safarlarni vaj qilganicha yana qochib qoladi.

Yuragi alangayi otash boʻlib yonyapti. U nima gapligini allaqachon sezgan, barini anglab yetgan edi: “Erimning jazmani bor!”

Ayol qalbi xiyonatni darrov sezadi…

Qulogʻiga olislardan onasining bayt aytgan ovozi chalinganday boʻladi:

 

Ket desang, mahshar ketarman,

Hammadan xoʻrlik yomon…

 

Oʻshanda onasi dimogʻida xirgoyi qilgan baytning magʻziga tushunib yetmagan ekan… “Bunday yashab boʻlmaydi! Tezroq eri bilan gaplashib, orani ochdi qilib olishi kerak, bugunoq! Kerak boʻlsa ajrashadi, oʻzini yerga urib oʻtirmaydi. Erimi, ana, katta koʻcha, istagan tomoniga ketaversin! Toki xotini, bolalarining yuzini qilmay boshqasini maʼqul koʻribdimi, oʻsha topgan jononi bilan yashayversin!” U oʻylab-oʻylab shunday qarorga keldi.

Ishga kelsa, kabineti oldida ancha odam toʻplanib qolibdi. Bugun muhim ishi bor, qachon koʻrib boʻladi shuncha ayolni? Yoʻq, bekorga vahima qilgan ekan, qabul kuni tugamasdanoq koʻrib boʻldi ularni.

– Dildora, qarang-chi, yana birov qoldimi? – deya hamshirasiga yuzlandi-da, telefonini chiqarib, soatiga qaradi.

U erining ishxonasiga aytmasdan borib, gaplashib olishni reja qilgan edi. Qoʻngʻiroq qilib borsa, eri atayin telefonni koʻtarmaydi, koʻtarsayam biror bahona qilib, suhbatni keyinga qoldiradi, bu aniq. Erining shunday qilishini koʻngli sezardi.

– Habiba Komilovna, hech kim qolmadi shekilli, – hamshira shunday deyishini biladi, birdan eshik qiya ochildi, bir juvon bosh suqib xonaga moʻraladi.

– Mumkinmi? – juvon iymanibgina soʻradi.

– Kiring! – dedi noiloj.

Oʻttiz besh yoshlar chamasidagi ozgʻingina ayol asta uning qarshisidagi kursiga choʻkdi. Juvon ruhsiz koʻrinar, anchadan beri sartarosh qoʻli tegmagan shekilli, bir shaklga kelmagan sochlarini orqasiga sochtoʻgʻnagʻich bilan shunchaki yigʻib qoʻygandi. Egniga ham tussiz koftayu qora yubka kiygan, oyogʻiga ilgan tuflisining changi artilmagan, xullas, uning aft-angori necha kunlar ogʻir bemorga qarab oʻtirgan odam kepatasida, tushkun, horgʻin koʻrinardi.

– Eshitaman, – u oldidagi qogʻozdan koʻzini uzib, ayolga qaradi.

Juvon bir necha muddat nima deyishini bilmay kalovlanib qoldi.

– Doktor… – juvon nima deyishiga hayronday bir yutinib oldi. – Men…

– Gapiring… – juvonni tezgina koʻrmoqchi edi, shu sababli uning chaynalishidan betoqat boʻldi. – Xoʻsh?..

Juvon axiri oʻzini qoʻlga oldi. Omonat oʻtirgan kursiga joylashib oʻtirdi. Soʻng shartta dedi:

– Men tugʻmoqchiman!

Juvon bu soʻzlarni shunday qatʼiyat bilan aytdiki, u ajablanib ayolga qaradi. Xuddi nazarida ayol soʻzlari unga: “Men oʻzimni oʻldirmoqchiman!”  – degani kabi jarangladi.

– A? – shunday dedi-yu, keyin ichida oʻzini koyidi. “Ayollar doktori boʻlsang, ayol kishi huzuringga nima uchun keladi? Uning dardlaridan biri  – tugʻish boʻlsa, nega ajablanasan?”

– Doktor, men shunga sizga koʻrinay, analizlar boʻlsa topshiray degandim,  – dedi juvon endi osoyishta. Aftidan, u oʻzini bosib olgan, doktor qabuliga nima maqsadda kelganini tushuntirishga qodir boʻlib turardi.

