Gilam paypoq

0
810
marta koʻrilgan.

Har yili dam olishga borganimda onamga gilam paypoq olib kelaman. Kavkaz tomonda koʻp boʻladi. Juba deyishadi, jurabi deyishadi. Oyim xuddi noyob narsaga ega boʻlgandek, uzundan-uzoq duo qiladi. Shundoq mehribon oʻgʻli borligini aytib qoʻshnilarga maqtanadi. Uning oyogʻi kasal. Salqin tushishi bilan shishib ketadi, ogʻriydi.

Qoʻni-qoʻshnilar ahvol soʻrasa, ularniyam, oʻziniyam yupatadi.

 – Ha, endi keksalik-da, oʻrgilay.

Lekin onamning oyoq ogʻrigʻi faqat keksalikdan emas. Buni boshqalar bilmasa ham, men bilaman. Yaxshi bilaman.

Bolaligimda koʻp kasal boʻlardim: qizamiq, koʻkyoʻtal, bezgak… Shuning uchun oshxonadagi mixda koʻk qargʻaning patidan tortib, gultojixoʻrozgacha iligʻlik turardi… Ayniqsa, tomoq ogʻrigʻi yomon qiynaydi. Oyogʻim zaxga tegishi bilan tomogʻim ogʻrishga tushadi. Oyoq bilan tomoqning nima aloqasi borligini haliyam tushunolmayman.

Oʻshanda necha yoshligim esimda yoʻq. Biroq juda kichkina edim. Bir kuni akalarim bilan yaxmalak oʻynab terlab ketdim. Terlab turib muz yedim. Kechqurun isitma koʻtarildi. Quv-quv yoʻtalaman. Oyim tomogʻimni achchiqtosh bilan chayib koʻrdi, boʻlmadi, turshak qaynatib suvini ichirdi, boʻlmadi… Oxiri tomogʻim xippa boʻgʻilib qoldi. Ogʻriqni sezmaymanu nafas olishga qiynalaman. Hushimdan keta boshlaganimni es-es bilaman. Qulogʻim ostida onamning chirqillab yigʻlagani, hadeb bir gapni qaytarayotgani eshitiladi:

 – Voy, endi nima qilaman! Voy, bolam oʻlib qoladi!

Keyin meni shosha-pisha koʻrpachaga oʻradi. Bir mahal onamning qoʻlida ketayotganim esimda bor. Gupillatib qor yogʻayotganini his etib turardimu, biroq yuzimga qor tushmas edi. Onamning issiq nafasi urilib turar, u sirgʻanib-sirgʻanib borar, ogʻir hansirar edi.

Xira chiroq miltirab turgan allaqanday uyga kirdik. Koʻz oʻngim yana qorongʻilashib ketdi. Oyim hamon chirqillaydi.

 – Oʻlib qoladi! Bolaginam oʻlib qoladi!

 – Vahima qilmang, poshsha, dardni bergan Xudo, davosiniyam beradi.

Bu Hoji buvining ovozi ekanini gʻira-shira idrok etdim.

Hoji buvi boshimni tizzasiga qoʻyib chalqancha qilib yotqizdi. Doka oʻralgan barmogʻini ogʻzimga tiqdi. Koʻnglim agʻdarilib, tipirchilagancha yigʻlar, ammo Hoji buvining qoʻlidan chiqib ketolmasdim. U tomogʻimga nimadir qildi. Dod solib qoʻlini tishlab oldim. Qiziq, birpasdan keyin ahvolim yengillashdi. Koʻzimni ochsam, Hoji buvi jilmayib turibdi.

 – Nega tishlaysan, kuchukvoy? – dedi boshimni silab.

Keyin tepamga oyim engashdi. U hamon hansirar, sochlari toʻzgʻib ketgan, yuzi jiqqa hoʻl edi.

Birpasdan keyin qaddimni rostlab, tanchaga oyogʻimni tiqib oʻtirdim. Hoji buvi allaqanday taxir suyuqlik ichirdi. Keyin oyimga qaradi-yu, birdan xitob qildi.

 – Voy poshsha-a-a! Nima qilib qoʻydingiz, tamom boʻpsiz-ku!

Oyim talmovsirab, goh menga, goh Hoji buviga qarar edi.

 – Oyogʻingizdan ayrilibsiz-ku! – dedi Hoji buvi boshini chayqab. – Shu ahvolda qandoq keldingiz?

Kavshandozda turgan oyimning kalishini endi koʻrdim. Kalishning ichi qorga toʻla edi.

 – Sarpoychan kelaverdingizmi?! – dedi Hoji buvi hamon oʻsha vahimali ohangda. – Endi nima qilasiz? Qargʻaning miyasini chaqib surmasangiz, choʻloq boʻlib qolasiz.

Oyim tanchadan oyogʻini chiqardi. Ikkala oyogʻi qip-qizil goʻsht boʻlib ketgan edi.

 – Sovuq yegani yoʻq, – dedi sekin. – Qaytaga isib ketdi. Qorda oʻzi isib ketarkan.

Hoji buvi uning oyogʻini uqalab koʻrdi.

 – Sezyapsizmi?

 – Nimani? – dedi oyim oyogʻiga emas, menga qarab.

 – Qoʻlimni sezyapsizmi?

Oyim indamay bosh chayqadi-da, piqillab yigʻlab yubordi.

… Ertasiga u yotib qoldi. Uzoq yotdi. Dadam bir joydan qargʻa otib keldi. Hoji buvi qoʻlidan kelgancha dori-darmon qildi… Keyin oyim tuzaldi. Biroq salqin tushishi bilan oyoqlari shishib, azob beradigan boʻlib qoldi…

Har yili dam olishga borganimda onamga gilam paypoq olib kelardim. U xuddi noyob narsaga ega boʻlgandek, uzoq duo qiladi, birpasda hamma qoʻshnilarga koʻz-koʻz qilib chiqadi, shundoq “mehribon” oʻgʻli borligini aytib maqtanadi. Shunda qor gupillab yogʻib turgan mudhish kecha, onamning qip-qizil goʻshtga aylanib ketgan oyoqlari koʻz oʻngimga kela-di-yu, indamay chiqib ketaman.

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

“Dunyoning ishlari”dan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.