Gap

0
331
marta koʻrilgan.

Milisada ishlaydigan Suyunboyning oʻgʻli huquqshunoslik institutiga oʻqishga kiribdi. Er-xotin quvonchlari ichiga sigʻmay, bir qoʻzi soʻyib, qarindoshlarni uyga chaqirishdi: aka-uka, opa-singil, amma-xola, yangalar, kelinlar…

Erkaklar hovlida oʻtirishdi, xotin-xalaj bemalol oʻtirsin deb, ichkariga joy qilishgan ekan. Katta konditsioner gʻuvullab turgan keng, hashamatli mehmonxonada rosa maza qilishdi. Taomlar biri-biridan totli, diydor undan-da totli. Yeyishdi-ichishdi, soʻng kelinlarga dasturxonni yigʻishtirishni buyurib, bitta-bitta loʻlabolishni yonboshlariga olib, gurungni urishdi. Hech kim turay demasdi, biram maza, biram maza…

Salqin xonada ham chiroyli yelpigʻich bilan oʻzini yelpib oʻtirgan toshkentlik yanga taklif qilib qoldi:

– Kelinglar, qarindoshlar yigʻilishib, “gap” oʻynaylik. Hozirgi zamonda bir sabab boʻlmasa, uydan chiqish qiyin. “Gap” bahona uydan chiqasiz, chiroyli dasturxonlarda oʻtirib, gurunglashasiz. Ellik mingdan pul tashlaymiz, mehmon chaqirganni ham quruq qoʻymaymiz.

Hisoblab koʻrishdi: toʻrt opa-singil, toʻrt yanga, ikki xola, ikki amma.

– Kak raz! – dedi yanga. – Oʻn ikki kishi boʻlsak, har oyda bir kishi chaqiradi. Yarim milliondan oshiq pul yigʻiladi. Ham qoʻlimizga birdan bir dunyo pul tushadi, ham mehmon boʻlamiz.

Muyassar uyga qaytgach, eriga maslahat solgan edi, “50 ming boʻlsa, oyligingdan berarsan. Bir oyda bir marta qarindoshlar bilan oʻtirsang, hech narsa emas”, deb qoʻydi. Lekin oʻzining koʻngliga gʻam tushdi, akasiga oʻxshab, qoʻy soʻymasa ham, dasturxonni yaxshigina qilishi kerak boʻladi. Ogʻzi katta yangalarning oldida shumshayib oʻtirmasligi kerak-da. Buyam yoʻq joydan bir chiqim.

Diydor ham pulga chaqiladigan boʻldi.

Odatda u yakshanba kunlari juda erta turadi, uydagi yumushlar esa qorongʻi kechgacha ham tugamaydi. Sahar turib, non uchun xamir qoradi, izidan somsa yoki manti uchun alohida ikki zuvalagina xamir oladi. Eri bilan bolalari uygʻonguncha xamirlarini tindirish uchun yopib qoʻyib, bir parcha goʻshtni qiymalagichdan oʻtkazib, piyozlarini toʻgʻrab, baʼzan nonushtaga toʻrtta-toʻrtta pishirib ham qoʻyadi. Nonushta qilib boʻlishgach, bolalari dasturxonni yigʻishtiradi. Oʻzi xamirning ustini ochib, nonlarni yasaydi. Tandirni qizitib, nonini yopgach, kirmoshinga suv solib, kirni boshlab yuboradi. Kirning orasida uy yigʻishtiradi, hovli supuradi, tushlik tayyorlaydi. Tushlikdan soʻng supur-sidirlarini oxirigacha yetkazib, kechki ovqatga hozirlik koʻra boshlaydi. Xullas, Muyassar ertadan kechgacha eri bilan oʻgʻillarining koʻnglini olib, yakshanbani bayramga aylantirish uchun kuyib-pishadi. Yarim tunda yakshanbaning eng oxirgi yumushlari hisoblanadigan toʻrt erkakning hafta boʻyi kiyadigan kiyim-boshlarini dazmollagach, zoʻrgʻa yuvinadi-da, oʻzini toʻshakka tashlaydi. Koʻpincha gapirishga ham holi boʻlmaydi. Baʼzan eri boshiga kelib, “Ha, charchadingmi, onasi?” desa, koʻzlarini ham ochmasdan “Ertaga dam olarman”, deb qoʻyadi. Rostdan ham maosh olib ishlaydigan ishida buncha charchamaydi, hatto u yerda dam olish ham mumkin.

U hovliga chiqqanda Zuhro yulduzi mayingina nur taratib turgan oyning yonida charaqlab turardi. Bostirmaga olib boradigan yoʻlak chetida qiygʻos gullagan moychechaklar, tong qorongʻisida ham barglar orasida oqarib turgan olmalar, mayda-chuyda qoʻyiladigan bostirmadagi sarishtalik, salqin tong havosi koʻnglini yorishtirdi. Bostirma tagidagi kattakon qutidan xamir togʻorani toʻldirib un oldi-da, oshxonaga qaytdi. Tong ancha salqin edi. Eshikni yopib, xamir uchun suv qoʻydi. Supra yoyishdan avval belini katta shol roʻmol bilan ikki aylantirib qattiq bogʻlab oldi. Har doim “nonim hafta oxirigacha yetsin”, deb, bir dunyo suv soladi-da, keyin xamirni soziqtira olmay, qora terga tushadi, shunday paytda bu roʻmolning yaxshigina foydasi tegadi. Un elayotib, oʻzicha kulib qoʻydi: “Dam olish kuni ham boshlandi, Muyassar Xolboyevna! Endi maza qilib tandir-oʻchoqning boshida dam olasiz”.

Ayol kishining hayoti shu ekan-da, koʻchada olima boʻlsa ham, uyga kelganda oddiygina xizmatkor. Ammo unga hech qachon bu xizmatlar malol kelmagan. Onasi baʼzan “Toʻngʻiching qiz boʻlganda yordamchi boʻlardi” deb qoladi. U esa kuladi: “Oʻgʻil boʻlsa ham qoʻlidan talay ish keladi, oʻqishini oʻqisin, odam boʻlsin, deyman-da. Hadeb ish buyuravermayman. Hozir oʻzim eplab turibman, kuch-quvvatdan qolgunimcha kelin olaman”.

Nonushtadan soʻng eri toʻngʻichini olib bozorga ketdi. Ular ham Muyassar yozib bergan roʻyxatga qarab bir haftalik mayda-chuydani gʻamlab kelishlari kerak. Egizaklar onasining atrofida girdikapalak, huda-behuda savollar berib, ishga xalal berib zavqlanishadi. Muyassar ularni nari quvib halak:

– Baraka topgurlar, sizlar ham munday dars-pars qilinglar, televizor koʻringlar. Boshimni ogʻritib yubordinglar-ku.

– Onajon, darslarimizni kecha qilib qoʻyganmiz. Televizorda hech narsa yoʻq, televizorchilar bir kino topsa, oʻn martalab berib yotishadi, ularni deb biz ham oʻn martalab koʻrmaymiz-ku.

Tushlikka yaqin oshxonada kuymalanib yotgan edi, koʻchalarining narigi boshida turadigan qoʻshnisi Toshgul opa chiqdi:

– Muyassarja-nuv, shu desang, hamsoyalar maslahatlashib, bir binoyi ish boshladik. Yuz dollardan “gap” oʻynaydigan boʻldik. Odam oʻzicha roʻzgʻoridan orttirib, har oyda bir chetga yuz dollarni olib qoʻya olmaydi. Gap oʻynagandan keyin ilojingiz yoʻq, birovdan oldingmi, berishing kerak, berasan. Oʻn qoʻshni gapni bir joyga qoʻyib, kelishib turibmiz. Agar oʻn bir kishi boʻlsa, har oy uy egasidan tashqari ming dollar yigʻilar edi, shunga sen ham qoʻshil, deb keldim. Birinchi ming dollarni men olayapman, xarajatlarim bor. Ikkinchisini Xosiyat opa oladigan boʻlib turibdi, qiziga mebel qilishi kerak, uchinchisini Norimxol olmoqchi, toʻyi bor ekan. Istasang, sen toʻrtinchisini ola qol.

