Girdob

0
245
marta koʻrilgan.

Gi De MOPASSAN

 

“Kaltaklanib suvga uloqtirilgan va suv yutib oʻlgan!”. Mebel qoplovchi usta Leopald Renar aynan mana shunday ayblov bilan maslahatchilar ishtirokidagi sud jarayonida tergov qilinardi. Uning yonginasida asosiy guvohlar – falokat qurbonining bevasi Flamesh xonim, duradgor usta – Lui Ladyuro va tunukasoz Jan Dyurdan oʻtirishardi.

Ayblanuvchining yonida qop-qora kiyingan, kichkinagina martishka maymuniga oʻxshash xunukkina xotini ham oʻtirar, ayblanuvchi tergov savollariga javob berardi:

– Xudoning oʻzi guvoh, bu baxtsizlikdan birinchi navbatda men jabr koʻrdim, koʻnglimda hech qanday gʻarazim yoʻq edi. Barcha dalillar mening begunoh ekanligimni tasdiqlab turibdi, janob rais. Men vijdonli, sofdil, mehnatkash ustaman, mana oʻn olti yildirki bir joyda, bitta uyda yashab kelyapman, hamma meni taniydi, hamma izzat-obroʻyimni joyiga qoʻyadi. Buni mening barcha qoʻshnilarim va hatto hovli qorovulimiz boʻlib ishlaydigan, sira yolgʻon gapirmaydigan ayol ham tasdiqlashi mumkin. Men ishlashni, ishlab topgan pullarimni jamgʻarishni yaxshi koʻraman, sofdil odamlarni va odob doirasidagi koʻngilxushliklarni yoqtiraman. Tushunib turibman, mening aynan mana shunday odamligim oʻzimni juvonmarg qilib turibdi. Bu falokatda mening hech qanday yomon niyatim yoʻq edi, shunday ekan, men oʻz shaxsimga hamon hurmat bilan qarashni davom ettiraman. Mana besh yildirki, mana shu yerda oʻtirgan umr yoʻldoshim bilan har yakshanbani Paussi qirgʻoqlarida oʻtkazamiz. Jilla qursa sof havodan nafas olamiz, keyin baliq ovlashni yoqtiramiz. Ha, yashirib nima qildim, bu ishni biz juda yoqtiramiz. Bu ishga meni iloyo yer yutgur xotinim Meli oʻrgatib qoʻydi. Uning oʻzi ham baliq ovi desa, naq aqldan ozib qoladi, u mana shunday kuydirgilardan; falokat ham ana shu baliq ovi tufayli sodir boʻldi, bunga hozir oʻzingiz ham ishonib qolasiz, janob rais.

Toʻgʻri, men baquvvat odamman, biroq feʼl-atvorim juda muloyim, yuragimda zarracha boʻlsa-da badxohlik yoʻq. Biroq xotinim! E, nimasini aytay!? Koʻrinishidan kichkinagina, oriqqina boʻlsayam, aslida gʻirt yaramas sassiqkoʻzanning oʻzginasi! Inkor qilmayman, uning savdo-sotiq ishlarida qoʻl keladigan yaxshi tomonlari ham bor. Biroq uning feʼl-atvori! Bu haqda qoʻshnilarimdan, yo boʻlmasam, hozirgina meni yoqlab gapirgan qorovul ayoldan soʻrab koʻring. U xotinim haqida bor gapni toʻkib soladi.

Xotinim har kuni meni “Men bu ishni shunday qoldirmagan boʻlardim!”, “Men falon kishiga falon narxga koʻnmagan boʻlardim!” – deya egovlagani-egovlagan. Uning gaplariga kirsam, janob rais, har oyda kamida uch marta kimlar bilandir mushtlashishim kerak boʻlardi…

Ayblanuvchi shu yerga kelganda uning xotini gap qoʻshib qoʻydi:

– Vaysa-ya! Oʻzingcha vaysayver, qani koʻramiz, eng oxirida kim kularkan!

