Gadoytopmas Fashion Shou

0
183
marta koʻrilgan.

Bizning qishloq ham chakana si-vi-li-za-siya-lashmagan. Hozir men (ha, kallam qursin, “man” desam boʻlar ekan, keyingi gal inobatga olamiz) sizga bir-ikki voqeani aytib bersam, oʻzingiz ham besh ketvorasiz, oka (ana endi joyiga tushdi)! Tan berganingiz mayliga-ya, qishlogʻing si-vi-li-za-siyaning naq kindigida ekan-u, deb hayqirishingiz ham hech gapmas. Avvalo, “kindik qishloq” qayerda joylashganini aytay: Toshkent – Samarqand trassa(!)sini bilasiz, shundan toqqa qarab ketovrasiz, ketovrasiz… Togʻdan togʻ oshib, soydan soy kechib ketovrasiz. Keyin qarshingizdan qishloqlar chiqa boshlaydi – Beshkal, Oltikal, Yettikal, soʻngra Izilloq, Chuvilloq, Sharilloq keladi, ulardan oʻtgach esa – Boshqop, Beshqop, Boʻshqop… Shuytib, Bireshak degan joyga yetib borasiz. Nega bunaqa nom qoʻygan ekan, deb oʻylanmang, baribir topolmaysiz. Bireshak degani – shu yerda yoʻl tugadi, bundan naryogʻiga na ot yuroladi, na moshin, degani. Endi faqat eshakka mingashishga majbursiz. Bir eshakda Bireshakdan oʻtgandan soʻgʻin bizning qishloq keladi – Gadoytopmas. Burungʻi zamonlarda shu jerlarda odam jashaydigan bir qishloq borligini Katta dunyo onda-sonda eshitip qolgʻan, nekin gadoylari ham topip kelalmagan. Eh, “sapsem” esdan chiqip ketipti, qishlogʻimizgʻa jaqinlashabersam, ena shevamda shundaychaqan gapirib jubaraman-da! Qorindoshlar ham qoʻyagʻoymaydi: “Hoʻ, san bola, qaysi tilda gapirvossan…”dan olib qolishadi. Shuncha yil Toshkentda yurib men (aytgancha, man) shaharlashmabman-u, lekin qishloqlarimizni shahardan farqlab boʻlmay qolibdi-ya! Har ikki hovlida bittadan haligidaqa antenna bor – barabanskiy! Tushundingizmi? Nima balo, qaysi qishloqdan chiqqansiz, oʻzi? Taralka desam, yetib boradimi? Televizor 300ta kanaldan koʻrsatadi. Yashirincha tomosha qiladigan programmalar-ku it boʻlib yotibdi (eskining odamlariga izoh berib qoʻyay: it boʻlib yotibdi – tiqilib yotibdi degani). Toʻpolonsoyga bitta GEScha qurib olganmiz, bizda qishin-yozin “svet” oʻchmaydi… Aytaversam, taʼrifu tavsiflardan ham “Ha-a, Gadoytopmas si-vi-li-za-siya-ning markazi ekan-ku!” deb qichqirib yuborishingiz mumkin, lekin eng qizigʻi qolib ketadi-da.

Kechagida qishloqqa borsam, ota-bobolarimizning tilida aytsak – chaqirdi, oʻzimizning hozirgi tilda aytsak – challari ayni avjiga mingan ekan. Katta-katta karnaylardan taralayotgan Xyustin-myustin, Tatu-matu, Jekson-pekson, Eminim-peminimning qoʻshiqlarini eshitib, hayron boʻldim, avvaliga xorijiy tang-batabanglar poytaxtda qulogʻimga oʻrnashib qolibdi-da, deb oʻylabman. Yoʻq, bularni anovi Ochil bulbulning nevarasi aytib yotibdi (aslida, disk qoʻyib olgan). Davrada xotin-xalaj: Ulboʻsin checha, Buvsalma yanga, Charosxon kennayi… i drugiye (ruschani ham bilamiz!). Hamma shunday tashavotti, shunday tashavotti, har-har zamonda “hoʻv!” deb qoʻyishadi. Lekin Oysuluv momo barchasidan ham oʻtib tushadi, qanaqa kuy-qoʻshiq qoʻyilsa-da, bir xil – oʻsha sinalgan uslubda oʻynaydi: qoʻllar tirsakdan qayrilib, tepaga koʻtarilgan, bir maromda oldinga borib keladi va yarim bukilgan (xuddi tuxum ushlab olgandek) barmoqlar bir oʻngga, bir chapga qimirlab qoʻyadi. Oyoqlar… uzun koʻylakning tagida koʻrinmaydi ham. Men sizga aytsam, qishlogʻimizning kunbotaridagi qoyalarda qadimgi suvratlar bor (olimlarning aniqlashicha, ularni uch-toʻrt ming yil oldin ajdodlarimiz chizishgan ekan), oʻsha toshlarda ham Oysuluv momoga oʻxshab raqs tushayotgan odamlar tasvirlangan. Checha… yanga… kennoyilarnikiga yaqin (ha, aynan oʻziday emas, sal oʻxshash) xirom aylashlarni faqat barabanskiy antennasi bor televizorimizda uydagilardan bekitiqcha koʻrganman.