Muyassar labi-labiga tegmay, bidirlayotgan qoʻshnining boʻyoqlari chaplashib ketgan qosh-koʻziga qarab, ensasi qotdi:

– Xoʻjayin kelsin-chi, maslahatlashib koʻramiz.

Qoʻshnining rangi oʻzgardi:

– Voy-boʻ, shuning nimasini er bilan maslahat qilasan? Qir oshib, Qrimga ketayotganing yoʻq-ku. Chiqsang, shu koʻchada yashaydigan qoʻshninikiga chiqasan. Yo pulini oʻylayapsanmi? Senday doʻxtir ayol uchun yuz dollar muammomi, a?

Muyassar xijolat ichra chaynaldi:

– Endi… Toshgul opa, baribir, er er-da, u kishidan bemaslahat bir narsa deya olmayman. Kelsinlar-chi? Yoʻq-ku, demaydilar, shunday boʻlsa ham, bir oldilaridan oʻtganim yaxshi-da.

Qoʻshni opa deraza tomon qiyalagan quyoshdan panalab, oʻrindigʻini nari surib oʻtirdi:

– Vaqtning oʻtishini qara. Boyagina tong otgan edi, bir ish qilib ulgurganim yoʻq, peshin boʻp qopti. Uyda oʻtirib, bir ishga ulgurmayman, sen ishlab turib roʻzgʻorni qanday eplayapsan?

– Shu-da!

Toshgul opa yana maqsadga koʻchdi:

– Endi qarasam, Muyassarjan, hamma oʻzi bilan oʻzi boʻlib ketayapti. Ishga boradi-keladi, ovqatini yeb, televizor oʻlgurga termilib oʻtiraveradi. Ketma-ket serial, degin, zavutingga oʻt tushgur. Qoʻshni boʻlib, birov-birovnikiga chiqmasa, holing qanday, demasa, buyam yaxshi emas-da. Issiq jonning isitmasi bor, yaxshi kunda ham, yomon kunda ham yoningda birov turib bersa yaxshi-da. Sizlar hali yoshsizlar. Qoʻshnilarni biriktirib, toʻgʻri yoʻlga boshqarish biz uchun ham qarz, ham farz. Bir kun oʻtib ketsak, qoʻshnichilik uchun kuyib-pishib yurardi shu opamiz, deb eslab yurasizlar hali.

Muyassar kuldi:

– Qoʻying-e, opa, qoʻlingizga ming dollar kelaman, deb turganda, oʻlimdan gapirmang-e.

– Endi, kelasi gapni kelin gapiradi, deyishadi. Bu jahon ayvonida necha jonsan, hammang bir-biringga mehmonsan. Shuning uchun Xudoyim imkon berganda, bir-birimizni izlab, izzatimizga yetib, mehr-oqibatli boʻlib yuraylik. Bu dollarlar hech narsa emas, jonginam. Maqsad – qoʻshnilarni biriktirish.

Oyoqda tik turgan holida ham bir soat laqillagan Toshgul opa chiqib ketgach, Muyassar uning ayyor koʻzlarini eslab, oʻzicha yana kuldi: “Undan koʻra pul zarur boʻlib qolgandi, kim ham shuncha pulni bir yilga berib turadi, qoʻshnilardan yuz dollardan yigʻayin deb, shu “gap”ni oʻylab topdim, deb qoʻya qolsa-ku, yaxshi boʻlardi”. Lekin koʻziga uch oydan soʻng kelishi mumkin boʻlgan ming dollar pulning diydori juda issiq koʻrindi: “Bir hisobdan qoʻshni haq, oʻz boshicha roʻzgʻordan orttirib, shuncha pulni yigʻish qiyin. Yilda bir osh boʻlsa, hech gap emas-u, qilarman”.

– Gap pulida emas, yigʻaman desang, ularsiz oʻzing ham yigʻishing mumkin, – dedi eri.

– Shunday deysiz-da, dadasi. Oylik kelishi bilan qayerdagi xarajatlar koʻndalang boʻlib, qanday ishlatib qoʻyganimizni bilmay qolamiz. Birovga berishimiz kerak boʻlib tursa, oʻylab xarajat qilamiz.

– Ha-yey, bilganingni qil.

Uyam bilganini qildi, lekin “gap”lari ketma-ket tushib qoldi, ikki hafta ketma-ket dam olish kunida uyda boʻlmadi. Har yakshanba biron tansiq ovqat boʻlishiga oʻrganib qolgan bolalarining qovogʻi osildi:

– Yana makaron shoʻrvami? Uf-f!

U eri va bolalariga, har yakshanba kuni qirtishlab yigʻishtiriladigan besarishta uyiga xijolatli termildi. Kirlarini hafta orasida, ishdan qaytganda, kecha-kechasi yuvib oldi. “Mantixoʻr” bolalari uchun bir kecha manti bukib, muzlatkichga qoʻydi-da, ikkinchi oqshom pishirib berdi. Ammo bolalari mantini miriqib yegan boʻlsa ham, baribir, onalari yakshanba kuni ketishidan norozi boʻlishdi:

– Bittagina yakshanbada uyda boʻlardingiz. Endi shu kuni ham ketib qolasizmi?

Muyassarga qolsa-ku, bu “gap”larning sira keragi yoʻq-kuya. Ha, mayli…

Bir kun ishdan kechroq qaytib, shoshib ovqatga unnagan edi. Muyulishda yashaydigan sinfdosh oʻrtogʻi kelib qoldi. Koʻrishib, oshxonadagi stullarning biriga odatdagidek qimtinibgina oʻtirdi:

– Sen ovqatingni qilaver. Birpasga chiquvdim, ketaman.

– Ha, tinchlikmi?

Mehmon dugona boshini qiyshaytirib, xijolatomuz jilmaydi:

– Tinchlik… Meni senga qizlar elchi qilib joʻnatishdi.

– Qanday qizlar?

– Sinfdoshlar-da. Shu-u, ular bir ish boshlashgan. Ora uzilib ketmasin, har holda oʻn yil birga oʻqiganmiz deb, bir oyda bir marta yigʻilishib turishadi. Shunga… seni ham qoʻshilsin, biz bilan birga boʻlsin, deyishayapti.

Muyassar aftini burishtirib, gaz oʻchoqqa norozi suyandi:

– Vo-o-oy, Mushshi-i! (uning ismi Mushtariy edi, goʻdakligida bobosi erkalab “Mushshi” deb chaqirgan, shu boʻyi bir umr Mushshiligicha qolib ketgan). Hech ilojim yoʻgʻ-a. Bilasan-ku, bizning ishimizni, hafta boʻyi ertadan kechgacha bandman. Bolalarim hali yosh. Bir yakshanba kuni uyda boʻlaman. Men ham ayolman, onaman, kir-chirim, supur-sidirim bor. Shusiz ham qoʻymay, ikkita “gap”ga qoʻshishdi. Endi ikki yakshanbam yoʻq, kalavamning uchini yoʻqotib qoʻydim. Xafa boʻlmanglar, men hecham qatnasha olmayman.

Quyosh yuzini bulutlar ortiga berkitib oldi. Mushshi yerga qaradi. Muyassar jahl bilan taqur-tuqur qilib, qozon kovladi.

– Toʻgʻri. Men-ku, seni tushunaman, – dedi Mushshi. – Lekin anavilar tushunishmaydi-da. Ular hali sen bilan gaplashmay turib, “U bizlarni oʻziga teng koʻrmaydi”, deyishgan edi. Men: “Bekorginani aytibsizlar. U sizlar oʻylagandek dimogʻdor ayol emas”, deb sening oldingga kelgan edim.

Muyassarning battar jahli chiqdi:

– Tavba-a, ichagida yeli tuyulsa, Muyassarjon, deb chopib borishadi hammasi. Ishlari tushsa – Muyassar balogardon. Oldimda iljayishib, ortimda gʻiybat qilishadi-ya!

