Gʻussa

0
163
marta koʻrilgan.

Besh oydirki, Rohila kallai saharlab turadi. Avval koʻrgan uzuq-yuluq tushini eslamoqchi boʻladi. Lekin eslolmaydi. Soʻng toʻzgʻigan, oq tolalari kun sayin koʻpayib borayotgan sochlarini tuzatadi. Keyin yonginasida pishillab uxlab yotgan, yuzlari kir-chir bolalariga termuladi-yu, yuragi ezilib ketadi. Chuqur xoʻrsinib, ertalabki nonushtaga nima tayyorlashi kerakligini oʻylay boshlaydi. Kecha ertalab oxirgi qandni boʻlashib bergan edi. Bugun-chi?.. Yirtiq dasturxonga nima qoʻyadi?..

Besh oydirki, Rohila musaffo tonglar bilan xayrlashgan. Eh, oldinlari-chi… U yoshligidan tonglarni sevardi. Sof va musaffo havo tomir-tomirlarigacha kezib yurganini his qilardi, vujudi yayrardi. Shunday dilbar tonglarni yaratgan tabiat moʻjizasidan hayratlanar, uni mehr va muhabbat bilan sinchiklab kuzatardi. Ayniqsa, sutga chayilgandek oppoq tonglarni dil-dilidan yaxshi koʻrishini taʼriflab boʻlmasdi…

Endi-chi? Na zavq oladi, na taʼsirlanadi. Na kulishini va na yigʻlashini biladi, oʻsha kasofat ish boʻldi-yu, hamma narsadan yuragi bezib, tonglardan hayratlanmay qoʻydi. Koʻziga hamma narsa sovuq va yoqimsiz koʻrinadi…

 

* * *

Uning har tong birinchi qiladigan ishi – havozaga qistirilgan choʻltoq supurgini oladi. Shoʻr bosgan supani, darvozaxonani, yoʻlaklarni chinniday qilib tozalaydi. Bu ishi unga bolaligidan odat. Esida: rahmatli buvisi Jangʻil kampir har tong oʻrnidan turgʻazib qoʻliga supurgi berardi va: “Yoshligidan oʻrgansin, boshiga tushsa qiynalib qolmaydi”, derdi. Yoshligidan oʻrgangan odatini tark etgani yoʻq. Oʻzbekning eshigi doimo ochiq, bittaning kelishi, bittaning ketishi bor. Nima boʻlganda ham, hamma yoq top-toza turgani yaxshi-da.

Eri Boymurod ham tozalikni yaxshi koʻrardi. U ham goʻzal tonglarni sevardi. Endi esa…

Soʻngra u dastasi qiyshiq, eski chelakni olib, bir nimadan umidvor boʻlib ayvonga boradi. Sigir ham goʻyo “seni kutib turuvdim-a” deganday erinibgina qaraydi. Ayvonning chetida yotgan buzoq jonivor xoʻmrayadi. Kecha oqshom bolalari Turkmanariqning boʻyidan terib kelgan oʻtdan bir siqim sigirga tashlaydi va uni sogʻa boshlaydi. Chelakning ostidagi bilinar-bilinmas suvga uzun va oriq barmoqlarini namlab olib, chandir yelinni umid bilan tez-tez choʻza boshlaydi… Xayriyat, bergan sutiga bir obgardon suv qoʻshsa, shirchoy boʻladi. Bolalariga tangaday-tangaday saryogʻ solib bersa, harqalay, toʻq saqlaydi. Buning ustiga, kecha kenjasining mazasi qochib, doʻxtirga borgan edi: “Yanga, iloji boricha sut bilan qatiq ichiring”, deb qoldi. Bu oʻlgurning u kundan bu kunga beradigan suti nimaga ham yetardi. Ertalab bolalarni avrasa boʻlgani. Endi kimga ham sut deb boradi. Tunov kuni yon qoʻshnisi Arofatnikiga qizchasi Tulgʻanoyni yuborsa, “Oʻzimizga yetmaydi-yu”, deb toʻngʻillaganmish. Rost-da, ularga ham qiyin. Bir hovlida oʻn uch jon bir sigirdan umidvor. Hozir hech kim oʻzidan ortmaydi. Bu yoqda xoʻjalik rahbarlari oila boshiga bir tonnadan shoʻra va yantoq chopib berish kerak, deb oyoq tirab olgan.