Ayblanuvchi xotiniga oʻgirilib qaradi va soddadillik bilan eʼtiroz bildirdi:

– Nima qipdi, aybingni ochayapmanmi? Baribir sen javobgar emassan-ku…

Keyin u yana sud raisiga qarab gapida davom etdi:

– Demak, davom etaman. Shunday qilib desangiz, har shanba kuni kechqurun tong sahar turib baliq ovlash uchun Puassiga joʻnardik. Tarki odat amri mahol deyishadi-ku. Bu yil yozda baliq ovi uchun ajoyib bir joy kashf qilganimga uch yil toʻladi. Eh, uning qanday joy ekanligini bir koʻrsangiz edi! U daraxtlar soyasi ostidagi chuqurligi sakkiz, ehtimol oʻn futlar keladigan ajoyib bir girdob edi. Bu baliqlar uchun haqiqiy dom, baliqchi uchun esa rostakamiga jannat joy. Bu girdobni, janob rais, men oʻzimning xususiy joyim deb hisoblardim. Chunki uni men xuddi Xristofor Kolumb singari oʻzim kashf qilgandim. Odamlar ham “Bu joy Renarning joyi”, deb tan olishardi va hech kim bu borada bahslashmas, hatto xafa boʻlsa ham aytay, chunki buni hamma biladi, begonalar hisobidan qorin toʻydirishni xush koʻradigan janob Plyumo ham mening girdobimga yaqinlashmasdi. Shunday qilib, men oʻz girdobimdan mutlaqo xotirjam edim va har safar u yerga uning haqiqiy egasi sifatida kelardim. Shanba kuni kechqurun Puassiga yetib kelishimiz bilanoq xotinim bilan “Dalila”ga chiqib olamiz. “Dalila” bu mening norveg uslubidagi qayigʻim: Men uni Furpezdan buyurtma orqali olganman, yengilgina va mustahkamgina qayiqcha. Demak, “Dalila”ga oʻtiramizu girdobga borib baliqlar uchun xoʻrak tashlashga joʻnaymiz. Xoʻrak masalasida hech kim men bilan tenglasha olmaydi, mening oshnolarim ham buni juda yaxshi bilishadi. Ehtimol siz ham bu xoʻrak nima ekanligiga qiziqarsiz? Yoʻq, buni sizga ham ayta olmayman. Bu tergovga taalluqli emas, men ham ayta olmayman, chunki bu sir. Ehtimol ikki yuz kishi, balki undan ham koʻproqdir, bu xoʻrakni qanday tayyorlashimni bilishga qiziqib koʻrdi. Qaysi biri ichimliklar bilan, kimlardir qovurilgan baliq bilan siylab, sirimni bilib olishga urinishdi. Nima men ahmoqmanmi, ular ham zogʻora baliqlarni osongina tutib olishaversinmi? Xoʻrakni qanday tayyorlashimni bilib olishlari uchun ular qanday xushomadgoʻyliklar qilmadi deysiz? E, yoʻq… Buni xotinimdan boshqa hech kim bilmaydi… qolaversa u ham hech kimga hech narsa aytmaydi. Toʻgʻrimi, Meli?

– Ishga taalluqli narsalarni gapiring! Chetga chiqib ketmang! – uning gapini boʻldi sud raisi.

– Boʻpti, boʻpti, – davom etdi aybdor. – Demak, mana bunday, shanba, 8 iyul kuni biz soat besh-u yigirma beshda poyezdga chiqdik. Manzilga yetib kelib ovqatlanishdan oldin girdobga xoʻrak tashlab kelishga joʻnadik. Oʻsha kun havo juda yaxshi boʻladigandek edi. Men Meliga “Ertaga ajoyib kun boʻladi” dedim.

“Shundayga oʻxshaydi”, javob berdi u.

Odatda u bilan hech qachon koʻp gaplashmaymiz. Keyin ovqatlanish uchun qaytdik. Men juda xursand edim va biroz ichishni koʻnglim tusab qoldi. Ana shu sabil barchasiga sababchi boʻldi, janob rais. Men Meliga: “Quloq sol, bir shishagina boshqizdirgich ichib olsam, yomon boʻlmasdi-ya”, dedim. Boshqizdirgich deganim bu kuchsiz oq vino. Uni shunday atashimizga sabab, undan koʻproq ichib qoʻysang, umuman uxlashga qoʻymaydi, haqiqiy boshqizdirgich. Tushunyapsizmi, janob rais?

“Bilganingni qil, faqat mazang qochib, ertalab turolmay qolma”, dedi xotinim. Nimayam derdim, u toʻgʻri, aqlli, oʻrinli, keyinini oʻylab fikr bildirdi, buni tan olaman. Biroq men ichkilikdan oʻzimni tiyib turolmadim va shishadagi hamma vinoni ichib qoʻydim. Va hammasi shundan boshlandi…

Demak, bunday, yotaman-u – butunlay uyqum kelmaydi. Jin ursin! Uzum sharbatidan tayyorlangan bu boshqizdirgich kechasi soat ikkilargacha ovoramni chiqardi. Keyin guldir-gurs uxlab qolibman. Shunday qattiq uxlabmanki, qiyomat kuni Isrofil chaladigan surnay tovushini ham eshitmagan boʻlardim.