Mushshi gunohkorona yelka qisib, oʻrnidan turdi:

– Mayli, Muyass, men boray boʻlmasa. Sening ham vaqtingni olmay… Kayfiyatingni ham buzdim, kechirasan-da endi.

Muyassar uning boʻshashgan siyogʻiga qarab, kulib yubordi:

– Bu yaramaslar ataylab seni yuborishgan. Muyassar talab tashlasa ham yerga qarab turaverasan, keyin rozi boʻladi, deyishgan-da. Hali borayin, men ularga dimogʻdorlikni koʻrsatib qoʻyaman. Mayli, koʻndirding, qatnashaman. Lekin yakshanba emas, biron ish kuniga, tushlikka toʻgʻrilab oʻtkazasizlar. Soat oʻn birlarda ishdan qochib chiqsam, ikkilarda biron bahona bilan kechikibroq qaytaman. Boʻldimi?

Mushshi har doimgidek xijolatomuz jilmaydi:

– Rahmat. Ular ham yakshanba kuni oʻtira olishmaydi, hammasi bozorchi-ku.

U qanday sassiz kirib kelgan boʻlsa, shunday chiqib ketdi. Muyassarni dimogʻdor deb, uning oldida mulzam boʻlishni istamagan sinfdosh dugonalarning koʻpchiligi haqiqatan ham bozorni boylagan xotinlar edi. Birinchi “gap” ana shunday boyvuchchalarning birinikida boʻldi. Shuncha yil salom-alik qilib, biron marta ham uyiga borib koʻrmagan ekan. Ana uy, mana uy! Dasturxon toʻkin, anqoning urugʻi, qushning sutidan boʻlak hamma narsa bor. Ammo bozorning eng gavjum yerida “Sovgʻalar” doʻkoni ochib olgan Salimaga dasturxon oʻrtasida turgan turli xil ichimliklar orasidagi burama qopqoqli aroqlar yoqmadi:

– Tuzukrogʻidan olsang, oʻlasanmi, ziqna? Juda qizgʻanchiqsan-da, oʻziyam.

Mezbon ham uni ayab oʻtirmadi:

– Sen bilan menga oʻxshaganlarga shunaqasiyam boʻlaveradi, deb olgan edim-da. Kecha oʻzing ham shunaqasidan uyingga obketding-ku.

Davrada kulgi koʻtarildi. Bozorda oʻtiraverganidanmi, oʻquvchilik paytlari sasi chiqmaydigan Salimaning tili ancha burro boʻlib ketgan edi:

– Oʻzingning pulingga boʻlsa, har qanaqasi ketaveradi. Lekin azza-bazza qilib, mehmonga kelganingda tuzukrogʻidan ichish kerak-da. Toʻgʻrimi, Muyassar Xolboyevna? – u Muyassarga qarab koʻz qisib qoʻydi, Muyassar indamadi.

Salima “Bu qurumsoqdan boshqa narsa chiqmas ekan, mayli endi, koʻr boʻlib shuni ichaveramiz”, deb ovqat kelmasdan, bir boshdan hammaga quyib chiqdi:

– Ruxsatlaring bilan, avval oʻzimni tanishtirsam: Salima Eshquvvatova, mana shu davraning “samazvanka” raisasi. Endi birinchi soʻzni bizga hadeb qoʻshilavermaydigan hurmatli doʻstimiz, aziz mehmonimiz Muyassar Xolboyevnaga beramiz. Qani-i, marhamat. Qadahni qoʻlga olib-da, oʻrtoqjon. Axir davradoshlarning hurmati, degandek… E-e, rahmat. Qani?

Muyassarning dimogʻiga oʻtkir spirt hidi urildi. U uch-toʻrt ogʻiz gapirgan kishi boʻlib, qadahni dasturxonning bir chetiga qoʻygan edi, Salima shangʻilladi:

– Hay-hay! Bunaqasi ketmaydi, Muyassar Xolboyevna. Soʻz isboti bilan! Surxonda soʻylagan ichadi, qani-i, oling, yerga qoʻymasdan olish kerak. Irimi shunday. Oxirigacha!

Muyassarning jahli chiqib ketdi: “Qayerdagi “ikkichi” menga buyruq beryaptimi? Ahmoq! Sinfda oʻtirar eding bir chetda sochingni bit bosib, endi toʻrt soʻm topdim deb…”

Oldida turgan qadahni jahl bilan yanada nariroq surib qoʻydi:

– Men ichmayman! – dedi u qovoqlarini uygancha hech kimga qaramay.

– Majburlama, – dedi qizlardan biri. – Har kimning ixtiyori oʻzida. Hali u ishga borishi kerak, bemorlarning oldida ogʻzidan aroq hidi kelib tursa, yaxshi emas-da.

Salima bir boshdan hammaga soʻz berib chiqdi, deyarli hamma soʻzini “isbotladi”. Quyuq-suyuqlar orasida oyoq yozish uchun oʻyinga tushishdi. Oʻyinni madaniyat uyida ishlaydigan Maysaraxon arabcha raqs bilan boshlab berdi. U ilk bor maktabda bitirar yillari arabcha raqsga tushib bergan, oʻshanda bu harakatlar unga juda yarashgan, hammaning havasi kelgandi. Endi esa yoshi qirqqa yaqinlashib qolgan, bir qop goʻshtga aylangan xotin…

Qadrdon kuyni qoʻyib, davraboshi Salimaxon “Maysar-r!” deyishi bilan oʻrnidan turib, beldan pastrogʻiga qiyalatib popukli roʻmol bogʻlab oldi. Keyin davraning oʻrtasiga chiqib, napramachdek[1] dumbalarini goh u tomonga, goh bu tomonga uchirib, lorsillagan koʻkraklarini silkitib, bir qilpilladi-yey, kulaverib, hammaning ichagi uzildi. Keyin “Mustahzod” yangradi, unga zulukdek qilib boʻyalgan qoshlarini chimirib, qovoqlari osilib qolgan koʻzlarini noz bilan suzib, Laʼlixon chiqdi. Oʻynamagan odam qolmadi. Muyassarni ham raqsga tortishdi. Bir vaqt qarasa, soat oʻnta kam ikki: “Komissiya bor edi-ya!..” U hamma bilan shosha-pisha xayrlashib, koʻchaga yugurdi. “Boshliq yoʻqligimni bilib qolmasin-da”, deb tili tanglayiga yopishgancha yugurib borarkan, dasturxonda qoʻl urilmasdan qolib ketgan noz-neʼmatlar koʻz oldidan ketmasdi. Hammasi ogʻizda erib ketadigan, bir-biridan totli edi. Lekin u-bulardan bir-bir totingan boʻldi-yu, keyin ishtahasi boʻgʻilib, toʻrsaygancha oʻtiraverdi. Ishxonasiga kirar-kirmas qorni ochdi.

Kunni yakunlab, oʻringa choʻzilgach, xurrak otib uxlayotgan eriga qarab yotib, undan yashirgan bazmni esladi. U haqiqatan ham bozorchi sinfdoshlarini hech qachon oʻziga teng koʻrmagan, garchi hamisha ularning iltimoslarini bajarib yurgan boʻlsa ham. Bu xotinlar ham Mushshiga bejiz “Muyassar bizni pisand qilmaydi”, deyishmagan. Muyassarning koʻzlaridanmi, soʻzlarining ohangidanmi, koʻnglidagi bepisandlikni sezib qolishgandirki, Mushshiga shunday deyishibdi. Axir… bechoralar boshqa nima ish qilishsin. Har kim qoʻlidan kelgan ishni qiladi-da. Birov doktor, birov bozorchi… Hammasi ham bola-chaqa deb yugurib yurgan ayollar-da. Buning uchun ularni ayblab boʻladimi?