U odatda qabuliga kelgan ayollarga savol bergani kabi soʻradi:

– Yoshingiz nechada? – ayolga sinchiklab nazar soldi. – Bolalaringiz bormi?

Juvon doktordan aynan shu savolni kutganday, bezovta boʻldi, oʻziga keldimi, birozdan soʻng dedi:

– Oʻttiz oltiga chiqdim, ikkita oʻgʻlim bor.

“Mendan toʻrt yosh kichik ekan”, – negadir xayoliga shu oʻy keldi. Bu oʻyni xayolidan quvdi-da, yana juvonni soʻroqqa tutdi:

– Qiynalasiz, yoshingiz kattalik qiladi, – dedi zimdan juvonga razm solarkan. – Bor ekan-ku oʻgʻillaringiz, shularni katta qilavermaysizmi? Yoki qiz koʻrmoqchimisiz?

Juvon kalovlanib qoldi, qayerga qoʻyishni bilmaganday qoʻllarini asabiylik bilan tortqiladi. Soʻng sekin dedi:

– Baribir…

Uning toqati toq boʻldi, telefonini ochib, yana soatga qaradi: qabuli tugab qolibdi, axir bugun oʻta muhim ishni bajarishni moʻljallagan boʻlsa… Bu juvonning boshqa dardi bor, koʻrinib turibdi. U qoʻl siltadi, tugʻmoqchi ekan, tugʻavermaydimi, unga nima? Shoshilib: “Mana shu analizlarni topshirib keling, ana, hamshira yozib beradi. Keyin siz bilan gaplashamiz”, – demoqchi boʻlib ogʻiz juftlagan, endi oʻrnidan turishga hozirlangan ediki, juvon chaqqonlik qilib qoldi:

– Erimning oʻynashi bor…

U juvonning bu soʻzlarini eshitib, oʻrniga qayta oʻtirdi. Nazarida bir onda allaqanday hamdardlikka oʻxshash gʻalati tuygʻu butun vujudini qamrab oldi.

– Shuning uchun tugʻmoqchiman, – juvon nihoyat ichidagi borini toʻkib, yengil tortganday doktorga qaradi. – Uchta bolani tashlab ketolmaydi.

U soʻnggi qarorini qatʼiy aytgan juvonga boshdan-oyoq qaradi. Boshqa payt boʻlganida, ha, bundan bir yillar muqaddam boʻlganida ham shunday masalada qabuliga kirgan bu juvonga: “Singlim, siz yaxshisi, avval psixologga bir koʻrining, maslahatini oling, keyin oldimga kelasiz”, – deya muloyimlik bilan kuzatib yuborgan boʻlardi. Lekin hozir…

– Bola erkakni ushlab qoladi, deb kim aytdi sizga? – u qarshisida oʻziga benihoya umid bilan tikilgan juvonning koʻzlariga qaradi. – Ishoning, bu yoʻl bilan munosabatlaringizni saqlab qololmaysiz.

Bu gaplarni qanday aytdi, bu soʻzlar tiliga qaydan keldi, oʻzi ham bilmaydi. Yana soʻzlar koʻnglidan quyilib kela boshladi:

– Koʻngli yarimlarni koʻpaytirib nima qilasiz? Undan koʻra eringiz bilan ochiq gaplashing. Hamon sizdan oʻsha xotinni afzal koʻrgan ekan, ketaversin, oyogʻiga yopishmang.

Juvon unga angrayib qarab qoldi. Doktorning bu qadar qizishib, jon kuydirib aytgan soʻzlariga dabdurustdan javob qaytara olmadi.

Oraga chuqur sukut choʻkdi.

– Siz… ajrashing demoqchimisiz? – asta bu sukutni buzdi juvon. – Shundaymi, toʻgʻri tushundimmi?

U juvonning cheksiz iztirob zohir soʻlgʻin yuzlariga, alam toʻla koʻzlariga qaradi.

– Boshqa nima ilojingiz bor… – deb javob qaytardi u boʻshashib.

Yana oraga sukunat tushdi.

