Gulkari

0
29
marta ko‘rilgan.

 – Obbo, shu devoring ko‘zimga baloday ko‘rinadi-da! Ichkarida bo‘lsayam mayliydi. Asli, indinini urgan: buzib boshidan qurish kerak.

Eshmirza kunayning gapi Elomonni ajablantirsa-da, u devorning boshi – burchagidan oyog‘iga qarab o‘q otayotgan mergandek ko‘zini qisib qaradi: ko‘zga ko‘rinarlik biror aybni sezmagach, yelka qisdi.

– To‘rt-besh yil loyning ichida yurib o‘zimiznikini o‘nglab suvamasak, o‘rgangan hunarimiz bir pul-da! Anavi, qibla tomondagi burchakka Qo‘dir tosh qo‘yuvdik, shu buzayaptimikan? O‘sha joyi sal qalinroq…

Eshmirza kunay o‘zining sinchiligini isbotlagandek kekirdagini cho‘zib qo‘ydi-da, burchakka o‘tib tovoni bilan devorni avaylagannamo tepdi. Barmoqlarini devor ustida yurgizib, biror narsa sezgandek ayyorona kulimsiradi.

– Shuning uchun aytaman-da, boshidan tuzatganni otasiga rahmat deb. Toshning o‘zini olsangiz, poydevor buziladi, devor entariladi, keyin qulaydi. El oldida kulgi.

Elomonning peshanasi tirishdi. Bir poydevorga, bir shiftga, bir chertakka qarab xayolidan o‘tkazdi: “O‘zingning aybing bilinmas ekan-da! Nima ko‘p, ma’raka ko‘p, kelgan odam kulmaydimi?! Usta qurg‘ur suvoqni boplabdi, deb”.

Elomonning boshi qotdi. Imoratni qayta qurish ahmoqning og‘zidagi gap, Hasharchiyam, “ha” deganga kelavermaydi. Ustiga-ustak, qo‘l ishga bormay turgan bir paytda – ta’bi tirriq tortdi.

Eshmirza kunay daricha sari qadam tashlarkan, qayrildi:

– Bir ishni ikki qipsan-da! – dedi maslahat solgandek. – Bir og‘iz so‘ramaysanmi?..

Elomon tortishgudek edi-yu, shashtidan qaytdi.

– Bitta g‘isht qo‘yishibdimi, endi ega chiqqani qarang! U yeri qiyshiq, bu yeri o‘yiq. Bitgandan keyin aqllilik qilmay…

Elomon asta-sekin ota uyiga qarab yurarkan, osmon to‘lg‘oq tutgandek bezanglar, goh yomg‘ir tomchilar, goh ochilar, yana birdan bo‘zarib odamlarni shoshirardi.

U ham ishini tezroq bitkazish ilinjida tipirchilardi.

 

***

Elomon g‘o‘dirtosh qo‘yilgan burchakni cho‘kichda kovlashga tushdi. Devor og‘ishidan qo‘rqqandek chetlanib turar, katilib borayotgan g‘ishtlarni ko‘rib ichi achirdi.

– Ey, ahmoq bola, qurguncha iyig‘ing chiqib ketdi-ku!

Otasining baqirig‘idan u o‘nglandi.

– Seni nima jin urdi! Odamlar imorat qurolmay halak, sen loyi qurimay buzishga tush.

Doniyor bobo o‘g‘lining qo‘lidan cho‘kichni tortib oldi-da, yerga tashladi.

– Yuz yil ishlasayam, odamga aql bitmas ekan-da!

Elomon ajabsinib otasiga qaradi:

– Manavi, devordagi tosh devorni buzib turibdi, uchini uchirmoqchiman. Ustidan suvab qo‘yaman, bilinmay ketadi.

Doniyor bobo miyig‘ida kuldi:

– Toshni uchirib o‘tirish shart emas, – dedi u sinchkov nazar solgach. – O‘ziyam bilinmaydi-ku. Ja ko‘ngling to‘lmasa, gulkari qil. Ishing ko‘payadi-yu, puxta chiqadi. Erinmay oldi-atrofiga loy yalatib chiq, kari-o‘yiqlari yopiladi.