U sekin oʻrnidan turib, oʻgʻillari yotgan xonaga oʻtdi. Bolalarning usti ochiq, pardalari bir chetga surilib, lang ochiq qolgan deraza ortidagi bir parcha osmonda barkashdek yaltillab turgan toʻlin oy xonani sutdek oppoq nurlariga choʻmib tashlagandi. U ohista borib, derazani yopdi, pardani toʻgʻrilab qoʻydi, soʻng beozorgina pishillab uxlayotgan bolalarining yoniga bir-bir oʻtib, ustlarini yopib qoʻydi. Bir uyda yashab turib, uning yuragi bir umr sogʻinchdan simillab turadi. Ertalab ishga shoshadi, kechqurun horib-tolib qaytgan holiga bir dunyo uy yumushlarini bajaradi: pishir-kuydir, yigʻishtir, yuv-chay, dazmol… Egizaklari ertak eshitishni juda yaxshi koʻrishadi. Baʼzan ularga ertak aytayotib, ulardan oldin oʻzi uxlab qoladi. Eri hamisha “Bir stavka ishla, oʻzingni qiynama. Bolalar bilan koʻproq uyda boʻlasan”, der edi. U esa atrofidagi baʼzi hamkasblari ish talashib, bir yarim oʻrin ishlab, yana tinmay navbatchiliklarda ham turayotganiga qarab, “Ulgurayapman-ku. Bolalar ham birpasda ulgʻayib qolishadi. Bir emas, uch oʻgʻil!..” deb, bir yarim oʻringa ikki-uch navbatchilik ham qoʻshib olgandi. Pulning esa sira barakasi yoʻq, kam boʻlganda tejab ishlatarkan odam, koʻp boʻlganda ham ishlatilib ketaverarkan. Ayniqsa, manavi “gap”larga aralashib qoldi-yu, ham vaqtining, ham pulining barakasi uchdi. Har ikki-uch kunning birida Toshgul opa “Muyassarjan-uv” deb kirib keladi:

– Jumagul hamsoyaning otasi oʻtib qolibdi. Gapdoshlar yigʻilishib, bir oʻtib kelishimiz kerak. Dasturxon uchun yigirma mingdan pul yigʻayapmiz.

– Oydinning onasi ming oyning yuzini koʻribdi, akalari katta toʻy qilib berishayotgan ekan, restoranda! Bizni ham shu kunlarga yetkazsin. Xudo xohlasa, shanba kuni birga-birga oʻtamiz. Har doimgidek dasturxoniga yigirma ming, shunday tabarruk onaxonning yelkasiga ham arziydigan biron narsa tashlamasak boʻlmaydi, dasturxondan dasturxonga oʻtib yuradigan isqirt mato boʻlmasin, eslab kiyi-ib yuradigan bir narsa olaylik, deyapmiz. Unga ham yigirma mingdan yigʻayapmiz.

Baʼzan Toshgul opa uning ensasi qotayotganini sezib qolib, ranjib ham qoʻyadi:

– Hay-hay, singiljonim, yaxshi-yomon kunlaringizda yoningizda turib beradigan qadrdonlar hamisha kerak. Hali siz ham toʻylar qilasiz, oʻshanda bu pullaringiz, albatta, oʻzingizga qaytib keladi.

Toshgul opa chiqib ketgach, u yopiq darvozaga qarab, oshkora gʻijinadi: “Oʻrtadagi pulning bir qismi sizning jigʻildoningizga ketayotganini bilmasam ekan!”

Buyoqda Mushshi oʻlgur ham qoʻymaydi:

– Maysara qiziga toʻy olayotgan ekan. Shunga borish kerak. Oʻn besh mingdan yigʻishtirayotgan edik.

– Yo, tavba! Toʻy olayotgan boʻlsa, toʻy yegani bormaymizmi? Unga toʻyona berib nima qilamiz?

– Bilmasam… Salima shunday dedi. Bechoraning qoʻli yupqa, yordam beraylik, dedi.

– Ha, mayli. Toʻy-poʻylarga chiqmayaptimikin? – kuladi bu.

– Nima deyapsan? Uning noʻmiri oʻtib boʻlgan, uni kim toʻyga chaqiradi?

Hafta oʻtmay yana keladi boshini qiyshaytirib:

– Oynaobod qaynisinglisini chiqarayotgan ekan. Shunga dasturxon uchun…

– Uf-f!.. Hay, men-ku, doktorman, oyligim yaxshi. Shundayam “dod” deb yuborgim keladi, sen bechora qanday qilayapsan arzimagan maosh bilan?

Mushshi nimadandir xijolat tortayotgandek ayanchli iljayadi:

– Xatga tushding, oʻtga tushding, deyishgan-ku, “gap” ham xatning biri ekan. Bir amallayapman-da.

U baʼzan Mushshi uchun ham toʻlab yuboradi:

– Bolalaring oylikchi boʻlib, puling koʻpayganda qaytararsan…

Tushlik payti halloslab, ana shunday tadbirlarning biridan kelib turgan edi, ota hovlisidagi eng yaqin qoʻshnilaridan biri kelib qoldi. Bu opaning eri bir umr tumandagi eng katta avtokorxonaning boshligʻi boʻlib ishlagan, lekin oʻzi kattaga ham, kichikka ham bir xil muomala qiladigan ajoyib ayol. Shuning uchun Muyassarning onasi bu ayolni juda yaxshi koʻrardi.

Soʻrashib ulgurmasdan ayolning yoʻtali tutib qoldi, opa gʻujanak boʻlib, uzoq yoʻtaldi.

– Tinchlikmi, Qanoat opa? Yana yoʻtalayapsizmi?

Opa qoʻl siltadi:

– E-e, kunim qursin mening. Birov yonimda turib rayhon ezgʻilasa ham nafasim boʻgʻilib, yoʻtal tutib qolayapti. Akangiz remont boshlagan, eshik-derazalar boʻyoqdan chiqquncha uch-toʻrt kun onangiznikigami, singlimnikigami borib turay, uyda oʻzingiz bor, kelin bor desam, yoʻq, uyda boʻl, deb turib oldi. Mana endi, yigirma kundan buyon yoʻtal toʻxtamaydi. Ichaklarim ham buralib qolgandek boʻlayapti. Oʻgʻlim togʻdan asal olib kelgan ekan, toza asal, har nahor och qoringa bir qoshiqdan yeng, degan edi. Uch-toʻrt kun yesam, butun aʼzoyi badanimga parcha-parcha qizil toshma toshib ketdi. Endi bu nimasi boʻldi deb, yoningizga keldim.

Muyassar bosh chayqadi:

– Voy, opajonim-ey, oʻzingiz bilmagan holda vujudingizda uxlab yotgan kasallikni uygʻotib yuboribsiz-ku. Axir asalni asalarilar necha xil gulning changidan yigʻib oladi, shuning uchun asal eng kuchli allergen hisoblanadi, rayhon, boʻyoq – bular ham oʻtkir allergenlar. Endi besh-olti kun kuchliroq muolaja olishingiz kerak. Iloji boʻlsa, yotib davolaning.

Qanoat opa kasalxonada yotib davolanishga rozi boʻlmadi. Dorilarni hamshira qizlarga olib keltirib, shu yerda birinchi kungi muolajani olib qoʻya qoldi. Muolajaxonada ozroq yotib, picha yengil tortgandek boʻldimi, chehrasi yorishib, Muyassarning yoniga kirdi.

– Kuchli taomlardan oʻzingizni tiying. Qatʼiy parhezga rioya qiling, – deb tayinladi Muyassar.

Qanoat opa kulib bosh chayqadi:

– Ertaga “gap”imiz bor edi-ya. Endi dasturxonning boshida koʻrmak bor-u, yemak yoʻq, deb oʻtirarkanman-da.