Uydagi mollar esa och…

U turar ekan, katta-katta koʻzlarini unga qadagan sigirga alamzadalik bilan qaradi. Soʻngra sal yumshab, oʻylay boshladi: “Hozir shunaqa kunlarga qoldik, jonivor. Mana, sen ham hademay quritasan. Keyin holimiz ne kechadi? Men bilan sen borga ham, yoʻqqa ham chidaymiz. Bolalarimiz-chi?.. Ana shularga qiyin. Ular tushunarmidi buni. Ayb ularda ham emas. Hammamiz ham bolalikda shunaqa boʻlamiz…

Mana, olti oydan beri xoʻjayinimiz yoʻq. Uni qamashdi. Tepada Xudo bor, uning zarracha ham aybi yoʻq edi. Bir ogʻiz gapga qamashdi-qoʻydi. Endi hammamizga ogʻir boʻldi. Axir, hovlida bir erkakning boʻlgani yaxshi-da.

Hozirgi kunda boshingga ogʻip kun tushmasin. Ogʻayningni ham, doʻstingni ham katta-kichigi sendan yuz oʻgirar ekan. Oʻshandan buyon bu uyda odam bormi-yoʻqmi, deb hech kim soʻrab kelmadi. Ana shunday paytda bilinadi-da, odamzotning qadri. Pichoq ur – qon chiqmaydi. U bechora hech kimga yomonlik qilgan banda emas. Endi bir ogʻiz gap qaytarganiga nomardlar shu koʻyga solishdi-da uni. Nomi yomonotliq boʻldi. Lekin xudoyim hammasini koʻrib turibdi. Yomonlarning albatta jazosini beradi.

Sen jonivorda ham nima ayb. Yemishingni oʻz vaqtida berolmasak, yetaklab boqishga ham joy yoʻq. Koʻp xoʻrsinaverma, jonivor, hammamiz ham musofirmiz. Biror kun qorning toʻyadigan vaqt kelar, oʻshanda chelak-chelak sut berarsan. Ishqilib, xoʻjayin tezroq qaytsin-da. Bolalar ham u kishini juda cogʻingan…”

Buzoqcha choʻzib maʼradi. Sigir bolasiga oʻgirildi. Rohila esa bir tutam oʻt olib buzoqchaga berdi. Soʻng qoʻlidagi chelakni ayvoncha chetidagi ilgakli simga ildirib, “Tovuqlar qypgʻyp tuxum qoʻygandir”, degan xayolda tovuqxona tomon yurdi.

– E, qaqillamay qaqodoning teshilgurlar-yey!

Uning ovoz chiqarib koyinishlari bekor ketdi. Beshta tovuqdan zoʻrgʻa bittasi tugʻibdi. Hafsalasi pir boʻldi. “Bekorga qaqillashadi, – tovuqxona chetidagi kundaga oʻtirib, oʻylay boshladi u. – Quruqqa tomoq qoqishadi. Shu tovuqlar ham odamni aldaydi-ya. Uch kundan buyon bitta tuxumga shuncha qaq-qaq. Tavba, bular ham Xudoning bir mahluqi-da. Shu oʻlgurlarda ham nafs bor. Rizqini terib yeydi. Qani, endi odamzot shunday boʻlsa. Yoʻq! Unda “Sen yomonsan, sen boshliqni soʻkding”, deb kimni qamashadi? Oʻshanda kim boʻyruq qiladi-yu, kim bajaradi? Shunday yaratganiga ham shukr, boʻlmasa, bir-birining koʻzlarini choʻqib olardi bu odamlar… Endi shu kunlarda mushtday-mushtday tuxumlaringni toʻtiyo qilmanglar. Koʻrib turibsizlar, xoʻjayinimiz ketgandan buyon ahvolimiz ogʻirlashib qoldi. Ayniqsa, bolalarga qiyin. Sizlar bola tugʻib koʻrmagansizlar-da, bilmaysizlar, qaqajonlar. Tunov kuni Marziyaga muallimi “Agar forma olmasang, darsga kelma”, debdi. Pul yoʻq, qayerdan olamiz. Bechora besh kundan beri yigʻlaydi, maktabga bormaydi. Axir, bitta mening ketmon chopganim nimaga ham yetardi?