– Unday qilolmayman, – dedi oradan birmuncha vaqt oʻtgach, juvon yerga qarab. Keyin boshini koʻtarib, doktorga tik qaradi: – Gapingiz toʻgʻri, ayol kishining oʻz gʻururi, ori boʻlishi kerak. Menga qolsa, uni bir daqiqa ham ushlab turmasdim. Lekin bola hech qachon sizning koʻnglingizdagini tushunolmaydi. Oʻzim bolalar bilan ishlayman, internatda tarbiyachiman. Bolalarning oʻz haqiqati bor, – u qiziqqandan-qiziqib, juvonning gaplariga quloq tutdi. – Ular hamma narsaga, qiyinchiliklarga, kasalliklarga chidashi mumkin, ammo oilaning buzilib ketganiga chidolmaydi. Ayniqsa, otasi yoki onasi tashlab ketganini hazm qilolmaydi. Koʻngillari sinadi, alamzada boʻlib qoladi. Bu voqea ularning taqdiriga ham taʼsir etmay qolmaydi.

U hayratdan qotib qoldi. Xudo haqi, u bu haqda sira oʻylab koʻrmagan ekan.

– Xoʻp, shunday ekan, nega yana tugʻmoqchi boʻlyapsiz? – dedi kuyunib. – Oʻzi oilangiz omonat, moʻrt boʻlib turibdi-ku…

Juvon gʻaribgina jilmaydi.

– Erim juda rahmdil, bilaman, bolalar uchta boʻlsa, ajrashishga koʻzi qiymaydi. Bir kuni deng, – ayol birdan xoʻrsindi. – Oʻsha ayolni… gapirib qoldi. Qarang, oʻsha… nomini tilga olgim ham kelmaydi! Oʻsha xotin yolgʻiz emish, unga qiyin emish… bir suyanchga, mehrga muhtoj emish! Axir men, bolalarim…

Juvon gapirolmasdan birdan hoʻngrab yigʻlab yubordi.

U juvonga nima deb tasalli berishni bilmay shoshib qoldi. Nima desin, axir oʻzi yupanchga, tasalliga zor boʻlsa…

– Singlim, sizga bir maslahat beraymi? – juvon bilan gaplasharkan, necha oylardan buyon yuragida botmon tosh boʻlib yotgan alamlari picha tarqaganday boʻldi. Shuning uchunmi, shu qisqa vaqt ichida dardkash boʻlib qolgan bu juvonga yaxshi gapirgisi, toʻgʻri maslahat bilan yordam bergisi keldi.

Juvon bosh irgʻadi.

– Mening gapimga quloq solsangiz, tugʻiladigan bolaga ham jabr qilmang. Oʻzingiz siqilib, ezilib yuribsiz, bu ahvolingizda bola sogʻlom tugʻilarmikin? Shuni oʻylang. Undan koʻra, oʻzingizga qarang, oʻgʻillaringizni yaxshi tarbiyalang. Eringiz bilan ajrashasizmi yoʻqmi, oʻzingiz bilasiz. Agar eringiz siz aytganday, rahmdil boʻlsa, bola uchta boʻldi nima, ikkita boʻldi nima, tashlab ketmaydi. Mana, oʻqimishli ayol ekansiz, oʻzingizni qoʻlga oling. Bir kunlar kelib, eringizning oʻzi attang qilib qolsin, toki sizni kim bilan almashtirganini tushunib yetsin.

Nega u bu gaplarni juvonga aytdi, qanday aytdi, oʻzi ham bilmaydi. Yo boʻlmasa oʻzi ich-ichdan umid qilib yurgan oʻylarini hozir tiliga chiqarib yubordimi…

Juvon umid bilan unga qaradi. Juvonning koʻngli ancha taskin topdi shekilli, boya kirib kelganidan ancha osoyishta, sokin koʻrindi.

– Habiba Komilovna, vaqt boʻldi, men ketaveraymi? – dedi besabrlik bilan boyadan beri ularni kuzatib oʻtirgan hamshira.

Juvon nihoyat doktorning vaqtini olib oʻtirganini anglab yetganday boʻlib, xijolatomuz dedi:

– Uzr, men boray… rahmat sizga…

Juvon bilan suhbatlashib, oʻzining ham koʻngli ancha yorishgan edi.

– Yaxshi boring, – dedi ochiq chehra bilan.

Juvon xonadan chiqqach, u shoshilmay oʻrnidan turdi, narsalarini yigʻishtirdi. Eri bilan qatʼiy gaplashib olish fikri, ajrimni taklif qilish qarori oʻz-oʻzidan barham topgan edi.

 

Maʼsuma AHMEDOVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–4

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.