Eshikdan chiqayotib, iziga qaytdi:

– Menga qarang, Muyassarxon! Sizni bir joyga taklif qilsam, nima deysiz? Masalan, deylik, bizning davramizga. Bir-biridan ajoyib xotinlar yigʻilgan, deng. Biri prokurorning onasi, birovining oʻgʻli hokim muovini, birovining oʻzi katta tadbirkor, nechta doʻkon, restoranlari bor. Nimaga ishingiz tushsa, oʻsha sohaning kaliti yoningizda boʻladi. Oramizda doʻxtir yoʻq. Aslida, bu davraga har kimni ham qoʻshavermaymiz, deb kelishganmiz. Bir safar ularga siz haqingizda gapirsam, singlingizni bizdan qizgʻanib yurmasdan, davramizga olib keling, biz bilan ham tanishtiring, deyishdi. A-a, nima deysiz? Sizga manavu kasallaringizdan nima naf? Eshigingizdan chiqishi bilan sizni unutib yuboradi. Siz ham bundoq katta davralarga qoʻshiling. Oʻgʻillaringiz katta boʻlayapti, sinab-koʻrib, birontasi bilan quda boʻlishingiz mumkin.

Muyassar juda noqulay ahvolga tushdi. Bu ayolga “yoʻq” deyish qiyin edi. “Xoʻp” desa… Shuncha “gap”ga ulgurishi ham oson emas.

– Opa, erim picha injiqroq odam. Bir oldilaridan oʻtishim kerak.

– Yoʻq, desa, oʻzimga ayting. U kishiga ham kalit topaman, – kuldi opa.

– Oʻzim…

– Emasam, gʻayrat qiling.

Eri ishdan kech qaytdi, charchaganmi, nimagadir kayfiyati ham yoʻq edi. Boshqa payt boʻlganda Muyassar indamay qoʻya qolgan boʻlardi, ammo opasi tushmagur ertaga ertalab qoʻngʻiroq qilaman, degan…

Eriga opaning taklifi yoqmadi:

– Men u davrani bilaman, boshligʻimizning onasi ham shu davrada. Noxosdan ogʻzingdan bir gap chiqib ketsa, onasi orqali boshligʻimning qulogʻiga yetadi-da, baloga qolaman. Tinchgina yur, xotin. Uy-joyimiz, binoyidek turmushimiz, bolalarimiz bor. Yana nima kerak bizga?

– Voy, dadasi! Odamzod yanayam yaxshiroq boʻlishga intilishi kerak, hech qachon bir joyda qotib qolmasligi kerak. Suv ham bir joyda turib qolsa, sasiydi. Boshligʻingizning onasi boʻlsa, yanayam yaxshi. Koʻnglini topsam, martabangiz oshadi. Shunday tanishlarim borki, kazo-kazolar bilan “gap” yeyish uchun har oyda bir marta samolyotda Toshkentga borib keladi! Sizni qarang-u… Bolalaringiz oʻsayapti, oʻzlari bilan birga ularning xarajatlari, ehtiyojlari ham oʻsayapti. Ertaga ularni oʻqishga joylashtirish, ishga joylashtirish bor. Shunday paytda bir qoʻllab yuboradigan tanishga zoriqib qoladi odam.

Xullas, u dedi, bu dedi, eri bechora “Bilganingni qil” deb ters burilib yotib oldi. Anchadan soʻng yana toʻngʻilladi:

– Hayronman, oʻsha kampirlar bilan nimani gaplasharkansan? Ular bir umr oldin erining, endi oʻgʻillarining topganini yeb, uyda oʻtirgan xotinlar boʻlsa.

– Bir gap boʻlar.

Birpas oʻtgach, eri oʻrnidan turib oʻtirdi:

– Hay, menga qara!

Muyassarning ensasi qotib, unga tomon oʻgirildi:

– Ha-a! Yana nima deysiz?

Eri lom-mim demasdan, ancha payt unga tikilib turdi. Muyassar jahl qilib, yana orqa oʻgirib oldi.

– Sen xotin, juda oʻzgarib ketding. Bilib qoʻy, menga sen olib beradigan mansab umuman kerak emas. Bolalar boʻlsa, sogʻ-omon, esli-hushli boʻlib ulgʻayishsa, sen bilan men kabi oʻz yoʻllarini topib ketishadi.

Muyassar bir narsa desa, janjal katta boʻlib ketishini bilib, indamay qoʻya qoldi: “Tavba! Nima, u buzuqlik qilgani boryaptimi? Shunday boobroʻ ayollarning davrasi boʻlsa! Boradi, baribir boradi. Osib tashlasa ham boradi. Koʻchada boʻl, koʻyda boʻl, er kelganda uyda boʻl, deyishgan. U ham eri ishdan qaytguncha uyda boʻladi”.

Ertasi kuni eri odatdagidek hammadan avval ketdi. Uning tezroq ketishini poylab turgan Muyassar kiyinmasdan hali oshxonada, hali bolalar xonasida kuymalanib yuraverdi. Choy damlab, dasturxonni tuzab qoʻydi-yu, ammo eriga gap qoʻshmadi. Eri ham indamadi. Bir ogʻiz gapirmasdan choyini ichdi-da, xoʻshlashmasdan chiqib ketdi. Muyassarning yuragi gʻashlangan boʻlsa-da, ich-ichida qahrlanib turgan “men”i qoʻl siltadi: “Tokaygacha? Oʻzi bir ish qilsa, mendan maslahat soʻrab oʻtirmaydi-ku”.

Shu kayfiyat bilan bolalarini oʻqishga kuzatdi. Salonda ishlaydigan qoʻshni kelinni chaqirib sochini turmaklattirdi. Soʻng bisotidagi bor taqinchoqlarni taqib, yaqinda olgan, u yer-bu yeriga yaltiroq tosh qadalgan qora koʻylagini kiyib ishga bordi. Undagi oʻzgarishni hamshirasi darhol sezdi:

– Ochilib ketibsiz, Muyassar Xolboyevna!

Muyassar unga qarab, koʻz qisib qoʻydi:

– Boradigan joyim bor edi. Soat oʻn birdan keyin bosh vrach soʻrasa, uchastkaga chiqib ketdi, deb qoʻyasiz.

– Xoʻp boʻladi.

U ancha kechikib boribdi. Katta dasturxonning girdini toʻldirib oʻtirgan ayollarning hammasi, Muyassarning nazarida biroz malollangandek oʻrinlaridan turib, koʻrishishdi. Kechikib kelib, yoshi bir joyga borib qolgan boy xotinlarni qoʻzgʻab qoʻygani uchun xijolat tortdi. Beixtiyor toshbaqaga oʻxshab boshini ichkariga tortdi. Shu oʻtirishida oʻzini Mushshiga oʻxshatib yubordi: “Shoʻrlikkina”.

Qanoat opa toʻrdan boshlab, davradoshlarni tanishtirib chiqdi:

– Bu kishi Saltanatxon, rahmatli xoʻjayinlari general boʻlganlar, hozir oʻzlari “general”. Olti oʻgʻil-olti kelin, toʻrt qiz-toʻrt kuyovni oʻzlari boshqaradilar. Ikki oʻgʻillari prokuror. Bu kishi hokimimizning onalari. Bu kishi…

Xullas, hamma zoʻrlar yigʻilgan edi. Xonada qovurilgan, qaynatilgan, dudlangan goʻsht, yangi uzilgan koʻkatlar, antiqa pishiriqlar hidi bilan nafis atir-upalar hidi qoʻshilib ketgan, har-har zamonda bir totinib qoʻyayotgan mehmonlar qoʻllarini qovushtirgancha, yonidagi sherigi bilan gʻivir-shivir gaplashib oʻtirardi. Faqat quyiroqda oʻtirgan boshqalardan nisbatan yoshroq, aftidan mavqei ham pastroq bir ayol tinmay pitir-pitir qilib, dam oʻtirganlarni taomga undar, dam birini qoʻyib, birini maqtar, ora-sira askiyalar aytib, hech kim kulmasa ham, oʻzi vaha-xalab kulardi.

Bir vaqt Muyassarning yonida oʻtirgan ayol u tomon xiyol egilib, oʻzicha dasturxonga taklif qilgan boʻldi:

– Nega hech narsa yemayapsiz?

Muyassar dasturxon naqshlariga qaradi:

– Yedim, opa, yeyapman.

