G‘iybatu tuhmat kimga, nima uchun kerak?

0
42
marta ko‘rilgan.

Har bir mahalla, ko‘chaning “mish-mish”chi, boshqacha aytganda, gap tashuvchi ayollari bo‘ladi. Ular har bir axborotdan xabardor bo‘lishadi go‘yo.

Kim kelini bilan urishgan, kim eri bilan tortishgan – barchasini bilishadi. Mana, ularning “zahmatli mehnati”dan bir parcha.

Akmal juda yosh uylandi. Dabdabali nikoh to‘yiga ko‘pchilik keldi. Yosh kelin-kuyov, qaynonayu qaynota quvonchdan o‘zini qo‘yarga joy topolmaydi.

– Assalomu alaykum! Yaxshi yotib turdingizmi, – deya choy uzatayotgan kelin barchaning havasini keltirardi.

– Baraka toping kelinposhsha. Keling o‘zingiz ham nonushta qilib oling, – deydi qaynona faxr bilan.

Kelin esa ming istihola bilan keyinroq choy ichishini aytib, uy ishlariga sho‘ng‘ib ketdi. “Kelinning yelib-yugurib xizmat qilayotganini tomosha qilish qanchalik maroqli. Mana, orzu-havas deganlari shu bo‘lsa kerak”, ko‘nglidan o‘tkazdi Sapura aya. Akmal esa ota-onasining duosini olgancha, ishga otlandi. Eshik ortida uni kuzatgan kelinchak ham bu manzaraga o‘zgacha qiyofa baxsh etardi.

Buni uzoqdan kuzatib turgan qo‘shni ayollardan biri yigitni to‘xtatdi.

– Voy, Akmaljon yaxshimisiz? To‘g‘risi bir gap eshitib qoldim. Aytay desam tilim, aytmay desam yon qo‘shnimsiz, sizga jonim achiydi.

– Salima opa tezroq aytaqoling, nima gap? – deya shoshirdi.

– Ha, mayli aytganim bo‘lsin. Ayolingiz bir yigit bilan to‘ydan oldin uchrashib yurgan ekan, siz ehtiyot bo‘ling tag‘in haliyam uchrashayotgan bo‘lmasin…

– Bunday bemaza gaplarni qayerdan topdingiz. Bu bo‘hton. Men ayolimni yaxshi bilaman, unga ishonaman, – deya Akmal o‘z yo‘lida davom etdi.

Shunday bo‘lsa-da ko‘ngliga shubha oraladi. Ko‘chasida ikkita ayolga ko‘zi tushdi deguncha, ular Akmalga qarab nimalarnidir o‘zaro pichirlashayotgandek tuyulardi. Borgan sari ayolining non olishga chiqib ketishi ham uni shubha-gumonda qoldira boshladi. Qo‘shni ayol yolg‘on gaplarni butun mahallaga tarqatib bo‘lgan, odamlar og‘zidagi gaplar Akmalning do‘stlariga ham yetib borgandi.

Bu bo‘htonlar o‘z navbatida qaynonaning ham qulog‘iga chalindi. U esa kelinning har bir hatti-harakati, so‘zlaridan ayb izlaydigan bo‘lib qoldi. Kunlardan bir kun uyiga ertaroq kelgan er xotinini uyda telefonda gaplashayotganini ko‘rib qoldi. Ming xayolga borib, o‘ylab ham o‘tirmasdan:

– Qo‘lga tushdingmi yengiltak. O‘ynashing bilan gaplashyapsanmi? – deya ayolni turtkilay ketdi. Uyda to‘s-to‘polon ko‘tarildi. Kelin hushidan ketdi. Bu orada qizning ota-onasi ham yetib keldi. Qayerdan bilishdi deysizmi? Axir qiz bechora onasi bilan gaplashayotgandi-da. Ko‘ngli behuzur bo‘layotganini aytganida onaizor qanchalik quvongandi-ya. Qizining ahvolini, ayniqsa, homilaning nobud bo‘lganini bilgan ota-ona farzandini bu uyda qoldirmadi. Turli gap-so‘zlar ko‘payib, oila parokanda bo‘ldi.

Yoshlar ajrashib ketishdi. G‘iybatchi ayollarning gaplari guldek oilaning buzilishiga sabab bo‘ldi. Ha-ya ularga yana gap topildi: “Eri tutib olibdi-da, shunga ajrashishdi…”

Afsuski, bu to‘qib chiqarilgan hikoya emas. Bunday voqealar mening yoki sizning mahallada bo‘lyapti va davom etmoqda. Xo‘sh, bunga kim aybdor?..

 

Muhammadsodiq TO‘RAYEV

 

od-press.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.