Gapsotar

0
2658
marta koʻrilgan.

Hoy, gapsotar, gapsotar, ayt, qachon jagʻing qotar? Tinim bilmay sayraysan, buncha jagʻing qayraysan. Bir nafas tin olsang-chi, gapdan sal-pal qolsang-chi. Ish desa gap sotasan, gapdan qachon ortasan? Gap sotish yomon illat, bundan yurak yeydi lat.

Hoy, gapsotar, gapsotar, ayt, qachon gaping bitar? Yo gapdan yorilasan, yo gapga qorilasan. Quruq arava misol gapni olib qochasan, anoyi koʻngillarga urugʻ kabi sochasan. Uyda nuqul gap deysan, koʻchalarda gap sotib, choyxonada gap yeysan. Doʻstlaring sezar gapdan, oilang bezar gapdan. Qarindosh-urugʻ qochar, sendan oldin gap ochar. “Ish bilganga bir tanga, gap bilganga ming tanga”. Ushbu maqol shioring, toʻxta bir zum ogʻzing yum, bormi nomus va oring.

Hoy, gapsotar, gapsotar, gap sotgan doim yotar. Gap sotib yoz qishlaysan, aytgin, qachon ishlaysan? Dehqon yerni toblaydi, senchi gapni qoplaysan, hamma hosil yigʻganda, madhiyani boplaysan. Erinmasdan gap sotib, bozorni toʻldirasan, tarozuga gap qoʻyib, xaridorni kuydirasan: “Kep qoling, hoy gapxoʻrlar, sotamanu ketaman, bir qopgina gapim bor, sotolmasam netaman?”

Xurjuning toʻla gapdir, oʻng-soʻling yana gapdir. Toʻyga borsang gap sotib, mikrofonni kuydirasan, mehmonlarni kar qilib, jonidan toʻydirasan. Reja aniq, ming ogʻiz gapirmasang boʻlmaydi, lekin gapdan, ogʻayni, qorin qurgʻur toʻymaydi. Toʻymasa toʻymasin netay, gap tugasa qayga ketay?

Hoy, odamlar, qochinglar, gapsotar kelyapti, yelkasida gapxalta, shamolday yelyapti. Davralarni bezdirib, joningdan toʻydiradi, gap sotib oxiri gap bilan oʻldiradi.

 

Ashurali JOʻRAYEV

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.