Soʻng ayol unga tomon biroz surilib, yarim ovozda arz-hol qildi:

– Bir sanchigʻim bor, desangiz, oʻn besh yildan beri hali u yerimda, hali bu yerimda paydo boʻlib, azob beradi. Koʻrinmagan doʻxtirim qolmadi. Qanoatxon sizni rosa maqtadi, menga ham bir maslahat bermaysizmi?

– Bajonidil, – shundayin kibor davrada unga ham kimningdir ishi tushganidan sevinib ketdi. – Faqat analizlar topshirib, bir-ikki apparatlarimizning tekshiruvidan oʻtishingiz kerak boʻladi.

– Qachon borsam boʻladi?

– Istagan paytingizda boravering, har kuni ishdaman. Faqat uydan chiqishingizdan avval bir qoʻngʻiroq qilib qoʻysangiz, boʻldi. Ovora boʻlib borsangiz, biron joyga bemor koʻrgani ketib qolgan boʻlmay, deyman-da.

Xullas, dushanba kuni toʻrt davradosh birga-birga Muyassarning qabuliga boradigan boʻlishdi. Ochilib-sochilib oʻtirmagan boʻlsa ham Muyassar uyga koʻngli yorugʻ orzu-xayollar bilan toʻlib qaytdi. Hadeb bidir-bidir qilib, oʻzi gapirib, oʻzi kulib oʻtirgan sergap ayolni aytmasa, hammasi ogʻir-bosiq, bamaʼni ayollar edi. Sergap ayol oʻzining zimmasiga hamma tashkilotchilik yumushlarini ham olgan, shekilli, oʻrtadagi pulni ham oʻzi yigʻib oldi, undan tashqari yana bir dunyo tadbirlarni eʼlon qildi:

– Shu oyning yakshanbasida Muhabbat opaning yetmish besh yillik yubileylarini nishonlaymiz. Keyingi juma Maʼrifatning eriga maʼraka qilishar ekan. Yuzta somsa buyursam, boʻladimi? Unga yigirma ming soʻmdan pul berasizlar. Yigirma beshinchida Gulnora opa nevarasiga aqiqa qilayotgan ekan. Bir maslahat qilib, xarajatlarini telefonda aytaman. Payshanbada…

Xullas, Muyassar har ehtimolga qarshi deb yuz ming soʻm olib chiqqan edi, haligi ayol unga dedi, bunga dedi, hammasini oldi-qoʻydi. Oʻrtada aylanadigan yuz dollarni uning uchun Qanoat opa berdi. “Ha-a, katta davralarning harajati ham katta boʻladi-da. Chidash kerak, – oʻyladi Muyassar. – Navbatchilikni koʻpaytirsammikin?” Bu, albatta, eriga yoqmaydi: “Boylarga qoʻshilib, otimni chopdim, otimdan yiqilib, qumlarni qopdim, deyishgan ekan. Holingga qarab ish qil, xotinboy”. “E-e, yomon mijgʻov boʻldi-da shu odam ham!.. Shuning maslahati ham, yordami ham kerak emas, oʻzim topaman. Key-i-in, vaqti kelganda aytaman. Oʻsha davralarga shunday niyatlar bilan qoʻshilgan edim, siz esa koʻrkundoshdek boʻlib yeb qoʻygandingiz, deyman”.

U shu paytgacha sira ham bemorlariga taʼmagirlik qilmagan edi. Oʻsha kuni doimiy mijozlaridan biri kelib, ketayotganda “yoʻq” deganiga ham qoʻymay, choʻntagiga pul tiqib ketdi. Xonada hech kim yoʻq edi. Bemor eshikdan chiqib ketishi bilan tashlab ketilgan pulni sanab koʻrdi: “Yigirma ming soʻm. Qanday yaxshi! Kechgacha yana oʻn besh-oʻn olti kishi qabul qilsa, insofi borlar oʻn mingdan tashlab ketishsa ham, picha pul yigʻilib qoladi. Lekin baʼzilar bezdek boʻlib, indamay chiqib ketaverishadi. Noinsoflar!”.

Navbatdagi bemor ochgan eshikdan qattiq-qattiq ovoz eshitildi. Bu har doimgi shovqinlardan boshqacharoq edi. U hayron boʻldi. Birpasdan keyin rangi qumdek oqargan hamshira qiz kirib keldi:

– Muyassar Xolboyevna!.. Jasur Tilovmurotovichni pogonli odamlar olib ketishdi.

– Nega? – Muyassarning yuragi “shuv” etib ketdi.

– Nogironlikka chiqishi kerak boʻlgan bir kasalga ellik ming bersang, byulleten qilib beraman, degan ekan. Haligi kishi yigirma ming berayin, deb rosa yalinsa ham koʻnmabdi. Bechora qoʻli yupqaroq ekan. Pul topa olmagandan keyin ichki ishlarga arzga boribdi.

Muyassar beixtiyor qoʻlini choʻntagiga solib, haligi yigirma mingni ushlab, qattiq gʻijimladi: “Yo, Xudoyim, endi nima qilaman?!”

Hozir eshigi ochilib, uning xonasiga ham Jasur Tilovmurotovichni ushlaganlar kirib keladigandek boʻlaverdi. Sharmanda! Yer yorilsa-yu, yerning tagiga kirib ketsam!.. Ha, falonchining qizi, yoki falonchining onasi pora bilan qoʻlga tushib, qamalib ketibdi, degan isnoddan koʻra yerning tagiga kirib ketish, oʻlim ming marta afzal edi. Uning nafasi boʻgʻziga tiqilib qolganday boʻldi. Oʻrnidan turib, deraza tomon oʻtdi, ortiga qarab, hamshiradan bir piyola suv soʻradi. Hamshira burchakdagi stol ustida turgan chelakdan piyolaga suv olib, uning yoniga kelguncha uchinchi qavatdan pastga bir nazar tashladi-da, hamon qoʻli bilan qattiq gʻijimlab turgan pulni pastga tashlab yubordi. Soʻng hamshira uzatgan suvdan bir hoʻplab, joyiga oʻtdi. Ammo oʻziga kelolmadi. Peshonasiga tepchigan muzdek ter donalarini kafti bilan sidirib, unga anqayib qarab qolgan bemorga yuzlandi. Xuddi koʻnglidagi fikru xayollar koʻzlaridan anglashilib turgandek xijolat tortdi:

– Bechoraning bir uy bolasi bor edi-da.

Bemor ayolning sargʻimtil yuzi burishdi:

– Bola-chaqa kimda yoʻq, singlim? Xastalanib, ishga yaramay, bir soʻmga zor boʻlib yurgan odamdan ham pul soʻraydimi? Insof ham kerak-da!

Shu bilan ikki-uch kun oʻziga kela olmay yurdi. Xuddi pul bergan bemor borib shikoyat qilgan-u, hali zamon eshikdan tekshiruvchilar kirib keladigandek boʻlaverardi. Butunlay halovatini yoʻqotdi. Bu orada Qanoat opa ikki marta qoʻngʻiroq qildi, pulini soʻramagan boʻlsa ham, Muyassar xijolat tortdi. Milliard-milliard odam siqqan keng dunyo uning koʻziga tor koʻrinib qolgan edi: “E-e, qaysi goʻrdanam shu “gap”larga qoʻshildim”. Xarajatlari koʻpayganidan buyon eshikdan kirgan har bir bemor koʻziga pul boʻlib koʻrinadigan boʻlib qolgan edi. Ish tugagandan keyin ham “Balki birov-yarim kelib qolar”, deb oʻtiraverardi…

Ilgari maosh oldi deguncha doʻkonga kirib, bolalarining ogʻziga yoqadigan biron narsa xarid qilardi. Endi kunora bir yigʻin, uncha-muncha pul Chambilga chiroq ham boʻlmaydi, yemay-ichmay yigʻib qoʻyadi.

Boy xotinlarning birining yubileyiga aytishgan edi, negadir sira oyogʻi tortmadi: “Mazam boʻlmay turibdi, ish ham koʻp” deb aytilgan pulni berib, qutulib qoʻya qolmoqchi boʻldi. Qanoat opa qoʻymadi:

– Baraka topgur, hozir yurmasangiz, qachon yurasiz? Yaxshi kishilarning toʻylarini koʻring, shunday toʻylar qilayin deb, havas qiling.