Otarchining boʻgʻzi emas, katta-katta ovozkuchaytirgichlarning karnayi charchagach, dusura-dusur sal tindi. Shunda qishloqdoshlarim diskotekani toʻxtatib, bunday qarashsa, men turibman hadiksira-ab. “E, e, e, Toshkenti azimdan mehmonjonlar tashrif buribdi-yu?! Naq vaqtida kelding-da! Zap bir tomosha boʻladi hozir, yangi urflarimizdan. Hey, men senga aytsam, bunaqangisini poytaxtda ham koʻrmagansan. Podiumni tayyorlanglar!”. Bu gaplarni atrofimni qoʻrgʻalab olgan qishloqdoshlarim aytayapti. Kim nima deganini bilmayman, hammasini umumlashtirib bitta maʼno chiqarib qoʻyaveraman. “Podium? Nima degani u?” dedim jim turishni oʻzimga ep bilmay. Hamma Oqmirza oʻrisni izlab qoldi, maalim ham kitoblarni titib, andoq lutf ayladilarkim, “podium” oʻzbekchasiga “shohsupa” degan maʼnoni anglatar erkan. Bungacha podium ham tayyor boʻlib qoldi. Ikkita stolning ustini boʻshatib, birinchisini eshikning ostonasiga taqab qoʻyib, ikkinchisini birinchisiga tirkadilar, baland uzun yoʻlak paydo boʻldi, keyin ustiga gilam toʻshadilar. Endi kelin-kuyov shu gilamdan yurib uyga kirib ketsa kerak, lekin stolga qanday chiqib olishadi, deya oʻylanib turgandim… Ha, qishloqiligim qursin, besh-olti yildan beri si-vi-li-za-siyadan uzoq megapolisda yashayotganim pand berdi-ya?! Televizorda koʻrganmisiz, moda namoyishi bor-ku, qiltilloq xonimlar har xil kiyinib chiqadi-da, supada yurib kelib, bir toʻxtab, yana orqasiga qaytib ketadi: oʻshanaqa ilmu amal shu yergacha ham yetib kelibdi-da! Balkim, Gadoytopmas qishlogʻidan tarqalgandir bu odat?! Oʻrtakashning kuchanib “Fe-e-shi-i-nnn – dvux tisyacha desit!!!” deb baqirgani xayolimni boʻlib, savollarim javobsiz qoldi. “Gʻoyati nozuklugidin suv bila yutsa boʻladigan” xonimchalar oʻrniga ketmon chopib, oftobda toblangan qishloq kelinlari podiumda paydo boʻldi. Shu yerda ham lekin qoyil qoldim, ming yillik qadriyatlarimiz haliyam unutilmabdi. Televizordagi tannozoyimlar taq-taq yurib kelib, tomoshabinlarga bir yovqarash qiladi-da, ortga qaytadi. Gadoytopmas Fashion Shouda esa unaqa emas, hali chillasi chiqmagan yangi kelinlar tunuka stolning ustida durs-durs etib kelib, hammaga bir jilmayadi-da, taʼzim qilib, orqamachoq yurib uyga kirib ketadi. Shu yerda bitta aybimni boʻynimga olishim kerak, gʻarbcha soʻzlarni yaxshi eslab qololmayman. Boʻlmasa, qishlogʻimizda oʻtkazilgan “Fashion-2010”dagi kiyimlarning materiali, nomi, bichimi haqida sizga toʻliq maʼlumot bergan boʻlarmidim?! Lekin turi esimda qoldi: oʻzimizning yaltir-yultirlardan bir toʻdasi, yana – xalatlar (har xil vaziyatlarga moʻljallanganlaridan bor), paltolar (kalamush yoki pishakning terisiligidan qatʼi nazar – moʻynali)… Ammo tan berish kerak, namoyish ketma-ketligi juda zoʻr oʻylangan. Oldin qishki kiyimlar – qimmat, qalin, hamma yogʻi yopiq. Keyin-keyin liboslar sal yengillasha boshladi, “Bahor-yoz-2011” mavsumiga navbat yetdi. Sabrim chidamadimi, betim chidamadimi, Fashion Shouni oxirigacha tomosha qilolmadim. Toʻgʻrisi, plyaj motividagi namoyishlar boshlanib qolmasaydi deb qoʻrqdim. Odamlar orasidan yulqinib chiqib ketar ekanman, har tarafimdan “Hali bundan ham zoʻr, eng soʻnggi rusumdagi urf-odatlarimiz bor!” deya meni toʻyda tagʻin qolishga undarashdi. Lekin tezda oʻz holimga qoʻyishdi. Chunki “Gadoytopmas Fashion Shou-2010” avj nuqtasiga koʻtarilib borardi, hamma shu bilan andarmon boʻlib qoldi…

Ana endi oʻzingiz ham ishongandirsiz. Bizning Gadoytopmas qishlogʻimiz si-vi-li-za-siyaning naq kindigida joylashgan. Faqat bu kindik oʻlgur biroz ochilib qolgan-da, zamonaviy bichimdagi koʻylak kalta kelganmi, deyman…

 

Abu Hayron JIZZAKIY

 

“Yoshlik”, 2015 yil 11-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.