Elomon gulkaridan erinsa-da, muhim bir masala yechimini topgandek edi.

U darrov suvoqbop tuproqqa mayda somon aralashtirib loy qildi. Ichidagi kesaklari ezilishi uchun to‘rt-besh soat achitib qo‘ydi. Keyin devorga shaytontayoq tashlab notekis, qiyshiq joylarini aniqladi-da, yeng shimardi. Loyni qo‘shig‘ichlab devorga yopishtirdi-da, ustidan andava yurgizdi: avvaliga biroz sovqotdi, keyin ko‘nikdi. Ustasiga devor suvash ham gapmi? Ha, deguncha ishning oxiri ko‘rinayozdi. Qorong‘i tusha-tusha loy qochgan joylariga andava tortib, ishni bitkazib ariq tomonga yurdi. Loy idishlarini, ketmonu andavani tozalab, chetga oldi-da, yuz qo‘lini yuvarkan, Eshmirza kunay “horma” deb eshagini to‘xtatdi.

– To‘ygacha bir amallabsan-da! Mayli, devoring ishqilib og‘ib ketmadimi? Toshni olgach, joyi kovak bo‘lib qoladi-da!

Elomonning hazillashgisi keldi:

– Devorga bolor tirab, oldik. Kavakka mayda tosh to‘ldirdik. Qiyinmas-ku!

Eshmirza hazilni tushungandek kuldi:

– To‘yni shu yerda o‘tkazamizmi?

– Ha…

– Yaxshi.

Eshmirza g‘ijindi.

 

***

Sabzi to‘g‘rarga kelgan bir tom odamni Eshmirza aka yengib o‘tirardi. Nima emish, Elomonning imorati qiblaga og‘ib, qish chiqmay tashlab yuborarmish. Bu gapga e’tiroz aytgan qancha, anqaygan qancha!

Lekin qishloq hazilkashlar bopladi:

– Siz yana usta bo‘laman desangiz, oxirzamon kelgani shu. Suvagan og‘ilxonangizni ko‘rdik, bukrining belidek-ku!

Shundayam u bo‘sh ketmadi:

– Uni o‘n beshimda qurganman!

O‘tirganlardan biri pichog‘ini qayrash asnosida gap qotdi.

– Qo‘ng‘ishingizga “ha” deganingizda haqqingiz ketmasdi. Endi kuyovning ko‘nglini buzib qiyshiq deb o‘tirmay…

– So‘rasa, ha deymanmi?.. Hali yosh, bilmaydi-da! Butun umr loy kechib ko‘targandayam, farosat bitmasa qiyin… Bukri joyi otning qashqasidek bilinib turibdi.

To‘rt-beshta ishdanqocharga bahona topilib, Eshmirza akani tashqariga sudradi. Archilgan sabzi archilganicha qoldi.

Qorong‘italash. Ayvondan taralgan elektrlampa yorug‘ida devorning ikki uchini tenglashtirdi: “Qurg‘ur-ey, kami yo‘q. O‘yig‘i bilinmaydi. Oldingidan tuzuk” – deb xayolidan o‘tkazdi u.

– Oldingidan tuzugu, lekin baribir o‘ydim-chuqur. Toshni kovlab olgan.

Endi hamma boyagidek devorga nazar sola boshladi. Birov “ha”, birov “yo‘q” dedi, ishqilib, g‘ira-shirada Elomon kelguncha tortishishdi.

– Eshmirza akaga shunday ko‘ringan, u biladi, – dedi bor gapni eshitgach. – Kovak hech to‘lmaydi-da!

Odamlar Eshmirzaning ko‘ngli uchun yana bir qur razm solishdi. Tep-tekis edi.

Eshmirza kunayning ko‘z oldi esa bo‘m-bo‘sh, kovak edi.

 

Olim JUMABOYEV

 

“Ijod olami”, 2018/5

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.