“Uf-f! Bu yigʻinlarga borishning oʻzi boʻlsa ekan… Hamma koʻylaklarini necha martadan kiyib borgan. Bu xotinlarning davrasida bir koʻylakni qayta-qayta kiyish juda noqulay. Har safar falon soʻmga soch turmaklatishi kerak. Uyam tekin emas”.

Erini ishga kuzatgach, “salon”chi kelinni uyga chaqirdi:

– Sochimni bir narsa qilib qoʻying, toʻyim bor edi.

Kelin naq yarim soat urinib, boshida ajabtovur moʻjiza yaratdi. Ishi tugagach, uni gir aylanib, oʻzining ishidan oʻzi mamnun jilmaydi:

– Juda ochilib ketdingiz. Oʻzingizga ham yoqdimi?

– Juda ham! Qoʻlingiz dard koʻrmasin.

Uydan chiqayotgan payt onasi qoʻngʻiroq qildi, ovozi juda xasta edi:

– Muyas, qizijonim, juda mazam yoʻq. Chap koʻkragimning tagi sanchgani-sanchgan. Hech nafas olishga bermayapti. Bugun ishingdan javob soʻrab, meni Termizning katta doʻxtirlariga koʻrsatib, rengenga, kompyuterga tushirib kel, bolam.

Muyassar bir zum jim qoldi, onasi ham yoshi oʻtgan sayin juda injiq boʻlib borayapti-da. Agar oʻzi shifokor boʻlmaganida ham mayli edi… Onasi tumandagi doʻxtirlarning hammasini savodsizga chiqarib, oʻziga oʻzi tashxis qoʻyadi. Oʻzi ham tinmaydi, atrofidagilarni, ayniqsa, Muyassarni tinchitmaydi. Ne hasratda qildirgan turmagini beixtiyor silab qoʻydi: “Yubiley oʻlgur boʻlmaganda ham mayli edi”.

– Muyas, Muyass! – onasining betoqat ovozi eshitildi.

– Ha, ona?

– Meni eshitayapsanmi?

– Ha, ona.

– Olib borasanmi? Juda mazam yoʻq-da, bolam. Akangga aytsam, mening ishim koʻp, qizingizga ayting, hamkasblariga koʻrsatadi, deydi. Shuning uchun…

– Xoʻp, ona, ishdan javob olaman-da, bir taksi ushlab, yoningizga oʻtaman, – soʻng oʻzini tinchitdi: “Bitta tomografiya bilan rentgen boʻlsa, yubileyga bemalol ulguraman”.

Osmonning bir chetida qorayib turgan bulut to manzilga yetib olgunlaricha butun osmonni qoplab oldi. Mashinaning ochiq derazalaridan muzdek sovuq havo va nam tuproq hidi urildi. Koʻp oʻtmay, sharros yomgʻir quyib yubordi.

– Oynalaringizni yoping-yey, – zorlandi momo.

Haydovchi xijolat boʻldi:

– Kechirasiz, momojon. Mana, mana, yopdim. Yo, tavba! Hozirgina quyosh charaqlab turgan edi-ku? Odamni shoshirib qoʻydi-ya.

Muyassar haydovchidan iltimos qilib, mashinani rentgenxonaning ostonasigacha haydatdi. Rentgen suratlarini olib chiqishganda yomgʻirning shashti ancha pasaygan, ammo hamon tinimsiz yogʻib turardi. Tomografiya kasalxonaning narigi boshida joylashgan edi. Muyassar ichkaridan nogironlar aravachasi soʻragan edi, yelka qisishdi: “Bizda unday narsa hech qachon boʻlmagan”. Tomografiyaga yetib borishguncha oyoqlarini sudrab zoʻrgʻa ilgarilayotgan kampir ham, ertalabdan hammani, hatto egasini ham hayratga solgan soch turmagi ham yomgʻirda ivib, adoyi tamom boʻldi. Muyassar avvaliga sumkasidan bitta gazeta chiqarib, bir qoʻlida gazeta bilan boshini pana qilib, ikkinchi qoʻli bilan onasining tirsagidan ushlab, yurishiga koʻmaklashmoqchi boʻldi. Eplay olmagach, jiqqa hoʻl gazetani yoʻl chetidagi ariqqa uloqtirdi. Ertalab “salon”chi kelin sepgan shishiruvchi, qotiruvchi, yaltiratuvchi kimyoviy qorishmalar yomgʻir suvida erib, allanechuk shilimshiq moddaga aylanib, peshonasi, chakkalaridan oqar, unga sari keksa onaning yurishi tobora sekinlashar edi: “Uf-f! Odamzod buncha oʻzini yaxshi koʻrmasa?! Bu kishim doʻxtirma-doʻxtir yurib, qaytadan oʻn sakkiz yashar boʻladilar!”

Baribir boʻlmadi. Kimnidir kutib, yoʻlak chetida mashinasini toʻxtatib turgan bir yigitdan iltimos qilib, tomografiya boʻlimining ostonasigacha mashinada borishdi. Tomografiya xulosasi tayyor boʻlgach, onasi boʻlim mudirining xonasida oʻtirib buyuraverdi, Muyassar u boʻlimdan bu boʻlimga chopib, onasi soʻragan mutaxassislarni olib kelaverdi. Eng oxirida chaqirilgan doʻxtir tomoq, burun, quloq boʻyicha mutaxassis edi. U oʻrta yoshlardagi tepakal kishi ekan, yumshoqqina divanning bir chetida oʻtirgan kampirga qarab, keng yuzlariga tabassum yoyildi. Qoʻlidagi kichkinagina chamadonini stolning bir chetiga qoʻyib, momoning qarshisiga oʻtirdi:

– Xoʻsh, momojon, damliginamisiz? Sizni nima bezovta qilayapti? Xoʻsh, quloq joyida, burun joyida, tomoqdan ovqat oʻtib turibdi. Bizga yana qanday shikoyatingiz bor?

Yomgʻirdan pana, iliqqina, yumshoq joyda oʻtirib, ozroq nafas rostlab olgan kampirga doʻxtir yigitning ochiqqina muomalasi xush yoqdi:

– Endi, uka, toʻgʻrisini ochiq-ochiq aytsam, aybsitmang. Burnim bilan bir yilda bir shimgirmayman, lekin tomogʻimning yoʻlidan allaqanday shilimshiq narsa keladi, vaqt-bevaqt qoqirishga toʻgʻri keladi. Baʼzan yonimda mehmon-pehmon boʻlib qoladi, juda uyalaman. Shu-u, burunning teshigi bitib qolganmi, deyman, agar shunday boʻlsa, besh-olti kun qiynalsam ham teshtirsam, devdim.

Doʻxtir Muyassarga qarab, koʻzini qisib qoʻydi-da, chamadonchasini ochdi:

– Ahvol jiddiyga oʻxshaydi-ku. Qani, bir yaxshilab tekshirib koʻraylik-chi.

Koʻrib-koʻrib, yana kuldi:

– Xoʻsh, momojon, sizga bir voqeani aytib beray. Ikki kishi doʻstlashib, biri birini mehmonga chaqiribdi. Mezbonning bolalari juda yosh ekan, qoʻshni xonada rosa shovqin-suron qilib, suhbatga xalal beribdi. U bundan xijolat boʻlib, “Kechirasiz, doʻstim, bolalarim yosh, bizniki doim shunday, baqiriq bilan hayqiriq”, debdi. Mehmon esa unga havas bilan tikilib oʻtirgan emish: “Siz juda baxtli odam ekansiz. Biznikiga borsangiz, qoqiriq bilan tukurik. Eru xotin uchramagan tabibimiz qolmadi. Bir tirnoqqa zormiz”, degan ekan. Bu bilan nima demoqchiman? Inson hayotida baqiradigan ham, tupuradigan ham fasl boʻladi. Buni tabiiy jarayon sifatida qabul qilish kerak, xolos. Sizda davolanishi kerak boʻlgan hech narsa topmadim. Bittagina patalogiya – yuragingiz notekis urayapti. Buni qizingizning oʻzi davolab tashlaydi, sizga begona doʻxtirning umuman keragi yoʻq.