Qisqasi, xotinim meni ertalab soat oltida uygʻotdi. Joyimdan sakrab turdim, bir zumda ishtonimni, kurtkamni kiyib, sovuq suvda yuzimni yuvgan boʻldim va biz “Dalila”ga oʻtirdik. Oʻz girdobim tomonga suzib borsak, u allaqachon egallangan! Ilgari hech qachon bunday qilishmasdi, janob rais, uch yil davomida hech kim bunday qilmagandi! Bu meni shunchalik esankiratib qoʻydiki, xuddi koʻz oldimda bor-yoʻgʻimni oʻgʻirlashgandek tuyuldi. “Bu qanday bemaʼnilik!” – dedim oʻzimcha. Xotinim esa, darrov meni egovlashga tushdi: “Mana senga boshqizdirgich! Eh, piyonista! Endi xursandmisan, hayvon?” – dedi u.

Men bahslashmadim, chunki hammasi toʻgʻri edi. Nima boʻlsa-da, jilla qursa qolgan-qutgan baliqlar bilan qanoatlanish uchun girdobdan sal nariroqda qayiqni toʻxtatdim. Ehtimol, mening joyimni egallagan anavi muttaham bu yerdan hech narsa tuta olmay, tez orada juftagini rostlab qolar? Mening joyimda oppoq kiyimli, katta poxol shlyapa kiygan oriq-tirriq bir surbet qarmoq tashlab oʻtirardi. Uning yonida baqaloq xotini ham boʻlib, u orqa tomonda toʻr toʻqib oʻtirardi.

– Bu nimasi, daryoda bu yerdan boshqa joy yoʻqmi? – ilondek vishilladi baqaloq xotin, biz ularning yaqiniga kelib toʻxtaganimizni koʻrib.

– Uyat-andishali kishilar birovlarning joyini egallashdan oldin bu yerdagi tartib-qoidalarni surishtiradi, – dedi meniki achchiqlanib.

– Jim boʻl, Meli, ular bilan ishing boʻlmasin, bir gap boʻlar, – dedim bu joyga egaligim tarixini kavlashtirishni istamay.

Biz “Dalila”ni tol ostiga olib kelib, qirgʻoqqa chiqdik va Meli ikkalamiz boyagi ikkovining yoniga oʻtirib qarmoq tashladik. Bu oʻrinda janob rais, men voqeani barcha tafsilotlari bilan aytib berishimga toʻgʻri keladi.

Oradan besh daqiqa oʻtar-oʻtmasdanoq qoʻshnimning qarmogʻi poʻpagi bir silkindi, ikki silkindi, uch silkindi va u suvdan bahaybat zogʻora baliqni chiqarib oldi. Shunday katta baliqki, naq sonimdek keladi. Ehtimol sal kichikroqdir-u, lekin qariyb shunchalar bor. Birdan yuragim orqaga tortib, peshonamdan ter chiqib ketdi. Meli esa “Koʻrdingmi, piyonista!” – deya mingʻirlaydi. Shu payt tanga baliqlarning ashaddiy ishqibozi, Puassidagi doʻkondor janob Bryu qayigʻida roʻparamizdan oʻtib qoldi. “Nima balo, sizning joyingizni egallashiptimi, janob Renar?” – deb qichqirdi u. “Ha, janob Bryu, bu yerdagi odatlarni tan olishni istamaydigan mana shunaqa andishasiz kishilar ham bor ekan”, – dedim unga javoban.

Oq kiyimli tirriq oʻzini bu gaplarni eshitmaganga oldi. Uning xotini ham oʻzini shunday tutdi. Xom-semiz, haqiqiy sigir!

– Odobliroq boʻling, aybdor! Siz bu yerda oʻtirgan beva Flamesh xonimni haqorat qilyapsiz, – dedi sud raisi ikkinchi marta uning gapini boʻlib.

– Uzr, kechiring, menga juda alam qilib ketdi, – davom etdi aybdor. – Shunday qilib desangiz, oradan chorak soat oʻtmasdanoq oq kiyimli tirriq yana bitta zogʻora baliqni suvdan tortib oldi. Undan keyin yana bittasini, keyin besh daqiqa oʻtmasdan, uchinchisini…

Men yigʻlab yuborishga tayyor edim. Buning ustiga xotinim qaynab “Xoʻsh, qalay anqov, koʻryapsanmi? Sening baliqlaringni qanday oʻgʻirlayotganini koʻryapsanmi? Sen esa qurbaqani ham tutolmaysan, ha, hech narsani tutolmaysan. Mening esa buni koʻrib, qoʻlim qichishib ketyapti!” – deya toʻxtovsiz bigizlayapti.

