Habiba buvining choli

0
165
marta koʻrilgan.

Ancha yillar burun tuman kasalxonasida davolanishga toʻgʻri keldi. Shifoxona yongʻoqzor bogʻ orasida joylashgan, askarlarning kazarmasiga oʻxshagan bir qavatli bino. Uzun yoʻlak. Qator palatalar… Bizning palata olti kishilik edi.

Birinchi kuni kechqurun doʻxtir emlagach, qotib uxlab qolibman. Bir mahal gʻalati tovushdan uygʻonib ketdim. Kimdir derazani taqillatdi. Soʻng qaysidir deraza gʻiyqillab ochildi.

– Obbo! – dedi yonimdagi karavotda yotgan bemor norozi toʻngʻillab. – Anavi chol tagʻin soʻfi uygʻonmasdan keldi! Har kuni shu ahvol!

– Tuzukmisan, Habiba? – degan ovoz eshitildi. Cholning qulogʻi ogʻirroq shekilli, shangʻillab gapirardi. – Qaymoq obkeldim. “Tirmizing”da choy bormi? Issiqqina ichib ola qol, Habiba!

Devor ortidan ayol kishining kuymanib gapirgani eshitildi:

– Nima zaril sahari mardonlab, otasi? Hali bolalar bilan kelardingiz. Necha marta aytaman, ovora boʻlmang, deb!

– Choyingni ichib ol! – dedi chol tagʻin ovozini baralla qoʻyib. – Ovorasi bor ekanmi? Bomdod namozini oʻqib kelaverdim-da!

Bemorlar uygʻonib ketdi… Har kuni boʻladigan “hangoma”ni aytib berishdi. Chol saharlab biron tansiq yegulik koʻtarib kelar, to kampiri “issiqqina” choy ichib olguncha poylab turar ekan.

Habiba buvi mayizdekkina boʻlib qolgan, ammo ikki yuzi qip-qizil, nurli kampir ekan. Tushlikda chol tagʻin keldi. Oʻgʻli bilanmi, nevarasi bilanmi. Bir qoʻlida hassa. Bir qoʻlida tugilgan belbogʻ… Chol-kampir yaproqlari sargʻaygan azamat yongʻoq tagidagi uzun harrakda oʻtirib, uzoq suhbatlashdilar.

Shu topda ikkovi bir shoxga qoʻnib turgan ikkita musichaga oʻxshab ketardi.

Bir kuni kampirni hamxonalari – bemor qiz-juvonlar oʻrtaga olishdi:

– Buvi, cholingiz sizni nega buncha yaxshi koʻradilar?

Kampir biyrongina ekan.

– Shuncha yil birga yashagandan keyin yaxshi koʻradi-da! – dedi ishonch bilan. – Yaxshi koʻrmay qayoqqa borardi!

Bu yoqdan erkak bemorlar ham gapga solishdi:

– Toʻydan oldin cholingiz bilan necha marta svidaniyega borgansiz, buvi?

– “Svidanang”ni boshimga uramanmi, – dedi kampir beozor koyib. – El qatori sovchi qoʻyib, uylangan. Goʻshangada yuz koʻrishganmiz…

Oradan yillar oʻtgach, oʻsha chol-kampirni koʻp eslaydigan boʻldim. Shunda bir haqiqatni angladim. Yoshi oʻtgan sayin odam mehrga muhtoj boʻlib qolarkan. Shuning uchun ham bir-biriga koʻproq mehr bergisi kelarkan.

 

Oʻtkir HOSHIMOV

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.