Sertabassum doʻxtirning baqamti kelib, kulib-kuldirib tekshirgani, gurunglashganidan yayrab oʻtirgan momo birdan soʻlib qoldi:

– Unda… nega mening bu qadar mazam yoʻq?

Doʻxtirning choʻntagidagi telefon jiringlab qoldi, telefonni qoʻliga olib bir qaradi-da, oʻchirib qoʻydi:

– Momo, ruhni koʻtaring. Shunda hammasi yaxshi boʻladi. Nechada boʻldingiz? Sakson oltida? Eh-he! Qani, menga bir duo bering boʻlmasa, biz ham sizning yoshingizga yetib yuraylik.

U eshikning yoniga yetganda iziga qaytib kelib, shalpayib oʻtirgan momoning qulogʻiga engashib, shivirladi:

– Men sizga emas, siz menga maslahat berishingiz kerak, aslida. Masalan, odam qanday yashasa, sakson olti yoshga kiradi? Buni men bilmayman, siz esa bilasiz. Yashang!

Muyassar koʻchadan mashina tutib keldi. Kelishayotganda hammani ogʻziga qaratib, hech kimga gap bermay kelgan momo mashinaga juda ezgin kayfiyatda oʻtirdi:

– Ruhni koʻtaring emish! Jonim ogʻrib, azob koʻrib yotgan boʻlsam, ruhimni qanday koʻtaraman? Bugungi doʻxtirlarga ham hayron qolasan. Hammasi gʻirt savodsiz! Rengeniyam, kompyuteri ham bir pul ekan!

Muyassarning toqati toq boʻldi:

– Onajon, tinchgina ketaylik. Haydovchi yigitga ham xalal berayapsiz. Men sizga aytdim, sizniki shunchaki sanchiq, koʻchib yuradigan oddiygina sanchiq! Siz suringan boʻlmasangiz, yiqilgan boʻlmasangiz, sizga rentgen nimaga kerak, tomografiya nimaga kerak? Shu rentgen oʻzimizda ham bor edi. Bekordan bekorga yomgʻirda ividik, sarson-sargardon boʻlganimiz qoldi. Iltimos, onajon, tinchgina ketaylik, mazam qochayapti.

U haqiqatan ham juda charchagan edi. Koʻzlarini yumib, boshini oʻrindiqning suyanchigʻiga tashladi. Shu bilan onasi ham jim boʻla qoldi. Uyga yetib kelguncha bir ogʻiz ham gaplashishmadi. Baʼzan koʻz qiri bilan oʻrindiqning bir chetida shumshayibgina ketayotgan onasiga qarab-qarab qoʻyadi, yomgʻirga ivigan bugungi kun uchun “tinch oʻtirmaydigan” onasidan qancha qahrlansa, uning ayni damdagi bechora siyogʻiga qarab, shuncha rahmi kelardi. Oʻziyam noinsof boʻlib ketgan, ish-yigʻinlaridan vaqt orttirib, onasini izlashni ham yigʻishtirib qoʻydi. Bir oylarda bir izlab boradi. Qayoqdanam shu telefon oʻlgur chiqqan, har kuni bir marta “alyo-alyo, yaxshi oʻtiribsizmi, nima kamchiliklaringiz bor?” deydi, tamom-vassalom, shu bilan ona va qizning orasi ochiq.

Ota hovlisiga yetib kelgach, mashinaga javob bergisi kelmadi. U onasini ichkariga kiritib qoʻyib, tayyor mashinada uyiga yetib olmoqchi edi.

– Ketmay turing, men hozir chiqaman, – dedi haydovchi yigitga.

Inqillab-sinqillab mashinadan tushgan onasi “yalt” etib, uning yuziga qaradi. Boshqa payt boʻlganda, “Ketasanmi?” der edi. Ammo hozir yoʻlda eshitgan dakkining alami tarqagani yoʻq, shu bois bir narsa demay, darvozaga qarab yurdi.

Muyassarning ich-ichidan nimadir uzilib, oyoqlari uchiga tushgandek boʻldi, shoshib sumkasidan yoʻlkira olib, haydovchiga uzatdi-da, boshi bilan “boravering” ishorasini qildi. Oʻzi onasining izidan yugurdi: “Qoqilib-surinib yurmasin yana, charchab kelayapti”.

Ukasi endi ishdan kelib turgan ekan. Onasini oʻrniga yotqizgach, ertalab uydan yubileyga atab olib chiqqan bir dasta pulni ukasiga tutqazdi:

– Bozorga borib, ikki kilo yumshoqqina qoʻy goʻshti olib kelsang. Sen kelguncha kelin bilan qatpatir qilib oʻtiramiz.

Uka bir opasiga, bir qoʻlidagi pulga qaradi:

– Bu… koʻp-ku?

– Sen olaver. Olma, banan, mayiz… Onamning ogʻziga yoqadigan bir narsalar olasan-da. Qaytguncha pochchang bilan jiyanlaringni ham ola qayt. Sizlarni bir bezor qilaylik.

Uka kuldi:

– Har kun bezor qilsangiz ham mayli, opa.

Yarim soat qadalib oʻtirib qilingan “laylak uya”ni buzib, sochlarini oʻzi bilgancha qaytadan turmaklab, boʻyoqlar chaplashib ketgan yuzlarini yuvib, onasining yonida oʻtirgan edi, eri qoʻngʻiroq qilib qoldi:

– Ha, tinchlikmi?

Anchadan beri eri bilan ikkisining orasida yoqimsiz bir boʻshliq paydo boʻlganini sezib yurar, bundan siqilsa ham, oʻzi birinchi boʻlib, qoʻl uzatishni istamas, baʼzan shu chegaraning borligi unga maʼqul tushib borayotgandek tuyulib, qoʻrqib ketar edi. Bugun shu chegarani hatlab oʻtdi:

– Dadajonisi, bolalarni olib bir kelsangiz. Onamning biroz tobi yoʻq ekan. Qayningiz bilan keliningiz pochchamni bir mehmon qilaylik, deyishayapti.

Ertasi kuni Mushshi keldi. Mushshining qiyshayib kirib kelishiga qarab, darrov bildi: “Bu yana bir gap topib kelgan”.

Toʻrga oʻtqazib, oldiga dasturxon yozdi. Choy damladi. “Hay-hay”lashiga qaramasdan, yarim kosa ovqat suzib qoʻydi. Keyin xontaxtaning ikkinchi tomoniga oʻtirib, taraddudlangancha, kosa kovlab oʻtirgan Mushshiga tikildi:

– Mushshi, men seni juda yaxshi koʻraman. Rost aytayapman. Hammalaringni yaxshi koʻraman. Lekin men shu bugundan boshlab, “gap”dan chiqdim. Faqat sinfdoshlarning “gap”idan emas, hamma “gap”lardan chiqdim.

Mushshi indamay yerga qaradi:

– Navbating kelib turgan edi-da. Hammaga pul berib-berib, navbat kelganda indamay chiqib ketaverasanmi?

Muyassar qoʻl siltadi:

– Kechdim oʻsha pullardan. Istasang, ana, sen ola qol.

Mushshi yana yerga qaradi:

– Men oltinchi “igra”ni olgan edim, olti “igra” qarz boʻlib turibman. Agar menga pullaringni berishing rost boʻlsa, oʻsha pullar bilan qarzimni qoplab yuborardim-da, men ham shu oʻyindan chiqib qoʻya qolardim.

Muyassar kulib yubordi:

– Toʻgʻri qilasan, bu ishlar sen bilan menga toʻgʻri kelmas ekan!

 

Jamila ERGASHYeVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–5

 


[1] Napramach – gilamdan qilinadigan sandiq.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.