“Tushgacha kutamiz, ehtimol bu yaramas ovqatlangani ketar, shunda oʻz joyimni egallab olaman”, – qaror qildim oʻzimcha. Sizga aytishim joizki, janob rais, har yakshanbada biz mana shu yerda ovqatlanamiz. Ovqatni oʻzimiz bilan qayiqda olib kelamiz. Biroq nima boʻldi deng!? Tush boʻldi va bu muttaham gazetaga oʻralgan pishirilgan tovuqni chiqardi, u ovqatlanayotgan payt qarmoqqa yana bitta zogʻora baliq ilindi!

Biz ham Meli ikkalamiz biroz tatingandek boʻldik, biroq tomogʻimizdan ovqat oʻtarmidi! Keyin ovqatni hazm qilish uchun gazeta oʻqishga tutindim. Yakshanba kunlari daryo qirgʻogʻida soyada oʻtirib olib “Jil Blas” gazetasini oʻqishni yoqtiraman. Ayniqsa Kolombina degan ayol zoʻr yozadi, ehtimol siz ham uni tanirsiz, janob rais. U “Jil Blas” uchun maqolalar yozadi. Men xotinimga Kolombina bilan tanishman deb joniga tegishni odat qilganman. Albatta men uni tanimayman va hatto koʻrgan ham emasman, biroq bu muhim emas. Bu ayol juda zoʻr yozadi va ayol boʻlsa ham juda dadil yozadi. U mening koʻnglimga yoqadi, bunday ayollar juda kam uchrasa kerak. Xullas, men Kolombinani aytib xotinimning joniga tega boshladim. Biroq u darrov shunday qahrga mindiki, asti qoʻyaverasiz. Darrov jim boʻla qoldim.

Tirriq yana qarmoq tashlay boshladi. U tashlagan xoʻrakli qarmoqni baliqlar shunchalik choʻqilay boshladiki, buni koʻrib butun vujudim titray boshladi. Uning xotini boʻlsa “Bu yer rostdan ham zoʻr joy ekan, endi har safar shu yerga kelamiz, Dezire”, – deydi deng.

Mening yelkalarim titrab ketdi. Xotinim esa hamon “Sen erkak emassan, yoʻq, erkak emas! Sening tomirlaringda joʻjaning qoni oqayapti” deb mingʻirlashdan qolmayapti.

– Bilasanmi, yaxshisi ketaqolay, boʻlmasa biror bemaʼni ish qilib qoʻyaman, – dedim unga.

U esa meni egovlagandan-egovladiki, jonimni jabborga topshirib yuborishga rozi qildi: “Sen erkak emassan! Qochmoqchimisan? Tayyorgina joyingni unga tashlab qochmoqchimisan? Qochaqol, landovur!”

His qildimki, u mening jon joyimdan oldi. Biroq hamon unga boʻyin eggim kelmasdi.

Qarasam, tirriq suvdan leshch baligʻini tortib olyapti! Oh! Men hech qachon bundayini koʻrmagan edim, hech qachon!

Shu payt xotinim ham ichida toʻplanib qolgan barcha alamlarini ovoz chiqarib vishillay boshladi:

– Mana oʻgʻirlik baliq qanday boʻladi, koʻrdingmi?! Axir, bu baliqlarga xoʻrakni birov emas, biz tashlagandik-ku! Juda boʻlmasa, bizga bu yerga tashlagan xoʻraklarimiz uchun pul toʻlasin!

Va shundan boshlab ishning pachavasi chiqa boshladi. Keyin tirriqning baqaloq xotini tilga kirdi:

– Bu gaplaringizni bizga gapiryapsizmi, xonim?

– Men baliqlarimizni oʻgʻirlab tutayotganlarga, birovlarning hisobiga tekin tomoqlik qilayotgan oʻgʻrilarga gapiryapman.

– Hali biz sizningcha oʻgʻirlik qilyapmizmi?