Endi, sizlardan bir narsa olish uchun bir narsa berish kerak. Donning ham qolganini ekdik. Nima qilamiz? Xoʻjayinimiz qaytguncha taqdirga tan berib yashayveraymiz-da…

Oʻzlaring ham bilasizlar-ku, oʻsha kuni hovlida donlab yurgan edilaring. Yer oʻlchovchilar kelib qoldi. Haligi daroz hisobchi tanob choʻpini u yoqdan – bu yoqqa tashlab chiqdi. Ikki tanob yer ziyod ekan. Ular bir-birlariga “Nima qilamiz?” deb qarab turishgandi, sovxozning partkomi kelib qoldi. Hisobchi bola bidirlab hammasini unga tushuntirdi. Partkom hovlining ichini oʻzicha chamalab, keyin yuqorida ekilgan bugʻdoyzorga ishora qilib: “Huv, oʻsha yerni buzinglar, oʻrniga paxta ekasizlar”, dedi. “Aka, beshta bolam bor. Ularning rizqini qirqmang. Kelgusi yil ekmaymiz, davlatga beramiz”, dedi Boymurod gapga aralashib. “Shuncha ortiqcha yerni egallab olibsiz, yana gapingizni qarang. Oʻroq solinglar”, deb buyruq berdi partkom yer oʻlchovchilarga.

Shunda Boymurod hovlida oʻynab yurgan bolalarini bugʻdoyzorning chetiga qator qildi. “Bugʻdoyning egasi shular!” deb turib oldi. Bolalar esa izillab yigʻlashardi. Mening ham yuraklarim qon boʻldi.

– Hali shunaqa qilib yengmoqchimisan yo qoʻrqitmoqchimisan, ahmoq! – baqirdi partkom.

Boymurod ham toʻlib turgan ekanmi:

– Oʻzing ahmoqsan! Sizlar ham bilasizlar kimni siqishni, – dedi jahl bilan.

Boʻlgan gap shu. Shu yerda akt tuzishdi. Kechqurun melisa kelib olib ketdi. Karmanada oʻn besh kun yotdi. Soʻng Kattaqoʻrgʻon turmasiga olib ketishdi. Borib koʻrolmadik ham bechorani. Mayli, yarmi qoldi. Nachora, kutamiz. Yomonlarning jazosini xudo berar… Koʻp ham tugʻmasdan yurmanglar, hech boʻlmasa, kun ora tugʻib turinglar. Bir shamollanglar…”

U tovuqxonani ochib tovuqlarni chiqarib yubordi. Oʻzini yengil his qildi. Gʻyccaci biroz tarqaganday boʻldi…

 

* * *

Ranglari siniqib qolgan Rohila bolalariga shirchoy qilib ichirdi. Katta qizi Marziyaga ukalarini qoldirib, dalaga joʻnash taraddudiga tushdi.

– Ona, qachon forma olib berasiz, bugun ham maktabdan qolamanmi? – deb yigʻladi qizi.

– Yigʻlama, kelayotgan bozorda tovuqlardan sotamiz. Oʻsha puldan olib beraman. Ukalaringdan ehtiyot boʻl. Hovlining u yer-bu yerlaridan oʻt yulib sigirga beringlar. Ukalaring yigʻlasa, savatdagi qotgan nondan ivitib bergin.

U ishga ketaturib: “E, lahadga tiqay senlarni. Qaro yerga borib qaqilla! Kisht-ye”, deya supa yuzidagi yirtiq kovushni olib, yangi ekilgan bugʻdoylarni titkilayotgan tovuqlarga qarab irgʻitdi.

 

Ashurali JOʻRAYEV

 

“Yoshlik”, 2016 yil 8-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.