Shunday qilib oʻzaro tushuntirishlar boshlanib ketdi, keyin tushuntirishlar oʻtkirroq soʻzlar bilan almashdi. Jin ursin, bu ablahlarning “lugʻat boyligi” bunchalik katta-ya! Ular shunchalik baland ovozda qichqira boshlashdiki, narigi qirgʻoqda kuzatib turganlar kulguga olib: “Hoy ayollar, sekinroq qichqiringlar, boʻlmasa erlaringizning hamma baliqlarini choʻchitib yuborasizlar!” deb baqirishdi. Gap shundaki, men ham, oq kiyimdagi tirriq ham joyimizda toʻnka misol jim oʻtirardik. Avval qanday oʻtirgan boʻlsak, shunday, xuddi hech narsa eshitmayotgandek suvga tikilib oʻtirardik. Biroq, jin ursin, barcha gaplarni aʼlo darajada eshitib oʻtirardik.

– Siz yolgʻonchisiz!

– Siz choʻrisiz!

– Siz fohishasiz!

– Siz iflos choʻchqasiz!

Tinimsiz haqoratlar boshlandi-ketdi. Hatto eng mohir dengizchi ham haqorat masalasida ulardan oʻta olmagan boʻlardi.

Bir payt ortimdan allaqanday sharpa oʻtgandek boʻldi. Oʻgirilib qarasam, baqaloq mening xotinimga tashlanib, uni shamsiyasining dastasi bilan doʻpposlayapti. Meli ikkita zarbani yeyishga ulgurdi. Biroq mening Melim oʻlgudek gʻazabnok, agar quturib ketsa, har qanday mushtlashuvdan tap tortmaydi. U baqaloqning sochlariga chang solib, xuddi daraxtdan olma qoqayotgandek shapillatib uning yuziga tarsaki tushira boshladi.

Men ularga halaqit bermasam degandim, yulishaverishsin degandim. Ayollar oʻzaro yulishsalar, erkak aralashishi shartmi? Birovning ishiga aralashib nima qilaman? Biroq tirriq sakrab oʻrnidan turdi va iblis misol xotinimga chang solmoqchi boʻldi. “E, yoʻq, oshna, faqat bunisi ketmaydi!” – deb oʻyladim oʻzimcha. Men uni, tirriqjonni, qanday lozim boʻlsa, shunday kutib oldim. Mushtlarim bilan! Sharaq-shuruq, bir marta burniga, ikkinchi safar biqiniga tushirdim. U qoʻllarini, oyoqlarini silkitganicha daryoga, ayni suv oʻraga qulab tushdi. Agar vaqtim boʻlganda edi, janob rais, men uni albatta suvdan chiqarib olgan boʻlardim. Shu payt xuddi ataylab qilgandek baqaloqning qoʻli baland kelayotganligini, bechora Melimning ahvoli chatoq boʻlayotganligini koʻrib qoldim. Albatta tirriq suv yutayotganida xotinimga yordamga shoshilmasligim lozim edi. Toʻgʻrisi, u choʻkib ketadi deb xayolimga ham kelmagandi. “Mayli, biroz salqinlab olsin” deb oʻylagandim. Men ayollar tomon otilib, ularni ajratishga kirishdim. Bu jarayonda ular menga ham qoʻllari, tishlari, tirnoqlari bilan rosa ishlov berishdi, jin urgur yaramaslar.

Qisqasi, bu chaqamugʻlarni bir-birlaridan ajratishga besh, ehtimol oʻn daqiqalarcha vaqtim ketdi. Qayrilib daryoga qarasam, suv sathi xuddi koʻl misoli, tinchgina. Narigi qirgʻoqdan esa odamlar “Uni suvdan chiqarib oling! Suvdan chiqaring!” deb qichqirishayapti.

“Suvdan chiqarib oling!” emish, bu aytishga oson, suzish ham, shoʻngʻish ham mening qoʻlimdan kelmaydi!

Nihoyat oradan chorak soatlar oʻtgach, dargʻot tarafdan qorovul va ikki janob changaklar bilan chopib kelishdi. Uni gumning eng tubidan qidirib topishdi, gumning chuqurligi avval aytganimdek, sakkiz futlar kelardi. Oq kiyimli tirriq ana shu chuqurlikda yotgan ekan.

Mana, voqea qanday sodir boʻlgan boʻlsa, shundayligicha, sof vijdon bilan aytib berdim. Xudo haqqi, bu ishda men gunohkor emasman.

Sudga chaqirilgan guvohlar ham bu gaplarni tasdiqlashdi va aybdor begunoh deb topildi.

 

Fransuz tilidan Abdumurod KOʻChIBOYEV tarjimasi

 

“Yoshlik”, 2013 yil, 2-son

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.